scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

BLOKCHEYN TEXNOLOGIYASINING MOLIYA TIZIMIDAGI O'RNI VA UNING MARKAZLASHGAN INFRATUZILMALARGA TA'SIRI

Suyunov Javohir Ravshan o'g'li

Full text

493 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJMTCS) ISSN: 2181-2861 BLOKCHEYN TEXNOLOGIYASINING MOLIYA TIZIMIDAGI O‘RNI VA UNING MARKAZLASHGAN INFRATUZILMALARGA TA’SIRI Suyunov Javohir Ravshan o’g’li Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Tadbirkorlik va boshqaruv fakulteti Moliya va moliyaviy texnologiyalar yo’nalishi 2-kurs talabasi. +998 (91) 637-57-39 E-mail: suyunovjavohir[email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.17528629 Annotatsiya: Ushbu ilmiy maqolada moliya tizimining markazlashgan vositachilarga tayanishi natijasida yuzaga kelgan muammolar va ularni bartaraf etishda blokcheyn texnologiyasining imkoniyatlari tahlil qilinadi. Blokcheyn texnologiyasining markazlashmagan, xavfsiz va shaffof ma’lumotlar uzatish mexanizmi sifatidagi afzalliklari, kriptografik asoslari, uning moliyaviy hisob-kitob va qimmatli qog‘ozlar bozoriga integratsiyasi izchil bayon etiladi. Umumiy olganda, blokcheyn texnologiyasining moliya tizimini raqamlashtirish va xavfsizligini mustahkamlashdagi o‘rni va istiqbollari ilmiy asosda yoritiladi. Kalit so’zlar: blokcheyn texnologiyasi, moliya tizimi, moliyaviy barqarorlik, qimmatli qog‘ozlar bozori, raqamlashtirish, tranzaksiya xavfsizligi, iqtisodiy ishonch. Moliya tizimi bir qator markazlashgan va ishonchli vositachilarga tayanadi. Bularga misol qilib xalqaro pul o’tkazamalarida vositachilik qiluvchi SWIFT (Society for Worldwide Interbank Financial Telecommunication) va valyuta operatsiyalari bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshiradigan CLS Bankni keltirishimiz mumkin. [1] Shu kabi markaziy bo’g’inlarning moliyaviy barqarorligi va puxta boshqaruvi tufayli ularning tizimida hech qanday xato va kamchiliklar kuzatilmasligiga va barqaror ishlashiga kafolat berilardi. Hatto, ularga “qulashi uchun juda yirik” (eng. too big to fail) ta’rifi berilgan edi. Biroq, 2007-2008-yillardagi moliyaviy inqiroz bu tasavvurlarni butkul yo’q qildi. 2010–2012-yillardagi Yevrozonadagi inqiroz esa hatto rivojlangan mamlakatlar ham o‘z majburiyatlarini bajara olmasligi mumkinligi haqidagi qo‘rquvni kuchaytirdi. Yirik moliyaviy institutlarning kompyuter tizimlari qayta-qayta xakerlik hujumiga uchrashi esa so’nggi zarbalardan biri bo’ldi. Moliya tizimidagi markaziy bo‘g‘inlarga nisbatan ishonch tobora so‘roq ostiga olinayotgan bir paytda blokcheyn texnologiyasi kirib keldi. Blokcheyn taqsimlangan reestrdagi tranzaksiya bloklari zanjiri hisoblanadi. Ushbu texnologiya dastlab 2008-yilda Nakamoto tomonidan taklif qilingan.[2] U markazlashtirilmagan texnologiya bo’lganligi uchun ham inqilobiy yangilik sifatida ko’riladi. Blokcheyn tranzaksiyalar blokini bir-biriga tom ma’noda zanjirlab shunday bog’laydiki, har qanday blokni o’zgartirish keyingi blok bilan bo’lgan bog’lanishni uzadi. Bir blokni o’zgartirish keyingi blokni ham o’zgartirishni talab qiladi. O’z navbatida keyingi blokni o’zgartirish uchun ham undan keyingi blokni o’zgartirish kerak va jarayon so’nggi blokkacha davom etadi. Yangi bloklarni ham faqat oxiriga qo’shish mumkin, undan yuqoridagi eski bloklar esa tabiiyki o’zgarmay qoladi. Bloklarning ushbu “zanjirli bog’lanishi” maxsus kriptografik hesh (eng. cryptographic hash) tizimiga asoslangan. Hesh bu turli raqamlar va harflar birikmasidan tashkil