MUVAQQAT ONOMASTIK BIRLIKLARNING YASALISH XUSUSIYATI
Full text
67 MUVAQQAT ONOMASTIK BIRLIKLARNING YASALISH XUSUSIYATI Dilrabo ANDANIYOZOVA, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti filol. fan. b-cha falsafa d-ri, katta ilmiy xodim [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488677 Annotatsiya: O‘zbek tilshunosligida onomastik birliklar turli yondashuvlar asosida o‘rganilgan. Biroq muvaqqat onomastik birliklarning badiiy-estetik xususiyatlari maxsus tadqiq qilinmagan. Muvaqqat onomastik birliklar muallif tomonidan alohida badiiy maqsadlarni ifodalash uchun yaratiladi va ular poetik aktuallashish imkoniyati yuqoriligi bilan ajralib turadi. Bunday birliklar standart onomastik tizimdagi nomlarga nisbatan kuchli ekspressivlikka ega bo‘lib, hissiy ta’siri va estetik qiymati bilan matnning ta’sirchanligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, muayyan matn doirasida idrok qilinadi va bir marta qo‘llanishga mo‘ljallanadi. Mazkur maqolada muvaqqat onomastik birliklarning yasalish xususiyatlari yoritilgan. Kalit so‘zlar: badiiy matn, onomastik birliklar, muvaqqat nomlar, onomastik transformatsiya, onomastik kontaminatsiya, lingvopoetika, so‘z yasalishi, deformatsiya. Tilning so‘z yasash tizimi muayyan qonuniyatlarga, morfemalarning o‘zaro bog‘lanish valentligiga asoslanadi. Shu jihatdan, har qanday yasama so‘z mavjud so‘z yasash qoidalari asosida vujudga kelishi kerak. Ammo badiiy matnlarda, xususan, hajviy yoki publitsistik asarlarda, mediamatnlarda shunday so‘zlar ham borki, ular mavjud so‘z yasash qonun-qoidalariga mos kelmaydi. Mazkur holat muvaqqat so‘zlarga xos yasalish sifatida tilshunoslikda alohida tahlilni taqozo etadi. Ma’lumki, har qanday yangi so‘z yasalar ekan, u inson nutqiy faoliyatining tarkibiy qismi hisoblanadi hamda muayyan narsa-hodisani, belgi-xususiyatni nomlash, atash ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi. Muvaqqat onomastik birliklar yasalishida esa bu holat qo‘shimcha vazifalar bilan kengayadi. O‘zbek tilida okkazional so‘z yasalishi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarda qayd etilganidek, “okkazional yasalmalar ham narsa-hodisalarni tasniflash, tavsiflash – tushuncha yaratish xususiyatiga egadir. Bunday yasalishlarda muayyan tushunchani atash, nomlash jarayoni juda aniq ko‘zga tashlanadi”. [Mahmudova, 2021: 123] Muvaqqat onomastik birliklar ijodiy (badiiy) yasalmalar sifatida ahamiyatli hisoblanib, bunday nomlarning ma’nosi ham, estetik qiymati ham, avvalo, nutqiy vaziyat, matn mazmuni va qurilishi bilan uzviy bog‘liqlikda yuzaga keladi. Shuningdek, muvaqqat nomlar odatda onomastik tizimga kiritish uchun emas, balki tasviriy-ta’sirchanlik vositasi sifatida bir marta qo‘llash uchun yasaladi. Tilshunoslikda okkazional yasalishlarni belgilashda, asosan, so‘z yasashning umumiy qonun-qoidalariga muvofiqlik yoki nomuvofiqlik mezonidan kelib chiqib ish ko‘riladi. O‘zbek tilidagi okkazional so‘z yasalishi hodisasining lisoniy va nolisoniy tabiati, nutqiy yasalmalarning yasalish jarayonlari va usullarini tadqiq etgan
