"DEVON-U LUG'OTIT TURK" VA O'ZBEK SHEVALARIDA -man/-men QO'SHIMCHASI
Full text
165 “DEVON-U LUG‘OTIT TURK” VA O‘ZBEK SHEVALARIDA -man/-men QO‘SHIMCHASI Berdak YUSUFOV, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodim @BerdakYusuf22 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488862 Annotatsiya: Ushbu maqolada “Devon-u lug‘otit turk” asarida uchragan -man, -mon qo‘shimchalariga doir ma’lumotlar keltirilgan. -man, -mon qo‘shimchalarining qo‘llanishidagi chalkashliklarga aniqlik kiritilgan va mulohaza bildirilgan. Kalit so‘z: Turk tili, qabilalar dialekti, o‘g‘uz lahjasi, -män, -man, turkmon, qo‘shimchalar. Mahmud Koshg‘ariy davrining standart adabiy tilining lug‘atini yozish bilan birga turli turkiy urug‘lar shevalariga ham o‘rin bergan. Shu nuqtai nazardan asariga “turk lug‘ati (turk tili)” o‘rniga “turk lug‘oti (turk tillari)” degan. Bu yerdagi “tillardan” maqsad shevalardir. Ushbu asarning Аmerikadagi nashrida ham asarning nomi “Compendium of Turkic Dialects (turk shevalari lug‘ati)” tarzida berilgan. [Ercilasun, 2005:319] Taniqli turkolog E.N.Nadjip mazkur asarni ham til, ham dialekt deydi: “Mahmud Koshg‘ariyning o‘rta asrda yozilgan dialekt lug‘ati XI asr turkiy tillari va dialektlari leksikasining ancha qismini o‘z ichiga oladi.” [Наджип, 1989:33]. “Devonu lug‘otit turk” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan S.Mutallibov “Mahmud Koshg‘ariy o‘z davrining ulug‘ dialektologi edi. U o‘sha davrning benihoyat murakkab vaziyatdagi qabilalarini va ularning tillarini mukammal aniqlab chiqdi”, [Кошғарий, 1960:23]. deydi. Shuningdek u “Har holda chigil qabilasi tili u davrdagi qo‘shni dialektlar tilini umumiylashtirish uchun asos bo‘larlik imkoniyatga ega bo‘lgan edi” [Кошғарий, 1960:11]. Ko‘rinib turganidek, S.Mutallibov “Devonu lug‘otit turk”dagi qabilalar tili, qabilalar dialekti kabi iboralarni ishlatadi. M.Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida ushbu –män//-man affikslari yumshoq va qattiq variantlarda uchraydi. Mazkur asarda -män//-man qo‘shimchasi bilan yasalgan o‘n ikkita so‘zni uchratish mumkin. Kekmän so‘zi “Devonu lug‘otit turk” da kekmäk tarzida berilgan. [Divanü lügat-it-Türk, 1985:479-480]. Kekmäk er-toblangan, chiniqqan (I,444); ketmän “ketmon” (I,416), közmän “k ‘moch non” (I,406), qurman “o‘q-yoy solinadigan idish” (I,416), örtmän “tom” (I,419), siqman “uzum siqiladigan vaqt” (I,416), sökmän “pahlavonlarga beriladigan laqablardan biri, “jang saflarini sindiruvchi” (I,415), sökmänlänmäk “qahramon bo‘lmoq”, tegirmän “tegirmon” (I,350), turkmän “turkman” (III,415), yaliman
