AKSIOLINGVISTIKANING AYRIM TAYANCH TUSHUNCHALARI XUSUSIDA
Full text
46 AKSIOLINGVISTIKANING AYRIM TAYANCH TUSHUNCHALARI XUSUSIDA Durdona LUTFULLAYEVA, Filologiya fanlari doktori, professor DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488654 Annotatsiya. Ushbu maqolada aksiolingvistika antropotsentrik tilshunoslikning yangi yo‘nalishi sifatida talqin etilib, uning shakllanishiga turtki bo‘lgan nazariy manbalar – aksiologiya va lingvistika o‘rtasidagi aloqalar yoritilgan. Tadqiqotda qadriyatlarning tilda voqelanishi, insonning olamga nisbatan qadriyatli munosabatining shakllanishi va bu jarayonning til vositasida ifodalanish xususiyatlari tahlil qilingan. Aksiolingvistik tadqiqotlarning markazida aksiologik ong, aksiologik konsept, aksiologik baho hamda aksiogen vaziyat kabi tushunchalar turadi. Maqolada shuningdek, milliy va ma’naviy qadriyatlarning til birliklarida, badiiy matnlarda qanday aks etishi misollar orqali ko‘rsatib berilgan. Natijada aksiolingvistikaning asosiy maqsadi — insonning qadriyatli dunyoqarashi va til o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni aniqlashdan iborat ekani asoslab beriladi. Kalit so‘zlar: aksiologiya, aksiologema, qadriyat, qadriyat birliklari, aksiologik baho, aksiogen vaziyat. Aksiolingvistika antropotsentrik tilshunoslikning yangi yo‘nalishi sifatida o‘tgan asrning so‘nggi choragi va XXIning boshlarida maydonga kirib keldi. Bu yo‘nalishning shakllanishiga aksiologiya va lingvistika sohalarining o‘zaro aloqasi, madaniyatning tarkibiy qismi bo‘lgan qadriyatlarning til bilan aloqasi masalasini o‘rganishdagi hamkorligi turtki berdi. Aksiolingvistikada asosiy e’tibor qadriyatlarning tilda voqelanishi masalasini tadqiq etishga qaratiladi. Ma’lumki har bir insonda tashqi olamdagi muayyam bir obyektga qadriyatli munosabatning ilk uchqunlari go‘daklik davridayoq ushbu obyektning o‘zi uchun ahamiyatli ekanligini anglashi jarayonida yuzaga kela boshlaydi. Chaqaloq onasi orqali ozuqalanib, hayotiy ehtiyojini qondirar ekan, ona bergan ozuqaga, mehrmuhabbatga nisbatan o‘zida kuchli ijobiy hislarni tuyadi. Mana shu joydayoq unda onasiga nisbatan qadriyatli munosabatning ilk uchqunlari paydo bo‘la boshlaydi. Bola ulg‘aygan sari unda olamga, atrof-muhitga bo‘lgan o‘z qarashlari, munosabati shakllana boradi. U ijtimoiy hayoti davomida tashqi olamdagi narsa-predmetlardan ehtiyojlari yo‘lida foydalanishda davom etar ekan, ularning o‘zi uchun ahamiyatli, foydali jihatlarini ajratib oladi va bu narsa-predmetlarga nisbatan subyektiv bahosini namoyon qiladi. Darhaqiqat, inson dunyoni bilishga intilishi jarayonida faol, harakatchan subyekt sifatida obyektga hissiy va baholovchi munosabatini bildiradi, busiz obyektni anglash, uning xususiyatlari, mohiyatini bilish imkonsiz. Bu o‘rinda F.Nitsshening quyidagi xulosasi o‘rinli: “Inson o‘zini saqlab qolish uchun narsalarga qiymat qo‘ydi, u narsalarga, avvalo, ma’no, insoniy ma’no yukladi. Shuning uchun u o‘zini inson, ya’ni baholovchi inson deb atadi” [Ницше,1990: 523]. Ammo yakka inson tomonidan qadriyat sifatida baholanuvchi obyekt jamoa tomonidan qadriyat
