LIDERLIKNING IJTIMOIY-PSIXOLOGIK XUSUSIYATLARI
Abstract
Maqolada boshqaruv shakllari haqida mulohaza, liderlikning xususiyatlari xususida fikr olib boriladi. Shuningdek, rahbarga xos xususiyatlar, boshliq va lider oʻrtasidagi farq tahlil qilinadi. Maqolada qanday insonlar liderlik qobiliyatiga ega degan savolga javob topish mumkin. Boshqaruvda liderlikning ijtimoiy-psixologik xususiyatlari koʻrib chiqiladi.
Full text
315 LIDERLIKNING IJTIMOIY-PSIXOLOGIK XUSUSIYATLARI Oʻrozaliyeva Oʻlmasoy Kubay qizi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Psixologiya yoʻnalishi magistranti Oʻrozaliyev Oybek Abdujamol oʻgʻli, Oriental universitetining Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Annotatsiya. Maqolada boshqaruv shakllari haqida mulohaza, liderlikning xususiyatlari xususida fikr olib boriladi. Shuningdek, rahbarga xos xususiyatlar, boshliq va lider oʻrtasidagi farq tahlil qilinadi. Maqolada qanday insonlar liderlik qobiliyatiga ega degan savolga javob topish mumkin. Boshqaruvda liderlikning ijtimoiy-psixologik xususiyatlari koʻrib chiqiladi. Kalit soʻzlar: lider, boshliq, boshqaruv, parsipativlik boshqaruv uslubi, demokratik boshqaruv uslubi, liderlik boshqaruv uslubi, avtoritar boshqaruv uslubi, xarizmatik nazariya, vaziyatga bogʻliqlik nazariyasi, sintetik nazariya, jamiyat lideri. Abstract. The article discusses various forms of management and the characteristics of leadership. It analyzes the qualities specific to a leader, as well as the differences between a boss and a leader. The article also seeks to answer the question of what kind of people possess leadership abilities. The socio-psychological features of leadership in management are examined in detail. Keywords: leader, boss, management, participative management style, democratic management style, leadership management style, authoritarian management style, charismatic theory, contingency theory, synthetic theory, social leader. Yer yuzida inson yaralibdiki, u hamisha boshqalardan koʻra ustunroq, afzalroq va eng muhimi boshqalarga taʼsir oʻtkazish kuchiga ega boʻlishga intiladi. “Ichki istak boʻlsa, hech narsa insonni tanlagan yoʻlidan qaytara olmaydi” [1]. Har qanday sohada yetakchi boʻlish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Guruh ichida obroʻ qozonish, fikrlarining maʼqullanishi kimga yoqmaydi deysiz?! Baʼzan kishi oʻzini boshqarishga ojiz qoladi. Omma yoki guruh, qoʻyinki, ikki kishiga taʼsir oʻtkaza bilish osonmi?! Albatta, bu ish kimdadir oson, kimdadir juda mushkul. “Erishilmagan maqsad yoki vazifalar inson xulq-atvorini yoʻnaltirib harakatlantirib turadi” [2]. Har qanday idorada boshliq bor. Ularning hammasi ham lidermi?! Boshliqni sodda boʻlsa lapashang, qattiqqoʻl boʻlsa muomalasi yoʻq, bermasa xasis, bersa oz berdi deyishadi. Xullas, baribir deyishadi. Ammo, “Ivan Vasilevich kasbini oʻzgartiradi” filmida taʼkidlanganidek: “Shoh, shoh deysanlar, shohlarga ham osonmi?!”. Boshliq
316 osmondan tushib boshliq boʻlib qolmaydi. Yillar davomida qilgan mehnati, kasbiy tajribasi, bilimi, qobiliyati asosida shu darajaga erishadi. Har bir lider yoki boshliq oʻzicha individual va qaytarilmasdir. Boshliqqa xos xususiyatlar: -dunyoqarashning kengligi, global yondashuv; -uzoqni koʻra bilish va egiluvchanlik; -xolislik samimiyat va bagʻrikenglik; -oʻzgalar fikrini tinglash qobiliyati; -tashabbuskorlik va dadillik, tavakkalchilikka moyillik; -muntazam oʻz ustida ishlash va uzluksiz oʻqish; Boshliqda mustaqillik boʻlsa, unda oʻziga ishonch ham boʻladi. Boshliq jamoa aʼzolariga nisbatan talabchanligi haqida koʻp gapiriladi, lekin yaxshi boshliq, avvalo, oʻz-oʻziga talabchan boʻlishi kerak. Buyruq va topshiriqlar, odatda, taklif maʼnosida, boshqalarga nisbatan munosabat doirasida boʻlishi zarur. Har qanday boshliq uchun kerak boʻlgan muhim hislatlardan yana biri tom maʼnoda ziyoli, boshqacha qilib aytganda, madaniyatli boʻlishi kerak. Boshliq oʻzidagi madaniyatni avvalo muomalada, odamlar bilan kundalik muloqotlarda namoyon etmogʻi zarur. Muomala madaniyati bu - oʻrinli, aniq, qisqa, samimiy gapirish sanʼati va ikkinchi tomondan, suhbatdoshni tinglash qobiliyatidir. Boshliqning xodimi oʻrniga oʻzini qoʻyib koʻra olishi, uning his-kechinmalariga sherik boʻla olishi, empatiya hisi borligi, dialoglarda