scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

MUSTAQILLIK DAVRIDA O'ZBEK TILIDAGI AYRIM ARABCHA O'ZLASHMALARNING SEMANTIKASIDAGI SILJISHLAR MASALASIGA DOIR

Xudaybergenova Zilola Narbayevna

Full text

51 MUSTAQILLIK DAVRIDA O‘ZBEK TILIDAGI AYRIM ARABCHA O‘ZLASHMALARNING SEMANTIKASIDAGI SILJISHLAR MASALASIGA DOIR Xudaybergenova Zilola Narbayevna filologiya fanlari doktori, professor Bartin universiteti, Turkiya ORCID: 0000-0003-1021-3053 e-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488658 Annottatsiya:Har bir tilning lug‘at boyligi jamiyatdagi o‘zgarishlar va ijtimoiy-siyosiy omillar ta’sirida doimo o‘zgarib boradi. Shu bilan birga lug‘at tarkibining asosiy birligi bo‘lgan so‘zlar ham vaqt o‘tishi bilan eskirishi va iste’moldan chiqishi mumkin. Ma’lum bir so‘zlarning semantikasida ma’no o‘zgarishi, ma’no kengayishi, ma’no torayishi kabi til hodisalari ro‘y berishi, тillarga yangi so‘zlar kirib kelиши bilan bir qatorda, eskirgan so‘zlar yangi ma’nolar kasb etgan holda faol qo‘llanila boshlashi mumkin. O‘rta Osiyga Islom dinining kirib kelishi natijasida turkiy tillarda arabcha so‘zlar o‘zlashdi. O‘zbek tilidagi arabcha o‘zlashmalar til taraqqiyoti davomida turli o‘zgarishlarga uchradi. Mazkur maqolada mustaqillik davrida yangi ma’nolarda qo‘llanila boshlangan arabcha so‘zlar tahlil etiladi. Kalit so‘zlar: o‘zbek tili, semantika, semantik o‘zgarishlar, arabcha o‘zlashmalar, faol leksika, tarixiy leksika. Mustaqillik davrida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarida yuz berayotgan yuksalishlar tilimizga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbek tilining lug‘at fondi yangi so‘zlar bilan boyimoqda. Bu boyish chet tillaridan kirib kelgan so‘zlar, shuningdek, ular asosida so‘z yasash imkoniyatining kengayganligi bilan izohlanadi. Ayni chog‘da, o‘zbek tilining faol va nofaol leksikasida qo‘llanuvida ham jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Bir qator so‘zlar yangidan iste’molga kirib keldi. Ko‘pchilik so‘zlarning semantik tizimida sijishlar ro‘y berdi, ularning ma’nolari kengaydi, yangi sohalarda faol ishlatila boshlandi. Albatta, o‘zbek tilidagi arabcha o‘zlashmalarning o‘ziga xos xususiyatlari, ma’nolari tizimini alohida o‘rganishga bag‘ishlangan qator ilmiy ishlar bor [Abdullayev, 1945; Usmanov, 1968; Usmonov, 1968; Sulaymonova, Abuzalova, 2009; Kazakbaeva, 2012; Rashidova, 2021], biroq XX asrning oxiri, XX1 asrning boshlarida bu masalani ijtimoiy omillar asosida qayta o‘rganish masalasi dolzarblik kasb etmoqda. Masalan, arab tilidan o‘zlashgan “tamaddun” so‘zi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “(arabcha - madaniyat, sivilizatsiya) “esk. kt. q. madaniyat” shaklida izohlanadi [O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2006. 3-jild : 65]. Vaholanki, hozirda mazkur so‘z “sivilizatsiya” so‘zining dublet sinonimi sifatida keng iste’moldadir: 1. Serquyosh bu zaminimiz tarixi necha ming yillarga borib taqalishi, bunda ajdodlarimizning betakror madaniyati, yuksak ma’naviyati boy salohiyati bilan jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shgan avlodlar yashagani bilan biz doimo 52 faxrlanamiz. 