O'ZBEK VA INGLIZ TILLARIDA QO'SHMA SO'ZLAR
Abstract
O'ZBEK VA INGLIZ TILLARIDA QO'SHMA SO'ZLAR
Full text
313 O‘ZBEK VA INGLIZ TILLARIDA QO‘SHMA SO‘ZLAR Polvanova Nafisa Muxitdinovna UrDU. Tayanch doktorant [email protected] Annotatsiya: Ushbu maqolada o‘zbek va ingliz tillarida qo‘sha so‘zlaring yozilishi, talaffuzi va imlosi borasida fikr yuritiladi, shaxsiy takliflar bildirildi va misollar bilan izohlaniladi. Annotation: This article discusses the spelling, pronunciation, and orthographic features of compound words in Uzbek and English languages. It also presents personal suggestions and reflections, supported by explanatory examples. Аннотация: В данной статье рассматриваются написание, произношение и орфографические особенности сложных слов в узбекском и английском языках. Также приводятся личные предложения и размышления автора, сопровождаемые пояснительными примерами. Kalit so‘zlar: qo‘shma so‘z, so‘z birikmasi, til birligi, milliy til, o`rganuvchi. Key words: compound word, word combination, language units, national language, learner. Ключевые слова: сложное слово, словосочетание, языковая единица, национальный язык, обучающийся. O‘zbek va ingliz tillaridagi qo‘shma so‘zlarni qiyoslab o‘rganar ekanmiz, bu jarayonda biz bir qancha o‘xshash va farqli jihatlarga duch keldik. Ushbu jihatlar har ikkala tildagi qo‘shma so‘zlarning imlosi hamda yozilishida birdek namoyon bo‘ladi. Avvalo, milliy tilimiz bo‘lmish o‘zbek tilida qo‘shma so‘zlar orfografiyasiga e’tibor qaratsak, o‘zbek tilida qo‘shma so‘zlar yozilishiga ko‘ra 2 turga – ajratib yoziladigan hamda qo‘shib yoziladigan turlarga bo‘linadi. Biroq ushbu bo‘linish, bizning nazdimizda, o‘rganuvchiga doim ham o‘rganish jarayonida qulaylik keltirmaydi. Chunki o‘zbek tilida qo‘shma so‘zlarga yaqin bo‘lgan yana bir til birligi mavjudki, u so‘z birikmasidir. Uni qo‘shma so‘zdan farqlash esa biroz mushkul vazifa sanaladi. Ushbu til birligiga alohida ta’rif beradigan bo‘lsak: So‘z birikmasi – ikki va undan ortiq mustaqil so‘zlarning tobe grammatik aloqa asosida birikishi natijasida hosil bo‘lgan, borliqdagi narsa va hodisalarning nomini bildiradigan sintaktik tuzilma – nutq birligidir: ignaning ko‘zi, oydin kecha, oliy ma’lumot. Yuqoridagi ta’rif va misollardan shuni ko‘rishimiz mumkinki, so‘z birikmasi va qo‘shma so‘z o‘rtasida o‘xshash tomonlar ham farqli tomonlar ham mavjud. Ushbu ikkala til birligi o‘rtasidagi farqli tomonlarni aytib o‘tsak ular quyidagilarni tashkil etadi: a) qo‘shma so‘z qismlari morfema, so‘z birikmasining
314 qismlari so‘z hisoblanadi; b) qo‘shma so‘zning qismlari yaxlit holatda bir leksik ma’no ifodalaydi, so‘z birikmasining qismlari esa alohida-alohida leksik ma’no ifodalaydi; c) qo‘shma so‘z qismlari o‘z mustaqilligini qisman yoki to‘laligicha yo‘qotadi, so‘z birikmasining qismlari esa o‘z mustaqilligini saqlaydi. Yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda shuni ham aytib o‘tishimiz mumkinki, so‘z birikmasining tarkibiy qismlari ya’ni komponentlari gapda alohida-alohida gap bo‘lagi vazifasida keladi va tahlil qilinadi. Bundan tashqari so‘z birikmasida ikki va undan ortiq mustaqil so‘zlar yonma-yon keladi ya’ni ajratib yoziladi. Xuddi ana shu yerda savol tug‘iladi. Agar qo‘shma so‘zlar ham ajratib yoziladigan bo‘lsa ularni so‘z birikmalaridan qanday farqlash mumkin. Zero, tilimizda aynan o‘xshash hatto bir xil so‘zlardan iborat bo‘lgan qo‘shma so‘z hamda so‘z birikmalari mavjud. Biroq ular ma`no va mazmun jihatidan bir-biridan tubdan farq