scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

SHUKUR XOLMIRZAYEVNING "KO'K DENGIZ" HIKOYASIDA TIL VA MILLAT MASALASI

Noraliyeva Marjona Usmon qizi

Abstract

Ushbu maqolada Shukur Xolmirzayevning “Koʻk dengiz” hikoyasida yoritilgan til va millat tushunchalari va ular bilan bogʻliq muammolar toʻgʻrisida fikr yuritilgan. Shuningdek, adib hayoti u yashagan muhit va odamlarning uning asarlariga qanchalik ta’sir etganligiga urg‘u beriladi. Hikoyadagi o‘tgan asrda Markaziy Osiyoda ildiz otgan til g‘urur masalasi, shu bilan birga millatlarning o‘ziga xos urf-odat va an’analari va o‘zligini saqlab qolish singari o‘rtaga tashlangan masalalar tahlil qilinadi

Full text

ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 381 SHUKUR XOLMIRZAYEVNING “KO‘K DENGIZ” HIKOYASIDA TIL VA MILLAT MASALASI Noraliyeva Marjona Usmon qizi [email protected] Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti talabasi. https://doi.org/10.5281/zenodo.17602258 Annotatsiya. Ushbu maqolada Shukur Xolmirzayevning “Koʻk dengiz” hikoyasida yoritilgan til va millat tushunchalari va ular bilan bogʻliq muammolar toʻgʻrisida fikr yuritilgan. Shuningdek, adib hayoti u yashagan muhit va odamlarning uning asarlariga qanchalik ta’sir etganligiga urg‘u beriladi. Hikoyadagi o‘tgan asrda Markaziy Osiyoda ildiz otgan til g‘urur masalasi, shu bilan birga millatlarning o‘ziga xos urf-odat va an’analari va o‘zligini saqlab qolish singari o‘rtaga tashlangan masalalar tahlil qilinadi Kalit so‘zlar: milliy xarakter, “shafqatsiz realism”, romantik pafos, realistik tasvir, peyzaj mahorati, ruhiy olam,inson va tabiat munosabatlari Shukur Xolmirzayev oʻtgan asrda eng koʻzga koʻringan nasrimizning yorqin vakillaridan biri hisoblanadi. U oʻzining takrorlanmas, oʻtkir syujetli, teran fikrli, tafakkur qilishga undaydigan ijod namunalari bilan xalqimizning koʻnglidan chuqur joy egalladi. Shukur Xolmirzayev ijodining dinamikasiga e’tibor qaratadigan boʻlsak, u bir nechta bosqichlardan iborat. Yaʼni oʻz ijodiy faoliyatini hikoya, ocherklar yozish bilan boshlagan adib ijodining dastlabki bosqichi mavzusi yoshlik va talabalik yillarining oʻziga xos nozik hissiyotlari va jozibasi, shuningdek oʻzi tugʻilib oʻsgan jannatmakon, togʻlar bilan oʻralgan Boysun diyorida yashovchi turfa tabiatli kishilar taqdiri, ular hayotidagi mashaqqatlar, ijtimoiy oʻzgarishlar badiiy talqin etilgan. Keyinchalik aynan shu qahramonlar adib ijodining keyingi davrida mukammalashib, har tomonlama yetuklashib, uning asarlarida realistik tasvirning ustuvor yoʻnalishga aylanishida tayanch boʻldi. Aynan shu insonlar uning asarlarining asosiy qahramonlariga aylandi. Endi yozuvchi murakkab hayotiy vaziyatlar, kishilarning muammo va iztiroblarga toʻla, ziddiyatlardan iborat ruhiy olamini koʻrgan sari uning dastlabki asarlarida ustuvor boʻlgan romantik pafos endi oʻz oʻrnini realizmga boʻshatib berdi. Va aynan shu orqali adabiyotimizga yangi bir tur, “shafqatsiz realism”, unsurlari kirib kelishiga zamin yaratildi. Shukur Xolmirzayev asarlarida oʻzbeklarga xos milliy xarakter, inson va tabiat munosabatlari teran badiiy talqin qilingan. U oʻzbek adabiyotida tuzum muammolarini ochib bergan, xalq dardini chuqur his qila olgan, jamiyat muammolarini asarlarida xolis koʻz bilan olib chiqa olgan kam sonli jasoratli realist yozuvchilarimizdan biri edi. Bunga yana bir dalil sifatida aynan uning birinchilardan boʻlib oʻzbek xalqining eng yaqin tarixida yuz bergan “bosmachilik harakati” deb atab kelingan davrini oʻrganishi va shu mavzu asosida bir qancha tarixiy asarlar yaratganligini keltira olamiz. Shuningdek, Shukur Xolmirzayev asarlarini tahlil qilar ekanmiz, uning peyzaj