scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

MADANIYAT QISHLOQ SHEVASINING FONETIK XUSUSIYATLARIGA OID MULOHAZALAR

Hasanov Abdumannon

Full text

181 MADANIYAT QISHLOQ SHEVASINING FONETIK XUSUSIYATLARIGA OID MULOHAZALAR Hasanov Abdumannon, OʻzR Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti Oʻzbek tili tarixi va dialektologiya boʻlimi mudiri, filologiya fanlari doktori DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488911 Annotatsiya. Bu maqolada Baxmal tumanidagi Madaniyat qishlogʻi shevasining fonetik oʻziga xosligi haqida fikrlar bildirilgan. Sheva ahlining kundalik soʻzlashuv jarayonlarida kuzatiladigan tipik fonetik oʻzgachaliklar tegishli soʻzlar asosida koʻrsatib oʻtilgan. Shevaning fonetik tizimidagi xususiyatlarning paydo boʻlish omillari va boshqa shevalardagi koʻrinishlariga munosabati haqida ham ayrim mulohazalar bayon etilgan. Kalit soʻzlar: tovush, fonetik oʻzgarish, artikulyatsiya, talaffuz; sheva, hudud. Har bir shevaning oʻziga xos fonetik jihatlari bor. Bu jihatlarni tilshunoslikda artikulyatsiya bazasi [Jamolxonov, 2005: 30] deb nomlanadigan tushuncha misolida koʻrib oʻtish mumkin. Agar sheva vakili boshqa sheva yoki adabiy tildagi birlikni talaffuz etsa, uning tovushi oʻz shevasi fonetik xususiyatini “oshkor qilib qoʻyadi”. Shu bois ham koʻpgina kishilar soʻzlovchining talaffuzi (tovushlarni aytishi) asosida uning qaysi sheva vakili ekanligini ilgʻab oladilar. Bu holat koʻrsatadiki, kishining qaysi sheva vakili ekanligi, birinchi galda, uning talaffuzi asosida idrok etiladi. Boshqa hududlarda bir muddat yashagan (masalan, boshqa hududdagi ta’lim muassasasasida oʻqigan yoki ishlash uchun boshqa hududlarda bir muddat istiqomat qilgan) kishilarda shevaga xos xususiyatlar ham oʻzgaradi: uning shevaga xos talaffuz koʻnikmalari oʻsha (boshqa) hududda unga hamrohlik qilgan kishilar artikulyatsion bazasiga yaqinlashadi, oʻsha kishilar qoʻllaydigan leksik va grammatik birliklarni qoʻllashga oʻrganadi, bir soʻz bilan aytganda, uning shevaga xos lisoniy koʻnikmalari “buziladi”. Bunda kishining lisoniy koʻnikmalari lisoniy muhitga moslashishi ancha vaqt talab qiladi. Vaqt davomiyligining oshishiga mutanosib tarzda yangi koʻnikmalarning shaxs lisoniy ongida mustahkamlanishi ham qat’iylashadi. Bu kabi holatlar koʻrsatadiki, muayyan shevaning oʻziga xosligi, birinchi galda, uning fonetik tizimida namoyon boʻladi. Demak dialektologik tadqiqotlarda shevaning fonetik xususiyatlariga e’tibor qaratish birlamchi masalalardan sanaladi. Madaniyat qishloq ahli oʻzbek millati tarkibiga kiruvchi turk qavmidan tashkil topgan. Turklarning kichik bir guruhi kaltatoylar Baxmal tumanining ma’muriy markazi – Oʻsmat shaharchasida istiqomat qiladi. Kaltotoylarning oʻziga xos shevasi X.Joʻrayev tomonidan oʻrganilgan [Joʻrayev, 1981: 144]. Mazkur tadqiqot salkam yarim asr oldin amalga oshirilgan va unda asosan kaltatoy urugʻining shevasiga diqqat qaratilgan. Madaniyat qishlogidagi turk urugʻu shevasi ham kaltatoylar 182 shevasiga oʻxshash boʻlsa-da, kichik va juz’iy oʻzgachaliklar ham uchraydi. Shu bois biz tushbu maqolada turk elatining aynan turk urugʻiga mansub boʻlgan Madaniyat qishlogʻida istiqomat qiluvchi aholi shevasiga e’tibor qaratdik. Biz oʻrganayotgan Madaniyat qishloq shevasi fonetikasi oʻzbek adabiy tili va boshqa shevalardan jiddiy farq qilmaydi. Chunonchi, shevaning qarluq lahjasiga mansub ekanligi uning adabiy tilga yaqinligini yana bir bor dalillaydi. Sheva fonetikasining eng muhim jihatlar ham qarluq lahjasiga oid umumiy qonuniyatlarga hamohangligini qayd etish joiz: sheva “y”lovchi sheva boʻlib, unda “j”lashish hodisasi kuzatilmaydi (cäppä, cävlïk, becäḡim kabi soʻzlar bundan mustasno, ular qoʻshni qipchoq shevalaridan oʻzlashgan). Shuningdek, shevaning qoʻshni tojik tili bilan ta’sirlashuvi natijasi sifatida “o”lashish biroz kuchli (bu haqda quyida misollar taqdim etiladi). Shevaning yana bir oʻziga xos fonetik jihati unda oʻ tovushi soʻz boshida kelganda, odatda, v tovushi bilan birgalikda talaffuz etiladi (masalan, vötïn, völlï (oʻldi) shaklida. Öşä, öt (olov) soʻzlari bundan mustasno). Shevada soʻz oxiridagi jarangsiz undoshlarning jarangli undoshga aylanishi ham kuzatiladi (masalan, quyüḡ, çïrāḡ; teräg, bïläg va b.) Shevada unli va undosh tovushlarning miqdori va sifati boshqa qarluq tip shevalarnikiga oʻxshash. Madaniyat qishloq shevasida 6 ta [Жўраев, 1981: 15] unli borligi qayd etiladi: ä, ā, ï, e, ü, ö. Undoshlar soni esa 24 tani tashkil etadi: b, d, f, g, h, c, j, k, l, m, n, p, q, r, s, t, v, x, y, z, ḡ, ş, ç, ɳ. Madaniyat qishloq shevasida fonetik oʻzgarishlar asosan nutq jarayonida pozitsion va kombinator omillar ta’sirida yuzaga keladi. Sheva ahlining nutqiy tezligi oʻrtacha. Kishilarning yosh xususiyatiga hamohang tarzda keksalarda biroz vazminlik (sekinlik) kuzatiladi, yoshlarda esa nisbatan tez gapirishga moyillik seziladi. Biroq keksalar nutqida ham (vazmin boʻlishiga qaramasdan) fonetik oʻzgarishlar yaqqol koʻrinadi. Quyida shevaning eng tipik fonetik oʻzgarishlari haqida ma’lumot beriladi. [ä > ā] oʻzgarishi: hālï, älāv, äsqātmāq, ärāzlämāq, bāhānä, cāhān. Bu oʻzgarish asosan koʻp boʻgʻinli soʻzlarda kuzatiladi. Chunonchi, ilk boʻgʻini ochiq boʻgʻin boʻlgan Co-CV hamda o-CVC tarkibli soʻzlarda kuzatiladi. Ikkinchi boʻgʻinda a tovushining o ga oʻzgarishi asosan fe’l turkumi doirasida uchraydi. [ā > ä] oʻzgarishi: yäqqa (yoqa), yämān, sämān, tämāḡ, ämān, äyāḡ, därräv, ketmän, ärväx, küyäv. Bu oʻzgarish ham asosan koʻp boʻgʻinli soʻzlarda kuzatiladi. Chunonchi, birinchi boʻgʻini ochiq boʻgʻin boʻlgan Co-CVC