Full text
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTERNATIONAL AND HISTORICAL EXPERIENCE, PROBLEMS, SOLUTIONS”, OCTOBER 30-31, 2025 157 TA’LIM SAMARADORLIGINI OSHIRISHGA YO‘NALTIRILGAN TEXNOLOGIK YONDASHUV Oripova Ra’noxon Ibroximovna Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti “Tillar, ijtimoiy-gumanitar fanlar va jismoniy madaniyat” kafedrasi mudiri, p.f.n., dotsent https://doi.org/10.5281/zenodo.17562430 Annotatsiya. Mazkur maqolada integrallashgan ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish masalalari yoritilgan. Unda integrallashgan ta’limning mohiyati, uning mazmuni, shakl va turlari tahlil qilinadi hamda ayrim integrallashgan dars ishlanmalari misolida amaliy tajribalar keltirilgan. Pedagogik texnologiya mexanizmi ta’lim jarayonini samarali tashkil etish uchun zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish, qulay o‘quv muhiti yaratish, zamonaviy darsliklar, o‘quv vositalari va qo‘shimcha adabiyotlar bilan ta’minlashni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, o‘quvchilarning dars jarayonida faol ishtirokini ta’minlash, ularning individual imkoniyatlarini hisobga olgan holda maqsadga muvofiq texnologiyalarni to‘g‘ri tanlash va samarali qo‘llash zarurligi asoslab berilgan. Kalit so‘zlar: integral, diagnostika, texnologiya, differesiyalashgan, rivojlantiruvchi, modul, shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim, loyiha, muloqot. Zamonaviy didaktika nuqtayi nazaridan ta’lim jarayoni sub’ekt–sub’ekt munosabatlari asosida qurilishi zarurligi ta’kidlanadi. Bunday yondashuvda ta’lim jarayoni faqat tayyor bilimlarni o‘zlashtirish emas, balki o‘quvchi shaxsining o‘zini anglash, ijodiy salohiyatini namoyon etish va mustaqil fikrlash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi lozimligi isbotlangan. Musiqa ta’limi sohasida zamonaviy darslarni tashkil etish jarayoni ta’lim muassasalarida darsning samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning mustaqil bilim olishlariga sharoit yaratish hamda ularning bilimini adolatli baholashga alohida e’tibor qaratishni talab etadi. Texnologiyalardan foydalanish esa didaktik vazifalarni hal etishda o‘quvchilarga ta’sir ko‘rsatish usullarini takomillashtirishga qaratilgan. Pedagogik texnologiyalar turlari juda xilma-xil bo‘lib, ular turli mezonlarga ko‘ra farqlanadi. Didaktika fanida texnologiyalar uch asosiy guruhga ajratiladi: 1. Tushuntirish–illustrativ (izohli) ta’lim texnologiyasi. Bu texnologiya o‘quvchilarga zarur ma’lumot va bilimlarni yetkazish, ularning umumiy va maxsus (predmetga oid) qobiliyatlarini shakllantirish hamda reproduktiv faoliyatni yo‘lga qo‘yish bilan tavsiflanadi. 2. Shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyasi. Ushbu yondashuv ta’lim jarayonini o‘quvchining o‘z-o‘zini rivojlantirish imkoniyatlarini hisobga olgan holda tashkil etishga qaratilgan bo‘lib, sub’ektiv asosda quriladi. 3. Rivojlantiruvchi ta’lim texnologiyasi. Bu turdagi texnologiyada asosiy e’tibor o‘quvchining shaxsiy rivojlanish mexanizmlarini faollashtirishga qaratilgan. Mazkur guruhlarning har biri o‘z ichiga turli pedagogik texnologiyalarni oladi. Masalan, shaxsga yo‘naltirilgan texnologiyalar guruhi differensial (darajalashgan) ta’lim texnologiyasi, jamoaviy o‘zaro ta’lim, bilimlarni to‘liq o‘zlashtirish texnologiyasi, modul ta’lim texnologiyasi va boshqa ko‘plab yondashuvlarni qamrab oladi. Bunday texnologiyalar o‘quvchilarning
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTERNATIONAL AND HISTORICAL EXPERIENCE, PROBLEMS, SOLUTIONS”, OCTOBER 30-31, 2025 158 individual xususiyatlarini hisobga olish, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni takomillashtirish imkonini beradi. Ilg‘or pedagogik texnologiyalar va sub’ekt–sub’ekt munosabatlariga asoslangan zamonaviy darslarning eng yuksak natijasi haqida aniq ilmiy xulosa mavjud: darsning, ya’ni ta’lim oluvchi va o‘qituvchining hamkorlikdagi faoliyati samarasi – bu ta’lim oluvchining o‘qituvchi yordamisiz mustaqil o‘qish qobiliyatini egallashidir. I.I.Ilin o‘zining “Muomala san’ati” asarida ta’kidlaganidek, ijodiy o‘qitish uslubi aynan ana shu