POYKAND-ZARAFSHON VOHASINING UNUTILGAN DURDONASI
Abstract
Ushbu maqolada Zarafshon daryosining quyi oqimida, bugungi Buxoro vohasida, Buyuk ipak yoʻlida joylashgan Poykand shahri haqida ayrim ma'lumotlar beriladi. “Buxoro darvozasi”, “savdogarlar shahri” deya ta'rif berilgan ushbu shaharda asosan sugʻdlar istiqomat qilgan va savdoda muhium ahamiyatga ega boʻlgan.
Full text
206 POYKAND-ZARAFSHON VOHASINING UNUTILGAN DURDONASI Rustam Kabulov, Oriental universiteti katta oʻqituvchi rustamkabulov75[email protected]om ORCID: 0009-0005-0108-0887 Annotatsiya. Ushbu maqolada Zarafshon daryosining quyi oqimida, bugungi Buxoro vohasida, Buyuk ipak yoʻlida joylashgan Poykand shahri haqida ayrim maʼlumotlar beriladi. “Buxoro darvozasi”, “savdogarlar shahri” deya taʼrif berilgan ushbu shaharda asosan sugʻdlar istiqomat qilgan va savdoda muhium ahamiyatga ega boʻlgan. Kalit soʻzlar: Poykand, at-Tabariy, Ibn al-Xurdodbek, Ibn Faqih, Narshaxiy, Tabariy, Qutayba, Vamberi, savdogarlar shahri, boy shahar, sugʻdlar shahri. Annotation. This article provides some information about the city of Poykand, located on the Great Silk Road, in the lower reaches of the Zarafshan River, in the present-day Bukhara oasis. Described as the "gateway to Bukhara" and "city of merchants," this city was inhabited mainly by Sogdians and played an important role in trade. Keywords: Poykand, at-Tabari, Ibn al-Khurdadbek, Ibn Faqih, Narshahi, Tabari, Qutayba, Vamberi, city of merchants, rich city, city of the Sogdians. Markaziy Osiyo hududida qadimdan shakllangan shahar madaniyati jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida oʻrin tutadi. Buyuk ipak yoʻlining ustida joylashgan, Buxoro vohasi hududidagi Poykand qadimiy shahar harobalari bugungi kunda nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Sharq tarixining eng muhim yodgorliklaridan biri sifatida qaraladi. Uning geografik joylashuvi, siyosiy hamda iqtisodiy roli, madaniy qatlamlari va arxeologik topilmalari tarixiy jarayonlarni chuqur oʻrganishda muhim ilmiy manba boʻlib xizmat qilmoqda. Poykand nomi tarixiy manbalarda turli shakllarda uchraydi. Xitoy tarixchilati “Pati-yan”, arab tarixchilari at-Tabariy, Ibn al-Xurdodbek va Ibn Faqihlar “Madinat attujjor”-savdogarlar shahri deya taʼriflaganlar. Oʻrta asr yozma manbalarida esa shahar Boykand, Xitoy solnomalarida Bi nomlari bilan yuritilgan. Baʼzi tadqiqotchilar uning nomi forscha “pay” (oyoq) va “kand” (shahar) soʻzlaridan kelib chiqqan boʻlib, “chekka shaharyoki “yoʻl ustidagi shahar” degan maʼnolarni anglatadi. Bu shahar Xorazm, Xuroson va Eron tomondan Buxoroga kirish eshiklaridan biri sifatida joylashganini hisobga olsak, bu izoh tarixiy jihatdan asosli koʻrinadi. Zarafshon daryosining quyi oqimida jpylashganini hisobga olsak, shaharni “quyi shahar” deya tarif berilganini tushunish mumkin. Poykandning dastlabki shakllanishi haqida turli qarashlar mavjud. Ayrim tadqiqotchilar shahar negizini miloddan avvalgi VI–III asrlarga taalluqli deb biladilar. Bu davrda Zarafshon daryosining quyi oqimida sugʻorma dehqonchilik va hunarmandchilik asosida kichik manzilgohlar paydo boʻlgan. Keyinchalik ular yirik savdo-shahar markaziga aylangan.
