scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

OYDIN SOBIROVA NASRIDA MA'RIFATPARVARLIK VA REALIZM TAMOYILLARI

Bazarova Shaxlo Shuxratovna

Abstract

Maqolada o‘zbek adibasi Oydin Sobirova hikoyalari poetikasi haqida ma’lumot berilgan. Ijodkor hikoyalarining bosh qahramoni – ayollar. Shu sababli ham mazkur maqolada hikoyalarda aynan ayol qismati davr ruhi orqali ochib berilishi tahlilga tortiladi. Ijodkor badiiy mahoratiga munosabat bildiriladi.

Full text

10 https://www.asr-conference.com III SHO‘BA: Yoshlar siyosati, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot va madaniy merosni rivojlantirish OYDIN SOBIROVA NASRIDA MA’RIFATPARVARLIK VA REALIZM TAMOYILLARI Muallif: Bazarova Shaxlo Shuxratovna 1 Affiliyatsiya: Samarqand davlat chet tillar instituti, v.v.b.dotsenti 1 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17569869 ANNOTATSIYA Maqolada o‘zbek adibasi Oydin Sobirova hikoyalari poetikasi haqida ma’lumot berilgan. Ijodkor hikoyalarining bosh qahramoni – ayollar. Shu sababli ham mazkur maqolada hikoyalarda aynan ayol qismati davr ruhi orqali ochib berilishi tahlilga tortiladi. Ijodkor badiiy mahoratiga munosabat bildiriladi. Kalit so‘zlar: hikoya janri, makon va zamon, qismat, ayol ruhiyati, badiiy obraz, xarakter, ijodkor olami, badiiy detal, mazmun va shakl. KIRISH Yangi voqelik zaminida XX asr boshlaridayoq o‘zbek adabiyotida yangicha nasr shakllana boshladi. Bu yangicha nasrning vujudga kelishi va rivojlanishining o‘ziga xos tomonlari bor. Ma’lumki, oldingi davrlarda o‘zbek adabiyotida hozirgi ma’nodagi realistik nasr to‘la shakllanmagan edi. Hozirgi ma’nodagi romanlar, qissalar, hikoyalar yaratilmagan edi. Lekin bu, umuman olganda, o‘zbek adabiyotida o‘tmishda nasr va uning bo‘lmagan, degan ma’noni bildirmaydi, albatta 1 . Shunday bo‘lishiga qaramasdan bu davrda inson qismatining murakkabligiyu hayot haqiqatiga muvofiq keladigan asarlar yaratgan bir qator ijodkorlar borki, bular safiga XX asr o‘zbek adabiyotining to‘ng‘ich adibasi Oydin Sobirovani ham qo‘shsa bo‘ladi. XX asr o‘zbek xotin qizlari orasida birinchi bo‘lib yetishib chiqqan mohir hikoyanavis Oydin (Manzura Sobirova) o‘zbek adabiyoti tarixida alohida o‘rin egallaydi. Oydin yangi davr o‘zbek yozuvchilarining birinchi avlodiga mansub. U adabiyot maydoniga 20-yillarda kirib keldi. ASOSIY QISM Oydin (1906-1953) dastlabki vaqtlarda adabiyot maydonida yolg‘iz edi. Uning atrofida adiba bilan yonma-yon turib ijod qilgan ayol yozuvchilar deyarli yo‘q edi. Ular keyinchalik birin - ketin yetishib chiqa boshladilar. Oydinning eng katta xizmati va jasorati shundaki, u yangi adabiyotimizda xotin - qiz yozuvchilar safini birinchi bo‘lib boshlab berdi. Natijada, xotin - qizlar ozodligining otashin kuychisi sifatida adabiyot tarixidan joy oldi. Ijodiy merosining asosida ayollar erki, ozodligi, ilm-ma’rifatli bo‘lishi mujassam. Shubhasiz, Oydin Sobirova XX asr ayollar adabiyoti, xususan, ayollar nasrining rivojida alohida mavqega ega ijodkor sifatida nom qozondi. Oydin murakkab va mazmundor hayot yo‘lini bosib o‘tdi. U bolaligidan yangi hayotga, ilm-ma’rifatga dadil qadam tashladi. 