O'ZBEKCHA–RUSCHA LUG'ATLARNING TILSHUNOSLIKDAGI O'RNI
Full text
230 O‘ZBEKCHA–RUSCHA LUG‘ATLARNING TILSHUNOSLIKDAGI O‘RNI Yuldasheva Orasta, kichik ilmiy xodim, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488978 Annotatsiya. Maqolada o‘zbek lug‘atshunosligi va uning taraqqiyoti hamda bugungi kundagi o‘zbek lug‘atshunosligining erishgan yutuqlari haqida so‘z boradi. Bundan tashqari, leksikografiya doirasida olib borilgan ishlar ham ushbu maqoladan joy olgan bo‘lib, amalga oshirilgan amaliy ishlar izohlanadi. Mustaqillik davri o‘zbek lug‘atshunosligi lug‘at taraqqiyotining barcha davrlarini mujassamlashtirganligi qayd etiladi. Kalit so‘zlar: lug‘at, lug‘atshunoslik, ikki tilli lug‘atlar, o‘zbek lug‘atshunosligi, madaniyatlararo muloqot. Til – millatning ma’naviy boyligi, xalqning tafakkur darajasi va madaniy taraqqiyotini ifodalovchi eng asosiy vosita hisoblanadi. Millatlararo aloqa jarayonlarining kuchayishi, xalqaro ilmiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikning kengayishi ikki tilli lug‘atlar yaratilishining zaruratini yanada oshirmoqda. Shu nuqtayi nazardan o‘zbekcha–ruscha lug‘atlar nafaqat tarjima vositasi, balki tilshunoslikdagi muhim ilmiy manbalardan biri sifatida ham ahamiyat kasb etadi. Bir qancha bosqichlarni bosib o‘tgan o‘zbek lug‘atchiligi mustaqillik davriga kelib, o‘zining yuksak cho‘qqisiga erishdi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Lug‘at tuzuvchi mutaxassislar – leksikograflar tomonidan qator lug‘atlar ishlab chiqildi, bundan tashqari, lug‘at tuzish tamoyillari, lug‘at tuzish metodikasi, leksikografik ishlarning tizimlig tartibga solinishi ham lug‘atshunosligimizning ulkan yutuqlaridan hisoblanadi. O‘zbekcha-ruscha lug‘atlar ikki xalq o‘rtasida til, madaniyat, tarix va tafakkur sohalaridagi o‘zaro aloqalarning rivojlanishiga xizmat qiladi. Mazkur lug‘atlar yordamida o‘zbek tili leksik tizimini rus tilida izchil aks ettirish, semantik munosabatlarni aniqlash hamda tarjima nazariyasi doirasida so‘zlar o‘rtasidagi ko‘p ma’nolilikni tadqiq etish imkoniyati yaratiladi. o‘z tildan o‘zga tilga tarjima qilingan ikki tilli lug‘atlarning ichida eng ko‘p tuzilgani o‘zbekcha-ruscha va ruscha-o‘zbekcha lug‘atlardir. O‘zbekcha-ruscha lug‘atlar tarixi XIX asrning oxiri va XX asrning boshlariga borib taqaladi. Dastlab, 1927-yilda K.K.Yudaxinning 9 ming so‘zli “Qisqacha o‘zbek-rus lug‘ati” nashr qilingan. Shundan keyin bir necha bor tarjima lug‘atlar chop qilingan. 1988-yilda O‘zbek ensiklopediyasi bosh tahririyati tomonidan “O‘zbekcha-ruscha lug‘at”ning kengaytirilgan, to‘ldirilgan nashri chop etildi. S.F.Akobirov va G.N.Mixaylovlar tahriri ostida nashr qilingan ushbu lug‘atga 50 mingga yaqin so‘z va iboralar kiritilgan edi. Mustaqillik yillarida yangi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va texnologik terminlarning paydo bo‘lishi natijasida lug‘atlar mazmunan boyidi, ularning