68 S.Mahmudova g‘ayriodatiy so‘z yasashning o‘ziga xos xususiyatlari haqida shunday yozadi: “Fikrimizcha, g‘ayriodatiy so‘z yasash hodisasi asosida ham muayyan bir qonun-qoidalar yotadi. Chunki bunday hollarda uzual qonuniyat so‘z yasash amaliga g‘ayriodatiy tarzda noto‘g‘ri tatbiq etilgan bo‘ladi. Bu tilning tabiatiga zid xususiyat emas. Nutqda odatiylik va g‘ayriodatiylik, maromlilik va maromsizlik, umumiylik va xususiylik o‘zaro uzviy munosabatda amal qiladi: analogiya bilan bog‘liq shaxsiy tasavvurlaru qayta fahmlashlar, soxta morfem bo‘linish, “xalq etimologiyasi”, kontaminatsiya kabi okkazional qonuniyatlarning o‘ziga xos ta’siri va faol ishtiroki bo‘ladi”. [Mahmudova, 2021: 67] Olimaning yuqoridagi fikrlaridan ko‘rinadiki, har qanday favqulodda so‘z yasalishi zamirida muayyan til qonuniyatlari, me’yorlarining o‘zgacha shaklda ifoda topishi, ijodiy qayta faollashuvi yotadi. Bu esa til dinamikasini, nutqiy individuallikni namoyon etuvchi lisoniy jarayon sifatida muhim. Demak, okkazional birliklar tildagi standart me’yorni butunlay buzmasdan, balki ularni individual nutqiy maqsadda qayta ishlash orqali tilning estetik imkoniyatlarini namoyon etadi. Umuman, tildagi g‘ayriodatiylik ham aslida o‘z ichida muayyan bir qonuniyatga asoslangan bo‘ladi. Ya’ni bu jarayon tasodifiy tarzda amalga oshmaydi. Shu nuqtayi nazardan, til faqatgina qoidalarga bo‘ysunadigan tizim emas, balki ijodiy va o‘zgaruvchan jarayon ekani namoyon bo‘ladi. Muvaqqat onomastik birliklarning hosil bo‘lishida o‘ziga xoslik shuki, unda yasash asosining ma’nosi muhim o‘rin tutadi. A.G‘ulomov ta’kidlaganidek, “...har bir yasalishda ikki elementning munosabati bor: yasashga asos bo‘lgan so‘z va yasalgan so‘z (yasashga asos bo‘lgan element mustaqil holda – ayrim so‘z, lekin yasalmaga asos bo‘lgach, undan yangi so‘z yasalgach, so‘zning qismi: o‘zak yoki negiz). Yasalmadagi bu ikki element tashqi va ichki tomonlardan o‘zaro munosabatda bo‘ladi”. [G‘ulomov, 1975: 13] Bu xususiyat onomastik birlik va onomastik indikatorlar ishtirokida hosil bo‘lgan muvaqqat toponimlarda ham o‘z ifodasini topadi. Masalan, odatda joy nomlarini hosil qiluvchi -iston bilan yasalgan muvaqqat toponimlar so‘z yasash qolipi jihatidan adabiy til qoidalariga muvofiq keladi. Masalan: Uyg‘uriston (M.Shayxzoda), Mustayiston (A.Oripov), Qobiliston (E.Vohidov) muvaqqat nomlarda o‘rin-joy ma’nosi ifodalangan. Ushbu so‘zlar tildagi O‘zbekiston, Qozog‘iston qolipi asosida yasalgan. Sanalgan muvaqqat toponimlar matnlarda bir marta qo‘llanilgani bilan xarakterlanadi. Ularni bir ijodkorning yoki bir necha ijodkorning takror ishlatgani kuzatilmadi. Bunday yasalmalarda ta’kidlanadigan yana bir jihat shuki, muvaqqat onomastik birliklarda yasovchi asos ma’nosi asosiy o‘rinda turadi. Shu jihati bilan boshqa okkazional so‘zlardan farq qiladi. Masalan, Mustayiston nomi uchun asos bo‘lgan so‘z bu yasalmaning asosiy ekspressivligini ta’minlagan qism, ya’ni Mustay – shoir nomi hisoblanadi. Ya’ni