1923-yilda Toshkentdagi “Inpros” 1 Mirzayev S. XX asr o‘zbek adabiyoti. Toshkent:Yangi asr avlodi, 2005. – B.23. “O‘ZBEKISTON – 2030 STRATEGIYASI: AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISLOHOTLAR TAHLILI, MUAMMOLAR VA YECHIMLAR” 11 https://www.asr-conference.com III SHO‘BA: Yoshlar siyosati, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot va madaniy merosni rivojlantirish (pedtexnikum)ni, 1931-yilda Samarqanddagi pedakademiyani bitirdi. O‘qituvchilik qildi. O‘zbekiston davlat nashriyotida bo‘lim mudiri bo‘lib ishladi. Respublika Yozuvchilar uyushmasida mas’ul kotib vazifasini bajardi. Oydin xotin-qizlarning “Yangi yo‘l” jurnaliga mas’ul kotib, “Yorqin hayot” jurnalida muharrir o‘rinbosari, respublika radio komitetida bo‘lim boshlig‘i, “O‘zbekiston xotin-qizlari”, “Saodat” jurnalida Bosh muharrir bo‘lib ishlaydi. Shuni alohida qayd etish lozimki, Oydinning kamolotga yetishida, shoira sifatida shakllanib, ijodiy o‘sishida Samarqand adabiy-ilmiy muhitining ta’siri katta bo‘lgan. Oydin 1927-1931-yillarda Samarqandda universitetda Hamid Olimjon, Uyg‘un kabi iste’dodli yosh shoirlar bilan birga o‘qiydi. Oydinning 20-yillar o‘rtalaridan to 30-yillarning ikkinchi yarmigacha bo‘lgan ijodi, asosan, she’riyatga bag‘ishlangan. Bu davrda shoira anchagina she’rlar va dostonlar yozib, “Tong qo‘shig‘i”, “Chechan qo‘llar”, “Oydin she’rlari” to‘plamlarini o‘quvchilarga taqdim etdi. Oydin 30-yillarning oxirlariga kelib, deyarli butunlay hikoya janriga o‘tib oldi. “Gulsanam”, “Hazil emish”, “Yamoqchi ko‘chdi”, “Sadag‘ang bo‘lay komandir”, “Ko‘ngli to‘ldimi, yaxshi yigit” singari rang-barang hikoyalar yozib, mohir hikoyanavis sifatida tanildi. Xotin-qizlar hayotini tasvirlash, ularning jonli obrazlarini yaratish adiba hikoyachiligining (umuman ijodining) diqqat markazida turadi. Ana shunga ko‘ra Oydin ijodini o‘zbek xotin-qizlari hayotining badiiy tarixi, o‘ziga xos yilnomasi desa xato bo‘lmaydi. Oydin nafaqat ijodi bilan, balki shaxsiy fazilatlari bilan ham davr ayollariga o‘rnak bo‘la oladi, adabiy merosi bilan to‘rtki bera oldi. Oydin xotin-qizlar obrazini yaratish orqali hayot haqiqatini ochib berish tamoyiliga urushdan so‘nggi davrda ham sodiq bo‘lib qoldi. “Mardlik-mangulik”, “Hikoya va ocherklar”, “Hikoyalar” singari kitoblari ana shundan dalolat beradi. Bu kitoblarda adiba sodda, mehribon, itoatli, sabr-toqatli, sadoqatli o‘zbek ayolini, o‘zbek onasini obrazini yaratib bera olgan. Hikoyalarda bosh qahramon davr onasi, ayoli, qizi sifatida tasvirlanadi. Tasvirlarda ayollarning ilm-ma’rifatga intilayotgan holati, ilmsizlik jamiyat taraqqiyotining yemirilishiga sabab bo‘lishi asos sifatida tanlangan. Ijodkorning “Hikoyalar” kitobiga kiritilgan “Chaqaloqqa chakmoncha” kitobida davr qiyofasi va ayollar qismati yoritilgan. Mazkur hikoyada ijodkor ayollarning fojiali taqdiri orqali davr ijtimoiy muhitini ochib bergan. Hikoya bosh qahramoni Erqo‘ziyeva bo‘lib, u kalxozda faol ishchi. Yoshligidan mehnatga toblangan bu qiz voyaga yetib, o‘ziga munosib yigitga turmushga chiqadi. Lekin uning bir emasi ikki emas, to‘rt farzandi tug‘ilganidayoq nobud bo‘ladi. Tug‘riqxonada emas, uyida qushni kampirlarning yordamida dunyoga keltirgan farzandlarining nobud bo‘lishi Erqo‘ziyevani tushkun ahvolga soladi. Kampirlar unga bolasining yashab ketishi uchun har-xil maslahatlar berishadi. Jumladan: “Bolangga aks tegadi. Jinlar changal soladi. Uch marta qora tovuqni quchoqlab qoqtirgin, chillayosin qildirgin, ukki asrab, tug‘adigan chog‘ingda bosh tomoningga o‘tqizib qo‘ygin. Jinlar ukkining ko‘zidan qo‘rqadi, – deb qo‘yarda qo‘ymadilar. Bisotida bittagina gunafsha duxoba kamzuli bor edi, shuni sotib haligilarning hammasini qildi. Lekin bu bolasi ham o‘lik tushdi”. 