scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK XALQINING URF ODATLARI, BAYRAM VA MAROSIMLARDA QADRIYATLAR TASNIFI

Olimova Intizor Xamidullo qizi

Abstract

Ushbu maqolada o‘zbek xalqining nikoh to‘yi, chaqaloq tug‘ilishi, sunnat to‘yi, Navro‘z va Qurbon hayiti kabi qadimiy marosimlari hamda bayramlari tahlil qilingan. Maqolada bu urf-odatlarning xalq hayotidagi o‘rni, ularning tarbiyaviy va ma’naviy ahamiyati, shuningdek, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash zarurligi haqida so‘z yuritilgan. Har bir marosimning o‘ziga xos jihatlari orqali o‘zbek xalqining mehmondo‘stlik, saxovat, hamjihatlik, ehtirom va mehr-oqibat kabi fazilatlari yoritilgan. Shuningdek, maqolada bugungi globallashuv davrida milliy qadriyatlarni asrash va yosh avlod ongiga singdirish muhimligi alohida ta’kidlangan.

Full text

ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 47 O’ZBEK XALQINING URF ODATLARI, BAYRAM VA MAROSIMLARDA QADRIYATLAR TASNIFI Olimova Intizor Xamidullo qizi O’zbekiston Davlat Jahon tillari Universitetining Ingliz tili filologiyasi 1-kurs talabasi. [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.17522181 Annotatsiya. Ushbu maqolada o‘zbek xalqining nikoh to‘yi, chaqaloq tug‘ilishi, sunnat to‘yi, Navro‘z va Qurbon hayiti kabi qadimiy marosimlari hamda bayramlari tahlil qilingan. Maqolada bu urf-odatlarning xalq hayotidagi o‘rni, ularning tarbiyaviy va ma’naviy ahamiyati, shuningdek, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash zarurligi haqida so‘z yuritilgan. Har bir marosimning o‘ziga xos jihatlari orqali o‘zbek xalqining mehmondo‘stlik, saxovat, hamjihatlik, ehtirom va mehr-oqibat kabi fazilatlari yoritilgan. Shuningdek, maqolada bugungi globallashuv davrida milliy qadriyatlarni asrash va yosh avlod ongiga singdirish muhimligi alohida ta’kidlangan. Kalit so’zlar: urf-odatlar, milliy va diniy bayramlar, nikoh to’yi, chilla tutish, beshik to’yi, sunnat to’yi, Navro’z, qurbon hayiti. CLASSIFICATION OF UZBEK PEOPLE'S TRADITIONS, HOLIDAYS, AND CEREMONIAL VALUES Abstract. This article analyzes the ancient ceremonies and holidays of the Uzbek people, such as wedding ceremonies, childbirth celebrations, circumcision feasts, Navruz, and Eid alAdha. The article discusses the role of these traditions in people’s lives, their educational and spiritual significance, and the importance of preserving our national values. Through the unique features of each ceremony, the virtues of the Uzbek people—such as hospitality, generosity, unity, respect, and compassion—are highlighted. In addition, the article emphasizes the importance of protecting national values and instilling them in the minds of the younger generation in today’s era of globalization. Keywords: customs, national and religious holidays, wedding ceremony, postnatal seclusion (chilla tutish), cradle ceremony, circumcision ceremony, Navruz, Eid al-Adha. ЦЕННОСТЕЙ В ТРАДИЦИЯХ, ПРАЗДНИКАХ И ОБРЯДАХ УЗБЕКСКОГО НАРОДА Аннотация. В данной статье анализируются древние обряды и праздники узбекского народа, такие как свадебные церемонии, празднование рождения ребёнка, обряд обрезания, Навруз и Курбан хайит (Ид аль-Адха). В статье рассматривается роль