69 Boshqirdiston xalq shoiri Mustay Karim nomiga ishora qilingan bo‘lib, shoir she’rlari yurti ma’nosi anglashiladi. Shu orqali A.Oripov shoirning adabiy merosini ulug‘lab, uni ramziy mamlakatga tenglashtiradi hamda Mustay Karimga bo‘lgan shaxsiy, do‘stona va adabiy munosabatini namoyon qiladi. Muvaqqat onomastik birliklarning yuzaga kelishini milliy til tabiatidan kelib chiqib ikki guruhga bo‘lib o‘rganish mumkin: 1. O‘zbek tili milliy onomastika an’analari asosida hosil qilingan muvaqqat onomastik birliklar. Bunda o‘zbek tili onomastik tizimiga xos antropoindikator yoki topoindikatorlar orqali muvaqqat nom yasaladi. Misollar: Tuproqbibi, G‘iybatillo, G‘iybatniso, Xarajatxon, Ma’nijon, Ma’quljon, Voyqul, Xudbiddin, G‘amxo‘rov, Va’dayev, G‘uliston, Dong‘iston, Donishqishloq, Salomobod, Quyoshiston, Janjalmahalla, Yo‘qqulobod, Aralashqo‘rg‘on kabi. O‘zbek badiiy adabiyotida qo‘llangan mazkur nomlardan ko‘rinadiki, ular shakl jihatdan onomastik tizimdagi nomlardan farq qilmaydi. Masalan, tilimizda -bibi, - niso, -xon, -oyim kabi antoropoindikatorlar qizlar ismlarida uchrasa, -illo (-ullo), -jon, bek, -qul kabi antropoindikatorlar o‘g‘il bolalar ismiga xosdir. Yoki familiyalar ota yoki bobo ismidan -ov (-ova), -yev (-yeva) qo‘shimchalari yordamida hosil qilinsa, otaism esa ota nomiga -ovich, -yevich, -ovna, -yevna qo‘shimchalar qo‘shish yo‘li bilan yasaladi. Quyidagi misollarda o‘zbek tili milliy onomastika an’analari asosida hosil qilingan muvaqqat onomastik birliklar matn mazmuni hamda yozuvchi badiiy niyatiga mos holda qo‘llanganini kuzatish mumkin: Robotqul qanday soz?! Tugmani bossang Aytgan tomonigga yugursa, borsa! O.Matjon, “Yosumanlar”; Biz bugun yigirma birinchi asr bo‘sag‘asida turibmiz. O‘tgan asrlar adabiyoti-yu ularning namoyandalari olisda qolib ketgan. Biz endi Lorka, Ximenes, Uitmen, Neruda ruhida yashamoqqa oshiqamiz. “Navoiy zamonida qolib ketgan” yolg‘iz odam kursimizda mana shu – Janob, Janobiddin Sayfiddinov; laqabi – Janobiddin Savdoyi yoki janob Janob. U hamon Navoiy zamonida yashaydi, o‘sha qadim Hirot muhitidan nafas oladi. Shundan, gap-so‘zlari odamga erishroq, o‘zi ham picha savdoyiroq tuyuladi. (Qaydam, o‘z navbatida biz uning nazarida havoyilarga o‘xshab ko‘rinsak kerak.) E.A’zam, “Navoiyni o‘qigan bolalar”; G‘o‘r shoir uyida yangi yozgan she’rini oqqa ko‘chirmoqda. Shu payt yoniga xotini Nasiba kiradi. N a s i b a. Qo‘ying, dadasi, qo‘lingizdan kelgan ishga urinsangiz-chi. Q o y i l x o‘ j a. Xonim, talantimga tig‘ tortmang-da, bir oz kutib kiring. Ana shunda bugungi ijodimning mevasini totib kurasiz. Qoyilxo‘ja akangizga o‘shanda qoyil qolasiz! A.Jamol, “Xurrak”; Qobiliston tomonda Bir podsho o‘tgan ekan. Davron surib jahonda. Butun umrin kechirib Kayf bilan, safo bilan. Ishi bo‘lmagan ekan O‘tkinchi dunyo bilan. E.Vohidov, “Insoniyat tarixi”.
