SKOPOS NAZARIYASI VA UNDAN ONLAYN MATNLAR TARJIMASIDA FOYDALANISH XUSUSIYATLARI
Full text
130 SKOPOS NAZARIYASI VA UNDAN ONLAYN MATNLAR TARJIMASIDA FOYDALANISH XUSUSIYATLARI Dilnoza SHONAZAROVA, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktorant [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488780 Annotatsiya. Ushbu maqolada onlayn matnlarni tarjima qilish jarayonida skopos nazariyasining ahamiyati va undan foydalanish xususiyatlari yoritiladi. Globallashuv sharoitida onlayn kontentning o‘ziga xos xususiyatlari tarjimondan vaziyatga qarab turli strategiya va nazariyalarga amal qilgan holda tarjima uslubuni tanlashni talab qiladi. Maqolada skopus nazariyasining asoslari, onlayn matnlarning lingvistik va pragmatik jihatlari hamda amaliy qo‘llanish doiralari tahlil qilinadi. Kalit so‘zlar: Skopos nazariyasi, asl matn, tarjima matni, onlayn matn, media, reklama, tarjima uslubi, til ehtiyoji, tarjima maqsadi, ekvivalentlik. Bugungi globallashuv davri barcha sohalarga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymadi. Internet rivoji sababli barcha resurslardan foydalanish onlayn formatda amalga oshirila boshlandi. Uning natijasida esa bir tilda yoritilgan matnning ikkinchi tilga tarjima qilinishiga beixtiyor ehtiyoj tug‘ila boshladi. Shuning uchun ham bu davrda onlayn tarjimaga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Globallashuv nafaqat onlayn manbalar tarjimasiga bo‘lgan talabni oshirdi, balki shu orqali turli mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy chegaralarni ham yorib o‘ta boshladi. Chunki tarjima bu madaniyatlar o‘rtasidagi vositachi hisoblanadi. Shunday ekan, ushbu globallashuv sharoitida tarjimani har tomonlama to‘g‘ri holda, millatning tili, madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlari va shu kabi barcha jihatlarni asl matn mazmuniga zarar yetkazmagan, uning mazmuniga ortiqcha ijobiy yoki salbiy bo‘yoqdorlikni qo‘shmagan holda yetkazib berish muhim hisoblanadi. Bugungi kunda tarjimani madaniy jihatdan mos shaklda yetkazib berish dolzarb bo‘lib turgan vaziyatda tarjimadagi diqqatni auditoriyaga, ya’ni tarjima tilining kontentni yetkazishdan maqsad va vazifalariga urg‘u beradigan nozik tushunchalardan biri “Skopos nazariyasi”ga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Skopos nazariyasi 70-yillarning so‘nggi, 1978-yillar atrofida Hans J.Vermeer tomonidan ishlab chiqilgan. “Skopos” so‘zi grekchadan olingan bo‘lib, “maqsad” degan ma’noni anglatadi. Vermer skoposni tarjimaning maqsadi va tarjimadagi yetakchi omil deb qaraydi. Uning fikriga ko‘ra, tarjima jarayonida asosiy e’tibor tarjima tili auditoriyasiga, tarjima tilining yetkazib berilishiga qaratilishi lozim [Venuti, 2021]. Skoposteori bo‘lsa, “har qanday turdagi tarjimaning boshlashdagi birinchi harakat bu uning umumiy maqsadi (skoposi)ni aniqlashdir” [Xiaoyan, 2012: 2191] deya ta’kidlaydi. Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, skopos nazariyasiga ko‘ra, tarjimon ish jarayonini boshlashidan avval tarjima tiliga
131 manbani yetkazib berishdan maqsadni aniqlab oladi va ushbu jarayondagi barcha tarjima strategiya va uslublarini esa shunga ko‘ra tanlaydi. Shuningdek, bu jarayonda tildagi maxsus ehtiyojlar, uning madaniy mos kelishi, tarjima tili auditoriyasining kontektga mos kelishi va uni qabul qilishi kabi faktorlar inobatga olinishi lozim. Zero, “har bir kontent ma’lum bir maqsadni ko‘zlab ishlab chiqilgan va mana shu maqsad yo‘lida xizmat qilishi lozim” [Munday, 2001: 113]. Demak, an’anaviy tarjima ustuvor bo‘lgan ekvivalentlik va adekvatlikdan farqli ravishda, ushbu nazariyaga ko‘ra, asl matn tarjima jarayonida tarjimani yetkazib berishdan maqsad va vazifaga qarab amalga oshiriladi. Boshqa tarjima nazariyalari kabi bu tarjima nazariyasi ham mukammal emas, skopos nazariyasida asosiy maqsad tarjima yetkazib berilayotgan tildagi maqsadi va vazifasiga, ya’ni uning tarjima tiliga mos holda amalga oshirilishiga qaratilgani sababli, asl matn bu jarayonda anchagina o‘zgarishlarga uchrashi mumkin. Shuning uchun ham ko‘pgina olimlar, jumladan, Vermer va Reis ham ushbu nazariyaga ba’zida tarjima maqsadiga ko‘proq urg‘u berib yuborilishi natijasida asl manbadan anchagina o‘zgarib ketishi mumkinligi va ma’lum o‘rinlarda