scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

HOZIRGI KUNDA IJTIMOIY TARMOQNING YOSHLAR MODASIGA SALBIY TA'SIRI VA BUNGA QARSHI YECHIM

Abduxalikova Diyorabonu Farxod qizi

Abstract

Ushbu maqolada moda va ijtimoiy media o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, ularning yoshlar tarbiyasiga, shaxsiy uslub shakllanishiga, estetik did va kreativ fikrlash rivojiga ta’siri tahlil qilinadi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ongiga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirlari, noto‘g‘ri go‘zallik me’yorlari, iste’molchilik madaniyati, psixologik bosim, yoshlar ruhiyatidagi keskin o’zgarish va bu kabi omillarga qarshi yechimlar alohida yoritiladi.

Full text

1027 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 11 HOZIRGI KUNDA IJTIMOIY TARMOQNING YOSHLAR MODASIGA SALBIY TA’SIRI VA BUNGA QARSHI YECHIM Abduxalikova Diyorabonu Farxod qizi Talaba. “Dizayn (libos va gazlamalar)” yo‘nalishi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti. https://doi.org/10.5281/zenodo.17774198 Annotatsiya. Ushbu maqolada moda va ijtimoiy media o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, ularning yoshlar tarbiyasiga, shaxsiy uslub shakllanishiga, estetik did va kreativ fikrlash rivojiga ta’siri tahlil qilinadi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ongiga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirlari, noto‘g‘ri go‘zallik me’yorlari, iste’molchilik madaniyati, psixologik bosim, yoshlar ruhiyatidagi keskin o’zgarish va bu kabi omillarga qarshi yechimlar alohida yoritiladi. Kalit so‘zlar: moda, ijtimoiy media, yoshlar tarbiyasi, trendlar, shaxsiy uslub, kreativlik, estetik did, madaniy identitet, salbiy ta’sir, iste’molchilik. Аннотация. В статье рассматривается взаимосвязь моды и социальных медиа, их влияние на воспитание молодежи, формирование личного стиля, эстетического вкуса и креативного мышления. Особое внимание уделено негативным воздействиям социальных сетей на сознание молодежи, включая искаженные стандарты красоты, потребительское мышление и психологическое давление. Ключевые слова: мода, социальные медиа, воспитание молодежи, тренды, личный стиль, креативность, эстетический вкус, культурная идентичность, негативное влияние, потребительство. Abstract. This article examines the relationship between fashion and social media, analyzing their influence on youth education, personal style formation, aesthetic development, and creative thinking. Special attention is given to the negative impact of social networks on young people’s consciousness, including distorted beauty standards, consumerism, and psychological pressure. Keywords: fashion, social media, youth education, trends, personal style, creativity, aesthetic taste, cultural identity, negative influence, consumerism. Kirish Ijtimoiy media zamonaviy moda trendlarini tarqatishda muhim vosita bo‘lsa-da, uning nazoratsiz va cheksiz oqimi yoshlar ongiga bir qator salbiy ta’sirlarni ko‘rsatadi. Moda kontenti bilan to‘ldirilgan raqamli muhit yoshlarning psixologik barqarorligi, axloqiy qarashlari, tanlov madaniyati va estetik me’yorlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Avvalo, ijtimoiy tarmoqlarda idealizatsiya qilingan suratlar va filtrlardan o‘tkazilgan obrazlar yoshlar ongida nohaq go‘zallik standartlarini shakllantiradi. “Mukammal tana” yoki “mukammal yuz” haqidagi tasavvurlar ularni real