O'ZBEK MUMTOZ MUTAFAKKIRLARI AFORIZMLARINING AKSIOLINGVISTIK ASPEKTI
Full text
75 O‘ZBEK MUMTOZ MUTAFAKKIRLARI AFORIZMLARINING AKSIOLINGVISTIK ASPEKTI Karimova Feruzaxon O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institute katta ilmiy xodimi, PhD DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488682 Annotatsiya. Maqolada mumtoz mutafakkirlar ijodiga xos aforizmlarning aksiolingvistik xususiyati aks ettirilgan. Shuningdek, maqolada qadriyat falsafasining tilda aks etishi hamda odamiylik qadriyatining tadqiqi xususida mulohazalar bayon etilgan. Kalit so‘zlar: aksiologiya, qadriyat, aforizm, odamiylik, insoniylik. Aforizmlar millat qarashlari va stereotiplarini o‘z bag‘riga yashirish bilan bir qatorda, muallif dunyoqarashini bor bo‘y-basti bilan ifoda etgan ham struktur, ham mazmuniy jihatdan maqollarga yaqin turuvchi barqaror birlik sanaladi. Ular tarixi yozma adabiyot yuzaga kelgan davrdan bugungi kungacha bo‘lgan katta oraliqni tashkil etsa-da, mazmuniy va falsafafiy jihardan o‘zbek milliy mental dunyosidagi insoniylik va ezgulik, halollik va to‘g‘rilik, kamtarlik va oliyjanoblik kabi insoniy fazilatlarni aks ettirishi bilan umumiy xarakter kasb etadi. Tilshunoslik ilmi fan sifatida hali mustaqil shakllanmagan davrlarda ham aforizmlar xalq hayotida muhim ma’naviy yuk tashigani ko‘pchilikka ma’lum. Xalqimiz tarixida o‘ziga xos iz qoldirgan “Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal” iborasi zardushtiylik davrida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin, u bugungi millat tafakkurida “Yaxshi niyat-yarim davlat” (Maqol), “Yaxshilik qil, yomonlikdan saqlan”,“Amallar niyatlardan boshlanadi” (Buxoriy), “Ki har kim ayon etsa yaxshi qiliq, Yetar yaxshiliqdin anga yaxshiliq” (Navoiy) , “Bu gulshan ichra yo‘qdir baqo guliga sabot, Ajab saodat erur qolsa yaxshilik bila ot” (Navoiy), “Bori elga yaxshilig’ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q, Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘” (Bobur) kabi barqaror birliklarda o‘z mazmuniy silsilasini avlodlarga o‘zgacha ifoda va mazmuniy evrilishlarda yetkazib kelmoqda. Darhaqiqat, aforizmlarning yuzaga kelishida xalq tafakkur mahsuli bo‘lmish maqollarning o‘rni katta. Yoki aksincha, xalq maqoliga aylangan aforizmlar tarixi ham muallif hayotiy tajribalaridan olingan xulosalarning qaymog‘i o‘laroq, yana xalq e’tibori va e’tiqodiga singib ketaveradi. Misol uchun, Navoiy merosidagi ba’zi hikmatlar maqol sifatida xalq ma’naviy hayotida tez-tez qo‘llanishi ko‘pchilikka ma’lum. Oz so‘z – so‘z so‘z, Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur, Qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur hikmatli so‘zlari pand-nasihat tarzida yozilgan “Mahbub ulqulub”da o‘z ifodasini topgan bo‘lsa [Navoiy, 2019:109-124], Toma-toma ko‘l bo‘lur, Qatra-qatra yig‘ilib daryo, Toma-toma ko‘l bo‘lur, tommay qolsa cho‘l bo‘lur kabi maqollarning yuzaga kelishiga o‘z ta’sirini o‘tkazgan, albatta. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra “aforizmlarda muallifning shaxsiy bahosi ustunlik qiladi.
