scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK TILINING NIYOZBOSHI SHEVASI

Sevara Dosmuhammedova Baxodir qizi

Full text

196 O‘ZBEK TILINING NIYOZBOSHI SHEVASI Sevara Dosmuhammedova Baxodir qizi, O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori Instituti kichik ilmiy xodimi, E-mail- @Ziloshka0777 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488937 Annotatsiya: Maqolada Yangiyo‘l tumani Niyozboshi qishlog‘i shevasida uchraydigan so‘zlarning fonetikasi tahlilga tortilgan. Niyozboshi shevasida uchraydigan singarmonizm, proteza, sinkopa, epenteza, epiteza, apokopa, reduksiya hodisalariga misollar keltirilgan. Kalit so‘z: Niyozboshi shevasi, fonetik jarayon, fonema, unlilar, qattiq unli. Ma’lumki, hozirgi o‘zbek adabiy tili jamiyatimizdagi boshqa tillar kabi kun sayin rivojlanib bormoqda. Xalqlarning qardoshlarcha do‘stligi va o‘zaro ishonchi sharoitida milliy tillar teng huquqlilik va bir-birini boyitish asosida rivojlanib boradi. XXI asrga kelib, hozirgi zamon o‘zbek adabiy tilining taraqqiyoti jarayonida o‘zbek sheva va dialektlariga xos xususiyatlar asta-sekin yo‘qolib bormoqda. Shuning uchun o‘zbek tilining xilma-xil sheva va dialektlarini to‘la-to‘kis o‘rganish, bular ustida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish o‘zbek dialektologlari oldida turgan muhim vazifalardan biridir. O‘zbek dialektlarini dastlab ilmiy ravishda tekshirgan va bu sohada anchagina ish qilgan tilshunos olimlardan biri prof. Ye.D.Polivanovdir. Polivanov asarlari o‘zbek tili shevalarini o‘rganish va ularning tadqiqot yo‘llarini aniqlashda qimmatli manbalardan biri hisoblanadi. O‘zbek shevalarini tekshirish sohasida Qirg‘iziston Fanlar akademiyasining a’zosi prof. K.K.Yudaxinning xizmati alohida ahamiyat kasb etadi. Yudaxinning qator asarlari o‘zbek dialektologiyasidagi ko‘plab masalalarni ilmiy asosda yoritib beradi [Юдахин, 1927:140]. Y.D.Polivanov “O‘zbek dialektologiyasi va o‘zbek adabiy tili” nomli asarida (1933) o‘tgan asrning birinchi choragidayoq o‘zbek tili boshqa turkiy tillardan o‘zining ko‘p shevaliligi bilan ajralib turishi haqida ma’lumot bergan edi [Поливанов, 1933:22]. Mahalliy shevalarni tekshirish va bilish tarixiy-lingvistik va tarixiy-etnografik nuqtai nazardan ham katta ahamiyatga ega. Chunki, xalq shevalari tilning tarixiy takomilini o‘zida aks ettiradi. Tilni boyituvchi manba bu sheva hisoblanadi. Nazar Rajabov o‘zining “O‘zbek shevashunosligi” kitobida mashhur tilshunos olim V.V.Reshetov haqida quyidagi ma’lumotlarni keltiradi: V.V.Reshetov o‘zining nomzodlik dissertatsiyasini 1940-yilda o‘zbek tilining Marg‘ilon shevasiga va 1952-yilda doktorlik dissertatsiyasini Toshkent viloyatining Qurama shevalariga bag‘ishladi. U birinchilar qatorida o‘zbek lahjalari va shevalari materiallarini to‘plash uchun 1947-yilda transkripsion belgilar tizimini ishlab chiqdi. Uning “Современный 197 узбекский язык” (1946), “Узбекский язык” (1959), hamkorlikda 1962-yili “Ўзбек диалектологияси” kabi asarlari o‘zbek shevashunosligi taraqqiyotiga katta hissa bo‘lib qo‘shildi [Ражабов, 1996:35]. O‘zbek shevashunosligiga oid materiallarni yozib olish va ularni keng tahlil etish hozirgi vaqtda ham keng ko‘lamda olib borilmoqda. Ushbu sohada O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlari jamoalari katta mehnat qilmoqdalar. O‘zbek adabiy tili imlosini mukammalroq o‘rganish, atamalar tanlash va to‘g‘ri talaffuzni egallash uchun ham o‘zbek