scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

SIFATLASH BADIIY NASRNING MUHIM VOSITASI (ODIL YOQUBOV ASARLARI MISOLIDA)

ERGASHEVA, Dilrabо

Abstract

Mazkur maqolada badiiy nasrning muhim tasviriy vositalaridan biri bo‘lgan sifatlashlar orqali Odil Yoqubov o‘z qahramonlarining xarakter xususiyatlari hamda ularga xos ruhiy kechinmalarni yoritishda til vositalaridan foydalanish mahorati lingvopoetik nuqtayi nazardan tahlil qilingan. Sifatlashlarning badiiy nutqqa xos umumuslubiy vosita sifatidagi o‘rni va ularning badiiy nutqning barcha turlarida qo‘llanish xususiyati yozuvchi asarlaridan olingan matnlar asosida yoritib berilgan. Maqolada sifatlashlarning obrazlilik darajasi, emotsional-ekspressiv bo‘yoqdorlikning kuchliligi bilan aniqlovchilardan farqlanishi, shuningdek, badiiy matnda ijodkorlar tomonidan qahramonlarning ruhiy holati va xarakterini tasvirlashda samarali qo‘llanishi haqida fikr yuritilgan. Odil Yoqubov asarlarida uchraydigan “mudhish o‘y”, “mudhish qo‘rquv”, “ma’yus yuz”, “ma’yus chehra”, “tizginsiz iztirob”, “mas’ud damlar”, “tizginsiz bir dard”, “mungli ovoz”, “o‘ychan nigoh”, “so‘lgin yuz”, “g‘am-anduhga to‘la ovoz”, “sovuq muomala”, “kinoyali tabassum” kabi sifatlashlarning lingvopoetik tahlili keng yoritilgan.

Full text

RESEARCH AND DEVELOPMENT TADQIQOT VA TARAQQIYOT ISSN: 3030 – 3281 Volume II, Issue 11 (2025) © 2025, the Author(s). Published by IMFAKTOR. This is an open access article under the CC BY license http://creativecommons.org/licenses/by/4.0/ 84 SIFATLASH BADIIY NASRNING MUHIM VOSITASI (ODIL YOQUBOV ASARLARI MISOLIDA) Dilrabо ERGASHEVA ¹. ¹ Termiz davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD). https://doi.org/10.5281/zenodo.17732850 ANNOTATSIYA Mazkur maqolada badiiy nasrning muhim tasviriy vositalaridan biri bo‘lgan sifatlashlar orqali Odil Yoqubov o‘z qahramonlarining xarakter xususiyatlari hamda ularga xos ruhiy kechinmalarni yoritishda til vositalaridan foydalanish mahorati lingvopoetik nuqtayi nazardan tahlil qilingan. Sifatlashlarning badiiy nutqqa xos umumuslubiy vosita sifatidagi o‘rni va ularning badiiy nutqning barcha turlarida qo‘llanish xususiyati yozuvchi asarlaridan olingan matnlar asosida yoritib berilgan. Maqolada sifatlashlarning obrazlilik darajasi, emotsional-ekspressiv bo‘yoqdorlikning kuchliligi bilan aniqlovchilardan farqlanishi, shuningdek, badiiy matnda ijodkorlar tomonidan qahramonlarning ruhiy holati va xarakterini tasvirlashda samarali qo‘llanishi haqida fikr yuritilgan. Odil Yoqubov asarlarida uchraydigan “mudhish o‘y”, “mudhish qo‘rquv”, “ma’yus yuz”, “ma’yus chehra”, “tizginsiz iztirob”, “mas’ud damlar”, “tizginsiz bir dard”, “mungli ovoz”, “o‘ychan nigoh”, “so‘lgin yuz”, “g‘am-anduhga to‘la ovoz”, “sovuq muomala”, “kinoyali tabassum” kabi sifatlashlarning lingvopoetik tahlili keng yoritilgan. Kalit so‘zlar: adiiy matn, sifatlash, tasviriylikni ta’minlovchi vositalar, leksik vositalar, lingvopoetik tahlil, badiiy nutq, badiiy individual sifatlashlar, obrazli idrok etish. EPITHETS AS AN IMPORTANT DEVICE OF LITERARY PROSE (BASED ON THE WORKS OF ODIL YOQUBOV) ANNOTATION This article provides a linguopoetic analysis of Odil Yoqubov’s mastery in employing linguistic means to reveal the character traits