этих традиций в жизни народа, их воспитательное и духовное значение, а также важность сохранения национальных ценностей. Через уникальные особенности каждого обряда раскрываются такие добродетели узбекского народа, как гостеприимство, щедрость, единство, уважение и сострадание. Кроме того, подчёркивается необходимость защиты национальных ценностей и их воспитания в сознании молодого поколения в условиях современной глобализации. Ключевые слова: традиции, национальные и религиозные праздники, свадебная церемония, послеродовый обряд (чилла тутуш), обряд колыбели, обряд обрезания, Навруз, Курбан хайит (Ид аль-Адха). ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 48 Kirish Milliy urf-odatlar – millatning turmush-tarziga singib ketgan, uning shakllanishi va rivojiga xizmat qiladigan ijtimoiy madaniy hayotida oʻz aksini topgan, doim takrorlanib turadigan xatti-harakat, koʻpchilik tomonidan qabul qilingan xulq-atvor qoidalari va koʻnikmalar koʻrinishidir. Milliy urf-odatlar bizning xalqimizda oʻziga xos oʻzbekona tarixiy xususiyatlarga ega boʻlib, anʼanaviy va zamonaviy koʻrinishlarda namoyon boʻladi.Milliy urf-odatlar millat va elatning tarixi, anʼanalari, xalq ogʻzaki ijodi, sanʼat va adabiyoti, turmush tarzi va boshqa omillar taʼsirida shakllanib, takomillashib boradi. Oʻzbekiston xalqlari turmush tarzining shakllanish tarixi miloddan avvalgi 6-7-asrlarga toʻgʻri keladi.Koʻpgina urf-odatlarimiz milliy va diniy bayramlar – “Navroʻz” bahorgi tengkunlik kuni, Ramazon hayiti va Qurbon hayitlari, oilaviy tantanalar – toʻylar, farzand tugʻilishi va boshqalar bilan bogʻliq. Nikoh to’yi marosimlari Nikoh to‘yi marosimi o‘zbek xalqining qadimiy an’analari sirasiga kiradi. O‘zbek oilalari ko‘p farzandli bo‘lgani uchun o‘g‘il uylantirish, qiz uzatish marosimlari ularning bir umrlik orzu-umidlarining ro‘yobi sifatida tashkil etiladi. Tantanalarga boy bu marosimlarda ko‘p bosqichli turli udumlar bajariladi. Jumladan, nikoh to‘yi tizimida bir qancha marosimlar mavjud: sovchilikka borish, unashtirish, uy ko‘rar (qiz ko‘rar), fotiha to‘yi, to‘y yuborish, qiz oshi (qizlar majlisi), nikoh o‘qitish, nikoh to‘yi, kelin salom, chorladi, quda chaqirdi kabi marosimlar va ular bilan bog‘liq urf-odatlar. Sovchilikka borish ham o‘zbeklarda juda nozik masala hisoblanadi. Bo‘lajak kelinning asli-nasli, yetti pushtiga qadar qarindosh-urug‘i, qo‘ni-qo‘shnilaridan surishtiriladi. Qiz so‘rab borgan o‘g‘il tomon xalq orasida “qulchilikka keldik”, “sizda bir gul bor ekan, bizda bulbul bor” tarzida maqsadlarini bildirishadi, ba’zilar esa qizning eshigini supurishadi. Sovchilikka borgan ayollar oilaning ro‘zg‘or tutishi, saranjom-sarishtali ekanligiga e’tibor beradi. Qiz sovchilar oldiga choy damlab chiqadi, o‘zining odobli-andishali, farosatli qiz ekanligini namoyish etadi. Har ikki tomon murosaga kelsa, yigit va qiz yangalar hamrohligida uchrashtiriladi. Yoshlar bir-biriga ma’qul tushsa, oilaviy rishtalarni bog‘lovchi marosimlar boshlanadi. Kuyov tomon qand-qurslar bilan birga katta patir non va holva olib keladi. Yoshlarning hayoti shirin bo‘lsin deb shirinliklar ulashiladi. Qo‘sha qarib yursin degan maqsadda ikki patirni bir qilib sindirishadi. Patir sindirilishi – bu unashtiruv marosimi hisoblanadi va shu bilan yoshlar boshi bog‘langan bo‘ladi.Unashtiruvdan so‘ng fotiha to‘yiga tayyorgarlik boshlanadi. Kuyov tomon qizni kiyintiradi, qiz ham o‘z navbatida yigitni boshdan-oyoq kiyimlarini olib beradi. Yigit va qiz bir necha yillar kiyim olmaydi. Olingan boshdan-oyoq sarpolar, lazzatli taomlar to‘la tog‘oralar hammasi qizni uyiga tantanali olib boriladi. Fotiha to‘yi bo‘lib o‘tgandan so‘ng qiz tomon o‘zi qilgan sarpolarni yigitni uyiga xuddi shunday tantanali qaytaradi. Kuyov yor-u do‘stlari bilan kichik to‘y marosimini nishonlaydi. Nikoh to‘yi kuni yoki bir kun oldin qiz tomonga to‘yning oshini pishirib yoki xomligicha yuboriladi. Qiz xonadonida el-yurtga osh beriladi, ba’zan kuyovnikida ham osh beriladi. To‘y kuni yoki bir kun oldin qizning uyida nikoh marosimi bo‘lib o‘tadi. Kuyov yaqin jo‘rasi, tog‘asi bilan bo‘lajak kelin uyiga boradi. Imom kuyovga er-xotinlik burchi va huquqlarini tushuntiradi. Qizdan ham roziligini olgach, “Xutbayi nikoh” (nikoh haqidagi duo) o‘qiydi. To‘y kuni kuyov jo‘ralari hamrohligida karnay-surnay, childirma, nog‘oralar bilan kelinnikiga keladi. ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 49 Shu orada to‘qqiz tovoq marosimi bo‘lib o‘tadi. Kuyov to‘qqiz qavat ko‘rpacha ustiga o‘tqaziladi va mehmonlar oldiga to‘qqiz xil taom tortiladi. Suyuq ovqat, osh yeyilib bo‘lingach, kuyov jo‘ralar kuyovning sarposini kelin tomondan “sotib oladi”. Kuyovga chopon, salla kiygiziladi. Kelinga oq libos kiydirilib, otasi, buvasi va tog‘a, amaki kabi yaqin qarindoshlari bilan xayrlashgani olib chiqadilar. Kelin ketar paytida otasidan bergan non va tuziga rozilik so‘raydi, xayrlashadi. Otasi qizining peshonasidan o‘pib, baxt tilaydi. Qiz butun yaqin qarindoshlari bilan xayrlashadi. Yoshi ulug‘ keksalar oq fotiha tilaydi va qiz ota uyini tark etadi. Chaqaloq tug’ilishi bilan bog’liq marosimlar O‘zbek xonadonlarida chaqaloq tug‘ilishi bilan bog‘liq turli marosimlar o‘tkaziladi. Bu marosimlarda qo‘llanadigan udumlar chaqaloqning sog‘ligi, toleyi haqida turli ramziy ma’no anglatishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Bulardan chilla saqlash, beshikka solish, beshik to‘y, aqiqa, tirnoq olish, soch olish, oyog‘idan kulcha yumalatish, sunnat to‘y, muchal to‘yi kabi jarayonlar an’ana, urf-odat tusiga kirib ketgan. O‘zbekistonning turli viloyatlarida bu jarayonlarda har xil marosimlar bajariladi. Chaqaloqning dastlabki qirq kunlik hayoti davomida chilla tutish, ya’ni boshqa kishilardan alohida saqlashga amal qilishadi. Mana shu davr bilan bog‘liq qator irim-sirimlar borki, ularning shakllanishi mifologik tasavvurlar bilan aloqador. O‘tmishda chaqaloqning besh va to‘qqiz kunligi eng xavfli davr sanalib, shu kunlarda ularni turli ins-u jinslar va boshqa zarar yetkazuvchi parilar tegishidan omon saqlashni ko‘zlab, maxsus marosimlar uyushtirilgan. Bunga doyalar, momolar bosh bo‘lishgan. Beshik to‘yi (beshikka bog‘lash) marosimi, odatda, dushanba yoki juma kunlarida uyushtiriladi. Buning ham qat’iy tartibi bor: eng oldinda yog‘och oyoqqa minib, qo‘lda qayroq bilan raqsga tushganlar va karnaychi-surnaychilar, ular ketidan boshlarida sovg‘a-salom solinib dasturxonga