XOTIN-QIZLAR FAOLLIGINI OSHIRISH – STRATEGIYADAGI MUHIM MAQSAD SIFATIDA
Abstract
Ma’lumki, “O‘zbekiston–2030 strategiyasi”da bir qancha maqsadlar belgilangan bo‘lib, ularning ayrimlari xotin-qizlar bilan bog‘liq yo‘nalishlarni ham qamrab olgan. Ushbu maqolada strategiyadagi aynan ayollar manfaatiga bag‘ishlangan va xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan yo‘nalishlar o‘rganiladi hamda bugungi islohotlar bilan qiyosiy tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari yurtimizda xotin-qizlarning faolligini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni tahlil qilish imkonini beradi.
Full text
10 https://www.asr-conference.com III SHO‘BA: Yoshlar siyosati, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot va madaniy merosni rivojlantirish XOTIN-QIZLAR FAOLLIGINI OSHIRISH – STRATEGIYADAGI MUHIM MAQSAD SIFATIDA Muallif: Kadirova S.Sh. 1 Affiliyatsiya: Xalqaro Nordik universiteti, jurnalistika yo‘nalishi 2-kurs magistranti 1 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17570320 ANNOTATSIYA Ma’lumki, “O‘zbekiston–2030 strategiyasi”da bir qancha maqsadlar belgilangan bo‘lib, ularning ayrimlari xotin-qizlar bilan bog‘liq yo‘nalishlarni ham qamrab olgan. Ushbu maqolada strategiyadagi aynan ayollar manfaatiga bag‘ishlangan va xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan yo‘nalishlar o‘rganiladi hamda bugungi islohotlar bilan qiyosiy tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari yurtimizda xotin-qizlarning faolligini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni tahlil qilish imkonini beradi. Kalit so‘zlar: strategiya, ijtimoiy faollik, gender tenglik, xotin-qizlar, maqsad, islohot, choratadbir. KIRISH Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qatorida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini oshirish masalasi muhim strategik yo‘nalish sifatida belgilangan. “O‘zbekiston–2030 strategiyasi”da xotin-qizlarning ijtimoiysiyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Strategiyaning “Kuchli fuqarolik jamiyati va tenglikni ta’minlash” nomli beshinchi yo‘nalishida aynan xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni amalda ta’minlash ko‘zda tutilgan. “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan ushbu strategiyaning 25-maqsadi bevosita xotin-qizlar manfaatlariga bag‘ishlangan hamda ayollar faolligini oshirishga qaratilgandir. Ushbu maqsadga erishish uchun esa bir qator vazifalar qo‘yilgan bo‘lib, ulardan birinchisi — gender tenglikni ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimida xotinqizlar ulushini 30 foizga yetkazish, siyosiy qaror qabul qilish jarayonlarida ularning ishtirokini kengaytirishni ko‘zda tutadi. Bu haqda so‘z borganda, avvalo, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 58-moddasida: “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlaydi”, deb belgilanganini ta’kidlash lozim. Bu borada bugun yurtimizda qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Rahbar ayollar” o‘quv kursi tashkil etilgan bo‘lib, men mazkur kurs bitiruvchisi sifatida bugun yurtimizda rahbarlik borasida ham ayollarning ulushini oshirish bo‘yicha samarali ishlar yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlamoqchiman. “O‘ZBEKISTON – 2030 STRATEGIYASI: AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISLOHOTLAR TAHLILI, MUAMMOLAR VA YECHIMLAR”
11 https://www.asr-conference.com III SHO‘BA: Yoshlar siyosati, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot va madaniy merosni rivojlantirish Qolaversa, O‘zbekiston 2024 yilda gender tenglik va boshqaruv indeksi bo‘yicha 72,8 ball to‘plab, 103-o‘rindan 51 pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotda xotin-qizlarning ishtiroki tobora kengayib, ularning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi. [https://uza.uz/posts/668353] Ikkinchi vazifa — zo‘ravonlik va tazyiq holatlariga qarshi kurashish borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda kuzatayotganimizday, bu borada ayanchli holatlar hali yetarlicha. Rasmiy ma’lumotlarda ham ko‘rsatkichlar kamaymagan. Kun.uz ning shu yil 13 avgust kuni yozgan ma’lumotida keltirilishicha, 2025 yil birinchi yarmida mamlakatda ayollarga nisbatan 48 303 ta tazyiq va zo‘ravonlik holati qayd etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 121 foizga ko‘pdir. Bu esa, mavjud choralar bilan bir qatorda, psixologik yordam markazlarini kengaytirish, huquqiy madaniyatni oshirish, va profilaktika tizimini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi. Uchinchi, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish vazifasining bajarilishida esa yaxshi natijalar mavjud ekanini birgina quyidagi fakt dan bilish mumkin. Jahon banki Global Findex 2025 hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda moliyaviy hisob raqamiga egalik darajasi yillar davomida oshgan bo‘lib, 2024 yilda birinchi marta ayollar bu borada erkaklardan oshib ketishdi. Ayollarning 60,7%, erkaklarning esa 58,5% hisob raqamiga ega ekanligi qayd etildi. [https://t.me/mahallavaoila_instituti/6782] To‘rtinchi vazifa, ya’ni ta’lim va mehnat sohasida tenglikni ta’minlash borasidagi islohotlarni tahlil qilganimizda esa, xotin-qizlar uchun ajratilayotgan ta’lim krediti, kvotalarni eslashimiz o‘rinli. Shuningdek, yaqinda yurtdoshimizning O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvida endilikda har yili mehnat jamoalarida gender audit natijalarini muhokama qilib, ish beruvchilar bilan birgalikda xotin-qizlar uchun yanada qulay mehnat sharoitlarini yaratish, 14 ta tarmoq kasaba uyushmasi doirasida gender tenglikni ta’minlash uchun manzilli strategiyalar ishlab chiqish muhimligi alohida qayd etildi. Beshinchi vazifa – huquqiy madaniyatni yuksaltirish. Ushbu vazifa nihoyatda muhim, nazarimda. Zero, har qancha imtiyozlar berilmasin, ayollar ularni o‘qib o‘rganmasalar, o‘z haq-huquqlarini bilmasalar natija bo‘lmaydi. Huquqiy madaniyatni yuksaltirish uchun turli tadbirlar, treninglar o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, bu borada ba’zan madaniy mentalitet omillari to‘siq bo‘lmoqda. Pedagogika fanlari nomzodi, professor F. Abdurahimova o’z tadqiqotida ta’kidlaganiday, “O‘zbekistonda xotin-qizlar ijtimoiy faolligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar va davlat siyosati jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, xotin-qizlarning ijtimoiy va siyosiy jarayonlardagi ishtiroki hali yetarli darajada emas. Shuning uchun quyidagi tavsiyalarni amalga oshirish maqsadga muvofiq: – Qonunchilikda belgilangan gender tenglik mexanizmlarini samarali ijro etish; – Xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ma’rifiy ishlar olib borish; – Ayollarning biznes va tadbirkorlikdagi ishtiroki uchun qo‘shimcha imtiyoz va imkoniyatlar yaratish; – Davlat boshqaruvi va siyosiy qaror qabul qilish jarayonlariga xotin-qizlarni yanada keng jalb qilish”.
12 https://www.asr-conference.com III SHO‘BA: Yoshlar siyosati, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot va madaniy merosni rivojlantirish [F. Abdurahimova “O‘zbekistonda xotin-qizlar ijtimoiy faolligining huquqiy asoslari va davlat siyosati”, World of Science August, Volume-8, Issue-8, 16-bet] XULOSA “O‘zbekiston – 2030 strategiyasi”da xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari mamlakatning barqaror rivojlanishi, ijtimoiy adolat va gender tenglikni ta’minlashning muhim kafolati sifatida ko‘rilgan. Umuman olganda, strategiyadagi ko‘plab yo‘nalishlar ayollarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning huquqiy, iqtisodiy va ma’naviy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, bu jarayon milliy taraqqiyotning yangi bosqichida ayollar salohiyatini to‘liq namoyon etish imkonini yaratadi. Bugungi kunda yurtimizda bu borada erishilgan natijalar ijobiy bo‘lsa-da, zo‘ravonlikni oldini olish, rahbarlik lavozimlarida ayollar ulushini oshirish va ularning siyosiy ishtirokini kengaytirish yo‘nalishida izchil ishlar davom ettirilishi zarur. OAV vakili sifatida men ham o‘z faoliyatimdan kelib chiqib bu ishlarni jadallashtirishga, yurtimizda xotin-qizlar munosib turmush sharoitlarida yashashlari va jamiyatda faol bo‘lishlariga hissa qo‘shish istagidaman. Hozirda magistrlik dissertatsiya ishida ayollarning ijtimoiy faolliklarini yanada keng targ‘ib qilish va oshirishga oid taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqish yo‘lida izlanmoqdaman. Zero, ayollarning salohiyati, baxt-saodati – oilaning va butun bir jamiyatning farovonligini belgilaydi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. (2023) Toshkent, Adolat. 2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori. (2022) Toshkent. 3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvidagi nutqi. https://president.uz/uz/lists/view/8577 4. “O‘zbekiston -2030 strategiyasi”. (2023) Toshkent. 5. Abdurahimova, F. “O‘zbekistonda xotin-qizlar ijtimoiy faolligining huquqiy asoslari va davlat siyosati”. World of Science August, Volume-8, Issue-8, 16-bet. 6. www.lex.uz – O‘zbekiston qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi.