ISLOMIY BANK TIZIMINING RIVOJLANISHI HAMDA O'ZBEKISTONDA ISLOMIY BANKLARNI SHAKLLANTIRISH SARI YO'L
Full text
22 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJMTCS) ISSN: 2181-2861 ISLOMIY BANK TIZIMINING RIVOJLANISHI HAMDA O‘ZBEKISTONDA ISLOMIY BANKLARNI SHAKLLANTIRISH SARI YO’L Melikov Otabek Maxmadaminovich Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Moliya va bank ishi kafedrasi mudiri iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) E-mail: [email protected] Jabborov Sohib Yodgar o’g’li Denov Tadbirkorlik va Pedagogika Instituti 2-kurs “5BI23” guruh talabasi Email address: sohib[email protected] Telefon raqam: (+998) 91 981 75 15 https://doi.org/10.5281/zenodo.17509898 Annotatsiya: Ushbu maqolada islomiy bank tizimining mohiyati, uning asosiy tamoyillari hamda an’anaviy bank tizimi bilan o‘xshash va farqli jihatlari yoritilgan. Islomiy moliya tizimining asosini tashkil etuvchi foiz (ribo) taqiqi, riskni sheriklik asosida taqsimlash, real aktivlarga tayanish va axloqiy cheklovlar mazmunan tahlil qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan huquqiy, tashkiliy va iqtisodiy shart-sharoitlar o‘rganilib, amaldagi islohotlar hamda istiqboldagi yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar ilgari surilgan. Maqolada islomiy bank tizimini joriy etish orqali mamlakatda barqaror va adolatli moliyaviy tizimni shakllantirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tilgan. Kalit so‘zlar: islomiy bank tizimi, shariat, foiz (ribo), an’anaviy bank, sukuk, Markaziy bank. Annotation: This article examines the essence of the Islamic banking system, its main principles, and the similarities and differences between Islamic and conventional banking. It analyzes key concepts such as the prohibition of interest (riba), profit-and-loss sharing, asset-backed transactions, and ethical restrictions that form the foundation of Islamic finance. The paper also studies the legal, organizational, and economic conditions necessary for the introduction of Islamic banking in the Republic of Uzbekistan. In addition, it highlights ongoing reforms and proposes directions for further development. The article demonstrates the potential of establishing a stable and fair financial system in Uzbekistan through the implementation of Islamic banking principles. Keywords: Islamic banking system, Shariah, interest (riba), conventional banking, sukuk, Central Bank. Аннотация: В данной статье рассмотрена сущность исламской банковской системы, её основные принципы, а также сходства и различия между исламским и традиционным банкингом. Проанализированы ключевые положения исламских финансов, включая запрет на проценты (риба), распределение прибыли и убытков, обеспечение сделок реальными активами и этические ограничения. В работе изучены правовые, организационные и экономические условия, необходимые для внедрения исламского банкинга в Республике Узбекистан. Кроме того, приведены существующие реформы и предложены направления дальнейшего развития. Статья показывает возможности формирования устойчивой и справедливой финансовой системы в Узбекистане на основе принципов исламского банкинга. Ключевые слова: исламская банковская система, шариат, проценты (риба), традиционный банк, сукук, Центральный банк. Kirish Jahon moliya tizimida so‘nggi yillarda islomiy bank faoliyatiga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Bu qiziqishning sababi, islomiy bank tizimi faqat iqtisodiy manfaat emas, balki axloqiy va adolat tamoyillariga asoslangan moliyaviy muvozanatni ta’minlashga intilishidadir. Ushbu tizimning markazida shariat qonunlari turadi. Unga ko‘ra, foiz (ribo) olish va to‘lash taqiqlanadi, bitimlar esa faqat haqiqiy aktivlar yoki real iqtisodiy faoliyat asosida amalga oshiriladi. An’anaviy bank tizimi, asosan, foizli operatsiyalar orqali foyda ko‘radi, islomiy bank tizimi esa sheriklik, ijaraga berish, savdo va investitsiya kabi adolatli taqsimot mexanizmlariga tayanadi. Bu esa moliyaviy barqarorlikni oshiradi, iqtisodiy tizimda halollik va ishonch muhitini mustahkamlaydi.