o‘ralgan la’li (patnis) ko‘targan ayollar va orqada yangi beshikni yelkasiga olgan beshikbardor uzun safda tizilishib, karnay-surnay navolari ostida borishadi. Bularni borkashlar deyishadi. Borkashlar beshik to‘yi o‘tkaziladigan hovliga yetib kelganda, uy egalari ularni yuzlariga un surtish bilan kutib oladilar. Bu bilan chaqaloqning baxti oppoq bo‘lishiga ramziy ishora qilinadi.Bolani beshikka bog‘lash gali kelganda, vakila yoki kayvoni ko‘zmunchoqlar, qo‘ng‘iroqlar, siyohdonali tumorcha tikilgan beshikpo‘sh yopintirilgan yangi beshikni uyning o‘rtasiga keltiradi. Beshikpo‘shlarni ochib, tuvak va tagpo‘shlarni soladi, belbog‘ichini tugadi. Bosh tomonga tagpo‘sh tagiga bir bosh piyoz va kichkina qayroq tosh qo‘yadi. Shundan so‘ng beshik yug‘usi ustida-ikki qubbasi yonida va o‘rtada jami uch joyda pag‘a holidagi paxtadan qov qo‘yilib yoqiladi va tezlik bilan bu kuyindilar yig‘ishtirib olinadi. “Qo‘r-qo‘r” deb ataluvchi shu irim tugagach, vakila chaqaloqni qo‘liga olib, dast ko‘taradi-da, “Bunday bog‘laymizmi? Bunday” degancha, uni dam chalqanchasiga, dam o‘ngiga yotqizmoqchi bo‘lib, beshik atrofidagilardan so‘raydi. Nihoyat, u chaqaloqni to‘g‘ri holatda beshikka qo‘yib, o‘tirganlardan “Ha” javobini olgach, bolani beshikka bog‘laydi. Bolani beshikka bog‘lash tugashi bilan isiriq tutatilib, beshik ustidan uch marta aylantiriladi. Sunnat to’y O‘zbek xalqining boy va qadimiy an’analari orasida “sunnat to’yi” alohida o‘rin tutadi. ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 50 Bu to‘y nafaqat diniy-ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lib, balki bolaning hayotida yangi bosqichga qadam qo‘yishini bildiradi. Sunnat to‘yi asrlar davomida o‘ziga xos urf-odatlar, an’ana va rasm-rusumlar bilan boyib, hozirgi kungacha saqlanib kelgan.Sunnat to‘yi — bu o‘g‘il bolalarning sunnat qilinishi marosimi bo‘lib, Islom diniga ko‘ra farzandning musulmonlik yo‘lida ilk qadamidir. Bu to‘y Islom dini tomonidan tavsiya qilingan odatlardan biri bo‘lib, u bolaning musulmonlikka sodiqligini namoyon etadi. Sunnat to‘yining diniy ahamiyati, shuningdek, bolaning sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.Sunnat to‘yi o‘g‘il bola yettinchi yoshiga yetganda yoki undan oldin ham o‘tkazilishi mumkin. O‘zbeklarda «yetti yoshga to‘lmagan bolaning to‘yi bo‘lmas» degan hikmatli gap mavjud. Bu gap o‘z ichiga chuqur ma’no va hayotiy tajribani qamrab oladi. Sunnat to‘yi o‘tkazishga tayyorlanish — har bir ota-onaning hayotidagi muhim bosqichlardan biridir. To‘y oldidan bolaning ota-onasi barcha tayyorgarlik ishlarini olib boradi. Bolaga yangi liboslar tikilib, unga maxsus kiyim va to‘y liboslari tayyorlanadi. To‘y kuni kelishidan oldin do‘stlar, qarindoshlar va yaqinlar taklif etilib, ularga maxsus to‘y dasturi taqdim etiladi.To‘y dasturiga ko‘ra, bola ko‘pincha otliq aravaga yoki zamonaviy transport vositalariga o‘tirg‘izilib, to‘y xonadoniga olib kelinadi. Bu tadbir bolaga bayramona kayfiyat bag‘ishlaydi va uni jamiyat oldida ham ma’naviy ravishda tayyorlaydi. Shuningdek, ota-ona va bola uchun alohida duo o‘qilib, ularga Allohdan baxt va farovonlik tilanadi. Navro’z Bahor kelishi barcha davrlarda odamlarning hayotidagi eng quvonchli hodisa bo‘lgan. Odamlar uni tabiatning uyg‘onishi, hayot tantanasi, saxovatli hosildor yilga bo‘lgan umidlar bayrami deb bilgan.Fors tilidan tarjimada "Navro‘z" "yangi kun" degani, u yangi yil boshlanishini bildiradi. 