and psychological experiences of his heroes through epithets, one of the key figurative devices of literary prose. Based on excerpts from the writer’s works, the study highlights the role of epithets as a common stylistic tool of artistic discourse and examines their use across different types of literary expression. The article discusses how epithets differ from ordinary attributes in terms of imagery and emotional-expressive intensity, emphasizing their effective application by authors in depicting the psychological states and character traits of literary characters. A comprehensive linguopoetic analysis is presented of epithets frequently found in Odil Yoqubov’s works, such as “terrible thought,” “horrifying fear,” “melancholy face,” “sad expression,” “unrestrained torment,” “blessed moments,” “unbridled pain,” “mournful voice,” “contemplative gaze,” “pale face,” “voice filled with sorrow,” “cold attitude,” and “ironic smile”. Keywords: artistic text, adjectives, means that provide imagery, lexical means, linguistic analysis, artistic speech, artistic individual adjectives, figurative perception. ЭПИТЕТЫ КАК ВАЖНОЕ СРЕДСТВО ХУДОЖЕСТВЕННОЙ ПРОЗЫ (НА МАТЕРИАЛЕ ПРОИЗВЕДЕНИЙ ОДИЛА ЯКУБОВА) АННОТАЦИЯ В данной статье с лингвопоэтической точки зрения анализируется мастерство использования языковых средств Одилом Якубовым при раскрытии характерологических особенностей своих героев и их психологических переживаний через эпитеты — один из важнейших изобразительно-выразительных средств художественной прозы. На основе текстов, извлечённых из произведений писателя, раскрыта роль эпитетов как общестилевого средства художественной речи, а также их функционирование во всех её разновидностях. В статье рассматриваются отличия эпитетов от определений по степени образности и выраженности эмоциональноэкспрессивной окраски, а также подчёркивается их эффективное использование авторами художественных текстов для описания эмоционального состояния и характера персонажей. Широко освещён лингвопоэтический анализ таких эпитетов, встречающихся в произведениях Одила Якубова, как: «жуткая мысль», «ужасный страх», «подавленное лицо», «печальная улыбка», «неукротимая мука», «счастливые мгновения», «необузданная боль», «скорбный голос», «задумчивый взгляд», «бледное лицо», «голос, полный печали», «холодное отношение», «ироническая улыбка» и другие. Ключевые слова: художественный текст, атрибуция, средства, обеспечивающие образность, лексические средства, лингвопоэтический анализ, художественная речь, художественно-индивидуальные атрибуции, образное восприятие. TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 11-SON | 2025 \ 85 Tilning tasviriy imkoniyatlarini ta’minlovchi, fikrni obrazli ifodalash orqali badiiy ta’sirchanlikni kuchaytiruvchi hamda badiiy matnda qahramonlarning ruhiy holatini yorqin aks ettiruvchi vositalardan biri – sifatlashlardir. Sifatlash tropning bir turi bo‘lib, adabiy obrazlilikni yuzaga keltiruvchi tasviriy vosita sifatida qaraladi. А. T. Rubaylo sifatlashni metafora va metonimiyaga yaqin trop turi ekanini ta’kidlab, uni “badiiy aniqlovchi” deb ataydi [1, 46]. M. Mukkarramov esa sifatlash bilan aniqlovchilarning ma’no va grammatik jihatdan farqlanuvchi beshta belgisini ajratib ko‘rsatgan [2, 15-16]. R. Qo‘ng‘urov sifatlashning doimiy aniqlovchilardan farqli tarzda kuchli ekspressivlikka va ko‘chma ma’noda qo‘llanishga egaligini ta’kidlab, uni “poetik aniqlovchi” sifatida baholaydi [3, 27]. M. Kojina sifatlashni narsa-hodisaning obrazli ifodasi, xarakterli belgilarini ta’kidlovchi, asosan badiiy nutqda qo‘llaniladigan va estetik vazifani bajaruvchi so‘z shaklida izohlaydi [4, 97]. B. Umurqulovning fikricha, sifatlashlar mohiyatan aniqlovchilarga yaqin bo‘lib, ulardan emotsional ta’sirchanligi va badiiy nutqqa xosligi bilan farqlanadi; u badiiy matnlarda uchraydigan sifatlashlarni xususiyatiga ko‘ra ikki guruhga – umumnutq sifatlashlari va badiiy sifatlashlarga ajratadi [5, 107]. Badiiy matn tili uning mavzusi, muammosi va asosiy g‘oyasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, mavzuning tanlanishi asarning til xususiyatlarini belgilashi tabiiy hol sanaladi [6, 221]. Leksik vositalarning tanlanish tamoyili ijodkorning o‘ziga xos badiiy olamini namoyon etadi. Turli adabiy yo‘nalishlarga mansublik esa yangi so‘z ustida ishlashda ijodiy o‘ziga xoslikni ta’minlaydi [7, 14]. Yozuvchi badiiy matn orqali qahramonlar ruhiyatini individual tafakkur doirasidan kelib chiqib ifodalaydi hamda borliqni obrazlar orqali tasvirlaydi. Shu bois badiiy matn – insonning nozik tuyg‘ulari, borliqqa munosabatini aks ettiruvchi obrazlar majmui sifatida namoyon bo‘ladi. Muallif matnni yaratish jarayonida o‘z dunyoqarashiga mos hayotiy hodisalarni tanlab oladi. Maqola mavzusini yoritishda asosan tavsiflash, tasniflash, qiyoslash va kontekstual tahlil metodlaridan foydalanildi. Tavsiflash metodi. Ushbu metod yozuvchi tomonidan yaratilgan obraz, voqea yoki narsani estetikta’sirchan tasvirlashda qo‘llangan leksik birliklarni batafsil o‘rganishga imkon beradi. Shuningdek, badiiy matnda uchraydigan og‘zaki va dialektal nutq shakllari aniq misollar asosida tasniflanadi. Tasniflash metodi. Bu metod yordamida badiiy matnlardagi o‘xshash va farqli jihatlar aniqlanadi, matn tarkibidagi dialektal birliklarni tahlil qilish, solishtirish va baholash imkoniyati yuzaga keladi. Qiyosiy tahlil metodi. Eng ko‘p qo‘llaniladigan metod bo‘lib, turli tushuncha va ularning qo‘llanish uslublari o‘zaro qiyoslanadi. Yozuvchi asarlaridan olingan badiiy matnlardagi dialektal va og‘zaki nutq birliklari adabiy til normalari bilan solishtirilib tahlil qilinadi. Kontekstual tahlil metodi. Badiiy asarning lingvistik tahlilida matnga chuqurroq yondashish imkonini beradi. Unda yozuvchining davr, obraz, voqelik va xarakter xususiyatlarini yoritishda qanday til vositalaridan foydalangani aniqlanadi. Sifatlashlar badiiy nutqning umumuslubiy vositasi bo‘lib, uning barcha shakllarida qo‘llanadi. Sifatlashlar obrazlilik darajasi, emotsional-ekspressiv bo‘yoqdorlik kuchi bilan oddiy aniqlovchilardan farqlanadi hamda badiiy matnda qahramonlarning ruhiy kechinmalarini tasvirlash uchun samarali xizmat qiladi. Odil Yoqubov asarlarida uchraydigan mudhish o‘y, mudhish qo‘rquv, ma’yus yuz, ma’yus chehra, tizginsiz iztirob, mas’ud damlar, tizginsiz dard, mungli ovoz, o‘ychan nigoh, so‘lgin yuz, g‘am-anduhga to‘la ovoz, sovuq muomala, kinoyali tabassum kabi sifatlashlar ifodaviylik ko‘lami bilan ajralib turadi. Ular insonning ruhiy