FRAZEOLOGIK KOMPETENSIYA: FILOLOG TALABALARNING KASBIY NUTQNI RIVOJLANTIRISH OMILI
Full text
303 FRAZEOLOGIK KOMPETENSIYA: FILOLOG TALABALARNING KASBIY NUTQNI RIVOJLANTIRISH OMILI Nurımbetova Sarbinaz Keunimjay qızı Tayanch doktorant, Ajiniyoz nomidagi NDPI DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17704381 Annotatsiya: Ushbu maqolada filologiya talabalarida frazeologik kompetensiyani rivojlantirish masalalari ko'rib chiqiladi. Frazeologik birliklarni o'qitish usullari, jumladan, kontekstual tahlil, taqqoslash va dramatizatsiya keng yoritilgan. Talabalarning frazeologiya haqidagi bilimlarini baholash usullari ham tahlil qilingan. Kalit so‘zlar: frazeologiya, kompetensiya, metodologiya, kontekstual tahlil, interaktiv usul, taqqoslash. Аннотация: В статье рассматривается проблема развития фразеологической компетентности студентов-филологов. Широко освещаются методы обучения фразеологизмам: контекстный, анализ, сравнение, драматизация. Также анализируются методы оценки знаний студентов по фразеологии. Ключевые слова: фразеология, компетентность, методика, контекстный анализ, интерактивный метод, сравнение. Abstract: This article discusses the issue of developing phraseological competence of philology students. The methods used in teaching phraseological units - contextual, analysis, comparison, dramatization methods - are widely covered. Methods for assessing students' phraseological knowledge are also analyzed. Keywords: phraseology, competence, methodology, contextual analysis, interactive method, comparison. Hozirgi davr tilshunoslik ta’limida bo‘lajak filologlarning nazariy bilimlari bilan bir qatorda ularning nutqiy kompetensiyasini rivojlantirish masalasi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. «Kompetensiya» tushunchasi so‘nggi dvrlarda zamonaviy lingvistikada, ayniqsa, til ilmida faol qo‘llanilib kelayotgan tushunchalardan biridir. Shunga qarab, «kompetensiya» tushunchasi lotin tilidan kirib kelib, bizningcha «moslashuvchanlik», «samaradorlik», «natijalilik» kabi tushunchalar o‘rnida qo‘llanilib kelmoqda. Ayniqsa, «frazeologik kompetensiya – ya’ni barqaror so‘z birikmalarini anglash, ularning semantik va uslubiy xususiyatlarini tushunish hamda nutqda to‘g‘ri qo‘llay olish qobiliyati filologlar uchun zaruriy ko‘nikma hisoblanadi» [Xojiev A. 1973: 60]. Chunki frazeologizmlar tilning milliy-madaniy xazinasini aks ettiradi, xalqning tarixiy tajribasini, dunyoqarashini va ruhiyatini namoyon etadi. Shu boisdan, filolog talabalarning frazeologik kompetensiyasini rivojlantirish uchun samarali metodikalarni qo‘llash ta’lim sifatini oshiradi va kelgusida ularning ilmiy hamda pedagogik faoliyatida muhim o‘rin tutadi.
