TARJIMADA URF-ODATLARGA OID SO'ZLAR TADQIQI
Abstract
Ushbu maqola o‘zbek tilidagi urf-odatlarga oid leksik birliklarning ingliz tiliga tarjima jarayonida yuzaga keladigan semantik va pragmatik transformatsiyalarni tahlil qiladi. Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanidan olingan parcha ikki xil tarjima bilan qiyoslanib, “bet ochar”, “pok nafasli”, “havas bilan qarar edi” kabi madaniy realliyalarni ifodalovchi birliklarning tarjimasida yuzaga kelgan konnotativ siljishlar aniqlanadi. Tadqiqot semantik tahlil, pragmatik tahlil, lingvokulturologiya va diskursiv metodlar asosida olib borilib, tarjimalarda madaniy kodning yo‘qolishi, rituallarni jismoniy jarayonga tenglashtirish hamda marosim va jamoviy niyatning individual kontekstga o‘tkazib yuborilishi holatlari aniqlanadi.
Full text
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 769 TARJIMADA URF-ODATLARGA OID SO‘ZLAR TADQIQI Ochilova Nafisa Usmanovna f.f.f.d.(PhD), Navoiy davlat universiteti https://doi.org/10.5281/zenodo.17829447 Annotatsiya. Ushbu maqola o‘zbek tilidagi urf-odatlarga oid leksik birliklarning ingliz tiliga tarjima jarayonida yuzaga keladigan semantik va pragmatik transformatsiyalarni tahlil qiladi. Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanidan olingan parcha ikki xil tarjima bilan qiyoslanib, “bet ochar”, “pok nafasli”, “havas bilan qarar edi” kabi madaniy realliyalarni ifodalovchi birliklarning tarjimasida yuzaga kelgan konnotativ siljishlar aniqlanadi. Tadqiqot semantik tahlil, pragmatik tahlil, lingvokulturologiya va diskursiv metodlar asosida olib borilib, tarjimalarda madaniy kodning yo‘qolishi, rituallarni jismoniy jarayonga tenglashtirish hamda marosim va jamoviy niyatning individual kontekstga o‘tkazib yuborilishi holatlari aniqlanadi. Kalit so‘zlar: tarjima, pragmatika, lingvokulturologiya, urf-odat, madaniy ekvivalentlik Kirish Tarjima jarayoni nafaqat til tizimlari o‘rtasidagi ko‘prik, balki ikki yoki undan ortiq madaniyatlar o‘rtasidagi muloqot mexanizmi sifatida namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, din va urfodatlarga oid so‘zlar (islamiy terminlar, diniy konseptlar, marosimlarga oid birliklar, milliy qadriyatlarni aks ettiruvchi leksikalar) tarjima jarayonida ko‘p qirrali semantik yuk, madaniy konnotatsiya va pragmatik ahamiyat kasb etadi. Bunday birliklarni to‘g‘ri tarjima qilish tarjimonda nafaqat til kompetensiyasi, balki semantik, tarixiy, etnomadaniy va dini kontekstlarni chuqur tushunishni ham talab etadi. Urf-odatlarga oid so‘zlar ko‘pincha madaniy realliyalarni ifodalaydi: ular muayyan xalqning qadriyatlari, dunyoqarashi, axloqiy meʼyorlari, marosim amaliyoti va ma’naviy hayotiga chuqur singib ketgan. Shu sababli ularni oddiy leksik ekvivalent orqali ko‘chirish ko‘pincha semantik yo‘qotish, ma’nodagi torayish yoki noto‘g‘ri talqinlarga olib keladi. Masalan, o‘zbek tilidagi ajr, savob, muborak, halol, harom, qirq kunlik, sunnat to‘yi kabi birliklar yoki ingliz tilidagi grace, sin, blessing, baptism kabi diniy terminlar tarjimada ko‘pincha kontekstual ta’rif, izohli tarjima yoki ekvivalentni yaratish strategiyalarini talab qiladi. Shu boisdan diniy va urf-odatlarga oid birliklar tarjimasi madaniy ekvivalentsiya, konnotativ ma’no, pragmatik moslik va kross-madaniy transfer masalalari bilan chambarchas bog‘liq. XXI asrda global axborot