QO'QON XONLIGINING SIYOSIY YUKSALISHI VA TANAZZULI: MUHAMMAD ALIXON DAVRI SIYOSIY KO'RINISHI
Full text
80 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc QO‘QON XONLIGINING SIYOSIY YUKSALISHI VA TANAZZULI: MUHAMMAD ALIXON DAVRI SIYOSIY KO‘RINISHI Hotamova Sevara Sulaymon qizi Buxoro davlat universiteti arxeologiya va Buxoro tarixi kafedrasi 1-kurs tayanch doktoranti (88)870-07-44 [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.17638548 Annotatsiya: Maqolada XIX asrning birinchi yarmida Qo‘qon xonligining siyosiy va harbiy yuksalishi, uning xonlik sifatida shakllanishi hamda Madalixon davrida yuz bergan ichki va tashqi o‘zgarishlar tahlil qilinadi. Olimxon, Umarxon va Madalixon davrida Qo‘qonning hududiy kengayishi, diplomatik aloqalari hamda Sharqiy Turkiston va Buxoro bilan munosabatlari “Muntahab at-tavorix”, “Garoyibi sipoh” kabi manbalar asosida yoritiladi. Tadqiqotda Madalixon siyosatining uch bosqichi - yuksalish, inqiroz va Buxoro amiri Nasrulloh tomonidan bosib olinishi jarayonlari ko‘rsatilgan. Kalit so’zlar: Qo‘qon xonligi, Olimxon, Umarxon, Madalixon, amir Nasrulloh, Sharqiy Turkiston, Buxoro amirligi, siyosiy jarayonlar, diplomatik munosabatlar, “Muntahab at-tavorix” Аннотация. В статье анализируются политический и военный подъем Кокандского ханства в первой половине XIX века, его превращение в ханство, а также внутренние и внешние изменения в период правления Мадалихана. На основе источников, таких как “Мунтахаб ат-таварих” и “Гаройиби сипох”, рассматриваются территориальное расширение, дипломатические связи и отношения Коканда с Восточным Туркестаном и Бухарой в эпоху Алим-хана, Умар-хана и Мадали-хана. В исследовании выделены три этапа политики Мадали-хана — период расцвета, кризиса и завоевание Кокандского ханства эмиром Насруллой Бухарским. Ключевые слова: Кокандское ханство, Алим-хан, Умар-хан, Мадали-хан, эмир Насрулла, Восточный Туркестан, Бухарский эмират, “Мунтахаб ат-таварих”. Annotation. The article analyzes the political and military rise of the Kokand Khanate in the first half of the 19th century, its transformation into a khanate, and the internal and external changes during the reign of Madalikhon. The territorial expansion, diplomatic relations, and interactions of Kokand with Eastern Turkestan and Bukhara during the reigns of Alimkhan, Umar Khan, and Madalikhon are examined on the basis of sources such as Muntakhab at-Tawarikh and Garoyib-i Sipoh. The study highlights the three stages of Madalikhon’s policy - the period of prosperity, decline, and the conquest of the Kokand Khanate by Emir Nasrulloh of Bukhara. Keywords: Kokand Khanate, Alimkhan, Umar Khan, Madalikhon, Emir Nasrulloh, Eastern Turkestan, Emirate of Bukhara, political processes, jihad, diplomatic relations, Muntakhab atTawarikh. Qo‘qonning yuksalishi va xonlik sifatida gullab-yashnashi XIX asrning birinchi yarmida hukmronlik qilgan uch hukmdor nomi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bular - Olimxon, Umarxon (rus manbalarida Omarxon) hamda Muhammad Alixon (xalq orasida Madalixon deb atalgan) bo‘lib, ular 1800–1842-yillar oralig‘ida ketma-ket davlatni boshqarganlar. Olimxon davrida Xo‘jand va Toshkent shaharlarining Qo‘qon davlatiga yakuniy qo‘shilishi amalga oshirilgan. Umarxon esa Sirdaryoning o‘rta va quyi oqimlarida yashovchi qozoq va qoraqalpoq qabilalarini, shuningdek Norin daryosi yuqori oqimidagi qirg‘iz qabilalarini o‘ziga bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘lgan. Muhammad Alixon (Madalixon) davrida xonlik hududi yanada kengaygan. U Oloy, Chu va Ili vodiylaridagi qirg‘izlarni, Sirdaryoning quyi oqimidagi va Orol dengizining shimoli-sharqiy
81 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc sohillarida qishlovchi qozoqlarni o‘ziga bo‘ysundirgan. Shuningdek, u Qaratog’, Darvoz va Ko’lob hududlarini ham qo‘shib olgan. Qo‘qon xonligi shu davrda Xitoy imperiyasi bilan olib borilgan keskin diplomatik kurash va harbiy to‘qnashuvlar natijasida Sharqiy Turkistondagi musulmon aholidan soliq undirish huquqini qo‘lga kiritgan. Umarxon vafotidan so‘ng taxt merosxo‘rini tanlash masalasi kun tartibiga chiqdi. Umarxonning eng yaqin amaldorlaridan biri — Qosim qushbegi, bu borada Umarxonning singlisi Oftob Oyimning fikrini bilish uchun uning huzuriga bordi. Aftob Oyim shunday degan: “Bobomdan hokimiyat katta aka Olimxonga o‘tgan, undan esa kichik ukasi Umarxonga. Endi meros huquqiga ko‘ra navbat menga keldi. Mening to‘g‘ridan-to‘g‘ri avlodim bor — u Ma’sumxondan tug‘ilgan, ismi Chin To‘ra. Men uni podshohlik taxtiga chiqarishni istayman”[9:91]. Muhammad Hakimxon o‘z surgunining dastlabki kunlarini eslab, shunday yozadi: Muhammad Alixon (ya’ni Madalixon) uni otasi Ma’sumxon To‘ra bilan birga haj safariga yuborishga qaror qilganida, Qo‘qon darvozasi tashqarisida ilgari hibsga olingan boshqa bir haqiqiy taxt da’vogar — Fozilbiy ibn Norbo’tabiy, ya’ni Muhammad Alixonning amakisi, kutib turgan edi. Ular barchasi birgalikda Qo‘qondan chiqarilib, Toshkent orqali yuz nafar sarboz kuzatuvida yo‘lga chiqishdi. Turkiston chegarasiga yetgach, Fozilbiy ibn Norbo’tabiy va Umarxonning sobiq soqchilar boshlig‘i Muhammad Yusuf Tunqotar shu yerning o‘zida boshi kesilib qatl etildi, Muhammad Hakimxon esa sarbozlar hamrohligida Chu vodiysigacha yetkazilib, u yerdan Rossiya yo‘nalishidagi savdo karvoni bilan yuborildi[5:490]. Bu voqealar shuni ko‘rsatadiki, Umarxonning o‘g‘illari to‘g‘ridan-to‘g‘ri avlodlaridan tashqari, Minglar sulolasining Shohruxbiy avlodidan bo‘lgan boshqa da’vogarlar ham mavjud edi. Ular ham o‘zlarini taxtga loyiq deb bilishgan. Umarxonning to‘ng‘ich o‘g‘li Muhammad Alixon (xalq orasida Madalixon) otasi vafoti paytida 16 yoshda edi va taxtga o‘tirdi. Muhammad Alixon 1822–1842-yillar davomida hukmronlik qildi. Uning davrini shartli ravishda uch bosqichga bo‘lish mumkin: 1.Davlat iqtisodiyoti va hududining kengayishi davri; 2. Ichki ziddiyatlarning kuchayishi va davlatning zaiflashuvi davri; 3. Xonlikning