topgan “raqamli barmoq izi” hisoblanadi. Matematik nuqtai nazardan qaraydigan bo’lsak, hesh maxsus hesh funksiyasi f orqali hosil qilinadi. Hesh yaratish uchun ishlatiladigan funksiyalar Xavfiz Hesh Algoritmlari deyiladi va ularning SHA1, SHA128, SHA512 kabi turlari mavjud. Hesh funksiyasida har xil qiymat kiritish orqali bir xil hesh olmaslik kerak, ya’ni f(𝑥1) ≠ f(𝑥2). Deyarli millionta so’zdan iborat bo’lgan Uilyam Shekspirning “The Complete Works of William Shakespeare” asari hesh qiymati 6799e461c8177d88b6e0c782242642d3450c8b34 ko’rinishida ifodalanadi.[1] Agar ushbu asar matniga shunchaki bir bo’shliq qo’shadigan bo’lsak hesh qiymati keskin o‘zgarib, 5d960169ea490568abf4ec69c127ae12d57cedc2 ko‘rinishini oladi. Yoki fayldagi birinchi “The” so‘zini kichik harf bilan yozilgan “the” ga almashtirsak, hesh qiymati yana tubdan o‘zgarib 65a835f4845395c929d5076029ca818f614a4119 qiymatiga ega bo’ladi. Ko’rinib turibdi-ki, hattoki eng kichik o’zgarish ham heshdagi juda katta o’zgarishlarga sabab bo’lishi mumkin. 494 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJMTCS) ISSN: 2181-2861 Blokcheynda bloklar kriptografik heshlar yordamida o‘zaro zanjirga ulanib ketadi. Har bir blok (birinchisidan tashqari) o‘zidan oldingi blokning heshini o‘z ichiga oladi. Agar firibgar eski blokni, masalan, 1000-blokni o‘zgartirsa, blokcheyn yaxlitlik tekshiruvidan o‘tolmaydi, chunki 1000-blokning heshi endi keyingi blokda (1001-blokda) saqlanayotgan hesh bilan mos kelmaydi. Shuning uchun firibgar 1001-blokni ham o‘zgartirishi kerak bo‘ladi, toki u yerda saqlangan oldingi blok heshi 1000-blokning yangi heshiga mos kelsin. Ammo bu o‘zgarish 1001-blokning o‘z heshini ham o‘zgartiradi, natijada firibgar 1002-blokdagi heshni ham tuzatishga majbur bo‘ladi. Bu jarayon oxirgi blokka qadar davom etadi. Ya’ni, 1-blok: 𝑞𝑖𝑦𝑚𝑎𝑡1= ℎ𝑒𝑠ℎ1 2-blok: 𝑞𝑖𝑦𝑚𝑎𝑡2+ ℎ𝑒𝑠ℎ1= ℎ𝑒𝑠ℎ2 3-blok: 𝑞𝑖𝑦𝑚𝑎𝑡3+ ℎ𝑒𝑠ℎ2= ℎ𝑒𝑠ℎ3 4-blok: 𝑞𝑖𝑦𝑚𝑎𝑡4+ ℎ𝑒𝑠ℎ3= ℎ𝑒𝑠ℎ4 ... n-blok: 𝑞𝑖𝑦𝑚𝑎𝑡𝑛+ ℎ𝑒𝑠ℎ𝑛−1 = ℎ𝑒𝑠ℎ𝑛 Shunday qilib, agar blokcheynda ishtirok etayotgan foydalanuvchilar oxirgi blokni kuzatib borsa, ular bilvosita butun zanjir yaxlitligini himoya qilgan bo‘ladilar, hatto bloklar soni millionlab yoki milliardlab bo‘lsa ham. Amaliy nuqtai nazardan qaraydigan bo’lsak, blokcheynning quyidagi afzalliklari mavjud: birinchidan, markazlashuvning yo’qligi va ma’lumotlarning barcha qurilmalarda nusxalab saqlanishi barcha ishtirokchilarga tuzilgan va tuzilayotgan bitimlarni ko’rib turish imkonini beradi. Bundan tashqari, agar bir nechta qurilma ishdan chiqsa yoki tarmoqdan uzilib qolsa (ayniqsa xakerlik yoki kiberhujumlar natijasida) qolgan qurilmalar orqali tizim ishlashda davom eta oladi, chunki yuqorida aytib o’tganimizdek ma’lumotlar va bitimlarning nusxalari tizimga ulangan barcha qurilmalarda mavjud. An’anaviy moliya tizimlarida esa agar markaziy tashkilot vaqtincha ishlamasa butun tizim to’xtaydi. Masalan, 2014-yil 20-oktabrda Buyuk Britaniyaning RTGS (Real Time Gross Settlement) tizimida qariyb to‘qqiz soatlik nosozlik vujudga kelgan.[3] Bu davrda barcha banklar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, yirik miqdordagi to‘lovlar amalga oshirilmagan. Keyinchalik, Angliya Markaziy banki yangi RTGS tizimini ishlab chiqish jarayonida blokcheynning asosiy afzalligi sifatida barqaror ishlash xususiyatini alohida ta’kidlab o’tgan. An’anaviy qimmatli qog‘ozlar bozorlari markaziy qimmatli qog‘ozlar depozitlari, hisob-kitob tizimlari, markaziy kontragentlar, to‘lov tizimlari va savdo ma’lumotlar bazalari kabi moliyaviy infratuzilmalarning o‘zaro hamkorligiga tayanadi. Biroq bunday an’anaviy tizimlarning o‘ziga xos kamchiliklari mavjud, jumladan, tranzaksiya xarajatlarining yuqoriligi, likvidlikning pastligi va shaffoflikning yetishmasligi shular jumlasidandir. Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida blokcheyn texnologiyasi markazlashmagan va taqsimlangan ma’lumotlar bazasi tizimini taklif etadi. Bu tizim savdo ishtirokchilariga vositachilarsiz bitim tuzish imkonini berib, jarayonni yanada samarali, shaffof va xavfsiz qiladi. Xususan, blokcheynga asoslangan markazlashmagan to‘lov tizimlari bitimlarni an’anaviy to‘lov institutlarisiz amalga oshirish imkonini beradi, bu esa tranzaksiya xarajatlari va xavfsizlikka oid xatarlarni kamaytiradi. Masalan, Nasdaq[4] va Buxarest[5] kabi qimmatli qog‘oz birjalari ishtirokchilarga vositachilarsiz savdo qilish imkonini berib, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Blokcheyn asosidagi hisob-kitob tizimlari (masalan, SETLcoin[6]) esa tranzaksiya ma’lumotlarining ochiqligi, shaffofligi va ishonchliligini ta’minlaydi hamda bitimlarning xavfsizligini kafolatlaydi. Symbiont[7] kompaniyasi — blokcheyn asosidagi yetakchi moliyaviy kompaniyalardan biri bo‘lib, u o‘zining moliyaviy tahlillarida blokcheyn texnologiyasidan foydalanadi. Ushbu platforma sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanib, katta hajmdagi ma’lumotlardan zarur axborotni avtomatik ravishda aniqlaydi va tahlil qiladi. Bu o’z navbatida shaffoflikni oshirish bilan bir qatorda investorlar uchun bozor haqidagi axborotning aniqligini va tahlil samaradorligini kuchaytiradi. Xulosa qilib aytganda, blokcheyn texnologiyasining kriptografik asoslari va taqsimlangan reestr tamoyili moliyaviy operatsiyalarning ishonchliligini oshiradi, tranzaksiya xarajatlarini kamaytiradi hamda 495 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJMTCS) ISSN: 2181-2861 tizimning uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Natijada, blokcheyn nafaqat qimmatli qog‘ozlar bozorida, balki kengroq moliyaviy infratuzilmalarda ham inqilobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lib, global moliya tizimini raqamlashtirish va ishonchni tiklash yo‘lida muhim bosqichga aylandi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Varma, J. R. (2019). Blockchain in Finance. Vikalpa, 44(1), 1-11. https://doi.org/10.1177/0256090919839897 2. Nakamoto, S.: Bitcoin: A peer-to-peer electronic cash system. Decen-tralized Business Review 21260 (2008). https://assets.pubpub.org/d8wct41f/31611263538139.pdf 3. Deloitte. (2014), Independent review of RTGS outage on 20 October 2014. Bank of England. 1. https://www.bankofengland.co.uk/-/media/boe/files/report/2015/independent-review-of-rtgs-outageon-20-october 2014.pdf?la=en&hash=95DAB90636DD5D501E135832B54F5C359C8AE72F 4. Nasdaq. Nasdaq Rasmiy Vebsayti. https://ir.nasdaq.com/news-releases/news-release-details/nasdaqlinq-enables-first-ever-private-securities-issuance (2023). 5. Pop, C., Pop, C., Marcel, A., Vesa, A., Petrican, T., Cioara, T.,et al.: Decentralizing the stock exchange using blockchain an ethereum-basedimplementation of the bucharest stock exchange. In: 2018 IEEE 14thInternational Conference on Intelligent Computer Communication and Processing (ICCP), pp. 459–466. IEEE, Piscataway, NJ (2018) 6. Ryan, R., Donohue, M.: Securities on blockchain. The Business Lawyer73(1), 85–108 (2017) 7. Symbiont. Symbiont assembly. https://www.symbiont.io/ (2023).