scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'RTA ASR SAYOHATNOMALARIDA ME'MORIY TASVIRNING LINGVISTIK MODELLASHTIRILISHI (Marko Poloning "Il milione" asarida keltirilgan xon saroyi tasviri asosida)

Abduzohirova Ruxsora Nu'mon qizi

Abstract

O'RTA ASR SAYOHATNOMALARIDA ME'MORIY TASVIRNING LINGVISTIK MODELLASHTIRILISHI (Marko Poloning "Il milione" asarida keltirilgan xon saroyi tasviri asosida)

Full text

575 O‘RTA ASR SAYOHATNOMALARIDA ME’MORIY TASVIRNING LINGVISTIK MODELLASHTIRILISHI (marko poloning “Il milione” asarida keltirilgan xon saroyi tasviri asosida) Abduzohirova Ruxsora Nu’mon qizi O‘zDJTU Italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi Annotatsiya: Ushbu maqolada o‘rta asr sayohatnomalarida me’moriy inshootlarning lingvistik modellashtirilishi masalasi Marko Poloning “Buyuk Xon saroyi va Xonbaliq shahri” haqidagi tasviri misolida tahlil etilgan. Asarda muallif saroyning tuzilishi, arxitektura unsurlari, ichki bezaklari, marosimiy va siyosiy funksiyalarini batafsil tasvirlab, buni badiiy-tasviriy vositalar orqali boyitadi. Tadqiqotda epitet, metafora, giperbola, tashbih, tafsilot va kontrast kabi lingvopoetik vositalarning matndagi semantik yuklanishi ochib berilgan. Shuningdek, me’moriy terminlarning leksik ma’nosi va ularning estetik, madaniy va ideologik funksiyasi tahlil qilinadi. Maqola o‘rta asr matnlarida til vositalari orqali me’moriy manzara qanday modellashtirilganini ko‘rsatadi hamda til va madaniyat o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni yoritadi. Natijada, Marko Poloning tasviriy uslubi orqali Sharq sivilizatsiyasining estetik va siyosiy qadriyatlari til tizimida aks etgani ilmiy asosda isbotlanadi. Kalit so‘zlar: Buyuk Xon saroyi, Xonbaliq, Marko Polo, o‘rta asr sayohatnomalari, lingvistik modellashtirish, me’moriy tasvir, badiiy vositalar, metafora, epitet, giperbola, leksik-semantik tahlil, poetik struktura, til va madaniyat munosabati. Аннотация: В данной статье рассматривается проблема лингвистического моделирования архитектурного описания в средневековых путевых заметках на примере повествования Марко Поло о дворце Великого хана и городе Ханбалык. Автор анализирует, как с помощью языковых средств — эпитетов, метафор, гипербол, сравнений и контрастов — создаётся художественный образ архитектурного пространства, соединяющий в себе элементы реального наблюдения и эстетического идеала. В исследовании выявлены семантические и функциональные особенности архитектурной лексики, её связь с культурно-символическим значением власти, богатства и гармонии. Особое внимание уделено роли цвета, материала и пространственных терминов в построении визуальной картины. Работа показывает, что язык Марко Поло выступает не только средством описания, но и инструментом культурной интерпретации, через который раскрывается мировоззрение эпохи и эстетика восточной цивилизации. 