QISHLOQ XO'JALIGI OBOROTIDAN CHIQIB KETGAN YERLARNI QAYTARISHDA RAQAMLI YER TUZISH LOYIHALARINI ISHLAB CHIQISH
Full text
37 QISHLOQ XO‘JALIGI OBOROTIDAN CHIQIB KETGAN YERLARNI QAYTARISHDA RAQAMLI YER TUZISH LOYIHALARINI ISHLAB CHIQISH Jurayev A.R. “O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti mustaqil izlanuvchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17754677 Annotatsiya: Ushbu maqolada Qashqadaryo viloyati Koson tumanida qishloq xo‘jaligi oborotidan chiqib ketgan sug‘oriladigan yerlarni qayta tiklash bo‘yicha raqamli yer tuzish loyihalarini ishlab chiqish masalalari yoritilgan. Tadqiqotda zamonaviy geoaxborot texnologiyalari, masofaviy zondlash ma’lumotlari va kadastr xaritalari asosida tashlandiq yerlarni aniqlash, ularning meliorativ holatini baholash hamda qayta foydalanishga kiritish uchun kompleks texnik va agrotexnik tadbirlar ishlab chiqish masalalari yoritilgan. Kalit so‘zlar: Qishloq xo‘jaligi yerlari, raqamli yer tuzish, masofaviy zondlash, qayta tiklash. Annotation: This article examines the development of digital land management projects for the restoration of irrigated lands withdrawn from agricultural use in the Koson district of the Kashkadarya region. The study highlights the use of modern geoinformation technologies, remote sensing data, and cadastral maps to identify abandoned lands, assess their reclamation condition, and develop a set of comprehensive technical and agrotechnical measures for their reintegration into agricultural use. Keywords: Agricultural lands, digital land management, remote sensing, land restoration. Kirish. O‘zbekistonda yer resurslaridan samarali foydalanish bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biridir. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston hududining katta qismi qurg‘oqchil zonaga kiradi va mamlakatda qariyb 4 million gektar maydon sug‘orma dehqonchilik uchun foydalaniladi. Shu bois ushbu yerlarning har bir gektaridan yuqori unum olish va ularning meliorativ holatini saqlash to‘g‘ridan-to‘g‘ri oziq-ovqat xavfsizligi va agrar barqarorlikka ta’sir ko‘rsatadi. Mamlakat qishloq xo‘jaligi yerlarining salmoqli qismi turli darajada degradatsiyaga uchragan bo‘lib, xususan sug‘oriladigan maydonlarning deyarli yarmi sho‘rlangan holatdadir. Aholi sonining o‘sishi va iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslari taqchilligi yildan-yilga kuchayib bormoqda. Shu bois cheklangan mavjud yer-suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish masalasi davlat siyosati darajasida ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqot mavzusining dolzarbligi. Qashqadaryo viloyati, Koson tumanida ayni paytda suv tanqisligi va tuproq sho‘rlanishi jiddiy muammolar sanaladi. Noto‘g‘ri sug‘orish va yetarli meliorativ tadbirlarning olib borilmagani oqibatida ko‘plab sug‘oriladigan yerlar foydalanishdan chiqib ketgan. Mazkur omillar qishloq
38 xo‘jaligi ishlab chiqarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, hosildorlikning pasayishiga va iqtisodiy zarar yetkazilishiga sabab bo‘lmoqda [3]. Bunday sharoitda yer tuzish loyihalarining ahamiyati beqiyosdir. Yer tuzish bo‘yicha puxta loyihalar orqali hududdagi yer resurslaridan foydalanish tizimini takomillashtirish, melioratsiya inshootlarini yangilash hamda suv ta’minotini yaxshilash imkoniyatlari yaratiladi. Foydalanishdan chiqqan yerlarni qayta tiklash maqsadida kompleks chora-tadbirlar jumladan, irrigatsiya va drenaj tizimlarini modernizatsiya qilish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, tuproq sho‘rlanishini kamaytirish uchun agrotexnik va meliorativ usullarni qo‘llash amalga oshiriladi (1rasm). 