QASHQADARYO VILOYATI SHAROITIDA HOMILADOR AYOLLARNING OZIQLANISH DARAJASI VA ASOSIY OZIQ MODDALARDAN FOYDALANISH HOLATI
Full text
156 QASHQADARYO VILOYATI SHAROITIDA HOMILADOR AYOLLARNING OZIQLANISH DARAJASI VA ASOSIY OZIQ MODDALARDAN FOYDALANISH HOLATI Fayzullayeva Munisaxon Akmalovna, QarshiDU magistranti. Buranova Gulnoza Boymuratovna, QarshiDU, Fiziologiya kafedrasi dotsenti, PhD. DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17761169 Annotatsiya. Ushbu maqola Qashqadaryo viloyatida yashovchi 18–29 yoshli homilador ayollarning kundalik iste’mol taomlari tarkibidagi oqsillar, yog‘lar, uglevodlar hamda ularning energetik qiymatini o‘rganishga bag‘ishlangan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, tekshirilgan ayollarning kunlik ovqat ratsionida oqsillar miqdori me’yordan past, yog‘lar va uglevodlar miqdori esa me’yorga yaqin yoki undan sezilarli darajada yuqori ekani aniqlandi. Kalit so‘zlar: ratsion, oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, energetik qiymat, trimestr. Аннотация. Данная статья посвящена изучению содержания белков, жиров, углеводов и их энергетической ценности в ежедневном рационе беременных женщин в возрасте 18–29 лет, проживающих в Кашкадарьинской области. Результаты исследования показали, что количество белков в рационе обследованных женщин ниже нормы, в то время как содержание жиров и углеводов близко к норме или значительно выше её. Ключевые слова: рацион, белки, жиры, углеводы, энергетическая ценность, триместр. Annotation . This article is devoted to studying the content of proteins, fats, carbohydrates, and their energy value in the daily diet of pregnant women aged 18–29 living in the Kashkadarya region. The study results indicated that the amount of proteins in the diet of the examined women was below the norm, while the amounts of fats and carbohydrates were close to or significantly higher than the recommended levels. Keywords: diet, proteins, fats, carbohydrates, energy value, trimester. KIRISH. Ma’lumki, organizmda kechadigan barcha fiziologik va biokimyoviy jarayonlarning meyorda bo‘lishi uchun to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanish katta ahamiyatga ega. Bu holat ayniqsa homilador ayollar hayotida muhim o‘rin tutadi. Chunki tug‘ilajak bolaning sog‘lom va kamchiliksiz bo‘lishi, avvalo, ona tomonidan homiladorlik davrida iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, miqdori, tarkibi hamda ovqatlanish rejimi bilan uzviy bog‘liqdir (2–6). So‘nggi yillarda yurtimiz va xorijiy mamlakatlarda olib borilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, homilador ayollar orasida kamqonlik holatlari o‘rtacha 29,0–50,1% ni tashkil etadi. Shu bilan birga, ularning oqsil, yog‘, uglevod, vitamin va mineral moddalar bilan ta’minlanishida ham ma’lum kamchiliklar kuzatilmoqda. Bunday holatlarni oldini olish maqsadida mutaxassislar tomonidan ilmiy-amaliy tavsiyalar
157 ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, bu yo‘nalishga davlat darajasida ham alohida e’tibor qaratilmoqda (5). Inson organizmida sarflanadigan energiya miqdori doimiy ravishda kundalik oziq-ovqatlar orqali qabul qilinadigan asosiy moddalar — oqsil, yog‘ va uglevodlarning parchalanishi hisobidan qoplanadi. Bu jarayon, o‘z navbatida, homilaning meyorda o‘sishi va a’zolarning to‘g‘ri shakllanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi (6,7). ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODLAR. Organizmdagi to‘qima va hujayralarning meyoriy faoliyatini ta’minlashda asosiy oziq moddalar — xususan, oqsillar, yog‘lar va uglevodlar muhim o‘rin tutadi. Bu holat ayniqsa homiladorlik davrida ona va homilaning sog‘lom rivojlanishida yaqqol namoyon bo‘ladi. Masalan, oqsillar homilaning o‘sishi va shakllanishida, bachadon, yo‘ldosh va sut bezlarining taraqqiy etishida, amnion suyuqligi hamda mazkur a’zolarda qon aylanishining to‘g‘ri kechishida faol ishtirok etadi. Oddiy sharoitda 1-trimestrda oqsil moddaga bo‘lgan ehtiyoj katta darajada o‘zgarmaydi (6–7). Biz o‘z tadqiqotimiz doirasida Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yashovchi 18–29 yoshli homilador ayollarning makronutriyentlar — ya’ni oqsillar, yog‘lar va uglevodlar bilan ta’minlanish darajasini o‘rganishni maqsad qildik. Homilador ayollarning amaliy ovqatlanishi maxsus anketa-so‘rov usuli orqali tahlil etildi (1). Tadqiqot ishlari 2017–2021 yillar davomida kuz, qish va bahor mavsumlarida amalga oshirildi. Tekshirish obyekti sifatida bir xil iqlim sharoitida yashovchi ayollar tanlab olindi. Ular tomonidan kunlik iste’mol qilinadigan taomlar tarkibidagi makro va mikroelementlar amaldagi fiziologik meyorlar bilan taqqoslab tahlil etildi. NATIJALAR VA MUHOKAMA. Oqsillar organizmda asosiy plastik va energetik ahamiyatga ega bo‘lgan moddalardan biri hisoblanadi. Homiladorlik davrida ularning roli ayniqsa katta bo‘lib, kunlik taom tarkibidagi oqsil miqdori meyordan kam yoki ortiq bo‘lishi ona va homila organizmida bir qator salbiy o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Oqsillar hujayralarning yangilanishi, fermentlar, gormonlar, biologik suyuqliklar, shuningdek, qondagi gemoglobin va shaklli elementlarning hosil bo‘lishida faol ishtirok etadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 18–29 yoshli qishloq joylarda yashovchi homilador ayollarning kunlik ovqatidagi oqsil miqdori 1-trimestrda o‘rtacha 73,6–78 g, 2trimestrda 82,9–85,5 g, 3-trimestrda esa 77,0–81,6 g atrofida bo‘lgan. Bu ko‘rsatkichlar meyoriy 102 g dan o‘rtacha 17,4–25,6% kam ekanligini ko‘rsatadi.
