scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

XORAZM SHEVALARIDAGI ARABIY O'ZLASHMALARNING SEMANTIK XUSUSIYATLARI

Shukurjon Norbayeva

Full text

177 XORAZM SHEVALARIDAGI ARABIY O‘ZLASHMALARNING SEMANTIK XUSUSIYATLARI Shukurjon Norbayeva, filologiya fanlari doktori (DSc), Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori v.b. DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488895 Annotatsiya. Ushbu maqolada Xorazm shevalaridagi ayrim arabiy o‘zlashmalarning semantik xususiyatlari ochib berilgan bo‘lib, ularning etimologik tahliliga ham keng o‘rin berilgan. Shuningdek, ular hozirgi o‘zbek hamda eski o‘zbek tili materiallari bilan qiyoslangan. Kalit so‘zlar: sheva, o‘zlashma, etnografik leksika, arabizm, murakkab so‘zlar, semantik xususiyatlar. O‘zbek xalq shevalari leksikasida boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar ham alohida o‘rin tutadi. Tilshunoslikda bunday so‘zlarning yuzaga kelishi hamda semantik tabiatini ko‘zdan kechirish bizga qiziqarli faktlarni taqdim qiladi. Bizga ma’lumki, VII-VIII asrlar mobaynida Markaziy Osiyo arablar tomonidan istilo qilinganidan keyin musulmon hokimiyati bilan bog‘liq urf-odatlar, rasmrusumlar yerli aholiga singdirila boshlandi, arab tili davlat tili hisoblandi, ilmiy, qisman, badiiy asarlar arab tilida yozildi. Natijada davlat hokimiyatining turli tomonlariga oid tushunchalarni aks ettiruvchi so‘zlar mahalliy xalq tiliga kirib kela boshladi, keyinchalik esa ular o‘zlashib ham ketdi. Yana bir tomondan, fors tili va diniy, falsafiy kitoblar orqali ham ancha arabcha so‘zlar mahalliy tillar so‘z qatlamidan o‘rin oldi. Umuman olganda, arab lug‘aviy birliklari, birikmalarining turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tiliga o‘zlashish sabab va vositalari haqida olimlarimiz ko‘plab ilmiy mulohazalarni bayon qilganlar [Абдуллаев, 1945, 1946: 83-93; Акылбекова, 1964; Мадраҳимов, 1977: 41-46; Усмонов, 1968: 109-120; Бегматов, 1981: 11-124]. Etimologik jihatdan arab o‘zagiga aloqador bo‘lgan ba’zi so‘zlar mahalliy tilning o‘z so‘zidek bo‘lib ketgan, ya’ni hozirgi til, tafakkur nuqtayi nazaridan boshqa tildan olinganligi sezilmaydi. Masalan, qalam, kitob, vatan, dunyo kabi. Xorazm shevalari leksikasi tizimida ham arab lug‘aviy qatlamiga mansub so‘zlar uchraydi. Ulardan ayrimlariga e’tibor qaratamiz. Xalaqa ro‘molning bir turi bo‘lib, xotin-qizlar lachak ustidan o‘rab, orqaga tashlab qo‘yadilar. Bu so‘z, asosan, Gurlan, Mang‘it, Yangibozor tumanlari aholisi nutqida ishlatiladi. Xalaqa arabcha – “halqa” [Ан-наъим, 2005: 194] so‘ziga aloqador bo‘lib, matoning halqa shaklida o‘rab qo‘yilishi shu nomga asos bo‘lgan. Xorazm vohasi etnografik leksikasiga oid isqat so‘zi “murdaning kiyimi”, “vafot etgan odamning kiyimi” ma’nosini anglatadi. F.Abdullayevning qayd etishicha, “isqatini bär” jumlasi “o‘lgandan keyin qolgan kiyimlarini ber” mazmunini 178 bildiradi [Абдуллаев, 1961: 49]. Bu