scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

TIL, TARJIMA VA MADANIYATNING INTEGRALLASHUVI: SOHALARARO YONDASHUV

Nigina Abdushukurova, Dadamirzayeva Maloxat Valiyevna

Abstract

TIL, TARJIMA VA MADANIYATNING INTEGRALLASHUVI: SOHALARARO YONDASHUV

Full text

103 TIL, TARJIMA VA MADANIYATNING INTEGRALLASHUVI: SOHALARARO YONDASHUV Nigina Abdushukurova O‘zDJTU Tarjimonlik fakulteti talabasi Dadamirzayeva Maloxat Valiyevna Roman-german tillari tarjimashunosligi kafedrasi dotsenti E-mail: [email protected]; tel. +998998400714 Annotatsiya: Ushbu maqolada tarjima jarayonining uch asosiy komponenti - til, tarjima va madaniyatning o‘zaro bog‘liqligi ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, Yudjin Nayda, Syuzen Bassnett va Lorens Venuti kabi olimlarning tadqiqotlariga tayangan holda tarjimaga nafaqat lingvistik jarayon, balki madaniyatararo aloqa vositasi deb ham qaraladigan integrallashgan yondashuvning ahamiyatiga urg‘u beriladi. Maqsad - madaniy va ramziy kontekstlarni anglashning tarjima aniqligini va ma’nosini saqlab qolishdagi o‘rnini ko‘rsatishdir. Kalit so‘zlar: til, tarjima, madaniyat, ekvivalentlik, madainiyatlararo aloqalar, vosita. Abstract: This article examines the interrelationship of the three main components of the translation process - language, translation and culture. It also emphasizes the importance of an integrated approach, drawing on the research of scholars such as Eugene Naida, Susan Bassnett and Lawrence Venuti, which views translation not only as a linguistic process but also as a means of intercultural communication. The aim is to demonstrate the role of understanding cultural and symbolic contexts in preserving the accuracy and meaning of translation. Keywords: language, translation, culture, equivalence, intercultural communication, medium. Аннотация: В данной статье рассматривается взаимосвязь трёх основных компонентов процесса перевода: языка, перевода и культуры. Также подчёркивается важность комплексного подхода, основанного на исследованиях таких учёных, как Юджин Найда, Сьюзен Басснетт и Лоуренс Венути, которые рассматривают перевод не только как лингвистический процесс, но и как средство межкультурной коммуникации. Цель статьи — продемонстрировать роль понимания культурного и символического контекста в сохранении точности и смысла перевода. Ключевые слова: язык, перевод, культура, эквивалентность, межкультурная коммуникация, средство. Tarjima shunchaki tildan tilga o‘tish jarayoni emas: u turli xil madaniyatlar o‘rtasidagi aloqa vositasi vazifasini bajaradi. Har bir til unda so‘zlashuvchi jamiyatning 104 madaniyatini o‘zida aks ettiruvchi ma’lum bir dunyoqarashga, o‘ziga xos tushunchalar va qadriyatlar majmuasiga ega bo‘ladi. Bu holatda tarjima jarayoni ikki turli madaniyat ro‘para keladigan o‘zaro munosabat maydoniga aylanadi. Bundan kelib chiqadiki, til, tarjima va madaniyatning integrallashuvi nafaqat tarjima nazariyasi uchun, balki tarjimonning kundalik faoliyati uchun ham dolzarb masaladir. Til ko‘pincha “madaniyat ko‘zgusi” deya ta’riflanadi. Edvard Sapir (1921) tilning “nafaqat aloqa quroli, balki ijtimoiy voqelik vositasi” ekanligini ta’kidlab o‘tgan. Shuningdek, Sapir va Volf tomonidan ishlab chiqilgan lingvistik relyativizm nazariyasiga ko‘ra, bir tilning tuzilishi unda so‘zlashuvchilarning dunyoni qanday idrok qilishi va anglashiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu fikrdan shuni tushunish mumkin: biror-bir matnni tarjima qilish biror-bir madaniyatni ham tarjima qilish demakdir. So‘zlar predmetni yoki ish-harakatlarni anglatish bilan cheklanmaydi; ular ma’lum bir madaniyatni ham o‘zida aks ettiradi. Masalan, dan tilidagi hygge yoki zulu tilidagi ubuntu so‘zlarining o‘zbek tilidagi ayni ekvivalentlarini topish mushkul, chunki ular kelib chiqadigan madaniyatida chuqur o‘rnashgan tushunchalarni ifodalaydi. Shu sababli, ushbu nozik jihatlarni anglash diqqatini asl matnning mazmundorligini saqlashga qaratgan har bir tarjimon uchun katta ahamiyatga egadir. Tarjima jarayoni ikki bosqichdan iborat: asl matnni tushunish va uni maqsadli tilda qayta ifodalash. Yudjin Naydaga ko‘ra (1964), tarjima jarayonidan maqsad asl matnning dinamik ekvivalentini, ya’ni o‘quvchida asl matnni o‘qigan o‘quvchidagidek iz qoldira oladigan matnni ishlab chiqish bo‘lishi lozim. Ushbu yondashuv oddiy leksik muvofiqlikdan ko‘ra ko‘proq madaniy moslashtirishni taqozo etadi. Shu jihatdan tarjimon madaniy vositachi hisoblanadi. Lorens Venuti ta’kidlaganidek, tarjimon mahalliylashtirish (matnni qabul qiluvchi madaniyatga tushunarli qilib yetkazish) va xorijiylashtirish (asl matnning o‘zgachaligini saqlab qolish)dan birini tanlashi lozim. Bu dilemma tarjimaning hech qachon betaraf bo‘lmasligini ko‘rsatadi: bunda g‘oyaviy va madaniy qarorlar qabul qilish zarurati bor. Misol uchun, badiiy tarjimada maqollar, tarixiy ma’lumotlar va milliy ramzlar tarjimasi ko‘pincha qiyinchilik tug‘diradi. Bunda tarjimon asl matnga sodiqlik va tarjima qilingan matnning qulay o‘qilishi o‘rtasidagi muvozanatni saqlash uchun madaniy ekvivalentlik, muvofiqlashtirish, parafraza kabi strategiyalarga murojaat qilishi zarur. Tarjimaning asosiy qiyinchiliklaridan biri tarjima qilinmaydigan birliklar, ya’ni maqsadli tilda aniq ekvivalenti topilmaydigan lingvistik va madaniy voqeliklardir. Antuan Berman (1984) tarjima jarayonida asl matnga sodiqlik va uni moslashtirishga ehtiyoj o‘rtasida doim ziddiyat kelib chiqishini ta’kidlab o‘tgan. Bunday mushkul 105 vaziyatda tarjimon ijodkorligi va madaniy savodxonligini namoyon qila olishi lozim. Ushbu metodlarni ham qo‘llash mumkin: • o‘zlashtirish - biror-bir madaniyatda chuqur o‘rnashgan so‘zlarni aslidek saqlab qolish (misollar: kimono, manga); • moslashtirish - ma’lum bir ma’lumotga qabul qiluvchi madaniyatdan ekvivalent topish va almashtirish; • izoh berish - matnga o‘zgartirish kiritmagan holda o‘quvchiga ma’lumot berish. Zamonaviy globalizatsiya sharoitida madaniy xilma-xillik tarjimonning sivilizatsiyalar o‘rtasida ma’no yetkazib berish mas’uliyatini kuchaytirmoqda. Zamonaviy tarjimashunoslik lingvistika, antropologiya, semiotika va madaniyatshunoslikni birlashtiradigan sohalararo yondashuvni ilgari suradi. Syuzen Bassnett aytib o‘tganidek(2014), “tarjimani o‘zi oid bo‘lgan madaniyatni hisobga olmay tushunib bo‘lmaydi”. Tarjima ta’limi matnlarni ularning sotsial-madaniy kontekstidan kelib chiqib tahlil qila oladigan hamda xalqlar o‘rtasidagi mentalitet, qadriyatlar va ramziy ifodalardagi farqlarni aniqlay oladigan tarjimonlarni tayyorlashga qaratilmoqda. Bundan aytish mumkinki, tarjima jarayoni madaniyatlararo muloqot maydoni va xilma-xil madaniyatlar o‘rtasida hamjihatlik va hurmatni mustahkamlash vositasiga aylanib bormoqda. Til, tarjima va madaniyatning integrallashuvi ongli va mas’uliyatli tarjimonlik faoliyatiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Til bilan fikr shakllanadi, madaniyat esa bunga zamin yaratadi, tarjima esa bu ikki birlikning uyg‘unlashuvidir. Tarjimon oddiy lingvistik ekvivalentlik bilan cheklanib qolmay sivilizatsiyalar o‘rtasida chinakam vositachi rolini egallab bormoqda. Shuning uchun tarjimaning sifati nafaqat uning lingvistik jihatdan to‘g‘riligiga, balki asl matnning madaniy bo‘yoqdorligini yetkazib bera olganligi bilan baholanadi. La réussite d’une traduction dépend alors non seulement de sa justesse linguistique, mais aussi de sa capacité à transmettre la richesse culturelle du texte original. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 1. Bassnett S. (2014). Reflections on Translation. Bristol: Multilingual Matters. pp. 56, 104. 2. Berman A. (1984). L’épreuve de l’étranger : Culture et traduction dans l’Allemagne romantique. Paris: Gallimard. p. 75. 3. Nida E. A. (1964). Toward a Science of Translating: With Special Reference to Principles and Procedures Involved in Bible Translating. Leiden: Brill. pp. 159– 165. 4. Sapir E. (1921). Language: An Introduction to the Study of Speech. New York: Harcourt, Brace & Company. p. 221. 5. Venuti L. (1995). The Translator’s Invisibility: A History of Translation. London: Routledge. p. 19.