qulashi - Buxoro amiri Nasrulloh tomonidan bosib olinishi va xon oilasining yo‘q qilinishi davri. Hukmronligining dastlabki bosqichida Muhammad Alixon Olimxon va Umarxon siyosatini davom ettirib, qo‘shni qabilalarga qarshi yurishlar uyushtirdi. U Oloy tog‘lari yuqori qismida yashovchi qirg‘izlarni, shuningdek Ili va Chu oralig‘idagi qirg‘iz va qozoq qabilalarini bo‘ysundirdi, qo‘qonliklar tog‘li hududlarga kirib bordilar. Bu yerda aholining asosiy qismini tog‘li tojiklar tashkil etar edi: “...Qaratog‘(Qarategin) bo‘ysundirildi, Darvoz, Shug‘non, Rushon va Vahon esa nomigagina bo‘ysundi”, — deb yozadi manbalar (1834-yil).[7:722] Professor Sh. X. Vohidovning ta’kidlashicha: “...Qo‘qon hukmronligini Ko’lob, Hisor, Badaxshon, Darvoz, Matcha hududlari tan oldi.”[3:14] Muhammad Alixon hukmronligi yillarida ikki marta Sharqiy Turkistonga (Xitoy tarkibidagi musulmon viloyatlar) yurish uyushtirildi. Bu yurishlar islom bayrog‘i ostida — musulmon yerlarini “kofir” xitoylardan ozod qilish shiori bilan amalga oshirilgan bo‘lib, jihod ruhida kechgan. Birinchi yurish muvaffaqiyatsiz bo‘lgan bo‘lsa-da, Madalixon “dinning himoyachisi” sifatida obro‘ qozondi va o‘zini g‘oziy (ya’ni din yo‘lida kurashchi) deb e’lon qildi. Bu uning siyosiy nufuzini oshirdi. Ikkinchi yurishdan so‘ng, 1832-yil 13-yanvar kuni Xitoy bilan sulh shartnomasi imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, Qo‘qon Sharqiy Turkiston musulmon aholisi hududidan boj va soliq yig‘ish huquqini oldi, bu esa Qo‘qonning siyosiy maqomini yanada ko‘tardi. O‘sha davrda xonning shaxsiy soqchilari tarkibi shunday edi: “...Qirq batir, qirq mirg‘an, ya’ni qirq otliq va qirq piyoda kamonchi, shuningdek maxramlar — ular avloddan-avlodga o‘tuvchi jangchilar edi”[2:69]. Manbalarda qayd
82 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc etilishicha, shu davrda xalq militsiyasi — “qora kaltak” (so‘zma-so‘z “qora tayoq”) saqlanib qolgan, majburiy umumiy safarbarlik “qil-quyruq” (“ot dumi”) va “alaman” (“xalq yig‘ini”) deb atalgan. Biroq Muhammad Alixon davrida uning shaxsiy hayotiga oid mojarolar siyosiy obro‘-e’tiboriga jiddiy putur yetkazdi. Muhammad Hakimxonga ko‘ra, bu voqealar Xonposhsho binti G‘ozibiy nomli ayol bilan bog‘liq bo‘lgan. U avval Umarxonning qonuniy rafiqasi edi, biroq Muhammad Alixon bu ayolga nisbatan kuchli hissiyotlar bildirgan. Umarxon vafotidan so‘ng, u din peshvolari orqali maxsus “rivooyat” (huquqiy fatvo) chiqarttirib, Xonposhshoni o‘z nikohiga olgan. Bu yosh xonning axloqiy jihatdan zaifligini ko‘rsatgan va jamiyatda norozilik uyg‘otgan. Muhammad Hakimxonning yozishicha, bu nikohdan uch qiz tug‘ilgan[7:642]. U Qur’on oyatlariga tayanib, bu bolalarni “makta” (“yaramas, dushman nasl”) deb atagan [7:644]. Keyinchalik, Amir Nasrulloh Qo‘qonni bosib olgach, bu ayolni o‘zi bilan Buxoroga olib ketib, unga uylangan. Muhammad Hakimxon keltirgan ma’lumotlarning to‘la aniqligini tasdiqlash qiyin, biroq u saroy muhitiga yaqin odam sifatida xonning shaxsiy hayotini