oqimining kengayishi, ko‘p tilli ommaviy kommunikatsiya, xalqaro diplomatik va iqtisodiy aloqalarning jadallashuvi natijasida madaniy belgilarni aniq tarjima qilish zarurati yanada ortdi. Diniy terminlar va urf-odat birliklari xalqaro nashrlar, badiiy tarjimalar, publitsistik matnlar, huquqiy hujjatlar, shuningdek, audiovizual kontentda keng uchramoqda. Bu esa tarjimaning oddiy “so‘zma-so‘z” mexanizmi bilan cheklanib qolmasdan, kognitiv, sotsiokultural va diskursiv yondashuvlarni talab qilishini ko‘rsatadi. Mazkur mavzuning dolzarbligi shundan iboratki, urf-odatlarga oid so‘zlar tarjimasidagi semantik yo‘qotishlar yoki noto‘g‘ri interpretatsiyalar nafaqat ma’no o‘zgarishiga, balki madaniy tushunmovchilik va stereotiplarga ham olib kelishi mumkin. Shu sababli, bunday birliklarni tarjima qilish jarayonida lingvokulturologik kompetensiya, etno-semantik tahlil va kontekstual moslikni ta’minlash muhimdir. Mazkur tadqiqot aynan shu jihatlarni yoritishga, tarjimada
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 770 madaniy komponentning ahamiyatini ko‘rsatishga hamda turli tarjima strategiyalarining samaradorligini ilmiy tahlil qilishga qaratilgan. Metodologiya Tadqiqot ishini amalga oshirishda semantik va pragmatik tahlil metodlari hamda lingvokulturologik va diskursiv tahlil metodlaridan fodalanildi. Maqolada leksik birliklarda denotativ va konnotativ ma’no o‘rtasidagi tafovut aniqlanadi, ifoda nutq vazifasi, jamoaga ta’sir, marosimiy rol va ijtimoiy maqom nuqtai nazaridan baholanadi, Til birligi — madaniy reallik — jamiyat mentaliteti uchligi o‘rganildi, Narrativ struktura, personaj obrazlari va ijtimoiy munosabatlarning tarjimada transformatsiyasi o‘rganildi. tadqiqotning asosiy materiali sifatida Pirimqul Qodirovning Yulduzli tunlar romani va uning ingliz tilidagi I.To‘xtasinov va boshqalar (2018) tarjimasi hamda K.Ermakova(2021) tarjimasi tanlandi. Natijalar Ma’lumki, tarjimaning ayrim turlari asliyatga nisbatan nisbatan erkin yondashuvni taqozo etadi. Bunday hollarda “tarjimada mavzu, syujet chizig‘i, personajlar tizimi va mazmuniy o‘zak, odatda, saqlanadi, biroq asliyatda mujassam milliy o‘ziga xoslik, urf-odatlar va ruhiy holatlar tarjima tiliga mos madaniy konnotatsiyalar bilan almashtiriladi”(Xolbekov, 2009; 49) . Natijada muallif matni o‘ziga xos tasviriy ifoda vositalaridan iborat bo‘lgan badiiy qatlamni yo‘qotmagan holda, tarjima tili mansub bo‘lgan xalqning madaniy “libosi”ga moslashtiriladi. Mazkur yondashuv tarjimaning asosiy maqsadlaridan biri — asliyatni imkon qadar tarjima tilida so‘zlovchi auditoriyaga yaqinlashtirishni ko‘zda tutadi. Milliy odat-axloqni, etnomadaniy qadriyatlarni va mental tasavvurlarni personaj nutqi, muomala shakllari yoki ijtimoiy-madaniy vaziyatlar orqali kengroq yoritish zamonaviy kitobxon uchun tushunarlilikni ta’minlasa-da, bu jarayon tarjimada ko‘p qatlamli semantik o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi. Bunda milliy qadriyatlarning badiiy matn orqali ifodalanishi, ma’naviy konnotatsiyalar va muayyan madaniyatga xos ehtiyotkorlik, hurmat, marosimiy munosabat kabi jihatlarni ko‘rsatish muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega. Ammo aynan shu jihatlar tarjima tilida yanada murakkab semantik transformatsiyalarni talab etadi. Shu sababli qiyosiy tahlil jarayonida mutarjimning qanday strategiyalarni