scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

MUMTOZ SHE'RIYATDA TAKRORNING QO'LLANISHI (TARIXI TADQIQIGA BIR NAZAR)

Sevara BARATOVA

Full text

193 MUMTOZ SHE’RIYATDA TAKRORNING QO’LLANISHI (TARIXI TADQIQIGA BIR NAZAR) Sevara BARATOVA, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti filol. fan. b-cha falsafa d-ri [email protected] ORCID: 0009-0007-8784-3826 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488933 Annotasiya: Ushbu maqolada takrorlarning poetik nutqdagi ishtiroki, ularning turlari, nutqda emotsionallik, jozibadorlik, muhimi, obrazlilik hosil qilishdagi mavqeyi masalasi haqida soʻz yuritilgan. Ayni chogʻda, takrorlarning soʻfiyona-pandnoma asarlardagi oʻrni yuzasidan mulohazalar havola etilgan. Manba sifatida Soʻfi Olloyorning “Sabot ul-ojizin” asari olingan. Kalit soʻzlar: Takror, qaytariq, turlari, tovush takrori, soʻz takrori, misra takrori, bayt takrori, band takrori, mukarrar, misralararo takror, bir misrada takror. Lingvopoetikada takrorlarning alohida o‘rni borligi ma’lum. Fonetik, leksik, morfologik va sintaktik takrorlar poetik nutqning jozibadorligini ta’minlaydi, she’rga o‘ziga xos musiqiylik bag‘ishlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, takrorlar poetik nutqqa obrazlilik baxsh etadi. Albatta, bunda takrorlar matnga muayyan maqsadlar bilan kiritilib, she’rning ravon leksikasiga putur yetkazmasligi e’tiborda tutiladi. “Poeziyada so‘zning mustaqilligi ortadi, bu xususiyat, ayniqsa, so‘z va tovush takrori priyomlari, radif, refren (naqorat) va qofiyada aniqroq namoyon bo‘ladi” [Тўйчиев, 2011: 151]. Takrorning she’riyatdagi mavqeyi beqiyos bo‘ladi, takrorning har qanday turi o‘zida she’r muallifining ma’lum bir maqsadini mujassamlashtiradi [Қуронов, Мамажонов, Шералиева, 2010: 305]. Shayx Sa’diy “Ey, sorbon oy istayur oromijonim boradur” g‘azalida “o” assonansini, [Шерозий, 1954: 224] Alisher Navoiy “Xazoyin ul-maoniy”ning birinchi devonidagi 9 baytli fotiha g‘azal (A.Rustamiy) “Ashraqat...”da “may” va “jom” so‘zlarini to‘qqiz martadan ishlatgan [Навоий, 2011: 22]. Yoki Mohlaroyim Nodira “Firoqnoma”sida “Hech kim, yo Rab, jahonda yoridin ayrilmasun, Jondan ortuq, mehribon dildoridin ayrilmasun” baytini o‘n o‘rinda, [Нодира, 2001: 346] Muqimiy “O‘zum har joydaman, ko‘nglum sandadur” misrasini yetti o‘rinda [Муқимий, 1960: 243] qaytarib, she’rda parallelizm hosil qilgan va ma’shuqa vasfi hamda o‘z kechinmalarining lirik bayonining xalqona go‘zal namunasini yuzaga keltira olgan. Mazkur fonetik, leksik, sintaktik takror o‘z vazifalarini shu qadar aniqlik hamda ta’sirchanlik bilan ado etganki, bulardan she’rning umumg‘oyasi tez ayon bo‘lib, she’rlarning ritmik xususiyatlari ohorli tus olgan va ohangdorlik maksimal darajada namoyon bo‘lgan. “Ey sorbon”dagi “o” assonansi ichki nido (oh, uh, o)ni to‘kis namoyon qilsa, Navoiydagi “may” hamda “jom” timsoli tagma’nosi bilan ilohiylik, so‘fiyonalik tushunchasida butun bir g‘azalning leytmotivini 194 shakllantiradi, devonlardagi keyingi g‘azallarning mundarijasini belgilab beradi. Nodira tarje’bandidagi takror uning Amiriy firoqidagi ruhiy kechinmalarini to‘kis namoyon qilsa, Muqimiyning boshqa bir murabba’sidagi “Man mubtalo qayda boray” ritorik so’roq gap takrori lirik qahramonning ma’shuqa beparvoligi oldida ilojsizlik holatini takror orqali yuzaga kelgan tajohuli orif san’ati vositasida yuzaga chiqaradi. Sharq she’riyatida takrorning qo‘llanishi bu bilan to‘xtab