QARLUQLAR - TURKIY XALQLAR TARIXIDAGI MUHIM SIYOSIY VA MADANIY KUCH
Abstract
Ushbu tezisda Qarluqlarning VIII–X asrlarda Markaziy Osiyo tarixidagi siyosiy va madaniy o‘rni yoritilgan. Qarluqlarning G‘arbiy Turk va Uyg‘ur xoqonliklaridagi roli, Bolasog‘unda siyosiy markaz tuzishi hamda Qoraxoniylar davlatining shakllanishiga qo‘shgan hissasi tahlil etiladi. Shuningdek, ularning islom dinini qabul qilishi, yozma madaniyat va turkiy tillar taraqqiyotiga ta’siri ko‘rsatib o‘tiladi. Maqola Qarluqlarning turkiy islomiy sivilizatsiya shakllanishidagi yetakchi o‘rnini ochib beradi.
Full text
ILM FAN YANGILIKLARI KONFERENSIYASI OKTABR ANDIJON,2025 1174 QARLUQLAR - TURKIY XALQLAR TARIXIDAGI MUHIM SIYOSIY VA MADANIY KUCH G‘aniyev M.F. Guliston davlat pedagogika instituti tarix kafedrasi o‘qituvchisi e-mail: [email protected] Tel:+998901030269 Annotatsiya:Ushbu tezisda Qarluqlarning VIII–X asrlarda Markaziy Osiyo tarixidagi siyosiy va madaniy o‘rni yoritilgan. Qarluqlarning G‘arbiy Turk va Uyg‘ur xoqonliklaridagi roli, Bolasog‘unda siyosiy markaz tuzishi hamda Qoraxoniylar davlatining shakllanishiga qo‘shgan hissasi tahlil etiladi. Shuningdek, ularning islom dinini qabul qilishi, yozma madaniyat va turkiy tillar taraqqiyotiga ta’siri ko‘rsatib o‘tiladi. Maqola Qarluqlarning turkiy islomiy sivilizatsiya shakllanishidagi yetakchi o‘rnini ochib beradi. Kalit so‘zlar: Qarluqlar, Qoraxoniylar, islom, Yettisuv, Bolasog‘un, turkiy madaniyat, Markaziy Osiyo. Abstract:This thesis highlights the political and cultural role of the Karluks in the history of Central Asia during the 8th–10th centuries. It analyzes the Karluks’ role within the Western Turkic and Uyghur Khaganates, their establishment of a political center in Balasagun, and their contribution to the formation of the Karakhanid State. The study also discusses their adoption of Islam and their influence on the development of written culture and Turkic languages. The paper reveals the leading role of the Karluks in the formation of Turkic Islamic civilization. Keywords: Karluks, Karakhanids, Islam, Yettisu, Balasagun, Turkic culture, Central Asia. Аннотация:В данной тезисной работе освещается политическая и культурная роль карлуков в истории Средней Азии в VIII–X веках. Анализируется участие карлуков в Западно-Тюркском и Уйгурском каганатах, создание ими политического центра в Баласагуне, а также их вклад в формирование Караханидского государства. Кроме того, рассматривается принятие карлуками ислама, их влияние на развитие письменной культуры и тюркских языков. Статья раскрывает ведущую роль карлуков в становлении тюркской исламской цивилизации. Ключевые слова: карлуки, караханиды, ислам, Семиречье, Баласагун, тюркская культура, Средняя Азия. Kirish Turkiy xalqlarning shakllanishi va tarixiy rivojlanish jarayonida qator qabilalar muhim rol o‘ynagan bo‘lsa-da, Qarluqlar o‘zining siyosiy faolligi, madaniy moslashuvchanligi va diniy qabul jarayonidagi yetakchilik jihatlari bilan alohida o‘rin egallaydi. VIII–X asrlarda Qarluqlar Markaziy Osiyo va unga tutash hududlarda nafaqat ko‘chmanchi xalq sifatida, balki mustaqil siyosiy kuch sifatida ham tarix sahnasiga chiqqan. Ular G‘arbiy Turk xoqonligi, Uyg‘ur xoqonligi va ayniqsa Qoraxoniylar davlati tarixida markaziy rol o‘ynab, o‘zlarining ijtimoiy tuzilmalari, madaniy merosi va diniy yangilanishlari bilan butun turkiy olam rivojiga ta’sir ko‘rsatgan. Qarluqlar haqida ilk yozma manbalar VII asrga oid bo‘lib, ular Xitoy yilnomalarida tilga olinadi. Bu yilnomalarda Qarluqlar “ko‘chmanchi va jangovar turkiy qabila” sifatida ta’riflanadi. Ularning dastlabki yashash hududlari sifatida Altay tog‘lari, Issiqko‘l atrofidagi
