scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

OLAMNING LISONIY MANZARASIDA PRETSEDENT BIRLIKLAR IFODASI

Xolnazarov Umid Erkinovich

Full text

106 OLAMNING LISONIY MANZARASIDA PRETSEDENT BIRLIKLAR IFODASI Xolnazarov Umid Erkinovich, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), Termiz davlat universiteti E-mail: [email protected] ORCID: 0009-0003-6126-1140 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488746 Annotatsiya. Mazkur maqolada alohida olingan etnosning, xususan, o‘zbek xalqining olamni anglash tarzi, milliy-madaniy qadriyatlar tizimi pretsedent birliklar vositasida lingvomadaniy jamiyat vakillari kognitiv bazasidan mustahkam o‘rin egallaganligi nazariy va tahliliy misollar orqali izohlangan. Tayanch soʻzlar: pretsedent birlik, pretsedent nom, pretsedent jumla, stereotip, qadriyat, metafora, ibora, milliy kolorit. Hozirgi zamon dunyo tilshunosligida, xususan, antropotsentrik tilshunoslikda til manbalarini shu tilda soʻzlashuvchi xalq, elat, etnos, sotsiumning madaniy qadriyatlari bilan bogʻliq holda oʻrganishga eʼtibor kuchaymoqda. Ayniqsa, milliymadaniy qadriyatlar talqini sirasida alohida oʻrin tutadigan barqaror milliy-madaniy tasavvurlar – stereotip [Sh.Usmonova, 2019], metaforalar kabi pretsedent birliklarni ham oʻrganish borliq lisoniy tasvirining vujudga kelish omillarini ochish va talqin qilishda muhim rol oʻynaydi. Alohida taʼkidlash joizki, D.S.Xudoyberganova metaforalarni matnda muhim kognitiv-semantik vazifani bajarish bilan birga, til egalarining milliy-madaniy tafakkuriga xos jihatlar (oʻzbek xalqiga taalluqli boʻlgan soʻzlar, muallif nutqi, milliylik boʻyogʻi bilan sugʻorilgan birliklar)ni namoyon etuvchi hodisa sifatida baholaydi va oʻxshatish hamda metaforalar asosiga qurilgan matnlarning muayyan tilda qoliplashgan matn shakllarini aniqlash imkoniyatini berishini aytadi. Olima ularni matnning pretsedent shakllari sifatida baholaydi [D.Xudoyberganova, 2015: 18]. Darhaqiqat, pretsedent birliklar turli madaniyat vakillari tili va tafakkurining o‘ziga xos obrazli ifodasi o‘laroq metaforalar zamirida yuzaga keladi. Metafora esa tilshunoslikka ritorika sanʼati orqali kirib kelgan boʻlib, unga nutqni boyitish va hissiy-taʼsirchanlik baxsh etish vositasi sifatida qaralgan. Masalan, yunon notigʻi Gorgiy notiqning vazifasi tinglovchilarni oʻz gaplariga ishontirishdan iboratligi haqida fikr bildirib, bu maqsadga xizmat qiluvchi “Gorgiy figuralari” deb nomlanadigan usullar qatoriga metaforalar, tovush takrorlari, antiteza shaklida tuzilgan gap (jumla) va shu kabilarni kiritadi [A.Abdusaidov, 2013]. Ma’lumki, koʻpincha tasniflash uchun konseptual soha manbalari olinadi, shunga oʻxshash tasniflarni O.A.Vorojsova, Y.A.Gunko, Y.A.Zemskaya, G.G.Slishkin, R.L.Smulakovskaya, A.E.Suprun, S.L.Kushneruk va boshqa koʻplab 107 mutaxassislar taklif qiladilar. Shuningdek, D.B.Gudkov, V.V.Krasnix, S.L.Kushneruk, N.V.Nemirova, R.L.Smulakovskayaning tadqiqotlarida pretsedent birliklar oʻzaro ta’sirining xususiyatiga koʻra tasniflar ham batafsil koʻrib chiqilgan. V.V.Krasnix, G.G.Slishkin va boshqa bir qator mualliflarning nashrlarida pretsedent birliklarning boʻlinishi (turli mamlakatlarda, jamiyatlarda