FRANSUZ TILIDAGI SIYOSIY MATNLARNI O'ZBEK TILIGA TARJIMA QILISHNING O'ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Abstract
FRANSUZ TILIDAGI SIYOSIY MATNLARNI O'ZBEK TILIGA TARJIMA QILISHNING O'ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Full text
87 FRANSUZ TILIDAGI SIYOSIY MATNLARNI O‘ZBEK TILIGA TARJIMA QILISHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI Yunusova S.A. O‘zDJTU, Tarjimonlik fakulteti Roman-german tillari tarjimashunosligi kafedrasi dotsenti Ozodova D.P. O‘zDJTU, Tarjimonlik fakulteti, TFRA 2211-guruh talabasi Annotatsiya: Mazkur maqolada fransuz tilidagi siyosiy matnlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish jarayonining lingvistik, uslubiy va madaniy xususiyatlari tahlil qilingan. Asosiy e’tibor siyosiy nutqlarning mazmuniy va pragmatik jihatlariga, ularning tarjimasida uchraydigan sintaktik, semantik hamda madaniy muammolarga qaratilgan bo‘lib, unda siyosiy matnlarni tarjima qilishda lingvistik bilim bilan bir qatorda madaniyatlararo kompetensiya, siyosiy kontekstni chuqur anglash va stilistik uyg‘unlikni saqlash tarjimon faoliyatining ajralmas qismi ekanligi batafsil yoritib, asoslab berilgan. Kalit so‘zlar: siyosiy diskurs, ekvivalentlik, semantik adaptatsiya, madaniy moslashtirish. Hozirgi globallashgan davrda siyosiy va madaniy hamkorlikning keng ko‘lamda yanada ommalashuvi tarjima faoliyatiga, ayniqsa siyosiy matnlarni tarjima qilishga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Zamonaviy diplomatiya, xalqaro tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va matbuot ko‘p tillarda siyosiy nutqni shakllantirmoqda. Shunday qilib, tarjimon tilshunoslik sohalarini mukammal egallashi bilan birga, siyosiy matnlarning mafkuraviy, madaniy va kommunikativ ma’nolarini ham tushunishi kerak. Bugungi kunda fransuz tili nafaqat Yevropa Ittifoqining asosiy ishchi tili sifatida, balki xalqaro diplomatiya, siyosiy aloqalar va huquqiy hujjatlar tili sifatida Afrika, Kanada, Osiyo va ko‘plab boshqa mintaqalarda ham muhim o‘rin tutmoqda. Fransuz siyosiy diskursi o‘ziga xos ritorik uslub, metaforik ifodalar va yuqori darajadagi lingvistik murakkabliklar bilan ajralib turadi. Ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish esa tubdan farqli ikki siyosiy tushunchalarni so‘zma-so‘z qayta ifodalashdan ko‘ra ko‘proq tushunchani anglatadi: bu siyosat, madaniyat va dunyoqarashlar haqida ikki xil nuqtai nazarni qamrab oluvchi juda murakkab jarayondir. Siyosiy matnlarning o‘ziga xosligi shundaki, ular faqat ma’lumot uzatibgina qolmay, balki ko‘proq pragmatik va ishontiruvchi, auditoriyani rag‘batlantiruvchi va shu kabi ko‘plab xususiyatlarni ham ifodalaydi. Shunday qilib, tarjimon sifatida, matnning yuzasini emas, balki matnning semantik, kommunikativ maqsadlarini va uning asosida rivojlanadigan nutq strategiyalarini ham o‘ylash talab etiladi. Fransuz siyosiy kommunikatsiyasida tarjima amalga oshirilayotganda tez-tez
88 uchraydigan ramziy tasvirlar, metaforalar, tarixiy yoki diniy havolalar va milliy qadriyatlarning mukammal tarjima qilinishini ta’minlash juda muhimdir. Fransuz siyosiy diskursi o‘ziga xos murakkab grammatik tuzilishi, rasmiy va sintaktik uslubi bilan boshqalardan ajralib turadi. Fransuz siyosiy diskursning asosiy maqsadi tinglovchini o‘ziga jalb qilish, ishontirish va ma’lum bir siyosiy g‘oyani rag‘batlantirishdir. Shu sabab, ushbu diskurs o‘zida strategik ravishda lingvistik vositalarga tayanadi. Quyida biz tarjima jarayonidagi tarjimon duch keladigan ba’zi holatlarga to‘xtalib o‘tamiz. Fransuz siyosiy diskursida murakkab sintaktik konstruktsiyalar, yordamchi fe’llar ishtirokidagi tuzilmalar hamda passiv shakllarning qo‘llanilishi keng tarqalgan hodisadir. Bunday sintaktik murakkablik siyosiy nutqqa rasmiylik, jiddiylik va diplomatik ohang bag‘ishlaydi. Shu tariqa, sintaktik sathdagi bu xususiyatlar fransuz siyosiy tilining funksional-uslubiy o‘ziga xosligini shakllantiruvchi