scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

METAFORIK MODELLASHTIRISH: NAZARIY YONDASHUVLAR VA ILMIY QARASHLAR

Adiba YUSUPOVA

Full text

122 METAFORIK MODELLASHTIRISH: NAZARIY YONDASHUVLAR VA ILMIY QARASHLAR Adiba YUSUPOVA, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institute tayanch doktoranti [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488768 Annotatsiya. Ushbu maqolada metaforik modellashtirishning nazariy asoslari, kognitiv va lingvistik yondashuvlar, shuningdek, bu sohadagi yetuk olimlarning qarashlari tahlil qilindi. Metaforaning inson tafakkuridagi o‘rni, til va madaniyatdagi shakllanishi hamda bilim yaratishdagi roli ilmiy asosda bayon etildi. Kalit so‘zlar: Metafora, metaforik modellashtirish, konseptual metafora, lingvistik metafora, kognitiv tilshunoslik, mapping (soha ko‘chishi), konseptual sohalar (manba – nishon), til va tafakkur, til modeli, lingvomadaniy yondashuv. Tilshunoslikda metafora – faqatgina badiiy vosita emas, balki inson tafakkurining, dunyoni anglash va tushunish jarayonining ajralmas qismi sifatida o‘rganilmoqda. Metafora ilgari faqatgina poetik tilga xos san’at usuli, badiiy obraz sifatida tushunilgan. Ammo Jorj Lakoff va Mark Johnson o‘zlarining mashhur “Metaphors We Live By” (1980) asarlarida bu qarashni rad etadi. Ularning fikricha, metafora – bu biz qanday o‘ylashimiz, qanday tushunishimiz va qanday yashashimizning asosiy shakllaridan biridir. Ular aytganidek, “metaphor is not a matter of words, but a matter of thought” – ya’ni metafora so‘zlar emas, tafakkurga daxldor. Misol uchun, biz “vaqt – bu pul” deb fikrlaymiz: vaqtni “yo‘qotamiz”, “tejaymiz”, “sotamiz” [Lakoff & Jonson, 1980: 3]. Bu – iqtisodiy tizimdagi tushunchalarni vaqt tushunchasiga yuklashdir. Shu bilan birga, biz vaqtni konkret, real narsa sifatida tasavvur qilamiz. Bu holat konseptual metaforaning shakllanish mexanizmiga misol bo‘la oladi. Metaforik modellashtirish — bu kognitiv jarayon bo‘lib, unda murakkab yoki yangi tushunchalar, hodisalar va tushuncha tizimlari mavjud, tanish va ko‘proq tajribaga ega bo‘lgan tushunchalar orqali anglanadi va strukturalanadi. Bu jarayon inson tafakkurining muhim qismi bo‘lib, tushunchalar orasida analogik bog‘lanishlar o‘rnatish orqali yangi bilimlarni hosil qilish va ifodalashga yordam beradi. Ж.Lakoff va М.Johnson fikricha, metafora inson tafakkurining asosiy mexanizmi bo‘lib, u yordamida abstrakt tushunchalar ko‘proq konkret va aniq tushunchalar bilan modellashtiriladi.[ Lakoff G., Johnson M.,1980] Kognitiv metafora nazariyasida metaforik modellashtirish jarayonining asosiy jihatlaridan yana biri – bu manba soha (source domain) va maqsad soha (target domain) o‘rtasidagi konseptual munosabatga asoslangan model tuzilishidir. Ushbu yondashuvda metafora inson tafakkurida bir sohani boshqasining yordamida anglash 123 va tushunish vositasi sifatida ishlaydi. Metaforik modellar, odatda, ikki asosiy komponentdan tashkil topadi: Manba soha + Maqsad soha. Bu formulaga ko‘ra, manba sohasi – odatda inson sezgilariga yaqin, konkret, hayotiy tajriba bilan bog‘liq soha bo‘lib, u orqali mavhumroq, murakkabroq bo‘lgan maqsad sohasi anglashga harakat qilinadi. Kognitiv metafora orqali inson ongida manba sohasi maqsad sohasini “yoritadi”, ya’ni anglashga yordam beradi. Boshqacha aytganda, inson murakkab narsani sodda narsalar asosida tushunishga intiladi. Masalan, “hayot – yo‘l” metaforasida “yo‘l” – manba sohasini, “hayot” esa – maqsad sohasini anglatadi. Ushbu model orqali insonlar hayotni qatnov yo‘li, to‘siq, yo‘nalish, yo‘ldosh va manzil kabi elementlar orqali idrok etadilar. Metaforik modellar nafaqat til va madaniyatni o‘rganishda, balki siyosat, psixologiya va kommunikatsiya sohalarida ham muhim rol o‘ynaydi. Ular murakkab konsepsiyalarni