OLAMNING LISONIY MANZARASI VA OILA KONSEPTI ( XORAZM VILOYATIDAGI O'ZBEK SHEVALARI MISOLIDA)
Full text
205 OLAMNING LISONIY MANZARASI VA OILA KONSEPTI ( XORAZM VILOYATIDAGI O‘ZBEK SHEVALARI MISOLIDA) Sotimova Hayotxon Mansurbek qizi Urganch davlat universiteti tayanch doktoranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488946 Annotatsiya. Ushbu maqolada olamning lisoniy manzarasi va konsept tushunchalarining ma’no mohiyati va ilmiy muomalaga kiritilishi, unga doir nazariy qarashlar, Xorazm shevalaridagi oila konseptining hududda qanday ifodalanishi xususida so‘z yuritiladi. Maqolada “konsept” atamasining o‘ziga xos jihatlari ochib berilib, Xorazm viloyati o‘zbek shevalaridagi oila konseptiga oid so‘zlar orqali yoritilgan. Kalit so‘zlar: olamning lisoniy manzarasi, konsept, ko‘ngil, sheva, “oila” konsepti, apka, og‘o. Olamning lisoniy manzarasi bu insonlarning til orqali dunyoni tushunish va tushuntirish shaklidir. Manzara so‘zi bu ko‘rinish, tasvirdir. Olam manzarasi qalam orqali-turli rangdagi bo‘yoqlar orqali chizilsa, olamning lisoniy manzarasi jahondagi turli xalqlarning turli tillarida turlicha ifodalanadi. Har bir xalq o‘z tarixiy tajribasi, ijtimoiy hayoti va madaniyatiga asoslangan holda dunyoni o‘zicha tushunadi va til orqali bu tushunchalarni shakllantiradi. Bu tushunchalar jamlanmasi tilshunoslikda “olamning lisoniy manzarasi” deb yuritiladi. Bu atamaga nisbatan “tilning oraliq dunyosi”, “dunyoning lisoniy vakili”, “dunyoning lisoniy modeli”, “olamning lisoniy manzarasi” kabi turli xil ifodalar qo‘llanilgan. Bu nazariya XX asr oxirlaridan boshlab tilshunoslikda keng muhokama qilina boshlagan bo‘lib, V.fon Humboldt, E.Sapir, B.Uorf, Y.D.Apresyan, A.Wierzbicka va G.Lakoff singari olimlarning ilmiy qarashlari asosida shakllangan.[3.5.9.11.12] Olamning lisoniy manzarasi tushunchasi orqali tilning inson tafakkuri va madaniy qadriyatlar bilan bevosita bog‘liqligi ko‘rsatib beriladi. Apresyan “olamning lisoniy manzarasi” tushunchasini til orqali insonning dunyoni qanday tasavvur qilishini ifodalovchi model sifatida taqdim etadi. Uning fikricha, til insonning ijtimoiy-tarixiy tajribasiga asoslangan holda, dunyoni anglash va tasniflash vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Apresyan bu modelni “dunyoning lisoniy vakili” yoki “dunyoning lisoniy modeli” deb ataydi.[3] Til – insoniyat tomonidan ajdodlardan meros qilib olingan ma’naviy boylik, tarkibida turli elementlar, qoidalar, barcha sathlardagi munosabatlar saqlanayotgan imkoniyatlar xazinasidir.[7.49-b] Har qanday til o‘zida mazkur til egasining dunyoqarashini ko‘rsatadigan va olam manzarasini shakillantiradigan milliy o‘ziga xos xususiyatlarni mujassamlashtirgan. Til insoniyatning olam haqidagi butun bilimlarini shakllanishi va mavjud bo‘lishidagi asosiy omildir. T.Y.Yakovleva olam lisoniy manzarasini tilda mavjud va shu tildan foydalanayotgan kishilar jamoasi uchun maxsus bo‘lgan borliqni qabul qilish sxemasi deb tushunishni takidlaydi.[13.21-b] Olamning lisoniy manzarasi Yakovleva