21-mart – bu bahorgi teng kunlik. Shu kuni yarim sharlar bo‘yicha yil fasllari almashadi: agar janubiy yarim sharda kuz kelsa, shimoliy yarim sharda – bahor bo‘ladi.O‘zbekistonda odamlar bu bayramga puxta tayyorgarlik ko‘radi va 15-20 kun davomida bayram qiladi. Navro‘z arafasida mahallalarda hasharlar o‘tkaziladi, odamlar birgalikda ariqlarni tozalaydi, daraxtlarni oqlaydi, tomorqalarga belkurak bilan ishlov berishadi.Har bir mahallaning o‘z choyxonasi bor. Choyxonalarda Navro‘z bayrami nishonlanadi, katta qozonlarda mazali taomlar pishiriladi. Bayramga shu mahallada va qo‘shni mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolar taklif etiladi.Ushbu bayramning asosiy atributlaridan biri – bu sumalak, u o‘stirilgan bug‘doydan tayyorlanadi. Sumalak tayyorlash jarayoni – butun bir marosim hisoblanadi. Uni tayyorlash ko‘p vaqtni oladi – 10 soatdan ortiq vaqt davomida tayyorlanadi. Odatda sumalak ko‘chada ulkan o‘choq va qozonda yog‘och kapgir bilan aralashtirgan holda tayyorlanadi. Sumalakni tayyorlash jarayonida bir necha kishi qatnashadi, chunki suyuqlikni muntazam ravishda aralashtirib turish lozim, bu esa bir kishi uchun qiyinlik qiladi. An’anaga ko‘ra, qaynash jarayoni quvnoq qo‘shiqlar, hazillar va laparlar bilan kechadi. Erkaklar sumalakni tayyorlash jarayonisha qo‘yilmaydi! Sumalak quyulib, jigarrang tusga kirgunga qadar qaynatiladi. Keyin sumalak biroz vaqt dam oldirib qo‘yiladi, ustidan qopqoq yoki biror qalin narsa yopiladi.Umuman olganda Navro‘z bu shunchaki bayram emas. Navro‘z necha asrlardan buyon nishonlanib kelayotgan bo‘lsa, u qanchalik quvnoq va shodon o‘tsa, tabiat ham odamlarga shunchalik saxiy bo‘ladi, degan rivoyat ham shuncha asrlardan buyon mavjud. ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 51 Shu bois bayram kuni Navro‘z qo‘shiqlari baralla yangraydi, odamlar o‘yin-kulgu qiladi, bahorga shon-sharaflar o‘qiydi, bir-biriga sovg‘alar hadya qiladi, yetimlar va ehtiyojmandlarga yordam beradi. Qurbon hayit Yurtimizda hayit bayramlari qadimdan o‘zgacha shukuh, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ramazon va Qurbon hayitini keng miqyosda nishonlanishi va dam olish kuni deb e’lon qilinishi muqaddas dinimizga bo‘lgan chuqur hurmat va e’tiborning natijasidir.Qurbon hayiti – musulmonlarning eng mo‘tabar bayramlaridan biri hisoblanib, Zulhijja oyining o‘ninchi kuni nishonlanadi. Bu muborak kunlarda Alloh taoloning ko‘plab xayr-u barakasi yer yuzidagi bandalari uzra yog‘iladi. Qurbon hayiti haj ibodatlari tamom bo‘lganligi munosabati bilan hamda Alloh yo‘lida qurbonlik qilish pallasi bo‘lgan ayyomdir. Qurbon hayiti namozi o‘qilgach, imkoni bor insonlar qurbonlik qilishlari vojib amallardandir. Qurbon hayiti kunlarida biz e’tibor beradigan yana bir jihat – mehrga tashna insonlarga bayram shodligini va yaxshi kayfiyat ulashishdir. