scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK TILI METAFORALARINI ZAMONAVIY TILSHUNOSLIK TAMOYILLARI ASOSIDA O'RGANISH MUAMMOLARI

Durdona Xudoyberganova

Full text

35 O‘ZBEK TILI METAFORALARINI ZAMONAVIY TILSHUNOSLIK TAMOYILLARI ASOSIDA O‘RGANISH MUAMMOLARI Durdona Xudoyberganova, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti filologiya fanlari doktori, professor DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488634 Annotatsiya. Maqolada o‘zbek tili metaforalarini antropotsentrik yondashuvda tadqiq etish muammolari haqida so‘z yuritilgan. Kalit so‘zlar: Metafora, metaforalashtirish, metafora yaratuvchi shaxs, konseptual metafora, konseptual integrallashuv nazariyasi, konseptuallashtirish, obrazli sxema, assotsiativ tafakkur, milliy tafakkur, manba maydoni, nishon maydoni. Tafakkur mexanizmlaridan biri bo‘lgan metaforalarni inson omili bilan uzviylikda o‘rganish, mazkur lisoniy birliklarning antropotsentrik xususiyatlarini yanada chuqur tadqiq etish milliy tilshunosligimizning muhim masalalaridan biri hisoblanadi. Bu borada professor N.Mahmudov quyidagi fikrlarni bildirgan edilar: “...metaforalarning asosida inson turganligi jihatidan ularning mag‘z-u mohiyatini insondan tamoman ajratib izohlash g‘oyatda mushkul ekanligini ta’kidlash joiz.” [Mahmudov, 6] Metaforalarning kognitiv, psixolingvistik, lingvomadaniy, pragmastilistik jihatlari ushbu fikrning chuqur ilmiy asosga ega ekanligini ko‘rsatadi. Ma’lumki, metafora birinchi navbatda “...manba va nishon konseptual sohalari o‘rtasidagi mental proyeksiyalarni namoyon etuvchi, tushunchalar, mulohaza va xulosalash bilan kechuvchi, inson tafakkuriga xos bo‘lgan jarayon” hisoblanadi. [Maxmaraimova, 21] Ayon bo‘ladiki, ushbu ta’rif nutqiy metafora emas, konseptual metaforaga oid. Konseptual metafora termini tilshunoslikka J.Lakoff va M.Jonson tomonidan tatbiq etilgan bo‘lib, zamonaviy tilshunoslikda obyektiv reallikni bilish, konseptuallashtirish, tushuntirish va baholash usuli; bir konseptual soha haqidagi bilimlarning boshqa konseptual soha bilan kesishishi mahsuli sifatida talqin qilinadi. [J.Lakoff , M.Jonson, 14-16] Konseptual metaforalarning til metaforalaridan farqi shundaki, ular lisoniy birlik emas, tafakkur birligi hisoblanadi va yuqori darajadagi umumlashtiruvchilik xususiyatiga ega bo‘ladi. Til metaforalari faqat nutqiy faoliyat doirasida amal qilsa, konseptual metaforalar boshqa sohalarga tegishli unsurlar, jumladan, artefaktlar orqali ham reallashishi mumkin. [Pankratova S.A, 83[ Ayni vaqtda konseptual metaforalar tafakkurga xos jarayonlarni lisoniy/nutqiy faoliyat bilan bog‘lovchi vosita hamdir. Ikki konseptual soha (manba maydoni va nishon maydoni) [Yuldashev, 104] kesishuvi natijasida yuzaga kelgan boshqa bir konseptual soha tilda metaforik ma’noli konkret birlik sifatida voqelanadi. Metaforaning verbal bosqichga o‘tish jarayonini aks ettiruvchi ushbu nazariyani o‘zbek tili metaforalari tahliliga tatbiq etish tilimizning milliy tafakkur bilan munosabatini o‘rganish 36 imkonini beradi. Zero, o‘zbek tilidagi metaforalar, boshqa tillardagi ayni birliklar kabi, tafakkur mexanizmi ko‘rinishlaridan biri