qo‘llagani, ularning yutuq va kamchiliklari tabiiy ravishda yuzaga chiqadi. arjimon G‘. Salomovning(1980) ta’kidlashicha, badiiy asarni tarjima qilishning muhim maqsadlaridan biri — o‘quvchini boshqa xalqlarning hayoti, tarixi, urf-odatlari, an’analari va milliy mentaliteti bilan tanishtirishdir. Unga ko‘ra, mazkur holatda tarjimon matnni milliymadaniy moslashtirish tamoyilidan deyarli to‘liq voz kechib, asliyatda mujassam haqiqatni maksimal darajada saqlab qolishga intilishi lozim. Bu jarayonda turg‘un birikmalarni kalka (to‘g‘ridan-to‘g‘ri strukturaviy ko‘chirish) usulida berish, shuningdek, zarur hollarda tarjimani izohli sharhlar bilan to‘ldirish talab etiladi. Bunday yondashuv o‘quvchiga matnning madaniy konnotatsiyasini to‘g‘ri anglash imkonini yaratadi. Salomovning ushbu fikrini ma’lum darajada qo‘llab-quvvatlash mumkin. Haqiqatan ham, tarjimaning asosiy maqsadi badiiy asar yaratilgan madaniy muhitni taqdim etish bo‘lsa, unda lingvokulturologik elementlarni imkon qadar saqlash maqsadga muvofiqdir. Shu bilan birga, bunday yondashuv tarjimada “mintaqaviy-geografik tasvir”ni yetarli darajada aks ettirsa-da, asliyatdagi badiiy tasvir sistemasining qayta yaratilishini sezilarli darajada cheklab qo‘yishi mumkin. Natijada asarning poetik strukturalari, obrazli ifodalari va estetik unsurlari tarjima tilida to‘laqonli qayta namoyon bo‘lmasligi ehtimoli mavjud.
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 771 Aytish joizki, badiiy matnni tarjima qilishning asosiy vazifalaridan biri — asliyatni o‘qiy olmaydigan o‘quvchini muallifning asarlari bilan tanishtirishdir. Bunday holatda tarjima jarayoni nafaqat mazmunni ko‘chirish, balki badiiy matnning estetik mohiyatini qayta yaratishni ham talab qiladi. Demakki, birinchi navbatda, matnning badiiy aspekti — obrazlar tizimi, kompozitsion qurilish, stilistik vositalar va estetik effektlar — tarjima tilida adekvat tarzda aks ettirilishi zarur. Aynan shu bosqichda matnning milliy-madaniy mazmuni namoyon bo‘ladi, chunki badiiy tasvir har doim muallif va o‘quvchi uchun umumiy bo‘lgan yoki o‘quvchining ongida mavjud bo‘lgan konseptual tushunchalar tizimiga tayangan holda qabul qilinadi. Adabiy, tarixiy va madaniy tushunchalar hamda ma’lum qadriyatlarni aks ettiruvchi badiiy obrazlar qabul qiluvchining idroki doirasida qayta tiklanadi. Tarjima jarayonida odatda so‘zlarning bevosita ko‘chirilishidan ko‘ra, tushunchalarning tarjimasi kuzatiladi. Bu jarayonda kalit tushunchalar, semantik birliklar va ular bilan bog‘liq turg‘un tasvirlar ramziy ma’no kasb etadi. Shu bois, semantik ekvivalentlik va pragmatik moslik o‘rtasidagi muvozanatni saqlash tarjimondan yuqori malaka va madaniy sezgirlikni talab qiladi. Zero, tarjimani o‘qiyotgan o‘quvchi boshqa madaniyat egasi bo‘lishi mumkin va u asliyat kontekstidagi konseptlarni o‘zining bilimlar tizimi, ijtimoiy tajribasi va kognitiv fondi asosida talqin qiladi. Bu esa tarjima jarayonida interkultural tafovutlarni hisobga olish zaruratini tug‘diradi. Shu ma’noda, “tarjimon asliyat tili, uning madaniyati, tarixi, an’ana va urf-odatlarini chuqur o‘zlashtirgandagina pragmatik potensialga mos keladigan tarjima asarini yaratishi mumkin” degan fikrni asosli deb hisoblash mumkin. Asliyat va tarjima tillari o‘rtasidagi g‘ayrilisoniy omillar, ya’ni madaniy kodlar, mental tasavvurlar, ijtimoiy mavqelar, stereotiplar