304 Frazeologik kompetensiya deganda shaxsning quyidagi qobiliyatlari nazarda tutiladi: - frazeologizmlarning semantik, grammatik va uslubiy xususiyatlarini bilish; - ularni nutqda faol qo‘llay olish; - frazeologizmlarda mujassamlangan milliy qadriyatlarni anglash; - turli tillardagi frazeologik birliklarni taqqoslay olish [Kunin A. 1996: 54; Cowie A. 1998: 112]. Frazeologik kompetensiya — bu tilning tayyor shakldagi barqaror birikmalarini (frazeologizmlar, idiomalar, maqol va matallar) to‘g‘ri tushunish, ularni nutqda faol qo‘llash va lingvomadaniy mazmunini izohlash qobiliyatidir. Tadqiqotchilar fikricha, frazeologik kompetensiya kommunikativ kompetensiyaning tarkibiy qismi bo‘lib, til egasining nutqiy madaniyatini belgilaydi. Frazeologik kompetensiya atamasida kommunikativ kompetensiyalarning ma’lum bir qismi va nutqiy va ijtimoiy – madaniy kompetensiyalarni amalga oshirish layoqati tushunchasida ifodalanadi. Filolog talabalar uchun frazeologizmlarni puxta o‘zlashtirish ikki jihatdan ahamiyatlidir: • ularning nutqiy madaniyatini oshirish; • tarjima, lingvistik tahlil va ilmiy izoh berish qobiliyatlarini shakllantirish. Tadqiqotchi Sh.Abdullaev ta’kidlaganidek, «frazeologizmlarni o‘zlashtirish orqali tilshunos shaxs nafaqat til boyligini egallaydi, balki xalqning madaniy tafakkuriga ham kirib boradi» [Abdullaev Sh. 2005: 31]. Demak, bu kompetensiyaning shakllanishi nafaqat filologik bilimlarni, balki lingvokulturologik dunyoqarashni ham kengaytiradi. Tilshunoslar frazeologik kompetensiyani quyidagi tarkibiy qismlarga ajratadilar: a) Reproduktiv qobiliyat – tayyor frazeologizmlarni eslab qolish va nutqda qayta qo‘llash; b) Produktiv qobiliyat – frazeologizmlarni yangi nutqiy vaziyatlarda ijodkorona ishlata olish; c) Interpretativ qobiliyat – frazeologik birliklarning semantik va stilistik xususiyatlarini sharhlash; d) Madaniy kompetensiya – frazeologizmlar orqali xalqning urf-odati, qadriyatlari, milliy tafakkurini tushunish. Frazeologik kompetensiyani rivojlantirish metodikalarini shunday metodlar orqali ham tushuntirish mumkun: 1. Kontekstual tahlil metodi. Talabalarga badiiy, ilmiy-ommabop yoki publitsistik matnlardan frazeologizmlarni topish, ularning ma’nosini kontekst asosida tushuntirish
305 topshiriladi. Bu metod frazeologizmlarning haqiqiy nutqiy muhitda qanday ishlatilishini ko‘rsatadi. 2. Kommunikativ metodlar. Dialogik mashqlar: talabalar ikki yoki undan ortiq suhbatdosh ishtirokida frazeologizmlarni qo‘llab, turli nutqiy vaziyatlarni modellashtiradilar. 3. Interaktiv va o‘yinli metodlar. «Frazeologik domino», «Ma’nosini top», «Frazeologik zanjir» kabi o‘yinlar talabalarda qiziqishni oshiradi, yod olish jarayonini osonlashtiradi va musobaqaviy ruh orqali samaradorlikni ta’minlaydi [Nazarova D. 2019: 120]. «Munozara», «Intervyu», «Bahs-munozara» kabi mashqlarda frazeologizmlardan tabiiy foydalanish talab etiladi. Bular faqat so‘z boylikni orttirib qo‘ymasdan, talabalarning nutqida yangi ibora yoki so‘z birikmalarini joyida qo‘llay olishga va yangidan qo‘shilgan frazemalarning to‘g‘ri qo‘llanilishining tartibqoidalari bilan ham tanishadi. 3. Taqqoslash metodi. Ona tili va boshqa tillardagi frazeologizmlarni qiyoslash orqali ularning umumiy va farqli jihatlari aniqlanadi. Masalan, qoraqalpoq tilidagi «kewli tawday, kewli keń jaylawday» iborasi rus tilida «душа широка» tarzida ifodalanishi mumkin. Bu yondashuv lingvokulturologik kompetensiyani ham rivojlantiradi. 4. Frazeologik lug‘atlar bilan ishlash. Talabalarni mustaqil izlanishga yo‘naltirish maqsadida turli frazeologik lug‘atlardan foydalanish topshiriladi. Bu usul ularning ilmiytadqiqot ko‘nikmalarini mustahkamlaydi [Qilichev A. 2010: 75]. Shuningdek, iboralarning ma‘nolari bilan tanishish bilan birga, bir-birlariga sinonim, antonim va omonim varianttagi frazeologizmlarni ham o‘rganadi. 5. Rol o‘ynash va dramatizatsiya metodi. Bunda talabalarga hayotiy vaziyatlarni sahnalashtirish orqali frazeologizmlar amaliy nutqda qo‘llanadi. Masalan: «Do‘stlar davrasida», «Bozor savdosi», «Tana gapiradi» kabi mavzularda dialoglar tuzdirish kerak bo‘ladi. Va bu orqali ular harbir joyda o‘rni bilan qo‘llash kerak bo‘lgan frazeologizmlar bilan yaqindan tanish bo‘ladi. 6. Kognitiv metodlar. Frazeologik birliklarning etimologiyasini tahlil qilish – iboralarning kelib chiqishini izohlash, ular bilan bog‘liq tarixiy-madaniy voqeliklarni ochib berish. Konseptual xaritalar tuzish – biror mavzu doirasida turli frazeologizmlarni guruhlash va ular orasidagi semantik aloqalarni ko‘rsatish. 7. Interaktiv metodlar. Frazeologik lug‘atlar bilan ishlash: talabalarga qiyosiy tahlil topshiriqlari berish (masalan, o‘zbekcha va inglizcha frazeologizmlarni solishtirish). Multimedia vositalari: videoroliklar, elektron darsliklar, interaktiv viktorinalar orqali iboralarni eslab qolish.
