scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEKISTONNING JANUBIY HUDUDLARI SHAHARLARIDA TRANSPORT, ALOQA VA YO'LSOZLIK SOHASIDAGI ISLOHOTLAR VA NATIJALAR

Tursunov Anvar Saypullayevich

Full text

466 Vol. 5, No. 11 part 2 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc O‘ZBEKISTONNING JANUBIY HUDUDLARI SHAHARLARIDA TRANSPORT, ALOQA VA YO‘LSOZLIK SOHASIDAGI ISLOHOTLAR VA NATIJALAR Tursunov Anvar Saypullayevich Termiz iqtisodiyot va servis universiteti dotsenti, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD). [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.17780673 Annotatsiya: Ushbu maqolada Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida transport va aloqa infratuzilmasi rivoji, shahar va sanoat hududlarini bog‘lashdagi muammolar, avtoparklar va yo‘lsozlik faoliyati hamda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan modernizatsiya loyihalari tahlil qilinadi. Maqolada shaharlarda yo‘lovchi va yuk tashish statistikasi, aloqa bo‘limlarining qayta tashkil etilishi, gaz konlari va yangi avtomobil yo‘llarining qurilishi jarayonlari ko‘rib chiqilgan. Tadqiqot natijalari viloyatlarda transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishning muhim jihatlarini ochib beradi. Kalit so‘zlar: Surxondaryo viloyati, Qashqadaryo viloyati, transport infratuzilmasi, yo‘lsozlik, avtopark, aloqa tarmoqlari, M-39 avtomobil yo‘li. Аннотация: В данной статье анализируется развитие транспортной и коммуникационной инфраструктуры в Сурхандарьинской и Кашкадарьинской областях, проблемы соединения городских и промышленных районов, деятельность автопарков и дорожного строительства, а также проекты модернизации, реализованные в годы независимости. Рассматриваются статистические данные по пассажирским и грузовым перевозкам в городах, реорганизация отделов связи, разработка газовых месторождений и строительство новых автомобильных дорог. Результаты исследования выявляют важные аспекты развития транспортной и коммуникационной инфраструктуры в областях. Ключевые слова: Сурхандарьинская область, Кашкадарьинская область, транспортная инфраструктура, дорожное строительство, автопарк, коммуникационные сети, автомобильная дорога М-39. Kirish Zamonaviy urbanizatsiya jarayonlarida shaharlarda transport infratuzilmasini yuksaltirish, aloqa vositalarini modernizatsiyalash tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Negaki, qishloqlarning shaharlar bilan aloqasi mustahkamlanib borar ekan, ularni bir-biri bilan bog‘lovchi yo‘llar, transport va aloqa vositalarini yaxshilash lozim bo‘ladi. Shu sababdan Respublika shaharlarida yo‘l qurilishi, transport va aloqa masalalari hamisha hukumat e’tiborida turdi. Muhokama 1990-yillarning boshlarida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari markazlarida sanoat korxonalari aholi turar-joylaridan ancha chetroqda joylashganligi bir tomondan tinch turmush tarziga imkon bergan bo‘lsa, ikkinchi tomondan odamlarning ishga borishida ko‘p qiyinchiliklarni tug‘dirar edi. Ayniqsa, kuzgi-qishki mavsumda kunning erta botishi bilan avtobuslar va boshqa transport vositalarining yetishmay qolishi odatiy holga aylangan edi. Shuning uchun ham shaharliklarning ish faoliyati doimiy ravishda avtoparklarning ishiga bog‘liq bo‘lgan. 1990-1991-yillarda shaharlarda joylashgan avtoparklar faoliyati nisbatan yaxshi bo‘lgan. Masalan, Boysun shahridagi 110-sonli avtotaksoparki 1990-yilda xo‘jalik yuklarini tashish rejasini 100,2% ga (1341,6 ming tonna o‘rniga 1344,1 ming tonna), yo‘lovchilarni tashish rejasini 114,1 % ga bajargan. Yo‘lovchi tashishdan tushgan daromad 380,1 ming so‘mni tashkil qilgan. 1991-yilning birinchi yarmida esa yuklarni tashish rejasi 116 % ga (686 ming tonna o‘rniga 798,5 ming tonna), 467 Vol. 5, No. 11 part 2 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc yo‘lovchilarni tashish 107,7 foiz (1115 ming o‘rniga 1274,9 ming yo‘lovchi)ga bajarilgan. Yo‘lovchi tashishdan tushgan daromad 108,2 % tashkil etgan[1]. 