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi, bayram arafasida kam ta’minlangan va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinadi. Ming afsuslar bo‘lsinki, “guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek” hayit kunlari bir qator bid’atlar ko‘zga ko‘rinadi, hususan, yaqinlari vafot etgan xondonlarda dasturxon tuzalib “yangi hayit” marosimini o‘tkazish, nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tgan xonadonlarda “hayit yo‘qlovi” kabi isrofgarlik amallarini haligacha davom ettirayotgan ayrim insonlar topiladi. Ularga hayit kunlarini qanday o‘tkazish borasida tushuntirishlar olib borish bizning zimmamizdagi vazifalardan biridir. Qurbon hayiti – ulug‘ bayramdir. Bu kunlarda yana ham mehribon va muruvvatli bo‘lib, yetimlar boshini silab, yoshi ulug‘lar, kasalmand-u muhtojlardan xabar olinadi, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kiramiz. Bu kunda gina-kudratlarni unutib, kechirimli bo‘lishimiz maqsadga muvofiqdir. Xulosa Xalqimizning har bir urf-odatlari, bayram va marosimlari – bu ajdodlarimizdan bizga qolgan bebaho ma’naviy merosdir. Nikoh to‘yi, chaqaloq tug‘ilishi bilan bog‘liq marosimlar, sunnat to‘yi, Navro‘z hamda Qurbon hayiti kabi tantanalar xalqimiz hayotining ajralmas qismi bo‘lib, ularda mehr-oqibat, insonparvarlik, hurmat, saxovat, ezgulik kabi yuksak fazilatlar mujassamdir. Bu marosimlarda odamlar bir-biriga mehr ko‘rsatadi, o‘zaro qo‘llab-quvvatlaydi, el-yurt bilan quvonch va baxtni baham ko‘radi. Nikoh to‘ylari oilaviy hayotning boshlanishi, avlodlar davomiyligi, birlik va ahillik timsoli bo‘lsa, chaqaloq tug‘ilishi va sunnat to‘ylari – yangi hayotga kirishning quvonchli ramzidir. Navro‘z esa tabiat uyg‘onishi, yangilanish, tinchlik va bag‘rikenglikni targ‘ib etuvchi milliy bayram sifatida xalqimizni birlashtiradi. Qurbon hayiti esa insonni saxovat, shukronalik va mehr-muruvvatga undovchi muqaddas ayyomdir. Shu bois bu qadriyatlar va marosimlarni asrab-avaylash, ularni yosh avlod qalbiga singdirish – millatimizning ma’naviy barqarorligi va o‘zligini saqlashda nihoyatda muhimdir. ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 52 Bugungi globallashuv davrida, dunyo tez o‘zgarayotgan bir paytda, o‘z urf-odatlarimizni unutmaslik, ularni zamon ruhiga mos tarzda davom ettirish – har birimizning muqaddas burchimizdir. Chunki milliy qadriyatlarimiz xalqimizning o‘ziga xosligini, madaniyatining chuqur ildizlarini namoyon etadi. Xulosa qilib aytganda, urf-odat va marosimlarimiz — bu xalqimizning yuragi, o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi ko‘prikdir. Ularni qadrlash, asrash va ulug‘lash orqali biz nafaqat o‘z tariximizni, balki milliy g‘ururimizni ham abadiylashtiramiz. Adabiyotlar ro’yxati 1. Kamola Toshmatova "O'zbekiston nomoddiy madaniy merosi" Toshkent-2023 yil 2. Sayidqul Alimov "O'zbekiston nomoddiy madaniy merosi" Toshkent-2023 yil. 3. Jo‘rayev M. O‘zbek mavsumiy marosim folklori. – Toshkent: Fan, 2008. – 294 bet. 4. "KELIN SALOM" MAROSIMI (XUDOYORXON O'RDASI, QO'QON, OMONYOR, FARG'ONA) – YouTube 5. (116) "Gavorabandon" - bolani beshikka boğlash milliy marosimi tòğrisida... – YouTube 6. https://ifazo.uz/sunnat-toyi-ananalar-mano-va-ahamiyati/ 7. Abduqahhor domla Yunusov Toshkent shahar bosh imom-xatibi https://uza.uz/posts/727150 8. https://otpusk.uz/uz/uzbekistan/public-holidays/navruz