76 Aforizmlar ham xuddi maqol, matallar kabi uzoq taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tadi. Ularda xalqning maishiy hayotidan tortib, etik-estetik xususiyatlarigacha o‘z aksini topadi. Aforizmlarning mavzu doirasi ham keng bo‘lib, u badiiy matnda muallif maqsadini ochuvchi lingvistik belgi sifatida ishtirok etadi. Aforizmlarning paydo bo‘lishi haqida mashhur tarixchi Geredotning shunday fikrlari bor: “Qadimgi odamlarda chiroyli so‘zlar, dono gaplar ko‘p bo‘lgan, biz esa ularni o‘rganamiz va foydalanamiz” [Homidova, 2021:43]. Mumtoz mutaffakirlarning insoniy qadriyatlar ichida ulug‘langan tushunchalardan biri yaxshilik tushunchasi hisoblanadi. Izohli lug‘atda ushbu so‘zga quyidagicha ta’rif berilgan: “YAХSHILIK 1. Yaхshi хislаt, хulqаtvоr kаbilаrgа egаlik; 2. Iхtiyoriy rаvishdа birоr kishining mаnfааtini ko‘zlаb ish tutish, birоr mаnfааt yеtkаzish; mеhribоnlik; хаyrli ish, ezgulik. 3. Yaхshi ekаnlik” [O‘TIL, 2023: 153]. Yaxshilik inson mohiyatining bosh asosi, uning mavjudlik poydevoriga qo‘yilgan ezgu va hayotbaxsh suv misoli inson borlig‘ida kezuvchi zarur unsur hisoblanadi. Usiz insoniyat davomiyligi bugungacha yetib kelmagan bo‘lardi. Yaxshilik tushunchasi qadriyat sifatida xalq hayotida, ma’naviy va moddiy qadriyatlari negizida bugungi yozma va og‘zaki matnlarda ta’riflanadi, ulug‘lanadi, unga ega bo‘lgan shaxslar qadrlanadi, e’zozlanadi. A.Navoiyning asarlarida keltirilgan yaxshilik haqidagi aforizmlar juda ko‘p. Mutafakkir qalamga olgan mavzular ichidan yaxshilik haqidagi fikrlarni ko‘plab asarlarida uchratamiz. “Bu gulshan ichra yo‘qdir baqo guliga sabot, Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik bila ot” (“Navodir ush-shabob”), “Ki har kim ayon etsa yaxshi qiliq, Yetar yaxshiliqdin anga yaxshiliq”, “Yaxshilik qilishni bilmasang, yaxshilarga qo‘shil, yaxshilik atrofida aylana olmasang, yaxshilar atrofida aylan”(“Mahbub ulqulub”) kabi hikmatlar shular jumlasidandir. Uning “Na‘fing agar xalqqa beshak erur, Balki bu naf o‘zingga ko‘prak erur” (“Hayratul-abror”) hikmati zamirida inson boshqalarga yaxshilik qilar ekan, aslida, o‘ziga yaxshilik qilgan bo‘ladi, degan teran xulosani ifoda etilgan. Boshqalarga yaxshilik, naf berish insonni saodatli va baxtli qilishi haqida shoir asarlarida fikrlar juda ko‘p. Umuman, yaxshilik tushunchasi mutafakkir asarlarining bosh g‘oyasi hisoblanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning “Navosiz ulusning navobaxshi bo‘l, Navoiy yomon bo‘lsa, sen yaxshi bo‘l” satrlari kishilarni doimo yaxshilik sari undovchi dav’at kabi jaranglab turadi. Mazkur aforizm zid ma’noli so‘zlarni qarshilantirish usuli bilan yanada ta’sirchan mazmunga ega bo‘lgan. Umuman, shoir aforizmlarida chog‘ishtirish, o‘xshatish, zidlash usullari vositasida hosil qilingan hikmatlar salmog‘i anchagina. Navoiyshunos olim A.Hayitmetov Navoiyning yaxshilik haqidagi g‘oyalarini tahlil etar ekan, “Hayratulabror” misolida quyidagilarni keltiradi: “Har bir inson o‘z insoniylik burchi, vazifasi hamda tabiatiga ko‘ra ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy masalalarni hal etishda, baho