yaxshi bilgan. Uning yozishicha, Madalixon faqat Xonposhsho oyim bilan emas, balki otasining boshqa bir yosh bevasiga, shuningdek o‘z amaldorlaridan biri — Bahodurxo‘janing rafiqasiga ham yaqin munosabatda bo‘lgan. Bu ma’lumotlar Madalixonning yoshligidagi axloqiy beqarorlik va siyosiy yetuklikdan uzoqligini yana bir bor tasdiqlaydi. Davlatning siyosiy hayotida yuzaga kelgan muammolar, “Anjum at-tavorix” muallifining yozishicha, asosan taxt uchun kurash bilan bog‘liq edi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri taxt da’vogarlari mavjudligi Qo‘qon xonligining tashqi dushmanlariga davlat ichki ishlariga aralashish uchun imkon yaratgan[13:169]. Shunday da’vogarlar orasida Olimxonning o‘g‘li — Ibrohimbek (1800–1810yillar), boshqa manbalarda Ataliqbek nomi bilan ham tilga olinadi. U hali Umarxon davrida uning buyrug‘i bilan surgunga yuborilib, Qoratog‘ (Qorategin) hukmdori Abdulazizshoh nazorati ostida bo‘lgan [7:144]. Ataliqbek Abdulazizshohning qiziga uylanib, keyinchalik Buxoroga o‘tib ketgan. 1250 hijriy yilda (1834–1835-yillar) Muhammad Hakimxon To‘ra va Bahodurxo‘ja Parvonachi (Qo‘qondan quvilgan, Muhammad Alixonning siyosiy raqiblari)ning maslahati bilan Buxoro amiri Nasrulloh uni harbiy qurol-aslaha bilan ta’minlaydi. Natijada uning atrofida Ko’lob, Qoratog‘ va Darvoz hukmdorlari to‘planadilar. Ularning qo‘shinlari Farg‘onaning janubiy chegaralariga yaqin joy — Xoit va Saripul (Qaratog‘ viloyati) atrofida to‘planadi. Bu haqida Muhammad Alixonga xabar etilganida, u qo‘shin to‘plab, uni Muhammadsharif otaliq, Muhammadquli parvonachi va Mirzo Rahim parvonachilar boshchiligida jangga yuboradi. Qo‘shinlar tog‘ dovonini kesib o‘tib, birinchi to‘qnashuvdayoq dushman ittifoqini tor-mor etishadi. Ataliqbek ibn Olimxon va uning tarafdorlari Buxoroga qochib ketadilar. Mirzo Rahim parvonachi Qoratog‘ hokimi etib tayinlanadi[13:186]. Bu yurish haqida Muhammad Hakimxon To‘ra batafsil yozgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha paytda tog‘li viloyatlar Darvoz hukmdori Sulton Mahmud tasarrufida bo‘lgan. Qo‘qon qo‘shinlari Qaratog‘ga yetib kelishidan ikki kun oldin, Ataliqbek Sulton Mahmud ruxsati bilan Buxoroga qaytgan. Qo‘qonliklarning yaqinlashgani haqida xabar topgan Sulton Mahmud darvozliklar, qorateginliklar va boshqa tog‘li qabilalarni o‘z bayrog‘i ostida to‘playdi. Xoit qal’asi bilan Saripul orasida qattiq jang bo‘lib, qo‘qonliklar g‘alaba qozonadilar. Sulton Mahmudning qo‘shini mag‘lubiyatga uchraydi, ko‘plab jangchilar asir olinadi, Sulton Mahmud esa bir necha yaqinlari bilan qochib qutuladi. Muhammad Hakimxon To‘ra ma’lumotlariga ko‘ra, “Anjum at-tavorix” muallifi aytganidek Mirzo Rahim emas, balki Muhammadquli parvonachi bu hududga hokim etib tayinlangan, keyin qo‘qonliklar ortga qaytganlar. Mazkur voqealar 1250 hijriy yil (1834–1835) atrofida yuz bergani Muhammad Hakimxonning ma’lumotlarini tasdiqlaydi. Uning yozishicha, keyinchalik Qoratog‘ hokimi etib Shohi parvonachi tayinlanadi[7;634-638].
