PARALINGVISTIK VOSITALARNING IJOBIY VA SALBIY EMOTSINAL TA'SIRIGA DOIR
Full text
79 PARALINGVISTIK VOSITALARNING IJOBIY VA SALBIY EMOTSINAL TA’SIRIGA DOIR Xurmatillo ISMOILOV, Andijon davlat universiteti filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488692 Annotatsiya. Mazkur maqolada muloqotda verbal va noverbal vositalarning o‘zaro nisbati, o‘rni va ahamiyati yoritilgan. Jahon tilshunoslari, psixologlari va muloqot nazariyotchilarining ilmiy xulosalari asosida paralingvistik vositalarning muloqotdagi roli (imo-ishora, mimika, ovoz tembri, intonatsiya) tahlil qilinadi, ekspressiv, kompensator va mustaqil funksiyalari ajratib ko‘rsatiladi. Shuningdek, “paralingvistik haqorat” atamasini ilmiy muomalaga kiritish zarurligi asoslanadi. Bu atama noverbal ifoda shakllari orqali shaxs sha’ni va qadr-qimmatiga salbiy ta’sir ko‘rsatish holatlarini tilshunoslik nuqtai nazaridan o‘rganish uchun ilmiy asos sifatida taklif etiladi. Kalit so‘zlar: paralingvistika, noverbal vositalar, muloqot, paralingvizmlarning kommunikativ funksiyasi, haqorat, paralingvistik haqorat. Asrimiz boshida professor A.Nurmonov tilning kommunikativ vazifasidan kelib chiqqan holda fikr ifodalashda tilga yondosh bo‘lgan, funksional jihatdan uni kompensatsiya qiluvchi yoki kuzatib boruvchi paralingvistik vositalar haqida to‘xtalib, aloqa-aralashuvda ahamiyatli bo‘lgan ovozning sifatiy, miqdoriy xususiyatlari, shuningdek, imo-ishoralar tilshunoslikning o‘rganish obyekti bo‘lishi darkorligini ta’kidlagan edi [Nurmonov, 2012: 9]. Bugun olimning haqli ta’kidi o‘zbek til ilmida M.Saidxonov, G‘.Qambarov, B.Axmedov, N.Xursanov, M.Kurbanov va M.Burxanovalarning tadqiqotlari bilan dalillandi [Saidxonov, 2022: 247]. Dunyoning yetakchi psixolog, tilshunos olimlari va inson ruhiyati bo‘yicha shug‘ullanuvchi ko‘plab mutaxassislarning bir ovozdan ta’kidlashicha, muloqot davomida suhbatdoshga yetkazib berilgan ma’noning faqat beshdan bir qismigina bevosita so‘zlar orqali ifodalanadi [Yunusov, 2016: 8], 80% axborot imo-ishoralar yordamida beriladi [Maxsudova, 2006: 36]. «D.J.Lotsning ma’lumotiga qaraganda, – deydi O.Axmanova, – sof lingvistik yoki «mikrolingvistik» elementlar berilayotgan nutqiy axborotdagi barcha informatsiyaning juda oz qismini tashkil etadi. Informatsiyaning boshqa tomonlari esa so‘zlovchining ovozini farqlashga imkon beradigan ovoz taktining xususiyati, uning fizik holati, barcha situatsiyaga munosabati, emotsional holati, sotsial aloqadorligi haqidagi ma’lumotlar bilan to‘ldirilish hisobiga bo‘ladi» [Axmanova, 1963: 46]. Albert Meyereben muloqotda verbal vositalar 7%, ovozli vositalar (ovozning joni, intonatsiya bilan birga) 38%, noverbal vositalar 55% ishtirok etishini ta’kidlaydi. Berdvissl esa odamlar