77 berishda odil, jamiyatdagi moddiy boyliklar taqsimotida halol va saxiy, odamlar bilan o‘zaro munosabatda rostg‘oy, shu moddiy boyliklarni yaratishda mehnatsevar, kundalik yurish-turishda kamtar, boshiga mushkul ish tushganda sabrli, qanoatli bo‘lmog‘i, hech qachon xudbin, badnafs bo‘lmasligi, bir umr yaxshi xususiyatlarni kasb etishga, ilm olishga intilmog‘i kerak. Insondagi eng oliy fazilat yaxshilik qilish, yordam berishdir” [Hayitmetov, 1993:54]. A.Navoiydan keyin yashagan shoirlar ijodida ham yaxshilik tushunchasi ma’naviy qadriyat sifatida alohida mavzu qilib olingan. Zahiriddin Muhammad Boburning “Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q, Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘!” yoki “Yaxshi kishi ko‘rmag‘ay yomonlig‘ hargiz, Har kimki yamon bo‘lsa, jazo topqusidur” satrlari mazkur qadriyatni u xoh shoh yoki shoir bo‘lsin, barcha insoniyat vakillari ma’naviy dunyosidagi etalon tushuncha va qadriyat sifatida o‘rin olgan aksiolingvistik birlik ekanligini anglatadi. Yaxshilik qilishni o‘ziga kasb etgan kishi yomonlik ko‘rmasligi haqidagi e’tiqod va ishonch shoir hayoti misolida barhayotlik kasb etgan, deyish mumkin. Aforizmlardagi yaxshilikka chorlash, yaxshilik qilishga undash, yaxshilarga qo‘shilish motivlari bugungi xalq maqol va matallari va og‘zaki ijodi namunalarida ham keltiriladi. O‘zbek xalq maqollaridagi “Yaxshiga yondash, yomondan qoch”, “Yaxshi bilan yursang, yetarsan murodga, yomon bilan yursang, qolarsan uyatga”, “Yaxshilik qilmasang yomonlik ham qilma” [O‘zbek xalq maqollari, 2019: 91-95] tarzidagi yomon tushunchasiga qiyosan baholangan yaxshi tushunchasi ma’naviy qadriyat sifatida o‘zbek xalqida ulug‘lanadi. Tildagi qiyoslash, taqqoslash, qaramaqarshi qo‘yish usuli baholash kategoriyasining muhim elementlaridan hisoblanadi. Baholanayotgan obyekt boshqa bir baholanuvchi obyektga solishtirish asnosida qiyoslanadi, ularning farqli tomoni haqida xulosa qilinadi va ijobiy tomon qadriyat sifatida e’zozlanadi. Ma’naviy qadriyatlar ma’lum jamiyat kishilarining o‘tmish va kelajagini bog‘lovchi ko‘prik va rishta sifatida ular ongida uzoq yillar saqlanadi va foydalaniladi. Shu ma’noda o‘zbek xalqi milliy qadriyatlaridagi yaxshilik va yaxshilar qatorida bo‘lish qadriyati ham uzoq yillar davomida xalqimiz ongida shakllangan, ijtimoiy, ma’naviy, moddiy hayotida muhim hisoblangan mezonlardan hisoblanadi. “Yaxshilik-yomonlikni tark etmakdir,” [Internet manba: 10] degan edi sharqning mashhur faylasuf shoiri J.Rumiy. Darhaqiqat, yomonlik qilmaslikning o‘zi ham mohiyatan olganda, yaxshilik qilishdek gap. Insonlar bu tushuncha haqida qancha ko‘p o‘ylasalar ham yaxshilik qilgan kabi ezgulikka yuz burgan bo‘ladi. Abu Rayhon Beruniyning quyidagi hikmatli so‘zi ham mazkur fikrlarni quvvatlaydi: “Odam hamisha boshqalarga yaxshilik ko‘rsatishi kerak. Agar yaxshilik qilish imkoniga ega bo‘lmasa, yaxshi tilaklar izhor etsin” [Internet manba: 9]. Sharq mutafakkirlarining bir-biriga uyqash ezgu fikrlari insoniyatni doimo yaxshilik, insoniylik ko‘rsatish sari da’vat etishi bilan birga, ularni bir-biriga jipslashtirishda,