muhim omillardan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan: “Il est de notre devoir de garantir la sécurité et la stabilité de notre nation.” (“Millatimizning xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash – bizning burchimizdir”). “ Il est de notre devoir de... ” iborasi burch yuklangan rasmiy nutq shaklining yaqqol namunasidir. Fransuz tilidagi “ Il est de notre devoir ” konstruktsiyasi ma’nan mas’uliyat va majburiyat ifodasini o‘z ichiga oladi. O‘zbek tilida bu ifoda “ biz olgan muhim mas’uliyat ” kabi semantik moslashtirish orqali tarjima qilinmoqda. Bunday semantik moslashuv natijasida iboraning mazmuniy yuklamasi saqlanadi, biroq ifoda shakli o‘zbek tilining milliyuslubiy me’yorlariga mos tarzda qayta talqin qilinadi. Shu tariqa, tarjima jarayonida ekvivalentlik faqat grammatik darajada emas, balki pragmatik va stilistik sathda ham ta’minlanadi. Nominalizatsiya – ya’ni fe’l shaklini ot shakliga aylantirish hodisasi – fransuz siyosiy diskursining eng xarakterli sintaktik xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Bunday til birligi siyosiy matnlarda fikrni bevosita harakat orqali emas, balki abstrakt tushuncha orqali ifodalash imkonini beradi. Natijada nutq rasmiy, institutsional va obyektiv tus oladi. Masalan, “ La protection des droits fondamentaux demeure notre priorité” (“Asosiy huquqlarni himoya qilish bizning ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi”) jumlasida “protection” leksemasi dastlab fe’l (protéger)dan hosil bo‘lgan ot shaklidir. Bu shakl subyektiv harakatdan ko‘ra, statik va tizimli jarayonni ifodalab, matnga rasmiylik va davlat institutlariga xos uslubiy barqarorlik bag‘ishlaydi. Shu tariqa, nominalizatsiya fransuz siyosiy nutqining rasmiylik, obyektivlik va legitimlik kabi asosiy pragmatik parametrlarini shakllantiruvchi muhim vosita sifatida namoyon bo‘ladi.
89 Siyosiy matnlarda so‘z tanlovi muhim stilistik va pragmatik ahamiyat kasb etadi. Xususan, fransuz siyosiy diskursida evfemizmlar, metonimiyalar hamda neytral leksik birliklar keng qo‘llanadi. Bunday birliklar siyosiy jihatdan nozik, bahsli yoki ijtimoiy rezonans keltiruvchi masalalarni diplomatik, yumshoq va muvozanatli ohangda ifodalash imkonini beradi. Masalan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri “intervention militaire” (“harbiy aralashuv”) iborasi o‘rniga “action de maintien de la paix” (“tinchlikni saqlash harakati”) shaklidagi evfemistik ifoda qo‘llaniladi. Shuningdek, “augmentation des impôts” (“soliqlarning oshirilishi”) o‘rniga “réajustement fiscal” (“moliya siyosatini qayta ko‘rib chiqish”) kabi neytralroq terminlar ishlatiladi. Bu kabi leksik o‘zgarishlar ohangni yumshatish, siyosiy bayonotlarga nisbatan jamoatchilikning salbiy reaksiyasini kamaytirish hamda diplomatik nutq uslubini saqlab qolishga xizmat qiladi. O‘zbek tiliga tarjima jarayonida esa bu hodisani faqat semantik darajada emas, balki pragmatik va uslubiy darajada ekvivalentlashtirish zarur. Masalan, “réajustement fiscal” birikmasini oddiy “soliqlarni qayta ko‘rib chiqish” deb tarjima qilishdan ko‘ra, “soliq siyosatini qayta ko‘rib chiqish” tarzida ifodalash maqsadga muvofiqdir. Bu yondashuv nafaqat ma’no jihatidan mos, balki matnning rasmiydiplomatik ohangini saqlashga ham xizmat qiladi. Shunday qilib, evfemizmlar va sinonimik almashtirishlar fransuz siyosiy diskursining strategik leksik vositalari sifatida namoyon bo‘lib, siyosiy xabarni ijtimoiy jihatdan maqbul, diplomatik va institutsional shaklda yetkazish imkonini beradi. Fransuz siyosiy nutqining ta’sirchanligi va estetik jozibasi ko‘p jihatdan unda qo‘llaniladigan ritorik va stilistik vositalar bilan belgilanadi. Siyosiy diskursda anafora, parallelizm, takrorlash, metafora, antiteza kabi stilistik uslublar keng qo‘llanadi. Ushbu vositalar nafaqat nutqning badiiyligini oshiradi, balki auditoriyaga psixologik va emotsional ta’sir ko‘rsatish, siyosiy g‘oyani mustahkamlash