scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

YASHIL IQTISODIYOT TAMOYILLARI ASOSIDA OZIQ-OVQAT SANOATINI RIVOJLANTIRISH YO'LLARI

Tleuov Niyetulla Raxmanovich

Full text

554 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJMTCS) ISSN: 2181-2861 YASHIL IQTISODIYOT TAMOYILLARI ASOSIDA OZIQ-OVQAT SANOATINI RIVOJLANTIRISH YO‘LLARI Tleuov Niyetulla Raxmanovich Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti, if.f.d. (PhD) https://doi.org/10.5281/zenodo.17535752 Annotatsiya: Mazkur maqolada yashil iqtisodiyot tamoyillari asosida oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish yo‘llari batafsil yoritilgan. Jumladan, yashil iqtisodiyot tamoyillarini oziq-ovqat sanoatiga tatbiq etish orqali erishiladigan natijalar asoslab berilgan. Oziq-ovqat sanoatining yashil transformatsiya modeli taklif etilgan. Kalit so‘zlar: oziq-ovqat sanoati, yashil iqtisodiyot, oziq-ovqat xavfsizligi, yashil iqtisodiyot tamoyillari, yashil oziq-ovqat platformasi. So‘nggi yillarda global iqtisodiy rivojlanish jarayonlarida yashil iqtisodiyot konsepsiyasi barqaror taraqqiyotning markaziy yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Jahon miqyosida iqlim o‘zgarishi, tabiiy resurslarning cheklanishi, suv va yer resurslarining tanqisligi, shuningdek, aholining tez o‘sib borishi fonida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi dolzarb tus olmoqda. Shu nuqtayi nazardan, oziq-ovqat sanoatini yashil iqtisodiyot tamoyillari asosida rivojlantirish nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshirish, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashning ham muhim omilidir. Shu boisdan, mamlakatimizda ham bu yo‘nalishda jadal islohotlar olib borilmoqda. Xususan, “2022-2026yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” [1] va “O‘zbekiston Respublikasining oziqovqat xavfsizligi va sog‘lom oziqlanishni ta’minlashning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi”lari [2] qabul qilingan. Shuningdek, “Yashil iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi (2023-2030-yillar)”, “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasi” hamda “Agro-sanoat klasterlarini rivojlantirish dasturi”lari ushbu yo‘nalishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.Ammo, amaliyotda oziq-ovqat sanoati korxonalarining aksariyatida energiyani hisobga olish tizimi to‘liq avtomatlashtirilmagan, chiqindilarni qayta ishlash samaradorligi past, hamda yashil texnologiyalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yetarli darajada shakllanmagan. Shu bois, ushbu muammolarni ilmiy yondashuv asosida hal etish va sektorni yashil iqtisodiyot talablariga mos holda modernizatsiya qilish zarurati tug‘ilmoqda.Ta’kidlash joizki, oziq-ovqat sanoati – bu milliy iqtisodiyotning aholi salomatligi, oziq-ovqat xavfsizligi va ijtimoiy barqarorlik bilan bevosita bog‘liq tarmog‘idir. Ushbu soha ishlab chiqarish, qayta ishlash, qadoqlash va logistika bosqichlarida katta energiya va suv resurslarini talab qiladi. Shu sababli, an’anaviy ishlab chiqarish modelidan resurs tejamkor, chiqindisiz va ekologik xavfsiz texnologiyalarga o‘tish jarayoni strategik ahamiyat kasb etadi. Yashil iqtisodiyot tamoyillarini oziq-ovqat sanoatiga tatbiq etish orqali quyidagi muhim natijalarga erishish mumkin: - ishlab chiqarish jarayonlarida energiya va suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish; - chiqindilarni qayta ishlash va “aylanma iqtisodiyot” tamoyillarini amaliyotga tadbiq qilish; - mahalliy xomashyoni ekologik standartlarga mos holda qayta ishlash orqali eksport salohiyatini oshirish; - oziq-ovqat xavfsizligini barqaror ta’minlaydigan “yashil klaster” tizimini shakllantirish. O‘zbekiston oziq-ovqat sanoatining barqaror rivojlanishini ta’minlashda yashil iqtisodiyot tamoyillarini amaliyotga joriy etish – sohaning zamonaviy transformatsiyasi uchun muhim shartdir. