scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

KOMIL XORAZMIY DEVONIDA MUROJAAT BIRLIKLARI – UNDALMALARNING GRAMMATIK VA LINGVOPOETIK XUSUSIYATLARI

Elyor YULDASHEV

Full text

211 KOMIL XORAZMIY DEVONIDA MUROJAAT BIRLIKLARI – UNDALMALARNING GRAMMATIK VA LINGVOPOETIK XUSUSIYATLARI Elyor YULDASHEV, Urganch davlat universiteti mustaqil izlanuvchi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488948 Annotatsiya. Ushbu maqolada Komil Xorazmiy ijodida qoʻllangan undalmalarning lingvopoetik imkoniyatlari va ularning ifoda birliklari, ifoda shakllari hamda matnning badiiyestetik butunligini ta’minlashdagi ahamiyati xususida soʻz boradi. Kalit soʻzlar: Komil Xorazmiy, lingvopoetika, murojaat birliklari, undalma, yigʻiq undalma, yoyiq undalma, undov soʻz, otlashgan birlik. XX asrning 20-yillarida boshlangan murojaat birligi sanalmish undalmaga qiziqish hozirgacha davom etib kelmoqda. Jumladan, bu oraliqda ushbu sintaktik birliklar A.N.Kononov, A.Gʻulomov, Gʻ.Abdurahmonov, A.H.Sulaymonov, X.Doniyorov, A.Yuldashev, A.R.Sayfullayev, B.Oʻrinboyev, N.Mahmudov, A.Nurmonov, K.A.Turniyozova, S.Moʻminov, A.Omonturdiyev, Z.Akbarova, N.Ahmedova kabi olim va olimalar tomonidan oʻrganilgan. Ushbu tadqiqotchilarning nazariy va amaliy fikr-mulohazalari hozirgacha nashr qilingan darslik hamda oʻquv qoʻllanmalarga kiritib kelindi. Shularga asoslansak, murojaat birliklari dastlab undash soʻz, undash oti terminlari bilan, soʻngra undalma termini bilan yuritilib kelinadi [Юсупов, 1979: 18-21]. Demak, undalma soʻzlovchining nutqi qaratilgan shaxs yoki predmetni ifodalovchi va gap boʻlaklari bilan mazmunan bogʻlanadigan, ammo grammatik aloqaga kirishmaydigan sintaktik birlikdir. Yana bir jihatga e’tiborli boʻlish lozimki, undalma va murojaat birligi terminlari aynan bir tushuncha-hodisani nomlamaydi, ya’ni ular orasida ma’lum farqlanishlar mavjud: “murojaat birligi birikmasi undalma terminiga nisbatan keng ma’noni ifodalaydi va undalma murojaat birligining – umumiylikning xususiyligi – xususiy koʻrinishi hisoblanadi [Аҳмедова, 2008: 25]”. Yana bir jihatga – undalmaning gap boʻlaklari sirasiga kirish-kirmasligi masalasiga ham turlicha qarashlar mavjud. Jumladan, “oʻzbek tilshunosligida sintaktik shaklning tobe aloqaga kirishi (oʻzaro dominatsiya munosabati) uning gap boʻlagi hisoblanishining bosh mezoni sanaladi. Undalma esa gap boʻlaklari bilan sintaktik aloqaga kirishmaganligi uchun gap boʻlagi hisoblanmaydi, u qatnashgan gaplar esa murakkablashgan gap deb qaraladi [Ғуломов, 1987: 150]”. Murakkab gaplar yuzasidan tadqiqotlar olib borgan Gʻ.Abdurahmonov gap tarkibidagi sintaktik shakllarning oʻzaro tobelanish aloqasiga koʻra gap boʻlaklariga ajratish asosiga e’tiroz bildirib, undalmaning oʻziga xos gap boʻlagi ekanligini ta’kidlaydi [Абдураҳмонов, 1971: 52]. R.Sayfullayeva esa undalmaga xos bir necha grammatik 212 xususiyatlarni hisobga olib, undalmani ham gap boʻlagi, ya’ni uchinchi darajali gap boʻlagi sifatida tadqiq qiladi [Сайфуллаев, 1972: 80]. Shulardan kelib chiqsak, undalma va gap boʻlaklari masalasida ham