hamda CoC-CV yoki VC-CoC (CVC-CoC) tarkibli soʻzlarda kuzatiladi. Ikkinchi boʻgʻindagi o tovushining a ga oʻzgarishi juda kam uchraydi. Madaniyat qishloq shevasida a va o unlilarining oʻrin almashishi ham kuzatiladi: qarā, älā, ävqāt kabi. Ushbu soʻzlarning eski (turkiy) tilda ham shu 183 shaklda qoʻllangani shevaning til tarixiga oid materiallarni ham aslicha saqlab kelayotganini dalillaydi. [ö > ā] oʻzgarishi: cāyäg, vāq (öq), yāḡ (yoʻq ma’nosida). Bu oʻzgarish shevada oʻ unlisining oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq. Sheva ahli oʻ tovushi soʻzning birinchi boʻgʻinida (undoshdan keyin) kelganda uni o ga monand talaffuz etadi. Bu holat ayrim soʻzlargagina xos xususiyat boʻlib, istisnoli holatlar ham koʻp (masalan, töy, böy). Shuningdek, vāq (oʻq) soʻzi talaffuzida ham [ö > ā] oʻgarishi kuzatiladi (ammo vöt, vör (oʻr) soʻzlari bundan mustasno). [ü > ï] oʻzgarishi: tämbïr (tanbur ma’nosida), zämbïr. Bu oʻzgarish orqa qator tor unlining lab undoshi tasirida old qator tor unliga aylanishidan yuzaga keladi. Bu oʻzgarish asosan koʻp boʻgʻinli soʻzlarning oxirida kuzatiladi. [e > ye] oʻzgarishi: yeshshag, yechki. Mazkur oʻzgarish e tovushi soʻz boshida kelgandagina kuzatiladi. Soʻz oʻrtasida va oxirida bunday holat kuzatilmaydi. Bu oʻzgarish bizningcha, e tovushining soʻz boshida kelish holatlari kamligi bilan izohlanadi. Aslida ham, bunday holatlarning kamroq ekanligi e tovushining soʻz boshida kelishi til tarixining nisbatan keyingi davrlarida faollashganiga bogʻliq (oʻ tovushi haqida ham shunday fikrlarni aytish mumkin). [ï > ye] oʻzgarishi: yekki. Bu oʻzgarish yuqoridagi holatga oʻxshash. Lekin faqat ikki soʻzining talaffuzi bilan bogʻliq vaziyatdagina voqelanadi. [ä > ï] oʻzgarishi: düşänbï, seşänbï, çārşänbï, päyşänbï, şänbï yäkşänbï. Bu oʻzgarish asosan yuqoridagi hafta kunlari nomida kuzatiladi. Bu oʻzgarish yondosh tojik xalqining talaffuziga taqlidan shakllanganini ilgʻash qiyin emas. [ä > ï] oʻzgarishi yuqoridagi soʻzlardan boshqa birliklarda uchramaydi. [ö > vö] oʻzgarishi: vör, vötïn. Bu oʻzgarish yuqorida tavsiflanganidek, shevaning muhim oʻziga xos fonetik xususiyati hisoblanadi. Oʻ tovushi bilan bogʻliq ushbu xususiyat shevada ancha oldindan mavjud boʻlganligini taxmin qilish mumkin. Zero, vötvöçāq kabi kompozitsion yasalmalalar tarkibida ham oʻ tovushining voʻ tarzida istifoda etilganligi shunday xulosa qilishga imkon beradi. Shuningdek, oʻ tovushining soʻz boshida kelish holatlari kamligi ham uning v bilan birga talaffuz etilishiga olib kelgan. [ü > vā] oʻzgarishi: vāqalämāq. Mazkur oʻzgarish faqat uqalamoq soʻzi bilan bogʻliq holatda sodir boʻladi. Buning asosiy sababi uqalamoq soʻzidagi u oʻ tovushiga monand talaffuz etiladi. Bu esa yuqoridagi ([ö > vö] oʻzgarishi) kabi holatni voqelantiradi. Madaniyat