70 Umuman, badiiy matnda aks etgan onomastik an’analar ham til, ham adabiyot uchun muhim. Bu orqali milliy tilning muayyan jihatlari namoyon bo‘ladi hamda nom mansub bo‘lgan xalq haqida tegishli axborotlarni berishga xizmat qiladi. 2. O‘zbek tili milliy onomastika an’analariga mos kelmaydigan muvaqqat onomastik birliklar: Turobadze, Gugushidze, Xon Man Men, Man Xon Man, G‘izg‘izon, Qahratoniya, Faloniya. Bunday nomlardan badiiy matnda vaziyat talabi bilan foydalaniladi. Odatda biror millatga mansub qahramonni atashda o‘sha millatga xos nomlar tanlanadi yoki o‘sha millat onomastik an’analariga xos nom yasaladi. Masalan, mohir adib E.A’zam asarlarida boshqa millatga xos baynalmilal nomlar ko‘p uchraydi. Adib tomonidan yaratilgan quyidagi nomlar boshqa tillarning onomastik an’analari asosida hosil qilingan: Gugushidze (qulog‘ida hushtak chaladigan qahramon nomi, forschada “gush” – quloq, “gu” – ayt, gapir degani; yozuvchi izohi. Gruzincha familiyaga mos yasalgan), Turobadze, Xon Man Men, Man Xon Man, Mayda Xon. Xususan, Gugushidze, Turobadze nomlari gruzincha nomlar qolipida yasalgan bo‘lib, bu orqali qahramonlarning asarda bevosita shu muhitga aloqadorligi ta’kidlangan. Muvaqqat onomastik birliklarning yuzaga kelishi faqat so‘z yasalishi turlari va andozalari, yasovchi asos va yasalma o‘rtasidagi munosabatlar buzilishi, onomastik an’analarga mos bo‘lishi yoki bo‘lmasligi bilan cheklanmaydi. Muvaqqat onomastik birliklar so‘z morfem qurilishida yuz beradigan turli xil fonomorfologik va semantik o‘zgarishlar (transformatsiya, deformatsiya), o‘zlashtirma so‘zlarga xos morfem tuzilishlar bilan bog‘liq qayta fahmlash, tarjima qilish orqali ham yuzaga kelishi mumkin. Shu asosda biz mavjud tasniflarga tayanib hamda muvaqqat onomastik birliklarda kuzatiladigan o‘ziga xos yasalishni inobatga olib, ularning yuzaga kelishini quyidagicha guruhlashtirdik: 1. Mahsuldor so‘z yasalish andozasiga muvofiq yaratilgan, biroq me’yoriy yasalishga xos grammatik va semantik shart-sharoiti buzilgan muvaqqat onomastik birliklar. Bu hodisani onomastik birlik bo‘lmagan so‘zlar misolida kuzatsak, masalan, qorong‘uzor, she’riston, miltiqzor kabi yasalmalarda yasovchi asosning ma’no mezoni – so‘z va qo‘shimchaning birikish maromi, valentligi buzilgan. Bu hodisa onomastik birliklarni yasashda ham kuzatiladi. Masalan: ...shaharga qatnovchilar Soybozorda avtobus poylab o‘tirishib, “Bu Soybozor emas, Oftobzor” deb yuborishibdi. Mushtum, “Oftobguzar”. Misoldagi Soybozor toponimi real joy nomini atab kelgan bo‘lib, matnda uning boshqa belgilari asosida Oftobzor muvaqqat toponimi hosil qilingan. Nomlarning denotativ ma’nosi nomlararo zidlikni ham yuzaga keltirgan. Ya’ni real nomning soy komponentida “salqinlik” ma’nosi aks etsa, Oftobzor toponimining oftob qismi “issiqlik” ma’nosi bilan ishtirok etgan. Demak, matndagi asosiy joy nomi matn
