scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

Internet-axborot muhitida yoshlarning siyosiy ijtimoiylashuvi va uning ijtimoiy konsolidatsiyaga ta'siri

SHAUMAROVA, Nigora

Abstract

Mazkur maqolada internet va ommaviy axborot vositalarining O‘zbekiston yoshlari orasida siyosiy ijtimoiylashuv jarayonlariga ko‘rsatayotgan ta’siri sotsiologik kontent tahlili usuli yordamida o‘rganilgan. Tadqiqot doirasida internet va OAVning yoshlarning siyosiy qarashlari hamda siyosiy jarayonlarda ishtirokini shakllantirishdagi o‘rni va ta’sir omillari tahlil qilingan. Shu maqsadda O‘zbekiston yoshlarining eng ko‘p kuzatadigan axborot saytlari va ijtimoiy tarmoqlari tahlil qilinib, ularda yoshlar ishtirokidagi siyosiy jarayonlarga nisbatan bildirilgan fikrlar, munosabatlar va izohlar o‘rganildi. Olingan natijalar yoshlar orasidagi siyosiy ijtimoiylashuv jarayonlarini chuqur tahlil qilish va ushbu jarayonni sotsiologik yondashuv asosida tushuntirish imkonini beradi.

Full text

RESEARCH AND DEVELOPMENT TADQIQOT VA TARAQQIYOT ISSN: 3030 – 3281 Volume II, Issue 11 (2025) © 2025, the Author(s). Published by IMFAKTOR. This is an open access article under the CC BY license http://creativecommons.org/licenses/by/4.0/ 34 Zamonaviy globallashuv va raqamli transformatsiya sharoitida jahon miqyosida kuzatilayotgan ishonch inqirozi, geosiyosiy qarama-qarshiliklar hamda “blokli tafakkur” stereotiplarining qayta jonlanishi milliy jamiyatlarda ijtimoiy birdamlik va konsolidatsiya masalalarini yanada dolzarb holga keltirmoqda. INTERNET-AXBOROT MUHITIDA YOSHLARNING SIYOSIY IJTIMOIYLASHUVI VA UNING IJTIMOIY KONSOLIDATSIYAGA TA’SIRI Nigora SHAUMAROVA¹ ¹ Mustaqil tadqiqotchi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti. https://doi.org/10.5281/zenodo.17657303 ANNOTATSIYA Mazkur maqolada internet va ommaviy axborot vositalarining O‘zbekiston yoshlari orasida siyosiy ijtimoiylashuv jarayonlariga ko‘rsatayotgan ta’siri sotsiologik kontent tahlili usuli yordamida o‘rganilgan. Tadqiqot doirasida internet va OAVning yoshlarning siyosiy qarashlari hamda siyosiy jarayonlarda ishtirokini shakllantirishdagi o‘rni va ta’sir omillari tahlil qilingan. Shu maqsadda O‘zbekiston yoshlarining eng ko‘p kuzatadigan axborot saytlari va ijtimoiy tarmoqlari tahlil qilinib, ularda yoshlar ishtirokidagi siyosiy jarayonlarga nisbatan bildirilgan fikrlar, munosabatlar va izohlar o‘rganildi. Olingan natijalar yoshlar orasidagi siyosiy ijtimoiylashuv jarayonlarini chuqur tahlil qilish va ushbu jarayonni sotsiologik yondashuv asosida tushuntirish imkonini beradi. Kalit so‘zlar: ijtimoiy konsolidatsiya, siyosiy ijtimoiylashuv, raqamli ijtimoiylashuv, internet, OAV, ijtimoiy tarmoqlar, raqamli muhit, yoshlar siyosati, mediatizatsiya, virtual kommunikatsiya, ijtimoiylashuv agentlari, siyosiy identifikatsiya, jamoatchilik fikri. POLITICAL SOCIALIZATION OF YOUTH IN THE INTERNET INFORMATION ENVIRONMENT AND ITS IMPACT ON SOCIAL CONSOLIDATION ANNOTATION This article applies the method of sociological content analysis to explore the influence of the Internet and mass media on the processes of political socialization among the youth of Uzbekistan. By examining the impact of online media, the study identifies key factors shaping young people’s political attitudes and their participation in socio-political life. The analysis focuses on the most frequently visited news websites and social networks among Uzbek youth, investigating user comments, reactions, and engagement with political events involving young people. The findings contribute to the development of a sociological framework for analyzing political socialization processes in the context of the digital information environment. Keywords: social consolidation, political socialization, digital socialization, Internet, mass media, social networks, digital environment, youth policy, mediatization, virtual communication, agents of socialization, political identification, public opinion. ПОЛИТИЧЕСКАЯ СОЦИАЛИЗАЦИЯ МОЛОДЕЖИ В ИНТЕРНЕТ-ИНФОРМАЦИОННОЙ СРЕДЕ И ЕЁ ВЛИЯНИЕ НА ОБЩЕСТВЕННУЮ КОНСОЛИДАЦИЮ АННОТАЦИЯ В статье с использованием метода социологического контент-анализа исследуется влияние интернета и средств массовой информации на процессы политической социализации молодежи в Узбекистане. На основе анализа содержания интернет-СМИ выявляются факторы, определяющие формирование политических взглядов и участие молодежи в общественно-политической жизни. В рамках исследования рассматриваются наиболее посещаемые молодежью информационные сайты и социальные сети страны, а также анализируются комментарии, отзывы и пользовательские реакции на политические события с участием молодых граждан. Полученные результаты позволяют сформировать