holatini, qahramonlarning o‘y-kechinmalarini tasvirlash vazifasini bajaradi. Masalan: “Marjonoy zinaga cho‘kkacha unga jimgina tikilib o‘tirar, o‘tirgan sayin vujudi zirqirab, birbiridan vahimali o‘ylardan yuragi bezillab og‘rirdi” (“Adolat manzili”). Ushbu misolda qahramonning ruhiy holati vahimali o‘ylardan sifatlash orqali ochib berilgan. U kelishi mumkin bo‘lgan xavf, tashvish va ichki bezovtalikni ifodalovchi vosita sifatida xizmat qilgan. Odil Yoqubovda “vahimali o‘y” sifatlashiga ma’nodosh tarzda mudhish o‘y, mudhish manzara kabi birliklar ham qo‘llanadi: “Bibisora momo, har qancha urinmasin, allaqachon xotirasidan o‘cha boshlagan mudhish manzaralar, chekkan uqubatlar, dardu hasratlar esiga tushaverdi” (“Adolat manzili”). Bu misolda mudhish manzaralar sifatlashlari qahramonning qayg‘u, iztirob, bezovtalik holatlarini ifodalagan. Ba’zan bir matnning o‘zida bir nechta sifatlashlar qo‘llanib, ikki yoki undan ortiq qahramonning ruhiy kechinmalari yoritiladi. “U (Marjonoy) bu safar odatdagi so‘roq emas, boshqa bir yomon, mash’um gap chiqqanini ich-ichidan sezardi, biroq shiddatli qoramtir yuzida tizginsiz iztirob, xayolan birovlar bilan olishayotgan eriga gap qotishga jur’at etmasdi” (“Adolat manzili”). Bu matnda mash’um gap, tizginsiz iztirob kabi sifatlashlar orqali har ikki personajning murakkab ruhiy holati ochilgan. RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 11 | 2025 \ 86 Sifatlashlar inson holatini ifodalashga xizmat qiladi. Badiiy matnda ular orqali qahramonlarning o‘ykechinmalari, voqea va hodisalarga munosabati yoritiladi. Ruhiy holatni ifodalovchi sifatlashlar ko‘pincha xafalik, xursandlik, notinchlik, bezovtalik, sarosima kabi his-tuyg‘ularning turli ko‘rinishlarini aks ettiradi. Masalan:“Shahzoda turgan joyida gilamga tiz cho‘kib, sajdaga bosh qo‘yar ekan, ko‘ksidan achchiq faryod aralash bir nido otilib chiqdi” (“Ulug‘bek xazinasi”).u yerda achchiq faryod aralash bir nido sifatlash orqali qahramon qalbidagi pushaymonlik, iztirob va tavba tuyg‘ulari badiiy ifoda topgan. Ba’zan yozuvchi bir matnda birdan ortiq badiiy sifatlashlardan foydalanadi:“Biroq sal o‘tmay ko‘z oldiga so‘nggi uchrashuv kelar, Mehrinisoning sovuq muomalasi, lablaridagi kinoyali tabassum, gulday ochilib ketgan ruxsori, bashang ust-boshlari namoyon bo‘lardi-yu, xayolidan zo‘r-bazo‘r haydagan mudhish o‘ylari qayta yopirilardi” (“Oqqushlar, oppoq qushlar”). Bu matnda olti sifatlash qo‘llanilgan bo‘lsa-da, ulardan faqat kinoyali tabassum, sovuq muomala, mudhish o‘ylari qahramonning ruhiy kechinmalarini ochadi. Ushbu sifatlashlar qahramonning sarosimaga tushilishi, xavotirlanishi va ichki iztirobini yoritadi. Sifatlashning badiiy nutq jarayonidagi asosiy vazifasi – tasviriylikni ta’minlashdir. Badiiy matnda inson ruhiy holatining turfa ranglarini ifodalashda ketma-ket qoʻllangan sifatlashlardan ham samarali foydalaniladi. Odil Yoqubov bu kabi sifatlashlarni qahramonlar ruhiy holatini tasvirlash vositasi sifatida qoʻllaydi. Masalan: “Shahzodaning dilini ma’yus, ammo har kungi mudhish tuygʻularga oʻxshamagan, allaqanday pokiza hislar chulgʻab oldi: Shahzoda majruh qalbini iliq nurgʻa yugurgan bu esdaliklar olami bilan vidolashgisi kelmay, bir-bir bosib ‘Chil ustun’ga qaytdi” (“Ulugʻbek xazinasi”). Mazkur