so‘zning asli arabcha isqot bo‘lib, u saqata – tushmoq, tushib ketmoq, to‘kilmoq fe’li asosida shakllangan. Boshqacha qilib aytganda, isqot ushbu hosila fe’lning IV bobi (asqata)ning masdaridir [Иброҳимов, 1997: 202]. Asqataning “tushirmoq”, “tushirib yubormoq”, “urib tushirmoq”, “ag‘darmoq”, “tashlab yubormoq”, “yiqitmoq” kabi ma’nolarini [Ан-наъим, 2005: 377] e’tiborga olsak, uning “tashlab yuborish”, “tashlab yuboriladigan narsa” mazmuni yuqoridagi izohga mos keladi. Isqot so‘zining ushbu etnografik ma’nosi hozirgi arab tilining o‘zida yo‘q. Mulohazamizcha, isqotning bu tarzda etnografik ma’no kasb etishiga, adabiyotshunoslikda ta’rix san’atida biror kishi vafoti munosabati bilan isqot termini ishlatilishiga ham ma’lum darajada aloqador bo‘lsa kerak. Biror kishi vafotiga bag‘ishlangan ta’rixda harflar anglatgan raqamdan biror raqamlar hosil qiluvchi so‘z yoki anglatgan raqamni olib tashlash isqot deyiladi [Dorj]. Masalan, yake az zillilloh kam shud – zillilloh (Ollohning soyasi – podshoh)lardan biri kamaydi. Bunda, ishoraga ko‘ra, zillilloh so‘zi harflarining raqam ifodasi yig‘indisidan 1 (bir)ni olib tashlash isqot sanaladi. Isqot faqat mutavaffiyot (vafot munosabati bilan yozilgan) ta’rixlardagina ishlatiladi. O‘tmishda ham, hozir ham dafn marosimlarini imomlar boshqarishini, ilgari ularning ko‘pchiligi arab tilini, badiiyat ilmini yaxshi bilgan, ta’bi nazmi bor odamlar bo‘lganini e’tiborga olsak, bizning bu mulohazamizni ma’lum darajada asosli, deb hisoblash mumkin. Arab tilidan o‘zlashgan so‘zlarning ayrimlari diniy mazmunni ifodalovchi leksikadir. Barcha shevalar qatori Xorazm shevalarida ham faol bo‘lgan mana shunday so‘zlar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin: qȉyamӓt (qiyomat), mӓchit (masjid), zakat (zakot), ushir (ushurunning qisqargani), dӓfin (dafn), kӓlimӓ (kalima), niyӓt (niyat), bismilla (bismilloh), savap (savob), iyman (imon), miyit (tobut), arvah (arvoh), avmin (omin), ayat (oyat), duva (duo) va hokazo. Xalpa so‘zi Xorazmda eng faol ishlatiladigan arabcha so‘zlardan biri hisoblanadi. Aslida, bu so‘z arabcha xalifa so‘zi bilan aloqador bo‘lib, birinchidan, shevada eski maktabda qoloq o‘quvchilarni otaliqqa olgan, unga o‘rgatuvchi o‘quvchiga nisbatan ham xalpa so‘zi ishlatidi. Bu jihatdan bu so‘z S. Ayniyning “Eski maktab”idagi xalifani eslatadi. Ikkinchidan, Xorazmda hozir bu so‘zning ma’nosi sal boshqacharoq ma’no kasb etgan, aniqrog‘i, xalpa so‘zi lapar, hazil - mutoyiba ohangida, shuningdek, turli termalar hamda dostonlardan parchalarni garmon yordamida ijro qiladigan xotin - qiz ashulachilarga nisbatan ishlatiladigan bo‘lib qolgan. Uchinchidan, ushbu so‘z arab tilidagi “o‘rinbosar” ma’nosiga yaqin holda janoza va ma’rakalarda diniy va pand-nasihat, tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan har xil asarlarni musiqasiz o‘z ohangi bilan ijro etadigan, shu yo‘l bilan davradagilarga tasalli beruvchi