231 tuzilishida ham zamonaviy yondashuvlar shakllandi. Hozirgi kunda O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida A.Madvaliyev boshchiligida ushbu lug‘at to‘ldirilgan, tuzatilgan, sho‘ro mafkurasidan “tozalangan” holatda to‘liq tahrir qilinib, qayta nashr qilishga tayyorlanmoqda. Ikki tilli lug‘atlarning tuzilishida bir qator muhim lingvistik tamoyillar amal qiladi. Eng avvalo, lug‘at tuzuvchilar tarjimada so‘z ma’nosining mosligi tamoyiliga tayanadi. Bu jarayonda har bir o‘zbekcha leksema uchun eng yaqin semantik, grammatik va uslubiy mos ruscha variant tanlanadi. Lug‘atshunoslikda so‘zning faqat asosiy ma’nosini emas, balki qo‘shimcha, uslubiy ma’nolarini ham to‘g‘ri ifodalash muhim. Masalan: BALLI I межд.1 выражает одобрение или восхищение браво, молодец; хвала!; ~ o‘g‘lim! молодец, сынк!; ~-~! браво, браво!; himmatingga ~ ! хвалá, тебе за твою щедрость!; 2 возглас благодарности; иногда употребляется в ироническом смысле вот спасибо!; ~, shunchalik yordam qilibdi! спасибо ему и за такую помощь!; 3 частица утверд. да, так, правильно, вот правильно, вот именно; ~, xuddi shunday qilish kerak правильно, так именно и надо дéлать. BALLI II //балльный; besh ~ sistema пятибалльная система ... kabi tarjima qilinadi. Bu esa semantik nozikliklarni talab etadi. Lug‘atlar til, madaniyat va milliy tafakkurni aks ettiruvchi ko‘zgudir. Tarjima lug‘atlarida har bir xalqning milliy o‘ziga xosligi aks etishi lozim. Lug‘atlarda madaniy kodlarni tarjima qilishda so‘z va ma’no mosligi, frazeologik birliklarda esa kontekstual tushunchani ifodalay olish muhim hisoblanadi. “Lug‘atlar ma’lum bir ijtimoiy vazifalar bajarishi, jumladan, o‘quvchiga muayyan hodisa yoki holat haqida ma’lumot yetkazishi, uni o‘z va o‘zga tillardagi so‘zlar bilan tanishtirish, tilni, uning lug‘at tarkibini takomillashtirish va tartibga solishga yordam berishi bilan katta ahamiyatga ega bo‘lib, doimo zamonga hamnafas tarzda takomillashib borishi zarur” [Мадвалиев, 2006]. Lug‘atlarda faqat til emas, madaniyat, urf-odat va o‘ziga xoslik ham aks etadi. Ular o‘z va o‘zga tillardagi so‘zlar bilan tanishtirishdan tashqari, madaniyat bilan ham tanishtiradi. Tarjima lug‘atlarida milliy kiyim nomlarini milliy ruh va obrazni saqlagan holda tarjima qilish lozim. 1988-yilda S.F.Akobirova va G.N.Mixaylov tahriri ostida nashr qilingan o‘zbekcha-ruscha lug‘atda “cho‘girma” milliy bosh kiyim nomi “большая меховая шапка” (распространённая на западе Узбекистана и в Туркмении) tarzida tarjima qilingan. Bizningcha, ushbu leksemani tarjima qilmasdan, milliymadaniy koloritni to‘laqonli aks ettirish maqsadida “cho‘girma” shaklida qo‘llash hamda unga izoh berish lingvokulturologik va semantik jihatdan asosli yondashuvdir. Masalan, чугирма – национальный головной убор, сшитый из овчины (шкуры ягнёнка).