23 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJMTCS) ISSN: 2181-2861 Bugungi globallashuv sharoitida islomiy bank tizimi nafaqat musulmon mamlakatlarida, balki Yevropa, Osiyo va Afrikaning ko‘plab davlatlarida ham muvaffaqiyatli joriy etilmoqda. U iqtisodiy inqirozlarga chidamli, ijtimoiy mas’uliyatli va barqaror moliyaviy model sifatida e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston ham ushbu yo‘nalishda muhim qadamlarga qo‘l urmoqda. Mamlakatda islomiy moliya va bank xizmatlarini joriy etish, qonunchilik bazasini takomillashtirish, xalqaro tajribani o‘rganish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Bu jarayon milliy moliya bozorini yanada boyitib, iqtisodiy tizimda halollik, barqarorlik va ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu maqolada islomiy bank tizimining nazariy asoslari, an’anaviy bank tizimidan farqlari va o‘xshash jihatlari, shuningdek, O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini rivojlantirish istiqbollari keng yoritiladi. Mavzuga oid adabiyotlar sharhi Islomiy bank tizimi bo‘yicha ilmiy izlanishlar so‘nggi o‘n yilliklarda jahon miqyosida kengayib bormoqda. Bu yo‘nalishda ko‘plab xorijiy va mahalliy olimlar tomonidan nazariy hamda amaliy tadqiqotlar olib borilgan. Xususan, Mohamed Ariff (1988) o‘zining “Islamic Banking” nomli maqolasida[1] islomiy bank tizimining nazariy va amaliy asoslarini tahlil qiladi. U islomiy banklarni “axloqiy tamoyillar asosida ishlaydigan, riskni sheriklik asosida taqsimlaydigan va real aktivlarga tayanuvchi moliyaviy institutlar” sifatida tavsiflaydi. Ariffning tadqiqoti shuningdek, islomiy banklarning makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishga qo‘shgan hissasini tahlil qilgani bilan ahamiyatlidir. Feisal Khan o‘zining “How ‘Islamic’ is Islamic Banking?” nomli ilmiy maqolasida[2] islomiy bank tizimiga tanqidiy yondashuvni taklif etadi. U amalda ko‘plab islomiy banklar diniy tamoyillarga to‘liq rioya qilmasligini, ayrim operatsiyalar an’anaviy bank faoliyatiga o‘xshab ketishini ta’kidlaydi. Khanning fikricha, islomiy banklarning asosiy chaqirig‘i — “shakldan ko‘ra mazmunga” e’tibor qaratish, ya’ni diniy etik tamoyillarni chuqurroq tatbiq etishdir. Bu maqola sohadagi islohotlar zaruratini ko‘rsatgan muhim ilmiy manba hisoblanadi. Leonid Vorobyov “Islom banki qanday ishlaydi: xususiyatlarni ko‘rib chiqamiz” maqolasida[3] amaliy jihatdan islom banklarining ishlash mexanizmlarini tahlil qilib, foizli operatsiyalar o‘rniga sheriklik asosidagi moliyalashtirishning afzalliklarini ko‘rsatadi. S.A. Akmal o‘g‘li o‘zining “Islom moliya bozorida zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish” nomli ishida[4] raqamli texnologiyalarning islomiy bank tizimidagi o‘rni va ahamiyatini yoritadi. Muallifning fikricha, sun’iy intellekt, blokcheyn, mobil ilovalar va onlayn to‘lov tizimlari islomiy bank mahsulotlarini soddalashtirish, shaffoflikni oshirish hamda mijozlarga qulay xizmat ko‘rsatishda muhim vositadir. Bu yo‘nalish, ayniqsa, O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Amaliy manbalar sifatida O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar alohida e’tiborga loyiq. Jumladan, 2025-yil 16-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Islomiy bank faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi” qonun loyihasi muhokama qilindi[5]. Ushbu qonun loyihasi O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini huquqiy jihatdan yo‘lga qo‘yish, moliya tizimiga yangi instrumentlarni kiritish va xalqaro islom moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirishni nazarda tutadi. Bu voqea mamlakatda islomiy moliya bozorini shakllantirishda muhim bosqich bo‘ldi. Yuqoridagi adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, islomiy bank tizimi faqat diniy prinsiplar asosida emas, balki zamonaviy texnologiyalar, iqtisodiy mexanizmlar va ijtimoiy mas’uliyatni o‘zida mujassam etgan kompleks moliya modeli sifatida shakllanib bormoqda. Tadqiqot metodologiyasi Maqolada nazariy hamda empirik tadqiqot usuli elementlaridan foydalanildi. Xususan, nazariy usullardan: tahlil, tasniflash, umumlashtirish, sintez va qiyoslash usullari, empirik usullardan esa kuzatuv va tekshirish usullari qo‘llanilgan. Tahlil va Natijalar Islomiy bank ishi yoki islomiy moliya (arabcha: — masrifiyya al-islāmiyya) — bu Shariat qonunlari (Islom huquqi)ga muvofiq olib boriladigan bank va moliyaviy faoliyat turidir[6]. Ushbu tizim islom