2 Chunki, bunday fojiali qismatning qayta-qayta takrorlanishiga davr ayollarining ilmsizligi sabab edi. Shifoxonaga borishsa odamlar gap qiladi deydi hikoyada. 2 Ойдин. Ҳикоялар. Тошкент, 1954. – Б. 4. 12 https://www.asr-conference.com III SHO‘BA: Yoshlar siyosati, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot va madaniy merosni rivojlantirish Erqo‘ziyevaning turmush o‘rtog‘i bu kampirlaring nimani biladi, endigi farzandimizni shifoxonada dunyoga keltirasan deganda ayoli: “ – Gap-so‘zga qolamiz “doktorxonada tug‘ibdi”, deb hammayoqda duv-duv gap bo‘lib o‘lar – Gap bo‘lsak, bo‘larmiz. Ish qilib bola omon bo‘lsin! Bu ham bir tavakkalde, – deb sakrab o‘rnidan turdi. Osh-oshda qoldi, boshqa-boshqada. Er, xotin otlanishib chiqib ketdilar”. 3 Ular to‘g‘ri tanlov qilishgan edi. Erqo‘ziyeva doktorxonaga borib farzandini dunyoga keltirgani uchun to‘rt muchasi sog‘lom bolani dunyoga keltiradi. Bu kabi taqdirlar orqali ijodkor davr ruhini ochib beraolgan. Sababi usha davrda Erqo‘ziyeva singari qancha-qancha ayollar to‘g‘riqxonaga bormasdan uylarida ilmsiz tibbiyot yordamida farzandlarini nobud qilishayotgan edi. Kampir doyalar yordamida qilinayotgan to‘g‘riq jarayonidagi notug‘ri hatti-harakatlar bolaning yoki onaning nobud bo‘lishi bilan yakunlanayotgan edi. Aynan mana shu hikoyadagi tasvirlarga yuqoridagi foje holatlar mujassam. Davr talablariga hozirjavoblik, turmushdagi yangiliklarni qo‘llab-qo‘vvatlash, xususan, xotin-qizlarni “to‘rt devor ichida za’faron bo‘lib o‘tirishni bas qilishga” (Oydin), qaynoq ijtimoiy hayotga ishtirok etishga chaqirish – Oydin ijodining asosiy g‘oyaviy ma’nosini tashkil etadi. Ijodkorning “O‘zidan ko‘rsin” hikoyasida Nazirjon ilmli, dunyo ko‘rgan yigit timsolida tasvirlansa, Shakarxon – onasining ta’siriga tushib, institutdagi o‘qishini yig‘ishtirgan, uyda utiradiga qiz sifatida tasvirlanadi. Adiba bu qahramonlarning fe’latvorini mahorat bilan ochib bergan. Har bir obraz o‘ziga poetik olam egalari. Shakarxonning onasi ayol kishi uyda o‘tirishi, ilm olish ayollarning ishi emas deb qaraydi. Shu sababli qizini ham ilm olishiga tusqinlik qiladi. Shakarxonning ilmsizligi, ta’lim olishdan yiroqligi Nazirjon va Shakarxonning onalarining orzusini amalga oshirmaydi. Nazirjon dunyoviy ta’lim-tarbiya ko‘rgan, ilm-ma’rifatli qiz bilan oila qurishni xoxlaydi. Hikoyadi Nazirjon tilidan aytilgan “Ehe… Kishi o‘z tenglari bilan so‘rashish, gaplashib o‘ltirishdan ham uyaladimi, qizlar janglarda yigitlar bilan yonma-yon turib otishadilar, yaradorlarni bag‘rilariga bosib davolaydilar! Bu uyat emas, axir! Bu odamgarchilik, bu kishilarning haqiqiy odam bo‘lganligini ko‘rsatadi” 4 ,– degan fikrlarida davr insonlarining eskicha fikrlashlari taraqqiyot emas, tanazzul belgisi ekanligi namoyon bo‘lmoqda. Jamiyatda ayol va erkak teng ilm olishi lozimligi hikoyaning asosiy g‘oyasi sifatida talqin etiladi. Hikoya yakunida Shakarxon o‘z hohishi bilan yana institutga qaytadi va yangi