576 Ключевые слова: Дворец Великого хана, Ханбалык, Марко Поло, средневековые путешествия, лингвистическое моделирование, архитектурное описание, художественные средства, метафора, эпитет, гипербола, лексикосемантический анализ, поэтическая структура, взаимосвязь языка и культуры. Abstract: This article explores the linguistic modeling of architectural imagery in medieval travel literature, focusing on Marco Polo’s depiction of the Great Khan’s Palace and the city of Khanbaliq. The study analyzes how the author employs linguistic and poetic devices—such as epithets, metaphors, hyperboles, similes, and contrasts— to construct a vivid and symbolically charged description of the imperial residence. Special attention is given to the lexical semantics of architectural terminology, the use of color and material references, and their cultural, aesthetic, and ideological implications. Through linguistic analysis, the paper demonstrates how architectural space in Polo’s text serves not only as a physical setting but also as a reflection of political power, divine order, and artistic perfection. Ultimately, the study reveals that Marco Polo’s descriptive language functions as a medium of cultural interpretation, illustrating the interaction between language, architecture, and worldview in the representation of Eastern civilization. Key words: The Great Khan’s Palace, Khanbaliq, Marco Polo, medieval travelogues, linguistic modeling, architectural description, artistic devices, metaphor, epithet, hyperbole, lexical-semantic analysis, poetic structure, relationship between language and culture. Mo‘g‘ullar imperiyasi davrida Buyuk Xonning saroyi nafaqat siyosiy hokimiyat markazi, balki butun Sharq sivilizatsiyasining muazzam timsoli sifatida tarixda alohida o‘rin egallaydi. Xonbaliq (hozirgi Pekin) shahri imperiyaning yuragi hisoblangan bo‘lib, u yerda qurilgan Buyuk Xonning saroyi o‘z davrining eng yirik va eng mukammal me’moriy inshootlaridan biri bo‘lgan. Mazkur saroy va shahar tavsifi, asosan, o‘rta asr sayyohi Marko Polo tomonidan batafsil yozib qoldirilgan bo‘lib, u Buyuk Xon saroyining tuzilishi, tashkiliy jihatlari, bezaklari va funksional ahamiyatini aniq tasvirlab bergan. Buyuk Xon yilning uch oyini — dekabr, yanvar va fevralni — Xonbaliq shahrida o‘tkazgan. Shahar Katay viloyatining markaziy qismida joylashgan bo‘lib, u o‘zining strategik ahamiyati, madaniy rivojlanishi va iqtisodiy qudrati bilan ajralib turgan. Bu yerda joylashgan saroy imperiyaning siyosiy, harbiy va marosimiy markazi bo‘lib xizmat qilgan. Saroy to‘rtburchak shakldagi mustahkam devorlar bilan o‘ralgan bo‘lib, har bir tomoni sakkiz mil uzunlikda bo‘lgan. Devorlar atrofida chuqur xandaqlar joylashgan, ular mudofaa tizimining ajralmas qismi hisoblangan. Har bir devorda insonlar uchun mo‘ljallangan kirish eshiklari mavjud bo‘lib, ularning har biri qat’iy nazorat ostida bo‘lgan. 577 Saroy hududi ichida harbiy qismlar uchun keng maydonlar ajratilgan edi. Keyinchalik, birinchi devor ichida yana bir himoya devori barpo etilgan. Uning uzunligi olti mil bo‘lib, shimol va janub tomonlarda uch tadan eshik mavjud edi. Ushbu eshiklarning o‘rtasidagi asosiy darvoza faqat Buyuk Xonning kirish-chiqish marosimlari uchun ochilgan. Bu holat saroyning ichki ierarxik tuzilmasini, shuningdek, imperator hokimiyatining yuksak darajada muhofaza qilinishini ko‘rsatadi. Saroy ichkarisida imperatorning jangovar jihozlari — o‘q-yoylar, zirhlar, qurollar va boshqa anjomlar ehtiyotkorlik bilan saqlangan. Bularning barchasi Buyuk Xonning harbiy kuchi va tayyorgarligini ramziy tarzda namoyon etgan. Shuningdek, saroyda sakkizta yirik bino mavjud bo‘lib, ular davlat