hali turlicha qarashlar mavjud. Jumladan, undalmaning soʻz kengaytiruvchisi yoki gap kengaytiruvchisi ekanligi ham munozarali sanaladi. Murojaat birligi sanalgan undalma ba’zi qoʻllanmalarda gap kengaytiruvchisi sifatida izohlansa (“Undalma gap qurilishida eng muhim vositalardan biri hisoblanib, u gap umumiy mazmuni bilan aloqador va hamisha gap kengaytiruvchisi vazifasida kela oladi [Акрамов, 2004: 94]”), 2009-yil nashr qilingan qoʻllanmada quyidagi fikr-mulohazalar qayd qilinadi: “Gap undalma bilan ham kengayishi mumkin. Undalma gap tarkibidagi II shaxs kishilik olmoshi boʻlgan soʻzshakl ma’nosini muayyanlashtiruvchi unsur boʻlib, u mantiqan soʻz kengaytiruvchisi maqomida boʻladi. Biroq u kengayayotgan soʻz bilan bogʻlanganda, grammatik aloqaga ega emas. Undalma mazmunan bogʻlangan soʻzshakl nutq yoʻnaltirilgan shaxs yoki narsa-predmetni ifodalaydi… Demak, gap lisoniy strukturasiga bevosita daxldor boʻlmagan, gap tarkibidagi ifodalangan yoki ifodalanmagan ikkinchi shaxs olmoshining soʻz kengaytiruvchisi hisoblanadi [2, 2009: 376]”. Bizningcha, keyingi oʻquv qoʻllanmadagi fikrlar asosli. Ushbu maqolamizda material birligi sifatida Komil Xorazmiy “Devon”idagi murojaat birligidan undalma tanlangan boʻlib, ularning badiiy matndagi xususiyatlari tahlil qilingan. Bu jarayonda lingvistik tadqiqot metodlaridan qiyosiy, tavsiflash, asosan, tasviriy metoddan foydalanilgan. Tadqiqot materiallari tahlili jarayonida tasviriy, tasniflash, lingvopoetik, konseptual kabi metod va usullaridan foydalanildi. “Tasviriy metodning asosiy vazifasi shundaki, u muayyan sinxron aspektga tegishli lisoniy birliklarni, hodisalarni tasvirlash, tavsiflash jarayonida ularni tahlil qilib boradi, tildagi vazifasini, oʻrnini, qoʻllanishini, tuzilishini, oʻziga xosliklarini aniqlaydi, umumlashtiradi, xulosalar chiqaradi [Rasulov, 2010: 257]”. Undalmalarning oʻziga xos xususiyatlarini Komil Xorazmiy devonidagi murojaat birliklari ishtirok etgan baytlar (misollar) bilan tahlil qilishga harakat qilamiz. Undalmaning shakliy paradigmasi, asosan, bosh kelishik shaklidagi ot va otlashgan soʻzlar bilan shakllanadi. Shoir nazmida qoʻllangan undalmalar ham koʻpincha ot turkumiga oid birliklar (ahbob, atfol, bogʻbon, bulbul, doʻstlar, jono, gʻoziy, Komil, nigoro, mutrib // mutribo, shahim, raqibo, soqiy // soqiyo, voiz, xusravo, zohido kabilar) yordamida ifodalangan. Masalan: Bulbulo, borsang gulistonlargʻa qil xoli dilim, Orazi gulnor-u xoli mushki totorimgʻa arz… [7, 82] Doʻstlar, gah behud-u, gah xasta hol oʻlmas ne ayb, Koʻzlari ham mast-u, ham bemora oshiq boʻlmisham… [7, 125] kabilar. 213 “Oʻzbek tili stilistikasi” qoʻllanmasida ta’kidlanishicha, baho xarakteristikasini ifodalovchi undalmalarda “...intonatsiyaning ham roli kattadir. Undalmaning turli intonatsiya bilan aytilishi uning turli ma’no ottenkalari ifoda qilinishini ta’minlaydi. Bu, ayniqsa, undalma undov soʻzlar bilan kelganda yaqqol seziladi [9, 1983: 189]”. Komil Xorazmiy she’riyatida uchraydigan aksariyat undalmali baytlarda otlar oldidan “ey” undovi keltirilib (ey bogʻbon, ey