HUQUQIY MATNLARDA SINTAKTIK BIRLIKLARNING IFODALANISHI
Abstract
Mazkur maqolada huquqiy matnlarning sintaktik qurilishi va ularning huquqiy aniqlikni ta'minlashdagi oʻrni tahlil qilinadi. Huquqiy nutq boshqa funksional uslublardan qat'iy va murakkab gap tuzilmalari bilan ajralib turadi. P. M. Tiersma va R. C. Wydick qarashlariga tayangan holda ingliz tilidagi ergash gapli murakkab tuzilmalar, passiv konstruksiyalar va qat'iy modal fe'llar, shuningdek, oʻzbek tilidagi shartli ergash gaplar va izohli birliklarning huquqiy aniqlikni mustahkamlashdagi roli ochib beriladi. Sintaksis darajasidagi tahlil huquqiy normalarning til vositasida qanday ifodalanishi va ularning kommunikativ-pragmatik vazifalarini yoritishga xizmat qiladi.
Full text
75 HUQUQIY MATNLARDA SINTAKTIK BIRLIKLARNING IFODALANISHI Raxmatova Bahora Ibodulla qizi, Oriental universiteti Tillar-2 kafedrasi katta oʻqituvchisi Annotatsiya. Mazkur maqolada huquqiy matnlarning sintaktik qurilishi va ularning huquqiy aniqlikni taʼminlashdagi oʻrni tahlil qilinadi. Huquqiy nutq boshqa funksional uslublardan qatʼiy va murakkab gap tuzilmalari bilan ajralib turadi. P. M. Tiersma va R. C. Wydick qarashlariga tayangan holda ingliz tilidagi ergash gapli murakkab tuzilmalar, passiv konstruksiyalar va qatʼiy modal feʼllar, shuningdek, oʻzbek tilidagi shartli ergash gaplar va izohli birliklarning huquqiy aniqlikni mustahkamlashdagi roli ochib beriladi. Sintaksis darajasidagi tahlil huquqiy normalarning til vositasida qanday ifodalanishi va ularning kommunikativ-pragmatik vazifalarini yoritishga xizmat qiladi. Tayanch soʻz va iboralar: huquqiy matn, sintaksis, yuridik diskurs, aniqlik, pragmatika. Abstract. This article explores the syntactic structures of legal texts and their role in ensuring legal clarity and precision. Legal discourse differs from other functional styles by its rigid and complex sentence constructions, which are intended to minimize ambiguity and provide accurate interpretation. Drawing on the works of P. M. Tiersma and R. C. Wydick, the study highlights how long, multi-clause sentences and passive constructions in English, as well as conditional and explanatory clauses in Uzbek, serve to reinforce legal certainty. The analysis demonstrates that syntax not only conveys legal norms but also determines their communicative-pragmatic functions, ensuring consistency in legal practice. Keywords: legal texts, syntax, legal discourse, precision, pragmatics. Kirish. Huquqiy matnlar oʻzining murakkab, aniq va qatʼiy tuzilishi bilan boshqa funksional uslubdagi matnlardan tubdan farq qiladi. Bunday matnlarning asosiy vazifasi - huquqiy normalarni ifodalash, fuqarolar va tashkilotlarning huquq hamda majburiyatlarini belgilash, shuningdek, ushbu normalarni amaliyotda qoʻllash uchun zarur shart-sharoit yaratishdir. Shu bois, huquqiy matnlarning sintaktik qurilishi tasodifiy emas, balki yuridik mazmunni noaniqliksiz, qatʼiy va bir maʼnoda ifodalashga xizmat qiladi. Sintaksis darajasida tanlangan birliklar huquqiy normalarning izchil talqin qilinishini taʼminlash bilan birga, huquqiy amaliyotda xatolarga yoʻl qoʻymaslik vazifasini ham bajaradi. Tilshunoslikda ushbu masala keng tadqiq qilingan boʻlib, yuridik lingvistika vakillari huquqiy matnlardagi sintaktik birliklarning oʻziga xosligi haqida koʻplab ilmiy xulosalar bergan. Masalan, P. M. Tiersma shunday deydi: “Legal language is characterized by lengthy, complex sentence structures that aim to eliminate ambiguity”. Bu fikr shuni koʻrsatadiki, huquqiy matnlarda uzun va murakkab gaplarning qoʻllanishi ularni tushunishni qiyinlashtirishi mumkin boʻlsa-da, aslida bu sintaktik qurilishning maqsadi - huquqiy noaniqlikni oldini olishdir.