1-rasm. Yerlarni foydalanishga qaytarishning agrotexnik tadbirlari. Shu tariqa o‘z vaqtida qarovsiz qolgan yerlar qayta haydalma holatga keltirilib, xo‘jalik aylanishiga qaytarilishi mumkin. Shu kabi loyihalar aynan Koson tumanidagi suv tanqisligi sababli ishdan chiqqan sug‘oriladigan yerlarni qayta tiklash va ularni qishloq xo‘jalik faoliyatiga qaytarish maqsadini ko‘zlaydi. Ushbu yer tuzish loyihasi doirasida yangi ish o‘rinlari yaratilib, mahalliy aholining bandligini oshirishga ham zamin yaratiladi. Umuman olganda, yerlarning foydalanishdan chiqishining oldini olish borasida ushbu loyiha muhim ahamiyat kasb etadi. Maqsad va vazifalari. Tiklash ishlarining muhim tarkibiy qismi – melioratsiya va yer yuvish hisoblanadi. Sho‘rlangan yerlarni foydalanishga qayta kiritishda, avvalambor, ularning tuz darajasini pasaytirish lozim. Buning uchun loyihada maxsus yer yuvish tadbirlari rejalashtirilgan: kuz va bahor mavsumida, ekin ekishdan oldin, har bir maydonga hisob-kitob qilingan me’yorda toza suv yoyub, tuproq profilidagi ortiqcha tuzlar chiqarib yuboriladi. Yuvgan suvni oqizib yuboradikan, uni kollektor va zovurlar orqali xavfsiz tarzda oqizib tutish darkor. Shunday ekan, mavjud kollektor-drenaj tarmog‘ini ishlab chiqarish loyihasiga asosan tozalash va ta’mirlash rejasi tuziladi. Ayniqsa, asosiy kollektor (Koson magistral kollektori)ni lay va to‘kin-
39 toshqin omillaridan xoli qilish, unga kelish yo‘lidagi ichki drenaj tizimlarini ham sozlash kerak bo‘ladi. Zaruratiga qarab, ayrim yer osti suv sathi yuqori joylarga vertikal drenaj quduqlari o‘rnatish ham ko‘zda tutiladi. Umumiy maqsad – sizot suvlarini xavfsiz chuqurlikka tushirish, tuproq namlik rejimida muvozanatga erishishdir. Shu tarzda yer tuzdan tozalangach, agrotexnika ishlariga kirishish mumkin bo‘ladi. Ilmiy adabiyotlarda ta’kidlanishicha, sho‘r yerlarni tiklashda gidrotexnik (sug‘orib-yuvib tashlash) usullar eng samaralisi bo‘lib, tuzdan tozalangan yerlarda keyingi yillarda yetishtirilgan paxta va bug‘doy hosili sezilarli oshadi. Loyihaga ko‘ra, yer yuvish ishlari yiliga 1-2 marotaba (tuzlanish holatiga qarab) amalga oshirilib, uning natijalari har safar kimyoviy tahlil orqali nazorat qilib boriladi [1,2]. Melioratsiyadan keyin yerning mexanik va kimyoviy xususiyatlarini yaxshilash zarur. Shu maqsadda quyidagi agrotexnik tadbirlar tavsiya etilmoqda: Chuqur haydash va yer tekislash – bir necha yil yotgan yerlarni qayta ishlashda 35–40 sm gacha chuqurlikda haydaladi, chiqindilardan tozalanadi va lazer uskunalari yordamida tekislanadi. Bu suvning butun maydon bo‘ylab bir tekis singishini ta’minlaydi. Tuproq tarkibini yaxshilash – sho‘r yuvilganidan keyin tuproqqa yetishmayotgan elementlarni qaytarish lozim. Jumladan, organik o‘g‘itlar (chirindi, qiyom) va mineral o‘g‘itlar balansli miqdorda yerga beriladi. Agar tuproqda natriy ko‘p bo‘lib strukturasi yaxshi emas (sho‘rlangan-guzapo‘yak tuproq) bo‘lsa, maxsus gipslash usuli qo‘llanib, har gektarga aniq miqdorda gips yoki fosfogips sepib chiqiladi – bu tuproq kolloidlarini tiklab, uni yumshoq hamda o‘tkazuvchan qiladi. Agrotexnik parvarish – yerga qayta ekin ekishning ilk yillarida agrotexnikaga alohida e’tibor beriladi: tez-tez yer yumshatish, qat’iy reja bo‘yicha sug‘orish, har mavsum oxirida sho‘r yuvish, bo‘sh qoldirmaslik uchun ekinlar ekish kabi ishlar rejalashtiriladi. Bundan tashqari, gerbitsid va pestitsidlardan oqilona foydalanish yo‘lga qo‘yiladi, chunki o‘simliklarning qayta tiklanishi davrida kuchli kimyoviy moddalar tuproqni yanada strestga olishi mumkin [5]. Tiklanayotgan yerlarda dastlabki yillarda qanday ekin yetishtirish masalasi muxim. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, birinchi navbatda tezpishar va tuzga chidamli ekinlar yetishtirish maqsadga muvofiq – bu tuproqni biologik yaxshilashga xizmat qiladi. Masalan, ilk bahorda ko‘kalamzorlashtirish uchun arpabodiyon yoki siderat sifatida ҷavdar, don ekrinlari ekish mumkin. Keyingi bosqichda esa yukori qiymatli ekinlarga o‘tish kerak bo‘ladi. Koson tumani sharoitida paxta va bug‘doy an’anaviy ekin bo‘lsa-da, loyiha doirasida ularni monokultura qilib ekish tavsiya etilmaydi. Aksincha, ekinlar navbati (sevоz) joriy etiladi: paxta maydonlari navbatma-navbat
40 kuzgi g‘alla, sholi, kuzgi yung‘ichqa (lyuserna) kabi ekinlar bilan o‘zgartirab boriladi. Yung‘ichqa kabi ozuqa ekinlari nafaqat mol boqish uchun yem-xashak beradi, balki tuproqqa azot to‘plab, uning struktur va kimyoviy holatini yaxshilaydi. Shu bilan birga, sho‘rga va quruqchilikka nisbatan chidamli bo‘lgan kinua, sorgo, makkajihori kabi ekinlarni ham muayyan maydonlarda sinov tariqasida yetishtirish mumkin. Bog‘dorchilikka ajratilgan maydonlarga kelsak, ularda mos holda ikki-uch yil tuproq tayyorlash ishlari qilingandan keyin ko‘chat o‘tqazish tavsiya etiladi. Bunda intensiv bog‘ uchun mo‘ljallangan yaxshi navli ko‘chatlar tanlanadi va ular qatori orasiga boshlang‘ich davrda qo‘shimcha poliz yoki sabzavot ekinlari (masalan, qovun, tarvuz yoki dukkaklilar) ekish orqali yerdan foydalanish samaradorligi oshirilishi mumkin. Tiklash davomida va undan keyin yerlarni qayta tanazzuldan himoya qilish masalasi ustuvor vazifadir. Shu bois bir qator muhofaza choralari tavsiya etiladi: Shamoldan himoya qiluvchi daraxtzorlar – tiklanadigan maydonning kelish yo‘nalishida (asosan garmsel shamollari tomonda) qator-qator chinor, safora, katta terak kabi daraxtlar ekib chiqiladi. Bu yashil panorama shamol tezligini pasaytiradi va tuproq uchishining oldini oladi. Tuproq namligini ushlab turish – ekiladigan ekinlar qatori orasiga mulcha yopish, chuqur kultivatsiya qilish orqali namlik saqlovchi agrotexnika qo‘llaniladi. Shuningdek, qozoncha usulida nihol ekish, qatlamlarga bo‘lib sug‘orish kabi texnikalar taklif etiladi. Monitoring va modifikatsiya – har mavsum yakuni bo‘yicha yerning holati (sho‘rlanishi, namligi, unumdorligi) baholab boriladi va shu asosda keyingi yil agrotadbirlariga tegishli o‘zgartishlar kiritiladi. Bu ilmiy asoslangan yondashuv yerdan barqaror foydalanishga xizmat qiladi. Natijalar, ularning tahlili. Tiklash rejasiga kiritilgan yerlarning tavsifi va ularning xaritalarda aks ettirilishi haqida so‘z yuritiladi. Dastlab, loyiha doirasida tanlangan tashlandiq yerlarning elektron xaritasi ishlab chiqildi. Buning uchun zamonaviy geoaxborot texnologiyalari va distansion zondlash ma’lumotlaridan foydalanildi: masalan, Sentinel-2 sun’iy yo‘ldosh suratlari asosida vegetatsiya davrida ekinlarning NDVI ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, shu orqali xomashyo yerlarni aniqlash imkoni bo‘ldi. Masofaviy zondlash yordamida sho‘rlangan va tashlandiq yerlar ajratilib, ularning maydoni va darajasi baholandi – tadqiqotlarda hatto 13,7 ming gektargacha maydonlar shu uslubda aniqlangan hollar bor, ularning tarkibida sho‘rlanmagan yerlar 0,8%, kuchsiz sho‘rlangan yerlar 7%, o‘rtacha sho‘rlangan yerlar 17% va kuchli sho‘rlangan yerlar 75%ni tashkil etgani qayd