ayollarga nisbatan ham ishlatiladi. Masalan: Jumyaz aka öldi, 179 mӓrӓkasinӓ xalpa tavip kelish kӓrӓk (Jumyaz aka vafot etdi, ma’rakasiga xalfa topib kelish kerak). Ḡayȉr so‘zi ham arab tilidan kirib kelgan bo‘lib, tadqiqot obyektimizda o‘zga, begona, egri, yomon ma’nolarida qo‘llaniladi. “O‘zbekcharuscha lug‘at”da uning qizg‘anch, baxil ma’nolariga ega ekanligi qayd etilgan. Gurlan va Yangibozor shevalarida ushbu so‘zning, bulardan tashqari, egri (g‘ayir adam - egri odam), (g‘ayirliq qilma - yomonlik qilma) ma’nolari keng qo‘llanadi. Häz so‘zi ham arabcha bo‘lib, halovat, lazzat ma’nosiga ega. Ta’kidlash kerakki, bu so‘z hozirgi lug‘atlarda uchramaydi. Shevada häz so‘zi asosiy ma’nosini saqlagan holda Xorazm shevalarida ham kayf-safo, mazza, rohatlanish, yaxshi kayfiyat kabi ma’no ottenkalarini ifodalaydi. Masalan: Dȉm hӓz ettigav - Juda mazza qilik-a). Maḡzava so‘zi ham ma’nosida ayrim o‘zgarishlarga uchragan arabcha so‘zlardan hisoblanadi. Mazkur so‘z, aslida, kir suvi ma’nosini anglatadi. Xorazm shevalarida bu so‘z ko‘chma ma’noda gapga, so‘zga tushunmaydigan, bemaza, ezma ma’no qirralari bilan ham namoyon bo‘ladi: Ra:s, bir maḡzava ӓkӓnsӓn-dӓ (Rosa, bemaza ekansan-da). Yana shunday so‘zlardan biri ḡassal so‘zidir. Xorazm shevalarida, shuningdek, arab tilining o‘zida ham bu so‘zning vafot etgan odamni, ya’ni o‘likni yuvuvchi ma’nosi mavjud. Shimoliy Xorazm shevalarida ana shu ma’no asosidan yuzaga kelgan dangasa, ishyoqmas kabi ko‘chma ma’nolari ham qo‘llanadi. Kelib chiqishi arabcha bo‘lgan quyidagi dehqonchilik leksikasiga oid so‘zlarni ham qayd qilish mumkin: mulk – yer, narsa, buyum, mulkiya – yer mulkchilik shakli, ijӓrӓ – “yerdan olingan hosilning teng yarmini yer egasiga berish sharti‟ va h.k. Arabcha so‘zlar termini so‘z birikmalari tarkibiga ham kirgan: sheytan azalï “traktor plugi‟, payg‘ambar qabaq “qovoq‟, payg‘ambar arpa, summul suv “hosil yetilishidan avvalgi sug‘orish‟, eshon yer: vaqïm “vaqf yer‟. Bunda birinchi so‘z arabcha bo‘lsa, ikkinchisi – o‘zbekcha (turkiy) so‘z. Ikki o‘zga til elementlaridan ham murakkab so‘zlar tashkil topishi mumkin. Masalan: ḡӓllӓkӓsh ḡӓllӓ (arab.) + kӓsh (forscha so‘z yasovchi qo‘shimcha); shalïkӓsh “sholikor‟ (forscha), paxtakash “paxtakor‟, nurxorda nur (arab.) + xorda (fors.) – “yemoq‟, mulkdor: mulk (arab.) + dor. Dehqonchilik leksikasida tuzilishi jihatidan arabcha-o‘zbekcha murakkab so‘zlar ham ajralib turadi: Kӓlӓmӓ bashi - ish boshi (arab.) suvni birinchi bo‘lib oladigan dehqon. Mulk (arab.) “yer”, “davlatga qarashli ish qurollari‟, “meros‟ yerdan foydalanishning ushbu shaklida egasiga tegishli yer maydoni (mulkiya). Ḡӓllӓtam//ḡӓllӓqana (arab.) - don saqlash uchun mo‘ljallangan xona, bino. Shunisi qiziqki, asosan, fe’l bo‘lmagan shakllar, misol uchun ot va sifatlar o‘zlashib, fe’l shakllari deyarli o‘zlashtirilmagan. Xorazm shevalarida quyidagi namuna asosida tarkib topgan leksik birliklar katta