sabr-toqatlilik va boshqalar muloqot madaniyatining muhim tomonlaridir. “Jim turish nutqda ongli ravishda qoʻllanilsa, hech qayerda aynan shunday oltincha teng darajada boʻlmaydi” [6]. Darhaqiqat, oqil boshliq oʻrni kelganda maʼnoli sukut saqlaydi ham. Boshliq oʻz ishini puxta rejalashtirish qobiliyatiga ega boʻlgan, yaʼni har qanday sharoitda ham oʻsha muammo yoki ishga taalluqli barcha alternativ variantlardan eng toʻgʻrisi va maqsadga muvofigʻini tanlay oladigan, ishni toʻgʻri tashkil eta biladigan, yaʼni eng kam kuch va vaqt sarflab ishni uddalay oladigan odam boʻlishi lozim. Jamoa aʼzolari bilan samarali ishlash uchun boshliq, eng avvalo, ularning psixologiyasi va guruh psixologiyasini yaxshi bilishi zarur. Ingliz olimlari: “Oʻzgalar psixologiyasini bilish, ular ustidan hukmronlikning yagona yoʻlidir” deb yozishgan [4]. Boshqaruv uslublari toʻrt turga boʻlinadi: 1. Parsipativlik boshqaruv uslubi. 2. Demokratik boshqaruv uslubi. 3. Liberal boshqaruv uslubi. 4. Avtoritar boshqaruv uslubi. Boshqaruv uslubi nafaqat boshliq balki boshliq qoʻlida ishlaydigan xodimlar xarakteri, qobiliyati va xususiyatlariga, shuningdek, ish olib borilayotgan sohaga xam bogʻliq. Parsipativlik boshqaruv uslubini qoʻllaydigan rahbar shaxs haqida gapirsak, u avvalambor, oʻziga ishongan inson, yoshi katta, maʼlumot darajasi ham yuqori, xodimdagi tashabbus va intilishni qadrlaydi, undan ijodiy yondashuv va qadriyatlarga
317 sodiqlikni kutadi. Demokratik boshqaruv uslubida jamoada doʻstona munosabatlar rivojlanadi, rahbar guruh faolligi tarafdori, rasmiy tizimda shaxsiy manfaatlar ham nazarda tutilib, muloqot yuritishga keng yoʻl ochib beriladi. Liberal boshqaruv uslubida esa rahbar jamoada norasmiy tizimni rivojlantiradi va muvaffaqiyatga erishishda rasmiy, maʼmuriy shakldan koʻra jamoaning norasmiy munosabatlarini ustun qoʻyadi. Avtoritar boshqaruv uslubida guruhda hokimlikka intilish namoyon boʻladi, mansabga ruju qoʻyiladi. Boshliq u yoki bu uslubni qoʻllar ekan, jamoaning maqsadga intilishini taʼminlashi zarur. Qoʻl ostidagi xodimlarga xos boʻlgan psixologik hislatlar ham u yoki bu uslubni qoʻllashga asos yaratadi. Boshliq jamoani boshqarishda maqsadga erishish sharoitini yaratishi, xodimlar hissiyotiga befarq boʻlmasligi yuqori boshqaruv mahorati belgisidir. Lider kim? Liderlik (inglizcha: leader — yetakchi, boshlovchi soʻzidan) — umumiy bir ishni bajarishda boshqalarning yordami va harakatini birlashtiruvchi ijtimoiy taʼsir jarayoni. [3] Liderlik qobiliyatiga hamma ham ega, ammo uni har kim ham rivojlantira olmaydi. Liderlikni, menga qolsa, 99% harakat bilan roʻyobga chiquvchi qobiliyat deb atagan boʻlardim. Lider psixologiyada yaʼni guruh ichidagi munosabalarda oʻz shaxsiy fikrida qatʼiy tura oladigan, boshqalarni ham ishontira biladigan xususiyatga ega boʻladi. Liderlikni tushuntirishga harakat qilgan bir qancha nazariyalar mavjud boʻlib, ularga xarizmatik nazariya, vaziyatga bogʻliqlik nazariyasi va sintetik nazariyalar kiradi. Birinchisi — “Liderlik sifatlari nazariyasi” yoki xarizmatik nazariya mohiyati shuki, hamma ham lider boʻla olmaydi, ayrim shaxslardagina shunday yetakchi sifatlar mavjud boʻlib, ular shaxsning guruhda lider boʻlishini taʼminlaydi. Tashabbuskorlik, muloqotga kirisha olish, oʻziga ishonch, tez va toʻgʻri qaror qabul qilish — mana shunday liderlik sifatlari sanaladi. Lekin bu nazariya yuqoridagi sifatlar qanday namoyon boʻlib, qanday shakllanishini tushuntirib bera olmagan. Liderlikning vaziyatga bogʻliqlik nazariyasi lider vaziyatning mahsuli degan gʻoyani ilgari suradi. Har bir odamda liderlik sifatlari bor, lekin ayrim vaziyatlar ayrim shaxslarning oʻzlarini koʻrsatishlari, lider boʻlishlari uchun qulay hisoblanadi. Sintetik nazariya esa liderni guruhiy munosabatlarning bevosita mahsuli deb qaraydi. Liderning roʻyobga chiqishida guruhning birlamchi roʻlini eʼtirof etadi. Boshliq va lider farqi 1. Boshliqlar boshliq ekanliklarini hech ikkilamasdan ayta oladilar, liderlar esa “men liderman” deb jar solishmaydi 2. Boshliq faqat “men” deydi, lider esa “biz”. 3. Aksariyat hollarda, boshliqlar manman boʻlishadi, liderlar esa doʻstona. 4. Boshliqlar talab qiladi, liderlar doim shunchaki soʻrashadi. 5. Boshliqlar qoʻllarini bigiz qilib, oʻqdalib gapirishadi, liderlar qoʻllarini sizga tutadi.
