KALIFORNIYA QIZIL CHUVALCHANGINING (EISENIA FETIDA) KO'PAYISH BIOLOGIYASI VA ULAR ISHLAB CHIQARGAN VERMIKOMPOSTNING TUPROQQA TA'SIRI
Full text
353 KALIFORNIYA QIZIL CHUVALCHANGINING (EISENIA FETIDA) KO’PAYISH BIOLOGIYASI VA ULAR ISHLAB CHIQARGAN VERMIKOMPOSTNING TUPROQQA TA’SIRI Jamalova Sh.B 2-bosqich magistranti Qoraqalpoq davlat universiteti, Nukus sh. Qoraqalpog’iston. [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17752465 Annotatsiya: Kaliforniya qizil chuvalchangi (Eisenia fetida) organik chiqindilarni qayta ishlash orqali vermikompost ishlab chiqaradi, bu tuproq unumdorligini oshirish va atrof-muhit muhofazasini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Ushbu tadqiqotda chuvalchangining ko‘payish biologiyasi, ko‘payishga ta’sir qiluvchi omillar va vermikompostning tuproq xususiyatlariga ta’siri asosida o‘rganildi. Kalit so‘zlar: Eisenia fetida, ko‘payish, vermikompost, tuproq unumdorligi, harorat, namlik, ekologik barqarorlik. Annotation: The California red worm (Eisenia fetida) produces vermicompost by processing organic waste, which is of great importance in increasing soil fertility and ensuring environmental protection. This study investigated the reproductive biology of the worm, factors affecting reproduction, and the impact of vermicompost on soil properties. Keywords: Eisenia fetida, reproduction, vermicompost, soil fertility, temperature, humidity, ecological sustainability. Аннотация: Калифорнийский красный червь (Eisenia fetida) производит вермикомпост путём переработки органических отходов, что имеет большое значение для повышения плодородия почвы и обеспечения охраны окружающей среды. В данном исследовании изучена биология размножения червя, факторы, влияющие на размножение, и воздействие вермикомпоста на свойства почвы. Ключевые слова: Eisenia fetida, размножение, вермикомпост, плодородие почвы, температура, влажность, экологическая устойчивость. Kirish. Atrof-muhit muhofazasi va tuproq unumdorligini oshirish global ekologik muammolarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega. Kaliforniya qizil chuvalchangi (Eisenia fetida) organik chiqindilarni qayta ishlab, vermikompost ishlab chiqaradi, bu tuproqning fizik-kimyoviy xususiyatlarini yaxshilaydi va ekologik barqarorlikka hissa qo‘shadi [2,3]. O’tkazilgan tajribalar orqali chuvalchanglarning ko‘payish biologiyasini va vermikompostning tuproq salomatligiga ta’sirini o‘rganildi. Ushbu tadqiqot organik chiqindilarni qayta ishlash va tuproq unumdorligini yaxshilashda vermikompostning ahamiyatini aniqlashga qaratildi. Ko‘payish biologiyasi. Jinsiy tuzilishi: Eisenia fetida germafrodit bo‘lib, har bir organizmda erkak va urg‘ochi jinsiy organlar mavjud. Juftlashish ikki chuvalchang o‘rtasida spermatofor almashinuvi orqali amalga oshiriladi [3].
354 Kokon ishlab chiqarish: Juftlashgandan so‘ng, klitellum orqali kokon hosil qilinadi. Har bir kokondan 2-5 ta yosh chuvalchang chiqadi, ular 30-60 kun ichida jinsiy yetilishga erishadi [4]. Ko‘payish sur’ati: Optimal sharoitlarda bir chuvalchang haftasiga 1-2 kokon ishlab chiqaradi, bu yillik populyatsiya o‘sishini 10-15 barobarga yetkazishi mumkin [4]. Ko‘payishga ta’sir qiluvchi omillar. Harorat: 20-25°C optimal harorat sifatida aniqlangan. 15°C dan past yoki 30°C dan yuqori haroratlarda ko‘payish sekinlashadi yoki to‘xtaydi [3]. Namlik: 70-80% namlik ko‘payish uchun ideal. 