ILM FAN YANGILIKLARI KONFERENSIYASI OKTABR ANDIJON,2025 1175 mintaqalar va Yettisuv vohasi (hozirgi Qozog‘iston janubi-sharqiy qismi va Qirg‘iziston) ko‘rsatiladi. Etnik tarkib jihatidan Qarluqlar bir necha urug‘larga bo‘lingan bo‘lib, tarixiy manbalarda Beshg‘un, Uch-Qarluq va Chebish urug‘lari alohida nomlanadi. Bu urug‘lar tarkibi va ularning o‘zaro aloqalari ko‘chmanchi hayot tarzining dinamikasini, resurslar uchun raqobatni va siyosiy muvozanatni aks ettiradi. Ularning boshqa turkiy qabilalar bilan doimiy aloqada bo‘lishi, turmush tarzlarining va madaniyatlarining uyg‘unlashuviga olib kelgan. Bu uyg‘unlashuv esa keyinchalik Qarluqlarni mintaqaviy siyosiy o‘zgarishlarga tezda moslasha oladigan xalqga aylantirgan. Qarluqlar dastlab G‘arbiy Turk xoqonligi tarkibida yashagan bo‘lsa-da, xoqonlikning zaiflashuvi va ichki qarama-qarshiliklar ularni mustaqil harakat qilishga undadi. 742–746-yillarda Uyg‘ur, Basmil va Qarluq qabilalari ittifoqi Sharqiy Turk xoqonligini qulatiladi. Uyg‘urlar bu ittifoqda ustunlikka erishib, yangi xoqonlikka asos soladi, ammo Qarluqlar qisqa vaqt ichida bu siyosiy birlikdan ajralib chiqib, mustaqil kuch sifatida tarixga kiradi. 766-yilda Qarluqlar Yettisuv mintaqasida o‘z siyosiy hokimiyatini mustahkamlaydi va poytaxt sifatida Bolasog’un shahrini tanlaydi. Qarluq boshlig‘i dastlab “elteber” (ya’ni hokim, sardor) unvonini olgan bo‘lsa-da, keyinchalik “xoqon” deb yuritila boshlaydi. Bu unvon mustaqil davlatchilik timsoli bo‘lib, Qarluqlar o‘z siyosiy markazini shakllantirganini bildiradi. Bu siyosiy tuzilma Qoraxoniylar davlatining shakllanishiga zamin yaratdi. Aynan Qarluq urug‘i asosida vujudga kelgan bu davlat keyinchalik butun Movarounnahr va Sharqiy Turkiston hududini qamrab olgan, islom dinini davlat dini sifatida tan olgan ilk turkiy sulola bo‘lgan. Qarluqlar turkiy xalqlar orasida islom dinini ilk bo‘lib qabul qilgan va uni davlat darajasida targ‘ib qilgan etnos sifatida tarixga kirgan. Ularning islom dini bilan tanishuvi IX asrning birinchi yarmida, ayniqsa Somoniylar bilan bo‘lgan siyosiy, savdo va madaniy aloqalar kuchaygan davrda boshlangan. Islomni qabul qilish jarayoni Samarqand va Buxoro kabi shaharlarda ilgari surilgan islomiy ta’limotlar, savdogarlarning faoliyati, Somoniylar yurishlari hamda musulmon missionerlar (da’vatchilar) orqali Qarluqlar orasida islom asta-sekin tarqala boshlagan. Bu jarayon bosqichma-bosqich kechgan bo‘lib, bir necha o‘n yilliklar davom etgan. Qoraxoniylar sulolasining asoschisi sifatida tanilgan Abdulkarim Sotuk Bug‘roxon 960yilda rasmiy ravishda islomni qabul qildi va butun davlat hududida uni rasmiy din sifatida tan oldi. Bu voqea Markaziy Osiyo tarixida burilish nuqtasi bo‘lib, musulmon dunyosi uchun ham yangi turkiy musulmon davlatchiligining paydo bo‘lishini anglatgan. Islom dini bilan birga Qarluqlar hayotiga arab yozuvi keng miqyosda joriy etildi. Bu esa yozma madaniyatning rivojiga zamin yaratdi. Ular Qoraxoniylar davlatiga asos solgan, bu davlat esa ilk musulmon turkiy imperiyasi sifatida tarixga kirgan. Davlat boshqaruv tizimida turkiy urf-odatlar bilan islomiy qadriyatlarni uyg‘unlashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Bu model keyinchalik Saljuqiylar, Xorazmshohlar va hatto Temuriylar davlatida davom ettirilgan. Qarluqlar islomni davlat darajasida tan olgan ilk turkiy xalq bo‘lgan. Ularning tashabbusi bilan islom dini butun Turkiston bo‘ylab keng yoyilgan. Ular orqali turkiy islomiy davlatchilik an’analari shakllangan va keyingi asrlarda mustahkamlanib borgan. Qarluq shevasi o‘rta asr adabiy turkiy tilining asosini tashkil qilgan. Bu sheva hozirgi o‘zbek tili, uyg‘ur tili, qisman qirg‘iz tilining shakllanishiga bevosita ta’sir qilgan. Yusuf Xos Hojib va Mahmud Qoshg‘ariy kabi mutafakkirlar ijodi orqali Qarluq lahjasi ilm-fan va adabiyotda o‘zining barakali mevasini bergan. Hozirgi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Shinjon (Xitoy) hududlarida yashovchi turkiy xalqlar (ayniqsa, o‘zbeklar va uyg‘urlar) tilida, urf-odatlarida, diniy e’tiqodlarida Qarluqlarning madaniy ta’siri yaqqol seziladi. Ko‘plab qadimiy joy nomlari, arxeologik topilmalar, yozma manbalar va tarixiy asarlar Qarluqlarning boy madaniy merosidan dalolat beradi.