76 Shu nuqtai nazardan, huquqiy matnlarning sintaktik birliklari ikki tomonlama vazifani bajaradi: bir tomondan, ularning murakkabligi huquqiy aniqlikni taʼminlaydi; ikkinchi tomondan esa, ular huquqiy matnlarning lingvopragmatik xususiyatlarini shakllantiradi. Bu jihatni R. C. Wydick ham taʼkidlab oʻtadi: “Lawyers often draft provisions in such a way that every possible interpretation is covered, which results in highly complex sentence structures”. Demak, murakkab sintaktik qurilish huquqiy matnlarning eng muhim xususiyati boʻlib, ularning toʻgʻri talqin qilinishi va amalda qoʻllanishini kafolatlaydi. Oʻzbek tilidagi huquqiy matnlar ham mazkur umumiy tamoyillardan mustasno emas. Ular koʻpincha shartli ergash gapli qoʻshma gaplar, majhul nisbatdagi kesimlar va izohli konstruksiyalar orqali quriladi. Bu xususiyat, bir tomondan, huquqiy normalarning qatʼiyligini ifodalasa, ikkinchi tomondan, ularni turlicha talqin qilish imkoniyatini kamaytiradi. Ingliz tilidagi huquqiy matnlarda esa uzun va koʻp boʻgʻinli ergash gaplar, passiv konstruksiyalar, shuningdek, qatʼiy modal feʼllar (shall, must, may) keng qoʻllanadi. Huquqiy sintaksisning asosiy talabi - aniqlik va qatʼiylikdir. Bu jihatni R. C. Wydick quyidagicha izohlaydi: “Lawyers often draft provisions in such a way that every possible interpretation is covered, which results in highly complex sentence structures”. Yaʼni, huquqshunoslar huquqiy normalarni barcha ehtimoliy talqinlardan himoyalash maqsadida uzun va murakkab gaplardan foydalanadilar. Oʻzbek tilidagi huquqiy matnlarda asosan: – Shartli ergash gapli qoʻshma gaplar (masalan: Agar shaxs sud qarorini bajarmasa, u qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi); – Majhul nisbatdagi kesimlar (Jazoni ijro etish tartibi qonun hujjatlarida belgilab qoʻyiladi); – Izohli konstruksiyalar (Fuqarolarning shaxsiy huquqlari, jumladan, yashash joyini erkin tanlash huquqi kafolatlanadi). Ingliz huquqiy matnlarida esa quyidagi sintaktik birliklar keng tarqalgan: – Passiv konstruksiyalar (The contract shall be deemed void if obtained by fraud); – Modal feʼllar (shall, must, may), ular majburiyat va ruxsat darajasini ifodalaydi; – Bir necha boʻlakli ergash gapli tuzilmalar (If any person who is a party to the agreement fails to comply with the obligations, the agreement shall be terminated). Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida quyidagicha murakkab sintaktik tuzilmalar uchraydi: “Oʻzbekiston Respublikasida davlat hokimiyati tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʻlinishi prinsipiga asoslanadi.” Ingliz huquqiy matnidan esa: “The Minister conducting a review under this section must prepare a report on the result of the review and lay a copy of it before each House of Parliament.” (UK Constitutional Reform Act, 2005). Har ikkala misolda ham uzun va qatʼiy sintaktik tuzilmalar ishlatilgan boʻlib, ularning vazifasi huquqiy noaniqlikni bartaraf etishdir. Huquqiy matnlarda sintaksis nafaqat grammatik shaklni tashkil etadi, balki lingvopragmatik jihatdan ham muhim vazifani bajaradi. Sintaksisning bu funksional xususiyati huquqiy matnlarning asosiy kommunikativ maqsadlari – aniqlik, qatʼiylik