marosimlari, tantanalar va imperatorning kundalik faoliyatini tashkil etish uchun mo‘ljallangan edi. Saroy atrofi go‘zal bog‘lar, yashilliklar, hayvonot olami va tabiiy muhit bilan uyg‘unlashgan holda qurilgan. Bog‘larda marallar, muskusli hayvonlar, yovvoyi to‘ng‘izlar va boshqa ko‘plab hayvonlar erkin yurardi. Bu jihat Buyuk Xon saroyining nafaqat siyosiy, balki ekologik va estetik uyg‘unlik markazi sifatida ham ahamiyatli bo‘lganini ko‘rsatadi. Yo‘llar tosh bilan qoplangan bo‘lib, ularning balandlikda joylashuvi yomg‘ir suvlari oqimini boshqarishga yordam bergan, bu esa tabiatni asrashning erta namunasi sifatida baholanishi mumkin. Saroyning asosiy binosi o‘z hajmi, arxitekturasi va bezaklari bilan o‘sha davr uchun misli ko‘rilmagan darajada ulug‘vor edi. U to‘rt mil masofadagi devor bilan o‘ralgan, ichida ko‘plab xonalar va keng zallar joylashgan edi. Binoning konstruktiv elementlari marmardan barpo etilgan bo‘lib, zinapoyalar, ustunlar va devorlar nafis o‘ymakorlik bilan bezatilgan. Ichki bezaklarda oltindan ishlangan o‘ymalar, ajdarho, qush va hayvon tasvirlari, shuningdek, jang sahnalari aks etgan. Saroyning shifti qizil, yashil va ko‘k ranglar bilan bo‘yalgan bo‘lib, bu ranglar uyg‘unligi osmon, hayot va hokimiyat ramzlarini ifodalagan. Saroydagi derazalar shaffof shishadan tayyorlangan bo‘lib, ular quyosh nurlarini aks ettirgan va ichki makonga yorqinlik bag‘ishlagan. Bu holat o‘rta asr Xitoyida oynavandlik texnologiyasining rivojlanganligidan darak beradi. Saroy ichida bir vaqtning o‘zida minglab odamlar to‘planishi, ovqatlanishi va turli marosimlarni o‘tkazishi mumkin bo‘lgan. Bunday tashkiliy mukammallik Buyuk Xonning boshqaruv tizimidagi tartib va intizomga bo‘lgan yondashuvini yaqqol namoyon etadi. Saroyning orqa qismida imperatorning shaxsiy yashash uyi, xazinasi va ayollar turar joyi joylashgan edi. Bu hududga begona kishilarning kirishiga ruxsat berilmagan. Xazinada oltin, kumush, qimmatbaho toshlar, marvaridlar va nodir buyumlar saqlangan. Bu esa saroyning iqtisodiy qudrati va imperator hokimiyatining boylik bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatadi. 578 Buyuk Xon saroyi bilan yuzma-yuz joylashgan Chingim, ya’ni imperatorning o‘g‘li yashaydigan saroy ham shunga o‘xshash tarzda qurilgan. Chingim kelgusida taxtni meros qilib olishi kutilganligi sababli, u otasining barcha tartiblarini kuzatgan va o‘z saroyida xuddi shu qoidalarga amal qilgan. Bu esa imperiya merosiy tizimining qat’iyligini, siyosiy barqarorlikni ta’minlashga bo‘lgan intilishni bildiradi. Saroy shimol tomonida “Yashil Tog‘” deb ataluvchi sun’iy tepalik joylashgan bo‘lib, u o‘nlab qadam balandlikda va bir mil masofada yoyilgan. Bu tog‘ tabiiy manzara bilan uyg‘unlashgan holda, saroy majmuasining estetik markazini tashkil etgan. Daraxtlar doimo yashil bo‘lib, Buyuk Xon ularni uzoq masofalardan fillar yordamida ko‘chirib keltirgan. Bu holat o‘sha davrda ekologik muhitga bo‘lgan e’tibor va landshaft dizaynining rivojlanganligini ko‘rsatadi. Tog‘ tepasida joylashgan saroy esa imperator hokimiyatining osmon bilan bog‘liqligini, ya’ni ilohiy kuch ramzini ifodalagan. Saroy yaqinida chuqur qazilgan joyda hosil bo‘lgan tosh o‘rni suv bilan to‘ldirilib, sun’iy hovuzga aylantirilgan. Hovuzda baliqlar va suv qushlari