24 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJMTCS) ISSN: 2181-2861 iqtisodiyotining amaliy shakli sifatida shakllangan bo‘lib, unda moliyaviy operatsiyalar shariat tamoyillari asosida tashkil etiladi. Islomiy moliya turli xil moliyaviy mexanizmlarni o‘z ichiga oladi, jumladan: Mudaraba — foyda va zarar sheriklik asosida taqsimlanadigan ishonchli boshqaruv tizimi; Vadiya — omonatni saqlash yoki ishonchli saqlovchi sifatida qo‘llaniladigan usul; Musharaka — hamkorlik asosidagi qo‘shma korxona yoki ulushli sheriklik; Murabaha — xarid narxiga oldindan kelishilgan foyda qo‘shish orqali amalga oshiriladigan savdo turi; Ijarah — ijaraga olish yoki lizing asosida moliyaviy munosabat. Shariat tamoyillariga ko‘ra, riba (foiz yoki sudxo‘rlik) qat’iyan taqiqlangan. Riba — bu qarz mablag‘lariga nisbatan foiz shaklida olinadigan ortiqcha to‘lovni anglatadi. Ba’zi ulamolar foiz bilan riba o‘rtasidagi to‘liq tenglik masalasida turlicha fikr bildirsalar-da, umumiy e’tiqodga ko‘ra, foizli kreditlar islomiy jihatdan harom hisoblanadi. Shuningdek, harom faoliyat bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga investitsiya kiritish (masalan, cho‘chqa go‘shti, alkogol mahsulotlari, qimor yoki tamaki ishlab chiqarish) ham qat’iyan man etilgan. Bu tamoyil islomiy moliyaning asosiy g‘oyasi — axloqiy va halol iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishga qaratilganini ko‘rsatadi. Natijalarga nazar solsak, “Al Huda Islomiy bank va iqtisod markazi” [7] ning 2023-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil oxiriga borib global Islomiy bank aktivlari hajmi 5 trillion dollarga yetishi mumkin. Bugungi kunda dunyoda axloqiy va barqaror moliya tizimiga e’tibor tobora ortib bormoqda. Islomiy bank va moliya sektori mas’uliyatli moliyaviy tamoyillarni targ‘ib qilgani sababli, tobora ko‘proq insonlar bunday mahsulotlardan foydalanishga qiziqmoqda. Standard & Poor’s (S&P) tomonidan e’lon qilingan alohida hisobotda aytilishicha, Islomiy moliya sektori 2023 va 2024-yillarda har yili 10 foiz o‘sish sur’atiga ega bo‘lishi kutilgan edi. Qarangki ushbu o‘sishda Saudiya Arabistoni va Quvayt yetakchilik qilmoqda — o‘tgan yili sektordagi aktivlar o‘sishining qariyb 90 foizi aynan shu ikki davlat hissasiga to‘g‘ri kelgan. Dunyo bo‘ylab Islomiy bank tizimi Islomiy bank aktivlarining dunyoning ko‘plab mintaqalarida ommalashib borayotgani e’tiborga molik holatdir. Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning birinchi choragida Shariatga muvofiq banklarning jami aktivlari 7,31 foizga o‘sib, deyarli 177 milliard dollarga yetgan. Xuddi shu davrda mamlakatdagi Islomiy banklar tomonidan berilgan kreditlar hajmi ham oshib, 109 milliard dollarga yetgan — bu 2,51 foizlik o‘sishni anglatadi. Malayziyada esa, Shariatga muvofiq obligatsiya (sukuk) chiqarishda yetakchi davlatlardan biri sifatida, Islomiy moliya sektori ham o‘sishda davom etmoqda. Moody’s Investors Service ma’lumotlariga ko‘ra, bu sektor o‘sishi an’anaviy moliya tizimidan tezroq. Hozirda Islomiy banklar Malayziya moliya tizimining 40 foizini tashkil etadi. O‘n yil avval bu ko‘rsatkich atigi 20 foiz atrofida edi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda Yevrosiyo Taraqqiyot Banki (EDB) xalqaro bozorlarda 500 million dollarlik sukuk chiqarishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Ushbu