mahoratini taʼkidlab oʻtmaslik imkonsiz. Yozuvchi ijodining o‘ziga xos jihatini ta’kidlashda M.Hamidovaning fikrlariga tayanamiz: “…adib hikoyalarida peyzajning eng muhim funksiyalariga: ya’ni: xronotopik, syujet-kompozitsiya, psixologik funksiyalar, muallif uchun zarur bo‘lgan rangni yaratish va ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 382 muayyan falsafiy g‘oyalarni ifodalash funksiyasini kuzatish mumkin”[3,102]. U peyzaj sanʼatida shu qadar mahoratli ediki, kitobxonlar uning asarlarida nafaqat yurtimiz tabiatining xilma-xilligi va oʻziga xosligi, balki borliq sirini ham kashf qila oladilar. Yana bu aynan biz yuqorida taʼkidlaganimizdek, yozuvchining bu mahorati shakllanishida u tugʻilib oʻsgan yurt, uning goʻzal tabiati, boy tili va madaniy merosi katta taʼsir koʻrsatgan boʻlsa ajab emas. “Koʻk dengiz” hikoyasi Shukur Xolmirzayev ijodidagi mustaqillikning dastlabki yillarida yozilgan, istiqlol, til va millat kabi umumbashariy masalalarni koʻtargan, oʻquvchini chuqur oʻyga toldiradigan va mushohada qilishga undaydigan asar hisoblanadi. Asar bosh qahramoni oltoylik Umrzoq Ivan Ivanovich. Hikoyada dastlab u yertoʻlada yolgʻiz yashaydigan, hech kimi yoʻq va gʻirt ichkilikka ruju qo‘ygan kishi sifatida koʻrsatilgan. Biroq voqealar rivojida shuni koʻrishimiz mumkinki, u haqiqiy ziyoli inson boʻlgan. Bir vaqtlar u Oltoy muallimlar tayyorlov institutida xalq ogʻzaki ijodidan dars bergan, uning xotini va bir qizi boʻlib, ular birgalikda risoladagidek hayot kechirishgan. Oltmishinchi yillarda ruslashtirish siyosati Oltoy oʻlkasida amalga oshiriladi va rus tili ommaviy hamma sohaga kirib boradi, maktablarda darslar rus tilida olib borilishni boshlaydi. Shunda oʻz tiliga sodiq, millatparvar qahramonimiz sovet hokimiyatiga arznomalar yozadi. Ammo uning qilgan ishlari bekor ketib, arzimagan ish uchun oʻn yilga “millatchi” degan ayblov bilan qamaladi. Uning hayoti shu bilan alg‘ov-dalg‘ov boʻlib ketib, alamidan ichkilikka ruju qoʻyadi. Hattoki qamoq muddati tugagach, uyiga qaytib borganida, unga o‘z uyida yashashga ruxsat berilmaydi. Tirik boʻla turib oʻz oilasi bilan yasholmaydi. Bu paytda esa ba’zi bir milliy gʻurur tuygʻusi, Vatan hissi nima ekanligini bilmaydigan kimsalar sovet hukumatini qoʻllabquvvatlab, mansabda yuqorilayotgan bir paytda, vatan tuygʻusi qalbini tark etmagan bu inson har qanday holatda ham oʻz ishini davom ettirishga oʻzida kuch topadi. U yaqin atrofda yashaydigan bolalarni yertoʻlaga chaqirib, o‘zlarining unutilib ketayotgan milliy qadriyatlari, oʻtmishi, tili, anʼanalari, urf-odatlari haqida gapirib berib, ularga oʻzligini anglashda koʻprik vazifasini oʻtaydi. U bu yoʻlda topishmoqlardan foydalanadi. Sababi topishmoqlar qadim qadimdan beri Oltoy xalq ijodining “kaliti” hisoblanib, ularda “yashirin tili” aks etgan ekan. Asarning qamrovi juda keng boʻlib, unda bir qancha umumbashariy masalalar ko‘tariladi. ,”Asar nafaqat Oltoy oʻlkasiga, balki Chor Rossiyasi zugʻumi ostida qiynalgan barcha xalqlarga birday taalluqli ekanligi bilan uning saviyasi naqadar yuqori ekanligi, jahon hikoychiligida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan hikoyaligi koʻrinadi. „Shukur Xolmirzayev “Ko‘k dengiz” asariga faqat oltoy, o‘zbek xalqini emas, Sovet Ittifoqi deb atalgan sho‘rolar mamlakatidagi ko‘pdan-ko‘p xalqlarning XX asr nihoyasidagi milliy dard alamlarini singdira oldi”[3,100]. Ruslashtirish siyosati sababli ayni shu xalqlarning tiliga putur yetdi, rivojlanishdan toʻxtadi, xalqaro hamjamiyatda oʻz oʻrnini topish imkoniyatlari kamaydi. Va bu paytda Umrzoqqa oʻxshagan kam sonli fidoyi insonlargina buning qanchalik fojiali ekanligini anglab yetishdi, xolos. Quyidagi satrlar bilan yozuvchi agar koʻzlar vaqtida ochilmasa, butun bir xalqning oʻzligi, milliy qadriyatlari, tili yoʻqolishi oqibatida, xalq ham butunlay yoʻqolishiga ishora qilgan. “ Ay! - deb qo‘l siltadi u. Yok. Biz shaman, kam... Altay. Turk... No bizim kijilar az... Vsego shestdesyat tnsyacha ostalis! O‘- o‘! I to oni o‘rus tilinda so‘zlayat... Biz yok olamiz. Mn vgmirayushiy narod... Men bu tomonlarini bilmas edim. Ko‘nglim buzilib: Yo‘q, - dedim. Siz o‘lmaysiz! Bizning yurt sizning-da yurtingiz!”