2. Biz bu raqamlar zamirida avvalo, insoniyatning tamaddun silsilasida navbatdagi bosqichga ko‘tarilayotganini nazarda tutamiz. Birinchi gapda “tamaddun” so‘zi “sivilizatsiya”, ikkinchisida “madaniyat” ma’nosida qo‘llangan. “Moziy” so‘zi ham 2006yilda nashr qilingan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da eskirgan so‘z o‘zlaroq qayd etilgan bo‘lsa-da [O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2006, 2jild: 607], vaqtli matbuotda ham, badiiy adabiyotda ham “o‘tmish” so‘zining sinonimi o‘laroq faoliyat ko‘rsatmoqda. Qiyoslang: Har bir yangi davr ibtidosida shu chog‘gacha bosib o‘tilgan yo‘l – moziyni anglash ehtiyoji ham inson, ham jamiyat oldida paydo bo‘ladi. Chunki Bugun va Ertaning ildizlari hamisha aynan Kechaning bag‘rida qoimdir. Shu nuqtai nazardan qaralganda kelajakka talpinar ekanmiz, orqaga qayrilib, uning tabiatini tushunishga chog‘lanamiz, o‘tmishni yaqindan tanib, yutuq va xatolardan saboq olmoqqa tutinamiz. Mustaqillik davrida semantik tizimida o‘zgarishlar ro‘y bergan so‘zlardan biri “majmua” so‘zidir. “Majmua” so‘zi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da quyidagicha tavsiflanadi: 1. Ma’lum tartibda to‘plangan matnlar, ma’lumot va sh.k. yig‘indisi; to‘plam. “Yurtni sevmoq saodati” kitobiga Samarqandda yashab ijod qilayotgan ijodkolar bilan birga, Samarqand adabiy muhitida kamol topib, hozirgi paytda poytaxtda ijod qilayotgan shoir va yozuvchilarning asarlaridan ham namunalar jamlangan. Mazkur majmua samarqandlik ijodkorlarning ona Vatanga muhabbatining o‘ziga xos ifodasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 2. esk. To‘plam shaklida chiqariladigan nashr. Shoirning (Ogahiyning) yubileyi munosabati bilan G‘ofur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti uning olti jildlik asarlari majmuasini nashr etishga kirishdi. Gazetadan. Shuningdek, o‘zbek tilida mazkur so‘zning “majmu” (majmuyi) shakli mavjud bo‘lib, “yig‘indi, jami” ma’nolarini aks ettiradi. Agar 1981va 2006yillardagi “O‘zbek tili izohli lug‘ati”ni solishtirsak, faqat birinchi izohdagi “tekst” so‘zining “matn” so‘zi bilan almashtirilib, misollarning yangisi berilganligi bilan farqlanadi [O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 1981, 1-tom: 440; O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2006, 2-jild : 535]. Bu o‘rinda bir xatolikka yo‘l qo‘yilgani ham kuzatiladi, ikkinchi izohdagi so‘zning eskirganligini bildiruvchi “esk.” qisqartmasini olib tashlab kerak edi, zotan bu so‘z hozirda faol leksika qatoridan joy olgan. Mustaqillikdan keyingi yillar vaqtli matbuoti va internet materiallarida majmua so‘zining quyidagi ma’nolari shakllanganligini kuzatish mumkin: Majmua so‘zi “kompleks”, ya’ni bir butunlikni tashkil etadigan narsalar, hodisalar to‘plami” mazmunini ifoda etmoqda. “Komleks” lotincha so‘z bo‘lib, “bir butunni tashkil qilgan narsalar, hodisalar, belgi-xususiyatlar majmuyi, yig‘indisi” degan ma’noni bildiradi: Gimnastika mashqlari kompleksi. Agrotexnika ishlari komleksi. [O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2006, 2-jild: 396]. Quyidagi misolda “majmua” so‘zi 53 iqtisod sohasida pillani qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar uchun “sanoat majmuasi” tushunchasini ifodalash qo‘llangan: Mustaqilligimizning 22 yilligi arafasida Qarshi shahridagi sobiq "Qarshi 16-son Avtobus Saroyi" ochiq aksiyadorlik jamiyati binosi o‘rnida tashkil etilgan quruq pillani qayta ishlab, xom ipak kalava va ipak gazlamalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi sanoat majmuasi –"Radiant Silk" O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Gazetadan. Sport sohasida ham “majmua” so‘zi “kompleks” so‘zining to‘laqonli ekvivalenti darajasiga ko‘tarildi. Hozirda “sport kompleksi” o‘rniga “sport majmuasi” birikmasini qo‘llash an’anaga aylangan, hattoki bu birikma avvalgisini iste’moldan to‘la siqib chiqargan, deyish mumkin: “Xorazm” (sobiq “Olimpiya”) stadioni Urganch shahridagi shu nomli sport majmuasining tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, majmua tarkibiga 2003 yilda kiritilgan. 2. Biron-bir narsani ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi, bir necha yo‘nalishdagi faoliyat jamlanmasini talab etuvchi tarmoqqa nisbatan ham “majmua” so‘zi qo‘llanmoqda. Masalan, quyidagi gapda “majmua” so‘zi “kimyoviy” sifati bilan birga kelgan hamda kimyoviy moddalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan turli yo‘nalishdagi joylarni bir butun qilib jamlaydigan korxonlar yig‘indisi muzmunini ifoda etgan: Mazkur kimyoviy majmua Navoiy viloyatida qurilishi kerak rejalangandi. Keyingi gapda esa belgi ma’nosiga ega juft ot bilan qo‘llangan “majmua” so‘zi “gaz-kimyo” moddalarini ishlab chiqruvchi korxonalar jamlanmasi uchun ishlatilgan: Bu yil “Kelajak ovozi – 2013” Respublika yoshlar yozgi o‘quv oromgohi Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasiga qarashli Shahrisabz tumanidagi “Lochin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida ikki bosqichda o‘tkazilishi belgilandi. “Majmua” so‘zi bir-biriga yaqin faoliyat turiga ega turli birliklarning bir joydagi to‘plami, jamlanmasi ma’nosida ham qo‘llanmoqda. Masalan, “savdo majmualari” birikmasi turli tipdagi mahsulotlar bilan savdo qiluvchi do‘konlarning bir binoga, bir maydonga joylashishiga nisbatan ishlatilmoqda. Bu o‘rinda “majmua” so‘zida “bir butunlining qismlari” ma’no belgisi mavjud emas. Masalan: Mamlakatimizda qurilish sanoati jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda, zamonaviy qurilish materiallaridan foydalangan holda, savdo majmualari, turar-joylar va boshqa ob’ektlar barpo etilayotir. 3. “Majmua” so‘zi o‘zbek tiliga rus tili orqali o‘zlashgan fransuzcha “ansambl” so‘ziga xos ma’noda qo‘llanmoqda. “Ansambl” leksemasi quyidagi ma’nolarga ega: 1. O‘zaro mos va uyg‘un qismlarning birikuvidan hosil bo‘lgan bir butun narsa. Arxitektura ansambli. 1. Bir butun badiiy kollektiv bo‘lib tamosha ko‘rsatadigan artistlar gruppasi. Ashula va raqs ansambli [O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 1981, 1- 54 tom: 48]. Hozirgi matbuotda qo‘llanilayotgan “majmua” so‘zi “ansambl” leksemasining birinchi ma’nosiga monanddir. Demak, arxitektura sohasida “majmua” so‘zi “ansambl” ma’nosida ham keng qo‘llanilmoqda: Joriy yilning 17mart kuni “Hazrati Imom” majmuasiga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti N.A.Nazarbaev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov hamrohligida tashrif buyurdilar. O‘z zamonasining ma’naviy va ma’rifiy markazlaridan bo‘lgan Qusam ota me’moriy yodgorlik majmuasi mustabid tuzum davrida e’tibordan chetda, qarovsiz va vayrona holga kelib qolgan edi. 4. “Majmua” so‘zi ingliz tilidan o‘zlashgan “konsern” so‘zining sinonimi sifatida ishlatilmoqda. Ingliz tilidan kirib kelgan ushbu so‘z “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “rasman o‘z mutaqilligini