hamda milliy birlik va mafkuraviy sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish vazifasini ham bajaradi. Masalan, “Liberté, Égalité, Fraternité” (“Ozodlik, Tenglik, Birodarlik”) shiori Fransiya Respublikasining ramziy g‘oyaviy formulasi sifatida siyosiy nutqlarda teztez uchraydi. Ushbu uchlik shaklidagi struktura nutqqa ritmik muvozanat, estetik uyg‘unlik va ideologik qat’iyat bag‘ishlaydi. Shiorning takroriy talaffuzi milliy birdamlik, fuqarolik fazilati va tarixiy merosga sadoqatni ifodalovchi kulturosemantik ramz sifatida namoyon bo‘ladi. Shu bois, bunday shiorlar oddiy so‘zma-so‘z tarjima qilinmasdan, ularning madaniy va ideologik konnotatsiyasi saqlangan holda izohli tarzda talqin qilinishi maqsadga muvofiqdir. Xuddi shuningdek, siyosiy ritorikada takrorlash (répétition) vositasi ham kuchli emotsional ta’sir uyg‘otadi. Masalan, “Nous ne céderons jamais à la peur, nous ne céderons jamais à la haine” (“Biz hech qachon qo‘rquvga taslim bo‘lmaymiz,
90 nafratga taslim bo‘lmaymiz”) kabi bayonotlarda anafora va parallel sintaktik qurilish birgalikda ishlatilib, nutqqa ruhiy jo‘shqinlik va qat’iylik ohangi beradi. Bu takrorlash orqali siyosiy yetakchi o‘z pozitsiyasining barqarorligini ta’kidlaydi va auditoriyada ruhiy birdamlik va ishonch hissini uyg‘otadi. O‘zbek tiliga tarjimada ham ushbu takroriy ritmik tuzilma saqlanib qolsa, siyosiy his-tuyg‘u va emotsional ta’sir darajasi tabiiy tarzda uzatiladi. Shu bois, “Biz qo‘rquvga taslim bo‘lmaymiz, nafratga taslim bo‘lmaymiz” shaklidagi tarjima siyosiy ritorikaning ruhini to‘liq aks ettiradi. Shunday qilib, fransuz siyosiy nutqidagi ritorik vositalar – bu nafaqat estetik bezak unsurlari, balki ta’sir strategiyasining markaziy komponentlari bo‘lib, ular orqali siyosiy yetakchilar milliy g‘oya, birlik va ishonchni nutqiy darajada mustahkamlashga erishadilar. Fransuz siyosiy diskursi o‘zining terminologik boyligi va sohaga oid leksik qatlamining kengligi bilan ajralib turadi. Siyosiy matnlarda xalqaro huquq, iqtisodiyot, diplomatiya, ijtimoiy siyosat va boshqaruvga oid terminlarning faol qo‘llanilishi nutqqa institutsional va rasmiy tus beradi. Masalan, souveraineté nationale (“milliy suverenitet”), coopération bilatérale (“ikki tomonlama hamkorlik”), neutralité diplomatique (“diplomatik neytrallik”) kabi atamalar siyosiy tildagi yuqori darajadagi rasmiylik va xalqaro standartlarga mos konseptual birliklarni ifodalaydi. Bunday terminlarni o‘zbek tiliga tarjima qilishda semantik moslik va kontekstual ekvivalentlik mezonlariga qat’iy rioya etish zarur. Ya’ni tarjima nafaqat so‘z darajasida, balki mazmun, siyosiy konnotatsiya va institutsional ma’no jihatidan ham to‘liq muvofiqlikni ta’minlashi kerak. Shu bilan birga, fransuz siyosiy tizimiga xos ayrim tushunchalar – masalan, laïcité (“dunyoviylik”) yoki République sociale (“ijtimoiy respublika”) – o‘zbek siyosiy diskursida to‘liq ekvivalentga ega emas. Bunday hollarda tarjimon izohli tarjima, semantik moslashuv yoki madaniy ekvivalent yaratish strategiyalaridan foydalanishi lozim. Masalan, “laïcité” atamasi shunchaki “dunyoviylik” deb emas, balki “diniy va davlat tizimlarining qat’iy ajratilishi tamoyiliga asoslangan dunyoviylik” tarzida izohlanishi maqsadga muvofiqdir. Shunday qilib, fransuz siyosiy jargonining o‘zbek tiliga tarjimasi lingvokulturologik tafovutlarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi zarur. Bu jarayon nafaqat til sathidagi muvofiqlikni, balki siyosiy, madaniy va institutsional kontekstlarning funksional ekvivalentligini ham ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi kerak. Fransuz siyosiy matnlarining asosiy xususiyatlaridan biri – hissiy neytrallikdir. Bunday matnlarda hissiy ohangning mavjudligi ma’qullanmaydi; shuningdek, ular ishontiruvchi bo‘lishi lozim. Shu nuqtai nazardan, fransuz siyosiy nutqlari rhetorique d’équilibre – ya’ni muvozanatli ritorika uslubidan foydalangan holda shakllantiriladi.