yangilik yaqinda Marokashda bo‘lib o‘tgan Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi va Jahon bankining yillik yig‘ilishida e’lon qilindi. Sektordagi raqamli innovatsiyalar Islomiy bank sektori raqamli innovatsiyalar borasida ham rivojlanishda davom etmoqda. Zamonaviy raqamli sukuk (digital sukuk) tizimi tobora ommalashib bormoqda — u qog‘oz hujjatlarni yo‘qotadi va samaradorlikni oshiradi. O‘tgan yili global sukuk bozori 193,2 milliard dollarga baholangan edi. Research And Markets tomonidan e’lon qilingan hisobotda ta’kidlanishicha, Islomiy bank dasturiy ta’minot bozori ham jadal rivojlanmoqda. Prognozlarga ko‘ra, u 2022-yildan 2027-yilgacha 2,7 milliard dollarga oshib, 10,75 foizlik o‘sish sur’atiga ega bo‘ladi. Bu o‘sishga bir nechta asosiy omillar turtki bermoqda. Sukuk chiqarilishining ko‘payishidan tashqari, Islomiy banklar tomonidan aqlli kartalar (smart cards) chiqarilishi va bank sohasida mobil xizmatlarga o‘tish jarayonining jadallashuvi ham bunga sabab bo‘lmoqda[8].
25 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJMTCS) ISSN: 2181-2861 O’zbekistanda Islom banklari sari yo’l O‘zbekistonda islomiy moliya tizimini joriy etish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Islom taraqqiyot banki hamkorligida islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, 2025-yil 16-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Islomiy bank faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Ushbu qonun loyihasi mamlakatda shariat tamoyillariga asoslangan moliyaviy tizimni huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan. O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliev ta’kidlaganidek, islomiy moliya o‘ziga xos tamoyillar asosida faoliyat yuritadi. Xususan, foiz evaziga qarz berish, diniy jihatdan man etilgan faoliyat turlarini moliyalashtirish hamda shartnomalarda haddan tashqari noaniqlikka yo‘l qo‘yish qat’iyan taqiqlanadi. Ushbu talablarga rioya etilishi doimiy nazorat ostida bo‘lishi lozim. Shu sababli, islomiy banklarda faoliyatning shariat standartlariga muvofiqligini ta’minlash maqsadida islomiy moliya kengashi, islomiy moliya bo‘limi va islomiy audit tizimlarini tashkil etish zarur. Turdalievning so‘zlariga ko‘ra, islomiy moliyada asosiy faoliyat yo‘nalishlari savdo va hamkorlik asosida moliyalashtirish hisoblanadi. Biroq, amaldagi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonun banklarga to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo operatsiyalarini amalga oshirish va xo‘jalik jamiyatlarining ustav kapitalida ishtirok etishni taqiqlaydi. Bu holat islomiy moliya xizmatlarining to‘liq amalga oshirilishiga cheklov bo‘lib xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, Soliq kodeksiga muvofiq, tovarlarni realizatsiya qilish aylanma QQS solig‘iga tortiladi. Natijada, savdo asosidagi islomiy moliyaviy operatsiyalar an’anaviy bank xizmatlariga nisbatan qimmatroq bo‘lishi mumkin. Islomiy bank tizimini to‘liq joriy etish uchun nafaqat mavjud qonunlardagi cheklovlarni bartaraf etish, balki zarur institutsional asoslarni yaratish talab etiladi. Shu munosabat bilan Soliq va Fuqarolik kodekslari, shuningdek, yana sakkizta qonunga xalqaro tajriba asosida o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Qonun loyihasida asosiy islomiy moliyaviy operatsiyalar — murabaha, mudaraba, musharaka, vakala va salam kabi shartnomalar aniq belgilab berilgan. Shuningdek, islomiy faoliyat yurituvchi banklarga to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo operatsiyalarini amalga oshirish, yangi yuridik shaxslar tashkil etish hamda kompaniyalar kapitallaridagi ulushlarni cheklovlarsiz sotib olish imkoniyati berilishi taklif etilgan. Shuningdek, Markaziy bank hamda tijorat banklarida Islomiy moliya kengashlari tashkil etilishi, ularning vakolat va funksiyalari aniq belgilanishi nazarda tutilgan. Markaziy bankka esa islomiy moliya