zamon ostonasi sari ildam qadamlar tashlab ketadi. Albatta, Shakarxonning dunyoqarashining o‘zgarishida Nazirjonning ham ta’siri katta. Shakarxon eskicha fikrlashi bilan o‘z baxtini, iqbolini qo‘ldan chiqarishi mumkin ekanligini idrok eta oldi. U bir marta mana shunday holatga tushdi. Lekin hayotida bunday vaziyat ikkinchi bora takrorlanmasligi uchun ham u yorqin hayot – ilm olmoqlikka bel bog‘laydi. Oydin hikoyalari mavzu, g‘oya va obraz e’tibori bilangina emas, til va badiiy mahorat e’tibori bilan ham qimmatlidir. Adiba xalqimizga xos milliy xususiyatlarni, milliy qadriyat, urf-odat, milliy xarakter belgilarini tasvirlashga usta. U onani onaga xos, kampirni kampirga xos, bolani bolaga xos fe’l-atvor, psixologiya va individual til bilan tasvirlaydi. Hikoyalarda yangi mavzularni badiiy ifodalash, yangi obraz yaratishga intilish tamoyili kuchli. 3 O‘sha asar – B.5. 4 O‘sha asar – B. 56. 13 https://www.asr-conference.com III SHO‘BA: Yoshlar siyosati, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot va madaniy merosni rivojlantirish Oydin sujet va kompozitsiya yaratishda ham, milliy xarakter va ruhiyat tasvirini berishda ham, jonli xalq tili va xalq og‘zaki ijodi boyliklaridan foydalanishda ham o‘z mahoratini namoyon qila olgan katta ijodkordir. Qisqa satrlarda keng ma’noni bera olish Oydin uslubining asosi sanaladi. Ijodkorning hikoyalari qisqa, lekin mohiyatan nihoyatda keng va mazmunli. Ijodkorning so‘zga chechanligi, bayonchilikka yo‘l qo‘ymasligi, asar mazmunini ochishda har bir so‘z ma’lum bir “yuk”ni o‘zida mujassam etishi bilan ham xarakterlidir. Bu hikoyalarda hayot haqiqati ixcham shaklda ifodalangan. Jonli xarakterlar yaratilib, hikoya g‘oyasi asarning umumiy ruhiga mohirona singdirib yuborilgan. XULOSA Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, ayollar ijodi, xususan, nasrida ayollik nafosati va nazokati ufurib turishi, bu xususiyat, bu pafos ijodkorning adabiy-estetik qarashlari, publitsistik chiqishlarida yorqin ranglarda gavdalangan ayol martabasi va mas’uliyatiga bo‘lgan ehtirom tasodifiy bo‘lmaganligi, ayol dardini kuylash, ayol qalbini inkishof etish uning ko‘ngil e’tiqodiga aylangan jihatlar asosiy o‘rinda turadi. Mana shu jihatlari bilan ham adiba Oydin Sobirova XX asr o‘zbek ayolar adabiyotining peshqadami sifatida e’tirof etishga loyiqdir. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. Mirzayev S. XX asr o‘zbek adabiyoti. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2005. 2. Ойдин. Ҳикоялар. Тошкент, 1954. 3. Базарова, Ш. (2024). Судьба женщины в рассказах Айдын Собировой. Зарубежная лингвистика и лингводидактика, 2(2/S), 24-28. 4. Shuxratovna, B. S. (2024). O ‘ZBEK VA KOREYS MAQOLLARIDA GENDERLIK MASALASI. Innovation: The journal of Social Sciences and Researches, 2(2), 83-86. 5. Bazarova, S. S. (2022). Saida Zunnunova asarlarida feministik qarashlarning aks ettirilishi. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 2(Special Issue 24), 155-164. 6. SH, B. S. (2024). SAIDA ZUNNUNOVA VA PAK VANSO HIKOYALARIDA KONSEPTLAR HAMDA TIPOLOGIK O ‘XSHASHLIKLAR. TOSHKENT DAVLAT SHARQSHUNOSLIK UNIVERSITETI, 514. 7. Shuxratovna, B. S. (2024). OYDIN SOBIROVA IJODIDA AYOLLAR OBRAZI. Innovation: The journal of Social Sciences and Researches, 2(1), 55-58.