1991-yilda “Qashqadaryotrans” ishlab chiqarish birlashmasi bo‘yicha avtobuslarda 135 mln yo‘lovchi tashildi, bu rejaga nisbatan 381 ming yo‘lovchiga ko‘p bo‘ldi. Butun yo‘lovchilardan olinadigan daromadlar 35996 ming so‘mni tashkil etdi. Bu rejaga nisbatan 3909 ming so‘m ko‘p bo‘ldi. Yuk tashish bilan shug‘ullanadigan 14 avtokorxonadan 2 tasi: 98-Qamashi avtokorxonasi (96,5 %) va 101-Muborak avtokorxonasi (98%) bajara olmadi[2]. Mustaqillik yillarida shaharlarni aholini sifatli telefon aloqasi bilan ta’minlash dolzarb vazifaga aylandi. Biroq bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida ko‘pgina aloqa bo‘limlari sharoitga moslasha olmay tugatib yuborilgan edi. Chunonchi, 1992-yil 1-choragida 114,5 ming so‘m zarar ko‘rgan Bahoriston aloqa uzeli yopilib, Qarshi liniyali texnik sexiga qo‘shib berilgan edi. Biroq Bahoriston tuman hokimligining bir necha bor murojaat qilishi va uchastkani hokimiyat hisobidan barcha zararlarni qoplab berishi to‘g‘risidagi 1992-yil 17-iyundagi 97-sonli kafolat xatidan so‘ng Qashqadaryo davlat elektroaloqa ishlab chiqarish korxonasining 1992-yil 8-iyuldagi 69-sonli buyrug‘i bilan Bahoriston aloqa uzeli yana qayta tashkil etildi. Aloqachilarning kasbiy malakasini oshirish maqsadida Qashqadaryo viloyat elektr ishlab chiqarish davlat korxonasi tomonidan 1992-yil 6-27-iyul kunlari aloqa boshqarmasiga qarashli kurs bazasida liniya monterlari malakasini oshirish kursi tashkil qilindi. Unga ketadigan xarajatlar korxona hisobidan qoplandi[3]. Mustaqillikning ilk yillaridayoq yo‘lsozlik masalalari janubiy viloyatlar hokimliklari diqqat markazida turdi. Qashqadaryo viloyat hokimining 1993-yil 26-martdagi X-94/3-sonli “Qashqadaryo vohasini qo‘shni viloyatlar bilan bog‘lovchi asosiy avtomobil yo‘llarining viloyat chegarasi boshlanadigan joylarini obodonlashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, viloyatni qo‘shni viloyatlar va Turkmaniston davlati bilan bog‘laydigan asosiy avtomobil yo‘llarining viloyat chegarasi boshlanadigan joylarida sharq me’morchiligining zamonaviy uslublari asosida obodonlashtirish ishlarini amalga oshirildi. Jumladan, Buxoro-Qarshi avtomobil yo‘lining Muborak tuman AlXorazmiy shirkat xo‘jaligi hududida, Samarqand-Qarshi avtomobil yo‘lining Chiroqchi tuman Umakay shirkat xo‘jaligining Umakay qishlog‘ida, Samarqand-Kitob avtomobil yo‘lining Kishlik davlat xo‘jaligida Mingchinorga yaqin joyda, Surxondaryo-Dehqonobod katta O‘zbekiston trakt avtomobil yo‘lining Dehqonobod tuman ibn Sino davlat xo‘jaligining Chakchak qishlog‘ida, Karkichi-Qarshi avtomobil yo‘lining Nishon tuman Nishon davlat xo‘jaligidagi Oydin massivining chegaralarida ramziy darvozalar qurildi[4]. Qashqadaryo viloyatida yangi gaz konlarining ishga tushirilishi va gazchilar shaharchasining vujudga kelishi bilan ularni viloyat markazi bilan bog‘lovchi yo‘llarni qurish zaruriyati vujudga keldi. Shu munosabat bilan 1994-yil 10-mayda Qashqadaryo viloyat hokimining qarori bilan “Muborakgaz” gaz konlari boshqarmasiga “Zevarda-Qorovulbozor” avtomobil yo‘lni qurish maqsadida Bahoriston tumanidagi “O‘zbekiston” davlat naslchilik zavodi hududidan 7,60 gektar yaylov yer va Muborak tumanidagi “Muborak” davlat naslchilik zavodi hududidan 28,8 gektar yaylov yer maydonlari ajratildi[5]. Shu yillarda uzoq masofaga yuk tashish bilan shug‘ullangan avtokorxonalar faoliyatida ma’lum bir qiyinchiliklar yuzaga keldi. Jarqo‘rg‘on shahridagi 14-avtokorxonaga qarashli 108 ta yuk tashish mashinasi Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Qiziriq tumanlariga yuklarni tashidi. 