ABU HANIFA RAHMATULLOHI ALAYH HAYOTI VA IJODI
Abstract
Mazkur maqolada Islom olamining buyuk allomalaridan biri — Imom A'zam Abu Hanifa No'mon ibn Sobit rahmatullohi alayhning hayoti, ilmiy merosi va fiqhiy faoliyati yoritilgan. Unda Abu Hanifaning tugʻilishi, nasl-nasabi, ilmga kirib kelish tarixi, ta'lim olgan ustozlari va u zot haqida ulamolarning fikrlari haqida ma'lumotlar berilgan. Maqolada shuningdek, u kishining “Fiqhul Akbar” asarining ahamiyati, aqoid va fiqh ilmidagi o‘rni, shogirdlari — Abu Yusuf va Muhammad Shayboniy kabi buyuk ulamolarning ilmiy faoliyatiga ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqot Imom A'zamning ilm, taqvo va ixlosga asoslangan hayoti, musulmon ummatiga qoldirgan ma'naviy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradi.
Full text
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 489 ABU HANIFA RAHMATULLOHI ALAYH HAYOTI VA IJODI Zokirov Izzatulloh Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 4-bosqich talabasi. [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.17617069 Annotatsiya. Mazkur maqolada Islom olamining buyuk allomalaridan biri — Imom Aʼzam Abu Hanifa Noʼmon ibn Sobit rahmatullohi alayhning hayoti, ilmiy merosi va fiqhiy faoliyati yoritilgan. Unda Abu Hanifaning tugʻilishi, nasl-nasabi, ilmga kirib kelish tarixi, taʼlim olgan ustozlari va u zot haqida ulamolarning fikrlari haqida maʼlumotlar berilgan. Maqolada shuningdek, u kishining “Fiqhul Akbar” asarining ahamiyati, aqoid va fiqh ilmidagi o‘rni, shogirdlari — Abu Yusuf va Muhammad Shayboniy kabi buyuk ulamolarning ilmiy faoliyatiga ta’siri tahlil qilinadi. Tadqiqot Imom Aʼzamning ilm, taqvo va ixlosga asoslangan hayoti, musulmon ummatiga qoldirgan maʼnaviy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradi. Kalit so‘zlar: Imom Aʼzam, Abu Hanifa, fiqh, aqoid, hanafiylik, ilmiy meros, tobe’in, Fiqhul Akbar. Islom dini – insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi, adolat, tinchlik va mehr-oqibatni targ‘ib etuvchi buyuk din. Islom tarixida Qur’on va hadis ilmlarini chuqur o‘rganib, ularni sharhlagan va musulmonlarga amaliy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan buyuk allomalar o‘tgan. Ular orasida to‘rtta mashhur fiqhiy mazhab asoschilari alohida o‘rin tutadi. Ulardan biri – Imom A’zam Abu Hanifa Nu’mon ibn Sobit rahmatullohi alayhdir. Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit ibn Zutiy Kufada shahrida hijriy 80‑sanada tavallud topdilar. U kishi fiqhiy mazhablar boshliqlari ichida eng avval tug‘ilganidirlar. Abu Hanifa rahmatullohi alayhning otalari Sobit ibn Zutiy asli fors bo‘lgan. Bobolari esa asli “Kobul” shahridan bo‘lgan. Otalari Termiz, Nasa va Anbor shaharlarida yashab, oxiri Kufada qaror topgan hamda Abu Hanifa rahmatullohi alayh ayni shu shaharda dunyoga kelganlar. Abu Hanifa rahmatullohi alayhning otalari Ali roziyallohu anhu bilan uchrashgan va oʻziga hamda zurriyotiga baraka tilab, u kishining duolarini olgan edi. Ko‘pchilik tarixchilar Imomi A’zam rahmatullohi alayhni tobe‘inlardan keyingi avlod musulmonlaridan, deyishadi. Ammo ba‘zilar u kishining tobe‘in boʻlganlarini, sahobalardan Anas ibn Molik roziyallohu anhuni koʻrib, u kishidan «Talabi ilm har bir musulmonga farz‑dir», hadisini rivoyat qilganlarini ta’kidlaydilar. Shuningdek, Abu Hanifa rahmatullohi alayh Abdulloh ibn Abu Avfo, Vosila ibn al-Aska, Omir ibn Vosila roziyallohu anhum kabi sahobalar bilan ham ko‘rishganlar. Ammo ularning suhbatlarida bo‘lmaganlar. Sahobani ko‘rgan shaxs tobe’in bo‘ladi, degan ulamolar «Abu Hanifa rahmatullohi alayh tobe’in bo’lgan», deydilar. Sahobani ko‘rsa-yu, suhbatini topmasa, tobe’in bo’lmaydi, deydigan ulamolar «Abu Hanifa rahmatullohi alayh tobe’in bo’lmagan», deydilar. Abu Hanifa rahmatullohi alayh o’sha vaqtdagi katta shahar bo’lgan Kufada o’sdilar. Kichikliklarida qiroat ustozlarining boshlig’i imom Osim ibn Abu Najuddan Qur’oni Karimni yod oldilar. Yoshliklaridan tahsili ilm qildilar, bir vaqtning o‘zida kasb ham qilar edilar.
