QISHLOQ XO'JALIGIDA INVESTITSION FAOLLIKNI OSHIRISHNING USTUVOR YO'NALISHLARI
Full text
619 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJMTCS) ISSN: 2181-2861 QISHLOQ XO’JALIGIDA INVESTITSION FAOLLIKNI OSHIRISHNING USTUVOR YO‘NALISHLARI Nurmatov Norbek Jo‘rayevich Termiz davlat universiteti katta o‘qituvchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.17570087 Agrar sohaga jalb qilingan investitsiyalar hajmini va samaradorligini oshirish qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va aholi turmush farovonligini yuksaltirish imkonini beradi. Buning uchun agrar sohaga jalb qilinadigan investitsiyalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish talab etiladi.Mamlakatimizdagi va chet ellik iqtisodchi olimlar tomonidan agrar sohani investitsiyalash samaradorligini oshirish masalalari chuqur tadqiq qilingan. Xorijlik iqtisodchi olimlardan A.Yemelyanov agrar sohaga sarflangan investitsiyalar samaradorligiga salbiy ta’sir etuvchi asosiy omil sifatida baholar o‘rtasidagi nomutanosiblikni ko‘rsatadi. Uning fikriga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari baholarining o‘sish sur’ati agrar soha ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan resurslar narxlarining o‘sish sur’atidan sezilarli orqada qolayotganligi investitsiyalash uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni jamg‘arish imkonini bermayapti. Agrar sohadagi investitsiyalarni moliyalashtirish mexanizmining ayrim nazariy va amaliy jihatlari iqtisodchi olimlarimizdan A.Vahabov, D.G‘ozibekov, S.Umarov, E.Shodmonovlarning ilmiy izlanishlarida tadqiq qilingan. A.Vahobov ilmiy tadqiqotlariga asoslangan holda, agrar sohani investitsiyalash jarayoni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi shart degan xulosaga kelgan. E.Shodmonov esa, qishloq xo‘jaligi korxonalari moliyaviy holatining beqarorligi, investitsion xarajatlarni moliyalashtirish manbalaridan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi sharoitida lizing asosida investitsiyalarni moliyalashtirish amaliyotini kuchaytirish maqsadga muvofiqligini asoslab bergan. Investitsiyalarning mamlakat iqtisodiyoti va qishloq xo‘jaligidagi ahamiyati ulkan. Birinchidan, investitsiyalar jami xarajatlarning asosiy qismi hisoblanadi. Investitsiyalardagi o‘zgarishlar yalpi talabga yetarlicha ta’sir ko‘rsatadi, shuningdek aholining bandligi va yalpi milliy daromad hajmining ham o‘zgarishini ta’minlaydi. Ikkinchidan, investitsiyalar korxonaning asosiy fondlari jamg‘arilishiga, ya’ni ko‘payishiga olib keladi. Bunda ishlab chiqarish kuchlarini kengaytirishga sarf qilingan pul mablag‘lari kelajakda iqtisodiy o‘sish uchun zarur bazani yaratadi. Uchinchidan, investitsiyalarning noratsional sarf qilinishi ishlab chiqarish resurslari, xarajatlar o‘sishiga olib keladi, natijada yalpi milliy daromad qisqaradi. Ular sarflanayotgan investitsiyalarning qiymati o‘sishiga hamda samaradorligi pasayishiga ta’sir etadi. Investitsiyalar qishloq xo‘jaligining har tomonlama rivojlanishiga ko‘maklashadi, chunki ularning evaziga tarmoqning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi. Ulardan to‘liq va samarali foydalanish natijasida jonli mehnat xarajatlari qisqarib, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ko‘payadi, sifati yaxshilanadi. Bu hol qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talab yanada yaxshiroq qondirilishini ta’minlaydi. Shu bilan birgalikda sof foyda summasi ko‘payadi. Natijada qishloq xo‘jaligini kengaytirilgan takror ishlab chiqarish asosida rivojlantirish imkoniyati paydo bo‘ladi, aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli yanada yuksaladi. Bular investitsiyalarning ijtimoiy va iqtisodiy samaradorligi mavjudligidan dalolat beradi. Mamlakatimizda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar va uning tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik tarmog‘ining ulushi haqidagi ma’lumotlar 1-jadvalda keltirilgan. 1-jadval Mamlakatimizda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar va uning tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik tarmog‘ining ulushi Ko‘rsatkichlar 2020 2021 2022 2023 Asosiy kapitalga kiritilgan nvestitsiyalar, mlrd so‘m 210195,1 239552,6 266240,0 356071,4 Shu jumladan: qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida, mlrd so‘m 14776,8 17727,9 15703,6 17004,4