sifatida bir qancha kognitiv xususiyatlarga ega. Metafora olamni konseptuallashtirish vositalaridan biridir. Inson dunyoqarashi, hayotiy bilim va tajribalari, xayolot kuchi metaforalarda o‘ziga xos konseptlar sifatida namoyon bo‘ladi. U orqali til sohiblari mavhum yoki murakkab tushunchani aniq tushuncha vositasida idrok qiladilar. Metaforaning shakllanishi jarayonida obyektlarning ayrim xususiyatlari ajratiladi, ayrimlari esa berkitiladi. Uning yuzaga kelishida analogik tafakkur muhim o‘rin tutadi: bir obyektning xususiyati ikkinchi obyektga ko‘chiriladi. Metafora olam unsurlari va hodisalarini aniq, tushunarli, muxtasar va ta’sirchan ifodalashning eng samarali usullaridan biridir. O‘zbek tili metaforalarini kognitiv yondashuvda, xususan, konseptual metafora nazariyasi (Lakoff J., Jonson M.) hamda konseptual integrallashuv nazariyasi (J.Fokone, M.Terner) asosida tadqiq etish, shuningdek, tilimizdagi asosiy konseptual metaforalarni – bir bilim doirasiga tegishli muayyan tushunchalarga oid tajribadan foydalangan holda ikkinchi bilim doirasiga tegishli bo‘lgan mavhum tushunchalarni tushunish va tushuntirishga imkon beradigan asosiy mental tuzilmalarni – aniqlash katta ahamiyatga ega. Metafora nafaqat mantiqiy tahlil, balki chuqur assotsiativ tafakkur natijasi hamdir. Metafora til sohibining ikki obyekt o‘rtasidagi mushtarak xususiyatni intiutiv tarzda ilg‘ay olishi hamda ushbu belgi asosida mazkur obyektlarni mental, yashirin ravishda o‘zaro bog‘lashi asosida shakllanadi. Assotsiativ aloqalar metaforik tafakkurning asosini tashkil etadi. Bu jarayonda til sohiblari uchun qaysi metaforalar tushunarli, estetik jihatdan yuqori va madaniy ahamiyatga ega bo'lishi aniqlanadi. Assotsiativ tafakkur nafaqat metaforalarning shakllanishida, balki ularni idrok etishda ham katta rol o‘ynaydi. O‘quvchi verbal bosqichda voqelanmagan manba maydoni birligini assotsiativ tafakkur vositasida aniqlaydi. Metaforik ma’noli juda ko‘p so‘zlar assotsiativ jihatdan potensial so‘zga aylanib, badiiy matnning estetik ta’sir quvvatini oshirishga xizmat qiladi. Shu boisdan ham metaforalarni assotsiativ tilshunoslik nuqtayi nazaridan o‘rganish mazkur birliklarning shakllanish mexanizmini aniqlashda muhim rol o‘ynaydi. Metaforani madaniyatdan ayro holda o‘rganib bo‘lmaydi. Zero, unda xalqning qadriyatlari, me’yorlari, an’analari, tajribasi va dunyoqarashi aks etadi. Metaforalar ikkilamchi nominatsiya birligi sifatida milliy-madaniy konseptlarni hosil qiladi, maqol, ibora, topishmoq kabi barqaror lingvomadaniy birliklar tarkibida kelib, xalqning o‘ziga xos tafakkur tarzini namoyon etadi. Metafora yaratuvchisi tomonidan tanlangan metafora obrazi til sohiblariga tanish va tushunarli bo‘lishi lozim. Bu esa lingvomadaniy hamjamiyatning jamoaviy ongidan o‘rin olgan turg‘unlashgan 37 etnomadaniy tasavvurlar (stereotiplar) bilan bog‘lanadi. Shu sababli metaforalarni lingvomadaniy aspektda tahlil qilish milliy tafakkurning o‘ziga xos xususiyatlarini chuqurroq tushunishda va ona tilimizning universal va idioetnik jihatlarini ochib berishda katta ahamiyatga ega. Metafora pragmatik va stilistik ta’sir vositasi sifatida pragmastilistikaning o‘rganish obyekti bo‘la oladi. Zero, metaforani qo‘llashdan ko‘zlangan maqsad, uning ifodaviy jihatlari, metaforaning idrok etuvchi shaxsga hissiy-mantiqiy ta’siri, uning kommunikativ birlik sifatidagi belgilari, hosila ma’noning konnotativlik xususiyatiga ega bo‘lishi ayni birlikning antropotsentrik mohiyatini namoyon etadi. O‘zbek tili metaforalarini pragmastilistik yondashuvda o‘rganish ushbu birliklarning inson omili bilan uzviy jihatlarini yoritishda muayyan ahamiyat kasb etadi. Umuman, metaforalarni yuqorida tilga olingan yondashuvlar asosida integrativ usul bilan tahlil qilish tilimiz boyligi hisoblangan ushbu birliklar mohiyatini yanada chuqur anglashga xizmat qiladi. Mana shu maqsadda O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida “O‘zbek tili metaforalarining antropotsentrik lug‘ati” tuzildi. Metaforalarning antropotsentrik lug‘ati – insonning tafakkuri, his-tuyg‘ulari va dunyoqarashi vositasida shakllangan metaforalarning ma’no va konseptual modellarini izohlaydigan ilmiy manba hisoblanadi. Ushbu lug‘atda o‘zbek tilidagi metaforalar inson hayoti, jamiyat, tabiat va madaniyat bilan bog‘liq konseptual modellar asosida tizimlashtirilgan. Lug‘atning maqsadi – tildagi metaforalar orqali xalqning fikrlash uslubi va madaniy qadriyatlarini namoyon etish hamda o‘zbek antropotsentrik tilshunosligini yanada rivojlantirishdan iborat Biz ushbu maqolada ana shu lug‘atda izohlangan ayrim metaforalarning antropotsentrik yondashuvdagi tahlilini hukmingizga havola qilamiz. Yo‘l. Lug‘aviy ma’nosi: muayyan shaxsning davomli tarzda umrining oxirigacha amalga oshirgan ishlari, hayot tarzi, bunyod etgan narsalari, ilgari surgan g‘oyalari, kechirgan mashaqqatlari yoki baxtli kunlarini umumlashtiruvchi so‘z. Hayot – yo‘l konseptual modeli asosida shakllangan. Qaydasan, men seni unutgim kelmas, Umr yo‘llarimning totli damlari. A.Oripov, Eslash. Hali yo‘lim olis, hayot hali bor, Hali bu dunyodan ko‘p mening qarzim. E.Vohidov, Pushkin. Men ikki yashar ham, oltmish yashar ham emasman. Men yo‘l o‘rtasida turgan odamman.E.Vohidov, Saylanma. Yo‘l tushunchasi ko‘plab dunyo xalqlari tilida konsept darajasidagi birlik hisoblanadi. Hayot – bu yo‘l konseptual modeli til universaliyasi bo‘lib, unda hayot harakat sifatida modellashtirilgan. Yo‘l metaforasi o‘zbek lingvomadaniyatida inson hayotining ma’naviy, axloqiy, ekzistensial mohiyatini anglashga xizmat qiluvchi asosiy konseptlardan biri hisoblanadi. Ushbu metafora insonning zamon va fazo 38 bo‘ylab harakatini, hayot dinamikasini va shaxsiy tanlov mas’uliyatini aks ettiradi. Mazkur so‘z asosida yuzaga kelgan metaforalarda inson umrining kechish jarayoniga xos bo‘lgan davomiylik, umr damlarining goh og‘ir, goh yengil bo‘lishi, umid bilan yashash, ba’zan o‘z tamoyillaridan chekinish, uzoq umr ko‘rish istagi kabi belgilar yo‘l tushunchasiga oid bo‘lgan uzoqlik, past-balandlik, ravonlik, notekislik belgilari, shuningdek, yo‘l azobi, ba’zan orqaga qaytishga majbur bo‘lish, ko‘zlangan manzilga yetib olishga intilish kabi jarayonlarga o‘xshatiladi. Yo‘lning uzunligi, davomiyligi, nihoyasi borligi va ba’zan ravon, ba’zan notekis bo‘lishi til sohiblarining