80 muloqotida noverbal vositalarning nisbiy ulushini o‘rganish bo‘yicha analogik tadqiqotlar o‘tkazgan va yakuniy xulosa sifatida insonning bir kunda o‘rtacha verbal muloqoti 35% dan ozroq bo‘lishi, noverbal vositalar orqali esa 65% dan ortiq ma’lumot yetkazishini aytadi [Allan Piz, 2016: 4]. Psixologlar muloqotning o‘ziga xos jihati munosabatga kirishuvchilarning o‘zaro birgalikda harakati – nutq jarayonida faqat so‘zlar bilan emas, balki harakatlar (noverbal vositalar) bilan ham muloqot yuritishdan iborat [Maxsudova, 2006: 36] ekanini ta’kidlaydilar. Shu o‘rinda qat’iy ta’kidlash kerakki yuqoridagi dalillar paralingvistik vositalarning muloqotda qanchalik muhimligi isbotlasa-da, inson tilidan muqaddam bo‘la olmaydi yoki uning o‘rnini to‘laligicha bosa olmaydi. Reformatskiyning haqli ta’kidicha, imo-ishoralar doim tovush tiliga ega bo‘lgan kishilar uchun ikkinchi darajali hisoblanadi. Imo-ishoralar ichida «so‘z» yo‘q va imo-ishoralar tushuncha bilan bog‘lanmagan. Ular ko‘rsatish, ekspressiv xarakterda bo‘lishi mumkin, ammo o‘zicha tushunchalarni nomlay va ifodalay olmaydi. Faqat shunday funksiyaga ega bo‘lgan so‘zni kuzatib boradi [Reformatskiy, 1960: 367]. Mazkur qarashga monand holda M.Saidxonov ham noverbal vositalar aloqa-aralashuv vazifasini bajarishidan qat’iy nazar kommunikatsiyada ikkilamchi vosita hisoblanishini ta’kidlaydi [Saidxonov, 2008: 2]. Aloqa-aralashuvda ishtirok etuvchi ishoralar (noverbal vositalar)ning moddiy tomoni kishi organlari harakatidan iborat ekan, harakatning boshlanishi, davom etish jarayonlari fiziologlar tomonidan tekshiriladi. Psixologlar uchun esa noverbal vositalar aloqa-aralashuv jarayoni deb qaraladi va diologik nutq ishtirokchilari muomalasida ishlatiluvchi noverbal vosita so‘zlashuvchilarning psixologik munosabati asosida tekshiriladi. «Semiotika va paraligvistikaning o‘rganish obyekti bo‘lmish kinetika vizual psixo-fiziologik hodisadir» [Abduazizov, 1978: 158]. Mimika, ishora, gavda harakatlari ovozdagi turli ma’noli o‘zgarishlar til sistemasiga kiradi va «kishilar o‘rtasidagi muomalada o‘zaro bog‘liq bo‘lgan va bir-birini to‘ldirib keluvchi nutqiy va kinetik faoliyat aloqa-aralashuvning qismlari bo‘lib, ular o‘zaro bir butunlikni tashkil etadi. A.Nurmonov insonning mimikalari, qo‘l harakatlari tabiiy va shartli xarakterga ega ekanini ta’kidlaydi. «Masalan, labga qo‘ngan pashshani haydash uchun qilingan lab harakati yoki qo‘l harakati tabiiy harakatdir. Chunki bu harakatlar tinglovchi uchun ham hech qanday axborot bermaydi. Tinglovchiga qarab turib, pastki labning bir marta o‘ngga (ba’zan chapga) silkitish unga bu yerdan chiqib ketish kerakligini bildiradi. Demak, ma’lum axborot beradi. Shuning uchun mazkur harakat shartli xarakterga ega va shartli xarakterga ega imo-ishoralargina belgi vazifasini bajaradi, faqat belgi vazifasini bajaradigan imo-ishoralargina paralingvistik vositalar hisoblanadi [Nurmonov, 2012: 9].