chobuk, ey dil, ey diliston, ey doʻstlar, ey falak, ey gul, ey hakim, ey hofiz, ey jon, ey koʻngul, ey mah, ey Majnun, ey Masih, ey mugʻ, ey musavvir, ey nigor, ey pari, ey qumri, ey quyosh, ey sabo, ey sanam, ey shoh, ey Sulaymonim kabilar undalma orqali jalb qilish ikki barobar kuchaytirilgan: Mango, ey bogʻbon, arz etmagil rayhon-u sunbulni, Muattar aylamas Komil mashomin emdi har rayhon… [7, 133] La’ling damodam jon berur oʻlgʻon tanimgʻa, ey Masih, Lek oʻlturur hardam meni bir gʻamzada shahlo koʻzung… [7, 101] kabi. Shuningdek, bir oʻrinda ey undovining oʻzidan undalma sifatida foydalanadi, bu holatda bugungi adabiy til me’yorlarida qayd qilingan undalma ostidagi shaxsga hurmatsizlik ifodasi shoir qoʻllamida aks etmaydi: Ey, yuzung bogʻi latofat aro guldin ahsan, Aylasang kokuli mushkin ila sayri gulshan… [7, 189] Ba’zan shoir undalmalari otlashgan sifatlarga (bekas, mahvash, dilrabo, fasih, mahvash, malaksifotim, nek-u badim, nozaninim, parivash, qosid, shoʻx, sitamgar kabi) asoslangan. Masalan: Koʻb etma zulm, ey mahvash, vujuding Yoqar gar cheksa oʻtligʻ oh oshiq… [7, 94] Qadam qoʻy sarvning boshi uza, ey shoʻx, gulshanda, Ki to bilsun seni bir xisravi oliymakon lola… [7, 146] kabilar. Ma’lumki, oʻzbek adabiy tili me’yorlarida, odatda, undalma olmosh bilan ifodalanmaydi, lekin bir oʻrinda shoir soʻroq olmoshini undalma sifatida qoʻllaydi. Bu esa olmosh ham murojaat birligi boʻla olishini isbotlaydi: Agar oqil esang, ey kim, qilibsan dahr mulkin jo, Koʻz-u koʻnglungni moyil qilma mulk moligʻa aslo… [7, 185] Ushbu baytdagi shoir “ey kim” undalmasi ostida “kim boʻlishingdan qat’iy nazar – ey odam bolasi, aqling boʻlsa, bu dahr mol-mulkiga koʻz-u koʻnglingni also moyil qilma, aks holda, aldanib qolasan”, demoqchi boʻladi. Undalma yigʻiq yoki yoyiq boʻlishi mumkin. Komil nazmida yoyiq undalmalarning salmogʻi ham anchagina. “Yoyiq undalma – oʻziga tegishli boʻlaklar bilan kengaygan – soʻz birikmasi yoki kengaygan birikma bilan ifodalanuvchi undalma [Yuldashev, 2025: 161]” sanaladi. Masalan: Mendin qochinglar baxtdek, ey aysh-u ishrat shohidi, 214 Bir shoʻx koʻnglum mehnat-u kulfatgʻa mu’tod aylamish… [7, 78] Ashhabing gʻuboridin, ey Azizi mulki Misr, Koʻzlarim qilib biyno, misli piri Kan’on qil… [7, 113] Mujda ey, bulbuli jon, ul guli ra’no kelajak, Eshit, ey qumriyi ruh, ul qadi zebo kelajak… [7, 99] kabilar. Shoir qoʻllagan yoyiq undalmalar tarkibida moslashuvli birikmalar ham (aysh-u ishrat shohidi, fuzaloning afzali, xarobot ahli, xoʻblar shohi, saodat axtari kabilar), bitishuvli birikmalar ham (gul yuzli mutrib, mahvash sanam, zebo nigor kabilar), forsiy izofali birikmalar ham (ahli jamol, ahli vasl, Azizi mulki Misr, bulbuli jon, qumriyi ruh, dilbari ra’no, guli xandon, guruhi nodonlar, Komili mahzun, mahbubi zebo, nigori gulruxsor kabilar) uchraydi. Bularning har biriga birgina misol bilan kifoyalanamiz: Lek soʻzimga tut quloq, ey fuzoloning afzali, Dahr tarabgahi base dilkashu xoʻb erur vale, Xayfki, yoʻqturur oning ishrati jovidonasi... [7, 182] banddagi yoyiq undalma moslashuvli – qaratqich