206 aytganiday faqat o‘sha tildan foydalanayotgan kishilar uchungina xos bo‘ladi. Ular borliqni qanday ko‘rinishda tushuna olsalar, shunday ko‘rinishda tasvirlaydilar. Nima uchun olamning lisoniy manzarasi turli tillarda turlicha? Bunga birgina oddiy misolni keltirishimiz mumkin. Masalan, bir makonda yashaydigan insonlar borliqdagi jamiki narsalarga, vaziyatlarga, tushunchalarga turlicha qarashadi. Ular dunyoni bilish darajalariga, dunyoqarashiga, kasbiga, ijtimoiy kelib chiqishiga ko‘ra har xil tasvirlaydi. Misol uchun telivizorda kino ko‘ryapmiz, kimdir bu kinoning ma’nomohiyatiga e’tibor berib, berilib kino ko‘radi, kimdir esa kinodagi aktyorlarning kiyimlari-yu soch turmaklari haqida gapiradi. Yoki kim uchundir mazali taomning o‘zi bir baxt bo‘lsa, kimgadir tuganmas boyliklar ham yetmaydi. Ko‘rayotganimizday kimdir narsaning chiroyli tomonini ko‘ra bilsa, kimdir uning teskari tarafini his qiladi. Insonning atrof-muhitni idrok etishi, tushunishi va unga munosabati subyektiv tajribaga, ijtimoiy-madaniy kontekstga hamda shaxsiy dunyoqarashga bog‘liq. Har bir inson dunyoni o‘z bilim doirasi, tajribasi va madaniy qadriyatlariga tayangan holda ko‘radi va tushunadi. Bu holat insoniyat tafakkurining xilma-xilligini ifodalaydi. Shu nuqtayi nazardan, til inson tafakkuri va olamni anglash usulining asosiy vositasi sifatida bu xilma-xillikni o‘zida aks ettiradi. Til nafaqat aloqa vositasi, balki dunyoni konseptual tarzda ifodalovchi vosita sifatida ham faoliyat yuritadi. Har bir tilda jamiyat a’zolarining tarixiy, madaniy, falsafiy va psixologik tajribalari mujassam bo‘lib, ular “olamning lisoniy manzarasi” tushunchasi orqali ilmiy tahlil qilinadi. Lisoniy manzara — bu til vositasida qurilgan, til egalarining dunyo haqidagi tasavvurlar tizimi bo‘lib, har bir tilning o‘ziga xos konseptual olamini yaratadi. Demak, bir makonda, bir manzilda turgan shaxslar dunyoni har xil ko‘z bilan ko‘raganidek, boshqa til vakillari ham olamning lisoniy manzarasini turlicha chizadi. Har bir til o‘z madaniy muhitiga xos bo‘lgan tushunchalarni yaratadi va ularni semantik jihatdan shakllantiradi. Masalan, rus tilida душа (ruh) tushunchasi keng semantik tarmoqqa ega bo‘lib, ruhiy kechinmalarni ifodalashda muhim rol o‘ynaydi. O‘zbek tilida esa ko‘ngil, taqdir, or, nomus, oila kabi tushunchalar milliy qadriyatlar asosida shakllangan konseptlardir. Bular orqali til nafaqat fikrni ifodalaydi, balki jamiyatdagi axloqiy, estetik va ijtimoiy me’yorlarni mustahkamlovchi vositaga aylanadi. Demak, lisoniy manzara – bu insonning dunyoga bo‘lgan jamoviy munosabatining til orqali kodlangan shaklidir. Olamning lisoniy manzarasi - bu hududda mavjud bo‘lgan tillar, shevalar va ularning o‘zaro aloqalari to‘plami bo‘lib, tilning ijtimoiy, madaniy va geografik qirralarini aks ettiradi [8.12-bet]. Bu Xorazm viloyatidagi o‘zbek shevalarining o‘ziga xos hududiy lingvistik manzarasida ham o‘z ifodasini topgan. Ular O‘zbekistonning boshqa hudud shevalaridan fonetik, morfologik va leksik xususiyatlari bilan ajralib turadi. F.Abdullayev “O‘zbek tilining Xorazm shevalari” asarida Xorazm