natijaga – o‘quvchining eng faol, ongli o‘quv jarayoniga olib keladi. Agar taniqli pedagog olimning ushbu fikrini yanada rivojlantirib, uni zamonaviy verbal– kognitiv ta’lim yondashuvi bilan uyg‘unlashtirsak, quyidagi ilmiy xulosaga kelish mumkin: darsning eng samarali natijasi – o‘qituvchining o‘quv faoliyati loyihachisi (boshqaruvchisi) sifatida, talabaning esa faol izlanuvchi va tadqiqotchi sifatida shakllanishidir. Shuningdek, professor I.V.Dushina tomonidan ta’riflangan eng mashhur va keng qo‘llaniladigan texnologiyalar ham mavjud. Integrallashgan ta’limda, ayniqsa tabiiy-ilmiy yo‘nalishdagi fanlarni o‘qitishda, aynan ana shu ilg‘or texnologiyalar samarali natija beradi. O‘quv faoliyati usullarini shakllantirish texnologiyasi. Mazkur texnologiya o‘quv faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur bo‘lgan qoidalar, namunalar, algoritmlar hamda biror narsani tavsiflash yoki tasvirlash rejalari ko‘rinishida ifodalanadi. Ushbu texnologiya ko‘plab darsliklarning metodik apparatida keng aks etgan bo‘lib, tajribali o‘qituvchilar amaliyotida samarali qo‘llanmoqda. Ayniqsa, kasbiy faoliyatini endigina boshlayotgan pedagoglar uchun ushbu texnologiyani o‘rganish va amaliyotga joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi. Tayanch signallar (varaqlari) texnologiyasi (mantiqiy tayanch konspektlar — MTK yoki mantiqiy tayanch signallar — MTS) o‘qitish jarayonida o‘quv materialini mantiqiy bog‘lanishlar orqali o‘zlashtirishga xizmat qiladi. N.I.Baranskiy ta’kidlaganidek: “Sxemalar bosh va asosiy narsani ajratib olishni, mantiqiy aloqalarni topishni o‘rgatadi hamda o‘quvchilarga dars mazmunini o‘zlashtirishda sezilarli darajada yordam beradi.” Shu bois o‘qituvchilar o‘quv jarayonida aloqalar sxemalaridan muntazam ravishda foydalanadilar. O‘qish faoliyatini shakllantirish texnologiyasi. Mazkur texnologiya o‘quvchilarning o‘qish faoliyatini mustaqil bilim olish shakli sifatida shakllantirishni nazarda tutadi. Bu jarayonda o‘qish faoliyati maxsus o‘quv topshiriqlar orqali tashkil etiladi. Dars boshida (doskada, plakatda va boshqalarda) topshiriqlar e’lon qilinadi, ular dars davomida yechiladi, yakunda esa test yoki diagnostik topshiriqlar yordamida o‘quv natijalari baholanadi. Ushbu texnologiya o‘qituvchidan kurs, bo‘lim yoki mavzu bo‘yicha o‘quv topshiriqlari tizimini ishlab chiqishni, o‘z faoliyati hamda o‘quvchilarning o‘quv faoliyatini loyiha asosida tashkil etishni talab etadi. Differensiyalashgan ta’lim texnologiyasi. Bu texnologiyada o‘quvchilarning individual va tipologik xususiyatlari inobatga olinadi. Sinf o‘quvchilari ularning bilim darajasi, o‘qishga munosabati, fanga va o‘qituvchiga bo‘lgan qiziqishi asosida shartli guruhlarga bo‘linadi. Har bir guruh uchun mazmuni, hajmi, murakkabligi, bajarish usullari bilan farqlanadigan o‘quv dasturlari va topshiriqlar tizimi ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, o‘quv natijalarini aniqlash va baholash uchun zarur bo‘lgan didaktik materiallar tayyorlanadi. O‘quv-o‘yin faoliyati texnologiyasi esa differensiyalashgan ta’lim bilan chambarchas bog‘liq. O‘quv o‘yini samarali natija berishi uchun u puxta rejalashtirilgan bo‘lishi, o‘qituvchi va o‘quvchilarning faol ishtirokini ta’minlashi lozim. Yaxshi ishlab chiqilgan o‘yin ssenariysi o‘quv
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTERNATIONAL AND HISTORICAL EXPERIENCE, PROBLEMS, SOLUTIONS”, OCTOBER 30-31, 2025 159 topshiriqlari tizimini, o‘yin pozitsiyalarini, murakkab vaziyatlardan chiqish usullarini va natijalarni baholash mezonlarini o‘z ichiga oladi. Dialog-muloqot faoliyati texnologiyasi. Bu texnologiya o‘qituvchidan dars jarayonini ijodiy tashkil etishni, evristik suhbat usullarini puxta egallashni, sinf bilan interaktiv muloqot o‘tkazishni talab etadi. Dialogik o‘qitish o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga, o‘z pozitsiyasini himoya qilishga, bahs-munozaralarda faol qatnashishga undaydi. Turli kurslar mavzularida o‘quv munozaralari tashkil etish uchun muammoli savollar va g‘oyalar keng imkoniyat yaratadi. Modul texnologiyasi. Modul — bu o‘quv jarayonining alohida funksional tuzilmasi