QASIDA VA TARIF JANRI XUSUSIYATLARI: MAQTOV, TANTANAVORLIK VA TARIXIYLIK (I.Yusupov va E.Vohidov ijodi misolida)
Full text
161 QASIDA VA TARIF JANRI XUSUSIYATLARI: MAQTOV, TANTANAVORLIK VA TARIXIYLIK (I.Yusupov va E.Vohidov ijodi misolida) Djangabaeva Hurliman Chingisbaevna Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti doktoranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17703778 Annotatsiya: Ushbu ilmiy-qiyosiy tahlildagi maqolada qoraqalpoq adabiyotining ulugʻ shoiri Ibrohim Yusupov va oʻzbek adabiyotining yirik namoyondasi Erkin Vohidov ijodida qasida va taʼrif janrlarining funksional va estetik modernizatsiyasi masalasini koʻrib chiqiladi. I. Yusupovning «Qoraqalpoq haqida soʻz» tarifining (undagi «qalpoq» ramzi) tarixiyligi va maqtov xususiyatlari va E. Vohidovning «Oʻzbegim» qasidasi tarkibidagi tantanavorlik, tarixiylikning arxetipal va epik talqini hamda milliy maqtovning falsafiy asoslari ilmiy-nazariy jihatdan chuqur solishtiriladi. Maqolada har ikki shoirning klassik janrga milliy oʻzlikni anglash falsafasini singdirishdagi buyuk mahorati yoritilgan. Kalit soʻzlar: Qasida, taʼrif, faxriya, tantanavorlik, tarixiy arxetip, etnosimvolizm. Аннотация: В данной научно-сравнительной статье рассматривается вопрос функциональной и эстетической модернизации жанров касыда и таъриф в творчестве великого поэта каракалпакской литературы Ибрагима Юсупова и крупного представителя узбекской литературы Эркина Вахидова. С научно-теоретической точки зрения глубоко сопоставляются историчность и похвальные особенности определения И. Юсупова «Слово о каракалпаке» (символ «калпак») и торжественность в касыде Э. Вахидова «Узбегим,» архетипическая и эпическая интерпретация историзма, а также философские основы национальной похвалы. В статье освещается большое мастерство обоих поэтов во внедрении философии национального самосознания в классический жанр. Ключевые слова: Касыда, определение, похвала, торжественность, исторический архетип, этносимволизм. Abstract: This article in a scientific-comparative analysis examines the functional and aesthetic modernization of the qasida and ta'rif genres in the works of the great poet of Karakalpak literature Ibrahim Yusupov and the prominent representative of Uzbek literature Erkin Vakhidov. The historicity and praise features of I. Yusupov's definition of «A Word about the Karakalpak» (the symbol of the «cap») and the solemnity, archetypal and epic interpretation of historicity, as well as the philosophical foundations of national praise in E. Vakhidov's ode «Uzbegim» are deeply compared from a scientific and theoretical point of view. The article highlights the great skill of both poets in introducing the philosophy of national identity into the classical genre. Keywords: ode, definition, praise, solemnity, historical archetype, ethnosymbolism. Mumtoz Sharq she’riyatida qasida janri yuksak poetik mahorat, uslubiy nafosat va o‘ziga xos tantanavorlikni talab qilgan eng ulug‘vor she’riy formalardan biri hisoblanadi. Uning ildizlari arab va fors adabiyotiga borib taqaladi, ammo keyinchalik turkiy adabiyot, xususan, Alisher Navoiy va boshqa mumtoz shoirlar ijodida o‘zining cho‘qqisiga erishgan. An’anaviy qasidaning bosh maqsadi – madh (maqtov) bo‘lgan. U sultonlar, amirlar, din peshvolari yoki ulug‘ san’atkorlarni ulug‘lashga xizmat qilgan [1974: 121-