yashagan. Bu tizim suv xo‘jaligining mukammal tashkil etilganligini bildiradi. Hovuzdagi baliqlar mis va temirdan yasalgan to‘rlar yordamida saqlanib, Buyuk Xonning doimiy oziq-ovqat manbasi bo‘lib xizmat qilgan. Hovuz ustidan o‘tgan ko‘prik Buyuk Xon saroyini Chingimning saroyi bilan bog‘lab turgan, bu esa oilaviy, siyosiy va marosimiy aloqalarning uzluksizligini ta’minlagan. Buyuk Xon saroyi tasvirida qo‘llangan badiiy-tasvir vositalarining ilmiy tahlili Marko Polo “Buyuk Xonning katta saroyi va Xonbaliq shahri” haqidagi tasvirida tarixiy haqiqatni faqat faktlar orqali emas, balki badiiy ifoda vositalari yordamida yanada jonli, tasviriy va hissiy shaklda yoritadi. Ushbu badiiylik, bir tomondan, o‘rta asr sayohatnomasining adabiy uslubini namoyon etsa, ikkinchi tomondan, muallifning hayrat, ehtirom va estetik sezgilarini ifodalash vositasiga aylanadi. 1. Epitetlar (ta’riflovchi so‘zlar) Muallif saroy va shaharni tasvirlar ekan, “ulkan saroy”, “misli ko‘rilmagan darajada keng”, “go‘zal bog‘lar”, “muhtasham saroy”, “betakror yashil daraxtlar”, “shaffof shisha derazalar” kabi epitetlardan foydalanadi. Bu so‘z birikmalari orqali tasvirlangan joyning buyukligi, go‘zalligi va o‘lchovsizligi ifodalanadi. Epitetlar, ayniqsa, saroyning me’moriy qudratini va tabiat bilan uyg‘unligini ko‘rsatadi. “Yashil Tog‘”, “oltindan o‘ymakorlik”, “marmardan devorlar” kabi iboralar rang va material obrazini berib, o‘quvchining tasavvurida jonli manzara yaratadi. 2. Giperbola (bo‘rttirish, mubolag‘a) Marko Polo ko‘p hollarda saroy hajmini va me’moriy qudratini mubolag‘a orqali ifodalaydi: a) “Saroyning o‘zi juda katta, misli ko‘rilmagan darajada keng edi.” 579 b) “Uni bundanda mukammal qilib yaratadigan odamni topish qiyin.” c) “Kishi aqli bovar qilmasdi.” Bu giperbolalar saroyning ilohiy qudrat bilan tenglashtirilgan ramzi obrazini yaratadi. Shu bilan birga, muallif o‘zi ko‘rgan voqealarni sayyohlik taassuroti asosida qayd etganligi bois, bu mubolag‘alar o‘quvchida Buyuk Xon hokimiyatining beqiyos darajada buyuk ekanligi haqidagi tasavvurni mustahkamlaydi. 3. Metafora va ramzlar Matnda “Yashil Tog‘” obrazining o‘zi metaforik ma’noga ega. Bu tog‘ — abadiy yashillik, barqarorlik va hokimiyatning doimiyligi timsolidir. Yana bir ramziy tasvir — saroydagi oltindan ishlangan o‘ymakorliklar va ajdarho tasvirlari. Sharq madaniyatida ajdarho kuch, hokimiyat, himoya va osmon bilan aloqaning ramzi sifatida talqin qilinadi. Demak, Marko Polo bu tasvirni keltirish orqali Buyuk Xon hokimiyatining ilohiy asosga ega ekanligini badiiy yo‘l bilan anglatadi. 4. Taqdimiy kontrast (qarama-qarshi tasvir) Muallif ayrim joylarda tashqi va ichki muhit o‘rtasidagi kontrastdan foydalanadi: tashqarida — shahar, harbiylar, himoya devorlari; ichkarida esa — oltin bezaklar, shaffof derazalar, sokin bog‘lar. Bu qarama-qarshilik orqali muallif saroyni dunyoviy tashvishlardan ajratilgan, muqaddas va sokin makon sifatida ko‘rsatadi. 5. Tafsilot (detallarga asoslangan tasvir) Marko Polo o‘z uslubining asosiy xususiyatlaridan biri sifatida aniq raqamlar, o‘lchovlar va strukturaviy tafsilotlarga murojaat qiladi: a) “Har bir devor sakkiz mil uzunlikda edi.” b) “Tog‘ning balandligi yuz qadamga teng.” c) “Saroyda sakkizta katta bino bor edi.” Bunday tafsilotlar matnga haqiqatga yaqinlik va ilmiy aniqlik beradi. Bu usul orqali muallif o‘quvchini hayratga soladi, lekin shu bilan birga, ko‘rgan narsasini hujjatli aniqlik bilan tasvirlagandek taassurot uyg‘otadi. 