71 vaziyati talabi bilan o‘zgartirilgan hamda o‘sha hududga xos bo‘lgan qo‘shimcha xususiyatlarni namoyon qilgan. Ma’lumki, o‘rin-joy oti yasovchi -zor qo‘shimchasi ekin, daraxt, meva kabilarni bildiruvchi so‘zlarga qo‘shilib, o‘sha narsa mo‘l bo‘lgan joyni ifodalashi adabiy tildagi so‘z yasash qonun-qoidalariga mos keladi: bedazor, shaftolizor daraxtzor, bodomzor kabi. Misolda -zor qo‘shimchasining o‘simlik yoki daraxt nomi bo‘lmagan so‘z, ya’ni oftob so‘ziga qo‘shilib, muvaqqat so‘z yasalgani kuzatiladi va oftob bilan kengaygan muayyan hudud (matnda avtobus kutadigan bekat) nazarda tutiladi. Matn doirasida nazarda tutilgan mezon buzilgani hamda iste’molda bunday toponim mavjud bo‘lmagani sababli Oftobzor muvaqqat toponim hisoblandi. 2. Onomastik transformatsiya orqali hosil qilingan muvaqqat onomastik birliklar. Onomastik transformatsiya mavjud (real) nomlarning qayta shakllanishi, ularning fonetik, morfologik, semantik jihatdan o‘zgartirilishi jarayonidir. Ya’ni bunda onomastik birlik shakliy-ma’noviy jihatdan o‘zgarishga uchraydi hamda mavjud nomga bog‘liq holda muvaqqqat onomastik birlik hosil qilinadi. Bunday yasalmalarda ekspressivlik yuqori bo‘ladi. Masalan: Qulahmad → Pulahmad, Xudoyorov Atoboy → Xatoboy, Ishlarbek → Shilarbek, Xudoyberganovich → Xudourganovich, Mustafoqulov → Mustaqil domla, Asadillo → Hasadillo. Tilshunoslar okkazional transformatsiya odatda antroponimlar doirasida yuzaga kelishini hamda bu hodisa ismlar, otaismlar, familiyalar, laqablar va nikneymlar (ijtimoiy tarmoqlardagi nomlar)da ko‘p kuzatilishini ta’kidlashadi. [Bondjolova, 2020: 357] V.Bondjolova qayd etishicha, “transformatsiyaga uchragan nomlar nominativ xususiyatini saqlab qolishi bilan birga, unda muallifning subyektiv munosabati, qahramonning xulq-atvori, faoliyati, sifatlari va boshqa jihatlari ham o‘z aksini topadi”. Quyida berilgan misolda Mirmuhsin ijodiga mansub muvaqqat nomning onomastik transformatsiya asosida hosil qilingani kuzatiladi. Bunda o‘ziga xoslik shundaki, aslida muvaqqat nom bo‘lgan Ishlarbek antroponimi matnda transformatsiyaga uchraydi. Ya’ni bir qahramonga berilgan ikki nom ham muvaqqat nom sifatida namoyon bo‘lgan. O‘z foydasi yo‘lida ishiga puxta bo‘lgan, kolxoz raislari oldida o‘zini o‘ta ishlaydigan odam sifatida ko‘rsatish mahoratiga ega bo‘lgan Ishlarbek kolxozga qarashli mahsulotlarni o‘zlashtirib, ulardan shaxsiy maqsadda foydalangani uchun uning nomi kasbdoshlari tomonidan Shilarbek tarzida ataladi. Bunda shilmoq fe’li ma’nosi orqali qahramonning xalq mulkini o‘g‘irlashiga ham ishora qilinadi. Qahramon uchun maxsus topilgan Sapchaboshev familiyasi ham muvaqqat familiya bo‘lib, sapchabosh so‘zining apellyativ ma’nosi “pishib yetilmagan kichkina qovun”ni anglatadi. Bu orqali qahramonning o‘rtamiyona fikrlaydigan, o‘z foydasi yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan odam ekaniga ishora