qishloq shevasida uchraydigan fonetik oʻzgachaliklar undoshlar miqyosida ham kuzatiladi: [b > p] oʻzgarishi: pütün, püt, pït, pïtïrmāq. Madaniyat qishloq shevasida b tovushining soʻz boshida qoʻllanilishi mavjud. Biroq yuqoridagi kabi soʻzlarda b 184 tovushining jarangsizlashishi kuzatiladi. Umuman b tovushining soʻz oxirida hamda soʻz oʻrtasida jarangsiz undosh bilan yonma-yon kelganda jarangsizlashishi oʻzbek adabiy tili uchun ham umumiy qonuniyat [Jamolxonov, 2013: 133]. Biroq shevalarda uning soʻz boshida, xususan, bVtVC, bVt tarkibli ayrim soʻzlarda jarangsizlashishi kuzatiladi. Bu oʻrinda jarangsizlashayotgan b tovushining oʻzgarishiga keyingi jarangsiz undosh (t)ning ta’sir mavjudigini ham e’tirof etish oʻrinli. [t > d] oʻzgarishi: dāvüş, däşqarï. Qishloq shevasida oʻgʻuz lahjasi elementlariga xos xususiyatlar ham uchraydi. Xususan, t tovushining soʻz boshida jaranglilashishi ayrim (yuqoridagi) soʻzlarda reallashadi. Lekin bu holat u qadar koʻp emas. [q > gʻ] oʻzgarishi: çïrāḡ, tüyāḡ, tämāḡ, yāḡ (“yoʻq” ma’nosida). Shevada soʻz oxiridagi q tovushining jarangli undosh gʻ ga aylanishi ham kuzatiladi. Bu holat, bizningcha, mazkur tip soʻzlarning aksariyat hollarda egalik qoʻshimchalarini olishi va shuning natijasida “gʻ li soʻz”ga aylanib qolishi bilan bogʻliq. [k > g] oʻzgarishi: teräg, tïrsäg, peçäg, küräg. Bu oʻzgarish ham yuqoridagiga oʻxshash: soʻz oxiridagi k tovushining jarangli undosh g ga aylanishi tarzida voqelanadi. Uning reallashishi ham tegishli soʻzlarning aksariyat hollarda egalik qoʻshimchalarini olishi natijasida “g li soʻz”ga aylanib qolishi bilan izohlanishi mumkin. [b > v] oʻzgarishi: kïtāv, xïtāv. Bu oʻzgarish portlovchi undoshning soʻz oxirida sirgʻaluvchiga aylanishi tarzida voqelanadi [Ashirboyev, 2021: 26]. Yuqoridagi soʻzlardan tashqari -ib (-b) ravishdosh shakli ham, koʻp hollarda, -ïv (-v) shaklida talaffuz etiladi. [q > x] oʻzgarishi: tāxsän, mäxtän, yāxtï (“yoʻq, mavjud emas” ma’nosida). Mazkur oʻzgarish dissimilatsiya yoki assimilatsiya asosida sodir boʻladi. Q tovushining sirgʻaluvchi yoki portlovchi tovush bilan yonma-yon kelishi natijasida uning moslashishi yoki boshqacharoq xususiyatga intilishi natijasida yuqoridagi kabi oʻziga xos fonetik hodisa voqelanadi. [y > c] oʻzgarishi: cäppä (yoppa), cävlïk (“yovliq; hamma, barcha” ma’nosida). Mazkur oʻzgarish, asosan, yondosh qipchoq shevalari ta’sirida paydo boʻlgan. Bu tip oʻzgarishlar Madaniyat qishloq shevasida juda kam. Kuzatiladiganlari ham qoʻshni sheva talaffuziga taqlidan paydo boʻlgan (asosan, yuqoridagi ikki soʻz faol, boshqa holatlar me’yoriy emas). [t > ç] oʻzgarishi: çüşünmädïm, çüşürmāq (masalan, Bābām şörvā pïşïrdï, ïçïgä çïçqān çüşürdï). Bu oʻzgarish nisbatan kamroq uchraydi. Uning soʻnggi davrda yuzaga kelganligini ta’kidlash oʻrinli. Bu oʻzgarishning mohiyati ham assimilyatsiya bilan bogʻliq boʻlib [Reshetov, 1978: 37], uning voqelanishida ch va t tovushlarining integral (til oldi portlovchi) ekanligi muhim omil boʻlgan. 