306 8. Tarjima va madaniy yondashuv. Frazeologizmlarni o‘rgatishda ularning tarjimada qanday ifodalanishini tahlil qilish muhim. Masalan, o‘zbek tilidagi «qovog‘i solmoq» iborasi ingliz tilida «to frown» shaklida beriladi. Bu esa talabaga lingvistik tafakkurni kengaytirish imkonini beradi. 9. Frazeologik kompetensiyani baholash usullari. Talabalarning bilimlarini test savollari, esse yozish, tarjima mashqlari va og‘zaki suhbatlar orqali baholanadi. Shu jarayonda faqat yod olish emas, balki frazeologizmlarni ijodiy qo‘llash qobiliyati ham e’tiborga olinadi [Abduraxmonov G‘. 1992: 30]. Bu esa ularning frazemalarni joyida qo‘llay olish qobiliyatini yuqori darajaga olib chiqadi va nutqidagi takrorlanadigan so‘zlarning o‘rnini yangi so‘zlar egallashiga va so‘z fondining ortishiga olib keladi. Talabalarning frazeologik kompetensiyasini metodik tarafdan rivojlanishi amaliy misollar yordamida ko‘rsakgina kutilgan natijaga erishamiz. Bunda biz quyidagi ko‘rinishda olib borsak bo‘ladi: Sinonim-antonim asosida mashqlar: «kókke kóteriw» – «jerge urıw»; «baxıttan bası aylanıw» – «kewline qıl sıymaw». Metaforik asosni tahlil qilish: «qulaǵına quyıp qoyıw» – «eslep qalıw». Gap tuzish mashqlari: Talabalar yangi gaplar yaratib, frazeologizmlarni amalda qo‘llashga o‘rgatiladi. Xulosa qilib aytganda, filolog talabalarning frazeologik kompetensiyasini rivojlantirish ularning nutqiy mahoratini yuksaltiradi, milliy va jahon til madaniyatini chuqurroq anglashlariga yordam beradi. Zamonaviy interaktiv metodlardan foydalanish ta’lim jarayonini qiziqarli va samarali qiladi. Kontekstual tahlil, o‘yinli metodlar, taqqoslash va dramatizatsiya usullarining uyg‘un qo‘llanishi talabalarda nafaqat frazeologik bilimlarni, balki lingvokulturologik dunyoqarashni ham shakllantiradi. Shunday qilib, frazeologizmlarni o‘rgatish metodikasini takomillashtirish bo‘lajak filologlarning kasbiy kompetensiyasini yuksaltirishning muhim omillaridan biridir. Аdabiyotlar: 1. Abdullaev Sh. Frazeologiya va tilshunoslik masalalari. – Toshkent: Fan, 2005. – 31. 2. Cowie A. P. English Phraseology: A Coursebook. – Oxford: Oxford University Press, 1998. 3. Kunin A. V. Course in Phraseology. – Moscow: Higher School, 1996. 4. Qilichev A. Tilshunoslik nazariyasi va frazeologiya. – Toshkent: Fan va texnologiya, 2010. 5. Абдурахмонов Ғ. Т. Ўзбек тилида фразеологизмларнинг ўрганилиши. – Тошкент: Фан, 1992. 6. Назарова Д. Фразеологик компетенция ва унинг ривожланиш йўллари. – «Филология масалалари» журнали, №4, 2019. – Б. 115–121. 7. Хожиев А. Ўзбек тилининг фразеологияси. – Тошкент: Фан, 1973.