72 qilingan: Bu yigitning to‘la nomi Ishlarbek Xudoyberganovich Sapchaboshevdir. Ba’zi oshnalari Ishlarbek emas, Shilarbek, Xudoyberganovich emas, Xudourganovichsan, deyishardi. Mirmuhsin, “Chotqol yo‘lbarsi”. Quyidagi misolda o‘zini yurt mustaqilligining jonkuyari qilib taqdim qiluvchi ikkiyuzlamachi insonning tabiatini ko‘rsatish uchun qahramon familiyasi so‘zlovchi nutqida atayin buzib talaffuz qilinmoqda. Natijada nom transformatsiyaga uchrab, uning ma’nosi orqali qahramonning xarakteriga ishora qilingan, ya’ni davrga qarab moslashuvchi odam qiyofasi Mustaqil domla antroponimi oraqli ifodalangan. Asarning quyidagi o‘rnida domlaning nutqi orqali esa mazkur familiya tuzatilish barobarida uning fe’l-atvori ham oshkor qilinmoqda: (...) Huv anovi, o‘tgan galgi saylovda siz bilan tushgan... Mustaqil domla deysizlarmi? Domla (ijirg‘anib). Mustafoqulov... Muxbir deng! Qaysidir gazetani to‘ldirib har hafta maqola chiqaradi-ku. Maddoh! Mustaqillikni xususiylashtirib olgan u! O‘ziniki! Kechagi zamondagi o‘yinlarini bilarsiz? E.A’zam, “Jannat o‘zi qaydadir”. Bu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Mustafoqulov real familiyasi asosida hosil qilingan unga uyqash Mustaqil domla muvaqqat familiyasi kutilmaganligi bilan o‘quvchi diqqatini tortadi. Shuningdek, real familiyani shakliy-mazmuniy jihatdan o‘zgartirib qo‘llash hamda uning deformatsiyaga uchrashi onomastik birlikning badiiy-estetik vazifasini yanada kuchaytirgan. Ya’ni real familiya oldin faqat nominativ vazifa bajargan bo‘lsa, keyin hosil qilingan muvaqqat nom bilan birgalikda poetonim darajasiga ko‘tarilgan. Ko‘rinadiki, onomastik transformatsiya orqali muvaqqat nom hosil qilinishida muayyan qonuniyatlar amalga oshiriladi. 3. Kontaminatsiya asosida hosil qilingan muvaqqat onomastik birliklar. Ikki (ba’zan uch) so‘z yoki iboraning ma’lum ma’noviy yoki shuuriy umumiyligiga ko‘ra o‘zaro birlashuvi, “payvandlashuvi” yo‘li bilan yangi so‘z yoki ibora hosil qilish hodisasiga kontaminatsiya (lat.contominat:o – tutashtirish, aralashtirish) deyiladi. [G‘ulomov, 1968: 20] Bunda ikki so‘zning muayyan qismlari birlashishi natijasida yangi onomastik birlik hosil qilinadi. Tilshunos A.V.Spiridonov o‘z maqolasida mazkur usul bilan hosil qilingan nomlarga quyidagilarni misol sifatida keltiradi: Gogol+Dostoyevskiy = Gogloyevskiy; Akulin (a)+Nin (a) = Akulenina. [Spiridonov, 2014: 80] Quyidagi misolda Boqizavr muvaqqat nomi hosil bo‘lishida uning ikkinchi qismidagi turdosh ot qisqarishi kuzatilgan: Biz bilan bir barzangi yigit ishlar edi, yurish-turishi vahima, hamkasbimiz uylanganda, to‘yda shu gavdasi bilan o‘yinga tushib, hammani qo‘rqitdi, shundan keyin uning Boqi oti Boqizavr bo‘lib ketdi. A.A’zam, “G‘ulistonga safar”.