matnda ma’yus, ammo har kungi mudhish tuygʻularga oʻxshamagan, allaqanday pokiza hislar, majruh qalb, iliq nur kabi ketma-ket qoʻllangan sifatlashlar qahramon ruhiyatidagi oʻtmish xotiralaridan entikish, sogʻinish, ichki iztirob va qumsash holatini tasvirlaydi. Adib asarlarida inson ruhiyatiga moslik, uning eng chuqur qalb tubidagi tuygʻunlariga ishora yaqqol sezilib turadi. Sifatlash ham boshqa badiiy vositalar singari ijodkorning soʻz qoʻllash mahoratini namoyon etadi. Inson ruhiy holatini aynan shu vosita orqali berish koʻp jihatdan ijodkor mahoratiga bogʻliq. Odil Yoqubov oʻz asarlarida badiiy individual sifatlashlarning oʻzigagina xos, boshqa yozuvchilar uslubiga oʻxshamagan turlaridan foydalanadiki, natijada oʻquvchi qahramon holatini bevosita oʻz holidek qabul qiladi, qahramon dardini oʻz dardidek his etadi, ular bilan birga goh shodlanadi, goh qaygʻu chekadi, goh nafratga chulgʻanadi. Masalan: “Sovuq shabadaning sovuq sharpasini boshlab kelgan bu turqi yomon tergovchilarning nomuborak poyqadamlari odamni seskantiradi” (“Adolat manzili”). Mazkur matnda qoʻllangan sovuq shabadaning sovuq sharpasi, turqi yomon tergovchilar, nomuborak poyqadamlari kabi sifatlashlar yozuvchi badiiy tafakkurining mahsuli boʻlib, qahramonlar hayotidagi kutilayotgan mudhish xabar, gʻamanduhga toʻla kunlar kayfiyatini yanada teranroq yoritadi. Yoki yana bir misol: “Oʻlan oxiridagi mungli satrlarga, doim mehribon Marjontovning bugun, farzandlari boshiga qora bulut kelganda nechundir sukut saqlayotgan Bobotogʻga murojaat qilganlarida Burgutning ovozi shunday tizginsiz bir dard bilan yangradiki, son-sanoqsiz qiz-kelinchaklar moʻralab qarashdi...” (“Adolat manzili”). Bu matnda keltirilgan mungli satrlar, tizginsiz bir dard sifatlashlari orqali oʻlan chogʻidagi qahramonlarning holati – gʻam-alam, ezilish, xoʻrlikdan iztirob chekish kabi kechinmalar tasvirlangan. Natijada oʻquvchi asar qahramoniga hamdard boʻlib, u bilan birga oʻsha davr zulmiga qarshi qalban isyon ko‘taradi. Bu holat yozuvchining boshqalardan ajralib turadigan dunyoni idrok etish qobiliyati va har qanday qalbni larzaga soluvchi soʻz qoʻllash san’atiga egaligidan dalolat beradi. Qahramon ruhiy holatini ifodalashda sifatlashning oʻxshatishli turi ham juda koʻp uchraydi. Masalan: “... lekin bu ovoz, nogiron goʻdakning yigʻisiday bu zorlu yigʻi yuragini tilka-tilka qilayotganday qiynalar, iztirob chekar edi” (“Ulugʻbek xazinasi”). Bu misolda zindonga tashlangan Mavlono Muhiddinning ruhiy azob chekishi tasvirlangan boʻlib, qahramonning nihoyatda qaygʻuga botishi nogiron goʻdakning yigʻisiday bu zorlu yigʻi oʻxshatishli sifatlash orqali berilgan. Bu yerda yoshi ulugʻ otaxonning ojiz, zorlu yigʻisi nogiron goʻdak yigʻisiga qiyoslanadi. Ba’zan oʻxshatishli sifatlash bir vaqtning oʻzida insonning bir necha ruhiy holatini ajratib koʻrsatish xususiyatiga ham ega boʻladi: “U bot-bot orqasiga oʻgirilib qarar, shunda yupqa lablariga bilinib-bilinmas kulgu yugurib, simobday miltirağan mungli koʻzlarida hayratomuz bir ifoda jilva qilardi” (“Oqqushlar, oppoq qushlar”). Bu matnda bilinib-bilinmas kulgu, simobday miltiragan mungli koʻzlar, hayratomuz bir ifoda kabi sifatlashlar qahramonning bir paytning oʻzida ham xursandlik, ham nimadandir xavotir, ham