qiladi. Masalan, qizil olma til birligi so‘z birikmasi sifatida olinganda u orqali olmaning rangi ya’ni uning qandayligi, sifati ifodalanadi. Ammo qizilolma birligi qo‘shma so‘z sifatifa kelganda olmaning na`vi, uning turini ifodalashda xizmat qiladi. Bunda olmaning rangi aynan qizil bo‘lishi unchalik ahamiyatsiz hodisa bo‘lib qoladi. Shu ma’noda, so‘zlar birikuvi narsa va hodisalarni farqlash uchun xizmat qilsa, so‘zlar qo‘shiluvidan obyektiv borliqdagi uchinchi bir narsa yoki hodisaga ishora qilinadi va nomlanadi. Bunday misollar tilimizda ko‘plab uchraydi: Oq non – oqnon (nonning turi), issiq xona – issiqxona (teplitsa), oq suyak – oqsuyak (aslzoda), og‘ir oyoq – og‘iroyoq (homilador), yengil oyoq – yengiloyoq (fohisha), qizil ishton – qizilishton (qush turi), qizil olma – qizilolma (olmaning navi), temir yo‘l – temiryo‘l (poyezd yo‘li), oq yog‘ - oqyog‘ (yog‘ning turi), yangi yo‘l – Yangiyo‘l (shahar nomi), oq soch – oqsoch (xizmatkor), oq soqol – oqsoqol (qariya). Ushbu sababdan kelib chiqqan holda biz shuni aytmoqchimizki agarda qo‘shma so‘zlar ham xuddi so‘z birikmalari kabi ajratib yoziladigan bo‘lsa ularni og‘zaki nutqfa farqlash mumkindir, biroq yozma nutqda farqlash qiyin bo‘ladi. Chunki, bu jarayonda og‘zaki nutqda urg‘u farqlovchi ro‘lini o‘ynaydi. Urg‘u o‘zbek tilida aynan bir xil so‘zlardan iborat bo‘lgan qo‘shma so‘z hamda so‘z birikmalarini bir-biridan farqlashga xizmat qiladi. Qo‘shma so‘zlarda ikkinchi komponent ko‘proq urg‘u olishga moyil bo‘lsa, so‘z birikmalaridagi bosh so‘z (birinchi kelgan so‘z) urg‘u oladi. Ushbu fikrimizni isboti sifatida quyidagi misollarni ko‘rib chiqsak: • Biz bugun botanika darsida beshbarg o‘simligining xususiyatlari haqida o‘rgandik. – O‘g‘lim, o‘zi bechora gulning besh bargi qolgan edi, nega ularni ham yulib tashlading? • Anavi daraxtda turgan qizilishton tinmay daraxtni cho‘qish bilan ovvora. – Oyim menga qizil ko‘ylagimga moslab yangi qizil ishton tikib berdilar. Shunisi qiziqki, yozma nutq jarayonida so‘z birikmasi va qo‘shma so‘zni farqlashga xizmat qiladigan ma’lum bir me’zonni topish mushkul. Shu sababli ham
315 agar barcha qo‘shma so‘zlar qo‘shib yozilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bu orqali til o‘rganuvchi yohud tilga qiziquvchilar ushbu ikki til birligini yozma nutqda ham bemalol farqlay oladilar. Bizning taklifimiz shuki, so‘zlar birikuvi mohiyatan narsa va hodisalarni farqlasa, so‘z birikmasi deb qaralishi va ajratib yozilishi ma’qul, agar so‘zlar birikuvi mohiyatan mushtaraklashib, uchinchi bir narsani nomlasa, qo‘shma so‘z deb qaralishi va qo‘shib yozilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Endi esa fikrimizni ingliz tilidagi qo‘shma so‘zlar aytilishi va yozilishi borasidagi mulohazalar bilan davom ettiramiz. Ingliz tilida, ayniqsa, og‘zaki nutqda, murakkab qo‘shma so‘zlar ko‘p uchraydi. Oddiy qo‘shma so‘zlarga yana uchinchi va ko‘plagan komponentlarni qo‘shish orqali murakkab qo‘shma so‘zlarni yasash mumkin bo‘ladi. Masalan, law degree (qonun qarori) qo‘shma so‘ziga uchinchi komponent bo‘lmish requirement so‘zi qo‘shilsa – law degree requirement ya`ni qonun qarori talabi qo‘shma so‘zi kelib chiqadi. Unga yana to‘rtinchi komponent changes so‘zini qo‘shish orqali law degree requirement changes ya`ni qonun qarori talablaridagi o‘zgarishlar qo‘shma so‘zini yasash mumkin bo‘ladi. Misollardan ko‘rinib turibdiki mazkur murakkab qo‘sham so‘z ajratib yozilgan va shu jihati bilan o‘zbek tilidagi murakkab so‘z birikmalariga (qo‘shma