mashhurlik darajasiga qarab) muhim oʻrin egallaydi. Tilshunoslar jamoasi bunday birliklar birliklar global (masalan, Don Kixot, Otello va Napoleon Bonapartning pretsedent nomlari turli mamlakatlarda tanilgan), milliy (bular, asosan, bir mamlakatda faol foydalaniladigan birliklar) va ijtimoiy pretsedent birliklar (umummilliy, ammo ba’zi bir ijtimoiy, professional va boshqa guruhlar)ga ajratilishini qayd etadilar. M.Saydaliyevaning tadqiqotida pretsedent birliklarning ma’lumlik darajasiga ko‘ra tasnifga aloqador quyidagi fikrlarni kuzatamiz: “D.B.Gudkovning qarashlariga ko‘ra, bu birliklar avtopretsedentlar, sotsial (ijtimoiy) pretsedentlar, milliy pretsedent birliklar va universal (internatsional) pretsedent birliklarga ajraladi. Olim avtopretsedentlik hodisasini yakka shaxs ongida olamning aks etishi bilan tushuntiradi. Yuqoridagi taqsimlanishdan biroz farqli talqin S.S.Xvatovada kuzatiladi: olima pretsedent fenomenlarni ikkiga – avtopretsedent va ijtimoiy pretsedentlarga ajratadi va ijtimoiy pretsedentlarning o‘zini ham milliy pretsedentlar, xalqaro va madaniy pretsedentlar singari ichki turlarga taqsimlaydi. Yuqoridagi tavsifdagidan farqli jihat madaniy pretsedentlar bo‘lib, olima bu guruhga yagona madaniyatga, dinga birlashuvchi turli lingvomadaniy hamjamiyat vakillariga xos pretsedent birliklarni kiritadi” [Saydaliyeva, 2025: 12]. Hozirgi vaqtda lingvokulturologiyaga oid tadqiqotlarda tilning barcha sath birliklari, xususan, soʻz va matnning tamoman yangicha talqini va tahlili ustuvorlik qilayotgani kuzatiladi. Bunda lisoniy birliklarning nafaqat til qonuniyatlari, balki jamiyat, inson, madaniyat, ruhiyat, milliy mentalitet kabi omillar nuqtayi nazaridan ham tadqiq etilishi til ilmida yangi g‘oyalar, yangi ilmiy qarashlar va tamoyillarning yuzaga kelishiga sabab boʻldi. Hozirda badiiy adabiyotda kishi va joy nomlarini ifodalovchi otlarning belgilar asosida implitsit (yashirin) ma’noda qoʻllanishi keng kuzatilmoqda. Dunyo tilshunosligidan maʼlumki, keyingi yillarda, xususan, XXI asr boshlaridan semantik va sintaktik yondashuv mahsuli boʻlgan matnga antropotsentrik nuqtayi nazardan “lingvokulturologik, pragmatik, sotsiolingvistik, kognitiv va psixolingvistik tamoyillar asosida tadqiq etish tendensiyasi, shuningdek, ijtimoiy qimmatga ega boʻlgan muloqot shakli”, yaʼni diskurs sifatida yondashish bugungi tilshunoslikning yеtakchi yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bu usul tilshunoslikda asar qahramonining qarashlari, shaxsiy sifatlari, shuningdek, muallifning oʻz personajiga munosabati, personajning boshqalarga nisbatan emotsional munosabati pretsedent birliklar vositasida lingvokulturologik ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, yozuvchi Togʻay 108 Murod nasriy nutqida oʻzbek madaniyatiga xos milliy koloritni bera oluvchi iboralar, obrazli ifodalar, ayniqsa, pretsedent nom, birliklardan unumli foydalanganligi asarning qiymatini yanada oshirgan. Quyidagi misollarga eʼtibor bersak: “Boʻri polvon davradan xursand: janjalaraz yoʻq. Polvonlar seni menga bormay olishayapti. Oʻzini oynaga solmay olishayapti. Oʻzini taroziga solmay olishayapti. Ana, xoʻjasoatlik Sadir polvon