DUO VA OLQISHLARDA QADRIYATLARNING IFODALANISHI (O'ZBEK KURASHI MISOLIDA)
Full text
89 DUO VA OLQISHLARDA QADRIYATLARNING IFODALANISHI (O‘ZBEK KURASHI MISOLIDA) Axmedova Aziza, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori [email protected] Orcid: 0009-0007-9649-28210 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488710 Annotatsiya. Maqolada o‘zbek xalqining boy madaniy merosida o‘z ifodasini topgan milliy sport turlarida mujassam bo‘lgan qadriyatlar duo va olqishlar orqali o‘rganiladi. Xususan, kurash o‘yinida polvonlarga aytiladigan duo va olqishlar tahlil qilinib, ular orqali xalqning axloqiy, estetik va ijtimoiy qadriyatlari yoritilgan. Kalit so‘zlar: qadriyat, madaniyat, duo, milliy sport turlari, kurash, ko‘pkari, halollik. Til inson tafakkurining mahsuli bo‘lishi bilan birga, xalqning tarixiy tajribasi, madaniy merosi, dunyoqarashi, urf-odatlari va axloqiy-me’yoriy qarashlarini ham o‘zida mujassamlashtiradi. Shu sababli tilni qadriyatlar tizimidan ajratib bo‘lmaydi. Masalan, o‘zbek tilida keng qo‘llaniladigan “halollik”, “or-nomus”, “kattaga hurmat”, “mehr-oqibat”, “sog‘lik”, “baraka”, “farzand” kabi tushunchalar nafaqat leksik birlik sifatida, balki xalqning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini ifodalovchi lingvomadaniy fenomenlar sifatida namoyon bo‘ladi. Bu kabi birliklar orqali xalqning ijtimoiy ongida shakllangan axloqiy tamoyillar, insoniy munosabatlar va milliy o‘zlikni ifodalovchi ma’naviy qadriyatlar tildagi semantik tuzilmalar orqali ifoda topadi. Ushbu maqolada o‘zbek xalqining uzoq tarixiga ega bo‘lgan milliy sport turlarida mujassam bo‘lgan qadriyatlar duo va olqishlar orqali o‘rganiladi. Xususan, kurash o‘yinida polvonlarga aytiladigan duo va olqishlarni tahlil qilamiz. O‘zbek xalqining boy madaniy merosi ichida milliy sport turlari, xususan kurash alohida o‘rin tutadi. Bu sport turi nafaqat jismoniy faoliyat, balki o‘zbek xalqining madaniyati, tarixi va ma’naviyatini o‘zida mujassam etgan. Unda madaniy, falsafiy va ahloqiy qadriyatlar tizimi aks etadi. Kurash o‘zbek xalqining halol mehnatga bo‘lgan hurmatini aks ettiradi. “Halollik”, “hurmat”, “adolat” asosiy qadriyatlardan biridir. “O‘zbek tilidagi sport atamalarining izohli lug‘ati”da kurash sport turi haqida quyidagi ma’lumotlar keltirilgan: “Kurash o‘zbekcha so‘z bo‘lib, uch yarim ming yillik tarixga ega. U qator qadimiy sharq adabiy manbalarida yakkama-yakka olishuv va ijtimoiy ko‘ngilochar sport turi sifatida tilga olingan. Alpomish eposida kurash olis o‘tmishda O‘rta Osiyo xalqlarida ommaviy tus olgan eng sevimli va nufuzli sport turi bo‘lganligi qayd etiladi” [Sabirova, 2025: 157]. Qadimiy manbalarda, xususan, “Alpomish” dostonida kurashning ommaviy va
90 nufuzli sport turi sifatida tilga olinishi, uning o‘tmishdan hozirgacha davom etayotgan madaniy va ijtimoiy ahamiyatini ilmiy asosda tasdiqlaydi. Kurash boshlanishidan avval polvonlarga halol jang olib borish, raqibga nisbatan hurmat va adolatni saqlash zarurligi uqtiriladi. Shu bilan birga, ularga kuchquvvat, sabr-toqat va g‘alaba tilab duo qilinadi. Bu holat o‘zbek xalqining qadriyatlar tizimida halollik va ma’naviyatning ustuvor o‘rin tutishini ko‘rsatadi. Quyidagi matnda ham polvonlarga kurash oldidan berilgan duo orqali ularga nafaqat jismoniy, balki ruhiy quvvat bag‘ishlash, ularni mardlik, adolat va halollikka chorlash g‘oyasi aks etadi. Shu jihatdan, bunday duolar xalq og‘zaki ijodining ajralmas qismi bo‘lib, kurashni nafaqat sport, balki ma’naviy tarbiya vositasi sifatida talqin etishga xizmat qiladi: – Omin, belingga quvvat, bilagingga kuch, yuragingga o‘t bersin, ollohu akbar! – deya duo qildi. Polvonlar davra aylandi. Qo‘l berib ko‘rishdi. (Tog‘ay Murod. “Yulduzlar mangu yonadi”. 