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ishlab chiqarishning ekologik jihatdan toza, resurs tejamkor va innovatsion yo‘nalishda tashkil etilishi nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki tabiiy resurslar bosimini kamaytiradi hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlaydi. Shu ma’noda, “Oziq-ovqat sanoatining yashil transformatsiya modeli” oziq-ovqat sanoatini ekologik, institutsional, moliyaviy va texnologik jihatdan kompleks rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan tizimli yondashuvdir. Modelning asosiy g‘oyasi – ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida ekologik xavfsizlik, resurs tejamkorlik, ijtimoiy mas’uliyat va innovatsion faoliyat o‘rtasida muvozanatni ta’minlashdir. 1-jadval Oziq-ovqat sanoatining yashil transformatsiya modeli 1 1 Muallif ishlanmasi. 555 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJMTCS) ISSN: 2181-2861 Yo‘nalishlar Asosiy mazmuni Amalga oshirish vositasi Institutsional Yashil iqtisodiyotga oid qonunchilik, davlat siyosati, xalqaro standartlar (ISO 14001, ISO 50001) integratsiyasi “Yashil sanoat agentligi”, “Yashil oziq-ovqat platformasi” Texnologik Energiya va suv tejamkor, chiqindisiz ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish R&D markazlari, texnoparklar, innovatsion klasterlar Moliyainvestitsiya Yashil investitsiyalar, grantlar, “green credit” va “green bond” instrumentlari Yashil bank tizimi, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik Ijtimoiyekologik Ishlab chiqarishda ekologik mas’uliyat, ekologik ta’lim va iste’molchi madaniyatini rivojlantirish Ekologik o‘quv dasturlari, “Yashil mahsulot” yorlig‘i, jamoatchilik nazorati Mazkur model O‘zbekiston oziq-ovqat sanoatini barqaror, raqobatbardosh va ekologik muvozanatli tizimga aylantirish uchun nazariy asos va amaliy yo‘l xaritasi sifatida xizmat qiladi. U orqali sanoat korxonalari ekologik samaradorlik darajasini baholash, resurslardan foydalanish siyosatini optimallashtirish va xalqaro “yashil” standartlar asosida ishlab chiqarish madaniyatini shakllantirish imkoniyati yaratiladi. Usbu modelni amalga oshirish bosqichlari quyidagilardan iborat: 1. Tashkiliy bosqich (2025-2026 y.): - yashil siyosatni oziq-ovqat sanoati strategiyasiga integratsiya qilish; - yashil investitsiyalar uchun huquqiy va moliyaviy asos yaratish. 2. Texnologik modernizatsiya bosqichi (2026-2028 y.): - energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish; - raqamli hisob tizimi (IoT, AI) asosida resurs monitoringini yo‘lga qo‘yish. 3. Barqaror transformatsiya bosqichi (2028-2030 y.): - “Yashil klasterlar” va eksportga yo‘naltirilgan ekologik toza mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish; - Xalqaro yashil sertifikatlash tizimlariga integratsiya qilish (Global G.A.P, HACCP, ESG). Oziq-ovqat sanoatining yashil transformatsiya modeli joriy etilganda quyidagi natijalarga erishish mumkin: - energiya sarfi 25-30 % ga qisqaradi; - chiqindilarning 60 % gacha qismi qayta ishlanadi; - suv tejamkor texnologiyalar orqali suv sarfi 20-25 % ga kamayadi; - mahsulotlarning ekologik tozaligi va eksport salohiyati ortadi; - oziq-ovqat xavfsizligi va aholi salomatligi darajasi yaxshilanadi. Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston oziq-ovqat sanoatini yashil iqtisodiyot tamoyillari asosida transformatsiya qilish – bu milliy iqtisodiyotda barqaror oziq-ovqat tizimini shakllantirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va xalqaro raqobatbardoshlikni oshirishning asosiy yo‘lidir. Oziq-ovqat sanoatining yashil transformatsiya modeli mamlakatdagi oziq-ovqat sanoati korxonalarining ekologik samaradorligini aniq baholash, investitsiya ustuvor yo‘nalishlarini belgilash hamda yashil innovatsiyalar tizimini strategik boshqarish imkonini beradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmoni. 2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi “Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-36-son Farmoni. 3. https://stat.uz 4. https://lex.uz.