ILM FAN YANGILIKLARI KONFERENSIYASI OKTABR ANDIJON,2025 1176 Qarluqlar tarixini chuqur o‘rganishda ularning yashash hududlari va qoldirgan moddiy madaniyat yodgorliklari alohida ahamiyatga ega. Arxeologik izlanishlar natijasida Bolasog’un, Taroz, O‘zgan, Qashg‘ar kabi shaharlarda qarluq davriga oid masjidlar, maqbaralar, qasrlar, yozuvli toshlar va tangalar topilgan. Qarluqlarning siyosiy va etnik ta’siri keyingi tarixiy shaxslar va sulolalarning shakllanishiga ham sabab bo‘lgan. Saljuqiylar - garchi asosan og‘uzlar bo‘lsa-da, ular ham qarluqlar bilan ittifoqda bo‘lgan va siyosiy-madaniy meroslar bo‘yicha o‘xshash jihatlarga ega; Xorazmshohlar - Qarluqlarning Yettisuvdagi siyosiy urf-odatlarini o‘zlashtirgan; Chig‘atoy ulusi - mo‘g‘ullar istilosidan so‘ng qarluqlarning madaniy an’analari va diniy tuzumlari bu ulusda ham davom etgan. Shuningdek, ko‘plab diniy va ilmiy allomalar (Imom Abu Nasr Farobiy, Imom Burhoniddin Marg‘inoniy, Ahmad Yassaviy) faoliyati ham Qarluqlar davrining madaniy muhitida shakllangan. Qarluqlar - o‘z davrining nafaqat harbiy kuchi, balki madaniy, siyosiy va diniy yangilanishlariga bosh bo‘lgan tarixiy kuch sifatida baholanishi lozim. Ular orqali turkiy dunyo islomiy sivilizatsiyaga bog‘landi, turkiy tillarning yozma shakllari paydo bo‘libgina qolmasdan muqim davlat boshqaruvi institutlari shakllandi. Qarluqlar Markaziy Osiyoning etnik va madaniy xaritasini shakllantirishda asosiy o‘rin tutgan. Bugungi o‘zbek xalqi ham, boshqa ko‘plab Markaziy Osiyo xalqlari singari, qarluq merosiga bevosita aloqador bo‘lib, ularning tili, diniy qadriyatlari va tarixiy o‘zlik hissi ana shu qadimiy ildizlardan oziqlanadi. Shu bois, Qarluqlar tarixi nafaqat o‘tmishning bir bo‘lagi, balki zamonaviy turkiy dunyo o‘zligini anglashda muhim manbadir. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Togan Velidi A. Z. Umumi Turk tarihina giris, 1-cilt. En eski devirlerden 16 asra kadar, 3baski, Istanbul, 1981. 2. Bartold V. V. Карлуки. // Asar. T. V. — M., 1968. 3. Atalay, Besim (2006). Divanu Lugati't-Turk. Anqara: Turk Tarix Jamiyati Matbuoti. ISBN 975-16-0405-2 , I jild, 473-bet. 4. Gy.Nemeth, Der Volksname Karluk und seinesemantisce Gruppe , p.14ff 5. Gumilev L.N.,1967, Qadimgi turklar, 61-62-betlar. 6. Tashagil, A., Qarluklarning geografik dunyosi haqida. Turkiyat jurnali, jild: 24, Bahor, 2014 yil. 7. Salmon, H., Katavan jangida karluklarning roli. Marmara Journal of Turkish Studies, jild: 1, son: 2, kuz 2014. 8. E.E. Kurbanov. POLITICAL MODERNIZATION IN UZBEKISTAN: THE ROLE OF DEMOCRATIC TRANSFORMATIONS IN THE CONTEXT OF GLOBALIZATION. Vol. 1 No. 5 (2025): CONFERENCE OF MODERN SCIENCE & PEDAGOGY 9. Курбанов, Э. (2022). Размеры демократии в современное время. Общество и инновации, 3(3/S), 286-291.