83 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc Bu yurishlarning g‘oyaviy tashabbuskori, birinchi safardagi kabi, yana Muhammad Hakimxon To‘ra bo‘lganini “Anjum at-tavorix” muallifi alohida ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, Hakimxon To‘ra amir Nasrullohni bu yurish uchun Ataliqbekni yana qo‘zg‘atishga ko‘ndirgani aytiladi. Amir Nasrulloh jangovar lashkar tuzib, uni Ko’lob tomonga yuborgan. Keyingi voqealar shunday kechadi: Ko’lob hokimi Davudbek Ataliqbekni qabul qilib, unga yordam beradi. Bu hol Qoratog‘ hokimi Shohi parvonachiga ma’lum bo‘lgach, u Qo‘qon xoniga xabar beradi. Muhammad Alixon darhol qo‘shin yuboradi. Qo‘shin boshlig‘i — G‘ulomshoh qushbegi Badaxshoniy, 1831-yildan beri Toshkent hokimi edi. Qo‘qon qo‘shini Darvozdan Ko’lobga olib boruvchi tog‘ dovonini egallab, darvozliklarning Ko’lobliklar bilan birlashish yo‘lini to‘sadi. Shundan so‘ng Shohi parvonachi qo‘shini Darvoz yo‘nalishiga, G‘ulom qushbegi esa Ko’lob tomonga yuradi. Ataliqbek yana Buxoroga qochib ketadi. Ko’lob va Darvoz hokimlari qarshilik ko‘rsata olmay, bo‘ysunishga majbur bo‘ladilar [7;634-638]. Farg‘ona amirlari Davudbekni Ko’lob hokimi sifatida lavozimida qoldiradilar, biroq uning o‘g‘li Kattabek, qizi (ismi ko‘rsatilmagan) va bir necha nufuzli kishilar garov sifatida Qo‘qonga olib ketiladi. Darvoz hokimi Mahmudshoh esa lavozimidan olinib, oilasi va xizmatkorlari bilan Farg‘onaga yuboriladi[6:102]. Shohi parvonachi yana Qo‘qon tomonidan Qoratog‘ hokimi etib tayinlanadi; u bu hududni Darvoz bilan birlashtirib, xon nomidan boshqaradi. Ammo 1842-yildan boshlab, Buxoro amiri Nasrullohning Qo‘qonga bostirib kirishi bilan Darvoz yana mustaqillikka erishadi. Hatto bir muddat u Hisor va Ko’lob ustidan ham nazorat o‘rnatgan, biroq bu uzoq davom etmagan. Keyinchalik Qo‘qon bu hududni yana o‘z tasarrufiga olgan, Ismoilshoh davrida esa u vaqtincha mustaqil bo‘lgan[10:49]. Manbalarda qayd etilishicha, keyinchalik Ko’lob hokimi Davudbekning qizi Muhammadaminbekka — Madalixonning yagona o‘g‘li va merosxo‘riga turmushga berilgan. O‘sha paytda Muhammadaminbek Marg‘ilon hokimi bo‘lgan[6:103]. Yozma manbalar Qoratog’(Qorategin)ning Qo‘qon xonligiga tobe bo‘lganini tasdiqlaydi. Tarixiy tadqiqotlarda, xususan N. A. Kislyakov ma’lumotlariga ko‘ra, 1839-yilda qoratog‘liklar Qo‘qon hukmdori Muhammad Alixonga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targanlari qayd etilgan[1:55-56]. Shunday qilib, XIX asr tarixining katta qismida Qoratog’ Qo‘qon xonligi tarkibida bo‘lganligi yozma manbalar bilan tasdiqlanadi. Olimxonning harbiy yurishlari Qo‘qon hududining kengayishiga va uning to‘liq xonlikka aylanishiga olib keldi. Dashti Qipchoqni Qo‘qon tasarrufiga olish jarayoni Olimxon davrida boshlangan bo‘lib, Umarxon va Muhammad Alixon hukmronlik qilgan yillarda