ushbu obyektni hayotga xos belgilar bilan muqoyasa qilishiga sabab bo‘lgan. Bunda til sohiblari hayotni – juda uzun yo‘l, insonni esa shu yo‘lni bosib o‘tishi kerak bo‘lgan yo‘lovchi, sayyoh sifatida qabul qilganlar.O‘zbek lingvomadaniyatida yo‘l tushunchasi qadimdan ramziy ma’noga ega bo‘lib, u nafaqat jismoniy harakatni, balki ma’naviy komillikka erishish maqsadida qilingan safarni ham anglatadi. Bu o‘zbek tili lingvomadaniy birliklarida yaqqol aks etgan. Olis yo‘l otni sinar, Og‘ir yo‘l mardni sinar; Yo‘l so‘ramay, yo‘lga tushma; Yurardan avval yo‘l axtar maqollarida yo‘l so‘zi majoziy ma’noda qo‘llangan bo‘lib, hayot va u bilan bog‘liq tushunchalarga ishora qiladi. Yo‘l konsepti haqidagi turg‘unlashgan tasavvurlar o‘zbek tilidagi Yo‘l azobi – go‘r azobi; Yo‘l bilmasang, yo‘lchiga boq; Yo‘l yurganga qisqarar; Yo‘l yursang, sinab yur, Sinab yurmasang, o‘lchab yur; Yurgan yo‘ldan topadi, O‘tirgan qaydan topadi? maqollari; yo‘l boshlamoq, y‘ol ko‘rsatmoq, yo‘l olmoq, yo‘ldan qaytarmoq, yo‘ldan urmoq, yo‘lga qo‘ymoq, yo‘li tushmoq, yo‘liga, yo‘lingdan qolma iboralarida ham o‘z aksini topgan. Yo‘l metaforasi badiiy uslubda falsafiy ifoda sifatida, publitsistik uslubda esa ma’naviy rag‘batlantirish manbayi ma’nolarida faol qo‘llanadi. Maydon. Lug‘aviy ma’nosi: soha, jabha, faoliyat. Fikr va g‘oyalar – makon/ harakatlar maydoni konseptual modeli asosida shakllangan. Ijod atalmish bu kurash maydonida faqat tinmay olishgan, g‘alaba qilganda o‘ta kibrlanib ketmay, malg‘ubiyatga uchraganda esa ruhan sinmay, sabr qila olgan, shoshmay, hovliqmay, qalbidagi mayda shon-shuhrat istaklarini jilovlab, sabot bilan ishlay olganlargina ol sh oladi. O.Yoqubov, Farzandlar burchi. Fikr va g‘oya maydoni hamisha ikkiga bo‘linadi. Jamiyatda ezgu g‘oyalar yonida buzg‘unchi g‘oyalar ham bo‘lishi tabiiy. “Oyina”. Maydon metaforasi maydon so‘zining denotatiga xos bo‘lgan belgilarni mavhum tushunchalarga ko‘chirish asosida shakllangan. Bunda insonning mavhum tushunchalarni muayyan shaklga ega bo‘lgan moddiy obyektga xos belgilar asosida xayolan moddiylashtirish, unga muayyan shakl berishdan iborat aqliy harakati amalga oshirilgan, ya’ni bilim, g‘oya, fikr, imkoniyat kabi mavhum tushunchalar muayyan makon – maydon sifatida tasavvur qilingan. Ushbu tasavvur mavhum 39 tushunchalar bilan maydon o‘rtasidagi o‘xshash belgilarni assotsiativ aloqalantirish natijasida shakllangan. Bular: kenglik (maydonning kengligi – fikr, g‘oyalarning cheksizligi), rivojlantirish imkonining mavjudligi (maydonda ekinni rivojlantirish mumkinligi – fikr, g‘oya va h.k larni rivojlantirish imkonining borligi), muayyan natijaga erishish mumkinligi (maydondagi ekindan mo‘l hosil olish – fikr, g‘oya va h.k.lar asosida ko‘zlangan natijaga erishish). Demak, yuqoridagi kabi taqqoslashlar asosida shakllangan mazkur metaforada biror jabha yoki sohaga oid amalga oshiriladigan barcha harakatlarning jami aniq bir makon sifatida tasavvur qilinadi. Maydon metaforasi shakllanishi jarayonida murakkab, mavhum tushuncha boshqa aniq tushuncha vositasida konseptuallashtirilgan, shu sababli u o‘z mohiyatiga ko‘ra strukturaviy metafora [Ushbu termin haqida qarang: Xudoyberganova,100 ] hisoblanadi. Maydon so‘zi asosida yuzaga kelgan ko‘chma ma’noli ushbu so‘z metaforalashtirish natijasida publitsistik uslubga xoslangan bo‘lib, mediamatnlarda faol qo‘llanadi ва inson tafakkurining imkoniyalari ko‘lamini ko‘rsatishga xizmat qiladi. Kuchli. Lug‘aviy ma’nosi: yuz berish, namoyon bo‘lish darajasi yuqori. Ijobiy axloqiy tuyg‘u – insonni boshqaruvchi kuch konseptual modeli asosida shakllangan Yetti oy qamal azobini tortgan samarqandliklarga oshlik tarqatibsiz, urug‘ligi qolmagan dehqonlarga bahorda urug‘lik keltirib beribsiz. Bu hammasi – dilingizda adolat tuyg‘usi kuchli ekanidan dalolatdir. P.Qodirov, Yulduzli tunlar. Bu buyuk quvlikdan uqdim bir ma’ni, bir dono lahzani ochdi sinoat: qirollar, davronlar hamisha ojiz, kimda kuchli bo‘lsa agar diyonat. Sh.Rahmon, Saylanma. Kuchli metaforasi insonning avvalo o‘z tanasining kuchi, shuningdek, tabiiy jihatdan kuchli bo‘lgan hayvonlar, katta quvvatga ega bo‘lgan texnik vositalarning imkoniyati haqidagi tasavvur va bilimlari asosida insonning axloqiy qarashlarini qayta konseptuallashtirish natijasi hisoblanadi. Mazkur metaforaning shakllanishida til universaliyasi bo‘lgan Kuch obrazli sxemasi amal qilgan. Jismoniy jihatdan baquvvat bo‘lgan inson, kuchli hayvonlar, qudratli texnika tomonidan amalga oshirilgan harakatlarning tarzi, shiddati va ta’siri yuqori darajada bo‘ladi. Kuchli histuyg‘u, kuchli e’tiqod, kuchli diyonat kabi insonga bog‘liq bo‘lgan hissiy-ma’naviy jarayonlarning kechishi ham ana shunday yuqori darajaga ega bo‘lgan hodisadir. Mana shu yuqori darajalilik qiyoslanayotgan obyektlar uchun mushtarak belgi sifatida olingan va kuchli metaforasi shu asosida shakllantirilgan. Kuchli metaforasi ekspressivlik va obrazlilik maqsadida yaratilgan bo‘lib, insonning hayotiy bilim va tajribasi ushbu metaforaning yuzaga kelishida asosiy omillardan biri sifatida namoyon bo‘lgan. 40 Og‘ir Lug‘aviy ma’nosi: azob beruvchi, alamli. Muammo – yelkadagi yuk konseptual modeli asosida shakllangan. Nizomjon og‘ir iztirobli o‘ylar bilan jimjit bog‘ ko‘chalardan o‘tib dala yo‘liga chiqdi. S.Ahmad, Ufq. O‘zbek lingvomadaniyatida odam uchun qiyinchilik tug‘dirmaydigan, ruhiyatiga yomon ta’sir qilmaydigan voqea-hodisalar yengil tushunchasi bilan, aksincha, mashaqqatli, azobli voqea-hodisalar esa og‘ir tushunchasi bilan aloqalantiriladi. Bu xususan og‘irini yengil qilmoq iborasida yorqin namoyon bo‘lgan. O‘zbek tilida og‘ir so‘zi bilan bog‘liq tasavvurlar ko‘ngliga og‘ir olmoq, og‘ir botmoq, og‘ir ko‘chmoq, og‘ir bo‘l, og‘irini yengil qilmoq iboralari; Olis yo‘l otni sinar, Og‘ir kun – xotinni; Tosh tushgan yerida og‘ir; Og‘ir toshni suv eltmas maqollari mazmunida aks etgan. Og‘ir so‘zining metaforik ma’nolari yuzaga kelishi insonning og‘ir va yengil vaznli narsalarni ko‘tarishi, siljitishi, tashishi natijasida hosil bo‘lgan tajribalari bilan bog‘liq. Og‘ir yuk ko‘tarib borayotgan odam ma’lum muddat qiyin ahvolga tushadi, qadam tashlagan sari o‘sha yuk uning yelkasidan bosadi, jismini zo‘riqtirib, bor kuchini sarf qilishni taqozo etadi. Mana shu noxush holat haqidagi tasavvurlar metafora yaratuvchisining kognitiv faoliyatida