oddiyroq va intuitiv tarzda ifodalashga yordam beradi. Jorj Lakoff va Mark Jonson asos solgan konseptual metafora nazariyasi hozirgi kunda kognitiv fanlarning asosiy qismiga aylangan va ko‘plab olimlar tomonidan rivojlantirilmoqda. Mazkur nazariyaning siyosiy matnlar asosida rivojlantirilishi A.N.Baranov, Y.N.Karaulov, I.M.Kobozeva, T.G.Skrebtsova, Y.B.Fedeneva, A.P.Chudinov va boshqa tadqiqotchilar asarlarida ko‘rsatilgan. Ushbu ilmiy yondashuv doirasida alohida ajralib turuvchi olimlardan biri – A.P.Chudinovdir. U rus tilshunosligida siyosiy metafora va metaforik modellashtirish masalalariga chuqur ilmiy yondashgan. Chudinovning fikricha, metafora bu shunchaki tilda bezakli ifoda emas, balki inson tafakkurining ideologik va kognitiv tuzilmasi bo‘lib xizmat qiladi. U o‘z tadqiqotlarida, ayniqsa, siyosiy nutq va matnlarda metafora orqali qanday qilib ijtimoiy ongni boshqarish mumkinligini ko‘rsatadi. Chudinov o‘zining “Метафорическое моделирование политической реальности” nomli asarida siyosiy realitet qanday qilib metaforalar orqali modellashtirilishini tahlil qiladi. Uning tadqiqotlariga ko‘ra, siyosiy matnlar doimiy ravishda voqelikni metaforik modellar orqali taqdim etadi. Masalan, “davlat – bu uy” modeli doirasida prezident – “uy egasi”, xalq – “uy ahli”, muammolar – “ta’mirtalab joylar” sifatida tasvirlanadi. Bu kabi metaforalar oddiy fuqaroga murakkab siyosiy tizimni osonroq tushunishga yordam beradi, lekin ayni paytda ular mafkuraviy yuklama ham olib keladi. Metaforik modellashtirish, ayniqsa, murakkab tushunchalarni tushunarli shaklga solishda muhim. Fan, psixologiya, texnika, adabiyot – hamma sohalarda metafora ishlatiladi. Misol uchun: Inson miyasi – bu kompyuter, xotira – bu fayl papkasi, yurak – bu motor, hayot – bu sayohat, tashvish – bu yuk, ilm – bu nur... Bu birikmalarning barchasi ma’lum bir konseptual modelga asoslangan. Murakkab yoki mavhum tushunchalar oddiy, tajriba asosida shakllangan obrazlar orqali ifodalanadi. Bunday modellashtirish metaforaning ilmiy va bilishdagi 124 rolini ochib beradi. Mark Terner va Jil Fokonye bu jarayonni yanada chuqurroq tahlil qilib, “blending nazariyasi” (blending theory)ni ilgari surgan. Ular aqliy fazolarni tahlil qilib, bir necha soha birlashganda yangi konseptual tushuncha qanday vujudga kelishini ko‘rsatgan. Bu esa metaforani ijodiy fikrning asosi sifatida baholaydi. Gilles Fauconnier va Mark Turner tomonidan ilgari surilgan “blending nazariyasi” – ya’ni konseptual integratsiya nazariyasi – bir nechta kognitiv sohalarning birlashishi orqali yangi ma’no shakllanishini izohlaydi [Fauconnier & Turner, 2002: 37]. Bu yondashuvda metafora faqat ikki soha o‘rtasidagi bog‘lanish emas, balki bir nechta ma’no bo‘laklarining aralashmasi sifatida qaraladi. Max Black metaforani ikki konsept orasidagi oddiy o‘xshashlik emas, balki o‘zaro faoliyat deb tushuntiradi [Black, 1979: 21]. Uningcha, metafora orqali ikki tushuncha bir-biriga ta’sir ko‘rsatadi va bu ta’sir natijasida yangi semantik mazmun yuzaga keladi. Bu nazariya metaforaning ijodiy va modellashtiruvchi kuchini tushunishda muhim hisoblanadi. Rus olimlaridan A.Vejbitskaya va N.D.Arutyunova ham bu yo‘nalishda ancha izlanishlar olib borishgan: Arutyunova metaforani til va tafakkur o‘rtasidagi ko‘prik deb hisoblaydi. U metaforani semantik strukturalar orqali tahlil qiladi. A.Vejbitskaya esa metaforalarni madaniy konseptlar asosida tahlil qilishga urg‘u beradi. Tilshunoslikda kognitiv modellashtirish usuli yordamida tadqiqotchilar antropomorf, naturmorf, zoomorf, fitomorf, predmet metaforik modellarini ajratadilar (N.A.Krasavskiy, M.V.Pimenova, E.V.Obletsova). Ular konseptual metaforaning manbayi oʻrganilayotgan hodisalarga oʻxshatilgan jismoniy, moddiy hodisalardir, – deb izohlaydilar. O‘zbek tilshunosligida