va diniy qadriyatlarning ko‘p hollarda bir-biridan farq qilishi tarjimondan nafaqat lingvistik bilim, balki tegishli madaniyat bilan bog‘liq tushunchalar, urf-odatlar va ijtimoiy kontekst haqidagi keng qamrovli bilimni talab qiladi. Til belgilarining semantik qiymati va ularni qo‘llovchi subyekt o‘rtasidagi pragmatik munosabatlar shundan iboratki, belgilarning ma’nosi o‘quvchi tomonidan anglanishi, unga ta’sir ko‘rsatishi va kommunikativ maqsadni to‘laqonli yetkazishi lozim. Aks holda, tarjima jarayoni faqat lingvistik ko‘chirishga aylanib, matnning badiiy-estetik hamda milliy-madaniy mazmuni sezilarli darajada yo‘qotilishi mumkin. Muhokama Quyida Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” tarixiy romanining ingliz tiliga o ‘zbek tarjimonlari I.To‘xtasinov, U.Yo‘ldoshev va A.Xamidovlar hamda inglizzabon tarjimon K.Ermakova tomonidan amalga oshirilgan tarjimalaridan parchani keltirib tahlilga tortamiz. «Bet ochar» degan odatga binoan, yosh kelinchakning yuzidagi pardasini pok nafasli yosh bola ochishi kerak edi. Oʼsha kunlarda Qutlugʼ Nigor xonim besh yoshli jajji oʼgʼli Boburni Samarqandga toʼyga olib borgan edi. Sulton Аhmad mirzoning oʼgʼli yoʼq edi, Boburga podshoh oilasi havas bilan qarar edi. Shuning uchun kayvonilar «yangi tushgan kelin ham mana shu sherdek oʼgʼil koʼrsinlar», deyishib, bet ochishga Boburni munosib topdilar. (Qodirov,2018; 50) According to the tradition, a clean young boy should take the veil off of the bride’s face. Kutlug Nigor-hanum was on a visit in Samarqand: she was invited to Sultan Ahmad’s wedding, and five year old Babur was with his mother. Sultan Ahmad’s son had died, and though people envied Kutlug Nigor-hanum, and Babur was looked sideways, still it was Babur who was chosen to take the veil off. (I.Tukhtasinov va b.q, 2018;78)
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 772 Custom demands that a young bride’s veil be lifted by an innocent young boy when she marries. When Qutlug Nigar Khanim was visiting Samarkand, she was invited to Sultan Ahmad’s wedding, and the five-year-old Babur was at his mother’s side. Sultan Ahmad’s own sons had died and although they envied Qutlug Nigar Khanim and scowled at her little boy, it was nonetheless he who lifted veil, under cheers of “may the young bride give birth to a son as brave as a lion!” (C.Ermakova, 2021; 110) Tahlildan shunisi ma’lum bo‘ladiki, o‘zbek madaniyatiga xos “bet ochar” marosimi nomi ikkala tarjimada ham tushirilib qoldirilgan. O‘zbek kontekstida to‘y marosimlaridan biri bo‘lgan “bet ochar” yangi kelinni kuyovning qarindoshlar va mehmonlarga tanishtirish bilan bog‘liq alohida tadbir, ingliz to‘ylarida kuytovning kelinni yuzidagi pardani ko‘tarish urfidan ancha farq qiladi. O‘zbek kelining yuzidagi pardani ochish uning istiqboliga ta’sir etishiga ishonchni ingliz kitobxoni uchun tushunish qiyin. Tarjimada marosimiy ijobiy niyat anglashilmasligi natijasida o‘quvchi o‘zbek muhitidagi kollektiv duoga asoslangan marosimni emas, balki faqat kelinning yuzidan pardani olish bilan bog‘liq jismoniy harakatni idrok qiladi. Asliyat matnida “pok niyatli yosh bola” beg‘ubor, gunohlardan xoli va niyatlari amalga oshuvchi kishi sifatida tushuniladi. O’zbek tarjimonlari ishida “clean young boy” birikmasi bolaning xolis niyati emas, balki jismoniy tozaligini anglatadi. Inglizzabon tarjimon