so‘zlarga emas) o‘xshab ketadi. O‘z navbatida ingliz tilidagi qo‘shma so‘zlarning morfologik xususiyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, odatda qo‘shma so‘zda asosiy ma’no beruvchi qism bo‘lishi zarur. Ushbu asosiy ma’no beruvchi qismni ba’zan hokim so‘z deb ham ataymiz va u ko‘pincha ingliz tilida qo‘shma so‘zning ikkinchi komponenti hisoblanadi. Masalan, bellboy, spindry va boshqalar. ( Biroq ushbu ta’rif hamma tillar uchun ham mos kelavermaydi ). Agar, ingliz tilida qo‘shma so‘zlarni yozishda keying satrga o‘tishga to‘g‘ri kelib qolsa, qo‘shma so‘zning ma`no anglatadigan qisminigina keyingi satrga ko‘chirib yozishimiz mumkin bo‘ladi. Masalan, snow-mobile, lekin snowmo-bile emas. Agar qo‘shma so‘zlarning turlarga bo‘linishi yuzasidan berilgan ma’lumotlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, qo‘shma so‘zlarning muayyan bir guruhiga masub bo‘lgan so‘zlar metoforik xarakterda bo‘ladi. Misol uchun, couchpotato so‘zini odamga nisbatan “televizor ko‘rishg mukkasidan ketgan” ma’nosida qo‘llash mumkin. Chunki kartoshka poyasi qanchalik qanchalik uzoq yerda ko‘milib tursa, shunchalik chuqur ildiz tashlaydi. Demak, televizor ko‘rishga mukkasidan ketgan odamning televizor qarshisidan turmasdan yotgan holati kartoshkaning yerga ko‘milib yotgan holatiga o‘xshatilyapti. Ushbu so‘zning lug‘aviy ma`nosi izohli lug‘atda “sog‘lomlashtiruvchi mashqlarni bajarmay, nuqul vaqtini televizor tomosha qilib o‘tkazadigan odam” – deb keltirilgan. Qo‘shma so‘zlar talaffuzi haqida shu narsani aytish joizki, har ikkala tilda ham ular urg‘u olishlari bilan bir-biridan tubdan farq qiladi. Zero, milliy tilimizda qo‘shma so‘zlarda asosiy urg‘u oxirgi komponentning oxirgi bo‘g‘iniga tushadi, masalan:
316 beshbarg, qizilishton. Iingliz tilida esa odatda qo‘shma so‘z birinchi komponentining birinchi bo‘g‘iniga tushadi: earphones, blackboard. Ikkala tilda ham qo‘shma so‘zlarning yuqorida zikr qilingan komponentlaridan o‘zgalari yordamchi urg‘u olishadi. Ular ham tillar xususiyatiga qarab ingliz tilida birinchi bo‘g‘in, o‘zbek tilida ikkinchi bo‘g‘inga tushadi. Ingliz tilidagi qo‘shma so‘zlarning imlosida ikkinchi bir o‘ziga xos xususiyat shundaki, chiziqcha bilan yoziladigan qo‘shma so‘zlarda ko‘plik qo‘shimchasi –s birinchi elementga qo‘shilmaydi, balki so‘zning oxirgi elementiga qo‘shiladi (brother-in-laws). Ammo, mustasno holatlar ham uchraydi, masalan: passers-by, editors-in-chief va boshqalar. Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, o‘zbek tilida ham ingliz tilida ham qo‘shma so‘zlar yana bir muhim til birligi bo‘lgan so‘z birikmalari bilan calkashtiriladigan holatlar mavjud. Ularni bartaraf etish uchun, avvalo, yozuvda barcha qo‘shma so‘zlrni qo‘shib yozish maqsadga muvofiqdir. Shu orqali bir xil komponentli ikki til birligini farqlashda ularning yozuvi ro‘l o‘ynaydi ya`ni qo‘shib yozilsa qo‘shma so‘z, ajratib yozilsa so‘z birikasi ma`nosida qabul qlinishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 1. A.Hojiyev, Sh.Rahmatullayev, B.Madaliyev va A.Madvaliyev – “O‘zbek terminologiyasi va leksikologiyasi masalalari”, Toshkent-2017, 57-bet. 2. O‘zbek tilining izohli lug‘ati, O‘zbekiston nashriyoti, Toshkent -2020, 5-jild, 376-bet 3. O‘zbek tilining izohli lug‘ati, O‘zbekiston nashriyoti, Toshkent -2020, 2-jild, 235-bet 4. O‘zbek tilining izohli lug‘ati, O‘zbekiston nashriyoti, Toshkent -2020, 1-jild, 190-bet 5. N.Erkaboyeva “O‘zbek tilida ma`ruzalar to‘plami”, Toshkent: Akademnashr - 2015, 66-67-betlar