aniqlovchisi bilan kengaygan; Kel, ey gul yuzli mutrib, bu kecha majlis aro soz et, Burun boshlab “Iroq” u soʻng maqomi “Rost” ogʻoz et… [7, 36] baytida esa yoyiq undalma bitishuvli – sifatlovchi aniqlovchisi bilan kengaygan; Husni koʻzgusi bordur mazhari jamolilloh, Man’i ishqim etmonglar, ey guruhi nodonlar... [7, 61] baytida yoyiq undalma forsiy izofali birikma bilan ifodalangan. Shuningdek, Komil oʻz she’riyatida yoyiq izohli undalmalardan ham samarali foydalangan: Ey la’li labing chashmayi hayvoni malohat, Vey naxli qading sarvi xiromoni malohat… [7, 32] Deyolmas arzini juz haq taologʻa bu bechora, Adolat taxtgohi uzra sohibi adl-u xoqonim… [7, 172] Duoyi davlatingdur haq janobigʻa munojotim, Valiyi ne’matim, pushtu panohim, darda darmonim… [7, 172] Ilohi hosil etsun baxt ila davlat murodingni, Labib-u nuqtadonim, donish iqlimida sultonim… [7, 171] Karimi lam yazal altofi boʻlsun yor-u hamrohing, Mahi bayzojabinim, lablari gulbargi xandonim… [7, 171] kabi. Shoir ijodida bunday yoyiq izohli murojaat birliklari salmoqli miqdorni tashkil etadi. Bu fikrni “Qadi sarvi xiromonim, labi gulbargi xandonim [7, 171]; ey labi jonbaxsh ikki koʻzi qotillar [7, 191]; Shahi donishpanohim, ilmi hikmat ichra Luqmonim [7, 172]; ey kamtar sanoxonim, Chu Yusuf Misr izzat masnadida mohi Kan’onim [7, 171]; Ey la’li labing mening hayotim, Chashming dogʻi boisi mamotim [7, 130]; Ey naqdi ishqinga dil-u jonim xazinalar, Dard-u gʻaming xadangining omochi siynalar [7, 59]; Ey, masdari kibr-u mazhari noz [7, 214]; Ey, soching, jon 215 qushlari qaydigʻa mahkam silsila [7, 180]; Yuzi, ey makramat avji uza tobanda xurshidim [7, 173]” kabi murojaat birliklarining qoʻllanganligi ham dalillaydi. Ilmiy manbalarda qayd qilinishicha, undalma tarkibida kelgan -m (-im) – I shaxs egalik shakli murojaat birligiga “undalma ostidagi shaxs va predmetni suyish, erkalash, yaqin olish” ma’nolarini yuklaydi. Bunday egalik shakli bilan kelgan undalmalarni Komil she’riyatida ham shu mazmunda tushunish mumkin: Rahm eting, doʻstlarim, holima, koʻb zor oʻldum, Bir sihi sarvi sumanbargʻa giriftor oʻldum… [7, 209] Moʻrdek ojiz etdi hijroning Holima rahm et, ey Sulaymonim… [7, 128] kabilar. Ma’lumki, milliy tilimizda undalmaning oʻrinlashishi erkin, ya’ni u gapning xohlagan oʻrnida kelishi mumkin. Lekin bunda undalmadan koʻzlangan maqsaddan kelib chiqib, ikki xil holat farqlanadi: a) agar shoir undalma orqali lirik qahramonni jalb qilishni maqsad qilsa, murojaat birligi misra (gap) boshida keltiriladi: Doʻstlar, gah behudu, gah xasta hol oʻlmas ne ayb, Koʻzlari ham mast-u, ham bemora oshiq boʻlmisham… [7, 125] Soqiyo, bazmim aro bodayi gulfom ketur, Masti loya’ql oʻlurgʻa koʻzi shahlo kelajak… [7, 100] Mutribo, chertib rubob-u barbat-u tanbur-u nay, Sozni tark etma oʻyinin qoʻymogʻuncha to Avaz... [7, 83] kabi; b) agar shoir undalma orqali jalb qilish bilan birga, subyektiv bahoni maqsad qilgan boʻlsa, murojaat birligini misra (gap) oʻrtasida yoki oxirida qoʻllaydi: Kelmaging hamon bazmim ichra ketmaging dogʻi Umrdek nedin, jono, odating shitob