78 jamiyat ma’naviy axloqini yuksaltirishda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Abu Ali Ibn Sinoning “Yaxshilikning eng foydalisi sadaqadir” aforizmi esa, insonlarni bir-biriga muruvvatli va saxovatli bo‘lishga undashi bilan ahamiyatlidir. Insonlarga yaxshilik qilish uni foydasiga ish qilish, biron moddiy narsa bilan rag‘batlantirish ko‘rinishida ham amalga oshiriladi. Bunda boshqa bir kishi ko‘nglida xursandchilik paydo bo‘lishi bilan yaxshilik amali yuzaga chiqqan bo‘ladi. Allomaning aforizmi aynan insonlarga yaxshilik qilishni moddiy shaklda ko‘rinishini belgilaydi. Yaxshilik haqidagi aforizmlarda olamning qadriyatli manzarasi ezgulik va insoniylik tushunchasi mushtarakligida aks etadi. O‘zbek xalqining kishilari ongida qadriyat manzaralari turli ma’naviy tushunchalar fonida aks etar ekan, ular ichida insonlarga yaxshilik qilish, yaxshi amallar bajarish va yaxshilik o‘ylash ham alohida qadriyat sifatida baholanishini yuqoridagi aforizmlardagi mazmun tasdiqlaydi. Umuman olganda, yaxshilik tushunchasi o‘zbek millati uchun shunday qadriyatki, u “millat uchun ham o‘z-o‘zini to‘ldirib turish, ya’ni millatning kelajagini ta’minlash, uning urf-odatlari, an’analari, tili, madaniy va ma’naviy boyliklarini saqlashda doimo ham qadrli bo‘lib qolaveradi. Vaqt shamollari ularning ahamiyatini yo‘qotmaydi, o‘chirib yubora olmaydi” [Nazarov, 2004: 56]. Zero, bu qadriyat millatning qon-qoniga asrlar osha singib, ildiz otib ulgurgan mustahkam tushunchalardan sanaladi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Алишер Навоий. Maҳбуб ул-қулуб. – Тошкент: “Янги аср авлоди”, 2019. – 320 б. 2. Назаров Қ. Қадриятлар фалсафаси (Аксиология). – Тошкент: Файласуфлар миллий жамияти нашриёти. – 2004. – 85 б. 3. Xомидова M. Бадиий матн перцепциясида интертекстуаллик: Филол. фан. бўйича фалс. докт. (РhD) ... дисс. – Тошкент, 2021. – Б. 43. 4. Xудайкулова Ш. Ўзбек тили аксиологик лексикасининг семантик-стилистик хусусиятлари: Филол. фан. бўйича фалс. докт. (РhD) ... дисс. автореф. – Тошкент, 2022. – 48 б. 5. Ҳайитметов А. Навоийхонлик суҳбатлари. – Тошкент: “Ўқитувчи”, 1993. 216 б. 6. Usmanov F. O‘zbek milliy qadriyatlarining lingvomadaniy aspekti: Filol. fan. dok. (DSc)… diss. – Andijon, 2024. – 228 b. 7. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 6 Jildli. А.Маdvaliyev, D. Xudayberganova tahriri ostida. Oltinchi jild. X–CH. To‘ldirilgan va qayta ishlangan nashr. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uy, 2023. – 864 b. 8. O‘zbek xalq maqollari (Tuzuvchilar: T.Mirzayev, A.Musoqulov, B.Sarimsoqov). – Toshkent: “Sharq”, 2019. – 512 b. 9. https://hikmatlar.uz/author/38 10. https://kh-davron.uz/kutubxona/qoshimcha/rivoyatlar/rumiy-ichingdagi-ichingdadur-asaridanparchalar.html