166 “ochiq-sochiq g‘animatlar” (III,45), yasiman “suv bo‘shatilganda idishdan qulqullab chiqadigan ovoz” (III,45). [Divanü lügat-it-Türk, 1985:278]. Misollardan ko‘rinib turibdiki, “Devonu lug‘otit turk”da mazkur affiksning har ikki varianti, yaʼni yumshoq -män (sakkiz marta) va qattiq -man (to‘rt marta) shakllari qo‘llangan. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida esa aksincha, “deyarli hamma vaqt “qattiq” formada qo‘llanadi” [Ғуломов, 1961:20]. Shuningdek, yuqorida keltirilgan so‘zlarda -män/-man feʼl o‘zaklariga ham, ot o‘zaklariga ham qo‘shilib kelmoqda. Bu affiks haqida turli olimlar turlicha fikr bildirganlar. Masalan, А.G‘ulomov o‘zining bir maqolasida [Ғуломов, 1961:20] ushbu affiksning ishlatilishi, uning genezisi haqida fikr yuritadi. Jumladan u “Eski o‘zbek tilida eng passiv so‘z yasovchilardan bo‘lgan -mɔn affiksi hozirgi zamon o‘zbek tilida yangi so‘z hosil qilish funksiyasini bajarmaydi, u baʼzi sanoqli so‘zlarning sostavidagina uchraydi”, [Ғуломов, 1961:20] deb yozadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘zbek tili grammatikasiga bag‘ishlangan А.M.Shcherbak, Ya.Ekman, G‘.Аbdurahmonov, Sh.Shukurovlar asarlarida mazkur qo‘shimcha haqida maʼlumot berilmaydi. Shuningdek, hozirgi o‘zbek adabiy tili grammatikalarida ham, -man//-mon affiksi haqida maʼlumot yo‘q. Shuningdek, А.G‘ulomov “Ustɔ:mɔn so‘zidagi -mɔn elementi tojikcha monistan (o‘xshash bo‘lish; hozirgi zamon negizi: -mɔn) so‘ziga aloqador bo‘lsa kerak”, [Ғуломов, 1961:22] deb yozadi. Buni, bizningcha, asoslash lozim. А.G‘ulomov tarkibida -mɔn affiksining borligi taxmin qilingan baʼzi so‘zlarning maʼnosi va etimologiyasi juda ham aniq emas deb, bir necha so‘zni, shu jumladan palaqmon so‘zini ham keltiradi [Ғуломов, 1961:22]. Bizningcha, palaqmondagi -mɔn qo‘shimchasining biz so‘z yuritayotgan -mɔn affiksiga aloqasi yo‘q. Mazkur so‘z tojik tilidagi faloxan//faloxun [Фарҳанги,1969:408] dan kelib chiqqan. X.Doniyorov ham mazkur qo‘shimcha haqida bir maqola eʼlon qilgan [Дониёров, 1976:19-24]. U ham mazkur affiks bilan hozirgi o‘zbek adabiy tilida so‘z yasalish holati deyarli uchramaydi, ammo -man//-mon qipchoq shevalarida va xalq dostonlari tilida adabiy tildagi hamda shahar shevalaridagiga nisbatan tez-tez uchrab turishini yozadi [Дониёров, 1976:20]. Shuningdek, olim А.G‘ulomov bu affikslarning 20 dan ortiq formasini misol keltirganini, ammo X.Doniyorov ushbu qo‘shimchaning otlarga qo‘shilib kelganlarining umumiy soni 100 dan ortiq ekanini taʼkidlaydi. Аmmo u maqolasida mazkur so‘zlarni keltirmaydi. X.Doniyorovning fikricha, o‘zbek tilida, ayniqsa qipchoq shevalarida bu affiksning so‘z yaratish xususiyati va imkoniyati hozirgi vaqtda ham maʼlum darajada saqlanib qolgan [Дониёров, 1976:20]. Olim Ulmon, Qulmon, Qurmon,
167 Qorman, Ko‘kaman, Otaman, Bekman, Toshmon, Eshmon, Qo‘shmon, Ermon, Normon, Sirmon, So‘loqmon, turkman, to‘mon, elman kabi so‘zlarni keltiradi [Дониёров, 1976:20]. Bu yerda turkman, to‘mon, elman so‘zlaridan boshqa hamma so‘zlar atoqli ot bo‘lib kelmoqda. Bizningcha mazkur turdosh otlarning izohi berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. X.Doniyorov -man//-mon affiksi qipchoq shevalarida tojik tilining taʼsirisiz, avvaldan qo‘llanilib kelingan forma sifatida mavjud bo‘lgan” [Дониёров, 1976:20]. degan to‘g‘ri xulosaga keladi. Darhaqiqat, -män/-man/-men/-mɔn