91 Masalan: “Nous devons agir avec responsabilité et discernement.” (“Biz mas’uliyat va farosat bilan harakat qilishimiz kerak.”) Ushbu jumla hissiyotga boy bo‘lmagan, ammo hokimiyat, xotirjamlik va mas’uliyatni ifodalovchi ohangga ega. Tarjimada bu ohangni saqlash siyosiy nutqning ma’nosini to‘g‘ri yetkazish va uning diplomatik xarakterini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Fransuz siyosiy matnlari yuqori darajada yozilgan bo‘lib, ular sintaktik jihatdan murakkab, leksik jihatdan nozik, turli stilistik vositalar va kontekstlar orqali shakllantiriladi. Ularning ma’nolari ko‘pincha madaniy va ijtimoiy ahamiyatga ega. Shu bois, bu matnlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish uchun tarjimon tilni murakkab va sezgir tarzda ifodalash qobiliyatiga, shuningdek, diplomatik ohangni saqlashga ega bo‘lishi lozim. Shuningdek, siyosiy nutq so‘zlar majmuasidan ko‘proq narsani ifodalaydi: u xalqning qadriyatlari va falsafasini, millat, davlat va madaniyat identifikatsiyasini ifodalovchi kommunikatsiya vositasi hisoblanadi. Shu sababli, fransuz siyosiy nutqini tarjima qilish jarayoni ko‘p darajali, strategik va chuqur analizga asoslangan bo‘lishi zarur. Shunday qilib, ta’kidlash lozimki, fransuz siyosiy matnlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish jarayonida tarjimon turli metodologik usullardan foydalanadi. Bu usullar siyosiy diskursning mazmuniy aniqligi, pragmatik ta’siri va uslubiy rasmiyligini saqlab qolishga xizmat qiladi. Ularni quyidagicha tasniflashimiz mumkin : Birinchidan, yetarli tarjima texnikasi qo‘llaniladi. Ya’ni tarjima sifati manba matnining semantik (ma’no) va pragmatik (ta’sir) jihatlari bilan to‘liq mos kelishi lozim. Tarjimon nafaqat so‘z darajasida, balki siyosiy bayonotning kommunikativ maqsadini ham hisobga olishi kerak. Ikkinchidan, kontekstual tahlil muhim o‘rin tutadi. Atama, metafora yoki evfemizmning haqiqiy ma’nosi ko‘pincha matnning umumiy ohangi, siyosiy konteksti va nutqning adresatiga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun har bir leksik birlik o‘zining diskursiv funksiyasi doirasida tahlil qilinadi. Uchinchidan, madaniy moslashuv (adaptatsiya) prinsipi muhim ahamiyatga ega. Fransuz siyosiy nutqidagi ba’zi tushunchalar o‘zbek tilidagi madaniy kontekstda to‘liq ekvivalentga ega bo‘lmasligi mumkin. Shu bois tarjimon o‘zbek auditoriyasi uchun ma’noni tushunarli, madaniy jihatdan dolzarb va siyosiy konnotatsiyasi saqlangan shaklda ifodalashga intiladi. Tarjima jarayoni, shunday qilib, pragmatik yondashuv asosida amalga oshiriladi – ya’ni siyosiy “zarbani” (ta’sir kuchini) saqlab qolish uchun tarjima so‘zma-so‘z emas, balki maqsadga yo‘naltirilgan kommunikativ tarzda bajariladi.