bo‘lib, unda o‘qituvchi o‘quv materiali mazmuni bilan uni o‘zlashtirish mexanizmini birlashtiradi. O‘qituvchi o‘quvchilarning mustaqil ishlashi uchun aniq ko‘rsatmalar (instruksiyalar) ishlab chiqadi. Bu instruksiyalarda o‘quv maqsadlari, axborot manbalaridan foydalanish tartibi, materialni o‘zlashtirish yo‘llari hamda nazorat topshiriqlari keltiriladi. Loyiha faoliyati texnologiyasi. Ushbu texnologiya o‘quvchilarning tadqiqot faoliyatini tashkil etish va mustaqil izlanishga yo‘naltirishni ko‘zda tutadi. Loyihalar turlicha bo‘lishi mumkin: ijodiy, axborotli, tadqiqot, hatto fantastik yo‘nalishdagi ishlar ham shular jumlasidandir. Xulosa qilib aytganda, o‘qituvchi ushbu texnologiyalarni integrallashgan ta’lim jarayonida qo‘llar ekan, o‘qitish jarayonini yanada mazmunli, qiziqarli va samarali tashkil etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ayniqsa, tabiiy fanlar doirasida predmetlararo integratsiya o‘quvchilarda yaxlit dunyoqarashni shakllantirish, borliqni ongli idrok etish va tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun muhim omil hisoblanadi. Zamonaviy ta’lim tizimining yangilanishi o‘qitish jarayonida noan’anaviy metod va shakllardan, jumladan, integrativ yondashuvlardan samarali foydalanishni taqozo etadi. Integrativ metodlarning qo‘llanilishi natijasida o‘quvchilarda borliqni yaxlit idrok etish, fanlararo aloqalarni chuqur anglash, o‘rganilayotgan hodisalarni turli nuqtai nazarlardan baholash ko‘nikmalari shakllanadi. Shu bois, bugungi kunda o‘qitish jarayonida faoliyatga yo‘naltirilgan integratsiyalashgan yondashuv alohida ahamiyat kasb etmoqda. Integratsiya tushunchasi faqatgina turli fanlar o‘rtasidagi mazmuniy aloqalarni emas, balki o‘qitish shakllari, metodlari va pedagogik texnologiyalarni uyg‘unlashtirishni ham nazarda tutadi. Pedagogik faoliyat esa mohiyatan me’yor va ijod, fan va san’atning uyg‘unlashuvidir. Shu sababli o‘qituvchi uchun mavjud o‘quv faoliyati shakllarini to‘g‘ri birlashtirish, ularni o‘quvchilarning ehtiyojlari va imkoniyatlariga mos ravishda qo‘llay olish muhim ahamiyatga ega. Ta’limdagi muvaffaqiyat esa bevosita pedagogik texnologiyalarni tanlash va ularni samarali qo‘llash darajasiga bog‘liqdir. Lisenkova metodikasining o‘ziga xos jihati shundaki, murakkab mavzular dasturda belgilangan vaqtdan avval o‘zlashtirish uchun tayyorlab boriladi. Bu “istiqbolli tayyorgarlik” deb ataladi, ya’ni kelajakda o‘rganilishi kerak bo‘lgan mavzular uchun poydevor yaratish demakdir. Ushbu metodika uch bosqichda amalga oshiriladi: 1. Kelgusida o‘zlashtiriladigan bilimlarni kichik hajmda oldindan berib borish; 2. Yangi tushunchalarni aniqlashtirish, umumlashtirish va amaliyotda qo‘llash; 3. Fikrlash usullari va o‘quv harakatlarining izchilligini rivojlantirish. Xulosa qilib aytganda, zamonaviy pedagogik texnologiyalar o‘qitish maqsadini aniqlash, o‘quv jarayonini loyihalash va rejalashtirishda muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, musiqiy va badiiy yo‘nalishdagi ta’limda quyidagi jihatlar e’tiborga olinadi: • o‘quvchilarning ijro faolligini oshirish, ularni jamoaviy ijroga jalb etish;
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTERNATIONAL AND HISTORICAL EXPERIENCE, PROBLEMS, SOLUTIONS”, OCTOBER 30-31, 2025 160 • o‘quv dasturlarini chuqur o‘rganish va tahlil qilish; • mustaqil ijro ko‘nikmalarini shakllantirish va ustozlar ijrosini solishtirish orqali ta’lim sifatini oshirish; • o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, o‘z fikrini bayon qilish, himoya va isbotlash malakasini rivojlantirish. Ushbu jarayonlarning barchasi o‘qituvchida pedagogik motivatsiyani shakllantirish zaruratini keltirib chiqaradi. Pedagogik motiv — bu o‘quvchining ehtiyojlari, manfaatlari va maqsadlariga tayangan holda ta’lim jarayonini tashkil etish tamoyilidir. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI: 1. Pedagogik mahorat asoslari muammoli ma’ruzalar kursi: muallif dos.Qodirov Sh.NamMPI. Namangan, 2005.-104 b. 2. Ta’lim samaradorligini oshirish yo‘llari. Trenerlar uchun qo‘llanma./ tuzuvchi mualliflar A.Nishonov, B.Haydarov, B.Nuridinov, D.Razzoqov va boshq. Toshkent., 2002 yil.