scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK TILIDA KOGNITIV METAFORA, KOGNITIV METONIMIYA: O'XSHASHLIK VA FARQLILIK

Muhayyo Karimovna XAKIMOVA; Feruza Yarashevna RAHMATOVA

Full text

57 O‘ZBEK TILIDA KOGNITIV METAFORA, KOGNITIV METONIMIYA: O‘XSHASHLIK VA FARQLILIK Muhayyo Karimovna XAKIMOVA Filologiya fanlari doktori, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Feruza Yarashevna RAHMATOVA Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488664 Annotatsiya. Mazkur maqolada o‘zbek tilidagi kognitiv metafora va metonimiyada milliy tafakkurning aks etishi misollar yordamida yoritilgan. Kognitiv metafora olamni bilishning turi sifatida talqin qilingan. Kognitiv metaforaning shakllanish mexanizmi donor va qabul qiluvchi elementlar vositasida aniqlangan. Kognitiv metaforada milliy tafakkurning hal qiluvchi ta’siri ochiqlangan. Maqolada birinchi marta kognitiv metonimiya atamasi qo‘llangan, mohiyati ochiqlangan. Kognitiv metonimiyada ham til egalarining olam haqidagi tizimli bilimlari aks etishi ochiqlangan. Kognitiv metaforada abstrakt, murakkab tushunchalar konkret tushunchalarga o‘xshatiladi va ularning andozasi orqali bilish oson kechadi. Bu jarayonda metafora bilish vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. O‘xshatilish asosi esa milliy tafakkur bilan shartlangan bo‘ladi. Kognitiv metonimiyada esa abstrakt tushunchalar boshqa tushunchalar bilan aloqadorlikda osonroq anglanadi. Bunda mavhum tushunchalar konkret tushunchalar bilan o‘zaro aloqadorlik asosida anglanadi. Kognitiv metaforada ham, kognitiv metonimiyada ham abstrakt, murakkab tushunchalarni bilishda konkret tushunchalar asos bo‘lishi kuzariladi. Kalit so‘zlar: metafora, kognitiv metafora, metonimiya, kognitiv metonimiya, nominatsiya, struktur metafora, oriyentatsion (yo‘naltiruvchi) metafora, ontologik metaforalar, milliy idrok. Metafora juda qadim zamonlardan beri notiq, faylasuf, tilshunos va adabiyotshunoslarning o‘rganish obyekti bo‘lib kelgan. Metafora nutqning jozibadorligini ta’minlovchi vosita, ma’noning shakllanishi va taraqqiyoti usuli, nomlash (nominatsiya) vositasi, milliy tafakkur andozasi hamda bilish shakli sifatida o‘rganilgan va o‘rganilmoqda. Kognitiv metaforalar nazariyasiga asos solgan deb e’tirof etilgan J.Lakoff va M.Jonsonlarning “Biz yashayotgan metaforalar” asarida vaqt - pul metaforasi keltiriladi. Bu juda mashhur metafora bo‘lib, juda ko‘plab tadqiqotlarda misol sifatida beriladi. Vaqt hissiy bilish mumkin bo‘lmagan, moddiylikdan xoli bo‘lgan murakkab abstrakt tushuncha. Ma’lumki, bu kabi moddiylikdan xoli abstrakt tushunchalarni anglash ong uchun murakkab jarayondir. U konkret pulga o‘xshatilar ekan, pulning andozasi, obrazi orqali vaqtni bilish ham oson kechadi. Mualliflar metafora hosil bo‘lish mexanizmini quyidagicha tushuntiradilar. Ularning fikricha, har bir metaforada manba (donor) va qabul qiluvchi tomonlar mavjud bo‘ladi. Masalan, o‘lchov birliklari inson tabiati uchun manba bo‘lishi mumkin: og‘ir yuk va og‘ir tabaitli kishi. Bu vaziyatda og‘irlik o‘lchov birligi inson tabiatini tavsiflash uchun manbaga aylanadi, inson tabiati esa o‘z navbatida oluvchi 58 bo‘lib qoladi [George Lakoff, Mark Johnson, 1980: 7]. Manba (donor) tomon doim kuzatishda berilgan, inson oson bila oladigan, ko‘p murojaat qiladigan, xullas, til egasiga yaqindan tanish bo‘ladi. Tana a’zolari, atrof, undagi narsa, harakat va belgilar kognitiv metafora uchun manba bo‘ladi. Oluvchi tomon esa inson bilishi murakkab bo‘lgan, bevosita