социологический подход к изучению процессов политической социализации молодежи в условиях цифровой информационной среды. Ключевые слова: общественная консолидация, политическая социализация, цифровая социализация, интернет, средства массовой информации, социальные сети, цифровая среда, молодежная политика, медиатизация, виртуальная коммуникация, агенты социализации, политическая идентификация, общественное мнение. TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 11-SON | 2025 \ 35 Shu jarayonda internet OAV va ijtimoiy tarmoqlar yosh avlod ongi, dunyoqarashi va siyosiy xulq-atvorini shakllantiruvchi asosiy ijtimoiy muhitlardan biriga aylangan. O‘zbekistonda ham yoshlarning katta qismi axborotni avvalo raqamli manbalar orqali qabul qilmoqda. Bu holat ularning siyosiy ijtimoiylashuv jarayonlari nafaqat an’anaviy tarbiya va ma’naviy-ma’rifiy institutlar ta’siri, balki internet makonidagi diskurslar, ramzlar va manipulyativ axborot texnologiyalari orqali ham shakllanayotganini ko‘rsatadi. Bir tomondan, internet OAV va ijtimoiy tarmoqlar yoshlarga jahon va mamlakatdagi voqealardan xabardor bo‘lish, fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, jamoatchilik muhokamalarida ishtirok etish va ijtimoiy faollik ko‘rsatish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Boshqa tomondan esa, axborot filtratsiyasi, emotsional ta’sir, dezinformatsiya va “axborot pufaklari” kabi fenomenlar yoshlar ongida siyosiy qarashlarning keskinlashuvi, jamiyatda polaryatsiya, ishonch inqirozi va ijtimoiy parchalanish xavfini kuchaytiradi. Shu nuqtai nazardan, yoshlarning internet-axborot muhitidagi siyosiy ijtimoiylashuv jarayonlarini jamiyatdagi ijtimoiy konsolidatsiya omillari bilan bog‘liq holda o‘rganish muhim ilmiy vazifadir. Onlayn kontentning mazmuni, ramziy tizimi va qiymat yuklamasini sotsiologik kontent-tahlil usuli orqali tahlil etish, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy dasturlar hamda davlat siyosatining ushbu jarayonga integratsiyalashuvini aniqlash nazariy va amaliy ahamiyatga ega. Mazkur maqolada internet OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar ishtirokida kechayotgan siyosiy mavzular, fikr almashuvlar va izohlar tahlili orqali, bir tomondan, ularning siyosiy ijtimoiylashuv xususiyatlari, ikkinchi tomondan esa, ushbu jarayonning O‘zbekistonda ijtimoiy konsolidatsiyaga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omil sifatidagi o‘rni ilmiy asosda yoritiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Universal tamoyillar va qoidalarga asoslangan zamonaviy xalqaro hamkorlik tizimi jiddiy buzilishlarga duch kelmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri — global miqyosdagi ishonch inqirozidir. U, o‘z navbatida, geosiyosiy qarama-qarshiliklar va blokli tafakkur stereotiplarining qayta paydo bo‘lish xavfini keltirib chiqarmoqda. Bu o‘zaro ajralish jarayoni jahon iqtisodiyotining ilgari shakllangan rivojlanish iziga qaytishini va global ta’minot zanjirlarining tiklanishini murakkablashtirmoqda” [1]. Shuni alohida qayd etish lozimki, ishonch inqirozi mamlakat ichkarisida ham kuzatilmoqda, chunki zamonaviy inson global jarayonlardan doimo xabardor. Natijada xalqaro munosabatlar, ularning amalga oshirish tamoyillari va axborotga erkin kirish imkoniyati odamlar o‘rtasidagi kundalik suhbatlar va jamoaviy muhokamalarning markaziy mavzusiga aylanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar o‘smirlar hayotining ajralmas qismiga aylanib, ularning ijtimoiylashuvi va shaxs sifatida shakllanish jarayonida muhim rol o‘ynamoqda. Bugungi kunda o‘smirlar tobora ko‘proq vaqtlarini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazib, ulardan muloqot qilish, ma’lumot izlash, o‘zini ifoda etish hamda yangi ijtimoiy doiralar yaratish uchun foydalanmoqdalar. Shu bois ijtimoiy tarmoqlarning o‘smirlar ijtimoiylashuviga ta’sirini o‘rganish dolzarb ilmiy yo‘nalishlardan biri sifatida ahamiyat kasb etadi. Bir tomondan, ijtimoiy tarmoqlar o‘smirlarning ijtimoiy aloqalarini kengaytirib, turli guruh va jamoalarda ishtirok etish imkonini beradi hamda ijtimoiy ko‘nikmalar va qadriyatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Boshqa tomondan, ushbu platformalar o‘smirlarning o‘zini baholashi, dunyoqarashi va xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Metodologiya Ijtimoiylashuv jarayonini o‘rganishda sotsiologiya fanining asoschilaridan biri Emil Dyurkgeym alohida o‘rin tutadi. Uning ijtimoiylashuv konsepsiyasi falsafiy-ijtimoiy yondashuvga, ya’ni ma’naviyat nazariyasiga asoslangan [2]. Dyurkgeym ma’naviyatning jamiyatdagi o‘rni va vazifalarini tarbiya jarayoni bilan bevosita bog‘lagan. Unga ko‘ra, tarbiya – bu jamiyat fenomeni bo‘lib, shaxslarni ijtimoiylashuv