44-bet) Ushbu matnda qadriyatlar Belingga quvvat, bilagingga kuch, yuragingga o‘t iboralari orqali obrazli ifodalangan bo‘lib, ularning har biri chuqur aksiologik yuk olgan. “Belingga quvvat” – chidamlilik, “bilagingga kuch” – kuch, “yuragingga o‘t” – g‘yrat, jo‘shqinlik, iroda qadriyatlarini ifodalaydi. Shuningdek. polvonlarning davra aylanishi barobarlik va birdamlikni bildiradi. Har bir polvon bu harakat orqali raqiblariga va tomoshabinlarga hurmat izhor qiladi. Qo‘l berib ko‘rishishi esa bellashuvga qaramay, insoniy hurmat, tinchlik, birodarlik qadriyatlarini ifodalaydi. Keltirlgan misolda o‘zbek xalqining asrlar davomida shakllangan qadriyatlar tizimi namoyon bo‘ladi. Aksiolingvistika bu borada muhim vosita bo‘lib, til orqali madaniyatni anglash imkonini beradi. Duo shaklidagi ifodalarda xalq tafakkuri, e’tiqodi, dunyoqarashi va qadriyatlari aks etadi. Ayniqsa, badiiy adabiyotda xalq og‘zaki ijodiga asoslangan iboralar orqali madaniy merosni til orqali ifodalash holatlari ko‘p kuzatiladi. Shu jihatdan, Tog‘ay Murodning “Yulduzlar mangu yonadi” asari xalqona ifodalar va qadriyatlar bilan to‘yingan asar sifatida diqqatga sazovor. – Qani, ilohi omin, hamma tinch, obod bo‘lsin, polvonlarimizning beliga quvvat bersin, sochilgan rizq-ro‘zimizni terib yeb, yanagi davrlargacha o‘ynabkulib yuraylik, ollohu akbar! (Tog‘ay Murod. “Yulduzlar mangu yonadi”. 55-bet) Keltirilgan misolda kurashdan so‘ng xalqqa qarata aytilgan duo matni bo‘lib, unda bir nechta muhim qadriyatlar ifodalanadi: tinchlik, obodlik, kuch-qudrat, baraka, xotirjamlik, shukronalik va e’tiqod. Ushbu duo xalq orasida keng tarqalgan bo‘lsa-da, yozma adabiyotda bunday samimiy va real matnda qo‘llanilishi milliy
91 tafakkurni aks ettiruvchi til unsuri sifatida alohida ahamiyatga ega. Yozuvchi xalqning ko‘nglidagi istak va tilaklarini ketma-ket duo shaklida berib, matnga xalqona ohang bergan, shuningdek uning emotsional-ekspressivligi oshishini ta’minlagan. Bu esa kitobxonning qalbidan chuqur o‘rin egallashiga xizmat qiladi. …Otam rahmatlik sovringa olgan to‘n-u pullarni orqalab Marg‘ilonga ketganlar. Yiqilgan polvonlarning yelkasiga o‘sha to‘nlarni tashlab, bolamni duo qilinglar, saflaringda yelkasi yer ko‘rmay yursin, deb katta qozonda osh damlab yedirib kelganlar. (Said Ahmad. “Ufq”. 879-bet) Ushbu matnda o‘zbek xalqining hurmat, mehr, or-nomus kabi milliy qadriyatlari aks etgan. Matnda polvonning otasi o‘g‘lining g‘alabasidan keyin sovrinni o‘z manfaati uchun emas, balki boshqalarga hurmat va duo so‘rash maqsadida sarflaydi. Bu holat xalqimiz tafakkurida shakllangan qadriyat tizimining yorqin ifodasidir. Otaning “bolamni duo qilinglar, saflaringda yelkasi yer ko‘rmay yursin” degan so‘zlari orqali xalqimizda duo bilan baraka va kuch olishga bo‘lgan e’tiqod namoyon bo‘ladi. Duo jamiyatdagi ijobiy energiyani, mehrni va ma’naviy