162 122]. Klassik qasida nasib (kirish), gurizgoh (ta'rif) va madh (asosiy qism) kabi qat’iy tarkibiy qismlarga ega bo‘lgan. Qoraqalpoq adabiyotida esa qasidaga monand tarif (qoraqalpoqcha ta’riyp) janri bo’lib, ta’rif (tasvir, madhiyaviy tavsif) janri, garchi dastlab qasidaning tarkibiy (kirish yoki lirik chekinish) qismi bo‘lsa da, Qoraqalpoq adabiy muhitida va og‘zaki ijod an’analarida alohida ahamiyat kasb etgan. Ta’rif, qoraqalpoq dostonchilik maktablarida va lirik asarlarda xalqning tabiat go‘zalligini, hayot tarzini, urf-odatlarini chuqur etnosimvolizm darajasida tasvirlash vositasiga aylandi. Bu, ta’rifni estetik tasvirdan, milliy qadriyatlarni ulug‘lovchi maqtoviy-falsafiy janr darajasiga ko‘targan. XX asrga kelib, Markaziy Osiyo adabiyotlarida qasida janri katta o‘zgarishlarga yuz tutdi. Maqtov obyekti yakka hukmdordan, butun bir xalqning tarixiy matonati, madaniy ildizlari va erkinlik ideallariga qaratildi. Bu tendensiya qasida va ta’rif janrlarining tarixiylik va tantanavorlik xususiyatlarini saqlab qolgan holda, ularni milliy o‘zlikni anglash falsafasiga singdirishga xizmat qildi. Ushbu tahlilning predmeti ham qasida va ta’rif janrlarining ushbu estetik va funksional evolyutsiyasini, ularning milliy-ma’naviyat asoslarini mustahkamlashdagi rolini yoritishdan iboratdir. Ibrohim Yusupov va Erkin Vohidovning qasida (qoraqalpoq adabiyotida tarif) janridagi yirik asarlari – milliy ruhning shijoatini, erkinlik va gʻururni mujassam etgan yuksak adabiy hodisalardir. Ushbu tahlilning predmeti har ikki asarning janriy meʼyorlarni qanday qilib milliy oʻziga xoslikning teran talqini uchun qayta ishlaganligini ilmiy metodlar orqali yoritishdan iborat. Ibrohim Yusupovning «Qoraqalpoq haqida soʻz» sheri oʻzining boshlanishidayoq adabiy munozaraga kirishadi. Shoir oʻzining lirik subyektini maqtovga (faxriya) tayyorlar ekan, sunʼiy ilmiy bahslardan voz kechishini qatʼiy eʼlon qiladi: Men talashib fazlu kamol, Birov bilan baslashmayman. Tarixchiga ochtirib fol, Moziy uchun baxslashmayman [Юсупов И. 1972: 11]. Bu satrlar bilan shoir oʻz xalqining qadriyatini ilmiy-siyosiy isbotlar orqali emas, balki yurakdagi gʻurur va badiiy haqiqat orqali asoslash yoʻlini tanlaydi. Bu ilmiy yondashuvda adabiy konsepsiya boʻlib, u milliy oʻzlikni anglashni akademik munozaralar doirasidan chiqarib, badiiy-falsafiy darajaga koʻtaradi. Asardagi eng yuksak tantanavorlik Tumaris arxetipi orqali yuzaga chiqadi. Tumaris — bu nafaqat tarixiy shaxs, balki ayolonaning mardlikdagi arxetipi, miloddan avvalgi davrlardan meros qolgan dasht jangovarligining timsolidir: Mard Tumaris – massagetning,
163 Qirq qizining urvog’iman. Farzandiman massagetning, Saxro qoraqalpog’iman [Юсупов И. 1972: 11]. Shoir oʻz ajdod-avlodlarini, etnik kelib chiqishini Tumarisga bogʻlab, qoraqalpoq xalqining kelib chiqishini «Skif-Sak sivilizatsiyasi»ning uzluksiz davomi sifatida tipiklashtiradi. «Saxro» soʻzi bu yerda faqat geografik joylashuvni emas, balki erkinlik, mustaqillik va yengilmaslik ruhiyati bilan sugʻorilgan hayot tarzini anglatuvchi keng maʼnoli simvolga (etnosimvolga) aylanadi. Bu, yevropacha oʻtmishni Rimo-Ellin merosiga bogʻlash kabi, Markaziy Osiyo xalqlari uchun hayotiy ahamiyatga ega boʻlgan qadimgi shon-sharaf bilan oʻzlikni anglash usulidir. I. Yusupovning taʼrif janridagi sherining mahorati «Qalpoq» timsolida eng teran ifodasini topadi. Shoir xalqni avvalo buyuk fazilatlari va etnik jihatlari boʻyicha taʼriflaydi: Qora tovon, qora fuqaro, Bobom ojar kishi bo’lgan. Ko’ngli oq, qalpog’i qora, Yov bilan ko’p ishi bo’lgan [Юсупов И. 1972: 11]. Bu parchadagi «Qora tovon, qora fuqaro» – xalqning tarixidagi qiyin davrlar va azob chekkanligini bildiruvchi diktomiya (qarama-qarshilik) yaratadi. Biroq, bu ijtimoiy qatlam tashqi bosqinchilarga (yov) qarshi turishda «ko’ngli oq, qalpog’i qora» boʻlgan matonatli ruhga ega. Bu yerda qalpoq tashqi koʻrinish (qora) va ichki ruh (oq) oʻrtasidagi uygʻunlikni aks ettiruvchi asosiy etnosimvolga aylanadi. Eng asosiy, falsafiy vasiyat esa maqtovni