6. Vizual obrazlar (ko‘rish orqali yaratilgan manzara) Matnda ranglar, yorug‘lik, shakl va materiallar tasviri muhim o‘rin egallaydi: “qizil, yashil, ko‘k bilan bezatilgan shift”, “marmardan zinapoyalar”, “shaffof shisha derazalar”, “oltindan o‘ymakorliklar”. Bu vizual detallar orqali Marko Polo ko‘z bilan idrok qilinadigan me’moriy manzarani o‘quvchi ongida tiklaydi. Aynan shu elementlar asarning adabiy-hayotiy realizmini kuchaytiradi. 7. Dinamik tasvir (harakat ifodasi) Ba’zi sahnalar statik emas, balki harakat jarayonida beriladi: a) “Daryo hovuzdan chiqqach, o‘z yo‘li bo‘ylab oqadi.” b) “Daraxtlar fillar yordamida ko‘chirib keltiriladi.” 580 Bu dinamik ifodalar saroy hayotining doimiylik va faoliyat holatida ekanligini ko‘rsatadi — ya’ni saroy nafaqat qurilgan joy, balki doim rivojlanayotgan va yashayotgan tizim sifatida tasvirlanadi. 8. Tashbih (o‘xshatish) Muallif ayrim joylarda tashbihlardan foydalanib, predmet va manzaralarga taqqoslovchi ifoda beradi. Masalan, “shaffof derazalar xuddi billur kabi porlaydi” degan jumlada “billur kabi” tashbihi yordamida nurlanish, poklik, go‘zallik obrazlari yaratiladi. 9. Estetik idealizatsiya (go‘zallikni mukammallashtirish) Marko Polo saroyni realistik tasvir bilan cheklamaydi, balki uni mukammallik cho‘qqisiga ko‘taradi: “Saroyning tartibi shunchalik mukammalki, uni bundanda mukammal qilib yaratadigan odamni topish qiyin.” Bu badiiy ifoda orqali muallif Buyuk Xonning saroyini insonga emas, balki ilohiy qudratga xos yaratiq sifatida talqin qiladi. 10. Tasvirning funksional jihati Marko Poloning bu badiiy vositalarni qo‘llashdan maqsadi faqat bezak emas. Ularning har biri muayyan ideologik yuk tashiydi: 1. Giperbola va epitetlar — Xon hokimiyatining ulug‘vorligini ta’kidlash. 2. Metafora va ramzlar — Xonning hokimiyatini osmon bilan bog‘lash. 3. Detallar va raqamlar — haqiqatga yaqinlikni kuchaytirish. 4. Ranglar va materiallar — boylik, uyg‘unlik va tartibni ko‘rsatish. Buyuk Xon saroyi tasvirida Marko Polo realistik kuzatuv va badiiy ifoda uyg‘unligini mahorat bilan qo‘llaydi. U faktlarni sanab o‘tish bilan birga, ularni epitet, metafora, giperbola, tashbih va tafsilotlar orqali estetik qimmatga ega manzara sifatida ifodalaydi. Bu uslub nafaqat tarixiy ma’lumotni yetkazish, balki o‘quvchida imperatorlik buyukligi, uyg‘unlik va abadiylik tuyg‘usini uyg‘otish vazifasini bajaradi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 1. Polo, M. (1903). The Travels of Marco Polo: The Complete Yule-Cordier Edition (H. Yule, Trans.; H. Cordier, Rev.). London: John Murray. 2. Polo, M. (1928). Il Milione (a cura di Luigi Foscolo Benedetto). Firenze: Leo S. Olschki Editore. 3. Haw, S. G. (2006). Marco Polo’s China: A Venetian in the Realm of Khubilai Khan. London & New York: Routledge. 4. Pratt, M. L. (2008). Imperial Eyes: Travel Writing and Transculturation (2nd ed.). London & New York: Routledge. 5. Simpson, P. (2004). Stylistics: A Resource Book for Students. London & New York: Routledge. 6. Centanni, M. (2014). Small Talk: A New Reading of Marco Polo’s Il Milione. Medievalists.net.