1994-yili avtokorxonaning yuk tashish rejasi 102,8 ming tonna bo‘lgani holda amalda 94 ming tonnaga yoki 91 foizga uddaladi. Yuk oboroti rejasi esa 5 million 110 ming tonna-kilometr o‘rniga 5 million 478 ming tonna-kilometrga yoki 107 foizga bajarildi. Yuk tashish rejasining pasayishiga avtokorxona 468 Vol. 5, No. 11 part 2 – Special Issue (EJSSPC) ISSN: 2181-2888 MINWHPS International Scientific-Practice Conference on “Modern Interpretation of National and World History: Problems and Solutions” Denau, November 17, 2025 in-academy.uz/index.php/ejsspc xizmat qiladigan qurilish tashkilotlari o‘z vaqtida to‘lov qilmaganliklari sabab bo‘ldi. Yuk aylanmasi rejalarining oshishi esa asosan uzoq masofalarga qatnash natijasida sodir bo‘ldi[6]. 2012-yilda kommunikatsiya sohasida 11 ta yirik loyihani amalga oshirish rejalashtirildi. Ularga “Urgut-Shahrisabz” va “Boysun-Denov” aloqa liniyalari kiradi. Bu loyihalarni bajarish uchun 176,5 million dollar miqdoridagi mablag‘ ajratildi. 89 ta simsiz aloqa stansiyasini ishga tushirish moliyalashtirildi[7]. Shu davrning eng muhim yangiligi — bu M-39 “Olmaota-Bishkek-Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining Surxondaryo va Qashqadaryo qismlarini modernizatsiyalash bo‘ldi. Loyihani moliyalashtirish uchun xalqaro moliya muassasalariga murojaat qilindi. 2010-yil 12-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida M-39 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish uchun umumiy qiymati 167,2 mln. AQSh dollari miqdorida bitim tuzildi. M-39 avtomobil yo‘lining Surxondaryo viloyatidan o‘tuvchi qismlarida to‘rt tasmali asfalt-beton qoplamasini rekonstruksiya qilish va qurish uchun 2011-yil 20-iyulda Turkiyaning “Temelsu International Engineering Services Inc.” kompaniyasi bilan M39RRP/QCBS/01UZ-sonli hamda 2011-yil 2-noyabrda Ozarbayjon Respubliksining “Akkord Industry Construction Investment Corporation” OJS kompaniyasi bilan M39RRP/ICB/UZ-01-sonli shartnoma tuzildi[8]. Хulosa Mustaqillikning dastlabki yillarida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida transport va aloqa sohalari sezilarli muammolar bilan yuzma-yuz bo‘lgan. Sanoat korxonalari aholi yashash hududlaridan chetda joylashgani ishga qatnashni murakkablashtirgan, ayniqsa kuz va qish mavsumlarida transport vositalarining yetishmasligi aholi ish faoliyatiga ta’sir qilgan. Shahar avtoparklari va yo‘lsozlik tashkilotlari reja va real bajarish ko‘rsatkichlari bilan faoliyat yuritgan, biroq ayrim korxonalar yuk tashish rejasini to‘liq bajara olmagan. Mustaqillik yillarida shaharlarni sifatli telefon aloqasi bilan ta’minlash va transport yo‘llarini modernizatsiyalash dolzarb vazifa bo‘ldi. Aloqa bo‘limlari qayta tashkil etilib, xodimlar malakasini oshirish kurslari o‘tkazildi. Viloyat markazlarini qo‘shni hududlar bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘llari obodonlashtirildi, yangi gaz konlariga yo‘llar qurildi, uzoq masofaga yuk tashish xizmatlari rivojlantirildi. Transport va aloqa tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan choralar iqtisodiy va ijtimoiy hayotning muhim jihatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Adabiyotlar, References, Литературы: 1. Surxondaryo viloyat davlat arxivi, 933-fond, 1-ro‘yxat, 22-ish, 48-varaq. 2. Qashqadaryo viloyat davlat arxivi, 672-fond, 1-ro‘yxat, 1-ish, 8-varaq. 3. Qashqadaryo viloyat davlat arxivi, 626-fond, 1-ro‘yxat, 1-ish, 82, 86-varaqlar 4. Qashqadaryo viloyat hokimligi arxivi, 829-fond, 1-ro‘yxat, 58-ish, 164-165-varaqlar. 5. Qashqadaryo viloyat hokimligi arxivi, 829-fond, 1-ro‘yxat, 94-ish, 61-62-varaqlar. 6. “Сурхон тонги” газетаси, 1995 йил, 15 январь. № 6 (15883). –Б. 1. 7. “Халқ сўзи” газетаси, 2012 йил 6 март, №46 (5466). –Б. 1. 8. https://nrm.uz/contentf?doc=625150_o‘zbekiston_respublikasi_vazirlar_mahkamasining_28_05_ 2020_y_270-f-son_m_39_toshkent-termiz_avtomobil_yo‘lini_ rekonstrukciya_qilish_loyihasini_amalga_oshirish_chora-tadbirlar_to‘g‘risidagi_ farmoyishi