77 va talqinning bir xil boʻlishini taʼminlash bilan bogʻliqdir. Gaplarning murakkab sintaktik tuzilmalarda ifodalanishi orqali qonun normalarining izchil qoʻllanishi taʼminlanadi, talqin imkoniyatlari cheklanadi va huquqiy masʼuliyatning aniqligi kafolatlanadi. Avvalo, murakkab sintaktik qurilish qonun normalarining yagona va izchil qoʻllanishini taʼminlaydi. Qonunlarda qoʻllaniladigan ergash gapli konstruktsiyalar turli vaziyatlarda bir xil talqinni kafolatlab, sud amaliyotida normaning turlicha sharhlanishiga yoʻl qoʻymaydi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 21-moddasida quyidagicha jumla mavjud:“Agar shaxs oʻzining xattiharakatlari (harakatsizligi)ning ijtimoiy xavfli oqibatlarini oldindan koʻra bilgan boʻlsa va u oqibatlarning kelib chiqishini istamagan holda, lekin bunga ongli ravishda yoʻl qoʻygan boʻlsa, bunday qilmish jinoyat hisoblanadi.” Bu misolda ergash gaplar orqali norma qatʼiy belgilangan va talqinga imkon qoldirilmagan. Shuningdek, murakkab va aniq sintaktik qurilish matnni talqin qilish imkoniyatlarini cheklaydi. Qonun matni qanchalik qatʼiy shakllangan boʻlsa, uni turlicha izohlash ehtimoli shunchalik kamayadi. Ingliz huquqiy matnlarida ham shunga oʻxshash holat kuzatiladi. Masalan, Buyuk Britaniya qonunchligidagi Contracts Acts dan olingan jumlada shunday deyiladi:“A term of a contract may be enforced by a person who is not a party to the contract if the contract expressly provides that he may, or if the term purports to confer a benefit on him.” Bu yerda uzun ergash gapli murakkab tuzilma orqali norma izchil va qatʼiy shaklda berilgan. Bundan tashqari, huquqiy matnlarning sintaksisi huquqiy masʼuliyatning aniq belgilanishiga xizmat qiladi. Majhul nisbat va qatʼiy modal feʼllar (shall, must, lozim, shart) orqali majburiyat va javobgarlik aniq belgilanadi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunida quyidagicha jumla bor: “Davlat taʼlim muassasalari oʻquvchilarga qonunda belgilangan tartibda bepul taʼlim berishi shart.” Ingliz huquqiy matnlarida esa majburiyat odatda modal feʼllar yordamida ifodalanadi. Masalan, Buyuk Britaniya qonunchiligidan olingan quyidagi jumlada buni yaqqol koʻrish mumkin:“The Minister shall prepare a report on the result of the review and lay a copy of it before each House of Parliament.” Bu holatni mashhur tilshunos D. Crystal ham taʼkidlab, shunday deydi: “Legal English is a style designed to achieve maximum precision and minimize interpretative flexibility”. Yaʼni, huquqiy ingliz tili oʻzining sintaktik murakkabligi bilan birinchi navbatda aniqlikka erishishni, ikkinchi tomondan esa turlicha talqin qilish imkoniyatlarini maksimal darajada kamaytirishni maqsad qiladi. Xulosa. Huquqiy matnlarning sintaktik qurilishi ularning huquqiy aniqlik, qatʼiylik va pragmatik samaradorligini belgilovchi asosiy omillardan biridir. Oʻzbek va ingliz huquqiy matnlarida koʻplab umumiyliklar mavjud boʻlsa-da, ingliz tilida murakkab ergash gapli tuzilmalar va qatʼiy modal feʼllar koʻproq qoʻllanadi, oʻzbek tilida esa shartli ergash gapli qoʻshma gaplar hamda majhul nisbat asosiy sintaktik vosita hisoblanadi. Huquqiy matnlardagi sintaktik birliklarni tahlil qilish, huquqiy nutqning kommunikativ-pragmatik mexanizmlarini anglash imkonini beradi va amaliyotda huquqiy normalarning aniq qoʻllanishiga xizmat qiladi.
78 Foydalanilgan adabiyotlar 1.Crystal, D., & Davy, D. Investigating English Style. London: Routledge, 2013. – 272 b. 2.Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. Toshkent: Oʻzbekiston, 1992. – 98 b. 3.Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi. Toshkent: Adolat, 1994. – 352 b. 4.Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun. Toshkent: Adolat, 1997.– 40 b. 5.Raxmatova, B. I. q. Legal Texts and Their Functional Analysis in Applied Linguistics. 2025. – DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.15464154. 6.Tiersma, P. M. Legal Language. Chicago: University of Chicago Press, 1999. – 328 b. 6.United Kingdom. Constitutional Reform Act. London: The Stationery Office, 2005. – 184 p. 7.Wydick, R. C. Plain English for Lawyers. Durham, NC: Carolina Academic Press, 2005. – 212 b