qatlamni tashkil etadi: o‘zlashtirilgan ot + qo‘shimcha fe’l: ushur chïqarmaq, dӓstӓ bermӓk: dӓstӓ tashamaq: xïrman almaq, 180 dӓnӓsi dolmaq, xana bag‘lamaq, mala basmaq, xosha chöplӓmӓk “bashaq termaq‟, taba tutmaq va h.k. Bu xil murakkab terminlarning hosil bo‘lishida, asosan, et-, al-, qoy-, ber-, qayt-, turkabi ko‘makchi fe’llar ishtirok etadi. Xalq shevalari leksikasida arab lug‘aviy qatlamiga mansub so‘zlarning paydo bo‘lishi o‘ziga xos omillarga ega. Shulardan biri bu so‘zlarning katta ko‘pchiligi shevalar tabiatiga ko‘ra og‘zaki tarzda o‘zlashganidir. Shu sababli ularning arab tilidagi ma’nolari bilan o‘zbek tilidagi ma’nolari o‘rtasida bir qadar farq bor. Bundan tashqari, ularning ayrimlari bevosita arab tilidan emas, og‘zaki tarzda o‘zlashmalar ko‘p miqdorni tashkil etuvchi fors tili orqali tilimizga kirib kelgan bo‘lishi mumkin. Har holda ilmiy manbalar orqali shevalarga so‘zlarning o‘zlashishi bir qadar qiyin kechadi. Bunga isbot sifatida aytish mumkinki, besh vaqt namoz nomlarining hammasi (bomdod, peshin, namozgar, shom, xufton) fors tilida bo‘lib, ular keyinchalik turkiy nomlar (ertangi, yasatqi...) o‘rnini egallagan. Ularning arabcha nomlari (“asr”dan boshqasi), asosan, ilmiy manbalarda, badiiy asarlarda uchraydi. Lekin ta’kidlash kerakki, arabiy o‘zlashmalar doirasi faqat ma’rifiy-madaniy, diniytasavvufiy tushunchalar bilan cheklanmaydi. Xorazm shevalaridagi etimologiyasi arab tiliga borib taqaladigan so‘zlar tahlili bizning yuqoridagi mulohazalarimizni tasdiqlaydi. Muhimi, bunday tahlillar arabiy o‘zlashmalar omillarini belgilash, ayrim o‘rinlarda ularning o‘zlashgan, tilimizga kirib kelgan muddatlarini tasavvur qilish imkonini beradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Абдуллаев Ф. Арабизмы в узбекском языке: Автореф. дисс. канд. филол. наук. – Ташкент, 1945. 2. Абдуллаев Ф. Ўзбек тили лексикасининг баъзи бир масалаларига доир // Тил ва адабиёт институти асарлари, 1-китоб. –Тошкент, 1946. 3. Абдуллаев Ф. Хоразм шевалари. – Тошкент: Фан, 1961. 4. Акылбекова З. Арабизмы // Источники формирования тюркских языков Средней Азии и Южной Сибирии. – Фрунзе, 1964. 5. Ан-наъим. Арабча-ўзбекча луғат. – Тошкент: Абдулла Қодирий номидаги халқ мероси нашриёти, 2005. 6. Ан-наъим. Арабча-ўзбекча луғат. – Тошкент: Абдулла Қодирий номидаги халқ мероси нашриёти, 2005. 7. Бегматов Э. Арабча ўзлашма сўзлар қатлами // Ўзбек тили лексикологияси. – Тошкент: Фан, 1981. 8. Иброҳимов Н., Юсупов М. Араб тили грамматикаси. – Тошкент, 1997. 9. Мадраҳимов О. Ўзбек тилининг ўғуз лаҳжаси лексикаси. – Тошкент, 1977. 10. Ўзбек тили лексикасида арабча сўзлар // Ҳозирги замон ўзбек тили. Лексикография. Фонетика. Графика ва орфография. Морфология. Фахри Камол таҳрири остида. – Тошкент: Фан, 1957. 11. Усмонов С. Ўзбек тилининг луғат составида тожикча-форсча ва арабча сўзлар // Навоийга армуғон. – Тошкент, 1968. 12. Dorj 3. Jostoju. Al-rams. www. mehkrarkham. com.