41 etilgan. Bundan ko‘rinadiki, xaritada turli tuzlilik toifadagi uchastkalarni belgilop, ularga mos tavsiyalar berish imkoni mavjud. Koson tumani tiklashga mo‘ljallangan yerlari asosan ikki asosiy toifaga bo‘linadi: dehqonchilikka qaytariladigan poliz va g‘alla yerlari, hamda bog‘dorchilikka ajratiladigan yerlar. Uchinchi toifa sifatida vaqtinchalik foydalanilmay turibdigan (yoki faqat yaylovga foydalaniladigan) yerlar ham xaritada alohida ko‘rsatiladi. Har bir toifa yerning maydoni, konturlari va koordinatalari kadastr xaritalariga ishoralangan. Masalan, dehqonchilikka moslashtirilgan yerlar uchun alohida raqamlangan konturlar chizildi – ularda qaysi navbatda qanday ekin ekilishi rejasi ilova qilinadi. Bog‘dorchilikka ajratilayotgan maydonlar uchun esa har bir uchastkaning suv manbasiga yaqinligi, tuproq namligi va transport yoki infratuzilmaga yaqinligi kabi jihatlar inobatga olinib tanlangan. Loyiha xaritasida shuningdek meliorativ infratuzilmalar – kollektor va drenajlar, suv tarmoqlari, shuningdek tiklash davomida quriladigan ob’ektlar (masalan, suv saqlash havzasi yoki quduq joylari) ham belgilangan. Loyiha doirasida tayyorlangan xaritalar masshtabli plan asosida (maxsus holda 1:10 000 yoki 1:25 000 masshtabda) tuzilgan [4]. Xaritada har bir tuzilish tavsiya qilingan yer uchastkasining chegaralari aniq o‘lchamlar bilan keltirilgan. Shuningdek, uning tarixi (ilgarigi foydalanish turi), hozirgi holati (sho‘rlanish darajasi, chiqindilik holati bor-yo‘qligi) va kelgusi maqsadi (ekin yoki bog‘) rangli belgilarda ko‘rsatilgan. Masalan, xaritada kuchli sho‘rlangan va hozircha o‘zlashtirilmaydigan yerlar uchun alohida belgilar mavjud – bunday uchastkalarga tashqi konturda qizil chiziq qo‘yilgan. Yuvib chiqarilgan va dehqonchilikka tayyor yerlar yashil tusda, bog‘dorchilikka tavsiya etilgan uchastkalar esa maxsus belgi (daraxtcha piktogrammasi) bilan belgilandi. Loyiha materiallari tarkibida xarita bilan birga har bir kontur bo‘yicha pasport ma’lumotlar berilgan: maydon, tuproq haqida ma’lumot, tiklash uchun ketadigan xarajat bahosi, tavsiya etilgan foydalanish turi va boshqalar. Bu informatsiya kelgusida yerlardan foydalanishda fermer yoki bog‘dorchilik sub’ektlari uchun yo‘riqnoma vazifasini o‘taydi. Koson tumanida suvsizlik va shildik holati tufayli bo‘sh yotgan sug‘oriladigan yerlarni qayta tiklash imkoniyati mavjud va zarurdir. Yuqorida bayon etilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, tuman hududida yaqincha o‘n minglab gektar yerlar samarasiz holda yotibdi; ularni sug‘orish va melioratsiya ishlarini tashkil etish orqali qishloq xo‘jaligi aylanmasiga qaytarish mumkin. Bu nafaqat yerlar unumdorligini tiklaydi, balki qishloq aholisining bandligini oshiradi, oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qo‘shadi hamda ekologik muvozanatni yaxshilaydi. Respublika miqyosida ham so‘nggi