oʻlmish… [7, 79] Oʻzga nozaninlarga boq demang manga, ahbob, Ishqida meni ul gul ustuvor etib ketti… [7, 158] kabilar. Ammo ushbu maqsadga bogʻliq oʻrinlashish hamisha ham oʻzini oqlamaydi. Chunki undalmadan oldin “e, ey, hey, hay, hoy” kabi imperativ undovlar kelsa, yuqoridagi qoidalar amal qilmaydi. Bunda undalma misraning qaysi oʻrnida kelishidan qat’iy nazar diqqatni jalb qilish ikki barobar kuchaytiriladi. Ushbu jihat Komil nazmida juda ham faol qoʻllanilgan: Koʻrsatma otashin guling, ey bogʻbon mango, Ul sarv ustida guli norim qizil libos… [7, 74] Hijronda koʻp yigʻlading vaslida, ey dil, kul bukun, Sol shodligʻdin gunbazi gardon aro gʻul-gʻul bukun!.. [7, 187] Mumtoz adabiyot namunalarida boʻlganidek, undalma orqali shoirning oʻzoʻziga murojaati Komil gʻazaliyotida ham (30 dan ortiq oʻrinda) uchraydi. Bunday 216 oʻrinlarda istifoda etilgan Komil ba’zan lirik qahramon, ba’zan lirik qahramon hamrohi, ba’zan umumlashma timsol – dono maslahatchi (nasihatgoʻy) vazifasida gavdalanadi: Emdi yon rashk oʻtigʻa, Komil, bu soʻzlardin ne sud, Chun yoningda yoʻqdurur, bilgʻon oni agʻyor ila… [7, 150] Yona uch yil umr boqi boʻlsa gar, Komil, sango, Yozgʻil oning soli tarixin shumori Toshkand… [7, 216] Nihon dut zinhor asroringni Komil munofiqdan, Ki zohir doʻst, botin dushmani hamrozlardurlar… [7, 57] kabilar. Shuningdek, badiiy matnda taxallus ham oʻziga xos poetik vazifa bajarib kela olishi, mumtoz adabiyotimizda ittifoq deb ataluvchi she’riy san’at mavjudligi, bunda she’rda shoir taxallusining ham oʻz lugʻaviy ma’nosida, ham taxallus sifatida ishlatilishi nazarda tutilishi, ya’ni shoir maqta’da oʻz taxallusini keltirish barobarida bayt mazmunidan uning lugʻaviy ma’nosi ham faollashgani anglashilib turadi: Toparman dard-u gʻamdin koʻyinga kirgon zamon maxlas, Ne til birla deyin, Komil, oni “dorul-amon ermas”… [7, 75] Nutqimizda undalmalar ajratilishi ham mumkin, ya’ni unda “undalma boshqa undalmalar orqali izohlanadi. Bu holda shaklan uyushgan undalmalar vujudga kelib, soʻnggi undalmalar birinchi, asosiy undalmani izohlaydi [11, 1976: 262]”. Shoir nazmida ham bir oʻrinda murojaat birligining ajratilganligiga guvoh boʻldik: Necha yil vasli ishratgohida masti mudom etding, Koʻz-u koʻnglumni bazming ichra chun minou jom etding. Nedin soʻngra yana hijron aro subhimni shom etding? Afandim, mehribonim, sevdugum, jonim, goʻzal xonim… [7, 171] Shoir ushbu toʻrtligining dastlabki misralarida ma’shuqa oʻz sevgilisining jamolidan bahramand boʻlib, qalban muhabbat sharobidan mast boʻlganligini tasvirlaydi. Keyingi misraga kelganda nimagadir ma’shuqa yana oshiqning baxtli onlarini zulmatga aylantiradi va bundan ajablangan lirik qahramon sevgilisiga murojaat qiladi: “Afandim, mehribonim, sevdugum, jonim, goʻzal xonim”. Ushbu misradagi “afandim” asosiy undalma boʻlib, undan keyingi “mehribonim, sevdugum, jonim, goʻzal xonim” birliklari shu undalmaning ajratilgan izohlari sanaladi. Aslida “afandi” epiteti oʻzbek tili amaliyotida koʻproq erkaklarga murojaatda qoʻllansa-da, undagi ulugʻvorlik, hurmat va ehtirom bildiruvchi