jarayoniga jalb etish mexanizmini ifodalaydi. Olimning fikricha [3], ijtimoiylashuvning asosiy vazifasi jamiyatda birlik va yaxlitlikni ta’minlashdan iborat. Ijtimoiylashgan shaxs esa jamiyat manfaatlarini ustun qo‘yish, shaxsiy manfaatlarini umumiy maqsadlarga bo‘ysundira olish qobiliyatiga ega inson sifatida qaraladi. Inson ijtimoiylashuvining turli jihatlari sotsiologiya fanining ko‘plab klassiklari – O. Kont, A. Ketle, G. Spenser, U. Jeyms, G. Zimmel va boshqalar asarlarida ham o‘z aksini topgan. Shu bilan birga, ijtimoiylashuvga oid keyingi tadqiqotlarning rivojlanish yo‘nalishlarini asosan F. Giddings [4], E. Dyurkgeym [5] va M. Veber [6] tomonidan ilgari surilgan tamoyillar belgilab berdi. Zamonaviy g‘arb sotsiologiyasida shaxs ijtimoiylashuvini o‘rganishda amerikalik olim Tolkott Parsons nazariyasi alohida ahamiyatga ega. Unga ko‘ra, individ ijtimoiy hayotda faqat “qisman ishtirok” etadi, ya’ni u muayyan ijtimoiy rollarni bajarish orqali jamiyat hayotiga qo‘shiladi [7]. Parsons nazariyasiga binoan, rolli xatti-harakatlar individ maqomiga bog‘liq bo‘lib, maqom-rollar tizimi jamiyatning ijtimoiy tuzilmasining asosiy matritsasini tashkil etadi [8]. RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 11 | 2025 \ 36 Entoni Giddensning ta’rifiga ko‘ra, ijtimoiylashuv – bu yangi jamiyat a’zolari ijtimoiy me’yor va qadriyatlarni anglab yetadigan hamda shaxsiy identifikatsiyasini shakllantiradigan ijtimoiy jarayondir [9]. Shu bilan birga, inson hayotida ijtimoiylashuv jarayoni uzluksiz davom etuvchi, umr bo‘yi kechadigan jarayon sifatida namoyon bo‘ladi. Ijtimoiylashuvning mohiyatini to‘liq anglash uchun uning turlarini ajratib ko‘rsatish zarur. 1. Birlamchi ijtimoiylashuv – inson hayotining dastlabki bosqichi bo‘lib, aynan shu jarayonda shaxsning asosiy ijtimoiy ko‘nikmalari, bilimlari va qadriyatlari shakllanadi. Erta bolalik davrida birlamchi ijtimoiylashuvning asosiy agentlari ota-ona, aka-uka, opa-singillar hamda boshqa oila a’zolaridir. Ular ijtimoiy me’yorlarni o‘rgatish va muloqot asoslarini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu jarayon tug‘ilishdan boshlanib, butun bolalik davrida davom etadi hamda bolaning dunyo va jamiyat haqidagi dastlabki tasavvurlarini shakllantiradi. Ijtimoiylashuv bu faqat ta’lim berish emas, balki o‘zaro ta’sir jarayonidir, bunda bola ijtimoiy me’yorlarga moslashadi, ijtimoiy tizimda o‘z o‘rnini topishga harakat qiladi. Birlamchi ijtimoiylashuv muvaffaqiyatli kechgan taqdirda, individ jamiyat bilan samarali o‘zaro aloqada bo‘lish uchun zarur ijtimoiy kompetensiyalarga ega bo‘ladi. Bu jarayon, ayniqsa, postmodernistik noaniqlik va ko‘p interpretatsiyali dunyoda shaxsning moslashuvchanligini ta’minlaydi. 2. Ikkilamchi ijtimoiylashuv (resotsializatsiya) – bu shaxsning yangi ijtimoiy muhitga kirishi yoki jamiyatdan uzoq vaqt ajralganidan so‘ng qayta ijtimoiylashish jarayonidir. Masalan, kasb o‘zgartirish, boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tish yoki ozodlikdan mahrumlikdan so‘ng jamiyatga qaytish holatlarida ushbu jarayon kuzatiladi. Ikkilamchi ijtimoiylashuv kengroq ijtimoiy guruhlar va institutlarda – maktab, mehnat jamoasi yoki jamoat tashkilotlarida amalga oshadi. U yangi ijtimoiy rollar va ularning murakkab tarmoqlari bilan bog‘liq bo‘lib, shaxsning identifikatsiyasini o‘zgaruvchan holatga keltiradi. Raqamli texnologiyalar va kommunikatsiya imkoniyatlari kengaygan hozirgi davrda ikkilamchi ijtimoiylashuv jarayoni virtual muhit va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham kechmoqda. Bu esa yangi ijtimoiy aloqalarni shakllantirish va shaxsiy identifikatsiyani konstruksiyalash uchun imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, virtual muhit real ijtimoiy aloqalar uchun har doim ham to‘liq sharoit yaratmaydi; ayrim hollarda u shaxsni izolyatsiyaga olib kelishi yoki haqiqiy ijtimoiy munosabatlar haqidagi tasavvurlarni buzishi mumkin. 3. Gender ijtimoiylashuv – jamiyatda qabul qilingan gender rollarini o‘rganish, o‘zlashtirish va ularga moslashish jarayonidir. U tug‘ilishdan boshlanadi va butun umr davom etadi. Gender ijtimoiylashuvi yashash muhiti, ijtimoiy qadriyatlar tizimi hamda huquqiy va madaniy me’yorlar bilan chambarchas bog‘liqdir. 4. Ideologik ijtimoiylashuv – bu muayyan jamiyat yoki ijtimoiy guruhda ustuvor bo‘lgan mafkuraviy qarashlar va qadriyatlarni o‘zlashtirish jarayonidir. U bolalikdan boshlanadi va umr davomida davom etadi. Uning asosiy agentlari – oila, ta’lim muassasalari, diniy tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalaridir. 