73 Asarda Boqi ismli qahramonning tashqi ko‘rinishi bahaybat, ya’ni bo‘yi uzun va beso‘naqay bo‘lgani uchun uni dinozavrga o‘xshatishadi hamda ismida ham shunga ishora qilib, dinozavr so‘zining zavr qismi orqali muvaqqat ism hosil qilingan. Ya’ni Boqizavr antroponimi ko‘rinishi dinozavr kabi yirik, beso‘naqay qahramonga nisbatan qo‘llangan. Ta’kidlash kerakki, bu usul bilan nom hosil qilinishi o‘zbek badiiy matnlarida faol emas. 4. So‘z birikmasini qisqartirib, uni lug‘aviy birlikka aylantirib olish yo‘li bilan yasalgan muvaqqat onomastik birliklar: Janjalqishloq (janjalkashlar qishlog‘i birikmasi asosida yasalgan), Aralashqo‘rg‘on (aralashib ketganlar qo‘rg‘oni birikmasi asosida yasalgan), Ranjkom (ranjituvchi komitet birikmasi asosida yasalgan), Eltug‘i (elning tug‘i birikmasi asosida yasalgan). Masalan, quyidagi parchada yozuvchi har joydan kelgan, har xil odamlar yashab, aralashib ketgan mahallani “Aralashqo‘rg‘on” deb atagan. Nom orqali hududga xos xususiyat hamda kinoyaviy maqsad yoritilgan: Kimdir bu joy ahlini qurama, aralash degandek gap qilgan ekan, mahallaning nomi o‘z-o‘zidan “Aralashqo‘rg‘on” bo‘lib ketdi. To‘g‘ri-da, daydi shopiru oddiy nafaqachidan tortib, sobiq vaziru vahimali prokurorlargacha shu yerda! E.A’zam, “Aralashqo‘rg‘on”. 5. Badiiy matnlar tarjimasi jarayonida yuzaga kelgan muvaqqat onomastik birliklar. Bunday nomlar bolalar adabiyotida ko‘p uchraydi. Misollar: Bilmasvoy (Neznayka), Bilag‘on (Znayka), Voyjonim (Aybolit), Murvatvoy (Винтик), Magarqul (Небоська). O‘zbek filologiyasida badiiy matndagi nomlar tarjimasi masalasi D.Igamuratova tadqiqotida atroflicha yoritib berilgan bo‘lib, olima rus bolalar adabiyotidagi qator nomlarning o‘zbekcha matnlarda berilishi bo‘yicha o‘rinli mulohaza yuritgan: “Badiiy tarjima jarayonida “nomlar tarjimasi bir qarashda qiyinchilik tug‘dirmaydigandek tuyulishi mumkin. Hattoki, bu tarjima shartli harakat deb nomlanadi: odatda atoqli otlar transkripsiya (transliteratsiya) qilinadi, boshqacha qilib aytganda, tarjima qiluvchi tilning alfavit tizimi yordamida ularning talaffuz qilinishi yoziladi”. [Igamuratova, 2021: 19] Bu o‘rinda aytish kerakki, badiiy asarlar tarjimasida ijodkorning individual yasalmasi bo‘lgan “so‘zlovchi” nomlarni tarjima qilish tarjimon zimmasiga muayyan qiyinchiliklarni yuklaydi. Shu ma’noda tarjima jarayonida muvaqqat onomastik birliklarni boshqa tilga o‘girish har doim ham o‘zini oqlamaydi. Ayniqsa, boshqa bir tildagi muvaqqat onomastik birlik ikkinchi bir tilga tarjima qilinganda bu muammo aniq ko‘rinadi. Ba’zan tarjimonlarning nomlarni til tabiati hamda talaffuz me’yorlariga moslashi natijasida muvaqqat nom hosil qilinishi kuzatiladi. J.Rodarining “Jelsomino