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 490 Ilm majlislardan ko‘ra bozorda ko‘p bo‘lar, ipak sotar edilar. Ko‘pchilik u kishidagi aqlzakovat va o‘tkir zehn tufayli ilmga qattiq kirishishi lozimligini ta’kidlashardi. Oxiri bu fikr Abu Hanifaning o‘zlariga etkazildi. Ibn Hajar al-Makki shunday yozadi: «Abu Hanifa aytdiki: “Bir kuni imom Shabiyning oldidan o’tib qoldim. U o’tirgan ekan. U meni oldiga chaqirib: “Kimga aralashasan?” dedi. “Bozorga aralashaman”, dedim. “Bozorni aytayotganim yo‘q. Ulamolarga aralashishni aytyapman”, dedi. “Men ularga oz aralashaman”, dedim. “Unday qilma! Ilmga nazar sol! Ulamolar majlisiga bor! Men sеnda sergaklik va harakatni ko’ryapman”, dedi. Uning gapi menga ta’sir qildi. Bozorga borishni tark qilib, ilm olishni boshladim. Uning so’zi ila Alloh menga manfaat berdi.”» Manbaalarda imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh “Abu Hanifa” yaʼni "Hanifani otasi" kunyasi bilan mashhur bo‘lgani zikr etiladi. U zot o‘z davrining eng taqvodor, zohid va ibodatga berilgan kishilaridan biri bo‘lganligi uchun shunday deb kunyalangan. Ba’zi rivoyatlarda aytilishicha, unga bu kunyani Iroq lahchasida “Hanifa” deb nomlangan siyohdon sababli berilgan. Imom doimo shu siyohdonni o‘zi bilan olib yurardi. Shu bois u “Abu Hanifa” deb atalgan. Boshqa manbalarda “Hanifa” so‘zi “millati hanifiyya”, ya’ni "Ibrohim alayhissalomning to‘g‘ri yo‘li" dan olingani qayd etiladi. Bu esa Imom Abu Hanifaning e’tiqodiy poklik va to‘g‘rilikda hanafiylik yo‘lini davom ettirganini anglatadi. Yana bir rivoyatda, uning “Hanifa” ismli qizi bo‘lgani sababli “Abu Hanifa” deb atalgan, degan fikr keltiriladi. Ammo bu rivoyat ishonchli manbalarda tasdiqlanmagan, chunki Imom Abu Hanifaning Hammod ismli oʻgʻlidan boshqa farzandi boʻlmagan. Dastlab u kishi aqoid ilmini oʻrgandilar. Kalom ilimida dong taratdilar. Abu Hanifa rahmatullohi alayhning "Fiqhul Akbar" asari aqoid ilmiga bagʻishlangan dastlabki asar hisoblanadi. Аsarda qisqa va loʼnda tarzda aqli raso boʼlgan musulmon qanday eʼtiqod qilishining xulosasi bayon etilgan. Bu matn sahobalar asriga eng yaqin davrda yozilgani uchun ham aqliy dalillarga kirishilmagan. Chunki bunga ortiqcha ehtiyoj boʼlmagan. Fiqhul akbar asariga turli asrlarda oʼttizdan ortiq sharhlar va hoshiyalar yozilgan. Yahyo ibn Shaybondan qilingan rivoyatda Abu Hanifa rahmatullohi alayh quyidagilarni aytganlar: «Men kalomda tortishish qobiliyati berilgan odam edim. Bir muddat unga aralashib yurdim, talashdim, tortishdim. Xusumat va mujodala sohiblarining koʻplari Basrada edi. Bas, Basraga yigirma martadan ortiqroq bordim. Bir yil, undan koʻp yoki ozroq turdim. Xavorijlarning Aboziya, Sufriya degan tоifalari va boshqalar bilan nizolashdim. Usha paytda kalomni ilmlarning afzali deb bilar edim. Bu kalom dinning aslidir, der edim. Unda bir muddat umrim oʻtganidan keyin oʻzimni oʻzim tergadim. Tadabbur qildim.»