620 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJMTCS) ISSN: 2181-2861 Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligining ulushi, foiz 7,0 7,4 5,9 4,8 Manba: O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari. Jadvaldan ko‘rinib turibdiki, so‘nggi uch yilda mamlakatimizda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar va uning tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik tarmog‘ining ulushi ancha past va u yanada kamaymoqda. Moliyalashtirish manbalari bo‘yicha qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligiga kiritilgan investitsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar 2-jadvalda keltirilgan. 2-jadval Moliyalashtirish manbalari bo‘yicha qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligiga kiritilgan investitsiyalar 2021 2022 2023 Hajmi, mlrd. so‘m Salmog’i, % Hajmi, mlrd. so‘m Salmog’i, % Hajmi, mlrd. so‘m Salmog’i, % Jami 17727,9 100,0 15703,6 100,0 17004,4 100,0 Shu jumladan: respublika budjeti mablag‘lari 1231,9 7,0 1428,7 9,1 1495,0 8,8 korxona va tashkilotlar mablag‘lari 3038,6 17,1 3461,4 22,0 3218,0 18,9 tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari 2746,9 15,5 2209,9 14,1 865,7 5,1 xorijiy investitsiya va kreditlar 7659,4 43,2 5067,0 32,3 7390,0 43,5 boshqa moliyalashtirish manbalari 3051,1 17,2 3536,6 22,5 4035,7 23,7 Manba: O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari. Ushbu jadval ma’lumotlaridan ko‘rinib turibdiki, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligiga kiritilgan investitsiyalarning tarkibida tarmoqqa jalb etilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar ulushi ancha yuqori. Qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga jalb etilgan xorijiy investitsiyaga misol tariqasida 2020-yil 11-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4803-sonli qarori asosida jalb etilgan invstitsiyani keltirishimiz mumkin. Umumiy qiymati 659,3 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan ushbu loyiha 6 yilga (2020-2026-yillar) mo‘ljallangan. Loyiha doirasida Jahon banki tomonidan 30 yil muddatga 500 mln. AQSh dollar ajratilgan. Qarorda Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihaning ustuvor yo‘nalishlari, etib quyidagilar belgilangan: -qishloq o‘jaligida ilmiy-tadqiqot, ta’lim va maslahat xizmatlarining ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan samarali tizimini yaratish; - qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, statistic ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va tarqatishning ishonchli va shaffof usullarini joriy etish; - oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda “daladan iste’molgacha” tamoyili asosida sifat nazoratini kuchaytirish, agrologistika, yo‘l va boshqa zarur infratuzilmani yaratish; - eksportni rag‘batlantirish, xalqaro bozorlarda raqobatbardosh, eksportbop yuqori qo‘shilgan qiymatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish borasida qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish;
621 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJMTCS) ISSN: 2181-2861 - qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ini diversifikatsiyalash, sohada davlat ishtirokini kamaytirish, kooperatsiya tizimini rivojlantirish, hamda sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish; - yer va suv resurslari, o‘rmon fondidan oqilona foydalanish; -sohaga boshqaruvning zamonaviy tizimlarini joriy etish, xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish. Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligiga kiritilgan investitsiyalarning tarkibida tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari ulushining so‘nggi yillarda keskin kamayganligini ko‘rishimiz mumkin. Mazkur tarmoqqa jalb etilayotgan investitsiyalarni boshqa tarmoqlar bilan taqqoslaganda ularning salmog‘i past darajani tashkil etadi. Shuni inobatga olgan mamlakatimiz hukumati tomonidan mazkur tarmoqda investitsiyalar hajmini oshirishga alohida e’tibor berilmoqda. Bunda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi bilan shug‘ullanuvchilarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, issiqxonalar tashkil etish, sug‘orishning zamonaviy tejamkor usullarini joriy etish, qishloqlarning qiyofasini zamonaviylashtirish, qishloq infratuzilmasini rivojlantirish va boshqa shu kabi maqsadlarga katta miqdordagi mablag‘lar sarflanmoqda.Qishloq xo‘jaligiga talabni qondiradigan darajada investitsiyalar sarflanishini kelajakda ishonchli ta’minlash uchun investitsiyalarni amalga oshiruvchi yuridik hamda jismoniy shaxslar ko‘lamini kengaytirish talab etiladi. Ular respublikamiz yoki chet davlatlardan bo‘lishi mumkin, ularni qishloq xo‘jaligidagi investitsion jarayonga faolroq jalb etishga alohida e’tibor berish lozim. Investitsiyalarni amalga oshirishda banklarning ko‘lamini kengaytirishga erishish muhim ahamiyatga ega. Buning uchun zarur barcha huquqiy, iqtisodiy shart-sharoitlar yaratib berilgan. Shu bilan birga qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan tuziladigan turli birlashmalar, jumladan agrofirmalar va boshqa shu kabilarning ham imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadga muvofiq. Chunki, fermer xo‘jaliklari birikib agrofirma tashkil etishi ularning investitsion imkoniyatlarini kengaytiradi.Qishloq xo‘jaligida investitsion faollikni yanada oshirish uchun quyidagilarga e’tibor berish lozim: - qishloq hududlarida investitsiya infratuzilmasini rivojlantirish – avtomobil va temir yo‘llari, uzluksiz elektr, gaz va suv ta’minoti, sifatli aloqa xizmati, banklar, sug‘urta kompaniyalari va boshqa shu kabilar faoliyatini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ularning ishtirokini samarali yo‘lga qo‘yish; - qishloq xo‘jaligida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarning biznes ko‘nikmalari, shu jumladan, investitsiya loyihalari bilan ishlash tajribasini shakllantirish va huquqiy bilimlarini oshirish – hududlarda konsalting, marketing va yuridik xizmat ko‘rsatuvchi markazlar tashkil etish va faoliyatini rivojlantirish; - qishloq xo‘jaligida investitsiya takliflari va loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslarini sifatli ishlab chiqishga e’tibor berish – tadbirkorlarga investitsiya loyihalarini ishlab chiqishda tijorat banklari, hududlardagi savdosanoat palatasi va boshqalar tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishini mahalliy hokimliklar tomonidan tashkil etish va doimiy nazoratga olish; - xorijiy investorlarni mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar bilan ta’minlashni tashkil etish – xorijiy investorlarni to‘laqonli ravishda axborot (investitsiya loyihalari va biznes takliflar bazasi, turli bukletlar, hududiy matbuot nashrlari, xomashyo va mehnat salohiyati to‘g‘risidagi hamda yaratilgan imkoniyatlar haqidagi ma’lumotlar) bilan ta’minlash, maxsus veb-portal tashkil etish, shuningdek, investitsiya faoliyatiga oid konferensiyalar, seminarlar va respublika hududida hamda xorijiy mamlakatlarda taqdimotlar o‘tkazish. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Mirziyoyev Sh.M. Yangi O‘zbekiston strategiyasi. Toshkent. “O‘zbekiston” NMIU, 2021.-464 b. 2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF5853-sonli Farmoni. Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.10.2019-y., 06/19/5853/3955-son; 01.05.2021-y., 06/21/6217/0409-son. 3. Nurmatov N.J. Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti. Darslik. -Termiz: “Termiz publishing center”, 2025. -630 b. 4. Murtazayev O., Ahrorov F.B. Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti. Darslik. –T.: “ILM ZIYO”, 2017. -415 b. 5. Ergashev R.X., Fayziyeva Sh.Sh., Xamrayeva S.N. Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti. Darslik. –T.: “Iqtisodmoliya”, 2018. -404 b. 6. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi. Statistik to‘plam. Toshkent, 2024.