207 Buxorodan qadimiyroq hisoblangan Poykand tabiiy tepalik ustiga qurilgan boʻlib, undagi ark qoʻrgʻoni -kvadrat, 90 x 90 mertlik shaklida qurilgan. Shahar tuzilishida qalʼa (ark), shahriston va rabod qismlari ajratiladi. Bu tipologiya Markaziy Osiyo shaharlari uchun xos boʻlib, Poykand ham umumiy madaniy anʼana doirasida rivojlanganini koʻrsatadi. Bu qadimiy-tarixiy shahar haqida xalq orasida turli-tuman rivoyatlar mavjud boʻlib, ulardan eng mashhuri - Firdavsiyning “Shoxnoma” dostonida Kayhusrav Poykandda olov ibodatxonasini qurib, uning devorida zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto” ni zarhal harflar bilan yozdirganligi haqidagi afsonadir. Poykand qadimgi Sugʻdiyona hududiga kirgan boʻlib uning ravnaqi bevosita uning geografik joylashuvi bilan bogʻliq. Shahar Buyuk Ipak yoʻlining muhim nuqtalaridan biri boʻlib, Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi iqtisodiy-madaniy aloqalarda vositachi vazifasini bajargan. Poykand savdogarlar shahri nomi bilan yuritilishiga sabab, birinchidan, Narshaxiyning yozishicha, Shahar aholisining aksariyati savdogar boʻlib, ular Xitoy va dengiz boʻyi mamlakatlari aholisi bilan savdo qilganlar va juda badavlat boʻlgan. Ikkinchidan shahar atrofidan 20 dan ortiq karvonsaroy qoldiqlari topilgan. Poykand savdoda juda muhim oʻrin tutgan va katta mavqega ega boʻlgan. Tabariy yozishicha, arablar yani Qutaybaning Poykandga bosqini arafasida shaharning boyligidan arablar hayratga tushganlar, hatto eritilgan oltin-kumush va anjomlar va butlarning tosh qolipidan 150 ming misqol miqdorda yombi ajratib olingan. Bu haqida venger shaqshunosi Xerman Vamberi oʻzining “Buxoro yohud Movorounnahr tarixi” kitobida toʻliqroq maʼlumot keltiriladi: “…bu shaharda arablar behisob oʻlja boylikni qoʻlga kiritgan edilar. Masalan, bir butxonada 40 ming dirham ogʻirlikdagi sof oltindan ishlangan sanamlar boʻlib, bittasining koʻzlari oʻrnida kaptar tuxumidek ikkita inju bor edi. Qutayba bularni oʻljaning bir qismi bilan birga Xajjojga yuboradi”. VIII asrning boshlarida arab lashkarlari Movarounnahrga bostirib kirgan davrda Poykand qattiq qarshilik koʻrsatgan. Tarixiy manbalarda shahar aholisi arab qoʻshinlariga qarshi bir necha bor jang qilgani qayd etiladi. Bosqinlardan soʻng Poykand yana tiklanadi, biroq asta-sekin siyosiy markaz sifatidagi mavqeini yoʻqotib, Buxoro shahrining siyosiy hukmronligi ostiga oʻtadi. IX– X asrlarda u hunarmandchilik va savdo markazi sifatida faoliyat yuritgan. Buyuk ipak yoʻli ustida joylashgan, bir zamonlar madaniyat va sanʼat, meʼmorchilik, hunarmandchilik va savdo rivojlanib, gullab yashnagan qadimiy Poykand shahri keyinchalik suvning yetib bormasligi va qurgʻoqchilik tufayli inqirozga uchrab XI–XII asrlarda xarobaga aylanadi. Ayrim manbalarda hattoki, Temuriylar davrida ham bu yerda kichik bir shahar boʻlganligi yozib qoldirilgan. Ilk sivilizatsiya oʻchoqlaridan biri boʻlgan Poykand shahrining qadimda shunchalik darajada yuksak taraqqiy topganligi ajdodlarimizning nechogʻlik yuksak va mukammal ilm-fan egalari boʻlganligidan dalolat beradi. Poykand harobalarida XX asrdan boshlab keng koʻlamli arxeologik izlanishlar olib borildi. Bu yerdan: sopol buyumlar, shisha idishlar, metall buyumlar va tangalari, ibodatxona qoldiqlari, mudofaa devorlari va minoralar topilgan.
208 Bugungi kunda Poykand xarobalari qisman qumlar ostida qolgan boʻlsa-da, u ilmiy izlanishlar, sayyohlik va madaniy merosni asrash nuqtai nazaridan muhim obʼyekt hisoblanadi. Poykand yodgorligi Oʻzbekiston Respublikasi milliy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan va UNESCOning Butunjahon merosi nomzodlari orasida koʻrib chiqilmoqda. Poykand tarixi Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining rivojlanish bosqichlarini yoritishda alohida ahamiyat kasb etadi. U qadimiy shaharsozlik anʼanalari, xalqaro savdo yoʻllaridagi mavqei, diniy-madaniy jarayonlar hamda arxeologik topilmalari bilan ilmiy tadqiqotlar uchun boy material manbaidir. Bugungi kunda Poykand nafaqat tarixchilar va arxeologlar, balki keng jamoatchilik uchun ham ajralmas madaniy meros sifatida qadrlanmoqda. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Бартолд В.В. Туркестан в эпоху монгольского нашествия. Москва, 1963. 2. Вамбери Х. “Бухоро ёҳуд Мовороуннаҳр тарихи”. Тошкент, 1990. 3. Асқаров, А. Ўзбекистон қадимги шаҳарлари. Тошкент: Фан, 1985. 4. Сагдуллаев А. Ўзбекистон тарихи қадимги даврлардан ХI асргача. Тошкент, 2001. 5. Uzbekistan.travel: “The settlement of Paykend – Pompeii of Asia” 6. Wikipedia sahifalari: “Paykend” (inglizcha va oʻzbekcha). 7. Turkestan Travel, Discover Uzbekistan va Central Asia Guide materiallari.