ILK O'RTA ASRLARDA SUG'DDA IQTISODIY MUNOSABATLAR
Abstract
Ushbu maqolada ilk o’rta asrlarda Sug’d hududida tovar-pul munosabatlari, ichki va tashqi savdo, qo’shni hududlar bilan iqtisodiy aloqalar haqida so’z yuritiladi. Sug’diylar nafaqat O’rta Osiyoda balki Buyuk Ipak yo’lida ham savdo-sotiq ishlarida asosiy vositachi sifatida obrusi ancha baland edi.
Full text
ILM FAN YANGILIKLARI KONFERENSIYASI OKTABR ANDIJON,2025 1078 ILK O‘RTA ASRLARDA SUG‘DDA IQTISODIY MUNOSABATLAR Juraqulov Shaxriyor Baxtiyorovich Samarqand davlat universiteti tyutori +99899 748 65 48 [email protected] Annatatsiya: Ushbu maqolada ilk o’rta asrlarda Sug’d hududida tovar-pul munosabatlari, ichki va tashqi savdo, qo’shni hududlar bilan iqtisodiy aloqalar haqida so’z yuritiladi. Sug’diylar nafaqat O’rta Osiyoda balki Buyuk Ipak yo’lida ham savdo-sotiq ishlarida asosiy vositachi sifatida obrusi ancha baland edi. Kalit so‘zlar: “Sug‘uda”, Kabudonjakent, Mug‘ tog‘i, tanga, “Turon hukmdori”, Afrosiyob, Kofirkal’a, Xitoy, Hindiston, Eron, ipak matolar, gilamlar va metall buyumlar. O‘rta Osiyo xalqlari qadimdan jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shib kelgan. Eramizdan avvalgi davrlardanoq bu hududda Buxoro, Samarqand, Termiz, Naxshab, Axsikent, Choch kabi yirik shaharlar va Sug‘d, Baqtriya, Xorazm singari davlatlar shakllangan. Shu boisdan Markaziy Osiyo, jumladan Sug‘d davlati insoniyat tarixida muhim madaniy, iqtisodiy va siyosiy markazlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Sug‘dning nomi ilk bor Zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”da tilga olingan. Miloddan avvalgi VI asrda Ahamoniylar bitiktoshlarida ham “Sug‘uda” atamasi uchraydi va u o‘sha davrda imperiya tarkibidagi viloyat, ya’ni satraplik sifatida qayd etilgan. Tarixchi olim Bobur G‘oyibovning ta’kidlashicha, Sug‘d eramizdan avvalgi I ming yillikning boshlaridayoq O‘rta Osiyoda shakllangan ilk davlatlardan biri bo‘lgan. Yunon manbalarida u “Sogdiana”, eroniy manbalarda esa “Sug‘uda” deb ataladi. “Sug‘d” so‘zi V. Tomeshik fikricha, “porlamoq”, “yonmoq”, “yaraqlamoq” ma’nolarini anglatadi. Shu bilan birga, fors-tojik lug‘atlarida bu atama “suv to‘planadigan pasttekislik” deb izohlanadi. Bu ehtimol, Zarafshon daryosining quyi qismini ifodalagan bo‘lishi mumkin. Sug‘d ilk o‘rta asrlarda o‘zining ma’muriy tuzilishi jihatidan konfederativ tuzumga ega bo‘lgan. Uning markazi Samarqand bo‘lib, 12 ta mulkdan iborat hududlar – Panjikent, Maymurg‘, Darg‘om, Buzmadjon, Kabudonjakent kabi shaharlar o‘z hukmdorlariga ega bo‘lgan. Biroq ular Samarqand ixshidlariga siyosiy jihatdan bo‘ysungan. Bu jarayon O‘rta Osiyoda davlat boshqaruv tizimining shakllanishida muhim bosqich bo‘lgan. Sug‘d iqtisodiyotining rivojlanishida tabiiy-geografik omillar hal qiluvchi rol o‘ynagan. Zarafshon vodiysi unumdor yerlar, sug‘orish tizimi, daryo bo‘yidagi shaharlar hamda karvon yo‘llari bilan mashhur edi. Sug‘diylar dehqonchilikda don, paxta, uzum, meva yetishtirishgan, chorvachilik, ayniqsa ot boqish keng tarqalgan. Ular suv chiqarish, kanallar qazish, sug‘orish tizimlarini mukammal yo‘lga qo‘ygan. Afrosiyob, Kofirkal’a, Mug‘ va Panjikent atroflarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar sug‘orish inshootlarining rivojlanganligini tasdiqlaydi. Sug‘d