232 Lug‘atda “to‘n” milliy kiyim nomining “халат” shaklida tarjima qilinishi kuzatiladi. Biroq, bizningcha, bu so‘zni tarjima qilmasdan, asl shaklida (“to‘n”) qoldirish lozim, chunki mazkur birlik obrazlilik, milliy-madaniy kolorit va etnolingvistik ruhni o‘zida mujassam etadi. Shu sababli uni bevosita “to‘n” shaklida qo‘llash va zaruratga ko‘ra izoh bilan berish ilmiy jihatdan asosli hisoblanadi. Masalan, тон – национальная верхняя одежда в Узбекистане, напоминающая халат или халат с поясом. Milliy odatlar, narsa-hodisalar faqat xalqning o‘zigagina xos bo‘lsa, ular tarjima qilinmaydi, masalan, sari, kimano, mahsi, kavish kabilar [G‘ofurov, Mo‘minov, Qambarov, 2012]. Shu sababli, yuqorida keltirilgan so‘zlar va shu tarzda tarjima qilingan etnografizmlarning milliy obraz va ruhini saqlagan holda izohli tarjima qilgan ma’qul. O‘zbek tilida milliylik yaqqol aks etadigan so‘zlar bir talay. Masalan, “ustoz-shogird”, “sumak”, “lachak”, “gap” kabi leksik birliklar hamda ayrim marosim nomlarini tarjima lug‘atlarida so‘zma-so‘z emas, balki izohli tarzda ifodalash zarur. Chunki bu kabi birliklar o‘zida milliy-madaniy va etnolingvistik mazmunni mujassam etadi. Ayniqsa, urf-odatlari, diniy e’tiqodi va dunyoqarashi jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lmagan xalqlar o‘rtasida bunday tushunchalarga muqobil variant topish tarjimashunoslikda eng murakkab vazifalardan biri hisoblanadi. O‘zbekcha–ruscha lug‘atlar leksikologiya, semasiologiya, tarjima nazariyasi uchun muhim tadqiqot obyekti hisoblanadi. Ular orqali ikki tildagi semantik parallelizm, polisemiyaning ifodalanish shakllari, frazeologik moslik va morfologik tafovutlar tahlil qilinadi. Tilshunoslar ushbu lug‘atlar asosida o‘zbek va rus tillaridagi konseptual tizimlar o‘rtasidagi farqlarni o‘rganishadi. Shunday qilib, o‘zbekcha– ruscha lug‘atlar ikki tildagi madaniy-semantik tafakkurni solishtirish, tarjima muammolarini hal qilish va yangi leksik birliklarni tizimlashtirishda muhim ilmiy asosdir. Hozirgi kunda an’anaviy lug‘atlardan ko‘ra, elektron lug‘atlarga talab kuchli. So‘nggi yillarda kompyuter va smartfonlar yoki turli gadjetlardan foydalanmaydigan inson bo‘lmasa kerak. Shu sababli lug‘atlarni ham davrga moslashtirgan holatda elektronlashtirish davr talabi bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan o‘zbekcha-ruscha elektron lug‘atlar leksikografiyani yangi bosqichga olib chiqdi. Elektron lug‘atlar foydalanuvchilarga interaktiv tezkor izlash, talaffuz, so‘zning sinonim va antonimlarini ko‘rsatish imkonini beradi. Bu tizimlar o‘zbek tilining global miqyosda o‘rganilishiga xizmat qiladi. Ammo an’anaviy lug‘atlar elektron lug‘atdan ancha mukammal, imlosi jihatdan ham ustundir. Elektron lug‘atlar esa ishlatishga qulay, arzon, zamonaviy. Shu bilan birga, ba’zi onlayn lug‘atlarda avtomatik tarjima tizimlari hali ham semantik aniqlik jihatidan mukammal emas. Shu sababli ilmiy izchillik bilan
233 boyitilgan, mutaxassislar tomonidan tekshirilgan korpus lug‘atlar yaratish zaruriyati mavjud. “Google translate” yoki shunga o‘xshash bir nechta tarjima saytlarining ishonchli va to‘g‘ri tarjima qilishi elektron lug‘atlarning mukammal tarzda yaratilishiga bog‘liq. O‘zbekcha–ruscha lug‘atlar tilshunoslikning nazariy va amaliy yo‘nalishlarini birlashtiruvchi ilmiy manbadir. Ular nafaqat so‘z va ma’no o‘rtasidagi munosabatni o‘rganishda, balki millatlararo muloqot va madaniy tafakkurni chuqur anglashda ham muhim rol o‘ynaydi. Bugungi kunda tilshunoslik oldida turgan asosiy vazifa – ikki tilli lug‘atlarni zamonaviy korpus tilshunosligi, sun’iy intellekt va avtomatik tarjima texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirishdir. Bu o‘zbek tilining xalqaro miqyosda o‘rganilishi va rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi. Shunday qilib, o‘zbekcha–ruscha lug‘atlar til boyligini saqlovchi, ilmiy tahlil uchun asos bo‘luvchi hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlovchi madaniy ko‘prik sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Мадвалиев А. Янги луғатлар яратиш давр тақозоси // O‘zbek tili va adabiyoti, 2006. № 4. - Б. 16-21. 2. Tarjima nazariyasi. G‘ofurov I., Mo‘minov O., Qambarov N. – Toshkent, 2012. – 215 b. 3. Ўзбеуча-русча луғат / С.Ф.Акобирова ва Г.Н.Михайлов таҳрири остида. – Тошкент: УзСЭ Бош редаксияси, 1988. – 727 б.