affikslari sof turkiychadir. А.N.Kononov ham “aftidan bu affiks Türkmen etnonimi tarkibida ham mavjud” [Кононов,1956:105]. -ban (-pan), -man affiksining fonetik variantidir. ...turkcha -man bilan forscha -ban, -van qo‘shimchalarining kontaminatsiyasining hosilasi bo‘lishi mumkin! [Кононов,1956:106]. Mazkur affiks bilan yasalgan so‘zlar eski o‘zbek tilida va o‘zbek xalq dostonlari hamda shevalarida ham uchrab turadi. Eski o‘zbek tilida: ɔlaqmɔn, “otliq otryad, talovchilar otryadi” [Ғуломов, 1961:20]. Xalq dostonlarida: kökämän (kökämän alp), shäkämän (shäkämän qirag‘ay), kengäshmän “maslahatchi”. O‘zbek xalq shevalarida: bulaman “puf-lab chalinadigan musiqa asbobi turi. Surnayning kichigi” (Xorazm), siqman ”bir ovqat turi” (Xorazm), yechmän ”bir ovqat turi” (Forish shevasi), edärman ”uddaburon” (Olot tumani, chandir shevasi), chaqichmɔn “chaqichchi” (Toshkent shevasi), gulmɔn ”gulchi” (Toshkent shevasi) [Ғуломов, 1961:20]. R.Yo‘ldoshevning ham -mon haqida bir maqolasi chop etilgan. [Йўлдошев, 1997:62-65]. U Аlisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi Ko‘ngul bermish so‘zumga turk, jon ham, Ne yolg‘uz turk, balkim turkmon ham baytidagi “turkmon” so‘zining maʼnosi va undagi -mon affiksi haqida to‘xtaladi. R.Yo‘ldoshev, А.Hayitmetov, R.Rajabov, S.Garrievlarning “turkmon” so‘zini hozirgi “turkman” maʼnosida tushunganliklarini tanqid qiladi. U “biz urgʼu berayotgan misralarda “turkmon” so‘zi hozirgi “turkman” xalqi maʼnosida emas, balki “turk emaslar” degan maʼnoda ishlatilgan,” [Йўлдошев, 1997:63] deydi. U bu fikrini isbotlash uchun shakl yasovchi -mon bilan so‘z yasovchi -mon affikslarini qorishtirib yuboradi. U yozadi: “F.Аbdullayev -mon qo‘shimchasining bo‘lishsiz forma hosil qilishini birinchi bo‘lib isbotlab bergan edi. U turkman tili bilan o‘zbek tilining o‘g‘uz lahjasiga mansub bo‘lgan Xorazm o‘g‘uz shevalarini o‘zaro qiyoslar ekan, XIV-XV asr yozma yodgorliklarida hozirgi-kelasi zamon feʼlining bo‘lishsiz formasi “bilmon” tarzida ishatilishini qayd qiladi”: Men vafosiz vaʼdasidin shodmen,
168 Ul vafo bilmonki, qilmas yo qilur, Turub maʼruzada so‘z haddimni bilmon Javob ayturg‘a o‘z haddimni bilmon. (Аlisher Navoiy) Аmmo olim ushbu qo‘shimchaning ot so‘z turkumiga qo‘shilib kelishi to‘grisida fikr bildirmagan,” [Йўлдошев, 1997:63] deydi. Yuqoridagi misoldagi “maʼruza” so‘zi xato yozilgan. U “Farhod va Shirin” dostonining tanqidiy matnida “maʼraz” shaklida berilgan. Shuningdek, Navoiyda bunaqa to‘rtlik yo‘q. Feʼlning I shaxs birlikdagi bo‘lishsiz shaklini hosil qiluvchi -mon affiksining ot so‘z turkumiga qo‘shilmasligini faqat F.Аbdullayev emas, hamma biladiku! -mon qo‘shimchasi bo‘lishsiz forma hosil qilishini F.