ishida esa qo‘llanilgan “innocent young boy” birikmasi esa, mazmun jihatdan aynan mos keladi. O ‘zbek tarjimonlari tomonidan tanlangan so‘zma-so‘z tarjima (“clean young boy”) madaniy ma’noni yo‘qotadi, inglizzabon tarjimon tomonidan ma’qul ko ‘rilgan madaniy ekvivalent tanlash usuli (“innocent young boy”) asl konnotatsiyani ko‘proq saqlashda ko‘mak beradi. Ideal holatda tarjimon “bet ochar” marosimini izohli tarjima orqali tushuntirishi kerak edi, masalan: “According to the Uzbek wedding custom called bet ochar, the bride’s veil is lifted by an innocent boy, symbolizing purity and collective blessing for her future.” Asliyat matnida Sulton Ahmad haqida keltirilgan ma’lumot, ikkala tarjimon ishida ham o‘zgacha tus olib, keying qismlarda negativ konnotatsiyaning hosil bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Ya’ni,asliyat matniga ko‘ra, Sulton Ahmadning o‘g‘il farzandi bo‘lmagani uchun, kichkina Bobur mirzoga havas qilinishi, bolaga kelinni yuzidagi pardani ochishdek ma’suliyatli ishni yuklatilishiga sabab bo‘lgan. Biroq ikkala tarjima ishida ham tarjimonlar “havas” so‘zini “envy” – hasad ma’nosida o‘girilib, mazmunning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan. Bundan tashqari, ikkala tarjima matnida ham asliyatdagi “Sulton Аhmad mirzoning oʼgʼli yoʼq edi” jumlasi “Sultan Ahmad’s son had died” jumlasi orqali, asliyat matnidagi “yo‘q edi” iborasi “had died” tarzida talqin qilingan. Asliyatda esa o‘g‘ilning vafoti emas, balki farzandning mavjud emasligi nazarda tutilgan. Bu semantik xato hisoblanadi.Shuningdek, “people envied Kutlug Nigor-hanum, and Babur was looked sideways” qismida “envied” so‘zi rashkni bildiradi, lekin “looked sideways” - “ko‘z qiri bilan qarash” iborasi salbiy konnotatsiya beradi. Asliyatda esa “havas bilan qarar edi” ijobiyroq ohangni beradi. Demak, bu tarjimada semantik siljish yuz bergan. Umumiy ohang salbiy tus olib, Boburga “yomon ko‘z bilan qarash” tasviri paydo bo‘lgan. K.Ermakova tarjimasida bu yanada keskinroq tus olib “scowled”- “qahr bilan qaradi” ko ‘rinishida ifoda topgan. Bu - ikkala tarjimada ham semantik konnotatsiya noto‘g‘ri talqin qilinganligini namoyish qiladi. Buning natijasida, Boburning ijtimoiy maqomi va unga bo‘lgan munosabat asl matndagi ijobiy tasvirdan salbiy tasvirga siljib ketgan. Ideal tarjima variantida “yo‘q edi” “did not have a son”, “havas bilan qarar edi” esa “looked at Babur with admiration” tarzida berilishi kerak edi. Xulosa
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 773 Xulosa qilib aytganda, yuqoridagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, din va urf-odatlarga oid leksik birliklar tarjimasi oddiy leksik ko‘chirish masalasi emas, balki chuqur lingvokulturologik va pragmatik muammo sifatida namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, “bet ochar” kabi marosim nomlari, “pok nafasli yosh bola”, “havas bilan qarar edi” singari ifodalar nafaqat ma’no, balki butun boshli madaniy konseptlar tizimini o‘zida mujassam etadi. Ularni ingliz tiliga yetarli izohsiz, faqat so‘zma-so‘z yoki yaqin leksik ekvivalentlar orqali ko‘chirish natijasida semantik torayish, konnotativ siljish va ba’zan hatto mazmunning buzilishi kuzatiladi. “Bet ochar” marosimi nomining ikkala tarjimada ham umuman tilga olinmasligi, marosimning faqat “veil lifting” tarzida jismoniy harakat sifatida