shoʻrchilik Roʻzi polvonni yеlkasidan oshirib urdi. Roʻzi polvon origa Maksim polvon degan chiqdi (“Yulduzlar mangu yonadi”). “Onamiz tap-taqir kallamni ushlab-ushlab koʻrdi. Ich-ichidan kuydi. Aytib-aytib yigʻladi. – Kambagʻalni tuyaning ustida it qopadi, degani shu-da, – dedi. Katta telpak sotib oldim. Qishinyozin quloqlarimgacha bostirib kiyib yurdim. Maktabda-da telpagimni olmadim” (“Ot kishnagan oqshom”). “Daho oʻz viloyatiga ishga yuborildi. Daho shaharda qolmoqchi boʻldi. Shaharda qolish uchun pinhona urinib koʻrdi. Ammo ish masalasi qiyin boʻldi. Daho ichini it tirnadi... Daho oʻzini-oʻzi qafasga soldi. Yuragi siqilgandan-siqildi. Yuragi cholvori balogʻiday gʻijim-gʻijim boʻldi. Oqshomlari ichini it tataladi. Tizzasiga shapillatib urdi. Sapchib turdi. Koʻchaga yoʻl oldi” (“Momo yer qoʻshigʻi”). Berilgan matnlardagi seni menga bormay, oʻzini oynaga solmay, oʻzini taroziga solmay (polvonlarga xos dangallik, kurash tushishda izzattalablikka bormaslik shartining evfemik talqini) va ichini it tirnadi, ichini it tataladi maʼnodosh iboralari, pretsedent birliklari oʻzbek tilining boy imkoniyatlariga yеtarli dalil boʻlib, garchi takror Tog‘ay Murod idiolektiga xos yorqin xususiyat boʻlsa ham, fikr takrorining bu turdagi nutqiy yеchimi qahramon ruhiy holatiga doir tasvirning ishonarli chiqishiga sabab koʻrsatgan. Kambagʻalni tuyaning ustida it qopadi pretsedent birligi esa yoʻqsil insonlarning shundoq ham mashaqqatli hayotida takror sinovlariga duch kelaverishiga ishora. Rus tilshunosligida muayyan til sohiblariga yaxshi tanish boʻlgan va ularning lisoniy xotirasida saqlanadigan, nutqiy faoliyatda qayta-qayta murojaat qilinadigan shaxs nomlari, barqaror birikmalar, jumlalar hamda matnlar pretsedent birliklar sifatida e’tirof etiladi. Ya’ni ushbu atama orqali “emotsional va bilish bilan bog‘liq munosabatlarda shaxs uchun ahamiyatli, shaxsiy xarakterga ega boʻlgan, ya’ni mazkur shaxsning atrofidagilari bilan birgalikda, uning oʻtmishdoshlari va zamondoshlariga ham yaxshi tanish boʻlgan matnlar, muloqotda qayta-qayta yangidan tiklanadigan murojaatlar” deb tushiniladi. Y.Karaulov dastlab pretsedent nomlarni asar nomlari va sitatalar tarkibiga kiritadi. Keyinchalik O.V.Lisochenko pretsedent nomlarning chegarasini kengaytirib, unga antroponimlarni ham qoʻshadi. Rus tilshunosi Y.A.Naximova pretsedent hodisalarni xalqning milliy ongida saqlanuvchi tizim sifatida baholaydi. Olima tilshunoslikda bunday nomlarga nisbatan oʻndan ortiq yondashuv mavjudligini ta’kidlaydi. Bular intertekstuallik, pretsedentlik, 109 madaniyatlararo muloqot, nomlarning koʻp ma’noliligi, allyuziya, matn reminissensiyasi, shuningdek, metafora haqidagi an’anaviy va kognitiv nazariyalardir. I.V.Zaxarenko, V.V.Krasix, D.B.Gudkov kabi olimlarning fikricha, pretsedent nomlarga berilgan ta’riflarni umumlashtirish natijasida bu tushunchaga xos boʻlgan xususiyatlarni quyidagicha belgilash maqsadga muvofiq: 1) til egalari xotirasida mavjud boʻlishlik; 2) mashhurlik; 3) biror mashhur matn yoki vaziyat bilan bog‘liqlik; 4) ramziy ma’no kasb etish. Tilshunos V.A.Maslova fikricha, pretsedent nomlar – bu tilshunoslik jamiyatining barcha vakillariga tanish boʻlgan