saqlab qoluvchi, lekin amalda markazlashgan moliyaviy nazorat va rahbariyatga bo‘ysunuvchi bir qancha sanoat, moliya va savdo korxonalarining birlashmasi, qo‘shilmasi” leb izohlangan [O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2006, 2-jild: 404-405]. Ta’kidlash joizki, “konsern” so‘zidan ayrim holatlarda “kompleks” so‘zining sinonimi tarzida foydalanilishi mumkin.Qiyoslang: 1991yilda gazeta-jurnal kompleksi va bosmxonasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni Ishlar boshqarmasi huzuridagi «Sharq» nashriyot-matbaa konserniga aylantirilgan edi. Bugungi kunda «Sharq» nafaqat O‘zbekiston Respublikasida, qolaversa butun Markaziy Osiyoda birdan-bir eng yirik gazeta-jurnal kompleksi ham hisoblanadi. «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tarixi sarchashmasi 1921yilda tashkiletilgan bosmaxona va 1924 yilda tuzilgan «Sredazkniga» nashriyotidan boshlangan. Keyinchalik esa ikkita mustaqil tuzilmaning respublikadagi barcha gazeta va jurnallarni nashr qiladigan va chop etadigan yagona nashriyot-matbaa majmuasiga birlashtirilishi amalga oshirilgan edi. Demak, mazkur holatda tahlil etilayotgan so‘z “konsern” leksemasining ma’nolari tizimidagi “birlashma”lik belgisi asosida ro‘yobga chiqqan. Ta’lim sohasida asosiy o‘quv-uslubiy me’yoriy hujjatlardan biri sifatida “o‘quvuslubiy majmua”, “o‘quv-metodik majmua”, “elektron o‘quv-uslubiy majmua”, “elektron o‘quv-metodik majmua” tushunchalari keng iste’molga kirdi. Ushbu tushunchalar dars berish jarayonida qo‘llaniladigan fanning o‘quv-me’yoriy huquqiy hujjatlari (fanning o‘quv dasturi, ishchi o‘quv dastur, kalendar reja, reyting ishlanmasi va hk.) va o‘quv materiallari (ma’ruza matni, ta’lim texnologiyasi, nazorat savollari, mustaqil ta’lim savollari va h.)dan iborat to‘plamning elektron shakli yoki qog‘oz variantiga nisbatan ishlatiladi. Qiyoslang: Har bir fan bo‘yicha yaratilgan o‘quv-metodik majmua me’yoriy tarkib bo‘yicha tuzilgan (internetdan). Samarqand davlat universitetida yaratilgan o‘quv-metodik majmualardan samarali 55 foydalanishni tashkil etish maqsadida ulardan elektron o‘quv-metodik majmua yaratish ishlari olib borilmoqda. E’tiborlisi, yig‘ilgan tajribalarga tayanib yaratilgan elektron o‘quv-metodik majmualar asosida har bir ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha elektron o‘quv-metodik majmua yaratish ishlari boshlab yuborilgan. Umuman olganda, “majmua” so‘zining bu ma’nolari bejiz yuzaga kelmagan. Agarda “majmua” so‘zining ( ةعومجم – majmu’a) arab tilidagi izohlariga diqqat qilsak, quyidagi holat kuzatiladi [Baranov, 1989]: a) to‘plam (sbornik), yig‘ilish (sobranie), kompleks. Masalan: ةيسمشلا ةعومجملا – quyosh tizimidagi planetalar; b) kolleksiya, masalan: ةيتابنلا ةعومجملا – gerbariy; v) guruh, to‘da (gruppirovka), tur(seriya). Masalan: مدلا ةعومجم – qon guruhi. Arab tilining izohli lug‘atida bu so‘zning quyidagicha ma’nolari berilgan: matematika sohasida: sonlar yig‘indisi, o‘xshash algebraik hadlar, shuningdek, she’rlar, turli nazmlar, hikoyalar va nodir asarlar yig‘ilgan to‘plamdir [al-Mas’ud, 1985]. Ya’ni “majmua” so‘zining “yig‘indilik”, “birlashganlik”, bir butunning barcha qismlari to‘plami” semantik belgilari bu so‘zning o‘zbek tilidagi qo‘llanishi doirasini kengaytirgan. Shu bilan birga, o‘zbek tilida ayrim vaziyatlarda “majmua” so‘zidan ba’zi o‘rinsiz