42 yillarda buzilgan yerlarni qayta o‘zlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda, yangi o‘zlashtirilgan va qayta tiklangan yerlar hisobiga sug‘oriladigan maydonlar 7% ga kengaygani buning yaqqol dalilidir. Koson tumani mazkur jarayonning bir qismi bo‘lib, bu yerda ham barqaror agrar rivojlanishga erishish uchun tashlandiq yerlarni ekonomikaga jalb etish ustuvor vazifa qilib belgilandi. Loyihani hayotga tatbiq etish bosqichma-bosqich rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda (1–yil) yerlarning tanlab olingan uchastkalarida texnik izlanish va loyihalash ishlari yakunlanadi: topografik o‘lchashlar, tuproq va suv tahlillari, loyihaviy smeta hujjatlari tayyorlanadi. Shu davrdanoq zarur ruxsatnomalar va moliyalashtirish masalalari hal qilinib, tender orqali ish bajaruvchi tashkilotlar (melioratsiya ekspeditsiyalari, qurilish firmalari) tanlanadi. Ikkinchi bosqich (2–3–yillar)da to‘g‘ridan–to‘g‘ri tiklash ishlari olib boriladi: kanal va drenajlarni ta’mirlash, suv inshootlarini barpo etish, yer yuvish va haydash, o‘g‘itlash va boshqa agrotexnik tadbirlar. Mazkur bosqichda ayrim hududlar bo‘yicha yerlarni mahalliy fermer xo‘jaliklariga shartli ravishda berib, ular ishtirokida tiklash amaliyotini olib borish ko‘zda tutilgan. Bu fermerlar o‘z texnikalari bilan loyiha tadbirlarini bajarib, evaziga tiklangan yerlarning bir qismida xo‘jalik yuritish huquqiga ega bo‘ladi. Uchinchi bosqich (4–5–yillar)da tiklangan yerlarda to‘liq qishloq xo‘jaligi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi – paxta, g‘alla yetishtirish qayta tiklanadi, bog‘lar barpo etiladi. Shu bosqichda yerlarning melorativ holati doimiy monitoring qilinib, hanuz sho‘rlash ehtimoli saqlanib qolgan uchastkalarda qo‘shimcha choralar ko‘riladi. Loyihaning yakuniy marrasi sifatida, 5-yil oxiriga kelib, Koson tumanida belgilangan tashlandiq yerlarning mutlaq qismi qayta o‘zlashtirilgan bo‘ladi va ularning kadastr toifasi “xo‘jalik aylanmasiga jalb etilgan qishloq xo‘jaligi yerlari”ga o‘zgartirilib, mutasaddi tashkilotlar balansiga kiritiladi. Shu bilan birga, loyihaning samaradorligini oshirish uchun hududdagi irrigatsiya va melioratsiya tizimini modernizatsiya qilish ishlari doimiy davom ettiriladi. Xulosa. Xulosa qilib aytganda, taklif etilayotgan yer tuzish loyihasi Koson tumanidagi qurib qolgan sug‘oriladigan yerlar taqdirini tubdan yaxshilashga qaratilgan. Ilmiy asoslangan yondashuv, zamonaviy texnologiyalar (masofaviy kuzatuv, avtomatlashgan kadastr) va mahalliy tajribaga tayangan holda, ushbu loyiha yer resurslaridan oqilona va barqaror foydalanishga xizmat qiladi. Loyihani amaliyotga tatbiq etish natijasida, tashlandiq yerlar qayta hayotga qaytib, tumanda dehqonchilik va bog‘dorchilikning yangi maydonlari paydo bo‘ladi, bu esa hududning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga kuchli turtki beradi.
43 Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatiЖ 1. Avezboyev S.A., Sharipov S.R., Abduqodirova, S.N. Sug‘oriladigan yerlardan foydalanishni tashkil etish va samaradorligini oshirishda klasterlarning roli. “O‘zbekistonda yer resurslarini boshqarishning ustuvor yo‘nalishlari: muammo va yechimlar” mavzusidagi halqaro ilmiy anjuman to‘plami. Toshkent, TIQXMMI MTU, 2023, 36-48 b. 2. Babajanov A.R. Yer resurslaridan foydalanishni boshqarish. Darslik, Toshkent, TIQXMMI MTU, 2022, 386 b. 3. Babajanov A.R. Qishloq xo‘jalik yerlari kadastri. Toshkent, TIQXMMI MTU, 2024. 178 b. 4. B.N.Inamov. Sug‘oriladigan yerlardan samarali foydalanishga ta’sir etuvchi omillar // “O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi” agrar-iqtisodiy, ilmiy-ommabop jurnal. Toshkent -2025 - № 1 – B. 41-44. 5. Денисов В.В. Организация ратсионалного исползования земелных ресурсов подгорноравнинных территорий Кыргызстана в условиях земелных преобразований. Бишкек, 2023. 459 с.