hayrat holatini ifodalaydi. Odil Yoqubov asarlarida oʻxshatishli sifatlashlar juda koʻp qoʻllangan boʻlib, bu tipdagi ifodalarda predmetning bir belgisi ajratib koʻrsatiladi va bu belgi boshqa predmetning belgisiga qiyoslanadi: “Haydarning vujudidan ilonday sovuq bir vahima oʻrmalab oʻtdi” (“Oqqushlar, oppoq qushlar”). TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 11-SON | 2025 \ 87 Matnda vahimaning oʻzi ilonning sovuqligiga oʻxshatiladi; ilonning oʻrmalashi esa insondagi seskanish, dahshat va xavotir holatini ifodalaydi. Qahramon ruhiyatida kechayotgan holat ilonday sovuq bir vahima oʻxshatishli sifatlash orqali yanada ta’sirchan va obrazli tasvirlangan. Shundan xulosa qilish mumkinki, sifatlash va oʻxshatish baholash funksiyasida oʻzaro uzviy aloqada boʻlib, badiiy boʻyoqdorlikda bir-birini toʻldiradi va qahramon ruhiy holatini yanada yorqinroq ifodalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Obrazli idrok etish natijasida yuzaga kelgan sifatlashlar Odil Yoqubovning soʻz ijodkorligidan dalolat beradi. Masalan: “Mudhish qoʻrquv uni karaxt qilib qoʻygan, u holdan toyib ‘shilq’ etib yiqilib tushishga tayyor, lekin yiqilib tushishdan qoʻrqar, zero, koʻzini yunsa oltin barkashda qonga belanib tiryayib yotgan oʻz boshini koʻrishini bilar edi. Nigohi oldidan ketmayotgan bu dahshatli manzarani unutish umidida u yana bir piyola may ichdi” (“Ulugʻbek xazinasi”). Bu matnda qoʻllangan mudhish qoʻrquv, dahshatli manzara kabi sifatlashlar bir-birini toʻldirib, qahramon ruhiyatidagi bezovtalik, behalovatlik, vahima holatlarini ifodalaydi va oʻziga xos obrazlilikni ta’minlaydi. Obrazlilik asosida yuzaga kelgan bunday sifatlashlar asosan inson ruhiy holatining obrazli tasvirini yaratish, nutqning badiiy boʻyoqdorligini oshirish maqsadida ijodkorning til vositalaridan foydalanish mahoratini namoyon etadi. Adib asarlarida qahramon ruhiyatini tasvirlar ekan, goʻyo ular bilan bir davrda yashayotgandek, ularga hamdardlik bildirayotgandek tasavvur uygʻotadi. Yozuvchi Mirzo Ulugʻbek obrazini yaratarkan, asar davomida buyuk olimning dardu hasratini takrorlanmas lingvistik vositalar orqali tasvirlaydi; bu tasvirlarning koʻpchiligini sifatlashlar tashkil etadi: “Mirzo Ulugʻbek a’zoyi-badanini chulgʻab olgan sovuq vahimadan tirnoqlarigacha muzlab, garang boʻlib turar, xayolida esa yana notinch va isyonkor oʻylar quyunday charx urardi” (“Ulugʻbek xazinasi”). Bu yerda qahramonning qattiq iztirobdan azoblanish holati sovuq vahima, notinch va isyonkor oʻylar sifatlashlari orqali yoritilgan. “Mirzo Ulugʻbek alamli dud koʻksini oʻrtab borayotgandek, uf tortdi-da, boshini koʻtardi” (“Ulugʻbek xazinasi”). Mazkur matndagi alamli dud koʻksi sifatlashlari qahramonning gʻam-alam bilan kuyingan holatini ifodalaydi. “Mirzo Ulugʻbek yuragida koʻtarilgan alamli toʻlqinni ichiga yutib, Muhammad Xisravning ustboshiga razm soldi” (“Ulugʻbek xazinasi”). Bu yerda alamli toʻlqin sifatlashining oʻziyoq qahramonning ruhiyatidagi ichki isyon va norozilikni, qalb nidolarini yorqin aks ettiradi. Keltirilgan barcha misollarda sifatlashlar Mirzo Ulugʻbek ruhiyatida kechayotgan dard, alam, qaygʻu va tashvish holatlarini ifodalashga xizmat qilgan. Demak, sifatlashlar qahramon ruhiy holatining turfa ranglarini tasvirlashning