5. Etnik ijtimoiylashuv – shaxsning muayyan etnik guruhga xos bo‘lgan madaniy qadriyatlar, urf-odatlar, til va hayot tarzini o‘zlashtirish jarayonidir. Bu jarayon ham bolalikdan boshlanadi va oila, jamoat institutlari, ta’lim muassasalari hamda OAV orqali amalga oshadi. Ijtimoiy tarmoqlar va zamonaviy ijtimoiylashuv Zamonaviy globallashuv va raqamli transformatsiya jarayonlari internet hamda ommaviy axborot vositalarining yoshlar hayotidagi o‘rnini keskin oshirdi. O‘zbekistonda ham yoshlar axborotni asosan raqamli manbalar orqali olmoqda, bu esa ularning siyosiy va ijtimoiy ijtimoiylashuv jarayonlarida internet-OAVning rolini kuchaytirmoqda. Internet platformalari yoshlarning dunyoqarashiga bevosita ta’sir etuvchi muhim manba sifatida ularni milliy va global jarayonlarga jalb qiladi. Hozirgi o‘smirlar global miqyosdagi elektron muhit – ijtimoiy tarmoqlar olami bilan chambarchas bog‘langan. Bu sharoitda o‘smirlarning ijtimoiylashuvi o‘ziga xos hodisaga aylanmoqda, chunki ularni o‘rab turgan axborot makoni tobora siyosiylashib bormoqda. O‘smirlarning ijtimoiylashuvi ularning axborot makoni bilan o‘zaro ta’siri orqali amalga oshadi. Raqamlashtirish va globallashuv davrida, axborot oqimlari haddan tashqari ko‘paygan bir paytda, o‘smirlar ijtimoiy va siyosiy identifikatsiyani shakllantiruvchi turli g‘oyaviy ta’sirlarga duch kelmoqdalar. Internet bugungi kunda o‘smirlar uchun asosiy axborot manbai bo‘lib, ularni turli siyosiy kontekstlar va nuqtai nazarlar bilan tanishtiradi. Virtual platformalar o‘smirlarning siyosiy g‘oyalar, tendensiyalar va muhokamalar bilan faol muloqotda bo‘lishlari uchun maydon vazifasini bajaradi. Internet o‘smirlarga o‘z fikrini bildirish, jamoatchilik masalalariga munosabatini ifoda etish, hamfikrlar bilan muloqot qilish hamda turli nuqtai nazarlarni tahlil qilish imkonini beradi. Shu jihatdan, internet makoni o‘smirlar orasida siyosiy faollik va fuqarolik ishtirokini shakllantiruvchi muhim katalizator sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq bugungi jamiyat o‘ziga xos paradoksal holatga yuz tutmoqda – axborot tobora “ijtimoiy narkotik” tusini olmoqda. Internet OAV cheksiz axborot oqimini ta’minlagan holda, bir vaqtning o‘zida chalg‘ituvchi va ma’lumot toliqish holatlarini ham yuzaga keltiradi. Jamiyat “axborotga qaramlik” holatini boshdan kechirmoqda, natijada yangiliklar, “layklar” va qayta ulashishlar axborot iste’molining markaziga aylanib, insonda haqiqiy bilim o‘rniga vaqtinchalik qoniqish hissini shakllantiradi. TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 11-SON | 2025 \ 37 Ijtimoiy tarmoqlarda har bir foydalanuvchi ma’lum ma’noda siyosiy voqeliklarning kuzatuvchisiga aylanib, siyosiy muhokamalar va jarayonlar girdobida qoladi. Internet makonida siyosat faqat jamoatchilik maydonlari yoki yangilik manbalarida emas, balki foydalanuvchilarning kundalik muloqotlarida ham keng o‘rin egallaydi. Bunday sharoitda siyosiy faollik onlayn madaniyatning ajralmas qismiga aylanadi va foydalanuvchilar virtual dunyoda siyosiy voqealarga munosabat bildirib, o‘z siyosiy diskurslarini shakllantiradilar. Siyosiy identifikatsiya – bu insonning siyosat haqidagi tasavvurlarini shakllantirish jarayoni bo‘lib, u shaxsning muayyan siyosiy g‘oyalar, qadriyatlar va obrazlar bilan uyg‘unlikdagi o‘zini anglashini ifodalaydi. Ushbu jarayon madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy omillar hamda axborot makonining o‘zgaruvchanligi bilan belgilanadi. Postindustrial jamiyat sharoitida raqamli texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlar siyosiy axborot tarqalishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda, natijada siyosiy identifikatsiya jarayoni yangi o‘lchov va xususiyatlarga ega bo‘lmoqda. Siyosiy ijtimoiylashuvga kelsak, u yosh avlodning siyosiy qadriyatlari, dunyoqarashi va xulq-atvorini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. O‘smirlar siyosiy axborotni o‘zlashtirish jarayonida jamiyatning siyosiy tizimi bilan tanishadi, e’tiqodlar, me’yorlar va qadriyatlarni o‘zlashtiradilar. Demak, siyosiy ijtimoiylashuv ijtimoiy tarmoqlarning o‘smirlar ijtimoiylashuviga ta’sirini o‘rganishda asosiy konseptual yo‘nalish bo‘lib, unda axborotni tez qabul qilish, kontentga erkin kirish va jamoatchilik muhokamalarida faol ishtirok etish kabi omillar mujassamdir. Siyosiy ijtimoiylashuv – bu siyosiy bilimlar, e’tiqodlar, me’yorlar, qadriyatlar hamda siyosiy tizim bilan o‘zaro ta’sir tajribasini o‘zlashtirish jarayoni bo‘lib, siyosiy madaniyatning tarkibiy qismi sifatida kelajakdagi siyosiy xulq-atvorga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Siyosiy ijtimoiylashuvning eng aniq namoyon bo‘lish shakli sifatida saylov jarayonini keltirish mumkin. Saylovlarda fuqarolar nomzodlar va ularning dasturlari haqida axborot oladilar, uni shaxsiy qadriyatlari va e’tiqodlari nuqtai nazaridan baholab, siyosiy tanlov asosida ovoz beradilar. Bu