iqtisodiyotining yana bir muhim tarmog‘i hunarmandchilik edi. Shaharlarida metallga ishlov berish, zargarlik, sopol buyumlar, to‘qimachilik, ipakchilik keng rivojlangan. Ayniqsa Samarqand ipak yo‘lining yirik markaziga aylangan bo‘lib, u yerdan Xitoy, Hindiston, Eronga ipak matolar, gilamlar va metall buyumlar eksport qilingan. Hunarmandlar orasida tangachilik bilan shug‘ullanuvchilar alohida mavqega ega bo‘lib, ular davlatning iqtisodiy mustaqilligini belgilovchi asosiy qatlamlardan hisoblangan. 1932-yilda Tojikistonning Zaxmatobod tumanidagi Mug‘ tog‘idan topilgan sug‘diy yozma hujjatlar davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotini o‘rganishda beqiyos manba bo‘ldi. 80 dan ortiq hujjatlar orasida nikoh shartnomalari, yer oldi-sotdisi, ijaralar, tilxatlar, maktublar bor. Bu
ILM FAN YANGILIKLARI KONFERENSIYASI OKTABR ANDIJON,2025 1079 manbalar orqali Sug‘dda huquqiy savodxonlik, shartnoma madaniyati va iqtisodiy aloqalarning rivojlanganini bilish mumkin1. Numizmatik manbalar – tangalar Sug‘d tarixini o‘rganishda eng ishonchli dalillardandir. Dastlabki Sug‘d tangalari Aleksandr Makedonskiy tangalariga taqlidan yasalgan bo‘lib, kumush va mis aralashmasidan tayyorlangan. Keyinchalik Samarqand va Panjikent tangachilik markazlariga aylangan. Tangalar yuzasida hukmdorlarning ismi sug‘d yozuvida yozilgan, bu esa ularning siyosiy mustaqillik ramzi hisoblangan. VII asrda esa sug‘d tangalarida arab yozuvlari ham paydo bo‘lib, yangi davr boshlanganini ko‘rsatadi2. Sug‘d tangalari orqali hukmdorlar sulolasi, diniy ramzlar, iqtisodiy aloqalar haqida ma’lumot olish mumkin. Masalan, Shishpir, Varxuman, Vazurg (To‘nga) hukmronligi davrida zarb qilingan tangalarda hukmdor nomi, unvoni (“Shoh Shipshir”) va sulolaviy belgilar aks etgan3. G‘urak davrida arablar bosqiniga qarshi kurash jarayonida ham tangalar davlat mustaqilligining ramzi sifatida zarb qilingan. Sug‘d tangalari ko‘pincha kumush, bronza yoki misdan yasalgan. Ularning o‘ng tomonida hukmdor tasviri, orqa tomonida esa ot yoki diniy ramzlar aks etgan. Ayrim tangalarda “Turon hukmdori” yoki “qudratli shoh” yozuvlari uchraydi. Bu yozuvlar sug‘diylarning turkiy xalqlar bilan siyosiy va madaniy aloqasini isbotlaydi. Tangalar o‘z davrining iqtisodiy hayotini, pul muomalasining rivojlanganini ko‘rsatadi. Sug‘d iqtisodiy hayotida savdo-sotiq eng muhim soha bo‘lgan. Sug‘diy savdogarlar Buyuk Ipak yo‘li orqali Xitoy, Hindiston, Eron, Rim va Vizantiya bilan savdo qilganlar. Ular nafaqat tovar, balki madaniyat, yozuv, din va san’atni ham yoyganlar. Xitoy yilnomalarida “Sug‘d Kan mamlakati aholisi” deb ataluvchi sug‘diylar diasporalari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Ular Xitoyning ichki hududlarida yashab, o‘z urf-odatlarini saqlab qolgan, lekin mahalliy madaniyat bilan uyg‘unlashgan. Sug‘d diplomatiyasining yuksak darajada bo‘lganini arxeologik topilmalar ham isbotlaydi. 