xalq shevalarini o‘rganishning ahamiyati kattadir. Ko‘pgina unli va undoshlar, grammatik shakllar, so‘z yasovchi qo‘shimchalar hamda shular kabi til materiallarining adabiy tilimizga olinishida qaysi shevaning qanchalik hissasi bo‘lganligini shevalarni yetarli darajada o‘rganmasdan turib, tasavvur qilib bo‘lmaydi. Umuman, lahja va shevalar hozirgi vaqtda ham adabiy tilni boyitadigan manbalardan hisoblanadi. O‘zbek milliy tilining taraqqiyot jarayoni faqat sheva materiallarini yetarlicha o‘rganish orqali aniqlanadi. Tadqiqotimizning asosiy ob’yekti Niyozboshi shevasidir. Niyozboshi Toshkent shahrining Yangiyo‘l tumanidan 4 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, u Yangiyo‘l tumaniga qaraydi. Daha aholisi uzoq tarixga egadir. Niyozboshiliklar tarixi shu qishloq keksalaridan birining og‘zaki ma’lumotiga qaraganda, qishloq aholisi taxminan bundan 200 yil oldin Jizzaxning Mo‘rkon degan joyidan ko‘chib kelgan. Sheva vakillarining aytishicha Niyozboshi nomi ularga Xudoyorxon tomonidan berilgan. Ya’ni qadimda Xudoyorxon devor qurdirgan va uning qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan oltita odamga xon tomonidan Niyoz qilingan ko‘chaning boshi degan qarashlar ham bor. Ushbu sheva vakillarining tilida tovushlarning o‘zgarishi, jaranglashish yoki jarangsizlanish, tushib qolish yoki orttirilish, o‘rin almashish yoki kuchsizlanish va nutq jarayonida hosil bo‘lgan undoshlarning o‘rin almashishi, sinkopa, epenteza, epiteza, proteza, apokopa, reduksiya kabi hodisalar uchraydi. Niyozboshi shevasi o‘zining unlilar tarkibiga ko‘ra “ā” lashgan shevalar guruhiga kiradi. Lekin “ā” va “a” fonemasining qo‘llanish jihatidan bu sheva “ā” lashgan shevalardan ayrim jihatlari bilan farq qiladi. Ayrim o‘zbek shevalarida asosiy fonema hisoblangan “a” asl turkiy fonema bo‘lib, Niyozboshi shevasida alohida fonema sifatida qo‘llanmaydi. “ā” shakli barcha hollarda, ya’ni til oldi yoki til orqa undosh tovushlar bilan qator kelganda ham, bitta fonema hisoblanadi. Masalan, änä, mänä, äjt, täšlä, ätälä, käläkä, kälävä, käptāj (koptok), kältäj (kaltak), kāttä, γälädān (ot/tortma) kabi. Niyozboshi shevasida singarmonizm buzilgan bo‘lib, talaffuzda “ā” lashish ko‘proq uchraydi. Unli tovush uyg‘unligi yoki ohangdoshlik hodisasi uchramaydi. Shuning uchun ham ulardagi unlilarning miqdori ko‘p emas. Mazkur shevada unli 198 fonema 6-7 tadan oshmaydi. Bular: -i, - ї, -i:, -u, -ä, -ā, -ϵ lar bo‘lib, sheva vakillarining talaffuzida yaqqol bilinib turadi. Unli fonemalar quyidagicha tasniflanadi. 1. Yuqori ko‘tarilish unli fonemalari: - i, - i:, - ї, - ї:, -u. Bulardan “-i” til oldi, lablanmagan, qisqa talaffuz qilinadi: istänčä (bekat), ištän (lozim), tüymižan (ilgich), tilmä (panshaha). “-i:” fonemasi til oldi, lablanmagan, cho‘ziq talaffuz qilinadi: i:pläs (toza emas kir), ši:päj (oyoq kiyim), aši: (ana o‘sha), mäši: (mana shu). “-ї” fonemasi til orqa, lablanmagan, qattiq unli bo‘lib, sheva vakillarining tilida ko‘p uchraydi: paqїr (chelak), їqїr (semirish), dānγїr (ovozni baland ohangda chiqishi), xїšša (shisha, butilka), apatї (amakining ayoli, kelinoyi), γalvїr (elak). Ayrim so‘zlar borki, ular har qanday sintaktik holatga kirishganda ham o‘z tarkibidagi -i ni saqlaydi. Masalan, qāpčiq (axlat solinadigan qop) qāpčiγim, taγdir-taydirim, taxmin-taxminim kabi. Rus tilidan kirgan so‘zlarda shevada Proteza hodisasi yuz beradi va bir -i unlisi orttiriladi: istänčä, istakān, iškāp, istāl, istul. Shevada til orqa -ї va -i tovushlari alohida fonema bo‘lmay, ular “-i” fonemasining variantlaridir. -i tovushining to‘liq reduksiyasi, ya’ni nol darajada kuchsizlanishi, ko‘proq so‘z o‘rtasida, urg‘usiz ochiq bo‘g‘inda uchraydi va shu bilan birga so‘zda sinkopa hodisasi yuzaga keladi. Masalan: Mälkä (Malika), qutča (quticha), Pātmä (Fotima), Xäččä (Hadicha), xärdār (xaridor) kabi. Ba’zi so‘zlarga egalik affiksi qo‘shilganda undagi -i, -n tovushlari reduksiyaga uchraydi: qārin+im=qānim. Bu holat ikki bo‘g‘inli so‘zlarning so‘nggi bo‘g‘inidagi tor unlida ko‘proq uchraydi. Sheva vakillarini nutqida sinkopa hodisasiga ham duch kelamiz. Masalan, burun-burnibunni, qorin-qorni-qānni, o‘rin-o‘rni-onni (onni bilinvätti), og‘iz-og‘zi-ā:zi (ā:zim ārivätti). Shu o‘rinda, shevada proteza hodisasini ham uchratamiz masalan: sinip (sinf), ilim (ilm) kabi. Qator o‘zbek shevalarida, dastavval, Toshkent va Toshkent yaqinidagi shevalarda -i fonemasi o‘zining o‘zgaruvchanligi bilan ajralib turadi va urg‘usiz bo‘g‘inlarda, jarangsiz undosh tovushlar o‘rtasida, ba’zan bir jarangli va bir jarangsiz orasida, jarangsiz undoshlardan oldin kelgan holatlarda reduksiya uchraydi [Ражабов, 1996:117]. -u fonemasi lablangan, til oldi tovushi. Niyozboshi shevasida -u o‘zgaruvchan tovush. -u fonemasining yumshoq varianti -ü asosiy fonemaga nisbatan tilning oldinroq qismida, yumshoqroq talaffuz etiladi. Masalan: gül, külgi, külčä. Ayrim o‘zbek shevalarida til oldi -ü unlisi bilan til orqa -u unlisi ham talaffuzda, ham so‘z ma’nolarini belgilashda farq qiladi. Shu sababli bu unlilar qatnashgan so‘zlar omonim holatda qo‘llaniladi. Masalan: tür (turmoq va rang ma’nosida), üč (uchmoq, biror 199 narsaning uchi va raqam ma’nosida), tüš (tushmoq, tush ko‘rmoq), kül (kulmoq va olovdan qolgan kul ma’nosida), jüz (raqam va bet ma’nosida), tüz (tuzmoq va tuz ma’nosida). -u fonemasi quyidagi o‘rinlarda ishlatiladi. So‘z boshida va bir bo‘g‘inli so‘zlarda: uz, umir, umirbāt, ulāv, ustä, ustbāš (ustibosh), usmä-us (ustma-ust), žup (juft), muš (musht), sut, sus (sust). Ko‘p bo‘g‘inli so‘zlarning birinchi bo‘g‘inida ham bu tovush o‘z xususiyatini saqlaydi: burčej (burchak), šunde (shunday), munčä (buncha) kabi. Niyozboshi shevasida -u urg‘usiz ochiq bo‘g‘inda va ba’zan ikki undosh orasida ham juda qisqa -i shaklida aytiladi. Masalan, milk (mulk), dimälā (dumaloq), millā (mulla), їzāγ (uzoq), tizā (tuzoq). Ayrim hollarda -u o‘z xususiyatini yo‘qotmay keladi: ulā: (uloq) so‘zi їlā shaklida talaffuz qilinmaydi. Yuqoridagi misollardan Niyozboshi shevasidagi -u fonemasining nafaqat fonetik xususiyati, balki fonetik jarayonlarini ham kuzatdik. Bular anakopa, ya’ni so‘z oxirida keluvchi undosh tovushlarning tushib qolish hodisasidir: muš (musht), tor (to‘rt), poyez (poyezd), dos (do‘st), γiš (g‘isht) kabi. O‘zbek xalq shevalarining talaffuzida qator undoshlarning so‘z oxirida keladigan t undoshi talaffuzda tushib qolishi xosdir. Niyozboshi shevasida: go‘sht – gāš, poytaxt – pājtax [Ражабов, 1996:34]. -e fonemasi o‘rta-keng, lablanmagan bo‘lib, ko‘p hollarda so‘z boshida yoki ikkinchi bo‘g‘inda ishlatilinadi: ejerlālu (tayyorlaylik, hozirlaylik), āttej, telve-teskäri. Bir bo‘g‘inli, yopiq bo‘g‘inli so‘zlarda -e tovushi normal kenglikdagi -e fonemasiga nisbatan bir muncha torroq aytiladi: kel, tez, ter, bel. -e unlisi quyidagi ko‘rinishlarda qo‘llaniladi: tijmä (tegma), dijqān (dehqon), žimpїr (jenfer), xičbir (hech bir), їtiyāt (extiyot). Yuqoridagi tijmä, dijqān so‘zlarida - e tovushining torayishi uning yonidagi -y tovushining ta’siridir. -e unlisi chuqur til orqa undoshlari bilan qator kelganda, -ї tovushiga yaqinroq aytiladi: xїl-xїl pišipti, devālgä yїš urdi. Bu yerdagi -ї fonemasi tilning ancha orqa qismida hosil bo‘ladi. -i fonemasining -ї variantiga o‘tishi ko‘p hollarda reduksiya hodisasini yuzaga keltiradi. Ya’ni so‘z tarkibidagi ayrim tovushlar pozitsiyasi kuchsizlanadi: k(i)š(i), iš(i), bāš(i). -o fonemasi, o‘rta-keng, lablangan, tilning o‘rtaroq qismida hosil bo‘luvchi tovush. Bu tovush asosan Niyozboshi shevasida so‘z boshida va birinchi bo‘g‘inda ishlatiladi. Masalan, ozäji (o‘zagi), ozbāšimčä, ojin (o‘yin), ordej (o‘rdak), orij (o‘rik), osmä, o:rї (o‘g‘ri), soz, čontej (cho‘ntak), xorāz va boshqalar. Mazkur shevadagi -o fonemasi ushbu shevada ancha barqaror bo‘lib, rus tilidan kirgan so‘zlarda ba’zan til oldi unlilariga, ba’zan esa keng unlilarga o‘zgaradi: doxtir (doktor), direktir (direktor), traktir (traktor), pučkä (puchok), kijnā (kino), kijlā (kilo). Bu o‘rinda biz yuqoridagi misollarni epenteza hodisasiga ham olishimiz mumkin. 200 Xususan, rus tilidan kirgan so‘zlarda -o tovushining -ā ga, yoki -ä ga o‘tish holati shevada deyarli normal holat hisoblanadi. Masalan, kälxāz (kolxoz), sepxāz (savxoz), piregül (progul), kämsämāl (komsomol), zuvänäj (zvanok). Shuningdek, kishi familiyasini anglatuvchi -ov affiksidagi -o unlisi -i ga, -v undoshi -p tovushiga o‘tadi. Masalan: Tāšmätip, Häsänip, Sälimip kabi. Ammo, xotin-qizlar familiyasida -i reduksiyaga uchrab, o‘z pozitsiyasini kuchsizlantiradi: Tālip(i)vä, Tāšmät(i)vä, Häjdär(i)vä. -ä fonemasi keng, lablanmagan, oldingi qator tovush. Bu tovush mazkur shevamizda so‘zlarning har bir bo‘g‘inida kela oladi. Masalan: äjäl (ayol), äjvän (ayvon), äzä, ärqān. Ushbu fonemaning -a variant tilning orqaroq qismida biroz qattiqroq talaffuz qilinadi va til orqa undoshlari bilan kelganda uchraydi: qadam, qajnāγ (qaynoq), γanimät (g‘animat), γanї (kishi ismi), xardār, xalx, xat kabi. Ko‘pgina turkiy tillarda til orqa -a tovushi faqat shakldagina emas, ma’no ajratishda ham xizmat qiladi va mustaqil fonema hisoblanadi. Ammo, Niyozboshi shevasida bunday farqni uchratmaymiz. Niyozboshi shevasida “-a” lashish hodisasi, ya’ni so‘zlarning birinchi va ikkinchi bo‘g‘inlarida -ā tovushi o‘rnida -ä ishlatilishi ko‘p kuzatilgan. O‘zbek adabiy tilida so‘z boshida hamda birinchi bo‘g‘inida -ā talaffuz etilsa, Niyozboshi shevasida -ä ishlatilganligini ko‘ramiz. Bu tomonidan mazkur sheva Farg‘ona shevalar guruhiga o‘xshaydi. Masalan: jäqa (yoqa), järdäm (yordam), jänidä (yonida), ävqāt (ovqat), äjāγ (oyoq). Shu bilan birga Farg‘ona sheva vakillarining nutqida ham uchratamiz: jäqa (yoqa), järdäm (yordam), jänidä (yonida). Umuman Niyozboshi shevasida unli fonemalar miqdor va sifat jihatidan adabiy tilimizdagi mavjud unlilarga mos kelmaydi. Shu bilan birga so‘zda joylashuviga ko‘ra unlilarning turli variantlari jihatidan Niyozboshi shevasi boshqa o‘zbek shevalaridan ozmi-ko‘p farqlanadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. К.К.Юдахин. Қорабулоқ шевасининг баъзи бир хусусиятлари, Сборник В.В.Бартолъду. Тошкент. 1927. – Б. 140. 2. Е.Д.Поливанов. Узбекская диалектология и узбекский литературный язык. УЗГОСИЗДАТ. 1933. – Б. 22. 3. Н.Ражабов. Ўзбек шевашунослиги. Тошкент. Ўқитувчи, 1996. – Б. 35.