qozoq dashtlari tomon kengayish siyosati davom ettirildi. Toshkent va Dashti Qipchoq Qo‘qon xonligi tarkibiga kiritilgach, xonlik bilan qozoq dashtlari hamda Rossiya imperiyasi o‘rtasida faol savdo aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Yozma manbalarga ko‘ra, Muhammad Alixonning hukmronlik yillari Qo‘qon xonligi tarixidagi ravnaq va tanazzul davri bo‘lgan. Uning boshqaruvi davrida Qo‘qon xonligi hududini yanada kengaytirib, Qaratog‘, Darvoz hamda qirg‘iz, qoraqalpoq va qozoq ko‘chmanchi qabilalari yashaydigan yerlarga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Biroq ichki siyosatda Muhammad Alixon jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ygan — u Ming sulolasi a’zolari, o‘troq feodallar va ruhoniylar manfaatlarini e’tiborga olmagan. U davlatga sadoqat bilan xizmat qilgan ko‘plab kishilarni adolatli sababsiz qatl ettirgan yoki surgun qilgan, ularni o‘ziga muxolif deb hisoblagan. Hatto payg‘ambar avlodlari yoki islom tasavvufining yirik vakillaridan bo‘lgan shaxslar ham bu jazolardan mustasno bo‘lmagan. Natijada uning atrofiga ogohlik bilan nasihat bera oladigan biror kishi ham qolmagan. Muhammad Alixon asta-sekin davlat ishlaridan chetlashib, ov va bazmlarga mukkasidan ketgan. Shu holat esa oxir-oqibatda uning o‘zi, oilasi va butun davlatning halokatiga sabab bo‘lgan.
84 Vol. 5, No. 11 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc References: 1. Бабабеков Х.Н. Народные движения в Кокандском ханстве и их социальноэкономические и политические предпосылки (XVIII XIX вв.) / Х.Н. Бабабеков. – Ташкент: Фан, 1991. – 118 с. 2. Бейсембиев Т.К. «Тарихи Шахрухи» как исторический источник... – С. 69. 3. Бобоев Х. Хидиров З., Шодиев Ж, Ахмедова М. Ўзбек давлатчилиги тарихи. II китоб. – Тошкент, 2009. –Б. 472 4. Вохидов Ш. Кўкон хонлиги тарихи. - Тошкент, 2012. – Б.1771. 5. Иванов П. П. Очерки по истории Средней Азии (XVI – середина XIX вв.). – С.204–206. 6. Кисляков И. А. История Каратегина, Дарваза и Бадахшана. – Сталинабад, 1945. – С.102. 7. Мухаммадҳакимхон Тура. Мунтахаб ат-таворих / Форс-тожик тилидан тарж., мукаддима, изохлар ва курсаткичлар муаллифи Ш. Вохидов. – Тошкент: Янги аср авлоди, 2010. – 716 б. 8. Наливкин В. Краткая история Кокандского ханства. – Казань: Типография Императорского Университета, 1886. – 216 с. 9. Петровский Н. Очерки Коканского ханства //Вестник Европы. 1876. – С. 733-734; 10. Пирумшоев Х. Дарвазское шахство до присоединения к Бухарскому эмирату. – Душанбе, 1998. 11. Семенов А. А. Этнографические очерки Зарафшанских гор Каратыгина и Дарваза. – М., 1903. 12. Точир Хучандӣ. Гаройиби сипох / Мураттиб Саъдуллохи Асадуллох. – Хучанд, 1993. – 56 с. (на тадж. яз.) 13. Худоёрхонзода. Анжум ат-таворих. (Тарих юлдузлари) / Форс тилидан ўзбек тилига таржимон Ш. Вохидов.– Тошкент, 2010. – Б.219