207 shevalarining leksik qatlamlari haqida “Xorazm shevalari leksikasida anchagina so‘zlar borki, ularning asl manbayi hozircha aniq emas… Bu so‘zlar shevalarga qadimgi xorazmliklar tilidan kirgan bo‘lsa kerak”, [1.141-b] degan fikrlarni bildirib o‘tgan. Xorazm viloyatidagi o‘zbek shevalarining til xususiyatlari va ana shunday boy leksik qatlami o‘z hududining ijtimoiy tuzilmasi va an’analarini aks ettiruvchi oila konsepti shakllanishida asosiy vosita hisoblanadi. Xorazm viloyatidagi o‘zbek shevalarida oila konsepti mahalliy an’analar va ijtimoiy munosabatlarga mos ravishda ko‘p qirrali va boy mazmunda ifodalanadi. Konsept kognitiv tilshunoslikda til va fikrlash orasidagi bog‘lanishni ifoda etuvchi asosiy tushuncha hisoblanadi. SH.Safarov ta’kidlashicha, konsept bu inson ongida ma’lum bir obyekt, hodisa yoki tushuncha haqida shakllangan bilim va tasavvurlar majmuyi bo‘lib, u til orqali ifodalanadi [8.40-bet]. Konsept lotincha “conceptus” “tushuncha” ma’nosida kelsada, ular o‘z ma’no nozikliklari bilan farqlanadi. Tushuncha ma’lum bir predmetni yoki g‘oyani ifodalaydi, konsept esa mazkur g‘oyalarni, fikrlarni yaxlit bir keng qamrovli tizim sifatida shakllantiradi. Konsept terminini ilk bor 1928-yilda rus tilshunosi Askoldov qo‘llagan. Olim konseptga “bu bir tur yoki boshqa turdagi tushunchalar haqida fikrlash jarayonini o‘zida aks ettiradigan birlikdir”, deya ta’rif beradi.[2.267-280-b] Kognitiv atamalar lug‘atida konsept atamasiga quyidagicha izohlanadi: konsept bizning tafakkurimizdagi aqliy va psixik resurslarning inson bilim va malakalarida aks etishiga xizmat qiladigan tushunchadir. Ma’lumki, bu leksema tilshunoslikda XX asrning birinchi yarmida paydo bo‘lib, 90-yillarga kelib keng qo‘llana boshlangan. Konsept termini tafakkur, anglash, ma’lumotlarni saqlash, va qayta ishlash kabi muammolar bilan shug‘ullanuvchi kognitiv psixologiya hamda kognitiv tilshunoslik, lingvokulturologiya fanlari uchun “soyabon” vazifasini o‘taydi. [6.331-b] Konseptlarning shakllanishida tilning mahalliy shevalari muhim rol o‘ynaydi, chunki ular hududiy madaniyat, an’ana va ijtimoiy munosabatlarning o‘ziga xos ko‘zgusidir. Oila konsepti – bu insonlarning bir-biri bilan ijtimoiy, emotsional va iqtisodiy jihatdan bog‘lanishini anglatadi. Oila, odatda, ota-ona va ularning farzandlaridan iborat bo‘lib, bu tuzilma ijtimoiy meyorlar, an’analar va qadriyatlar asosida shakllanadi. Oila konsepti jamiyatning barqarorligi va rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Ushbu tushuncha semantik jihatdan boy va murakkab bo‘lib, turli ijtimoiy va madaniy kontekstlarda o‘ziga xos ma’nolarni kasb etadi. Xorazm viloyatidagi o‘zbek shevalarida oila konsepti o‘ziga xos semantik va leksik jihatdan boyitilgan. Bu hududda oila a’zolarini nomlash va ularga nisbatan munosabat bildirishda ishlatiladigan so‘z va iboralar, shuningdek, oilaviy munosabatlar mahalliy kognitiv xarakterga ega. Misol uchun, Xorazm shevalarida