318 6. Boshliqlar buyruq tarzida aytadi: “Yur”. Liderlar esa deydiki: “Qani ketdik!”. 7. Boshliqlar oʻz fikrining maʼqullanishini kutadi va talab qiladi, liderlar esa boshqalarni tinglaydi, mulohazalarni inobatga oladi . 8. Boshliqlar baʼzan jahl ustida xodimlarni kamsitadilar, liderlar esa har qanday vaziyatda jamoani ruhlantira oladilar. 9. Boshliq guruh aʼzolaridan maqsad yoʻlida foydalanadi, lider jamoaviy maqsadlar yoʻlida peshqadam. 10. Boshliqlar bitta xatoyingiz uchun jazolashi mumkin, lider esa aynan oʻsha nuqsoningiz ustida ishlaydi, yaxshi tomoningizni qidiradi, tayyorlaydi, rivojlantiradi. 11. Boshliqlar huddi shou biznesdagilardek qichqiradilar, liderlar esa hamisha muloyim. Liderlar ruhlantirish sanʼatini egallagan. 12. Boshliqlar xodimlardan oʻzini ustun koʻradi, liderlar esa xodimlariga xuddi boshliqqa murojaat qilayotgandek ehtiyotkor va oʻta samimiy munosabatda boʻladi. Xulosa shuki, boshliq, avvalo, liderlik xususiyatlarini shakllantira bilishi, jamoa guruh psixologiyasidan kelib chiqib boshqaruv uslubini tanlashi yoxud oʻz oʻrni bilan payti kelganda barcha boshqaruv uslublarini qoʻllay bilishi darkor. Biror marotaba “Dunyo boshligʻi” iborasini eshitganmisiz? Albatta, yoʻq! “Biznes lideri”, “Jamiyat lideri” – bular ajoyib unvon. Demak, boshliq bu shunchaki boshliq. Liderlik xususiyatiga ega boshliq esa jamiyatni, biror sohani oʻzgartirish, yaxshilash, yangilash va mukammallashtirish kuchiga ega boʻlgan haqiqiy bunyodkordir. Boshqaruvda liderlikning mislsiz imkoniyatlari bor. “Bitta ilmiy isbot-u dalilni qoʻlga kiritish men uchun fors saltanatiga hokimlilk qilishdan aʼloroqdir”, – degan ekan Demokrit. Ilmiy maʼlumot va dalillarga koʻra, lider jamoa aʼzolari psixologiyasiga oʻziga ishonch tuygʻusini singdira oladigan shaxs ekan. Boshliq tom maʼnoda ham rasmiy, ham norasmiy lider boʻla olgandagina maqsadlar roʻyobining haqiqiy mazasini tota oladi. Foydalanilgan adabiyotlar 1. “Tortish kuchi kaliti” Jo.Vitali “Davr press” – 2018. 17-bet. 2. “Umumiy psixologiya” D.Gʻ. Muhammedova N.M. Mullaboyeva A.I.Rasulov Toshkent-2017 Oʻz.MU 5210200 – psixologiya taʼlim yoʻnalishlari uchun darslik 222bet. 3. uz.m.wikipedia.org 4. “Sotsial psixologiya” V.Yu.Axrorov Samarqand SamDu nashri 2020. 213-bet. 5. “Psixologiya tarixi” N.S. Joʻrayev D.A.Saliyeva N.A.Sultonova Toshkent - “Noshir”-2019. 35-bet. 6. “Oʻz-oʻziga ishonch hosil qilish va omma oldida soʻzlash sanʼati” Deyl Karnegi Toshkent -“Yangi asr avlodi” – 2021. 369-bet.