standartlarini tasdiqlash, bank kengashlari faoliyatini baholash hamda ularning a’zolariga talablar belgilash vakolati yuklatilmoqda. Loyihaga ko‘ra, O‘zbekistonda islomiy moliyaviy operatsiyalar uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi. Turdalievning fikricha, ushbu hujjatning qabul qilinishi mamlakatda islomiy bank faoliyatini xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirish uchun zarur huquqiy asos yaratadi. Bu, o‘z navbatida, aholiga va tadbirkorlarga islomiy banklar, islomiy “darchalar” (filiallar) hamda mikromoliyaviy tashkilotlar orqali shariatga muvofiq xizmatlardan foydalanish imkonini beradi. Natijada, moliyaviy xizmatlar bozori yanada kengayadi va biznesni qo‘llab-quvvatlashning yangi vositalari paydo bo‘ladi. Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda bir ovozdan ma’qullandi hamda ikkinchi va uchinchi o‘qishlar uchun tayyorlanmoqda. BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 68 foizi va biznes vakillarining 60 foizi diniy e’tiqodi sababli an’anaviy bank xizmatlaridan foydalanishni istamaydi[9]. Xulosa va takliflar Yuqoridagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, islomiy bank tizimi nafaqat diniy tamoyillarga asoslangan moliyaviy faoliyat shakli, balki zamonaviy iqtisodiy barqarorlikni ta’mlashga xizmat qiluvchi muqobil tizimdir. Ushbu tizim foizsiz, halol va mas’uliyatli moliyaviy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish orqali jamiyatda ijtimoiy adolatni mustahkamlashni maqsad qiladi.
26 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJMTCS) ISSN: 2181-2861 O‘zbekiston sharoitida esa, Markaziy bank tashabbusi bilan islomiy moliya bo‘yicha huquqiy asoslar yaratilmoqda. Qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilishi natijasida banklarga murabaha, mudaraba, musharaka kabi operatsiyalarni amalga oshirish, shuningdek, islomiy moliya kengashlarini tashkil etish imkoniyati yaratiladi. Bu esa mamlakatda yangi investitsiya muhitini shakllantirib, aholining ishonchini oshiradi. Islomiy moliya faoliyati uchun alohida soliq va huquqiy imtiyozlar joriy etilishi lozim. Islomiy moliya kengashi hamda islomiy audit tizimi faoliyatini kuchaytirish, ularning mustaqilligini ta’minlash zarur. Bank xodimlari va mutaxassislar uchun islomiy moliya bo‘yicha maxsus o‘quv dasturlari va sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi kerak. Aholi o‘rtasida islomiy bank tizimining afzalliklari haqida targ‘ibot va tushuntirish ishlari kengaytirilishi maqsadga muvofiq. Xalqaro tajribaga tayangan holda, O‘zbekistonda sukuk (islomiy obligatsiya) bozorini rivojlantirish zarur. Shu bilan birga, islomiy moliya institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun raqamli texnologiyalar va fintech yechimlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Umuman olganda, islomiy bank tizimini mamlakatimizda joriy etish iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash, aholining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish hamda xalqaro moliyaviy tizimda O‘zbekistonning nufuzini oshirishga xizmat qiladi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Ariff, Mohamed. Islamic banking. Asian-Pacific Economic Literature Vol. 2, No. 2 (September 1988), pp. 48-64, 1988. 2. Khan, Feisal. "How ‘islamic’is islamic banking?." Journal of economic behavior & organization 76.3 (2010): 805-820. 3. Islom banki qanday ishlaydi: xususiyatlari, prinsiplari va farqlarini 4. Akmal O’g’li, Salohiddinov Asliddin. "Islom moliya bozorida zamonaviy axborot texnalogiyalardan samarali foydalanish." scientific approach to the modern education system 3.31 (2024): 172-174. 5. Ўзбекистонда исломий банклар ташкил этилиши мумкин | Qalampir.uz 6. Islamic banking and finance - Wikipedia 7. https://www.alhudacibe.com/ 8. Islamic banking assets to hit $5 trillion by 2025, data reveals 9. Ўзбекистонда тўлақонли исломий банк фаолияти имконлими?