voqealarda, barchaga ma’lum boʻlgan matnlarda ishlatiladigan mashhur ismlar, mavzular nomidir. Rus madaniyatidagi pretsedent nomlarga nafaqat rus tili, balki jahon madaniyati uchun ham muhim boʻlgan nomlar kiradi. Aytish joizki, har qanday badiiy asar tili tasviriy vositalarning nutqiy qimmati, nutqning jozibadorligini taʼminlashdagi, shuningdek, badiiy taʼsirchanligini oshirishdagi imkoniyatlari til sohiblarining dunyoni oʻzgacha his etishi bilan belgilanadi. Agar “til – yozuvchi uslubining qalbi” ekanini hisobga oladigan boʻlsak, Tog‘ay Murod badiiy nutqidagi metaforalar qurshovida ifodalangan matn obrazli fikrni yuzaga keltiradigan, ijodkorning badiiy tilini yorqinlashtirishda muhim oʻrin egallaydigan lisoniy kombinatsiyadir [D.Xudoyberganova, 2015]. Buni adibning qissalari, xususan, “Oydinda yurgan odamlar” qissasidagi obrazli-motivlashgan soʻzlar (metaforalar)ning diskursiv tahlili jarayonida koʻrib chiqamiz [U.Xolnazarov, 2023]: “...Togʻlar kulrang, qirlar kulrang boʻldi. Archalar koʻm-koʻk boʻldi. Adirlar oʻrkach-oʻrkach boʻldi. Tovatoshlar ulkan-ulkan boʻldi. Yongʻoqlar azim-azim boʻldi”. Qissadan keltirilgan parchada 5 ta gap mavjud boʻlib, ijodkor olam manzarasiga doir assotsiativ tafakkur vaqt tasvirini matn-metafora orqali roʻyobga chiqargan. Pretsedent nomlar tilshunoslikda, asosan, lingvokulturologik va kognitiv aspektda oʻrganilgan. Chunki pretsedent nomlar, eng avvalo, xalqning madaniyati va lisoniy xotirasi bilan bog‘liq boʻlgan hodisa sanaladi. Shu bilan birga, ular biror predmet yoki tushunchaning nomi, ya’ni onomastik birliklar sifatida ham qayd etiladi. Nomlarni pretsedentlik bilan bog‘lab oʻrgangan Y.A.Fleysher bu haqda quyidagi fikrlarni bayon qiladi: “Bir tomondan, pretsedent nomlar kognitiv zahirani shakllantirish xususiyati bilan pretsedent birliklar qatoriga kirsa, ikkinchi tomondan, ular nom sifatida onomastik koʻlamning tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Binobarin, pretsedent nomlarning onomastik koʻlamdagi oʻrnini belgilash zaruriy muammolardan biridir”. 110 V.A.Maslovaning fikriga koʻra, muayyan millatlarga yaxshi tanish boʻlgan matnlar yoki voqealar bilan bog‘liq boʻlgan shaxs nomlari pretsedent nomlar deyiladi. Masalan: Oblomov, Taras Bulba kabi. Pretsedent nomlar qatoriga xalqlarning mashhur insonlari, qahramonlari: Goʻroʻg‘li, Alpomish, Beruniy, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Kumush, Farhod, Shirin, Otabek, Layli, Majnun, Toʻmaris, Tohir, Zuhra, Zulfiya, Nodirabegim, Qodiriylarni; Charlz Darvin, Gamlet, Yildirim Boyazid, Gerakl, Kolumb, Otello, Aristotel, Yago, Buratino, Arastu kabi nomlarni kiritish mumkin. Maʼlumki, pretsedent matn tushunchasi ortidan odatiy tarzda pretsedent jumla tushunchasi paydo boʻladi. V.G.Kostomarov va N.D.Burvikovalar pretsedent jumlalar oʻzida butun matn pretsedentligini jamlaydi, deb hisoblaydilar. Ushbu mualliflar mustahkam pozitsiyada boʻlgan holda, dastlabki matnning fragmenti bosh yoki soʻng gap boʻlgan holda, ushbu pretsedent matnni pretsedent jumlaga “aylantirish” jarayonini matniy reduksiya, yaʼni matndagi qisqartirish deb ataydilar. Matndagi “mustahkam pozitsiya” pretsedentlik xususiyatini olish uchun zarur va