1965-yilda Afrosiyob yodgorligida topilgan devoriy suratlarda Sug‘d hukmdori Varxuman xorijiy elchilarni qabul qilayotgani tasvirlangan. Bu surat Sug‘dning xalqaro siyosatda faol ishtirok etganini ko‘rsatadi. Kofirkal’a yodgorligida topilgan muhrlar (bullalar) esa Samarqand hukmdorlarining arxiv tizimi mavjud bo‘lganidan dalolat beradi4. Baqtriya yozuvida bitilgan bullalarda “Xunnlar podshosi, Kushonlarning ulug‘ shohi, Samarqand afshini” degan yozuvlar bor. Sug‘d davlatining janubiy hududi – Kesh (hozirgi Shahrisabz) vohasi ham iqtisodiy va madaniy jihatdan rivojlangan bo‘lgan. Bu yerda o‘z tangalari zarb etilgan, Kesh hukmdorlari o‘z mustaqil siyosatini yuritgan. Naxshab (Nasaf) vohasida ham tanga zarb etish keng rivoj topgan. B.D. Kochnev fikricha, Naxshab tangalaridagi “Ashkand” yozuvi arab manbalaridagi al-Ashkand hukmdori nomiga mos keladi. Bu hududlar Sug‘d konfederatsiyasi tarkibida muhim o‘rin tutgan. Sug‘dning iqtisodiy barqarorligi uning diplomatik siyosati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. VI asrning ikkinchi yarmida Turk xoqonligi tashkil topishi bilan Sug‘d yangi imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Afrosiyob, Ishtixon, Maymurg‘ kabi shaharlar ilm-fan, savdo va san’at markazlariga aylandi. Xitoy bilan elchilik aloqalari yo‘lga qo‘yildi, Xitoy manbalarida Sug‘d elchilari haqida ko‘plab yozuvlar mavjud. Bu aloqalar orqali Sug‘d tovarlari Xitoy bozorlariga kirgan, Xitoy ipaklari esa Sug‘d orqali G‘arbga eksport qilingan. Sug‘d iqtisodiyotining o‘sishiga Buyuk Ipak yo‘li beqiyos ta’sir ko‘rsatgan. Bu yo‘l orqali nafaqat tovarlar, balki g‘oyalar, texnologiyalar va madaniyat almashuvi ham sodir bo‘lgan. Sug‘diy savdogarlar bu jarayonning asosiy vositachilari sifatida tanilgan. Ular diplomatik vazifalarni ham bajargan, chunki ko‘p hollarda savdogar elchi sifatida ham faoliyat yuritgan. Bu esa savdo va siyosat o‘rtasidagi chambarchas aloqani ko‘rsatadi. 1Марказий Осиё Тарихи Расмий Хужжатларда(VII-XIX асрлар) халкаро анжуман материаллари.Тошкент 2021,29-бет. 2А.Бердимуродов,Ш.Индаминова”БУЮК ИПАК ЙУЛИ”T.:2017,246-б 3Э.Ртвеладзе”Древние монеты Средней Азии”Т.:1987.С-22 4Х.Г.Ахун-бабаев”Дворец Ихшидов Согда на Афрасиабе”.Cамарканд-1999,c-58-59
ILM FAN YANGILIKLARI KONFERENSIYASI OKTABR ANDIJON,2025 1080 Xulosa qilib aytganda, Sug‘d davlati ilk o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoning iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazi sifatida shakllangan. Uning rivojlangan sug‘orish tizimi, tangachilik, savdosotiq, hunarmandchilik, xalqaro diplomatiya tizimi – bularning barchasi Sug‘dning yuqori darajada taraqqiy etgan jamiyat bo‘lganini tasdiqlaydi. Bugungi kunda topilgan arxeologik yodgorliklar, yozma va numizmatik manbalar bu sivilizatsiyaning o‘lmas merosini yoritishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Foydalanilgan adabiyotlar 1. Egamberdiyeva N.A.”Amudaryo havzasi hududlarining qadimgi madaniyati” T.:”Innovatsiya -Ziyo”2020 2. B.G‘oyibov “Sug‘d tarixidan lavhalar”Samarqand-2020,SamDU nashriyoti 3. Isxaqov M.,Kamoliddin Sh.,Babayarov G.”Литература доисламских правителей Чача”Ташкент:2007. 4. Марказий Осиё Тарихи Расмий Хужжатларда(VII-XIX асрлар) халкаро анжуман материаллари.Тошкент, 2021 5. В.А.Шишкин”Афросиёб-кадимий маданият хазинаси”.T.1996. 6. И.Тухлиев”Тангалар тилга кирганда”.Тошкент,ФАН.1989. 7. Гайбулла Бобоёров,Бобир Гойибов”Сугдшуносликка кириш-I Cугдий тил ва нумизматика”Т.2018, 8. А.Бердимуродов,Ш.Индаминова”БУЮК ИПАК ЙУЛИ”T.:2017 9. Э.Ртвеладзе. ”Древние монеты Средней Азии”Т.:1987. 10. Х.Г.Ахунбабаев”Дворец Ихшидов Согда на Афрасиабе”.Cамарканд-1999.