kuzatishda berilmagan, abstrakt, psixik holatlar bo‘ladi. Inson tafakkuri mana shunday ko‘rish, ushlash, ta’m, hid va ovozini seza olmaydigan murakkab yoki abstrakt tushunchalarni anglashi uchun aniq voqeliklar andoza vazifasini bajaradi. Masalan, o‘zbek tilida oila qo‘rg‘onga o‘xshatiladi. Ma’lumki, qo‘rg‘on atrofi mustahkam o‘rab himoyalangan makon sanaladi. O‘zbek tafakkurida oila ham qo‘rg‘on kabi insonlarni har qanday vaziyatda himoyalovchi makon sifatida talqin qilinmoqda. Demak, kognitiv metaforalarda murakkab tushunchalar konkret tushunchalarga o‘xshatilar ekan, unda til egalarining milliy idroki aks etadi. Ya’ni, xalq nimanidir nimagadir o‘xshatar ekan, u o‘zining qarichi, o‘zining mo‘ljali bilan o‘xshatadi. Ushbu fikrimizni “vaqt” konsepti misolida ko‘rib chiqamiz. O‘zbek xalqida vaqt daryoga o‘xshatiladi va vaqt oqar daryo, umr oqar daryo degan konseptual metaforalar mavjud. Insoniyat umrining cheklanganligini bilgan, undan qo‘rqqan va uzoq yashash xohishi, yengish istagi doimo uni anglashga turtki bergan. Turli davrlarda turli madaniyatlarda vaqtni bilishda xalq tafakkuri mentallikdan kelib chiqib ish ko‘rgan. Insoniyatni doim o‘ylantirib kelgan vaqt o‘zbek tafakkurida oqar daryoga, tabibga; inglizlarda esa pul, boylikka; ruslarda qush, shifokor, sudya, oltinga; arablarda qilich, pichoq, kema, tuya, dengiz, oltinga metaforik o‘xshatiladi va u orqali bilish osonlashadi [Hakimova, 2019: 38]. O‘zbek tilidagi “vaqt oqar daryo” metaforasi orqali insonning bu dunyodagi umri juda qisqa ekanligi, o‘tkinchi ekanligi, foniy dunyoda esa abadiy yashashi, bu dunyodagi vaqtning qadriga yetish, abadiy hayot uchun harakat qilish kerakligi kabi tushunchalar o‘z aksini topgan. Kognitiv metaforalarda qiyos qilinayotgan obyektlar bir-biridan ancha uzoq bo‘ladi. Metaforaning asl jozibasi ham shunda. Bir-biridan yer-u osmoncha farq qilayotgan mohiyatlar bir so‘zda mujassam bo‘lsa. Yengil so‘zini ham paxtaga, ham fikrga nisbatan qo‘llaymiz: yengil paxta va yengil fikr. Nahot paxta bilan fikrning o‘lchovlari o‘xshasa, yoki tub so‘zini ham chuqurlikka, ham qalbga qo‘llaymiz: ko‘lning tubi va qalbning tubi. Bunda ham joziba, ham hikmat bor. Til tilsimlaridan yana biri shundaki, bevosita kuzatishda berilmagan mohiyatlar uchun konkret narsalarning belgi-xususiyatlarini “tirkaganimiz”da, ularni aniqroq tasavvur qilish mumkin bo‘ladi. Metonimiya tilshunoslikda nom ko‘chish usullaridan biri sifatida talqin qilinadi. “Bir predmetning, belgining, harakatning nomi boshqasiga o‘xshashlik asosida emas, 59 balki o‘zaro bog‘liqlik asosida ko‘chirilishi metonimiya yo‘li bilan ko‘chirish deyiladi (yunoncha metonumia – “qayta nomlash”). Masalan, dasturxon leksemasi “ovqatlanish uchun yoziladigan buyum”ni anglatadi; bu leksema bilan ovqatning o‘zi, “dasturxonga qo‘yiladigan noz-ne’mat” ham bildiriladi [Rahmatullayev, 2006: 53]. Sh. Rahmatullayevning mazkur ta’rifida ham metonimiya terminining so‘zmaso‘z tarjimasi qayta nomlash ekanligi qayd qilingan. Aslida esa, terminning so‘zma-so‘z ma’nosi lisoniy hodisaning mohiyatini yoritib bera olmaydi. Zero, qayta nomlash umuman boshqa hodisa bo‘lib, nomi mavjud narsaning qaytadan, ikkinchi marta nomlashidir. Qayta nomlash neologizmlar va arxaizmlar o‘rtasida, tasviriy ifoda, metaforada, laqablarida yorqin aks etadi. Soddaroq tushuntiradigan bo‘lsak, avval paxta deb nomlangan o‘simlik keyinroq oq oltin deb, ayyor leksemasi bilan nomlangan belgi tulki leksemasi bilan, G‘ulom Aminjonovich Alimovning Shuhrat taxallusi bilan