92 Bunda tarjimon faqat lingvistik vositachi emas, balki madaniyatlararo muloqotni ta’minlovchi vositachi sifatida ham faoliyat yuritadi. Har bir siyosiy diskursni tarjima qilishda u nafaqat manba matnning ohangi, maqsadi va g‘oyaviy yo‘nalishini, balki uning ijtimoiy-siyosiy kontekstini ham chuqur o‘rganadi. Natijada o‘zbek tilida aniq, rasmiy va uslubiy jihatdan uyg‘un siyosiy diskurs shakllantiriladi. Umuman olganda, fransuz tilidan o‘zbek tiliga siyosiy diskurslarni tarjima qilish jarayonida tarjimon quyidagi lingvistik va pragmatik tamoyillarga tayanadi: ✓ Semantik ekvivalentlik tamoyili – tarjima asosan manba matnning mazmunini to‘liq va aniq ifodalashga yo‘naltiriladi. Har bir siyosiy bayonotdagi so‘z, ibora va termin o‘zbek tilidagi ma’nodosh birlik bilan semantik jihatdan muvofiqlashtiriladi. ✓ Pragmatik moslik tamoyili – nutqning ta’sirchanlik darajasi, ritorik kuchi va siyosiy ohangi saqlanadi. Tarjimon matnni so‘zma-so‘z emas, balki uning kommunikativ maqsadi va ta’sir strategiyasiga mos ravishda talqin etadi. ✓ Stilistik moslashuv tamoyili – fransuz siyosiy nutqiga xos rasmiylik, diplomatik ohang va ritorik uslublar o‘zbek tilining siyosiy-rasmiy uslubi doirasida qayta shakllantiriladi. ✓ Madaniy ekvivalentlik tamoyili – manba nutqdagi madaniy, tarixiy yoki institutsional terminlar o‘zbek madaniy kontekstida tushunarli va dolzarb tarzda ifodalanadi. Zarur hollarda izohli tarjima yoki moslashtirish usullaridan foydalaniladi. ✓ Diskursiv yaxlitlik tamoyili – tarjima qilingan matnda siyosiy bayonotning umumiy mantiqiy tuzilishi, ohangi va ritorik uyg‘unligi saqlanadi. Nutq segmentlari o‘zaro bog‘liqlikda tahlil qilinadi va uzviy kontekstda ifodalanadi. ✓ Normativ-til me’yoriga rioya qilish tamoyili – o‘zbek tilining grammatik, leksik va uslubiy me’yorlariga qat’iy amal qilinadi, rasmiy-davlat nutqi standartlariga mos shakl tanlanadi. Shu tarzda, tarjimon fransuz siyosiy diskursini o‘zbek tiliga nafaqat lingvistik, balki pragmatik va madaniy jihatdan ham adekvat shaklda yetkazishga intiladi. Bu yondashuv siyosiy diskurs tarjimasini oddiy til almashtirish emas, balki madaniyatlararo kommunikatsiya jarayoni sifatida talqin etish imkonini beradi. Shunday qilib, siyosiy diskursni muvaffaqiyatli tarjima qilish jarayoni nafaqat tillar o‘rtasidagi lingvistik o‘zgarishni anglatadi, balki xalqaro siyosiy muloqotni to‘g‘ri ifodalash, madaniyatlararo tushunishni chuqurlashtirish hamda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishning muhim vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Tarjimon bu jarayonda nafaqat til bilimdoni, balki siyosiy diskursning mazmuniy va pragmatik qatlamlarini anglay oladigan madaniyatlararo vositachi sifatida faoliyat yuritadi. Shu tariqa, siyosiy diskurs tarjimasi ikki xalq o‘rtasidagi
93 diplomatik hamkorlik, o‘zaro ishonch va kommunikativ uyg‘unlikni mustahkamlovchi omilga aylanadi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 1. Baylon C., Fabre P. La communication et ses enjeux. – Paris: Armand Colin, 2003 2. Charaudeau P. Langage et discours politique. – Paris: Hachette 2005 3. Amossy R. L’argumentation dans le discours. – Paris: Nathan. 2000 4. Kerbrat-Orecchioni C. L’énonciation: De la subjectivité dans le langage. – Paris: Armand Colin. 1999 5. Le Bart C. La politique en paroles: Les discours des présidents de la République. – Paris: Presses de Sciences Po. 2013 6. G‘afurov U. Tarjima nazariyasi asoslari. – Toshkent: O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi. 2008 7. Jo‘rayev N. Tarjima san’ati va mahorati. – Toshkent: Fan nashriyoti. 2015 8. Qahhorova M. Til va madaniyat: tarjima jarayonida milliy xususiyatlar. – Toshkent: TDShI nashriyoti. 2019