qolmagan, albatta. Tovush, so‘z, misra, bayt, band takrorining bu qadar ko‘p yillar, asrlar mobaynida bardavom bo‘lganligi, so‘fiyona-pandnoma asarlarda ko‘p uchraydi. “Sabot ul-ojizin” asarida takror turli o‘rinlarda qo‘llanilib, badiiylikni ta’minlash, asar tilining jozibali chiqishiga xizmat qilgan. Ilmiy adabiyotlarda takrorning fonetik, morfologik hamda sintaktik takror kabi turlari haqida ma’lumotlar keltirilgan. “Sabot ulojizin”da u kishilik olmoshining poetik shakli ani, aning, anga, anda, andin, shu so‘zning ko‘plikdagi poetik shakli alarning, alarni, alarga, alarda, alardin, va hatto, oni, ondin, onga, one, ul, o‘sha olmoshining poetik shakli o‘shal tarzda ham ko‘p takrorlanganligini ko‘rish mumkin: Sarig‘ yog‘dek anga bo‘lgin muloyim, Suchuklikni asaldek ayla doim. [Zohid, 2018: 105] Tut ul do‘stingni sut ustida qaymoq, Aziz joningcha ko‘rgil, balki behroq. [Zohid, 2018: 105] Xudoning buyrug‘idin toysa nogoh, Birodarlik o‘shaldur – qilsang ogoh. [Zohid, 2018: 105] Turlangan bu ko‘rsatish olmoshining asosan jonli tilda uchraydigan muning, muni, munga, munda, mundin variantlarini mualliflar qayta-qayta takrorlaganini ham ko‘rish mumkin: Taajjub mundin o‘tmas, jar labinda Bani Odam hanuz o‘z matlabinda. [Zohid, 2018: 64] Quyidagi baytda esa ana ko‘rsatish olmoshi bir necha marta takrorlanib, ohangdorlikni yuzaga keltirgan: Xudo ul bandag‘a qildi inoyat, Necha kun o‘tmayin topti valoyat. Ana xulq-u, ana hilm-u, ana hol, Ana davlat, ana nusrat-u iqbol! Ana himmat, ana xullat, ana kor, Ana tab’iyyati sultoni abror! [Zohid, 2018: 141] Bayt matnida bir so‘zning aynan takror kelishi, ta’kid va taajjub ma’nosini kuchaytirishga xizmat qilgan. Keltirilgan bayt mumtoz adabiyot an’analariga mos 195 tarzda tuzilgan bo‘lib, xalq og‘zaki ijodiga xos mubolag‘a takror bilan uyg‘unlikda o‘ziga xos ifoda shaklini yuzaga keltirgan. Xullas, takrorlar har qanday badiiy asar uchun misoli bezak bo‘la oladi. Takrorlar orqali ijodkorlar o‘z asarlari tilini benihoya ta’sirchan, obrazli qilib shakllantirishga erishganlar va soddalikni, xalqonalikni, o‘zbek lutfiga xos bo‘lgan samimiylikni ta’minlaganlar, Zero takrorlar bir stilistik usul sifatida asarning o‘qimishliligini, tushunarliligini oshirishga sabab bo‘ladi. Muayyan qalamkash qo‘llagan ohorli takror badiiy asarda takid ma’nosini kuchaytiruvchi, ta’sirchanlikni oshiruvchi, yozuvchining badiiy mahoratini belgilovchi unsur sanaladi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Тўйчиев У. Ўзбек адабиётида бадиийлик: мезонлари ва уларнинг маромлари. – Тошкент: Янги аср авлоди, 2011. – Б. 151. 2. Қуронов Д., Мамажонов З., Шералиева М. Адабиётшунослик луғати. – Тошкент: Академнашр, 2010. – Б. 305–306. 3. Муслиҳиддин Саъдий Шерозий. Девон. – Душанбе: Сталинобод, 1954. – Б. 224. 4. Алишер Навоий. Ғаройиб ус-сиғар // Тўла асарлар тўплами. 10 жилдлик. 1-жилд. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2011. – Б. 22. 5. Нодира-Комила. Девон. – Тошкент: А.Қодирий номидаги Халқ мероси нашриёти, 2001. – Б. 346–349. 6. Муқимий. Асарлар тўплами. – Тошкент: Давлат бадиий адабиёт нашриёти, 1960. – Б. 243–244. 7. Абдулла Авлоний. Танланган асарлар. – Тошкент: Маънавият, 2006. – Б. 178. 8. Ҳамза Ҳакимзода Ниёзий. Тўла асарлар тўплами. 5 томлик, 2-том. Шеърлар. Педагогик рисолалар. Насрий асарлар. – Тошкент: Фан, 1988. – Б. 29. 9. Rashid Zohid. Ravoyihur rayhon. Soʼfi Olloyor “Sabot ul-ojizin” sharhi. – T.: Sharq, 2018. – B. 105, 64, 141.