208 opa va singil atamalariga qo‘shimcha ravishda, oilada ijtimoiy rol va vazifalarni ifodalovchi ko‘plab leksemalar mavjud. Ajapa-opa, asosan Gurlan, Yangibozor tumanlarida opaning ajapa shakli muomalada. Äpkä-opa, apaya(apajä, apejä, apȉjä)- opa-singil; apayalɪ-opa-singilli; söchɪla yurtta dört apayalɪ öynɪ qorɪydɪla.[1.19-b] Biji-opog‘oyi, kelinoyi; uning Xonqa, Xiva tumanlarida jeŋŋä, jäŋŋä shaklida ham bor. Apabiji-erning opasi kelinga apabiji bo‘ladi[1.19]. Uning yana Qo‘shko‘pir, Xonqa, Urganch tumanlarida uning qäjȉnbikä, bikäch varianti ham bor. U ba’zi hududlarda erning opasi va singlisiga nisbatan baravar ishlatilsa, ba’zi hududlarda faqat erning opasiga nisbatan ishlatiladi. Erning singlisiga nisbatan esa baldȉz so‘zi qo‘llanadi. Oila kontsepti nafaqat birodarlar yoki ota-onalar bilan bog‘liq bo‘lib, balki kengroq ijtimoiy birliklarni ham qamrab oladi. Ushbu shevalarda ishlatiladigan so‘zlar va ifodalar, xususan, oila atamasi va unga bog‘liq tushunchalar hududiy madaniyatni aks ettiradi. Masalan, Xorazm shevalarida ota-ona, aka-uka kabi oila a’zolarining nomlanishi o‘ziga xos kognitiv tizim orqali shakllangan bo‘lib, bu tilning madaniy xususiyatlarini namoyon qiladi. Xorazm shevalarida oila a’zolarini nomlashda va ularning o‘zaro munosabatlarini ifodalashda ko‘plab maxsus so‘z va iboralar ishlatiladi. Quyida eng ko‘p ishlatiladigan va oila kontsepti bilan bog‘liq misollar keltiramiz: Apa-oyi(o‘z tuqqan onasi), apa- “Древнетюркский словарь”ning Mahmud Koshg‘ariy lug‘atidagi dialektik belgili so‘zlar ro‘yxati qismida qarluqcha va turkmancha ona deya izohlangan. Aba esa og‘uzcha ona deyilgan.[4.682-b] Äkä-ota, dada. Ata-bobo. Hazarasp tumanida esa ata ota ma’nosida qo‘llanadi. Änä, enä, mama-buvi. Urganch tumani G‘oybu qishlog‘ida onaning onasiga nisbatan farzandlar tomonidan buvilarning ota yoki ona tomonga mansubligini ajratish maqsadida buviga mama deyiladi. Āγa, aγa, a:γa -aka;[1.16] Yoshi katta insonga nisbatan hurmat ma’nosida ham a:γa deya murojaat qilinadi. A:γa-yor, mahbub. Misol: Säni aldab, jola salgan a:γaŋlara išanma [1.23]. “Древнетюркский словарь”da ham aγa aka deya izohlangan. [4.18] Aγäjä-aka-uka, og‘a-ini; bȉzär dört ag‘äjamȉz.[1.16] Aγäjnȉ-yaqin qarindosh aka-ukalar yoki yaqin do‘stlar bir-biriga nisbatan ishlatadi.[1.16]