undan foydalanish chegarasini bilish lozimligini ta’kidlashadi. [Xiaoyan, 2012: 2190] Skopos nazariyasi, ayniqsa, onlayn matnlar va manbalarni tarjima qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ulardan foylanish ma’lumotni samarali tarjima qilgan holda yetkazib berishga xizmat qiladi. Onlayn matnlar tarjimasida skopos nazariyasidan foydalanish xususiyatlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi: 1. Maqsadga yo‘naltirilganlik. Masalan, reklama matni ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinayotganda, matnning asosiy vazifasi bu mahsulotni sotish yoki mijozlarni jalb qilish hisoblanadi. Demak, tarjima ekvivalent bo‘lishi shart emas, balki reklama funksiyasini samarali bajara olishi kerak. Shuning uchun ham bu yerda skopos nazariyasidan foydalanish o‘rinli bo‘ladi. 2. Kontekstga moslik. Onlayn xabarlar ko‘pincha ijtimoiy-madaniy kontekstga bog‘langan bo‘ladi. Ayniqsa, media sohasiga tegishli bo‘lgan matnlarni tarjima qilish jarayonida ularning faqatgina auditoriya uchun kerakli qisminigina yoki ortiqcha qismini kiritmagan holda tarjima qilish muhim hisoblanadi. “Skopos yondashuvi tarjimonga matnni bevosita so‘zma-so‘z emas, balki maqsadli auditoriya uchun qulay shaklda yetkazish imkonini beradi”. [Nord, 1997] 3. Tezkorlik va qisqalikka intilish. Internetdagi matnlar va kontent odatda qisqa va lo‘nda bo‘lishi lozim. Chunki bugungi kunda insonlarning diqqatini ushlab turish muddati kamayib ketmoqda, ya’ni o‘quvchi bir xabar yoki matnni uzoq va diqqatini saqlab turgan holda o‘qiy olmaydi yoki o‘qishni xohlamaydi. Mana shu jarayonda tarjimon chet tilidan yetkazib berilayotgan matnning asosiy maqsadini
132 tushunib, qisqartirish yoki qayta shakllantirishi, ya’ni skopus nazariyasini ishga solishi mumkin. 4. Multimodal xususiyatlar. Rasm, video va audio kabi internet materiallari va manbalar ham onlayn tarjimaning bir qismi hisoblanib, skopus nazariyasidan nafaqat matnlar uchun, balki shu kabi materiallar tarjimasi uchun ham foydalanish va ularni auditoriyaga moslagan holda yetkazib berish mumkin. Yuqoridagi ma’lumotlardan kelib chiqqan holda, onlayn matnlar tarjimasida skopos nazariyasidan foydalanishning asosiy maqsadlari sifatida quyidagilarni ta’kidlashimiz mumkin: - yangilik portallarida matn tez o‘qilishi va tezkorlik bilan yetkazilishi kerak. Bu yerda nazariyadan faktlarni o‘z vaqtida va aniq yetkazish maqsadida foydalaniladi; - reklama va marketing sohasida skopos nazariyasiga ko‘ra, matn auditoriyada ijobiy ta’sir uyg‘otishi va ularni xarid qilishga undashi kerak. Shuning uchun matnning shakli va uslubi manba tilidan sezilarli darajada farq qiladi va manba tilidan anchagina o‘zgartirib tarjima qilinadi; - ijtimoiy tarmoq postlarida auditoriyaning e’tiborini tezda jalb qilish uchun tarjimon qisqa, jozibador va madaniy jihatdan mos variantni tanlashi zarur. Shuning uchun ham nazariyaga asoslanib, kontent odatda qisqartirilgan holda tarjima qilinadi. Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, onlayn matnlar tarjimasida skopos nazariyasi zamonaviy ehtiyojlarga mos yondashuv sifatida katta ahamiyatga ega. U tarjima jarayonini faqat til darajasida emas, balki kommunikativ va funksional jihatdan samarali tashkil etishga yordam beradi. Shu orqali tarjimon matnning vazifasi va auditoriya ehtiyojini hisobga olib, mos strategiyani tanlashi mumkin. Skopus nazariyasiga ehtiyoj va zaruriyat tug‘ilgan tadqirdagina uni o‘z o‘rnida qo‘llash muhim hisoblanadi. Ba’zi kontekstlarda skopusdan foydalanish tarjima sifatiga zarar yetkazishi mumkin. Demak, tarjimon o‘z holati va vaziyatidan kelib chiqqan holda nazariyani to‘g‘ri, o‘z maromida qo‘llashi lozim. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Du, Xiaoyan. «A Brief Introduction of Skopos Theory». Theory and Practice in Language Studies 2, вып. 10 (1 октябрь 2012 г.): 2189–93. doi:10.4304/tpls.2.10.2189-2193. 2. Munday, J. (2001). Introducing Translation Studies, theories and applications. London: London and New York 3. Nord, C. (1997). *Translating as a purposeful activity: Functionalist approaches explained*. Manchester: St. Jerome. 4. Venuti, L., & Venuti, L. (Eds.). (2021). The Translation Studies Reader (4th ed.). Routledge. https://doi.org/10.4324/9780429280641