goʻzal namunasi sifatida badiiy nutqning oʻziga xos lingvistik xususiyati boʻlib maydonga chiqadi. Odil Yoqubov leksik vositalarni tanlashda, avvalo, davr ruhiga, xalqning ruhiy kechinmalariga, qahramonlar xarakteridagi o‘ziga xos belgilar va ularning dunyoqarashi hamda ruhiy holatiga mos til birliklaridan foydalanadi. Badiiy matn bilan tanishgan o‘quvchi aynan shu leksik birliklar orqali muallif tasvirlayotgan davr va zamon ruhini his qiladi, qahramon obrazidagi individual xususiyatlarni ilg‘aydi. Shuningdek, qahramon hayoti va davr voqeligi o‘rtasidagi ziddiyatlar asarning falsafiy mazmunini – diyonat, or-nomus, iymon-e’tiqod kabi insoniy fazilatlarning mohiyatini teran anglashga xizmat qiladi. Sifatlash boshqa uslubiy vositalar kabi badiiy nutqning serjilo bo‘lishini, ifodaning ta’sirchanligini ta’minlovchi muhim lingvistik vosita hisoblanadi. Odil Yoqubov asarlarida kuzatiladigan bunday lingvistik xususiyatlarning o‘ziga xosligi adibning badiiy mahorati yetuk ijodkor ekanidan dalolat beradi. Adib ijodida yozuvchilikka ishtiyoq uyg‘otgan kuch ham, uning badiiy qobiliyatini kamol toptirgan omil ham, asarlariga takrorlanmas rang va ohang bag‘ishlagan qudrat ham – hayotning o‘zidir. Yozuvchining bosib o‘tgan hayot yo‘li, ushbu yo‘l davomida to‘plangan taassurotlar, qalbni larzaga solgan kechinmalar, xayolni band etgan fikrlar saralanib, umumlashtirilib, badiiy shaklda qayta talqin etilgan holda uning asarlarida yangi badiiy jilo kasb etadi. RESEARCH AND DEVELOPMENT | VOLUME II | ISSUE 11 | 2025 \ 88 Iqtiboslar 1. Рубайло А.Т. Художественные средства языка. – Москва, 1961. – С. 46. 2. Муқаррамов М. Ўзбек тилида ўхшатиш. – Б. 15–16. 3. Қўнғуров Р. Субъектив баҳо формаларининг семантик ва стилистик хусусиятлари. – Тошкент: Фан, 1980. – Б. 27. 4. Кожина М.И. Стилистика русского языка. – С. 97. 5. Умурқулов Б. Ўзбек бадиий насрининг лингво-услубий шаклланиш асослари: филол. фан. докт. дисс. – Тошкент, 2020. – Б. 271. 6. Долинин К.А. Интерпретация текста. – Москва, 1985. – С. 221. 7. Эрназарова И. Муаллиф сўз ижодкорлигининг лисоний-когнитив таҳлили: филол. фан. бўйича фалсафа доктори (PhD) дисс. – Самарқанд, 2022. – Б. 14. TADQIQOT VA TARAQQIYOT | II-JILD | 11-SON | 2025 \ 89 ILMIY TAQRIZ Maqola: “Sifatlash badiiy nasrning muhim vositasi (Odil Yoqubov asarlari misolida)” Muallif: Dilrabо Ergasheva, Termiz davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD). Taqqiz etilayotgan maqola o‘zbek adabiyotshunosligi va lingvopoetika yo‘nalishining dolzarb masalalaridan birini ilmiy asosda yoritishga bag‘ishlangan bo‘lib, adabiy tilning tasviriy imkoniyatlarini chuqur tahlil etishi bilan ahamiyatlidir. Tadqiqotda badiiy nasrning muhim tasviriy vositasi sanaluvchi sifatlashlarning funksional-semantik tabiati har tomonlama o‘rganilgan, ularning badiiy matndagi emotsionalekspressiv imkoniyatlari keng ko‘lamda yoritilgan. Maqolada sifatlashning trop sifatidagi tabiati, uning metafora va metonimiya bilan bog‘liqligi, obrazlilik yaratishdagi o‘rni, shuningdek, estetik vazifasini bajarish mexanizmlari zamonaviy lingvopoetik nazariya asosida sharhlangan. Xususan, Odil Yoqubov ijodidagi sifatlashlarning qahramon ruhiy holatini tasvirlashdagi o‘rni aniq matn misollari asosida asoslab berilgani maqolaning