209 Kättä äkä(Xonqa, Bog‘ot), ullȉ äkä(Urganch, Qo‘shko‘pr),-Xorazmda amakiga nisbatan ukaning farzandlari tomonidan unga bo‘lgan chuqur hurmat va mehrni ifodalash maqsadida aytiladi. Xuddi shunday kättä apa(Xonqa,Bog‘ot), ullȉ apa(Urganch,Qo‘shko‘pr) so‘zlari ham amakining xotiniga nisbatan qo‘llanadi. Unda kelinoyiga hurmat, mehr va yaqinlik ifodalangan. Bu so‘z va iboralar Xorazm viloyatidagi o‘zbek shevalariga mansub oila konseptini til va madaniyat orqali ifodalash usullaridan biridir. Har bir so‘z o‘ziga xos ma’no va madaniy qatlamga ega bo‘lib, hududiy o‘ziga xoslikni ochib beradi. Xulosa qilib aytsak, til – bu inson tafakkuri va madaniyatining ko‘zgusidir. Har bir til orqali yaratilgan lisoniy manzara o‘z egalarining dunyo haqidagi konseptual tasavvurlarini aks ettiradi. Tilshunoslikda lisoniy manzarani o‘rganish nafaqat tilning semantik va struktur jihatlarini, balki inson tafakkurining umumiy modelini ochib berishga xizmat qiladi. Ushbu yondashuv lingvistik tadqiqotlarni boshqa fanlar bilan – falsafa, psixologiya, madaniyatshunoslik bilan uzviy bog‘laydi. Demak, olamning lisoniy manzarasi — bu insoniyat tafakkurining til orqali yaratilgan konseptual olamidir. Xorazm shevalaridagi oila konsepti bu nafaqat lingvistik hodisa, balki xalqning madaniy xotirasi, ijtimoiy hayoti va ma'naviy qadriyatlarining til shaklidagi aksidir. Bu konseptni o‘rganish nafaqat dialektologiya, balki madaniyatshunoslik, psixolingvistika va konseptual lingvistika nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Абдуллаев Ф. Узбек тилининг Хоразм шевалари. – Тошкент: Узбекистон фанлар академияси нашриëти, 1961.-Б.141. 2. Ackольдов С.А. Концепт и слово // Русская словесность. От теории словесности к структуре текста. Антологтя. –M: Academia. 1997. – C.267-280. 3. Апресян Ю. Д. Избранные труды. Т. II: Интегральное описание языка и системная лексикография. – М.: Языки русской культуры, 1995. -767 c 4. Древнетюркский словарь. Астана.“Ғылым” баспасы; 2016.-B.708. 5. Humboldt W. von. Über die Verschiedenheit des menschlichen Sprachbaues und ihren Einfluss auf die geistige Entwicklung des Menschengeschlechts. -Berlin, 1836.-511 c 6. Кубрякова, Е. Когнитивный взгляд на природу частей речи // Словарь. Грамматика. Текст. – М., 1996. –331 c 7. Lakoff G. (1987). Women, Fire, and Dangerous Things: What Categories Reveal About the Mind. Chicago: University of Chicago Press. 1987. 614 c 8. Safarov, Sh. (2006). Kognitiv tilshunoslik. Jizzax: Sangzor nashriyoti. 12-30-bet. 9. Sapir E. (1921). Language: An Introduction to the Study of Speech. -New York: Harcourt, Brace and Company,1921. -B.258 10. Т.Бушуй, Ш.Сафаров. Тил курилиши: Тахлил методлари ва методологияси. “Фан” нашириëти. -B.49 11. Whorf B. L. Language, Thought, and Reality: Selected Writings. -Cambridge: MIT Press;1956.-B.278
210 12. Wierzbicka A. Semantics, Culture and Cognition: Universal Human Concepts in CultureSpecific Configurations. -Oxford: Oxford University Press; 1992.-B.487 13. Яковлева Т.Е. Системный анализ английских переходных глаголов. Автореф. дисс. ... канд. филол. наук. – Ленинград, 1980. – C. 21.