jarayon ularning siyosiy bilimlarini, qarashlarini va xulq-atvorini shakllantirib, siyosiy madaniyatning rivojiga hissa qo‘shadi. Har bir inson siyosiy voqealar haqida muayyan tasavvurga ega bo‘ladi. Biroq o‘smirlar orasida siyosiy bilimlarning cheklanganligi sababli, mavjud masalalarga nisbatan biryoqlama qarashlar shakllanishi mumkin, bu esa mafkuraviy qotib qolish yoki radikal qarashlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Bunday holatda shaxsning siyosiy pozitsiyasi uning “vaziyatni anglash” darajasi bilan belgilanadi. Akademik tahlilga asoslanmagan, soddalashtirilgan axborot iste’moli esa siyosiy identifikatsiya jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Davlat va jamiyat munosabatlarida ommaviy axborot vositalari vositachilik rolini bajaradi, ular davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi axborot almashinuvini ta’minlaydi hamda muloqot platformasini yaratadi. XXI asr “chegaralarning yo‘qolish asri” va “yangi samimiyat davri” sifatida tavsiflanadi. Keng imkoniyatlarga qaramay, zamonaviy inson uchun o‘z hayot yo‘nalishini aniqlash va ijtimoiy o‘rnini belgilash tobora murakkablashib bormoqda. Siyosiy ijtimoiylashuv ijtimoiy tarmoqlarda ham faol namoyon bo‘ladi. Telegram, X (sobiq Twitter), VKontakte va Facebook kabi platformalarda foydalanuvchilar siyosatga oid fikrlarini bildiradilar, yangiliklarga izoh qoldiradilar va bahs-munozaralarda ishtirok etadilar. Biroq to‘liq siyosiylashuv jamiyat uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi, jamoaviy birdamlikni zaiflashtirishi hamda siyosiy ziddiyatlarni kuchaytirishi mumkin. Bunday qarama-qarshiliklar jamiyatda beqarorlik, ijtimoiy tarqoqlik va ishonch inqirozini keltirib chiqaradi. Internet OAV va siyosiy ijtimoiylashuv o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganish raqamli texnologiyalarning yosh avlod ongiga va fuqarolik faolligiga ko‘rsatadigan ta’sirini chuqurroq anglash imkonini beradi. Bu muammoni ilmiy o‘rganish o‘smirlarning axborot resurslari bilan o‘zaro ta’sir xususiyatlarini aniqlash, ularning siyosiy qarashlari va xulq-atvoriy modellari shakllanishidagi asosiy omillarni belgilash imkonini yaratadi. Bunday yondashuv internetning yangi avlod siyosiy madaniyati va faolligini shakllantirishdagi rolini baholashga hamda bu jarayonga ta’sir etuvchi ijobiy va salbiy omillarni aniqlashga yordam beradi. Shu jihatdan, mazkur masalani o‘rganish yoshlar bilan samarali ta’lim-tarbiyaviy va axborot ishlari yo‘lga qo‘yish, ularning ijtimoiysiyosiy hayotda faol ishtirokini ta’minlash uchun zarurdir [10]. Internet OAV va uning ta’sir mexanizmlari Ijtimoiy tarmoqlar. Internet OAV o‘z xabar va yangiliklarini tarqatishda Facebook, Instagram, X (sobiq Twitter) kabi mashhur ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadi [11]. Ushbu platformalar orqali nafaqat yangiliklarni e’lon qilish, balki so‘rovlar o‘tkazish, foydalanuvchilarning fikr-mulohazalarini yig‘ish hamda ular bilan bevosita muloqot o‘rnatish imkoniyati mavjud. Bu yondashuv internet OAVga o‘z auditoriyasining ehtiyojlariga moslashish va o‘quvchilar bilan barqaror aloqani mustahkamlash imkonini beradi. Ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatishning eng samarali vositalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. OAVning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy akkauntlari millionlab obunachilarga ega bo‘lib, bu axborotni keng auditoriyaga tezkor va samarali tarzda yetkazish imkonini beradi. Shu bilan birga, ko‘plab foydalanuvchilar yangiliklarni asosan shu manbalardan oladi, bu esa ijtimoiy tarmoqlarni jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi muhim kommunikatsion kanalga aylantirmoqda. RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 11 | 2025 \ 38 Bloglar. Ko‘plab internet OAV o‘z maqolalari, tahlillari va izohlarini joylashtirish, shuningdek, o‘quvchilar bilan interaktiv muloqot o‘rnatish uchun bloglardan foydalanadi. Bloglar internet OAV uchun eng keng tarqalgan axborot vositalaridan biri bo‘lib, ular nafaqat yangiliklar, balki mualliflik fikrlari, tahliliy sharhlar va ekspert izohlarini ham taqdim etadi. Bu esa o‘quvchilarni faol fikr bildirishga undaydi va OAV bilan auditoriya o‘rtasidagi o‘zaro aloqani kuchaytiradi. Video kontent. Internet OAV YouTube kabi platformalarda turli mavzularga oid videomateriallar – axborot lavhalari, ekspertlar intervyulari, ijtimoiy va siyosiy tadbirlarning jonli efirlari – orqali o‘z kontentini kengaytirmoqda. Video formatlar auditoriya e’tiborini kuchliroq jalb etadi, foydalanuvchilar uchun axborotni vizual tarzda qabul qilishni osonlashtiradi va ularni faol ishtirok etishga undaydi. Internet portallar. Ko‘pgina internet OAV o‘zining yangiliklar