47 tarzida qabul qilinmasligi ham mumkin. Yoki jamoa tomonidan qadriyat sifatida qabul qilingan obyekt ma’lum vaqt o‘tgach, qadriyat deb baholanmasligi mumkin. Bu holat bevosita jamiyatning ma’naviy-madaniy hayotidagi jiddiy burilishlar, insonning olamga, undagi narsalar, qarashlar, g‘oyalar, me’yorlarga bo‘lgan munosabatining tubdan o‘zgarishi kabilar bilan bog‘liq. Anglashiladiki, tashqi olamdagi narsalarning qadriyat sifatida belgilanishida insonning baholovchi munosabati muhim o‘rin tutadi. Bu holat narsalarning qadriyat tushunchasi bilan bog‘lanishi, qadriyat belgisiga ega bo‘lishi ularning tabiiy, real xususiyatlari emasligini ko‘rsatadi. O.G. Drobnitskiy bu haqida qiziqarli fikr bildirgan. Uning fikricha, “Qadriyatlar narsalardan ham, ularni idrok etuvchi insondan ham kelib chiqmaydi. Qadriyatlar inson tomonidan anglanadi, predmetlarga o‘zboshimchalik bilan biriktirilmaydi, ularni tajriba yoki mantiqiy mushohada bilan anglab bo‘lmaydi. Qadriyatlar narsalar bilan qandaydir bog‘liq, lekin ularning real xossalari emas va bu narsalar haqiqatda mavjud yoki mavjud emasligiga bog‘liq emas. Shu ma’noda ularning o‘zi real emas, faqat idealdir... lekin ular ong hodisalariga ham kirmaydi. Bu bir-birini istisno etuvchi qoidalar qatori baholash tabiatining o‘ziga xos g‘ayritabiiyligi bilan bog‘liq” [Дробницкий, 1967: 305]. Olamdagi narsa-predmetlarning ahamiyatli, muhim jihatlarini ajratish inson uchun murakkablik tug‘dirmaydi. Y.A.Podolskaya e’tirof etganidek, tabiat va jamiyat hodisalariga qadriyatli munosabat, ya’ni obyektiv olamda inson shaxsi uchun zarur va muhim bo‘lgan narsalarni tanlash eng oddiy va ayni paytda fundamental akt hisoblanadi. Busiz inson faoliyati va xulq-atvorini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Mazkur jarayonda insonning qadriyatli tasavvurlariga bog‘liq holatda ehtiyojlari va qiziqishlarining muayyan yo‘nalishi tarkib topadi va bu uning faoliyatini rag‘batlantiradi. Shunga ko‘ra, qadriyatli yo‘nalganlik insonning barcha hayotiy intilishlari, faolligining o‘zagi sanaladi. Shu o‘rinda zamonaviy fanlar nazariya hamda amaliyotida qadriyatlarga yo‘nalganlik muammosining ulkan ahamiyati namoyon bo‘ladi [3]. Qadriyatlarga yo‘nalganlik nafaqat inson ongi, tasavvurlarida, balki u foydalanadigan tilda ham aks etadi. Mana shu joyda aksiolingvistikaga ehtiyoj tug‘iladi. Aksiolingvistikaning tayanch tushunchalaridan biri aksiologemalardir. Aksiologemalar qadriyatlarni tilda aks ettiruvchi birliklar bo‘lib, o‘zbek tilida ularni qadriyat birliklari deb atash mumkin. Qadriyat birliklari jamiyat a’zolari tomonidan qadrlanadigan moddiy artefaktlar, urf-odat, an’analar, odob-axloq me’yorlari, ma’naviy-ma’rifiy, diniy, falsafiy g‘oyalar, tushunchalarni tilda aks ettiruvchi, keng ma’noda “qadriyat” semasiga ega birliklardir. Shu sababli bu birliklar, avvalo, milliymadaniy xususiyatga ega birliklar hisoblanadi. Masalan, o‘zbek tilida oila, mehmodo‘stlik, sadoqat, ishonch kabi leksik birliklar qadriyat birliklari sanaladi.