hayotdan uzoqlashtirib, o‘ziga nisbatan norozilikka olib keladi. Bu holat o‘zini past baholash, ruhiy tushkunlik, body shaming hamda tashqi ko‘rinishga ortiqcha urg‘u berish kabi muammolarni kuchaytiradi. Ijtimoiy media fast fashion brendlarining agressiv reklamalari orqali yoshlarni doimiy xarid qilishga undaydi. “Modadan ortda qolmaslik” istagi keraksiz sarf-xarajatga, iste’mol madaniyatining buzilishiga sabab bo‘ladi. Trendlarga ortiqcha ergashish esa shaxsiy ekonomiya va tarbiya jihatidan salbiy oqibatlarga olib keladi. Ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda axloqan zararli trendlar keng tarqaladi. Juda ochiq kiyinishni targ‘ib qiluvchi obrazlar, shaxsiy chegaralarni buzadigan challenge’lar yoki yoshlar 1028 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 11 psixologiyasiga mos bo‘lmagan “adult fashion” (kattalar uchun mo‘ljallangan moda) ko‘rinishlari hayotiy qadriyatlarni chalkashtirib, hayo, odob va ibo kabi tushunchalarning susayishiga sabab bo‘ladi. Virtual taqqoslashlar ham kuchli psixologik bosimni yuzaga keltiradi. Yoshlar o‘z kiyimi yoki hayot tarzini boshqalar bilan solishtirgan sari o‘ziga ishonchsizlik, stress, xavotir va ijtimoiy qo‘rquv kuchayadi. Bu jarayon tarbiya jarayoniga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, yoshlarni boshqalar fikriga qaram bo’lishiga va ruhiyatning buzilishiga olib keladi. Ayniqsa, yosh qizlar orasida haddan tashqari jozibadorlik targ‘iboti kuchayishi tashvishli holatdir. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim influenserlar tomonidan yoshiga to‘g‘ri kelmaydigan jozibador pozalar, bodycon (tana chizig‘ini ajratib ko‘rsatadigan yopishiq libos) liboslar yoki haddan tashqari ochiq kiyimlar orqali yaratilayotgan kontent qizlarda tabiiylik hissining susayishiga olib keladi. Bunday tasvirlar ularni o‘zini shaxsiy qulaylik uchun emas, balki tashqi nigohni tortish uchun bezanishga o‘rgatib, kamtarlik va odob kabi muhim axloqiy qadriyatlarning zaiflashishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy media yoshlarning vaqtini noo‘rin band qiladi. Libosni boshdan-oyoq pastga qarab sirpanib ko‘rsatadigan, yangi olgan kiyimlarni birma-bir ko‘rsatib chiqiladigan videolarni tomosha qilish va doimiy trendlarni kuzatish o‘qishga bo‘lgan diqqatni kamaytiradi, oilaviy muloqotni sustlashtiradi va shaxsiy rivojlanishdan chalg‘itadi. Shuningdek, bloggerlar tomonidan tavsiya qilingan kiyimlar yoshlarni o‘z fikrini shakllantirishdan chetlashtiradi. Ko‘pchilikka ergashish odati paydo bo‘lib, o‘ziga xos uslubni yaratish qiyinlashadi. Fikr mustaqilligi susaygani sari yoshlar “trendga mos” kiyinishni haqiqiy uslubdan ustun qo‘ya boshlaydi va bu hozirgi kunda yoshlarning tafakkur qilish qobiliyatiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Ba’zi yoshlar virtual obro‘ uchun kiyinishga o‘tib, like yoki obunachilar yig‘ish maqsadida yoshiga mos bo‘lmagan obrazlarni tanlashi, kameraga mo‘ljallangan pozalar bilan shaxsiy qadrni kontent orqali o‘lchashi va notoʻgʻri targʻibot olib borishi kuzatilmoqda. Bu esa ijtimoiy tasdiqqa qaramlikni kuchaytiruvchi tarbiyaviy xavf hisoblanadi. Ya’ni yigʻilgan like va yozilgan sharhlar orqali o’ziga baho berish. Boshqalar fikriga qaram bo’lish yoshlardagi shaxsiy fikrni yo’qolishiga sabab bo’lmoqda. Moda reklamalaridagi yengil-yelpi trendlar yoshlar ongini zaharlaydi va tashqi ko‘rinishga haddan tashqari urg‘u berishga