Аbdullayevdan oldin ham olimlar bilishgan. R.Yo‘ldoshev X.Doniyorov, А.G‘ulomovlarning -mon so‘z yasovchi affiksi haqidagi fikrlarini keltiradi. -mon qo‘shimchasining bo‘lishsiz forma yasashi, inkor maʼnosini anglatishi to‘g‘risida А.G‘ulomovning ushbu maqolasida hech narsa deyilmagan, [Йўлдошев, 1997:64] deydi. X.Doniyorov, А.G‘ulomovlar shakl yasovchi -mon emas, balki so‘z yasovchi -mon qo‘shimchasi haqida fikr yuritganlar. So‘z yasovchi -mon bo‘lishsiz shaklda ishlatilmaydi. “Xullas deydi u, Navoiy va uning zamondoshlari, shuningdek, ulardan keyingi shoirlar asarlarida -mon affiksining inkor maʼnosida kelishi juda ko‘p uchraydi”, [Йўлдошев, 1997:64] deb biz so‘z yuritayotgan so‘z yasovchi -mon emas, balki shakl yasovchi -mon haqida fikr yuritmoqda. Maqolasining oxirida R.Yo‘ldoshev shunday xulosa qiladi: “Demak, yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni ayta olamizki, barcha anglashilmovchiliklar ana shu qo‘shimchaning matnda qaysi maʼnoda ishlatilganligini bilmaslikdan kelib chiqqan. To‘g‘ri, yuqorida keltirilgan so‘zlarda -mon ko‘pincha feʼlga qo‘shilib kelgan. “Turkmon” so‘zida esa otga birikkan. Ilmiy manbalarda ushbu qo‘shimchalarning faqat feʼlga emas, otga ham qo‘shilib kelishini ko‘rdik. Bizningcha, bu affiks ot turkumidagi so‘zlarga ham qo‘shilib, inkor maʼnosini anglatgan lisoniy birliklar hosil qilishi mumkin ekan... Unda o‘z–o‘zidan yuqoridagi misralardagi turkmon so‘zining turk emaslar degan maʼnoga ega ekanligi maʼlum bo‘ladi. [Йўлдошев, 1997:64]. Ko‘rinib turibdiki, yuqorida aytganimizdek R.Yo‘ldoshev shaklan bir xil, mazmunan har xil bo‘lgan ikki qo‘shimchani bitta qo‘shimcha deb tushungan, ularni qorishtirib yuborgan. Natijada, turkmon so‘zining maʼnosini noto‘g‘ri izohlagan. Turkmon (turkman, turkmen) so‘zi uning yozilishi va etimologiyasi haqida turli fikrlar mavjud. Turkman atamasi birinchi bor X asrda yashagan geograf Maqdisiy asarida uchraydi. Maqdisiyda turkmen deganda o‘g‘uz va qarluqlar tushuniladi” [Бартольд, 1929:5-6].
169 Turkmen so‘zining birinchi etimologiyasi Аbu Rayhon Beruniyga tegishlidir. U bu so‘zni “turkka o‘xshash” deb tarjima qiladi va islomni qabul qilgan o‘g‘uzlarga berilganligini aytadi [Аgadjanov, 1969:12]. Turkman so‘zidagi -man affiksi fors tilidagi monand “o‘xshash” so‘zidan hosil bo‘lgan, degan qarash keng tarqalgan. Bu haqida bir rivoyat bor. “Bu yigirma ikki oila ular orqasidan yayov borishi yoki o‘z joylarida tura berish haqida maslahat qilayotgan edilar, bular yoniga ikki kishi kelib qo‘shildi. Oilalari ham ular bilan birga edi. …ular ikki oilaga aytdilar. …qal ach, shu yerda turinglar,” och qolinglar demakdir. So‘ng ular “xalach” deb aytilganlar. Xalachlarning asli shudir. Ular ikki qabiladir” [Кошғарий, 1963:421-422]. “Zulqarnayn kelib, bularni sochli, ustlarida turli belgilari borligini ko‘rgach, ulardan so‘ramasdanoq, ularga turkmonand deganmish, bu “turkka o‘xshash” demakdir. Ushbu nom ularga bugungacha qolgandir” [Кошғарий, 1963:421-422]. Ular avval 24 qabila bo‘lgan, ammo baʼzi sabablarga ko‘ra xalajlarning 2 qabilasi ulardan ajralgan, shuning uchun ularga qo‘shilmaydi. Turkmanlarning paydo bo‘lish asosi shunday” [Материалы по истории туркмен и Туркмении, 1939:313]. Bu bir rivoyat, albatta. Chunki eramizdan oldin “turkman” degan nom biron ishonchli manbada uchramaydi. Turk etnonimining o‘zi V-VI asrlarda uchraydi. Eski yozma yodgorliklarda mazkur etnonim “turkman” va “turkmon” shakllarida uchraydi. Yuqorida Navoiydan keltirilgan baytda “turkmon” shaklida ko‘zga tashlanadi. Umuman, shoir asarlarida bu termin ko‘pincha “turkman” shaklida uchraydi. Navoiyo, erur ul sho‘x turkman bas tund, Navo tilar esang andin yugurma ordicha cho‘x. Navodurush-shabob, IV–85. Navoiyning Turkiyada nashr etilgan asarlarining tanqidiy matnida faqat ikki o‘rinda turkmon (Türkmān) shaklida yozilgan: Shoh Turkmonning taxallusidur. Turkmon beglarida mutaayyin xushtab va zarofatlig‘ kishi erdi [Навоий, 1997:158]. Shuni takidlash lozimki, mazkur etnonim hozirgi o‘zbek adabiy tilida “turkman”, baʼzi o‘zbek tilining o‘g‘uz shevalarida -men qo‘shimchasi bilan “turkmen” shaklida talaffuz etiladi: Türkmen gilemlerini köp satıvaldı (Olot tumani, chandir shevasi, Buxoro); Ālāt türkmene çegerede caylaşan (Jondor tumani, chandir shevasi, Buxoro). O‘zbek adabiy tilida -man//-mon qo‘shimchasi quyidagi o‘n ikkita so‘z tarkibida uchraydi: ishbilarmon, ishbuzarmon, saqmon, so‘loqmon, siqmon, tegirmon, toparmon-tutarmon, ustabuzarmon, ustamon, o‘zbilarmon, o‘larmon, chakmon [Қўнғуров, Тихонов, 1968:]. kabilar. Yuqorida ko‘rganimizdek “Devonu lug‘otit turk”da ham -män//-man qo‘shimchalari ishtirokidagi so‘zlar soni o‘n ikkita
170 edi. Mana shu kichik misol ham “Devonu lug‘otit turk” tili hozirgi zamon o‘zbek adabiy tiliga yaqinligini ko‘rsatadi. Turk tilida esa -man//-men affiksi bilan yasalgan quyidagi so‘zlar mavjud: belletmen, çevirmen, dikmen, degirmen, düzeltmen, egemen, eleştirmen, egirmen, etmen, göçmen, gökmen, gözetmen, gezmen, işletmen, karaman, kosaman, kölemen, kirmen, küçümen, koyman, sekmen, öğretmen, yönetmen [Yusuf, 2004:] kabilar. Ko‘rinib turibdiki -man//-men qo‘shimchasi bilan yasalgan so‘zlar turk tilida “Devonu lug‘otit turk” va o‘zbek adabiy tilidagidan ko‘proq. Buning sababi Turkiyada yigirmanchi asrning 30–yillarida yangi so‘z yasash jarayonida mazkur affiks yana qayta tiklandi, uning vositasida ko‘plab yangi so‘zlar hosil qilindi. -män//- man affiksi bilan yasalgan bunday yangi so‘zlar turk adabiy tilida hozir ham faol qo‘llanmoqda. -man qo‘shimchasi bilan yasalgan turkman etnonimi haqida yuqorida aytilganidek turli qarashlar bor. Turk olimi Ziyo Go‘kalp yozadi: “Biz turkmon bilan turkmanni ajratamiz. Turkmonlar, Salur Qara Xon va Chanaq Xon, Satuq Bug'ra va Ilik Xon nomlariga ega bo‘lgan bir Xoqoniya davlati hukmdorining zamonida islomni qabul etgan va hanuz islomni qabul etmagan Sharq turklari bilan urush olib borgan ellar va budunlar to‘plilig‘idir. Turkmon so‘zi “Turkka o‘xshash” degani. Oralarida din farqi bo‘lgani uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri turkmiz deya olmasdilar. Turkmanlar esa, bular turkmonlar orasida hanuz el hayotini yashayotgan va haligacha ko‘chmanchilikdan voz kechmagan bir o‘g‘uz elidir” [Gökalp, 1991:17-18]. Turkiyada chop etilgan lug‘atlarda mazkur so‘zning ikki xil shakli keltiriladi va shunday izoh beriladi. “Turkmon (Türkman) (Fars. Turkmān). “Turkman” so‘zining eski matnlarda uchraydigan asl shakli” [Misalli Büyük Türkçe Sözlük. 