TOIFASI OʻZGARTIRILGAN YERLARNING HISOBINI YURITISH TIZIMIDA MONITORING USULLARINI TAKOMILLASHTIRISH IMPROVING MONITORING METHODS IN THE ACCOUNTING SYSTEM OF RECLASSIFIED LANDS
Full text
29 TOIFASI OʻZGARTIRILGAN YERLARNING HISOBINI YURITISH TIZIMIDA MONITORING USULLARINI TAKOMILLASHTIRISH IMPROVING MONITORING METHODS IN THE ACCOUNTING SYSTEM OF RECLASSIFIED LANDS Davronov O.O‘. “O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti Bosh muhandisi Qadirov A.R. “O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti mustaqil izlanuvchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17754642 Annotatsiya: Mazkur maqolada qishloq xo‘jaligi yerlarining toifasini o‘zgartirish jarayonini avtomatlashtirish orqali monitoring natijalarini yaxshilash masalalari yoritilgan. Taklif etilgan raqamli tizim yer hisobi jarayonlarini soddalashtiradi, ma’lumotlarning aniqligini oshiradi hamda qaror qabul qilishda shaffoflikni ta’minlaydi. Natijada, yer resurslaridan oqilona foydalanish va ularning samaradorligini oshirishga erishiladi. Kalit so‘zlar: Yer fondi toifasi, qishloq xo‘jaligi yerlari, avtomatlashtirish, monitoring. Annotation: This article highlights the issues of improving monitoring results through the automation of the process of changing the category of agricultural lands. The proposed digital system simplifies land accounting procedures, increases data accuracy, and ensures transparency in decision-making. As a result, it promotes the rational use of land resources and enhances their efficiency. Keywords: Land fund category, agricultural lands, automation, monitoring. Kirish. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-iyundagi 389-son qarori bilan yer hisobi va kadastr sohasini tartibga soluvchi yangi normativ hujjatlar tasdiqlangan. Jumladan, ushbu qaror bilan Davlat yer kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom hamda boshqa tegishli nizomlar tasdiqlandi. Mazkur hujjat Prezidentning yer hisobini va kadastr tizimini takomillashtirishga doir Farmon va qarorlari ijrosi doirasida qabul qilingan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-oktabrdagi 578-son qarori bilan Yer resurslarining holati boʻyicha milliy hisobotni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu nizom yer hisobi bo‘yicha yangi “Yer hisobot” avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish, yer hisobotining shakllarini belgilash hamda milliy hisobotni yuritish va taqdim etish tartibini qonuniy jihatdan mustahkamladi. Tadqiqot mavzusining dolzarbligi. Yer hisobi (davlat yer kadastri)ni yuritishdan asosiy maqsad – respublika yer resurslarini to‘liq hisobga olish, ulardan foydalanish holatini har tomonlama o‘rganish va baholash, shuningdek yer uchastkalari bilan bog‘liq huquqlarni kafolatlashdan iborat. Ya’ni, yerlarning maydoni, sifati va kategoriyalarini muntazam qayd etib borish orqali davlat
30 va jamiyat yer boyliklaridan oqilona va qonuniy foydalanilishini nazorat qiladi. Yer kadastri ma’lumotlari fuqarolar va tadbirkorlarga yer to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlarni taqdim etish uchun xizmat qiladi. Shu tariqa, yer hisobi yuritilishi yerdan foydalanish va muhofaza qilish bo‘yicha to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga zamin yaratadi. Yer hisobini yuritish mexanizmi so‘nggi islohotlar natijasida to‘liq raqamlashtirilgan tizimga o‘tkazildi. 2024-yildan boshlab “Yer hisobot” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushirildi va u hukumatning “E-qaror” elektron qarorlar tizimi bilan integratsiya qilindi. Endilikda barcha mahalliy hokimliklarning yer ajratish yoki toifadagi o‘zgarishlar haqidagi qarorlari ushbu E-qaror tizimi orqali real vaqt rejimida “Yer hisobot” bazasiga uzatiladi. Bu esa shuni anglatadiki, yer hisoboti doimiy ravishda elektron shaklda yangilanib boradi. Yerlarga doir har qanday o‘zgarish (masalan, qishloq xo‘jaligi yerini boshqa toifaga o‘tkazish, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish va hokazo) vakolatli davlat organining tegishli qarori qabul qilingandan so‘ng darhol yagona kadastr tizimida aks ettiriladi. Albatta, ushbu jarayonni yanada shaffof va aniq olib borilishida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning yer fondi toifasini o‘zgartirishni avtomatlashtirish orqali monitoring usullarini takomillashtirish mumkin. Ma’lumki, yer fondi toifalarini o‘zgartirish jarayonlari ko‘p qirrali huquqiy va tashkiliy ishlar bilan bog‘liq. Ammo amalda ushbu jarayonlar hali to‘liq raqamlashtirilmagani sababli, hujjat aylanishi uzoq vaqt oladi va ma’lumotlarda noaniqliklar kuzatiladi []. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer fondi toifasini o‘zgartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarda ba’zi kamchiliklar mavjudligi, jumladan, jarayonlar yer resurslari hisobida aniqlik yo‘qolishi, balansdagi raqamlar bilan joydagi real vaziyat orasida tafovut, yer tuzish loyihalari vaqtida amalga oshmasligi, qishloq xo‘jaligi yerlarining qisqarishi, ekologik muvozanatga zarar yetishi kabi oqibatlarga olib kelishi kuzatiladi. Shunday qilib, yer fondi toifalarini o‘zgartirish masalalari qonuniy asosda olib borilayotgan bo‘lsa-da, jarayonning 100 foiz raqamlashtirilmaganligi, yagona tizimga to‘liq o‘tmaganligi va idoralararo muvofiqlashtirishning sustligi sababli kechikishlar va chalkashliklar yuzaga kelmoqda. Muammoni hal etish uchun yagona elektron kadastr bazasini to‘liq shakllantirish barcha hududlarni raqamli xaritalar asosida qamrab olish, jarayonni yagona axborot tizimi orqali boshqarish, nazorat va monitoring mexanizmlarini kuchaytirish zarur. Maqsad va vazifalari.
31 Mazkur tadqiqotning asosiy maqsadi — qishloq xo‘jaligi yerlarining toifasini o‘zgartirish jarayonini avtomatlashtirish orqali yer hisobi tizimida monitoring samaradorligini oshirish, ma’lumotlarning aniqligini ta’minlash hamda qaror qabul qilishda shaffoflikni kuchaytirishdan iborat. Bugungi kunda yer fondi toifalarini o‘zgartirish jarayonlari ko‘plab idoralar ishtirokida amalga oshiriladi, bu esa ma’lumotlar almashinuvining sekinlashishiga, ayrim hollarda esa hujjatlar aylanishida noaniqlik va kechikishlarga sabab bo‘lmoqda. Shu boisdan, ushbu jarayonni to‘liq raqamlashtirish, yagona elektron kadastr tizimi orqali boshqarish zaruriyati dolzarb masalaga aylanmoqda. Tadqiqot doirasida quyidagi vazifalar belgilab olingan: avvalo, yer fondi toifasini o‘zgartirishga doir amaldagi mexanizmlarni tahlil qilish, ularning afzallik va kamchiliklarini aniqlash hamda mavjud huquqiy va tashkiliy muammolarni o‘rganish. Shuningdek, raqamli axborot tizimi asosida yer toifalarini boshqarish va monitoring jarayonini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar ishlab chiqish ham tadqiqotning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Tizimni avtomatlashtirish orqali o‘zaro integratsiyalash, ma’lumotlar almashinuvini real vaqt rejimida ta’minlash, hamda barcha darajadagi hokimiyat organlari faoliyatini yagona elektron maydonga jamlash rejalashtirilmoqda. Bu orqali qaror qabul qilish jarayonlarida inson omilini kamaytirish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va monitoring natijalarining ishonchliligini oshirish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, tadqiqotning yana bir muhim vazifasi — yer resurslaridan oqilona foydalanish va ularning iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi innovatsion boshqaruv yondashuvlarini ishlab chiqishdan iborat. Raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali qishloq xo‘jaligi yerlarining holatini tahlil qilish, ularning toifasini o‘zgartirish natijalarini baholash va ekologik muvozanatni saqlashga doir ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish ko‘zda tutiladi. Natijada, ishlab chiqilayotgan tizim nafaqat yer fondi toifalarini o‘zgartirish jarayonida shaffoflikni ta’minlaydi, balki mamlakat miqyosida yer resurslarini boshqarish, ularning monitoringini olib borish hamda samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Natijalar, ularning tahlili. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqishda ham tadqiqotlarda taklif etilayotgan tizim afzal hisoblanadi. Raqamli platforma orqali arizalar elektron shaklda qabul qilinadi, ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi Bu, o‘z navbatida, ilmiy asoslangan qarorlarni qisqa