158 Homilador ayollar uchun zarur makronutriyentlardan yana biri — yog‘lardir. Yog‘lar organizm uchun asosiy energiya manbai bo‘lib, yog‘da eruvchi vitaminlarning o‘zlashishida ham muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, ular kalsiy va magniy kabi mineral moddalarning so‘rilishini ta’minlaydi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, homilador ayollarning kunlik ovqatidagi umumiy yog‘ miqdori meyorga nisbatan birmuncha yuqori ekanligi aniqlangan. Xususan, 18– 29 yoshli ayollarda 1-trimestrda yog‘ miqdori o‘rtacha 90,3–99,9 g, 2-trimestrda 103,1–108,3 g, 3-trimestrda esa 101,6–110,0 g ni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichlar meyoriy 93 g ga nisbatan o‘rtacha 2,2–13,7% ortiqdir. Kunlik ovqatlanish tarkibidagi uglevodlar miqdor jihatidan yetakchi o‘rinni egallaydi. Ular organizm uchun asosiy energiya manbai hisoblanadi va qisman plastik funksiyani ham bajaradi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, homilador ayollarning kunlik ratsion tarkibidagi uglevodlar miqdori meyorga yaqin yoki undan biroz kam ekanligi kuzatilgan. Me’yor bo‘yicha bu ko‘rsatkich 388 g ni tashkil etsa, tadqiqotda u o‘rtacha 351 g bo‘lgan. Shuni ta’kidlash kerakki, yurtimizda, ayniqsa qishloq hududlarida yashovchi ayollar ratsion tarkibida asosiy oziq moddalar uglevodlar — ya’ni non va un mahsulotlari hisoblanadi. Shu sababli umumiy energetik qiymat meyorga yaqin bo‘lsa-da, oqsil, ayniqsa hayvonot oqsillari yetarli darajada emasligi aniqlangan. Bu holat o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, homilaning normal rivojlanishi buzilishi, chaqaloqning kam vaznli tug‘ilishi yoki jismoniy hamda aqliy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Olingan natijalar shuni ko‘rsatadiki, tadqiqot ishtirokchilari ratsion tarkibidagi asosiy oziq moddalar nisbati meyordan chetga chiqqan. Bu esa, o‘z navbatida, organizmdagi energetik va plastik almashinuv jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, ularning kunlik ratsionlarining umumiy energetik qiymati meyoriy 2100–2300 kkal o‘rniga o‘rtacha 2644,1 kkal ni tashkil etgan. Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, homilador ayollarning ovqatlanish tartibida kuzatiladigan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, ona va bola organizmlarida fiziologik jarayonlarning me’yorida kechishini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Sog‘lom va muvozanatli ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish, bu borada tizimli ravishda targ‘ibot va tushuntirish ishlarini olib borish, homilador ayollar salomatligini mustahkamlashga qaratilgan dastlabki ilmiy-amaliy chora-tadbirlar sirasiga kiradi.
159 Adabiyotlar ro‘yxati. 1. Методические рекомендации по вопросам изучения фактического питания и состояния здоровья населения в связи с характером питания/Зайченко А.И., Волгарев М.Н., Бондарев Г.И и др.-Москва.-1986.-86 с. 2. Смоляр В.И. Рациональное питание.-Киев: Наукова Думка, 1991. 368 с. 3. Соғлом овқатланиш-саломатлик мезони. Ш.И. Каримов таҳрири остида. Тошкент, 2015 йил.- 355 бет. 4. Шарипова Н.В., Дусчанов В.О., Шайхова Г.И., Қурбонов Ш.Қ., Азизова Ф.Л., Рахматуллаев Ё.Ш.,Солихова Н.С. “Ўзбекистон Республикаси аҳолиси турли гуруҳларининг озиқ моддалар ва энергияга бўлган физиологик талаб меъёрлари, қоидалари ва гигиена нормативлари. Сан Пин. № 0250 -08,Тошкент, ТТАИФ, 2008 йил, 38 бет. 5. Қурбонов Ш.Қ. Овқатланиш маданияти. Тошкент, 2005 йил.-206 бет. 6. Buranova G.B., Raxmatullayev Y.Sh. Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi homilador ayollarning makronutriyentlarga bo‘lgan fiziologik talabi. Scientific Bulletin of NamSU-Научный вестник НамГУ-NamDU ilmiy axborotnomasi–2024-yil_3-son, ww.journal.namdu.uz ISSN: 21810427. 248-251 бетлар. 7. Buranova G.B., Raxmatullayev Y.Sh. BEST JOURNAL OF INNOVATION IN SCIENCE, RESEARCH AND DEVELOPMENT. ISSN: 2835-3579 Volume:3 Issue:2|2024. 271-273