birdamlikni mustahkamlovchi qadriyat sifatida talqin qilinadi. Shuningdek, otaning yiqilgan polvonlarga to‘n kiydirishi, ularga ehtirom ko‘rsatishi o‘zbek xalqiga xos odamiylik, bag‘rikenglik va g‘alabada ham kamtarlikni saqlash fazilatlarini ko‘rsatadi. Bu qadriyat INSONIYLIK degan hayotiy prinsip bilan champarchas bog‘liqdir. Otaning “katta qozonda osh damlab yedirib kelganlar” harakati o‘zbek xalqining mehmondo‘stlik hamda jamiyatni birlashtiruvchi, duolar orqali ruhiy birlikni mustahkamlovchi qadriyatidir. F.Usmanov o‘zbek milliy qadriyatlarini tadqiq qilar ekan mehmondo‘stlik o‘zbek mentalligining ijtimoiy-axloqiy qadriyati ekanligin ta’kidlaydi va ularni ijtimoiy-axloqiy me’yorlarga ajratadi: “1) mehmonga katta e‘tibor bilan qarash lozim; 2) unga yegulik borini berish shart 3) mehmon mezbonning e’tiboriga befarq bo‘lmasligi kerak”. [Usmanov, 2024: 118]. Demak, mehmondo‘stlik qadriyati o‘zbek xalqining ijtimoiy hayoti va axloqiy dunyoqarashida chuqur ildiz otgan bo‘lib, u milliy mentalitetning ajralmas tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘ladi. Mehmondo‘stlik bu yerda nafaqat odamiylik va saxovat ifodasi, balki jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro hurmat, mehr-oqibatli bo‘lishga undash fazilati sifatida talqin etiladi. Sendek azamatni yiqitgan polvonning bo‘yni uzilsin. Bu gapingni qaytib ol. Aslo yelkang yer iskamasin. Davradan bosh egib chiqqulik qilmasin, xudoyim. Roziman, ming marta roziman sendan. (Said Ahmad. “Ufq”. 251-252-bet) “Sendek azamatni yiqitgan polvonning bo‘yni uzilsin” ifodasi qarg‘ish sifatida qaralsa-da, aslida bu olqishning emotsional, kuch beruvchi shaklidir. Bu so‘zlar
92 orqali xalq og‘zaki an’analarida mavjud bo‘lgan polvonlik qadriyati, ya’ni mardlik, kuch va g‘ururni qadrlash namoyon bo‘ladi. Polvonning yengilmasligi, yelkasi yer ko‘rmasligi unga nafaqat jismoniy, balki ruhiy barqarorlik va ma’naviy quvvat tilashdir. “Aslo yelkang yer iskamasin” iborasi esa olqishning o‘zbek madaniyatidagi eng muhim qadriyatlardan biri – baraka, yuksaklik va doimiy g‘alabani ifodalovchi ramziy ma’noga ega. Bu ibora polvonga jismoniy kuch bilan bir qatorda ma’naviy baraka va himoya tilaydi. “Roziman, ming marta roziman sendan” degan so‘zlar esa shukronalik, e’tirof va faxr tuyg‘ularini bildiradi. Bu orqali xalqimizdagi minnatdorlik va rizo qadriyatlari, ya’ni o‘zaro hurmat va duoga ishonch an’analari aks etadi. Demak, o‘zbek xalqining milliy sport turlari, xususan kurash orqali ifodalangan duo va olqishlar xalqning madaniy, axloqiy va ma’naviy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan muhim til hodisasidir. Kurash jarayonida aytiladigan duolar va olqishlar nafaqat polvonlarga kuch-quvvat, g‘alaba va baraka tilash, balki mardlik, halollik, adolat, hurmat va birdamlik kabi qadriyatlarni targ‘ib etish vositasi sifatida xizmat qiladi. Foydalangan adabiyotlar: 1. Sabirova M., Xudoyberganova D., Lufullayeva D. va b. O‘zbek tilidagi sport atamalarining izohli lug‘ati. – Toshkent: “Fan” nashriyoti, 2025. – 352 b. 2. Usmanov F. O‘zbek milliy qadriyatlarining lingvomadaniy aspekti: Filol. fan. d-ri. – Andijon, 2024. – 228 b. 3. Tog‘ay Murod. Yulduzlar mangu yonadi. – Toshkent, 2022. – 144 b. 4. Саид Аҳмад. Уфқ. Трилогия. – Тошкент: Адабиёт ва санъат нашриёти, 1976. – 686 б.