undaydi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoq uchun juda ko’p vaqt sarflash va bu narsaga doimiy qaram bo’lib qolish holatlari ko’p kuzatilmoqda. Ba’zi tajribalarda ijtimoiy tarmoqlar miyadagi mukofot tizimini shunchalik kuchli faollashtirganki, u hatto ayrim yengil narkotiklar ta’siriga yaqin darajada dopamin chiqarishi aniqlangan. Yoshlarni bu tubsizlikdan olib chiqib ketish hozirgi kunning dolzarb masalasidir. Yechim va takliflar Yoshlarning tarbiyasini ijtimoiy medianing salbiy ta’siridan himoya qilish uchun bir nechta muhim yechimlar mavjud: Birinchidan, mediamadaniyat va estetik savodxonlik bo‘yicha ta’lim kuchaytirilishi lozim. Yoshlar filtrlangan kontentning real hayot emasligini anglay olishi uchun maktab va oliygohlarda media psixologiyasi va kiyinish madaniyati o‘rgatilishi kerak. Ikkinchidan, yoshlarni tarbiyalash jarayonida ota-onalar, pedagoglar va dizayn mutaxassislarining hamkorligi kuchaytirilishi zarur. Ular tomonidan ijtimoiy medialardan to‘g‘ri foydalanish, kiyinish madaniyatini anglash va trendlarni ongli baholash bo‘yicha muntazam tushuntirish ishlari olib borilishi lozim. Uchinchidan, influencerlar faoliyatiga nisbatan sog‘lom tanqidiy fikr shakllantirish juda muhim. 1029 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 11 Har qanday trendni qabul qilishdan oldin yoshlar “Bu menga mosmi?”, “Bu yoshimga to‘g‘ri keladimi?”, “ Bu kiyinish uslubi men e’tiqod qiladigan dinga qanchalik mos keladi?”, “Bu mening qadriyatlarimga zid emasmi?” “Bu men yashayotgan jamiyat uchun mosmi?” kabi savollarni berishga o‘rgatilishi kerak. To‘rtinchidan, tez buziladigan kiyimlar o‘rniga sifatli, uzoq muddatli, ekologik xavfsiz va milliy estetikaga mos kiyinish madaniyati targ‘ib qilinishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, davlat tomonidan ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qilish yoshlarni zararli kontentdan himoya qilish, axloqiy, ekologik va ijobiy qadriyatlarni targ‘ib qilish uchun muhim bo‘lib, boshqa davlatlar ham Instagram va TikTokni cheklash orqali shunga o‘xshash choralarni qo‘llagan. Blogger va influencerlarning kontenti yoshlar rivojiga zarar yetkazmasligi uchun sifat nazorati kuchaytirilishi maqsadga muvofiq. Va nihoyat, eng asosiy yechim — yoshlarning ichki ishonchini mustahkamlash. O‘ziga ishonchi bor qiz yoki yigit trendga emas, o‘ziga mos uslub yaratadi, virtual taqqoslashlarga berilmaydi va ijtimoiy medianing salbiy bosimiga bo‘ysunmaydi. Xulosa Ijtimoiy media zamonaviy yoshlar hayotida kuchli ta’sirga ega bo‘lgan maydonga aylangan bir davrda moda trendlarining oqimi ham tarbiyaviy, ham psixologik jarayonlarga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Virtual olamda tarqalayotgan sun’iy jozibadorlik, ortiqcha iste’molchilik, fikr mustaqilligining susayishi va yoshlar ongidagi nohaq estetik me’yorlar jamiyatning ertangi avlodiga jiddiy xavf tug‘diradi. Shuning uchun moda nafaqat tashqi ko‘rinish vositasi, balki ma’naviy yetuklik va estetik didni shakllantiruvchi kuch sifatida yondashilishi zarur. Yoshlar modani ko‘r-ko‘rona takrorlash emas, balki uni anglash, saralash va o‘z shaxsiy qadriyatlariga mos holda qabul qilishni o‘rganishi kerak. Mediamadaniyatni rivojlantirish, ongli iste’mol madaniyatini targ‘ib qilish, milliy estetik tamoyillarni qadrlash va shaxsiy ichki ishonchni mustahkamlash — moda va tarbiya o‘rtasidagi muvozanatni tiklashning eng samarali yo‘lidir.