nomlanishi qayta nomlashdir. Bu qayta nomlash jarayonining metonimiyaga umuman aloqasi bo‘lmay, shunchaki, terminning ma’nosi bilan hodisaning mohiyatini aralashtirish to‘g‘ri emas. Metaforada bir-biridan uzoq obyektlar bitta nom bilan nomlansa, metonimiyada esa bir-biri bilan aloqada bo‘lgan obyektlar bitta so‘z bilan nomlanadi. Metonimiya metaforadan tubdan farq qiladi va u sinekdoxaga yaqin turadi. Qism va butun munosabati ham aslida aloqadorlikning bir ko‘rinishidir. So‘nggi paytlarda tilshunoslikda til hodisalariga kognitiv yondashish ustuvorlik qilayotgani hammaga ma’lum. Bugungi kunda kognitiv metafora nazariyasi yaratilgan bo‘lib, uning kognitiv asosi, turlari, lug‘ati aniqlandi. Lekin hali tilshunoslikda kognitiv metonimiya tushunchasi mavjud emas. Biz ushbu maqolamizda ilk bora “kognitiv metonimiya” terminini qo‘lladik. Ammo metonimiyaga kognitiv yondashuv tilshunoslikda anchadan beri mavjud bo‘lib, kognitiv metonimiya ham kognitiv metafora kabi bilishning fundamental usuli va olamni anglashning yo‘li. Bilishning bu usuli mental tuzilmadagi metonimik konseptlar asosida shakllanadi. Ya’ni bunda bir konseptual mohiyat unga aloqador boshqa mohiyat orqali anglanadi. Kognitiv metonimiya oddiy metonimiyadan nimasi bilan farqlanadi degan savol tug‘ilishi tabiiy. Metonimiyaning har qanday turi orqali olamning bir bo‘lagini bilish jarayoni mavjud bo‘ladi. Bu jarayonda bir noma’lum mohiyat unga aloqador ikkinchi ma’lum aloqador mohiyat orqali anglanadi hamda nomlanadi. Masalan, til egalari avvaldan nomlangan oy leksemasi asosida shakllangan o‘lchov birligini anglagan va nomlagan. Bunda “vaqt” semantikasiga ega “oy” tushunchasiga osmon jismi bo‘lgan oy predmetining aloqasi mavjud ekanligi, bu haqidagi til egalari konseptual bilimlari asos bo‘lgan. Yoki o‘zbek xalqining kundalik hayotidagi eng ko‘p ishlatiladigan choy ichimligining nomi uning tayyorlanishi asos bo‘lgan quruq choydan olingan bo‘lib, 60 quruq choydan choy ichimligi tayyorlanadi degan oddiy bilim asosida yangi so‘z emas, balki metonimik ma’no shakllangan. Demak, har qanday lisoniy metonimiyada til egalari bilimlari aks etadi. Biz metaforada bo‘lgani kabi metonimiyani ham oddiy va kognitiv turlarga ajratdik. Oddiy metonimiyada bir mohiyat unga aloqador boshqa bir mohiyat bilan anglanadi, nomlanadi. Lekin bunda ikkinchi nomlangan obyekt hissiy bilish orqali anglanadi va jarayonning asosiy maqsadi nomlash bo‘ladi. Ya’ni ko‘rish, eshitish, hid, ta’m bilish, teri orqali bilishda biz mohiyatni osonroq anglaymiz va bunday holatda metonimiya bilishdan ko‘ra ko‘proq nomlash vazifasini bajaradi. Masalan, yuqorida ko‘rganimiz choy leksemasining semantik strukturasi shakllanishida oddiy metonimiya amalda bo‘lgan. Zero, o‘simlikning muayyan turi ham, uning bargidan tayyorlanadigan quruq va qadoqlangan predmet ham, undan tayyorlangan suyuqlik ham bevosita kuzatishda berilgan. Bu voqeliklarni anglash ong uchun qiyin emas. Lekin gnoseologik mohiyat sanalgan tushunchalarni bilish ong uchun qiyin ekanligi ma’lum [Xakimova, 2019: 30-31]. Abstrakt murakkab tushunchalarni millat tomonidan o‘xshash deb topilgan konkret tushunchalarning andozasi orqali bilish kognitiv metaforaning mohiyati sanalsa, abstrakt murakkab tushunchalarni unga aloqador tushunchalar orqali bilish kognitiv metonimiyaning mohiyatidir. O‘zbek tilida mavjud bo‘lgan qismat, taqdir kabi mavhum tushunchalarning peshona leksemasi bilan ifodalanishi ana shu kognitiv metonimiya hodisasiga misol bo‘la oladi. Peshona so‘zining