50% dan past namlik chuvalchanglarning faolligini pasaytirsa, 90% dan yuqori namlik kokonlarning chirishiga olib keladi [1]. Substrat sifati: Ozuqaviy moddalar (sigir go‘ngi, sabzavot qoldiqlari) ko‘payishni rag‘batlantiradi, qog‘oz chiqindilari esa samaradorlikni pasaytiradi [1]. Populyatsiya zichligi: 1 chuvalchang/dm² zichlik optimal hisoblanadi; yuqori zichlik stress va o‘lim darajasini oshiradi [4]. Tahlil va natijalar. Kaliforniya qizil chuvalchangining ko‘payishi va vermikompostning tuproqqa ta’sirini o‘rganish uchun bir nechta tajriba o‘tkazildi. Tajribalar uy sharoitida va laboratoriyada maxsus konteynerlarda amalga oshirildi. Quyida tajribalar va ularning natijalari keltiriladi: Haroratning ko‘payishga ta’siri. Maqsad: Haroratning ko‘payish sur’ati va vermikompost ishlab chiqarishga ta’sirini aniqlash. Metodologiya: 50 ta yetuk chuvalchangni 5 guruhga bo‘lib, har bir guruhni 15°C, 20°C, 25°C, 30°C va 35°C haroratlarda 60 kun davomida kuzatildi. Namlikni 70-80% da ushlab turish uchun namlik o‘lchagich va suv purkagichdan foydalanildi. Substrat sifatida sigir go‘ngi va sabzavot qoldiqlari aralashmasidan foydalanildi. Har hafta kokonlar soni va yosh chuvalchanglarning chiqishi hisoblandi. Natijalar: 25°C da eng yuqori ko‘payish sur’ati kuzatildi (haftasiga o‘rtacha 1-8 kokon/chuvalchang), bu esa yuqori miqdorda vermikompost ishlab chiqarish imkonini berdi. 15°C da ko‘payish 50% ga kamaydi, 35°C da esa chuvalchanglarning faolligi pasayib, ko‘payish deyarli to‘xtaydi .Yakuniy xulosa chiqarilganda, 20-25°C harorat vermikompost ishlab chiqarishda eng samarali hisoblanadi . Namlik darajasining ta’siri. Maqsad: Substrat namligining ko‘payishga va vermikompost sifatiga ta’sirini aniqlash. Metodologiya: 50 ta chuvalchangni 5 guruhga bo‘lib, 50%, 60%, 70%, 80% va 90% namlik darajalarida 25°C da 10 hafta kuzatildi. Namlikni sozlash uchun suv
355 purkagich va namlik o‘lchagichdan foydalanildi, kokonlar soni, chuvalchanglarning faolligi va vermikompost sifati o‘lchandi. Natijalar: 70-80% namlikda eng yuqori ko‘payish kuzatildi (15 kokon/chuvalchang) va yuqori sifatli vermikompost ishlab chiqarildi. 50% da ko‘payish sekinlashdi, 90% da kokonlar chiridi . Yakuniy xulosaga ko’ra 70-80% namlik vermikompost ishlab chiqarishda eng samarali hisoblanadi. Vermikompostning tuproqqa va atrof-muhit muhofazasiga ta’siri. Tuproq unumdorligi: vermikompost tuproqning fizik xususiyatlarini (suv ushlab turish qobiliyati, tuzilishi) va kimyoviy xususiyatlarini (ozuqaviy moddalar miqdori, pH barqarorligi) yaxshilaydi. Bu o‘simliklarning o‘sishini rag‘batlantiradi va tuproqning uzoq muddatli salomatligini ta’minlaydi [2]. Chiqindilarni qayta ishlash: Vermikompost ishlab chiqarish organik chiqindilarni 60-80% gacha kamaytiradi, bu chiqindixonalar yukini pasaytiradi va atrof-muhit ifloslanishining oldini oladi. Ekologik barqarorlik: Vermikompostdan foydalanish kimyoviy o‘g‘itlarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi, bu tuproqning mikrobiologik xilma-xilligini saqlaydi va ekologik barqarorlikka hissa qo‘shadi. Xulosa. O’tkazilgan tadqiqot va tajribalar natijasida Kaliforniya qizil chuvalchangining ko‘payishi harorat, namlik, substrat sifati va populyatsiya zichligiga bog‘liqligi aniqlandi. Optimal sharoitlar (20-25°C, 70-80% namlik, ozuqaviy substrat, 1 chuvalchang/dm² zichlik) ko‘payish sur’atini oshirib, yuqori sifatli vermikompost ishlab chiqarishni ta’minlaydi. Vermikompost tuproqning fizikkimyoviy xususiyatlarini yaxshilaydi, o‘simliklar o‘sishini rag‘batlantiradi va kimyoviy o‘g‘itlarga ehtiyojni kamaytiradi. Ushbu natijalar organik chiqindilarni qayta ishlash, tuproq salomatligini yaxshilash va atrof-muhit muhofazasini ta’minlashda vermikompostning muhim rolini ko‘rsatadi. Foydalanilgan adabiyotlar 1. 1.Aira, M., Monroy, F., & Dominguez, J. (2007). Eisenia fetida (Oligochaeta: Lumbricidae) modifies the structure and physiological capabilities of microbial communities improving carbon mineralization during vermicomposting. Microbial Ecology, 54(4), 662-671. 2. Dominguez, J., & Edwards, C. A. (2011). Relationships between composting and vermicomposting. In Vermiculture Technology: Earthworms, Organic Wastes, and Environmental Management (pp. 11-26). CRC Press. 3. Edwards, C. A., & Bohlen, P. J. (1996). Biology and Ecology of Earthworms. Chapman & Hall. 4. Reinecke, A. J., & Viljoen, S. A. (1991). A comparative study of the reproduction of Eisenia fetida and other earthworms under controlled conditions. Biology and Fertility of Soils, 11(2), 93-98.