mashaqqatli, azobli voqea-hodisalarni boshidan kechirayotgan odamning holati, histuyg‘ulari bilan o‘zaro qiyoslangan, natijada og‘ir so‘zi ko‘chma ma’noda shunday belgilarni ifodalashga moslashgan. Mazkur metaforalar ma’nosidan og‘ir yuk odamni qanday qiynasa, og‘ir o‘y-xayollar ham uning ruhiyatini shunday qiyin holatga tushirishi anglashiladi. Umuman, og‘ir so‘zining metaforik ma’nolarining deyarli barchasi mana shu tarzdagi fikrlash mahsuli hisoblanadi. Og‘ir metaforasi til sohiblarining ekspressivlik yaratishdan iborat pragmastilistik maqsadini namoyon etadi. Baland. Lug‘aviy ma’nosi:yuqori darajali. Balandlik – ustunlik konseptual modeli asosida shakllangan. Mulla Fazliddinning mahoratlari baland – Hirot bilan Samarqand me’morlaridan ta’lim olmishlar. P.Qodirov, Yulduzli tunlar. U kishiga bir umr hamdam-u hamnafas, dard-u quvonchlariga birdek sherik, ta’bi nazmi baland, didi nozik tarjimon Ra’no yangamizning sharafli bu qismatda alohida maqomi borligini ham ta’kidlab o‘tmoq joiz.S.Sayyid, Olis ishq sog‘inchi yoki vatan surati. Ma’lumki, baland tushunchasi juda ko‘p tillarda asosan ijobiy tushunchalar bilan assotsiatsiyalanadi. Baland metaforasi “balandlik – bu kuch, hokimiyat, yuqori maqom” sxemasi asosida shakllangan bo‘lib, uning konseptual modeli ifodasiga ega. Bunday til universaliyasi o‘zbek tiliga ham xos: baland martaba, baland mahorat, baland obro‘, baland didli, iste’dodi baland kabi. O‘zbek lingvomadaniyatida til sohiblarining makon haqidagi bilimlari asosida mana shunday, ijobiy belgi sifatida tasavvur qilinuvchi balandlik belgisining ijtimoiy (martabasi baland, obro‘si 41 baland), aqliy (iqtidori baland, baland mahorat), emotsional (kayfiyati baland) tushunchalarga nisbat berilishi natijasida shakllangan metaforalar ayni belgining eng yuqori darajasini anglatadi. “Yuqori darajali” ma’nosini ifodalovchi baland metaforasi ham shu tarzda shakllangan bo‘lib, bir-biridan uzoq bo‘lgan turli konseptual maydonlar uyg‘unlashuvi mahsuli hisoblanadi.Ushbu metaforada mavhum tushunchalar vizual sezgi bilan his qilinadigan aniq tushunchalar orqali ifodalangan. Bu esa metaforani oson idrok qilish imkonini beradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Лакофф Дж., Джонсон М. Метафоры, которымы мы живём. – пер.с англ. – Издание 2-е. – М.: ЛКИ, 2008. 2. Maxmaraimova Sh. Olamning milliy-lisoniy tasvirida teomorfik metaforaning kognitiv aspekti: Filol.fan.bo‘yicha falsafa d-ri (PhD) diss. – Qarshi, 2018. 3. Mahmudov N. Tilning mukammal tadqiq yo‘llarini izlab... // O‘zbek tili va adabiyoti – Toshkent, 2012. – № 5. 4. МакКормак Э. Когнитивная теория метафоры: пер.с англ.//Теория метафоры – М.:Прогресс, 1990 –358-386. 5. Панкратова С.А. Рол метафоры в постижении истинного и прекрасного: когнитивносемантический аспект// Вестник Челябинского гос.ун-та, 2009. – №5 (143) – Филология. Искусствоведение. – Вып.29. – С.87-92 6. Xudoyberganova D. Zamonaviy o‘zbek tilshunosligi terminlarining izohli lug‘ati. Qayta ishlangan va to‘ldirilgan 2-nashr. – Toshkent:Bookmany print, 2025. 7. Yuldashev A.G. Idiomatik qo‘shma so‘zlarning lingvokognitiv tadqiqi. – Toshkent: “Fan va texnologiya”, 2016.