talqin qilinishi, o‘zbek kontekstidagi kollektiv duo, baraka va kelin istiqboli bilan bog‘liq marosimiy ma’noning to‘liq yo‘qolishiga olib kelgan. Xuddi shuningdek, “pok nafasli yosh bola” birikmasining “clean young boy” shaklida so‘zma-so‘z tarjima qilinishi diniy-ma’naviy mazmundan jismoniy tozalik semasiga siljishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, “innocent young boy” varianti asl konnotatsiyani nisbatan to‘laroq aks ettirishi bilan e’tiborni tortadi. Bu holat shuni ko‘rsatadiki, madaniy ekvivalent tanlash ko‘pincha so‘zma-so‘z tarjimaga nisbatan samaraliroq strategiya hisoblanadi. Asliyatdagi “Sulton Ahmad mirzoning o‘g‘li yo‘q edi, Boburga podshoh oilasi havas bilan qarar edi” qismi ham tarjimada sezilarli semantik siljishga uchragan: “yo‘q edi” iborasining “had died” tarzida talqin qilinishi farzandning yo‘qligi va farzandning vafoti o‘rtasidagi farqni yo‘qqa chiqargan; “havas bilan qarar edi” ifodasining “envied” va “looked sideways / scowled” kabi birliklar bilan berilishi esa ijobiy nigohni salbiy konnotatsiyaga aylantirgan. Natijada Boburning ijtimoiy maqomi va unga bo‘lgan munosabat asl matndagi hurmat va havasdan iborat ijobiy tasvirdan rashk, hasad va yomon ko‘z bilan qarash tarzidagi salbiy tasvirga o‘zgargan. Umuman olganda, tahlillar din va urf-odatlarga oid so‘zlar tarjimasida quyidagi xulosalarni ilgari surishga imkon beradi: diniy va marosimiy leksik birliklar madaniy realliyalar sifatida qaralishi lozim; tarjimada semantik ekvivalentlikning o‘zi yetarli emas, unga pragmatik moslik va konnotativ uyg‘unlik hamroh bo‘lishi zarur; tarjimon asliyat tilining nafaqat grammatik va leksik tizimini, balki uning madaniy kodi, urf-odatlari, mentaliteti va diniy tasavvurlarini ham chuqur bilishi kerak; bunday hollarda izohli tarjima, madaniy ekvivalent, kalka + izoh kabi kompleks strategiyalar samara beradi. Shu bois, diniy va urf-odatlarga oid birliklar tarjimasi bo‘yicha keyingi tadqiqotlarda aniq matnlar asosida strategiyalarni tizimli tasniflash, ularning pragmatik potensialini solishtirish va tarjima amaliyoti uchun aniq tavsiyalar ishlab chiqish dolzarb ilmiy yo‘nalishlardan biri sifatida qolmoqda. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. Ochilova N.U. Badiiy matnda realiyalarni tarjima qilish xususida // FarDUilmiy xabarlar. – Farg’ona, 2024. – №2. – B.411-416. 2. Qodirov P. Starry nights: novel/ Bobur. Translators: I.M.Tukhtasinov, U.R.Yoldoshev, A.A.Khamidov. – Samarkand: SamSIFL, 2018.p.97 3. Qodirov P. Babur. Starry nights: novel/ translated by Carol Ermakova – France: La Maison de L’Ouzbekistan, 2021. -P.136 4. Раҳимов Ғ. Замонавий социолингвистиканинг долзарб масалалари. – Самарқанд: СамДЧТИ нашри, 2007. – Б.108 Самарқанд: СамДЧТИ нашри, 2007. – Б.108
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE “INTEGRATION OF MODERN LINGUISTICS WITH SCIENCE, EDUCATION, AND PRACTICE IN THE PROCESS OF GLOBALIZATION: NEW APPROACHES, OPPORTUNITIES, AND CHALLENGES”, DECEMBER 4, 2025 774 5. Саломов Ғ. Адабий анъана ва бадиий таржима. – Т.: Фан, 1980.– Б. 124 6. Юсупов У. Инглиз ва ўзбек тилларининг чоғиштирма лингвистикаси. – Т.: Akademnashr, 2013. – Б.283 7. Холбеков М. Таржима назариясининг лингвистик принциплари// Филология масалалари. 2009. 1-сон. – 49–53-бетлар. 8. Қодиров П. Юлдузли тунлар / П.Қодиров. – Адабиёт учқунлари, 2018. Б.115