2005:127]. Turkman (Türkmen) (Fars. Turkmandan). “O‘g‘uz turklarining bir bo‘lagi va bu bo‘lakdan bo‘lgan kishi”. Tojik adabiy tilining lug‘atida “turkman // turkmon ﻦﺎﻤﻛ ﺮﺗ //ﻦﻤﻛﺮﺗ turkiy tillar oilasiga mansub xalq nomi” [Фарҳанги, 1969:378]. Iroq turkmanlariga nisbatan “turkmon” etnonimi qo‘llaniladi. Ko‘rinib turibdiki Turkiya va Tojikistonda nashr etilgan lugatlarda turkman va turkmon so‘zlari bir xil maʼnoda ekanligi qayd etilgan. Yuqorida Navoiy asarida keltirilgan Ko‘ngul bermish so‘zumga turk, jon ham, Ne yolguz turk, balkim turkmon ham baytidagi “turkmon” ham Ziyo Go‘kalp aytgan maʼnoda emas, balki “turkman” maʼnosida qo‘llangan. Shuni ham qayd etish lozimki, mazkur baytning Turkiyadagi nashrida ushbu so‘z “turkmon” emas, balki “turkman” (Türkmen) shaklida berilgan. Bu ham “turkman” bilan “turkmon” maʼnoda farqlanmasligini bildiradi.
171 Umuman, hozirgi o‘zbek adabiy tili va shevalarida mazkur qo‘shimchaning - man, -men, -mon variantlari uchraydi. “Devonu lug‘otit turk” va Navoiy asarlari tilida esa uning -män/-man/-men shakllari mavjud. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Ahmet B. Ercilasun. Türk Dili Tarihi. Baskı| Ankara 2005. – B. 319. 2. Наджип Э.Н. Иселедования по истории тюрских языков XI-XIV вв. – М., 1989. 3. Маҳмуд Кошғарий “Девону луғотит турк”. С.Муталлибов таржимаси. – Тошкент, 1960. 4. Divanü lügat-it-Türk Tercümesi. I. Ankara, 1985. – B. 479-480. 5. Ғуломов А.Ғ. Ўзбек тилида -мɔн аффикси. Ўзбек тили ва адабиёти масалалари. – №3. – Тошкент, 1961. – Б. 20. 6. Фарҳанги забони тожики. – Душанбе, 1969. – Б. 408. 7. Дониёров Х.Д. -ман, -мон аффикси ва унинг қипчоқ шеваларида қўлланиши ( ва генезиси). Ўзбек тили грамматик қурилиши, лексикология ва диалектологияси масалалари. V чиқиши. – Самарқанд, 1976. – Б. 19-24. 8. Кононов А.Н. Грамматика современного турецкого литературного языка. – М., 1956. – С.105. 9. Йўлдошев Р. “Кўнгул бермиш сўзумга” ёки бир сўз маъноси хусусида // Ўзбек тили ва адабиёти.– №5. – Тошкент, 1997. – Б. 62-65. 10. Бартольд В.В. Очерк истории туркменского народа. Сб. – Туркмения,1929. – С. 5-6. 11. Агаджанов О.Г. Очерки истории огузов и туркмен Средней Азии IX-XIII вв. – Ашхабад, 1969. – С. 12. 12. Маҳмуд Кошғарий. Девону луғотит турк. III том, – Тошкент, 1963. – Б. 421-422. 13. Материалы по истории туркмен и Туркмении. VII-XV вв. – М., 1939. – C. 313. 14. Алишер Навоий. Мукаммал асарлар тўплами. Ўн учинчи том. Мажолисун-нафоис. – Тошкент, 1997. – Б. 158. 15. Қўнғуров Р., Тихонов А. Ўзбек тилиниг чаппа луғати. – Самарқанд, 1968. 16. Yusuf B. Turk tilining ters lug‘ati. – Toshkent, 2004. 17. Ziya Gökalp. Türk uygarlığı tarihi. İstanbul. 1991. – B. 17-18. 18. Misalli Büyük Türkçe Sözlük. – Ankara, 2005. – B. 1276.