32 muddatda tayyorlash imkonini beradi. Yer fondi toifalarining o‘zgarishi vaqt bo‘yicha kuzatiladi va doimiy monitoring olib boriladi. Ilmiy izlanishlarda landshaft dinamikasi, agrotexnik chora-tadbirlarning samaradorligi va hududiy rivojlanish prognozlarini shakllantirish imkoniyati kengayadi. Raqamlashtirish natijasida yer resurslari haqidagi ma’lumotlar yagona bazada jamlanadi. Bu ilmiy tadqiqotlarda yer maydonlarini tahlil qilish, kategoriyalarni taqqoslash va samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishda katta qulaylik yaratadi. Taklif etilayotgan mexanizmlar, bir tomondan, yer fondi toifalarini o‘zgartirish jarayonida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlasa, ikkinchi tomondan, byurokratik to‘siqlarni kamaytirib, qaror qabul qilish tezligini oshiradi. Bundan tashqari, Agroportal va “YERELEKTRON” tizimining integratsiyasi orqali yer uchastkalarini elektron auksion savdolariga chiqarish jarayoni ham takomillashtiriladi. 1Rasm. Agroportal platformasi interfeysi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning yer fondi toifasini o‘zgartirish tizimini takomillashtirish agrar sohada samaradorlikni oshirish, yer resurslaridan oqilona foydalanish hamda innovatsion boshqaruv mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qiladi. Xulosa. Yuqorida keltirilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, qishloq xo‘jaligi yerlarini toifalarga ajratish jarayonida raqamli axborot tizimlarini joriy etish yer resurslarini boshqarish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Yer fondining elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish orqali yer hisobini yuritishning aniqligi,
33 shaffofligi va tezkorligi ta’minlanadi. Bu esa o‘z navbatida boshqaruv qarorlarini qabul qilish sifatini yaxshilash hamda sohada iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini beradi. Shuningdek, respublika miqyosida yer fondining tarkibiy o‘zgarishlarini real vaqt rejimida kuzatish va tahlil qilish imkonini beruvchi raqamlashtirish jarayonlari ilmiy-amaliy jihatdan katta ahamiyatga ega. Qishloq xo‘jaligi yerlarining toifasini o‘zgartirish tartibini raqamli asosda tashkil etish yer resurslaridan oqilona foydalanish, ularning huquqiy maqomini aniqlashtirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda davlat yer siyosatini samarali amalga oshirishga xizmat qiladi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati 1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-maydagi 222-son qarori “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini o‘zgartirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Hukumat komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”. 2. Mamatov Sh., Soliyev B. Yer toifalarini boshqarishning zamonaviy yondashuvlari. “Iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalar” ilmiy elektron jurnali, 2023. №2, 35–42-betlar. 3. Xolov N.M. Istirohat bog‘larini tashkil etish uchun yer tuzish loyihalarini ishlab chiqish. Agrokimyo himoya va o‘simliklar karantini. Ilmiy-amaliy jurnali. Toshkent-2024. 199-201-betlar. 4. Qadirov A.R., Davronov O.O. Qishloq xo‘jaligi yerlarining yer fondi toifasini o‘zgartirish tizimini takomillashtirish. “Tabiiy resurslardan samarali foydalanishda agroekotizim barqarorligining dolzarb muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-texnik anjuman materiallarida, Toshkent, 2025. 15–18-betlar. 5. Davronov O.O., Qadirov A.R. (2025). O‘zbekistonda yer toifalarini o‘zgartirish jarayonlari: islohotlar va ularning ahamiyati. “Tabiiy resurslardan samarali foydalanishda agroekotizim barqarorligining dolzarb muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-texnik anjuman materiallarida, 51–54-betlar.