portallariga ega bo‘lib, ular orqali foydalanuvchilar yangiliklar, maqolalar, videolar va boshqa axborot resurslariga tezkor kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday portallar odatda qulay interfeys, mavzular bo‘yicha qidiruv tizimi va fikr-mulohaza bildirish imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Shu tariqa, OAV auditoriya bilan ikki tomonlama axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yadi. Messenjerlar. Internet OAVning axborot yetkazish vositalaridan yana biri – bu messenjerlar tizimi (WhatsApp, Telegram, Viber va boshqalar) bo‘lib, ular orqali yangiliklar real vaqt rejimida obunachilarga yetkaziladi. Bu yondashuv auditoriyani doimiy ravishda dolzarb axborot bilan ta’minlash imkonini beradi. Elektron axborot byulletenlari. Ayrim internet OAV o‘z o‘quvchilariga email orqali yangiliklar dayjestlari, maqolalar, intervyular va tahliliy sharhlarni yuboradi. Elektron xabarnomalarda ko‘pincha vebsaytga olib boruvchi havolalar bo‘ladi, bu esa o‘quvchilarning doimiy axborot oqimida qolishini ta’minlaydi. Push-xabarnomalar. Internet OAV yangi maqolalar va yangiliklar haqida o‘quvchilarni xabardor qilish uchun push-xabarnomalardan keng foydalanadi. Bunday xabarnomalar foydalanuvchilarning qurilmalariga bevosita yuborilib, yangiliklarning o‘z vaqtida yetib borishini ta’minlaydi. SEO-optimallashtirish. Internet OAV o‘z saytlarining qidiruv tizimlarida yuqori natijalarni egallashi uchun SEO (Search Engine Optimization) strategiyalaridan foydalanadi. Bu usul veb-saytning texnik ko‘rsatkichlarini yaxshilash, kontentni qidiruv tizimlariga moslashtirish va organik auditoriyani kengaytirishga xizmat qiladi. Reklama. OAV o‘z auditoriyasini kengaytirish va yangi o‘quvchilarni jalb etish maqsadida reklama strategiyalaridan ham foydalanadi. Ular qidiruv tizimlarida kontekstual reklama, ijtimoiy tarmoqlarda reklama, banner joylashtirish kabi usullar orqali saytlarga trafik oqimini oshiradi. Internet OAVning ta’sir va manipulyatsiya usullari Internet OAV (ijtimoiy tarmoqlar, bloglar, yangiliklar saytlari va boshqalar) o‘z auditoriyasiga turlicha ta’sir ko‘rsatish mexanizmlariga ega. Ushbu ta’sir ijobiy – ya’ni ijtimoiy foyda keltiruvchi shaklda, yoki salbiy — manipulyativ maqsadlarda qo‘llanishi mumkin. Internet OAV jamiyatda muayyan qarashlar, xulq-atvor modellari va jamoatchilik fikrini shakllantirish salohiyatiga ega. 1. Axborot filtratsiyasi. Ma’lumotlarni tanlab yoritish orqali ayrim voqealarni yashirish yoki ularning mazmunini buzib ko‘rsatish usuli. Ba’zi hollarda OAV o‘z siyosiy yoki iqtisodiy yo‘nalishiga zid mavzularni butunlay e’tibordan chetda qoldiradi. Natijada axborot xilma-xilligiga qaramay, biryoqlama fikrlash va cheklangan dunyoqarash shakllanadi. 2. Olamon boshqaruvi. Ma’lum g‘oya yoki nuqtai nazarni ommaviy qo‘llab-quvvatlanayotgandek ko‘rsatish uchun sun’iy auditoriyalar, botlar yoki “shturmoviklar”dan foydalanish usuli. Bunday texnologiyalar orqali muqobil fikrlar siqib chiqariladi, ayrim postlar yoki izohlar esa algoritmik ustuvorlik orqali keng auditoriyaga ko‘proq ko‘rsatiladi. Bu hodisalar odatda tabiiy foydalanuvchi faolligi sifatida ko‘rinadi, bu esa ularni aniqlash va nazorat qilishni qiyinlashtiradi. 3. Emotsional ta’sir. Sarlavhalar, vizual tasvirlar va kuchli emotsional ifodalar orqali auditoriya e’tiborini jalb qilish va hissiy reaksiya uyg‘otish usuli. Bunday kontent ijobiy yoki salbiy assotsiatsiyalarni kuchaytiradi, jamoaviy bahslarni qo‘zg‘aydi hamda axborotning tarmoq bo‘ylab tez tarqalishiga sabab bo‘ladi. Emotsional manipulyatsiyaning o‘ta salbiy shakli – virtual mobbing, ya’ni ma’lum shaxs yoki guruhga qarshi nafrat, bosim yoki agressiyani rag‘batlantirishdir. Ushbu manipulyativ mexanizmlar jamoatchilik fikriga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi, shuning uchun ularni o‘rganish va tahlil qilish zamonaviy sotsiologiya hamda kommunikatsiya tadqiqotlarining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. 4. Dezinformatsiya. Bila turib yolg‘on yoki buzib ko‘rsatilgan axborotni tarqatish orqali auditoriya ongini manipulyatsiya qilish usuli. Bu jarayonda ma’lumotning xolis va ishonchli ko‘rinishini yaratishga qaratilgan propagandistik texnikalardan foydalaniladi. TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 11-SON | 2025 \ 39 Takroriy ta’kidlar, soxta manbalar yoki ma’lum kontekstlarning sun’iy taqdimoti orqali dezinformatsiya ishonchli axborot sifatida namoyon etilishi mumkin. Natijada auditoriyaning voqealarni qabul qilish va baholash mexanizmlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatiladi. 