birinchi – bosh ma’nosi inson yuzining qoshdan soch chiqadigan chegaragacha bo‘lgan qismidagi tana a’zosini bildirsa, ikkinchi – hosila ma’nosida u taqdir, qismat kabi mavhum tushunchalarni ifodalaydi. Mazkur semantik ko‘chishning sababi diniy-ma’naviy tasavvurlar bilan bog‘liq bo‘lib, an’anaviy e’tiqodlarga ko‘ra, inson taqdiri uning peshonasiga yozilgani haqidagi qarash asosida shakllangan. Demak, peshona – taqdir yozilgan joy sifatida idrok etilgan va bu orqali u taqdirning ramziy belgisi, yani nom sifatida ham ishlatila boshlagan. Bu holatda peshonaning o‘zi emas, balki undagi yozuv – ya’ni taqdir nazarda tutiladi. Shu tariqa, aniq bir jismiy obyekt nomi mavhum tushunchaga aloqadorlik asosida ko‘chirilgan bo‘lib, bu kognitiv metonimiyaning yaqqol namunasidir. Kognitiv metonimiya oddiy metonimiyadan farqli ravishda, faqatgina tashqi yoki shakliy aloqadorlik asosida emas, balki xalqning tafakkuri, dunyoni idrok etish usuli, madaniy, diniy va tarixiy tajribasi asosida shakllanadi. Ya’ni bu turdagi nom ko‘chish jarayoni faqat til birliklari o‘rtasidagi yaqinlik insoniyat tafakkurining ma’naviy, bilish darajasi bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. Kognitiv metonimiya yuzaga kelishida quyidagi uch asosiy omil muhim ahamiyat kasb etadi: 61 1. Bosh ma’no va hosila ma’no o‘rtasidagi aloqaning mavjudligi. 2. Bosh ma’noning aniq, hosila ma’noning esa mavhum bo‘lishi. 3. Ma’no ko‘chishida kognitiv bilimlarning ishtiroki. Shu jihatdan kognitiv metonimiya tilda yuz beruvchi chuqur semantik jarayon bo‘lib, u til va tafakkur o‘rtasidagi o‘zaro aloqani yoritishda muhim ilmiy kategoriya sifatida namoyon bo‘ladi. Xulosa qilib aytganda, metonimiyada til egalarining olam haqidagi bilimlari, xususan, mohiyatlarning bir-biri bilan bog‘liq tizimli konseptual asoslari aks etadi. Kognitiv metonimiyada abstrakt tushunchalar boshqa tushunchalar bilan aloqadorlikda osonroq anglanadi. Mazkur aloqadorliklar esa til egalarining olam haqidagi konseptual bilimlari asosida mavjud bo‘ladi. Bir nom ostida umuman boshqa-boshqa voqeliklarning umumlashtirish inson tafakkuri va tilini ixchamlashtirish yo‘lidagi asosiy usullaridan biri bo‘lsa, har bir millatning olam va uning xususiyatlarini o‘ziga xos birlashtira olishi tahsinga loyiqdir. Konseptual metafora orqali shakllangan ma’no taraqqiyotiga nazar tashlasak, unda bir belgi ostida nomlanayotgan tushunchalar bir-biridan mutlaqo farq qiladi. Kognitiv metonimiyada esa olamdagi aloqadorliklar, til egalarining tizimli bilimlari aks etadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Маҳмудов Н. Тил тилсими тадқиқи. –Тошкент: Mumtoz so‘z, 2017. – Б. 119-120. 2. Махмараимова Ш. Ўзбек тили метафораларининг антропоцентрик тадқиқи. Филол. докри дисс. автореф. – Термиз, 2020. 3. Миртожиев. M. Семасиология. – Тошкент, 2010. – 288 б. 4. Насруллаева Г. Антропоцентрик метафоранинг лингвомаданий, коммуникатив, прагматик аспекти: Филология фaнлaри бўйичa фaлсaфa доктори (PhD) дисс. автореф. – Қарши, 2018. 5. George Lakoff, Mark Johnson. Metaphors We Live By. – Chikago and London, 242 p. 6. Rahmatullayev Sh. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Darslik. – Toshkent: Universitet, 2006. – B 53. 204. 7. Xakimova M. Semasiologiya. - Toshkent, 2025. -150 b. 8. Хакимова М. Ўзбек тилида абстракт номлар семантикаси. - Тошкент, 2019. 9. Hakimova M. Leveling lexical abstraction in Uzbek Language. Anglisticum Journal. May, 2019. -P. 36-42. https://www.anglisticum.org.mk/index.php/IJLLIS/article/view/1918