foydalanish holatlari ham kuzatiladi. Masalan, quyidagi gapda “landshaft” so‘ziga izoh berilar ekan, “majmua” so‘zi to‘g‘ri qo‘llanilganmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Misolga diqqat qilamiz: LANDShAFT - o‘zaro ta’sir etuvchi tabiat yoki tabiiy va antropogen komponentlardan hamda pastroq taksonomik tabaqali majmualardan tashkil topgan tabiiy hududiy majmua. Keltirilgan holatda, bizningcha, ruschadan o‘zbekchaga to‘g‘ridan to‘g‘ri tarjima qilinganligi sababli (“prirodnыy territorialnыy kompleks, geograficheskiy kompleks”) noqis chiqqan. Aslida istalgan hudud, undagi va uning ostidagi landshaft komponentlari: yer, suv, tog‘ unsurlari, hayvonot va o‘simlik olami, atmosferaning quyi qatlami birgalikda landshaftni tashkil etadi. Keyingi misolda ishtirok etgan “mulkiy majmua” iborasidagi “mulkiy” sifati ham lisoniy ortiqchalikka sabab bo‘lgan. Gapda Qarshidagi avtokorxona haqida so‘z ketadi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, majmua deyilganida moddiy mavjud binolar, ehtimol, asbob-uskunalar, texnik vositalar nazarda tutiladi. “Majmua” so‘zining o‘zigina shu mazmunni ifoda etgani sababli o‘zbek tiliga xos bo‘lmagan yasalishga ega “mulkiy” sifatini kiritish noo‘rin bo‘lgan. E’tibor qiling: Qarshi shaxridagi «Qarshi 16-son avtobus saroyi» OAJning mulkiy majmuasi negizida ipakni qayta ishlaydigan zamonaviy kompleks tashkil etiladigan bo‘ldi.Gazetadan. Demak, xulosa sifatida shuni ta’kidlash joizki, o‘zbek tilining leksik fonida arab tilidan o‘zlashgan, biroq rus tili ta’sirida eskirib iste’moldan chiqqan so‘zlar mustaqillik davrida yangidan qo‘llanila boshlandi. Ularning ma’lum bir qismi (masalan, jarida) umumiste’molda muqum o‘z pozitsiyasini saqlab qolmadi. Ammo bir qator so‘zlar (tamaddun, majmua) qayta faol leksikaga aylandi. Shuningdek, 56 ba’zan bu so‘zlar avvalgi ma’nosida ishlatilsa, ayrim vaziyatlarda ularning semantik tizimida siljishlar, o‘zgarishlar ro‘y bergani ham kuzatiladi. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Абдуллаев Ф.А. Арабизмы в узбекском языке: Автореф. дисс... канд. филол.наук. – Ташкент, 1945. – 24с. 2. Баранов Х. К. Арабско-русский словарь. – М., 1989. – 944 с. 3. Казакбаева Е. Арабизмы в узбекском языке в прикладном и теоретическом аспектах: Автлреф.дис....канд.филол.наук. – Москва, 2012. -26 с. 4. Mahmud al-Mas’ud. Yangi lug‘at. –Tunis, 1985. – 1505 b. 5. Рашидова Н. Лексико-семантический анализ арабизмов сферы образования Узбекистана: Дисс...канд.филол.наук. – Ташкент, 2021. – 185 с. 6. Sulaymonova N., Abuzalova M. O‘zbek tilidagi arabiy o‘zlashmalar imlosi. – Toshkent: Fan va texnologiya, 2009. – 115 b. 7. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 2 tomlik. Moskva: Rus tili, 1981. – 1-tom. – 632 b. 8. 5. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 2 tomlik. – Moskva: Rus tili, 1981. – 2-tom. – 715 b. 9. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 5 jildlik. – Toshkent: O‘zME, 2006. 2-jild. 688 b 10. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 5 jildlik. – Toshkent: O‘zME, 2006. 3-jild. -592 b. 11. Усманов С. Таджикско-персидские и арабские слова в лексике узбекского языка // Посвящение Навои - Ташкент, 1968. – 125 с. 12. Usmonov S. O‘zbek tilining lugat sostavida tojik-forscha va arabcha so‘zlar // Navoiyga armug‘on. Toshkent, 1968 faol leksika 119 s.