81 Paralingvistika nutq aloqasini to‘ldirib, izohlab keluvchi, axborot uzatuvchi, fikr ifodalashda yordamchi vosita bo‘luvchi tilshunoslikning sohasidir. Tildagi noverbal vositalar mavjud verbal vositalar bilan organik bog‘liq ravishda tekshiriladi. Doimo nutqiy aloqa-aralashuvda ishtirok etuvchi paralingvistik vositalarni til va tafakkur nuqtai nazaridan o‘rganish maqsadga muvofiqdir [Saidxonov, 2008: 2]. Tabiiyki, paralingvistik vositalar nutq vaziyati bilan bog‘liq hamda ularning nutq tarkibidagi vazifasi bir xil emas. Shu asosda uch muhim vazifa farqlanadi: 1) birinchi vazifasi – nutq bilan birga ishlatilib uning ekspressiv-stilistik ottenkasini kuchaytirish uchun xizmat qiladi. Xususan, imo-ishora va mimikalar tamoman boshqa ifoda yo‘sinida boradi. Bir o‘rinda segmentlanadigan va segment ustidagi (supersegment) vositalar talaffuz qilinsa, ikkinchi o‘rinda imo-ishora va mimikalar ularni kuzatib boradi; 2) ikkinchi vazifasi – ekonomiyaga uchragan nutq birliklaridan ayrimlarini kompensatsiya qilish uchun ishlatiladi; 3) uchinchi vazifasi esa o‘zining kuzatib borishi lozim bo‘lgan verbal asosidan tamoman uziladi va shu vaziyatda to‘la verbal vosita o‘rnida qo‘llaniladi [Nurmonov, 2012: 10]. Paralingvistik vositalarning har uchala vazifasi muloqotda muhim hisoblanadi va bu borada tilshunoslik tadqiqotlarining turli aspektlarida amaliy kuzatishlarga asoslangan nazariy qarashlar bayon etilmoqda [Ismoilov, 2021: 142]. Shuningdek, alohida ta’kidlash kerakki, paralingvistik vositalar yuzasidan amalga oshirilgan mavjud izlanishlarda paralingvizmlarga faqatgina pazitiv yondashuvlar ustuvorlik qilgan, asosan tipiklashgan noverbal vositalargagina murojaat etilgan va aksariyat ishlarda fikrlarni dalillashda faqatgina badiiy asarlarga murojaat qilingan. Ayni davrda muloqot vaziyatlarining shiddatli tus olishi va “noziklashuvi” paralingvistik vositalarning ijobiy-emotsional vazifasidan tashqari salbiy-emotsional ta’siri haqida ham atroflicha fikr yuritish, bu borada ijtimoiy munosabatlarni amaliy kuzatishlar asosida baholab borishni taqazo qilmoqda. Shuningdek, bugungi ekspertiza amaliyotida paralingvistik vositalarning shaxsning sha’ni, qadr-qimmatini tahqirlash yoki kamsitish kabi yuridik oqibatlarga olib keluvchi salbiy jihatlariga e’tibor berish, amaliy kuzatish va asosli xulosalar chiqarish o‘ta dolzarb va kechiktirib bo‘lmas vazifalardandir. Tabiiy taqazo bilan haqoratning paralingvistik vositalar bilan ifodalanishi haqidagi qarashlar o‘z o‘rnida ayni jarayonni nomlovchi, uning umumiy mazmuniga monand atamaga ehtiyojni yuzaga keltiradi. Shu ma’noda haqorat mazmunli paralingvistik vositalar, haqoratning noverbal vositalarda aks etishi, haqoratli paralingvistik birliklar va shu kabi qo‘llanish variantlari orasida kelgusida terminologik xususiyatlarni namoyon etishi, terminlarning nomlanishiga xos qisqalik,
82 aniqlik parametrlariga xos ko‘rinishda “paralingvistik haqorat” atamasini qo‘llashni taklif qilamiz. Bizning bu boradagi izlanishlarimiz hamda tadqiqot xulosalarimizda mazkur atamani tilshunoslikka olib kirish va termin sifatida barqarorlashtirish nazarda tutilgan [Ismoilov, 2023: 117]. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Нурмонов А. Танланган асарлар. Уч жилдлик. 1-жилд. – Т.: Академнашр, 2012.– Б. 9. 2. Saidxonov M. Ўзбек тилида ишораларнинг вербаллашуви ва матний хусусиятлари: Filol.f.d-ri diss. – Farg‘ona. 2022, – 247 b. 3. Юнусов Қ., Саттибаев И. Танамиз тилга кирганда. Истиқлол нури, – Т., 2016. – Б. 8. 4. Махсудова М. Ko‘rsatilgan manba. – Б. 36. 5. Ахманова О.С., Панфилов В.З. Экстралингвистические и внутрилингвистические факторы в функционировании и развитии языка // ВЯ. 1963. №4. – С.46. 6. Аллан Пиз. Тана тили. – Т.: Ғофур Ғулом, 2016. – Б. 4. 7. Реформатский А.А. Введение в языкознание. – М., 1960. – С.367. 8. Саидхонов. М.Алоқа-аралашув ва имо-ишоралар. – Т.: Фан. 2008. – Б.2. 9. Абдуазизов А.О. О статусе паралингвистических средств и о критериях их установления // Сборник научных трудов ТашГУ, №543, 1978, – Б.158. 10. Исмоилов Х.Т. Суд лингвистикасининг социолингвистик ва психолингвистик аспектлари (жиноят ишлари бўйича суд мажлиси мисолида): Филол.фан.б.ф.д-ри. ... дисс. – Андижон, 2021. – 142 б. 11. Ismoilov X.Т. O‘zbek sud lingvistikasi: nazariya va amaliyot: Filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi. https://oak.uz/userfiles/files/2023-1-son.pdf