5. Vizual effektlar. E’tiborni jalb qilish va axborotning ishonchliligini oshirgandek ko‘rsatish maqsadida rang, shakl va dizayn elementlarini o‘zgartirish orqali ta’sir o‘tkazish usuli. Ushbu manipulyatsion texnika professional grafik vositalar yordamida ob’ektivlik illyuziyasini yaratadi hamda auditoriyaning voqealarni qabul qilish tarziga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Bunday usullar ayrim hollarda hukumat darajasidagi axborot siyosatida, shuningdek, mustaqil yoki muxolif internet OAV tomonidan ham qo‘llanilishi mumkin. Ularning keng qo‘llanilishi dezinformatsiya oqimini kuchaytiradi, salbiy yoki buzilgan qarashlarning shakllanishiga olib keladi. Shu sababli manipulyatsiya usullarini aniqlash, tushuntirish va ularga qarshi immunitetni shakllantirish jamiyatni axborot tahdidlaridan himoya qilishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, internet OAV faoliyati sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish orqali manipulyativ ta’sirlarning oldini olish choralari kuchaytirilishi lozim. Xulosa Internet OAV bugungi kunda virtual reallik yaratish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu makonda foydalanuvchilar o‘z qiziqishlari va qarashlariga mos kontentni tanlab, ular bilan cheklanib qolmoqdalar. Natijada inson o‘ziga zid fikrlarni istisno qiladi, bu esa ideologik vakuum paydo bo‘lishiga va xolis fikrlash salohiyatining pasayishiga olib keladi. Shaxs o‘z qarashlarini tasdiqlovchi kontentni iste’mol qilgani sari turli nuqtai nazarlarni tahlil qilish ehtiyoji yo‘qoladi, e’tiqodlar esa yanada mustahkamlanadi. Bu holat fikrlar xilma-xilligini cheklaydi, ideologik filtrlash mexanizmini kuchaytiradi va jamiyatda qutblashgan tafakkur muhitini yuzaga keltiradi. Raqamli axborot makonida yoshlarning siyosiy ijtimoiylashuv jarayoni bugungi kunda tezkor, ko‘pqirrali va ta’sirchan tus olgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, onlayn maydonda tarqalayotgan siyosiy axborot, fikr almashinuvlar va jamoatchilik muhokamalari yoshlar dunyoqarashi, siyosiy identifikatsiyasi hamda fuqarolik pozitsiyasini shakllantiruvchi muhim omilga aylangan. Internet OAVdagi plyuralizm, erkin fikr bildirish imkoniyatlari va raqamli muloqot madaniyatining kengayishi yoshlar siyosiy faolligini oshirgan bo‘lsa-da, shu bilan birga manipulyativ axborot, dezinformatsiya va “axborot pufaklari”ning kuchayishi ijtimoiy konsolidatsiyaga xavf tug‘dirmoqda. Tadqiqot shuni tasdiqlaydiki, raqamli muhitdagi siyosiy ijtimoiylashuv bir tomondan ijtimoiy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilsa, boshqa tomondan, axborot xavfsizligi, media savodxonlik va ma’naviy-ma’rifiy immunitet yetarli darajada ta’minlanmaganda, jamiyatda polaryatsiya jarayonlarini kuchaytirishi mumkin. Shu bois yoshlarning internet makonidagi siyosiy ijtimoiylashuvini ilmiy asosda o‘rganish, raqamli media jarayonlarini tahlil qilish va ularni ijtimoiy konsolidatsiya strategiyalari bilan uyg‘unlashtirish jamiyat barqarorligi va milliy birdamlikni ta’minlashda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot natijalari yoshlar bilan ishlashda zamonaviy raqamli yondashuvlarni keng joriy etish, media savodxonlik siyosatini kuchaytirish hamda ma’naviy-ma’rifiy dasturlarni internet muhitiga integratsiya qilish zarurligini ko‘rsatadi. RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 11 | 2025 \ 40 Iqtiboslar 1. Мирзиёев Ш. М. Самаркандский саммит ШОС: диалог и сотрудничество во взаимосвязанном мире. [Электронный ресурс]. URL: https://president.uz/ru/lists/view/5495. 2. Дюркгейм Э. О разделении общественного труда. Метод социологии. – Москва: Наука, 1991. – С. 570–575. 3. Арон Р. Этапы развития социологической мысли. Пер. с франц. – М.: Издательская группа «Прогресс»; Универс, 1993. 4. Giddens A. The Constitution of Society: Outline of the Theory of Structuration. Berkeley: University of California Press, 1984. – 402 p. 5. Дюркгейм Э. Моральное воспитание. Пер. с фр., вступ. ст. и примеч. А. Б. Гофмана. – Москва: Издательский дом Высшей школы экономики, 2021. – 456 с. 6. Weber M. Economy and Society: An Outline of Interpretive Sociology. Berkeley: University of California Press, 1978. – 1469 p. 7. Вебер М. О некоторых категориях понимающей социологии. // Избранные произведения. – М.: Прогресс, 1990. 8. Гиддингс Ф. Основания социологии. Киев–Харьков, 1898. 9. Гидденс Э., Саттон Ф. Основные понятия в социологии. Пер. с англ. Е. Рождественской, С. Гавриленко; под ред. С. Гавриленко. – 3-е изд. – М.: Изд. дом Высшей школы экономики, 2021. – 336 с. – (Социальная теория). 10. Центр «Ижтимоий фикр». Контент-анализ публикаций электронных СМИ Узбекистана на тему: «Молодежь в зеркале интернет-пространства». [Электронный ресурс]. URL: https://ijtimoiyfikr.uz/ru/issledovaniya/vse-issledovaniya/kontent-analiz-publikaciy-elektronnyhsmi-uzbekistana-na-temu-molodezh-v-zerkale-internet-prostranstva.htm. 11. Петрова Е. И. Интернет-СМИ и социальные сети: этапы конвергенции. [Электронный ресурс]. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/internet-smi-i-sotsialnye-seti-etapykonvergentsii/viewer. TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 11-SON | 2025 \ 41 ILMIY TAQRIZ Maqola: “Internet-axborot muhitida yoshlarning siyosiy ijtimoiylashuvi va uning ijtimoiy konsolidatsiyaga ta’siri” Muallif: Nigora Shaumarova, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti mustaqil tadqiqotchisi Mazkur maqola – “Internet-axborot muhitida yoshlarning siyosiy ijtimoiylashuvi va uning ijtimoiy konsolidatsiyaga ta’siri” – dolzarb mavzuga bag‘ishlangan bo‘lib, zamonaviy O‘zbekiston sharoitida raqamli kommunikatsiya va siyosiy madaniyat o‘zaro ta’sirini tahlil qiladi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi, nazariy asoslanish darajasi va amaliy ahamiyati yuqori bahoga loyiq. Maqolada muallif global raqamli transformatsiya jarayonlari fonida yoshlarning siyosiy ijtimoiylashuvini tahlil qilish orqali ijtimoiy konsolidatsiyaning zamonaviy mexanizmlarini ochib bergan. O‘zbekiston yoshlari hayotida internet va ijtimoiy tarmoqlarning kuchayib borayotgan rolini sotsiologik jihatdan talqin etish mavzuning dolzarbligini ta’kidlaydi. Ayniqsa, muallif “ishonch inqirozi” va “axborot pufaklari” kabi tushunchalarni mahalliy kontekstga moslashtirgan holda izohlab bergani ilmiy yondashuvning puxtaligidan dalolat beradi. Muallif Emil Dyurkgeym, T. Parsons, E. Giddens kabi klassik sotsiologlarning ijtimoiylashuv nazariyalariga tayanib, raqamli sharoitda bu konsepsiyalarni qayta talqin qilgan. Shuningdek, ijtimoiylashuvning turlari (birlamchi, ikkilamchi, gender, ideologik, etnik)ga kiritilgan keng izohlar mavzuning nazariy asosini boyitadi. Bu yondashuv maqolani nafaqat empirik, balki konseptual jihatdan ham mukammal qiladi. Tadqiqotda sotsiologik kontent-tahlil usulidan foydalanilgan bo‘lib, internet OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchi fikrlari, bahslar va izohlar tahlili orqali yoshlarning siyosiy xulq-atvori va identifikatsiyasi o‘rganilgan. Bunday empirik yondashuv sotsiologik tadqiqotlar uchun zamonaviy va dolzarb hisoblanadi. Tadqiqot natijalari raqamli muhitdagi siyosiy ijtimoiylashuvning ikki tomonlama – konstruktiv va destruktiv – ta’sirini aniq ko‘rsatadi. Muallifning asosiy ilmiy yangiligi – raqamli siyosiy ijtimoiylashuvni ijtimoiy konsolidatsiya bilan bog‘lab tahlil qilishidir. Bu yondashuv O‘zbekiston sotsiologiyasida nisbatan yangi bo‘lib, internet-makonni ijtimoiy birdamlikning omili sifatida ko‘rish imkonini beradi. Shuningdek, maqolada yoshlar bilan ishlashda media savodxonlik siyosatini kuchaytirish va ma’naviy-ma’rifiy dasturlarni raqamli muhitga integratsiya qilish bo‘yicha aniq takliflar berilgani uning amaliy ahamiyatini oshiradi. Tahlil mantiqan izchil, matn uslubiy jihatdan ravon va ilmiy terminologiya to‘g‘ri qo‘llangan. Adabiyotlar tanlovi asosli, sotsiologik va kommunikativ yondashuvlar uyg‘unlashtirilgan. Ayniqsa, “axborotga qaramlik”, “virtual mobbing”, “ideologik vakuum” kabi tushunchalarning ilmiy izohi maqolaga chuqurlik bag‘ishlaydi. Shunga qaramay, ayrim joylarda empirik natijalarning statistik ifodasi yoki so‘rov natijalariga tayangan ma’lumotlar keltirilsa, maqola yanada kuchliroq bo‘lardi. Umuman olganda, maqola zamonaviy sotsiologiya, media va siyosatshunoslik kesishgan nuqtasida joylashgan mukammal ilmiy ish bo‘lib, O‘zbekiston jamiyatida raqamli siyosiy madaniyatni shakllantirish va yoshlarning ijtimoiy faolligini rivojlantirish masalalariga ilmiy asos beradi. Ishning nazariy poydevori mustahkam, xulosalari esa amaliy siyosiy qarorlar ishlab chiqishda qo‘llanishi mumkin. Disclaimer © This scientific review has been prepared by the editorial board of the “RESEARCH & DEVELOPMENT” journal and is intended solely for use within the journal’s internal expert evaluation process and editorial activities. This review is protected by copyright law, and its content may not be distributed, reproduced, or used for commercial purposes without the prior permission of the editorial board. The review has been prepared to assess the scientific quality, content, and methodological aspects of the author’s (authors’) work. It does not represent the personal opinion of the author(s) nor should it be interpreted as the official position of the journal. The editorial board bears no responsibility for the implementation, outcomes, or consequences of the recommendations, conclusions, or comments contained in this review. The review is provided to ensure transparency in the editorial process and to maintain quality control over scientific publications.