ham G.K.Qobuljonovaning “Metaforaning sistemaviy lingvistik talqini” nomli tadqiqoti metaforani til tizimidagi o‘ziga xos struktura sifatida tahlil qilishga qaratilgan bo‘lib, u tilning turli darajalarida yuzaga keladigan murakkab modellashtirish jarayonini o‘rganadi. G.K.Qobuljonovaning fikricha, metafora til ichida bexosdan paydo bo‘ladigan tasodifiy hodisa emas. U – sistemaviy, tizimli jarayon bo‘lib, tilning ma’no yaratish mexanizmini shakllantiradi. Metaforik modellashtirish tilning konseptual sohasida yuzaga keladi va u yordamida abstrakt tushunchalar oddiy va aniq obrazlarga aylantiriladi. Bu jarayon inson fikrining murakkabligini soddalashtirib, tushunishni osonlashtiradi. Tadqiqotda metaforik modellashtirish nafaqat so‘z yoki jumla darajasida, balki tilning semantik, sintaktik va pragmatik qatlamlarida qanday ishlashi ko‘rsatilgan. Bu modellashtirish usullari orqali til yangi ma’no va fikrlarni yaratishga qodir bo‘ladi. G.K.Qobuljonova lingvistik va semiotik yondashuvlarni birlashtirib, metaforaning til tizimida qanday faoliyat yuritishini o‘rganadi. Shuningdek, u metaforaning turlarini: strukturaviy, yo‘naltiruvchi va ontologik metaforalarning modellashtirish jarayonidagi o‘rni va ahamiyatini ta’kidlaydi. 125 Metaforik modellashtirish til, tafakkur va madaniyat chorrahasida joylashgan ko‘p qirrali hodisa bo‘lib, u orqali insonlar murakkab va mavhum tushunchalarni anglaydi, tasniflaydi va tushuntiradi. J.Lakoff, M.Johnson, M.Turner, M.Black, P.Riker va boshqa olimlarning qarashlari ushbu nazariyaning ko‘lamini kengaytirib, uni tilshunoslik, falsafa, kognitiv fanlar va madaniyatshunoslik bilan bog‘lab beradi. O‘zbek tilshunosligida esa bu yo‘nalish G.K.Qobuljonova va boshqa olimlar tomonidan izchil rivojlantirilmoqda. Nazariy ma’lumotlar va misollar shuni ko‘rsatadiki, metaforik modellashtirish individual tafakkurda emas, balki til va madaniyat kontekstida keng tarqalgan konseptual vositadir. Blending nazariyasi – metaforaning faqat til tarkibida emas, balki tafakkur jarayonlarida qarama-qarshi bo‘lgan sohalarni uyg‘unlashtirib, yangi ma’no hosil qilishdagi kuchli vosita. Tilshunoslikda bu yondashuvlar, ayniqsa, metaforaning sistem-struktur jihatlarini: semantik o‘tkazmalar, sabablilik, motivatsiya va tilshunoslik strukturasi integratsiyasi orqali chuqurroq tahlil qilish imkonini beradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Lakoff G., Johnson M. Metaphors We Live By. – Chicago: University of Chicago Press, 1980. – 242 b. 2. Баранов А.Н., Караулов Ю.Н. Русская политическая метафора. Материалы к словарю. – М., 1991. 3. Кобозева И.М. Семантические проблемы анализа политической метафоры // Вестник Московского университета. Сер. 9. Филология. 2001. – № 6. 4. Феденёва, Ю.Б. Моделирующая функция метафоры в агитационно-политических текстах 90-х гг. XX века. – Алматы: Издательство Казахского национального университета, 1998. – 208 с. 5. Чудинов А.П. Политическая лингвистика: учеб. Пособие. – М.: Флинта: Наука, 2006. – 256 с. 6. Tadjiyeva M.F. Ingliz va o‘zbek tillarida “muhabbat” konseptli antropomorf metaforik modellar. TAMADDUN NURI jurnali/journal THE LIGHT OF CIVILIZATIONFILOLOGIYA Qabul qilindi: 16.09.2024 Chop etildi: 30.10.2024UDK:801.9.11 7. Fauconnier G., Turner M. (1998). Conceptual Integration Networks. Cognitive Science, 22(2). – P.133-187. 8. Turner, M. (2007). Blending and Conceptual Integration. In The Oxford Handbook of Cognitive Linguistics. 9. Beknazarova, U.U., Almautova, A.B., Yelemessova, S.M., Abadildayeva, S.K. (2021). The cognitive function of a conceptual metaphor and its methodological foundations. Journal of Language and Linguistic Studies, 17(3). 10. Qobuljonova G. Metaforik modellashtirish va til tizimi // O‘zbek tilshunosligi jurnali. 2002 №3, 45-53-betlar.