[2,102] ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 383 Shuningdek, bu hikoyada barcha turkiy xalqlarga xos boʻlgan bir qancha xususiyatlarga urgʻu beriladi. Misol uchun, mahalla raisining topishmoqni topolmagan paytda “shahar berdim” degan so‘zlaridan, Umrzoq oʻz xalqiga xos nimanidir eshitganidan yosh bolalarcha xursand boʻladi. Aynan shu personaj asosida yozuvchi barcha turkiy xalqlarni birodarlardek koʻradigan, ularning muammosini oʻzimniki deb biladigan naqadar yuqori darajadagi insoniylikka ega bo‘lgan shaxsni ochib bergan. Aynan bu jihat asar oxirida yanada yaxshiroq anglashiladi. Sababi endi kitobxon yaxshi biladiki, bu inson “Drujba” mahallasiga uy, ichkilik yoxud yaxshi turmush kechirish uchun emas, oʻzining xalqi bilan ildizi bir boʻlgan boshqa bir turkiy xalq ahvolini oʻz koʻzi bilan koʻrish ishtiyoqida, qadimdan mavjud boʻlgan uchta mahobatli koʻlning birini koʻrish ilinjida kelganligi maʼlum boʻladi. Achinarlisi shuki, uning umidlari sarobga aylanadi: endi Koʻk koʻl oʻrnida “Qora koʻl” bor edi... Shu paytda u shunchalik dahshatga tushadiki, oʻzini yigʻidan to‘xtata olmaydi. Hatto uni olib kelgan shu yerda tugʻilib oʻsgan Yo‘lchiboy ham bu holdan ham hayratda, ham uyatda edi. Axir u hech ham u kabi qaygʻurmagan edi-ku! Shu bilan endi u “Koʻk dengiz”ni izlab yoʻlga chiqadi... Shukur Xolmirzayev hikoyani butkul nihoyalamaydi. Sababi Umrzoqqa oʻxshagan el yurt dardida yongan insonlarni so‘ndirib boʻlmaydi, ular hech qachon o‘z yoʻlidan voz kechmaydilar. Shukur Xolmirzayev hikoyalari ustida tadqiqot olib borgan adabiyotshunos olima Sh. Doniyorova bu haqida fikr yuritib, timsollar haqida quyidagilarni yozadi. “Umrzoq intilgan va ardoqlagan “Koʻk koʻl” aslida Orol dengizi boʻlib, uning fojeasi nafaqat Orolboʻyi xalqlari, balki oltoyliklarning ham fojeasidir. Koʻk dengiz - Umrzoq nazarida, mustaqillik mavjud boʻlgan oʻlka, baliqlar esa mustaqillikni orzu qilgan oʻlkaning odamlari”[1,14]. Xulosa qilganda, Shukur Xolmirzayev oʻzbek adabiyotida o‘z yo‘lini topa olgan, o‘z uslubini shakllantira olgan yorqin namoyondalardan biri hisoblanadi. Bugun kitobxon uning asarlarini oʻqiganda bemalol boshqalaridan tili ravonligi, xalqchilligi, teran fikrlari bilan farqlay oladi. Uning „Ko‘k dengiz“ hikoyasi mavzusining qamrovi jihatdan yuqori ahamiyatga ega. Maqolada aynan undagi til va millat masalasiga urg‘u berilgan.Davlatning kelajagida, uning gullab yashnab, jahonda o‘zining mustahkam o‘ringa ega bo‘lishida millatning birlashishi va ona tilida muloqot qilinishiga e’tibor berilishi va asosiy til sifatida hurmat qilinishi muhim ahamiyat kasb etadi. Foydalanilgan adabiyotlar 1. Doniyorova Sh. Shukur Xolmirzayev hikoyalarining badiiy uslubiy o‘ziga xosligi: Filol. fanlari nomzodi…diss. avtoref. – Toshkent,2000 2. Xolmirzayev Sh. Tanlangan asarlar: Hikoyalar. – T.: Sharq, 2020 3. Hamidova M. “Shukur Xolmirzayev nasrida inson va tabiat tasviri”.Maqola. “ Yangi O‘zbekistonda Ozbek Adabiy Tilining rivojlanish tendensiyalari: muammolar, yechimlar, tavsiyalar” mavzusida Respublika ilmiy amaliy anjumani, 2024. -102 b. 4. Xolmirzayev Sh. O‘zbek xarakteri: hikoyalar. – T.: Ziyo nashr, 2023. -240 b.