ilmiy-amaliy ahamiyatini yanada oshiradi. Muallif Rubaylo, Mukkarramov, Qo‘ng‘urov, Kojina, Umurqulov kabi taniqli tilshunos va stilistlar qarashlarini tahlilga jalb etib, mavjud ilmiy pozitsiyalarni solishtiradi va umumlashtiradi. Bu yondashuv maqolaga puxta nazariy asos yaratgan hamda tadqiqotning ilmiy ishonchliligini mustahkamlagan. Maqolada tavsiflash, tasniflash, qiyosiy va kontekstual tahlil metodlarining uyg‘un qo‘llanilishi muallifning metodologik tayyorgarligi, ilmiy tafakkuri va matn bilan ishlashdagi kuzatuvchanligini yaqqol namoyon etadi. Bunday metodik yondashuv sifatlashlarning semantik, stilistik va funksional jihatlarini to‘laqonli yoritish imkonini bergan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, Odil Yoqubov asarlarida sifatlashlar qahramonlarning ruhiy holatini tasvirlash, insoniy tuyg‘ularning xilma-xil ko‘rinishlarini badiiy ifodalash, o‘quvchi his-tuyg‘ulariga estetik ta’sir ko‘rsatish hamda matnning umumiy obrazlilik darajasini kuchaytirish kabi muhim funksiyalarni bajaradi. “Vahimali o‘y”, “mudhish qo‘rquv”, “tizginsiz iztirob”, “mungli satrlar”, “ilonday sovuq vahima” kabi sifatlashlarning lingvopoetik talqini maqolaning ilmiy qiymatini sezilarli ravishda oshirgan. Muallif obrazlilikning so‘z vositasida yaratilishi va sifatlashlarning badiiy tafakkur mahsuli sifatidagi kuchli semantik yukini ilmiy asosda ochib bergan. Tadqiqot natijalari o‘zbek tilshunosligi va stilistikasiga oid ma’ruzalar, seminar mashg‘ulotlari, adabiy matn tahlilini o‘rgatuvchi kurslar hamda lingvopoetik tadqiqotlar uchun muhim ilmiy-amaliy manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Maqola tarkibiga kiritilgan uslubiy-tahliliy yondashuvlar yosh tadqiqotchilar uchun metodologik namuna sifatida ahamiyatlidir. Umuman olganda, maqola mavzuga mos ravishda puxta ishlab chiqilgan, nazariy asoslari mustahkam, dalillari ishonchli, tahlil uslubi chuqur va badiiy matnlar bilan uzviy bog‘liq. Keltirilgan misollarning aniq, ravshan va ilmiy talqinga mos tanlangani muallifning material bilan ishlashdagi professionalligini ko‘rsatadi. Maqola ilmiy jurnalda chop etish uchun to‘liq tavsiya etiladi hamda o‘zbek lingvopoetikasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shuvchi qimmatli tadqiqot sifatida baholanadi. Disclaimer © This scientific review has been prepared by the editorial board of the “RESEARCH & DEVELOPMENT” journal and is intended solely for use within the journal’s internal expert evaluation process and editorial activities. This review is protected by copyright law, and its content may not be distributed, reproduced, or used for commercial purposes without the prior permission of the editorial board. The review has been prepared to assess the scientific quality, content, and methodological aspects of the author’s (authors’) work. It does not represent the personal opinion of the author(s) nor should it be interpreted as the official position of the journal. The editorial board bears no responsibility for the implementation, outcomes, or consequences of the recommendations, conclusions, or comments contained in this review. The review is provided to ensure transparency in the editorial process and to maintain quality control over scientific publications.