ekzistensial darajaga koʻtaradi: Gar yalang’och qolsang hamki, Bek bo’l, bola, qalpog’ingga [Юсупов И. 1972: 11]. Bu «Bek boʻl» buyrugʻi nafaqat ijtimoiy maqomni, balki har qanday sharoitda ham ruhiy mustaqillikni, shaxsiy suverenitetni saqlab qolishga qaratilgan chaqiriqdir. Qalpoqni yechmaslik orqali xonlarning ham, yovlarning ham hokimiyati rad etiladi. Bu, adabiy falsafada, insonning oʻzlik qadr-qimmatini moddiy dunyo ustidan qoʻyish tamoyilining yorqin badiiy talqinidir. Erkin Vohidovning «Oʻzbegim» qasidasi esa, I. Yusupovning taʼrifiy-simvolik yondashuvidan farqli oʻlaroq, klassik qasidaning epik tantanavorligi va keng qamrovli tarixiyligi usulidan foydalanadi. Vohidov qasidasining tantanavorligi onomastika (atoqli otlar bilan ishlash) mahoratiga asoslanadi. Shoir tarixni yashab oʻtgan shaxslar va joy nomlari zanjiri orqali aks ettiradi, bu esa asarga muayyan tarixiy maqom beradi: So‘ylasin Afrosiyobu, so‘ylasin O’rxun xati,
164 Ko‘hna tarix shodasida bitta marjon, o‘zbegim. Tog‘laring tegrangda go‘yo Bo‘g‘ma ajdar bo‘ldi-yu, Ikki daryo – ikki chashming, Chashmi giryon, o‘zbegim [Вохидов Е. 2000: 105]. Afrosiyob va Oʻrxun xatini bir qatorda tilga olish – bu xalqning yozma va ogʻzaki tarixining birlashgan qadimiyligini isbotlashdir. «Chashmi giryon» (yigʻlagan koʻz) metaforasi esa xalqning boshidan kechirgan biyoniy bosqinlar va zulmlar ogʻrig’ini ifodalovchi, dostonlardagi «marosiy» (alam-iztirob) unsurlariga ishora qiladi. Bu qism, qasidaning maqtov qismiga oʻtish oldidan xalqning qahramonligini asoslovchi fundamental poydevor hisoblanadi. Qasidadagi maqtovning eng yuksak tantanasi xalqning maʼrifat sohasidagi buyuk zotlariga qaratilgan. Bu maqtov nafaqat shon-sharaf, balki millatning global intellektual salohiyatini tasdiqlashdir: Ilmu she’rda shohu-sulton, Lek taqdiriga qul, O’z elida chekdi g‘urbat, Zoru-nolon, o‘zbegim [Вохидов Е. 2000: 106]. Shoir bu yerda buyuk zotlarning fojiasini (gʻurbat, zoru-nolon) ularning dahosi bilan yonma-yon qoʻyadi, bu esa ulugʻlikning qurbonlik talab etishini koʻrsatadi. Bu maqtovning choʻqqisi esa Navoiy maqomini xalqaro miqyosda belgilashda namoyon boʻladi: Menga Pushkin bir jahonu, Menga Bayron bir jahon, Lek Navoiydek bobom bor, Ko‘ksi osmon, o‘zbegim [Вохидов Е. 2000: 107]. Bu solishtirish shoir konsepsiyasining yorqin ifodasidir. Shoir oʻz xalqining buyuk ajdodlarini Gʻarb adabiy arxetiplaridan yuqori qoʻyish orqali, oʻzbek madaniyatining mustaqil va tengsiz qadriyatga egaligini eʼlon qiladi. «Koʻksi osmon» epiteti, Navoiyning ruhini va u yaratgan merosni jismoniy chegaralardan ustun qoʻyishini bildiradi. Ibrohim Yusupov va Erkin Vohidov ijodiyotidagi bu asarlar qasida va taʼrif janrlarining XX asrdagi eng muhim estetik gʻalabalari boʻldi. I. Yusupov folklorikafsonaviy ildizlarga qaytish (Tumaris), vasiyat formasi va etnosimvolizm (Qalpoq) orqali xalqning ruhiy erkinligini maqtov obʼyektiga aylantirdi. Uning asaridagi tantanavorlik ichki, falsafiy, yaʼni «Beklik» maqomiga erishish chaqirigʻidir. E. Vohidov esa epik uslub, keng xronologiya va onomastika orqali milliy-tarixiy sintezni yaratdi, xalqning maqtovini madaniy va intellektual ustunlik darajasiga koʻtardi. Uning qasidasidagi tantanavorlik esa tashqi, dostonona, xalqning butun dunyo oldidagi «gʻurur maqomi»ni eʼlon qilishdir.
165 Ikkala asar ham oʻz xalqining eng ogʻir davrlarida yaratilib, milliy adabiyotlarning maʼnaviy asoslarini mustahkamlagan, ilmiy va badiiy jihatdan yuksak ahamiyatga ega boʻlgan durdonalardir. Аdabiyotlar 1. Вохидов Е. Сайланма. III жилдлик, I жилд. – Тошкент: Шарқ. 2000. 2. Словарь литературоведческих терминов. – Москва: Просвещение. 1974. 3. Юсупрв И. Чўл тўрғайи. – Тошкент: Ғафур Ғулом. 1972.