185 [s > ç] oʻzgarishi: çïçqān, çāç. Bu oʻzgarish ham assimilyatsiya bilan bogʻliq boʻlib, uning voqelanishida soʻz tarkibidagi ikkinchi undoshning regulyativ vazifasi muhim omil boʻlgan. Bu oʻzgarish ham juda kam sonli soʻzlarda kuzatiladi. [ş > y] oʻzgarishi: täylä. Bu oʻzgarish faqat tashlamoq soʻzi bilan bogʻliq. Sheva vakillari orasida asosan, keksalar nutqida tashlamoq soʻzining yuqoridagi kabi talaffuzi kuzatiladi. Oʻrta va yosh avlod vakillar esa bu soʻzni täşämāq tarzida (l tovushini tushirib) talaffuz qilish odatiy hisoblanadi. [ḡ > y] oʻzgarishi: bāylä. Bu oʻzgarish ham faqat bir soʻzda, bāylamāq soʻzida kuzatiladi. Sheva vakillari orasida bogʻlamoq soʻzining adabiy talaffuz shakli deyarli qoʻllanmaydi. L – 0 morfonemasining voqelanishi: kesïn, āsïn, bömädï. Shevada boshqa oʻzbek shevalarida ham kuzatiluvchi ushbu fonetik hodisa koʻproq kuzatiladi. Bir boʻgʻinli va oxiri l undoshi bilan tugagan fe’llar talaffuzida, odatda, l tovushi talaffuz qilinmaydi. Shu fe’llarga unli bilan boshlanuvchi (-a, -ar, -ib, -uv, va b.) qoʻshimchalar qoʻshilganda l tovushi istisnosiz talaffuz etiladi. Bundan tashqari Madaniyat qishloq shevasida progressiv assimilyatsiya: däptär (daftar), kettï (ketdi); regressiv assimilatsiya: kellï (keldi), ïssïz (izsiz); progressiv dissimilyatsiya: zärïl (zarur); regressiv assimilatsiya: qirxtä (qirqta) kabi turlari uchrashini qayd etish joiz. Madaniyat qishloq shevasida geminatsiyaning turli koʻrinishlari uchraydi. Masalan, sh tovushi geminatsiyasi qāşşïḡ, yäşşïg, уeşşäg, āşşïḡ, teşşïḡ kabi soʻzlarda yaqqol seziladi. Biroq barcha ikki boʻgʻinli va ikkinchi boʻgʻin boshida sh keluvchi soʻzlarda mazkur holat takrorlanavermaydi. Xususan, yeşïk (eshik) soʻzida sh tovushining ikkilanishi sodir boʻlmaydi. Umuman. Madaniyat qishloq shevasining fonetik oʻziga xosligi yuqorida tavsiflangan jihatlar bilan adabiy tildan va boshqa oʻzbek shevalaridan biroz farqlanadi. Shevaning adabiy til bilan mushtarak fonetik jihatlarini tavsiflashga ehtiyoj yoʻqligi bois, shu oʻrinda mulohazalarga yakun yasash mumkin. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Решетов В., Шоабдураҳмонов Ш. Ўзбек диалектологияси. – Тошкет, 1978. – 231 б. 2. Ashirboyev S. O‘zbek dialektologiyasi. – Toshkent: “Nodirabegim” nashriyoti, 2021. – 176 b. 3. Жўраев Х. Ўзбек тили турк-калтатой шевасининг фонетик ва лексик хусусиятлари (Самарқанд, Жиззах, Сирдарё областлари материаллари асосида). – Тошкент: Фан, 1981. –144 б. 4. Jamolxonov H. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. – Toshkent: “Talqin” nashriyoti, 2005. – 272 b.