yеtarli asos boʻlib xizmat qilmaydi, sababi fikr universal xarakterni hamda umumiy haqiqatni aforistik shaklda ifoda etishi kerak [V.G.Kostomarov, 1994: 74]. Pretsedent jumla (прецедентное высказывание) – nutqiy tafakkur faoliyatining qayta murojaat qilinadigan mahsuloti. Pretsedent jumlalar tarkibiga turli xarakterli matnlardagi sitata (iqtibos) lar, aforizmlar, maqollar va matallar kiradi [V.V.Krasnix, 2002: 48]. Koʻrinadiki, badiiy adabiyotda, xususan, Tog‘ay Murod badiiy nutqida muayyan xalq hayoti bilan bogʻliq obyektiv olamning u yoki bu hodisa va dalillari obrazli umumlashtirilib ifodalanadi. Taqqoslash uchun misollar: “Erkak zoti yomon boʻlib tugʻilmaydi! ...Nima desa, xoʻp deydi! Qoʻlini kosov qiladi, sochini supurgi qiladi! Mayli, bolalari onamizni oʻz onasi oʻrnida koʻrmasa-da, mayli! Ammo onamiz ularni oʻz bolasi oʻrnida koʻradi! Bir onachalik qaraydi!” (“Oydinda yurgan odamlar”). “Birodarlar, yomon gap, raketadan oldin yuradi, yaxshi gap, toshbaqadan keyin yuradi! Xufton vaqti-xufton vaqti uzangi yoʻldoshlarim bilan hamsoyamiz Rixsiyev koʻngil soʻrab keldi” (“Ot kishnagan oqshom”). Qoʻlini kosov qiladi, sochini supurgi qiladi iborasi; yomon gap, raketadan oldin yuradi, yaxshi gap, toshbaqadan keyin yuradi individual-mualliflik metaforasi, koʻngil soʻramoq frazeologik (somatik) metaforalarini til egasining lisoniy xotirasida muhrlangan pretsedent jumla yoki obrazli motivlashgan birliklar sifatida talqin qilish mumkin. Xullas, har bir tilda oʻz xususiyatiga, oʻziga xos maʼno va qurilish jihatlariga ega lingvokulturologik birlik, metafora, ayniqsa, pretsedent birlik, jumlalar nutqda badiiy tasvir unsurlarini keltirib chiqaradi. Ushbu omillar tilning xalqchilligi va 111 oʻziga xosligini belgilagani holda, badiiy asar (Tog‘ay Murod asarlari) ning milliy koloritini, yozuvchining idiolektini yuzaga keltiradi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati 1. Abdusaidov A. Oʻqituvchining nutq mahorati. – Samarqand: SamDU nashri, 2013. 2. Usmonova Sh. Lingvokulturologiya. Toshkent, 2019. 3. Xolnazarov U. Nasriy nutqda metaforalarning lingvokognitiv, lingvomadaniy xususiyatlari (Togʻay Murod qissalari misolida): Filol. fan. boʻyicha falsafa d-ri (PhD) … diss. – Termiz, 2023. 4. Xudoyberganova D. Lingvokulturologiya terminlarining qisqacha izohli lug‘ati. – Toshkent: Turon zamin ziyo, 2015. 5. Бикертон Д. Введение в лингвистическую теорию метафоры. // Теория метафоры. – М., 1990. 6. Костомаров В.Г. Как тексты становятся прецедентными. / Костомаров В.Г., Бурвикова Н.Д. // Русский язык за рубежём. – №1. – М., 1994. 7. Красных В.В. Этнопсихолингвистика и лингвокултурология. – М.: МГУ, 2002. 8. Қобулжонова Г. Метафоранинг системавий лингвистик талқини. Филол. фан. номз. ... дисс. – Тошкент, 2000. 9. Худойберганова Д. Матннинг мазмуний таркибида метафоралар // Ўзбек тили ва адабиёти. – Тошкент, 2012. 10. Худойберганова Д.С. Ўзбек тилидаги бадиий матнларнинг антропоцентрик талқини: Филол. фан. д-ри ... дисс. – Тошкент, 2015. 11. Saydaliyeva M. O‘zbek tilidagi pretsedent nomlarning lingvistik tadqiqi: Filol. fan bo‘yicha falsafa d-ri (PhD) … diss. avtoref. – Toshkent, 2025. 12. https://www.twirpx.com/file/213813/