48 Har bir tilda millat uchun qadrli bo‘lgan bu kabi qadriyatlarni anglatuvchi birliklarni aniqlash, ularning funksional-semantik, struktur xususiyatlarini yoritish, jamiyatda qabul qilingan madaniy meyorlar, tartib-qoidalar, odatlar bilan aloqasini ochib berish, kishilarning bu birliklar anglatgan qadriyatlarga munosabati, bahosi, milliy-madaniy yondoshuvini o‘rganish aksiolingvistikaning vazifalari sanaladi. Aksiolingvistikada tadqiq etiluvchi masalalar ko‘lami keng. Sohada o‘rganiladigan yana bir masalalrdan biri aksiologik ong va aksiologik konseptdir. Aksiologik konseptning shakllanishida aksiologik ong muhim rol o‘ynaydi. Aksiologik ong insonning olamga qadriyatli munosabatini aks ettiruvchi ong ko‘rinishi hisoblanadi. Aksiologik ong obyektning qaysi biri inson uchun qadriyatli, qaysinisi esa qadrli emasligini ajratib beradi. Aksiologik ong asosida insonda aksiologik dunyoqarash shakllanadi. S.I.Lvovaning fikricha, aksiologik ong aksiologik yondashuv asosida shakllanadi, u shaxsning ijodiy salohiyatini, o‘zini o‘zi anglash va o‘z taqdirini belgilash qobiliyatini rivojlantiradi, zamonaviy hayotda, qadriyatlar olamida shaxsning muvaffaqiyatli ijtimoiylashuvi uchun sharoit yaratadi [Львова, 2009: 446]. Aksiologik ong inson hayotida muhim bo‘lgan obyektlar, hodisalarning qadriyatli ahamiyati haqidagi bilimlar majmuyini qamrab olgan ong shaklidir. Bu ong asosida insonda olamning qadriyatli manzarasi shakllanadi. Aksiologik ongda obyekt bo‘yicha jamiyatda qaror topgan ijobiy qarashlar, tasavvurlar o‘z ifodasini topadi. Bunday ong inson tomonidan obyektning ijobiy deb baholangan qadriyatli yondashuvi asosida shakllanadi va unda mazkur obyektning qadriyatli munosabatga asoslangan obrazi aks etadi. Demak, inson tashqi olamni idrok etishi jarayonida ongida nafaqat bu obyekt haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi, shu bilan birga, unda mazkur obyektga nisbatan munosabat shakllanadi. Bu munosabat insonning ob’ektga qanday baho berganligi, u haqidagi tasavvurini anglatadi. S.F.Anisimov bu haqida fikr yuritar ekan, quyidagi fikrni bayon qiladi: “…insonlar ongida voqelikning aks etishi subyekt-obyekt munosabatlarida ikki turda amalga oshadi: a) kognitiv; b) qadriyatli. Bu ikki turdagi munosabatlarning natijasi turlichadir: a) bilish subyektiga bog‘liq bo‘lmagan holda predmet, uning tabiati, xususiyatlari va boshqalar haqida tasavvur (fikr, tasavvur) yuzaga keladi; b) predmetning kim uchundir ahamiyatli ekanligi haqidagi tushuncha (fikr, tasavvur, kechinma) yuzaga keladi. Qiymatni belgilashda subyektning qadriyatli munosabatidan chetga chiqib bo‘lmaydi” [Анисимов, 2001: 9]. Demak, obyektni idrok etish jarayonida unga nisbatan yuzaga kelgan baholovchi munosabat aksiologik ongning shakllanishiga olib keladi. Obyektning aksiologik ongda aks etgan qadriyatli obrazi aksiologik konseptni yuzaga keltiradi.
49 Aksiolingvistikada aksiologik baho tushunchasi ham muhim o‘rin tutadi. Aksiologik qadriyat baho munosabatini taqozo qiladi. Aksiologik baho insonning tashqi olamga qadriyatli munosabati asosida hosil bo‘ladi. Insonning olamga qadriyatli munosabati uning olamni idrok etishi jarayonidayoq shakllana boshlaydi. Inson tashqi olamdagi narsa-predmetlar, voqea-hodisalarni idrok etish jarayonidayoq ularni tahlil qiladi va o‘z manfaatlari doirasida mazkur obyektlarga baho beradi. Bu jihatdan obyektga munosabat bildirish, uni baholash insonning tashqi olamni idrok etishi jarayonining tarkibiy qismi hisoblanadi. Ammo “aksiologik baholash narsa, hodisa yoki jarayonning iqtisodiy qiymatini, foydaliligini belgilash orqali emas, balki uning subyekt maʼnaviy olami uchun qanday ahamiyat kasb etishini aniqlash orqali amalga oshadi” [Xudoyberganova, 2024: 6]. Aksiolingvistikada o‘rganiladigan muammolardan yana biri aksiogen vaziyat masalasidir. V.I.Karasikning bayon qilishicha, aksiogen (qadriyat yaratuvchi) vaziyat – bu shunday vaziyatki, uni tushunish bevosita qadriyatlarni aniqlash bilan bog‘liq. Аксиоген vaziyatlar diskursning turli janrlarida, jumladan, ham real, ham o‘ylab topilgan voqealarni tasvirlovchi hayotiy hikoyalarda o‘z ifodasini topadi [Карасик, 2015: 26]. Ma’lumki, inson hayotida yuz bergan ijobiy deb baholanuvchi biror bir voqelik, hodisa til jamoasi ongida qadriyatli munosabatni hosil qiluvchi vaziyat sifatida idrok etiladi. Bunday vaziyatni aksiogen vaziyat deb hisoblash mumkin. Aksiogen vaziyat o‘tmishda bo‘lib o‘tgan biror bir voqea-hodisa, vaziyatni ham aks ettirishi mumkin. Bunday vaziyat har gal xotirada tiklanganda insonda ijobiy hissiyotlarni hosil qila oladi. Shu jihatdan V.I.Karasik aksiogen vaziyatning dinamik va statik ko‘rinishda bo‘lishini ta’kilaydi. Uning fikricha, aaksiogen vaziyat sifatida kishilar xotirasida qolgan ajoyib, qahramonona, shafqatsiz, kulgili, ahmoqona va boshqa hodisalar gavdalanadi. Ular takrorlanib, pretsedent hodisalarga aylanadi [Карасик, 2014: 65]. Aksiogen vaziyat salbiy xarakterdagi, natijasi yomonlik, baxtsizlik, o‘lim bilan tugaydigan voqea-hodisalarni ham aks ettirishi mumkin. Bunday voqelik insonda noxush hissiyotlarni hosil qilsa-da, undan chiqariladigan xulosa ijobiy va milliy qadriyatlarni aks ettirishi mumkin. Masalan, A.Navoiyning “Hayrat-ul abror” dostonidan o‘rin olgan “Sher va Durroj” hikoyatida keltirilgan durroj voqeasi: durrojning sherni doim yolg‘on so‘zlar bilan aldashi, yolg‘onning oqibati yomon bo‘lishi haqidagi uning gaplarini inobatga olmasligi, bir kun ovchi tuzog‘iga ilinib, sherni yordamga chaqarsa-da, sher uning iltijolarini har doimdagidek yolg‘on deb qabul qilib, unga yordam bermaganligi va oqibatda durrojning halokatga yuz tutishi voqeasini aksiogen vaziyat sifatida baholash mumkin. Ushbu aksiogen vaziyat ifodasidan quyidagi xulosalar anglashiladi: 1) yolg‘on insonni halokatga duchor
50 qiladi; 2) inson har qanday vaziyatda ham rost so‘zlashi lozim. Demak, rostgo‘ylik, to‘g‘rilik millatimizning ma’naviy qadriyatidir. Badiiy adabiyotda aksiogen vaziyatni aks ettirishda ko‘pincha insonllarni yaxshilikka undovchi afsonalar, masallar, maqollar, latifalardan foydalaniladi. Adiblar bunday janrlar orqali milliy qadriyatlarni aks ettiradilar, targ‘ib qiladilar, ularning mohiyatini ochib beradilar. Aksiogen vaziyatlardan inson odob-axloqini tartibga solishda, unda milliy qadriyatlarga hurmat-e’tiborni shakllantirishda samarali foydalanish mumkin. Aytilganlardan xulosa qilish mumkinki, aksiolingvistikaning tadqiq masalalari keng, unda inson ongida aksiologik konseptning hosil bo‘lishi va uning tilda voqelanishi, aksiologik baho munosabati, milliy qadriyatlarning til birliklarida voqelanishi kabilar o ‘rganiladi. Foydalangan adabiyotlar: 1. Ницше Ф. Так говорил заратустра. Сочинения: В 2 т. Т.2. – М., 1990. 2. Дробницкий О.Г. Мир оживших предметов. Проблема ценности и марксистская философия. – М.: Политиздат, 1967. 3. Подольская Е.А. Ценностная ориентация личности как предмет социальнофилософского исследования: Дисс. … канд. филос. наук. – М., 1984 // http://www.dslib.net/ontologia/cennostnaja-orientacija-lichnosti-kak-predmet-socialnofilosofskogo-issledovanija.html 4. Львова С.И. Аксиологические основы современного школьного курса русского язык // Проблемы концептуализации действительности и моделирования языковой картины мир. Сборник научных трудов. – М, 2009, Выпуск 4. 5. Анисимов С. Ф.. Введение в аксиологию. Учебное пособие для изучающих философию. – М.: Современные тетради, 2001. 6. Xudoyberganova D. Zamonaviy tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati. – Toshkent: Bookmany print, 2024. 7. Карасик В.И. Лингвокультурные ценности в дискурсе // Иностранные языки в высшей школе. 2015. – №1. 8. Карасик В. И. Аксиогенная ситуация как единица ценностной картины мира Полтическая лингвистика. – Волгоград, – №1 (47). 2014.