74 yolg‘onchilar mamlakatida” nomli qissasi tarjimoni A.A’zam qissa qahramonlari ismlarini o‘zbekchada berish uchun so‘z morfem tarkibini “yarim kalkalash” usulidan foydalangan bo‘lib, ularni Dahshatus, Iblisus, Sehrgarius, Ohangrabus, Mo‘jizus deb nomlaydi. Tarjima asosida yuzaga kelgan ba’zi nomlarning mashhur birlikka aylanishi ham kuzatiladi. Bunda nafaqat asarning mashhurligi, balki qahramon ismining ham ommalashishi muhim hisoblanadi. Masalan, Bilmasvoy, Bilag‘on muvaqqat nomlari garchi so‘zma-so‘z tarjima qilingan bo‘lsa-da, ular mashhur nom darajasiga ko‘tarilgan. Bu muvaqqat nomlar asliyatdagi zidlik semasini saqlashi bilan birga, - voy, -a(g‘on) kabi vositalarning o‘rinli va o‘quvchi yoshiga mos tanlangani bilan ahamiyatli. Biroq doim ham muallifning asliyatdagi nom orqali ifodalamoqchi bo‘lgan maqsadini tarjima orqali berish imkoni bo‘lavermaydi. Bunda tarjimon ba’zan butunlay yangi muvaqqat onomastik birlik yaratishiga to‘g‘ri keladi. Chunki muvaqqat nomning semantik mazmuni o‘quvchiga tushunarli bo‘lmasa, matnning ta’sirchanligi kuzatilmasligi mumkin. Umuman, muvaqqat onomastik birliklarning yuzaga kelishi o‘ziga xos qonuniyatlarga asoslanib, bunday nomlarning ma’nosi ham, estetik qiymati ham, avvalo, nutqiy vaziyat, matn mazmuni va qurilishi bilan uzviy bog‘liqlikda yuzaga keladi. Shuningdek, muvaqqat nomlar odatda onomastik tizimga kiritish uchun emas, balki tasviriy-ta’sirchanlik vositasi sifatida bir marta qo‘llash uchun yasaladi. Muvaqqat onomastik birliklar hosil bo‘lishida onomastik transformatsiya, onomastik kontaminatsiya, badiiy tarjima, onomastik o‘yin muhim o‘rin tutadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Маҳмудова С. Ўзбек тилида окказионал сўз ясалиши: Монография. – Тошкент: Fan ziyosi. 2021. 2. Ўзбек тили грамматикаси. I том. – Тошкент: Фан. 1975. 3. Бонджолова В.Ц. Окказиональные трансформации антропонимов как инвективная лексика. Медиалингвистика. – Болгария. 7 (3), 357–367. https://doi.org/10.21638/spbu22.2020. 4. Ғуломов А. Диалектал луғат ҳақида // Ўзбек тили ва адабиёти. – № 4. – Тошкент, 1968. 5. Спиридонов А.В. Неузуальный способы образования окказиональной лексики в произведениях В.Аксенова // Вестник СамГУ. 2014. – № 5 (116). – С. 80-85. 6. Игамуратова Д. Болалар саргузашт-фантастик насри ўзбекча таржималарининг ўзига хос хусусиятлари (Н.Носов ва А.Некрасов асарлари таржималари мисолида): Филол. фан. бўйича фалсафа д-ри (PhD) дисс. автореф. – Тошкент, 2021.