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 491 Аbu Hanifa rahmatullohi alayhining tobeʼinlardan ilm olgani haqida hech qanday shubha yoʼq. U kishi quyidagi zotlardan ilm olganlar: 1. Imom Shaʼbiy. Аsarga koʼp etibor bergan zot edi. 2. Ikrima roziyallohu anhu. U kishi Ibn Аbbos roziyallohu anhuning shogirdi edi. 3. Nofeʼ roziyallohu anhu. U kishi Ibn Umar roziyallohu anhuning shogirdi edi. 4. Аto ibn Аbu Raboh roziyallohu anhu. Ibn Аbbosning ilmi oʼsha kishida edi. Аbu Hanifa rahmatullohi alayhi u kishi bilan Makkada uchrashgan va ilm olib, munoqashalar qilgan. Keyinchalik Аbu Hanifa rahmatullohi alayhi fiqhga rujuʼ qoʼydilar. O’sha vaqtning katta mashoyixlaridan dars oldilar. Bu haqida oʼzlari quyidagilarni aytadilar: “Men ilm va fiqhning konida edim. Uning ahli ila majlis qurdim. Ularning fuqoholaridan bir faqihni lozim tutdim”. Oʻsha faqih, avval aytib oʼtilganidek, Hammod ibn Sulaymon edi. Imomi Аʼzam u kishidan fiqhni to’la egalladilar. Ustozlari vafot etguncha birga bo’ldilar. Imom Аʼzam rahmatullohi alayhi oʼn sakkiz yil davomida Hammod ibn Sulaymondan fiqh ilmini oʼrgandilar. “Tarixi Bagʼdod” kitobida imom Zufardan Аbu Hanifa rahmatullohi alayhining Hammod haqidagi quyidagi xotiralari rivoyat qilinadi: “Oʼn yil uning suhbatida boʼlganimdan keyin nafsim riyosatni tilab qoldi. Undan ajrab, oʼzim uchun alohida halqa qurmoqchi boʼldim. Oʼsha ishni qilish maqsadida bir kuni kechqurun masjidga chiqdim. Masjidga kirib, unga koʼzim tushganida, undan ajrashni koʼnglim koʼtarmadi. Borib, oldiga oʼtirdim. Oʼsha kuni Basrada uning qarindoshi vafot etgani haqida xabar keldi. Oʼsha kishining undan boshqa merosxoʼri yoʼq ekan. Menga oʼzining oʼrniga oʼtirishimni amr qildi. Men savollarga bergan javoblarimni yozib bordim. U qaytib kelganida masalalarni koʼrsatdim. Ularning soni oltmishta edi. U qirqtasini toʼgʼri, yigirmatasini notoʼgʼri dedi. Shunda oʼlgunicha undan ayrilmaslikka qasam ichdim va oʼlgunicha undan ayrilmadim.” Shu bilan birga, Аbu Hanifa rahmatullohi alayhi boshqa ustozlardan ham dars olar edilar. U kishi juda koʼp haj qilar, Makka va Madinada koʼplab ulamolar bilan ilm majlislari qurar edilar. Tobeʼinlardan koʼplab hadislar rivoyat qilar va fiqh muzokarasi olib borar edilar. Abu Hanifa rahmatullohi alayh Zayd ibn Ali ibn Husayn, Jaʼfar Sodiq, Abdulloh ibn Hasan Nafsuzzakiya va boshqa ulugʻ kishilardan ham ilm olgan. Imom Abu Jaʼfar Tahoviyning "Sharhi Maonil osor" kitobida Abu Hanifa rahmatullohi alayhning 4000 atrofida ustozi boʻlgan deb ham keladi. Аbu Hanifa rahmatullohi alayhining shogirdlari juda ham ko’p bo’lganidan, ularni nomma-nom zikr qilib oʼtishning oʼzi mushkul ish. Shuning uchun Аbu Hanifa rahmatullohi alayhining eng mashhur shogirdlaridan baʼzilarini esga olamiz. 