semalar yor tasvirini shakllantirgan boshqa murojaat birliklarini umumlashtirib kelishga asos boʻla olgan. Komil Xorazmiy devonidagi undalma – murojaat birliklari tahlilidan kelib chiqib, yuqoridagi fikr-mulohazalarni quyidagicha xulosalash mumkin: 1) shoir ijodida undalma, ya’ni murojaat birliklari shakliy paradigmasiga koʻra, asosan, ot va otlashgan sifatlar bilan, tuzilishiga koʻra yigʻiq va yoyiq undalmalar 217 (moslashuvli, bitishuvli, izofali undalmalar, qolaversa, yoyiq qurilmalar bilan ifodalangan undalmalar) faol qoʻllanilgan; 2) shoir undalma orqali jalb qilishni maqsad qilgan holatlarda murojaat birligini misra (yoki bayt) boshida keltiradi, jalb qilishni kuchaytirishni maqsad qilgan holatlarda esa undalma oldidan ey undov soʻzini keltiradi, agar undalma orqali jalb qilish bilan birga subyektiv baho yuklashni maqsad qilgan boʻlsa, murojaat birligini misra (bayt) oʻrtasida yoki oxirida keltiradi (bular qaysidir ma’noda undalma bilan bogʻliq bugungi me’yorlar shakllanishiga zamin boʻlgan); 3) devondagi murojaat birliklari nominativ (shoir tinglovchini oʻzaro aloqa jarayoniga mos boʻlgan murojaat birligi bilan nomlash vazifasi), apellyativ (bu xitob, murojaat qilish – har qanday vaziyatda soʻzlovchi tinglovchining diqqatini tortish vazifasi), kommunikativ (yakka shaxsga yoki ommaviy tarzda aloqa oʻrnatish, kontakt vazifasi), konnotativ (soʻzlovchining tinglovchiga boʻlgan shaxsiy – subyektiv munosabatlarini: hurmat-e’tibor, yaqinlik, erkalash, gʻazab, nafrat, haqorat kabi salbiy va ijobiy munosabatlar ifodalash vazifasi) hamda emotiv (shoir oʻz histuygʻulari: xursandlik, qoʻrquv, tushkunlik, norozilik kabilar, his-hayajoni kabi emotsional holatlar ifodasi) vazifalarni bajarishga yoʻnaltirilgan, deyish mumkin. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Rasulov Ravshanxoʻja. Umumiy tilshunoslik. – Toshkent, 2010. –B. 257. 2. Sayfullayeva R., Mengliyev B., Boqiyeva G., Qurbonova M., Yunusova Z., Abuzalova M. Hozirgi oʻzbek adabiy tili. – Toshkent: Fan va texnologiya, 2009. 3. Yuldashev D.T. Hozirgi oʻzbek adabiy tili sintaksisi. – Urganch: Khwarezm publication, 2025. 4. Абдураҳмонов Ғ.А. Синтаксис осложенного предложения. // Структура и история тюркских языках. – М., 1971. 5. Акрамов Ш., Бошмонов М., Мамадиева М. Ҳозирги ўзбек адабий тили (синтаксис) фанидан конспектив курс. 1-қисм. – Фарғона, 2004. 6. Аҳмедова Н.Ш. Ўзбек тилида мурожаат бирликларининг семантик-коннотатив тадқиқи: Филол. фан. номз. ... дисс. – Тошкент, 2008. 7. Kомил. Девон. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1975. 8. Сайфуллаев А.Р. Ўзбек тили содда гап қурилишида учинчи даражали бўлаклар: Филол. фан. докт. ...дисс. – Тошкент, 1972. 9. Шомақсудов А., Расулов И., Қўнғуров Р., Рустамов Ҳ. Ўзбек тили стилистикаси. – Тошкент: Ўқитувчи, 1983. 10. Юсупов К. Синтактик терминлар тарихидан. // Ўзбек тили ва адабиёти. – Тошкент, 1979. – №1. 11. Ўзбек тили грамматикаси. Синтаксис. II том. – Тошкент: Ўзбекистон ССР “Фан” нашриёти, 1976. 12. Ғуломов А., Асқарова М. Ҳозирги ўзбек адабий тили. – Тошкент: Ўқитувчи, 1987.