1. Yaʼqub ibn Ibrohim ibn Habib Аnsoriy. U kishi Аbu Yusuf kunyasi bilan mashhurdirlar. Аbu Yusuf Аbu Hanifa rahmatullohi alayhidan keyin oʼttiz ikki yil oʼtib, vafot etganlar. 2. Muhammad ibn Hasan Shayboniy rahmatullohi alayh. Hijriy 132-sanada tug’ilib, hijriy 189-sanada vafot etgan. Muhammad ibn Hasan Shayboniy rahmatullohi alayhiga Аbu Hanifa rahmatullohi alayhidan uzoq vaqt dars olish nasib qilmagan. Аmmo u kishi tahsili ilmni Аbu Yusuf rahmatullohi alayhining huzurlarida davom ettirgan.
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 492 Bulardan boshqa yana ko’plab shogirtlari bo’lgan. Imom Aʼzam Abu Hanifa rahmatullohi alayh umrlarining so‘nggi yillarini ham ibodat, ilm va taʼlim bilan o‘tkazdilar. U zot kechayu kunduz Qurʼon o‘qish, hadislarni o‘rganish va talabalariga fiqh darslarini o‘tish bilan mashg‘ul edilar. Imom Aʼzamning taqvosi va bandalikdagi sobitligi hayotlarining oxirigacha davom etdi. U zot namozni doim jamoat bilan ado etar, ko‘p ro‘za tutar, tunda tahajjud namozini qoldirmas edilar. Rivoyatlarda kelishicha, u zot 40 yil davomida bomdod namozini xuftonning tahoratida o‘qiganlar. Hayotlarining oxirlarida ham Alloh taolodan doim mag‘firat so‘rab, “Allohim, ilmni menga foydali qil va meni rahmatingdan ayirma”, deb duo qilganlar. Imom Aʼzam 150-hijriy yilda (milodiy 767 y.) Bag‘dod shahrida vafot etdilar. U zotning qabrlari bugungi kunda ham u yerda bo‘lib, musulmonlar ziyorat qiladilar. U zotning hayotining so‘nggi yillari ham sabr, taqvo va ilm bilan bezatilgan edi. Alloh taolo Imom Aʼzam Abu Hanifa rahmatullohi alayhni o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin, bizni ham u zotning ilm va taqvo yo‘lidan yuruvchi bandalaridan qilsin. Foydalanilgan manbaalar ro’yxati: 1. Zakariyo al-Kandahlaviy. "Avjaz almasolik" 1-jild, 176-bet. "Dar alqolam" nashriyoti. Damashq. 2. Imom Fariduddin ibn al-Uʼla "Fatavoyi Tatarxoniyya" 1-jild, 40-bet." Murod obod" nashriyoti. Hindiston. 3. Abu Bakr Ahmad ibn Ali al-Xatib al-Bag‘dodiy. "Tarixi Bagʻdod" 13-jild. "Bayrut" nashriyoti. 4. Imom Jaʼfar Tahoviy. "Sharhi Maonil osor". 5. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. "Kifoya" 1-juz. "Hilol nashr" nashriyoti. 6. Abdulqodir Abdur Rahim. "Eʼtiqod durdonalari". "Hilol nashr" nashriyoti.